O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Dasturiy mahsulotlar va axborot mahsulotlaridan foydalanish huquqini amalga oshirish hamda rasmiylashtirishning bojxona rasmiylashtiruvi (deklaratsiyalash) va buxgalteriya hisobini yuritish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Elektron tijoratni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 14-maydagi PQ-3724-son qaroriga muvofiq hamda mamlakatimizda dasturiy mahsulotlar bozorini jadal rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Dasturiy mahsulotlar va axborot mahsulotlaridan foydalanish huquqini amalga oshirish hamda rasmiylashtirishning bojxona rasmiylashtiruvi (deklaratsiyalash) va buxgalterlik hisobini yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Vazirliklar va idoralar o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.M. Sadikov zimmasiga hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Elektron hukumat, telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish va axborot xavfsizligini ta’minlash masalalari bo‘yicha axborot-tahlil departamentiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 16-avgust,
670-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 16-avgustdagi 670-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Dasturiy mahsulotlar va axborot mahsulotlaridan foydalanish huquqini amalga oshirish hamda rasmiylashtirishning bojxona rasmiylashtiruvi (deklaratsiyalash) va buxgalteriya hisobini yuritish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom dasturiy mahsulotlar va axborot mahsulotlaridan, shu jumladan “bulutli texnologiyalar”ni xarid qilish va ularga obuna bo‘lish (keyingi o‘rinlarda raqamli mahsulotlar deb ataladi) xizmatlaridan foydalanish huquqini amalga oshirish hamda rasmiylashtirishning bojxona rasmiylashtiruvi (deklaratsiyalash) va buxgalteriya hisobini yuritish tartibini belgilaydi.
Ushbu Nizomning amal qilishi raqamli mahsulotlar bo‘yicha bitimlarni amalga oshiradigan O‘zbekiston Respublikasining barcha xo‘jalik yurituvchi subyektlariga tatbiq etiladi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
raqamli mahsulotlar importi — xorijiy davlatning yuridik yoki jismoniy shaxsi tomonidan raqamli mahsulotlar uchun mutlaq huquqlar yoki raqamli mahsulotlardan foydalanish huquqini O‘zbekiston Respublikasining yuridik va jismoniy shaxsiga berish yoxud yuridik yoki jismoniy shaxsning elektron axborot muhitida amalga oshirish joyidan qat’i nazar, muayyan harakatlarni yoki moddiy natijaga ega bo‘lmagan muayyan faoliyatni amalga oshirishi;
moddiy tashuvchi — raqamli mahsulotlarni yaratish, qayd etish, uzatish, qabul qilish, saqlash yoki boshqa tarzda ishlatish uchun qo‘llaniladigan magnit, optik, lazerli yoki boshqa elektron axborot tashuvchisi;
skrinshot — shaxsiy kompyuter yoki mobil qurilma ekranining, shu jumladan internet sahifasining tasvirlangan o‘zgarmagan grafik ko‘rinishi;
xo‘jalik yurituvchi subyekt — iqtisodiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxs yoki yuridik shaxs tashkil etmagan yakka tartibdagi tadbirkor;
raqamli mahsulotlar — intellektual mulk obyektlarining elektron nusxalari (raqamli tovarlar), shuningdek, elektron axborot muhitida moddiy natijaga ega bo‘lmagan muayyan harakatlar yoki muayyan faoliyatni amalga oshirish, shu jumladan “bulutli texnologiyalar” xizmatini xarid qilish va unga obuna bo‘lish xizmatlari (raqamli xizmatlar);
raqamli distributsiya — raqamli mahsulotlarni moddiy tashuvchidan foydalanmagan holda, shu jumladan butunjahon Internet tarmog‘i orqali shaxsiy kompyuterga yoki mobil qurilmaga yuklash (yuklab olish) orqali tarqatish usuli, onlayn xizmatlardan foydalanishga ruxsat berish yoki obuna bo‘lish va boshqalar;
raqamli mahsulotlar eksporti — O‘zbekiston Respublikasining yuridik yoki jismoniy shaxsi tomonidan raqamli mahsulotlar uchun mutlaq huquqlar yoki raqamli mahsulotlardan foydalanish huquqini xorijiy davlatning yuridik va jismoniy shaxsiga berishi yoxud amalga oshirish joyidan qat’iy nazar yuridik yoki jismoniy shaxsning elektron axborot muhitida, muayyan harakatlarni yoki moddiy natijaga ega bo‘lmagan muayyan faoliyatni amalga oshirishi.
2-bob. Raqamli mahsulotlar bo‘yicha bitimlarni hujjatli tasdiqlash
Oldingi tahrirga qarang.
3. Raqamli mahsulotlar bo‘yicha bitimlar O‘zbekiston Respublikasining fuqarolik qonunchiligida nazarda tutilgan tartibda, shu jumladan elektron tijoratda shartnomalar tuzish yo‘li orqali amalga oshiriladi.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
4. Moddiy tashuvchilarda tarqatiladigan raqamli mahsulotlar bo‘yicha bitimlar boshqa tovarlar bilan tuziladigan bitimlarga o‘xshash tarzda hujjat bilan tasdiqlanadi.
5. Raqamli distributsiya usullari orqali tarqatiladigan raqamli mahsulotlar bo‘yicha bitimlar:
a) elektron cheklar, raqamli mahsulotga bo‘lgan huquqni sotib olish kvitansiyalari, raqamli distributsiya jarayonida axborot tizimlari orqali shakllantirilgan va bitim tomonlarini identifikatsiya qilish imkonini beruvchi boshqa xabarlar;
b) xo‘jalik yurituvchi subyektniing ichki hujjatlari (xo‘jalik yurituvchi subyektning javobgar shaxsi hisoboti, bank ko‘chirmasi, buxgalterlik ma’lumotnoma va boshqalar) bilan tasdiqlanadi.
6. Xo‘jalik yurituvchi subyektlar birlamchi hujjatlarga quyidagilarni ilova qilgan holda bir tomonlama rasmiylashtirish huquqiga ega:
a) qo‘shilish shartnomasi, oferta, litsenziya va boshqa shartnomaning elektron nusxalari;
b) invoys, schyot-faktura yoki kontragentdan elektron xabar shaklida olingan boshqa hujjat nusxalari;
v) elektron to‘lov tizimlaridagi tranzaksiyalar skrinshoti, raqamli tovarni sotib olish to‘g‘risidagi veb-saytdan log-hisobotlar va pul mablag‘lari tushganini va to‘langanini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar.
Ushbu hujjatda kontragent mas’ul shaxslarining imzosi talab qilinmaydi. Xo‘jalik yurituvchi subyekt raqamli distributsiya usullari orqali amalga oshiriladigan raqamli mahsulotlar bo‘yicha bitim operatsiyalarini ro‘yxatga olish uchun birlamchi hujjat shaklini O‘zbekiston Respublikasining “Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida”gi qonuni talablarini inobatga olgan holda mustaqil ravishda ishlab chiqadi.
3-bob. Raqamli mahsulotlar eksporti va importining o‘ziga xos xususiyatlari
Oldingi tahrirga qarang.
7. O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasidan moddiy tashuvchi orqali olib o‘tiladigan raqamli mahsulotlarning bojxona rasmiylashtiruvi (deklaratsiyalash) qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(7-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
8. O‘zbekiston Respublikasi bojxona hududiga olib kiriladigan va ma’lumotlarni qayta ishlash uskunalari uchun raqamli mahsulotlarni o‘z ichiga olgan moddiy tashuvchining bojxona qiymatini aniqlashda, baholanayotgan tovar uchun amalda to‘langan yoki to‘lanishi lozim bo‘lgan narxdan dasturiy ta’minotning qiymati va (yoki) axborot moddiy tashuvchining qiymatini ajratish sharti bilan faqat axborot tashuvchining qiymati hisobga olinadi.
Agar, raqamli mahsulot axborot tashuvchi bo‘lmagan tovar tarkibiga kirsa hamda bunday dasturiy ta’minotsiz o‘ziga xos bo‘lgan vazifalarni bajara olmaydigan ushbu tovarning ishlashini ta’minlashga qaratilgan bo‘lsa, raqamli mahsulot qiymati tovar qiymatidan ajratilmaydi.
9. Raqamli distributsiya usullari orqali eksport yoki import qilinadigan raqamli mahsulotlar bojxonada rasmiylashtirilmaydi.
10. Raqamli mahsulotlarni butunjahon Internet tarmog‘idagi xorijiy elektron savdo maydonchalari orqali raqamli distributsiya yo‘li bilan eksport qilganda:
xorijiy valyutadagi tushumlar raqamli mahsulot sotilganidan keyin xorijiy onlayn-savdo maydonchasi xizmatlari haqi eksportchining hisobraqamiga chegirib qolingan holda o‘tkaziladi;
tushumlarning tushish muddatlari xorijiy onlayn-savdo maydonchasi qoidalariga muvofiq belgilanadi.
4-bob. Raqamli mahsulotlarning buxgalteriya hisobi
11. Raqamli mahsulotlarni buyurtma asosida yaratish ishlarini bajarishda ularni buyurtmachiga topshirish yuridik shaxslarning buxgalteriya hisobida quyidagicha aks ettiriladi:
ijrochida — bajarilgan ishlarni amalga oshirishdan olingan daromad sifatida:
4010 “Xaridorlar va buyurtmachilardan olinadigan hisobvaraqlar” hisobvarag‘ining debeti;
9030 “Tayyor mahsulotlarni sotishdan daromadlar” hisobvarag‘ining krediti;
buyurtmachida:
nomoddiy aktivlarni yaratish bilan bog‘liq xarajatlar sifatida:
a) 0830 “Nomoddiy aktivlarni xarid qilish” hisobvarag‘ining debeti;
6010 “Mol yetkazib beruvchilar va pudratchilarga to‘lanadigan hisobvaraqlar” hisobvarag‘ining krediti;
b) 0400 “Nomoddiy aktivlarni hisobga oluvchi hisobvaraqlar” hisobvarag‘ining debeti
0830 “Nomoddiy aktivlarni xarid qilish” hisobvarag‘ining krediti;
yoki joriy harajatlar sifatida:
xarajatlarni hisobga oluvchi hisobvaraqlar debeti;
6010 “Mol yetkazib beruvchilar va pudratchilarga to‘lanadigan hisobvaraqlar” hisobvarag‘ining krediti.
12. Raqamli mahsulotlarning mutlaq huquqlarining oldi-sotdisi yuridik shaxslarning buxgalteriya hisobida quyidagicha aks ettiriladi:
ijrochida — boshqa aktivlarning chiqib ketishi sifatida;
a) nomoddiy aktivlarning realizatsiya qilingan (sotilgan) qiymati:
4010 “Xaridorlar va buyurtmachilardan olinadigan hisobvaraqlar” hisobvarag‘ining debeti;
9220 “Boshqa aktivlarning chiqib ketishi” hisobvarag‘ining krediti;
b) qo‘shilgan qiymat solig‘i hisoblanganda:
9220 “Boshqa aktivlarning chiqib ketishi” hisobvarag‘ining debeti;
6410 “Budjetga to‘lovlar bo‘yicha qarz (turlari bo‘yicha)” hisobvarag‘ining krediti;
v) nomoddiy aktivlarning boshlang‘ich qiymati hisobdan chiqarilganda:
9220 “Boshqa aktivlarning chiqib ketishi” hisobvarag‘ining debeti;
0400 “Nomoddiy aktivlarni hisobga oluvchi hisobvaraqlar” hisobvarag‘ining krediti;
g) nomoddiy aktivlarning jamlangan eskirishi hisobdan chiqarilganda:
0500 “Nomoddiy aktivlar amortizatsiyasini hisobga oluvchi hisobvaraqlar” hisobvarag‘ining debeti;
9220 “Boshqa aktivlarning chiqib ketishi” hisobvarag‘ining krediti;
d) nomoddiy aktivlarning chiqib ketishidan olinadigan daromad summasida:
9220 “Boshqa aktivlarning chiqib ketishi” hisobvarag‘ining debeti;
9320 “Boshqa aktivlarning chiqib ketishidan olinadigan daromad” hisobvarag‘ining krediti;
e) nomoddiy aktivlarning chiqib ketishidan yetkaziladigan zarar summasida:
9430 “Boshqa operatsion xarajatlar” hisobvarag‘ining debeti;
9220 “Boshqa aktivlarning chiqib ketishi” hisobvarag‘ining krediti;
xaridorda — nomoddiy aktivlarni sotib olish bilan bog‘liq xarajatlar sifatida:
a) 0830 “Nomoddiy aktivlarni xarid qilish” hisobvarag‘ining debeti;
6010 “Mol yetkazib beruvchilar va pudratchilarga to‘lanadigan hisobvaraqlar” hisobvarag‘ining krediti;
b) 0400 “Nomoddiy aktivlarni hisobga oluvchi hisobvaraqlar” hisobvarag‘ining debeti;
0830 “Nomoddiy aktivlarni xarid qilish” hisobvarag‘ining krediti;
joriy xarajatlar sifatida:
xarajatlarni hisobga oluvchi hisobvaraqlarning debeti;
6010 “Mol yetkazib beruvchilar va pudratchilarga to‘lanadigan hisobvaraqlar” hisobvarag‘ining krediti.
13. Raqamli mahsulotlarning foydalanish huquqlarining oldi-sotdisi yuridik shaxslarning buxgalteriya hisobida quyidagicha aks ettiriladi:
litsenziarda:
a) xizmatlarni ko‘rsatishdan olingan daromad sifatida - agar ko‘rsatilgan daromad summasi tovarlarni (xizmatlar, ishlar) sotishdan olingan daromadlarning umumiy summasidan oshsa:
4010 “Xaridorlar va buyurtmachilardan olinadigan hisobvaraqlar” hisobvarag‘ining debeti;
9030 “Ishlarni bajarish va xizmatlar ko‘rsatishdan olinadigan daromadlar” hisobvarag‘ining krediti;
b) royalti ko‘rinishidagi boshqa daromadlar sifatida — agar ko‘rsatilgan daromad summasi tovarlarni (xizmatlar, ishlar) sotishdan olingan daromadlarning umumiy summasidan oshmasa:
4850 “Olish uchun royalti” hisobvarag‘ining debeti;
9510 “Royalti ko‘rinishidagi daromadlar” hisobvarag‘ining krediti;
litsenziatda:
kelgusidagi xarajatlarga taalluqli xarajatlar sifatida — agar shartnoma shartlariga ko‘ra, raqamli mahsulotlardan foydalanish huquqi muayyan muddatga taqdim etilsa va ma’lum bir muddat uchun to‘lov to‘lansa:
a) kelgusi davrlar uchun to‘langan yoki kirim qilingan harajatlar:
3190 “Kelgusi davrlarning boshqa xarajatlari” hisobvarag‘ining debeti;
5110 — 5530 pul mablag‘lari kredit hisobvaraqlari yoki 6930 “Royalti bo‘yicha qarz” hisobvarag‘ining krediti;
b) xarajatlar uchun sarflanadigan kelgusi davrlar xarajatlari summasi bo‘yicha:
xarajatlarni hisobga oluvchi hisobvaraqlarning debeti;
3190 “Kelgusi davrlarning boshqa xarajatlari” hisobvarag‘ining krediti.
Joriy harajatlar uchun kelgusi davrlar harajatlarini hisobdan chiqarish belgilangan muddatda teng ravishda yoki joriy xarajatlar sifatida ishlab chiqarilgan mahsulotlar soni yoki hajmiga proporsional ravishda amalga oshiriladi, agar shartnoma shartlari bo‘yicha:
raqamli mahsulotlardan foydalanish huquqi muddat ko‘rsatilmagan holda taqdim etilganda;
raqamli mahsulotlardan foydalanish huquqi muayyan muddatga berilganda va foydalanish huquqi uchun davriy to‘lovlar nazarda tutilganda:
xarajatlarni hisobga oluvchi hisobvaraqlarning debeti;
5110 — 5530 pul mablag‘lari kredit hisob-varaqlari yoki 6930 “Royalti bo‘yicha qarz” hisobvarag‘ining krediti.
5-bob. Yakunlovchi qoida
Oldingi tahrirga qarang.
14. Raqamli mahsulotlar bilan bog‘liq bitimni amalga oshiruvchi subyektlar ushbu Nizom normalariga rioya etilmaganlik uchun qonunchilikda belgilangan tartibda javob beradi.
(14-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 17.08.2018-y., 09/18/670/1770-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)