Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini joriy etish boʻyicha faoliyatini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining faoliyatini, shu jumladan qonun loyihalarini koʻrib chiqish jarayonini axborotlashtirish darajasini yuksaltirish hamda uning faoliyati samaradorligini, sifati va tezkorligini oshirishga, ochiqligini taʼminlashga qaratilgan zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini joriy etish, qogʻoz hujjat aylanishini kamaytirish maqsadida, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 29-martda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining elektron ovoz berish tizimlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi F-5240-sonli Farmoyishining 8-bandiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) Devoni tuzilmasida Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari boʻlimi (bundan buyon matnda Boʻlim deb yuritiladi) ilovaga muvofiq 11 ta shtat birligidan iborat tarkibda tuzilsin.
2. Qonunchilik palatasi Devoni Moddiy-texnika taʼminoti boʻlimining “Rada-Majlis” tizimi guruhi tugatilsin.
3. Quyidagilar Boʻlimning asosiy vazifalari etib belgilansin:
Qonunchilik palatasi, uning Kengashi, qoʻmitalari (komissiyalari), Qonunchilik palatasi deputatlari va Devoni xodimlari faoliyatini axborot-texnik jihatdan taʼminlash;
Qonunchilik palatasining axborot-kommunikatsiya tizimi va mahalliy kompyuter tarmogʻi faoliyat koʻrsatishini taʼminlash;
Qonunchilik palatasining axborot tizimlari va axborot resurslarini, shu jumladan elektron ovoz berish, tovush kuchaytirish, stenogramma yozib olish, elektron hujjat aylanishi tizimlarini va boshqa tizimlarini shakllantirish, rivojlantirish va ulardan foydalanish;
Qonunchilik palatasining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan axborot-kommunikatsiya, videoselektor aloqasini taʼminlash;
Qonunchilik palatasida axborot texnologiyalarini yanada rivojlantirish va “Elektron parlament” tizimini joriy etish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri, Senat Raisi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri tomonidan 2017-yil 1-dekabrda tasdiqlangan kompleks chora-tadbirlar dasturini amalga oshirish;
jarayonlarni avtomatlashtirishni va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qoʻllashni hisobga olgan holda Qonunchilik palatasi faoliyatining samaradorligini oshirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish hisobiga Qonunchilik palatasi faoliyatining ochiqligini taʼminlashga koʻmaklashish;
Qonunchilik palatasi faoliyatining xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
Qonunchilik palatasi rasmiy veb-sayti ishlab turishini texnik jihatdan taʼminlash, uning uzluksiz ishlashiga erishish;
zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida Qonunchilik palatasi deputatlarining va Devoni xodimlarining kasb malakasini oshirish chora-tadbirlarini tashkil etish;
zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish sohasidagi xalqaro tajribani oʻrganish va tahlil etish hamda ularni Qonunchilik palatasi faoliyatida qoʻllash yuzasidan takliflar kiritish.
4. Eʼtiborga olinsinki, Boʻlim xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 19-fevralda qabul qilingan “Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5349-sonli Farmonining 7-bandiga muvofiq amalga oshiriladi.
5. Qonunchilik palatasi Devonining Rahbari 2018-yil 1-avgustgacha boʻlgan muddatda Qonunchilik palatasi Devonining shtat jadvaliga, shuningdek Qonunchilik palatasining Devoni toʻgʻrisidagi Nizomga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida takliflar tayyorlanishini taʼminlasin.
6. Yangi boʻlim tashkil etilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilangan limitlarga muvofiq 1 dona yengil avtotransport vositasi ajratilishini taʼminlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida ushbu Qarorni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish uchun zarur mablagʻlarni nazarda tutsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi Boʻlimni axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi yuqori malakali kadrlar bilan toʻldirishda koʻmaklashsin.
9. Ushbu qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2018-yil 11-iyun,
1725-III-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining 2018-yil 11-iyunda qabul qilingan 1725-III-sonli qaroriga
ILOVA
ILOVA
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari boʻlimining
ShTAT JADVALI
|
Lavozim |
Shtat birligi |
|
Boʻlim mudiri |
1 |
|
Boʻlim mudirining oʻrinbosari |
1 |
|
Elektron ovoz berish tizimini dasturiy-texnik jihatdan qoʻllab-quvvatlash sektori |
4 |
|
Sektor mudiri |
1 |
|
Tizim maʼmuri — bosh mutaxassis |
1 |
|
Etakchi muhandis — mutaxassis |
1 |
|
Muhandis-elektronchi |
1 |
|
Axborot tizimlari va resurslarini dasturiy-texnik jihatdan qoʻllab-quvvatlash sektori |
5 |
|
Sektor mudiri — tizim maʼmuri |
1 |
|
Maʼlumotlar bazasi maʼmuri — bosh mutaxassis |
1 |
|
Xavfsizlik boʻyicha mutaxassis — yetakchi mutaxassis |
1 |
|
Veb ustasi — bosh mutaxassis |
1 |
|
Etakchi muhandis-dasturchi |
1 |
|
Jami |
11 |
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.06.2018-y., 04/18/1725-III/1731-son)