Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Paxta-toʻqimachilik ishlab chiqarishlarini yanada rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Fermer xoʻjaliklari va toʻqimachilik sanoati korxonalari oʻrtasida bozor munosabatlarini shakllantirishga doir chora-tadbirlarni izchil amalga oshirish doirasida 2018-yil boshidan buyon respublikaning 20 ta tumanidagi 160 ming gektar hududda paxta-toʻqimachilik ishlab chiqarishini tashkil etishning klaster shakli joriy etildi.
Joriy yil boshidan buyon paxta-toʻqimachilik ishlab chiqarishlari tomonidan ishlarni tashkil etishning ilgʻor agrotexnologiyalari va uslublarini joriy qilish, suv resurslaridan samarali va oqilona foydalanishni taʼminlash, zamonaviy qishloq xoʻjaligi texnikasi bilan jihozlash hamda paxtachilik tarmogʻiga yuqori malakali xorijiy mutaxassislar va agronomlarni jalb etishga doir chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Paxta-toʻqimachilik ishlab chiqarishini tashkil etishning klaster shakllarini joriy etish doirasida 2018-yilda maydonlarni egiluvchan plastik quvurlar vositasida sugʻorish orqali 3163 gektar paxta maydonlarida suvni tejaydigan texnologiyalar qoʻllanildi, suv chiqarish tizimlari va hovuzlar barpo etildi, sugʻorish manbalari uzoq boʻlgan tumanlarda 225 ta nasos agregatlari oʻrnatildi, 1285 ta turli qishloq xoʻjaligi texnikasi xarid qilindi, qishloq xoʻjaligi boʻyicha yuqori malakali xorijiy mutaxassislar (agronomlar, zamonaviy texnika va texnologiyalar boʻyicha mutaxassislar, ilmiy institutlar mutaxassislari) jalb qilindi, xorijiy davlatlarga borgan holda Turkiya, Isroil, Braziliya va AQShning paxta yetishtirish boʻyicha muvaffaqiyatli tajribasi oʻrganildi, 4,3 mingdan ziyod yangi ish oʻrinlari tashkil etildi.
Fermer xoʻjaliklari, qishloq xoʻjaligining boshqa ishlab chiqaruvchilari (keyingi oʻrinlarda fermer xoʻjaliklari deb ataladi) va toʻqimachilik sanoati korxonalari oʻrtasida bozor munosabatlarini yanada rivojlantirish, yuqori qoʻshilgan qiymatga ega zamonaviy toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etishni ragʻbatlantirish va qishloq aholisining bandligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1.Toʻqimachilik sanoati korxonalari — zamonaviy paxta-toʻqimachilik ishlab chiqarishlari va klasterlar tashkil etish tashabbuskorlari (keyingi oʻrinlarda paxta-toʻqimachilik ishlab chiqarishlari va klasterlar tashkilotchilari deb ataladi), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining:
Vazirlar Mahkamasining “Paxta-toʻqimachilik ishlab chiqarishini tashkil etishning zamonaviy shakllarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 25-yanvardagi 53-son qarorida nazarda tutilgan mintaqalar hududlarida paxta-toʻqimachilik ishlab chiqarishlarini tashkil etishning klaster shakllarini keyingi yillarda joriy qilishni davom ettirish;
2019-yil paxta xomashyosi hosilidan boshlab, 1-ilovaga* muvofiq respublika mintaqalarida paxta-toʻqimachilik ishlab chiqarishlarini tashkil etishning klaster shakllarini joriy etish toʻgʻrisidagi takliflari qabul qilinsin.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan birgalikda:
2018-yil 1-oktabrgacha boʻlgan muddatda fermer xoʻjaliklarining roʻyxatini aniqlasinlar va fermer xoʻjaliklari hamda paxta-toʻqimachilik ishlab chiqarishlari va klasterlar tashkilotchilari oʻrtasida 2019-yil paxta xomashyosi hosili uchun kontraktatsiya shartnomalari tuzilishiga amaliy yordam koʻrsatsinlar.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 11-sentabrdagi 562-sonli qaroriga asosan chiqarilgan)
3. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, paxta-toʻqimachilik ishlab chiqarishlari va klasterlari tashkilotchilari, fermer xoʻjaliklari bilan birgalikda 2019 — 2023-yillarda paxtachilikda, shu jumladan paxta-toʻqimachilik ishlab chiqarishlari va klasterlari tashkilotchilariga berilgan maydonlarda zamonaviy tomchilatib sugʻorish tizimlarini bosqichma-bosqich joriy etish dasturini (keyingi oʻrinlarda Dastur deb ataladi) ikki oy muddatda ishlab chiqsinlar hamda tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsinlar.
4. Quyidagilarga:
paxta-toʻqimachilik ishlab chiqarishlari tashkilotchilariga — tomchilatib sugʻorish tizimini joriy qilishda fermer xoʻjaliklariga koʻmaklashish;
tijorat banklariga — paxta xomashyosini yetishtirish jarayonida tomchilatib sugʻorishning ilgʻor tizimlarini joriy qilishni moliyalashtirish, shuningdek, paxta-toʻqimachilik ishlab chiqarishlari va klasterlari tashkilotchilariga aylanma mablagʻlarni toʻldirish uchun revolver kredit liniyalari ochish;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga — shartnoma shartlarining soʻzsiz bajarilishini, shuningdek, paxta-toʻqimachilik ishlab chiqarishlarini tashkil etishning klaster shakllari doirasida yerlardan samarali foydalanilishi yuzasidan qatʼiy nazorat oʻrnatish tavsiya etilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi Dasturni amalga oshirishni moliyalashtirish uchun xalqaro moliya tashkilotlari va institutlarining kredit liniyalarini jalb qilish yuzasidan ikki oy muddatda takliflar kiritsin.
6. Belgilansinki, ushbu qarorga 1-ilovaga* kiritilgan paxta-toʻqimachilik ishlab chiqarishlari va klasterlari tashkilotchilariga Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 2019-yil hosili paxta xomashyosini yetishtirish va yetkazib berishni moliyalashtirish uchun davlat buyurtmasi doirasida nazarda tutilgan shartlar asosida hisoblab chiqiladigan ehtiyojning kamida 60 foizi miqdoridagi kredit resurslari xizmat koʻrsatuvchi banklar yoki “Agrobank” ATBda ochiladigan maxsus hisob raqamlari orqali ajratiladi va taʼminot sifatida sugʻurta polisi beriladi.
Ushbu qarorga 1-ilovaga* kiritilgan paxta-toʻqimachilik ishlab chiqarishlari tashkilotchilariga Vazirlar Mahkamasining “Paxta-toʻqimachilik ishlab chiqarishini tashkil etishning zamonaviy shakllarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 25-yanvardagi 53-son qarorida nazarda tutilgan qoidalar va shartlar tatbiq etilsin.
7. “Oʻzpaxtasanoat” AJ, “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi va Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining ushbu qarorga 2-ilovaga* muvofiq paxta tozalash korxonalari hamda paxta tayyorlash punktlarining bino va inshootlarini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Paxta-toʻqimachilik ishlab chiqarishlari va klasterlari faoliyatini tashkil etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2018-yil 31-martdagi 253-son qarorining 2-bandida nazarda tutilgan shartlar asosida paxta-toʻqimachilik ishlab chiqarishlari tashkilotchilariga investitsiyalar kiritgan holda, 5 yil muddatda boʻlib toʻlash (teng miqdordagi yillik toʻlovlar) sharti bilan baholash qiymatida sotish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi “Oʻzpaxtasanoat” AJ va “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi bilan birgalikda bir oy muddatda ushbu qarorga 2-ilovaga* kiritilgan paxta tozalash korxonalarini va paxta tayyorlash punktlarini xatlovdan oʻtkazsin va ularning holatini baholasin.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi Moliya vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, “Oʻzpaxtasanoat” AJ va “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi bilan birgalikda oldi-sotdi shartnomasi tuzilgandan soʻng bir oy muddatda paxta-toʻqimachilik ishlab chiqarishlari va klasterlari tashkilotchilariga sotiladigan hamda ushbu qarorga 2-ilovaga* kiritilgan paxta tozalash korxonalarining soliq boʻyicha qarzlarini xatlovdan oʻtkazsin va xarid toʻlovlari jadvallarini hisobga olgan holda, ushbu qarzlarni toʻlash muddatini uzaytirish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga asoslangan takliflar kiritsin.
8. “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda ishlarning tashkil etilishi va paxta-toʻqimachilik ishlab chiqarishlari va klasterlari tashkilotchilarining faoliyati natijalari yuzasidan tizimli monitoring oʻrnatsin hamda Vazirlar Mahkamasiga har oyda tahliliy va jadvalli materiallar hamda tegishli takliflar kiritsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda ushbu qarorga 2-ilovada* nazarda tutilgan paxta-toʻqimachilik ishlab chiqarishlari tashkilotchilariga sotiladigan paxta tozalash korxonalarining boʻshab qoladigan xodimlarini ishga joylashtirishni;
* 1 va 2-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
paxta-toʻqimachilik ishlab chiqarishlari va klasterlari tashkilotchilarining buyurtmanomalari asosida qishloq xoʻjaligi boʻyicha yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni Oʻzbekiston Respublikasiga jalb qilish uchun ruxsatnomalarni, shuningdek, koʻrsatib oʻtilgan xorijiy fuqarolarga Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnomalarni belgilangan tartibda berishni ( muddatini uzaytirishni) taʼminlasin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Moliya vazirligi “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi, “Oʻzpaxtasanoat” AJ va Fanlar akademiyasi bilan birgalikda Respublika hududlarida paxta-toʻqimachilik ishlab chiqarishlari va klasterlari tashkilotchilariga berilgan maydonlarda urugʻlik paxta xomashyosini yetishtirishni moliyalashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni ikki oy muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
11. 2018-yilda paxta-toʻqimachilik ishlab chiqarishlari va klasterlari tashkilotchilariga paxta xomashyosini yetishtirish va qayta ishlashni hisobga olishning amaldagi tartibi joriy etilsin.
“Oʻzpaxtasanoat” AJ “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi bilan birgalikda paxta-toʻqimachilik ishlab chiqarishlari va klasterlari tashkilotchilarining rahbarlari va masʼul xodimlari uchun paxta xomashyosini yetishtirish va qayta ishlashni hisobga olishni tashkil etish boʻyicha bir hafta muddatda amaliy seminar tashkil qilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Z.T. Mirzayev, “Oʻzpaxtasanoat” AJ, “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Davlat statistika qoʻmitasi bilan birgalikda paxta xomashyosini yetishtirish va qayta ishlashni hisobga olishni tashkil etish tizimini takomillashtirishga doir takliflarni 2019-yil 1-aprelgacha boʻlgan muddatda kiritsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
13. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari Z.T. Mirzayev va N.S. Otajonov, “Oʻzpaxtasanoat” AJ boshqaruvi raisi A.I. Maqsudov va “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi raisi I.U. Haydarov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 19-sentabr,
744-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 19-sentabrdagi 744-son qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining “Paxta-toʻqimachilik ishlab chiqarishini tashkil etishning zamonaviy shakllarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 25-yanvardagi 53-son qarorida:
a) 4-bandda:
uchinchi xatboshidagi “2018-yil mobaynida” soʻzlari chiqarib tashlansin;
oltinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“fermer xoʻjaliklari bilan paxta xomashyosi uchun yakuniy hisob-kitoblar paxta-toʻqimachilik ishlab chiqarishlari va klasterlari tashkilotchilari tomonidan hosil yigʻib-terib olinadigan yil oxirigacha amalga oshiriladi”.
b) 8-banddagi “chigit yetkazib berilishini” soʻzlaridan keyin “paxta-toʻqimachilik ishlab chiqarishlarining tashkilotchilari bilan kelishgan holda” soʻzlari qoʻshilsin.
v) 1-ilovada:
nomlanishidagi “2018-yilda” soʻzlari “2018-yildan boshlab” soʻzlari bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi izoh qoʻshilsin:
“Izoh.
Yer maydonlari almashlab ekish izchilligidan kelib chiqqan holda oʻzgarishi mumkin”;
g) 3-ilovaga quyidagi mazmundagi 22-pozitsiya qoʻshilsin:
|
22. |
Tomchilatib sugʻorish tizimlari |
8424821000 |
”. |
2. Vazirlar Mahkamasining “Fermer xoʻjaliklarining nasos agregatlari va sugʻorish quduqlari isteʼmol qiladigan elektr energiyasi qiymatini qoplash uchun Oʻzbekiston Respublikasi davlat budjetidan subsidiyalar ajratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 3-maydagi 320-son qaroriga ilovaning 2-bandidagi “hamda paxtachilik klasterlari bilan qamrab olingan” soʻzlari chiqarib tashlansin.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.09.2018-y., 09/18/744/1949-son, 27.11.2018-y., 09/18/955/2226-son; 19.03.2019-y., 09/19/230/2785-son, 06.09.2019-y., 09/19/736/3697-son, 19.11.2019-y., 09/19/914/4032-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.08.2022-y., 09/22/477/0781-son)