Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Oʻzbekiston Respublikasi tashqi siyosiy faoliyatining asosiy prinsiplari toʻgʻrisida
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasining 2012-yil 10-sentabrdagi OʻRQ-330-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining Tashqi siyosiy faoliyati konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
1-modda.
Oʻzbekiston Respublikasining tashqi siyosati va xalqaro faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining normalari va prinsiplariga, “Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻgʻrisida”gi Qonunga, “Mudofaa toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga, Oʻzbekiston Respublikasining Harbiy doktrinasiga, boshqa qonunlarga, Birlashgan Millatlar Tashkilotining hamda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining prinsiplari va maqsadlariga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan ratifikatsiya qilingan Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari va bitimlaridan kelib chiqadigan majburiyatlarga asoslanadi.
2-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi davlatning, xalqning oliy manfaatlari, farovonligi va xavfsizligini taʼminlash maqsadida ittifoqlar tuzishi, hamdoʻstliklarga va boshqa davlatlararo tuzilmalarga kirishi va ulardan ajralib chiqishi mumkin.
3-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlarga aralashish, mustaqillikni va suverenitetni kamsitish hamda davlatlararo munosabatlarni mafkuralashtirishning har qanday ehtimolini istisno etuvchi teng huquqli va oʻzaro foydali munosabatlarni barcha davlatlar bilan yoʻlga qoʻyadi.
4-modda.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti hamda boshqa xalqaro tashkilotlar ishida faol ishtirok etish, Yevropa, Osiyo va jahon xavfsizlik tuzilmalariga integratsiyalashuv Oʻzbekiston Respublikasi tegishli tuzilmalarining tashqi siyosiy faoliyatidagi eng muhim vazifadir.
5-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi mamlakatning barqarorligini, sobitqadam rivojlanishi va milliy xavfsizligini taʼminlash imkonini beradigan, Oʻzbekiston Respublikasining jahon xoʻjalik aloqalariga axborot, texnologiya va kommunikatsiya jihatidan kirib borishiga koʻmaklashadigan davlatlararo tuzilmalarga, shu jumladan iqtisodiy tuzilmalarga ustuvor ahamiyat beradi.
6-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻgʻrisida”gi Qonunga va Oʻzbekiston Respublikasining Harbiy doktrinasiga muvofiq harbiy-siyosiy bloklarda ishtirok etmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi har qanday davlatlararo tuzilmadan, bu tuzilma harbiy-siyosiy blokka aylantirilgan taqdirda, chiqish huquqini oʻzida saqlab qoladi.
7-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi mintaqadagi hamda undan tashqaridagi mojarolarning oldini olish va ularni bartaraf etish maqsadida hukumatlararo va hukumatga qarashli boʻlmagan tuzilmalarning ishida faol qatnashadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 26-dekabr,
336-I-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 2-son, 35-modda)