Norasmiy tarjima
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Ilmiy va innovatsion faoliyatni integratsiyalash tizimining samaradorligini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Mamlakatda respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda ilmiy tadqiqotlarning rolini oshirish, shuningdek ilm-fanning taʼlim va ishlab chiqarish bilan integratsiyasini chuqurlashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Mahalliy ishlanmalarni tijoratlashtirishning samarali mexanizmlarini taʼminlash, ilmiy va ilmiy-texnik faoliyatni moliyalashtirish manbalarini kengaytirish, intellektual mulk obyektlari mualliflarini, shuningdek iqtisodiyotning real sektori vakillarini ragʻbatlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda.
2017 — 2021-yillarda ilmiy-tadqiqot muassasalari infratuzilmasini mustahkamlash va innovatsion faoliyatni rivojlantirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, oʻtkazilgan tahlil natijalari ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasida, ilmiy, ilmiy-texnik ishlanmalarni davlat va jamiyat hayotining barcha sohalariga joriy qilishda bir qator tashkiliy-amaliy va infratuzilmaviy muammolar mavjudligidan dalolat beradi. Xususan:
birinchidan, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining ilmiy-tadqiqot muassasalari va olimlarining raqobatbardosh va ilm-fan yutuqlariga asoslangan mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirishga imkoniyat yaratadigan amaliy tadqiqotlari, ilmiy va ilmiy-texnik faoliyati natijalarini tijoratlashtirish darajasining pastligi kuzatilmoqda;
ikkinchidan, ilmiy va ilmiy-texnik faoliyat natijalarini joriy qilish, shuningdek fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarning ilmiy-texnik dasturi loyihalarini bajarishga mablagʻlarning samarali sarflanishini nazorat qilish sohasida muvofiqlashtirish yoʻlga qoʻyilmagan;
uchinchidan, ilmiy va ilmiy-texnik ishlanmalarni iqtisodiyotning turli tarmoqlariga va ijtimoiy sohaga samarali joriy qilinishini taʼminlab turuvchi, tadqiqot institutlari va ishlab chiqarish oʻrtasida bogʻlovchi boʻgʻin — tajriba-eksperimental va konstruktorlik-texnologik infratuzilmasi mavjud emas;
toʻrtinchidan, Fanlar akademiyasi institutlari va iqtisodiyotning real sektori subyektlarining oʻzaro hamkorligi va kooperatsiyasi yetarli darajada emas;
beshinchidan, innovatsion ilmiy tadqiqotlarga mamlakat bozorining ehtiyojlarini oʻrganish va tahlil qilish mexanizmi mavjud emasligi raqobatbardosh boʻlmagan va norentabel ilmiy mahsulotning ishlab chiqilishiga olib keladi.
Ilm-fan va ishlab chiqarishning oqilona va samarali integratsiyasini taʼminlash, ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyat infratuzilmasini zamonaviy talablarni hisobga olgan holda kompleks rivojlantirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining (keyingi oʻrinlarda — Fanlar akademiyasi) quyidagi takliflari qabul qilinsin:
Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tuzilmasiga ilmiy-tadqiqot muassasalarining ilmiy ishlanmalari, texnologiyalari va boshqa innovatsion dasturlarini tijoratlashtirish va transfer qilishni taʼminlash boʻyicha masʼul boʻlgan vazir oʻrinbosari lavozimi qoʻshimcha ravishda kiritilishi toʻgʻrisida;
Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining markaziy apparati tuzilmasida innovatsion loyihalar natijalarini tijoratlashtirish boʻlimi negizida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobiga moliyalashtiriladigan 12 shtat birligidan iborat qoʻshimcha boshqaruv xodimlari ajratilishi orqali Ilmiy ishlanmalar va texnologiyalarni tijoratlashtirish va transfer qilish boshqarmasini tashkil etish toʻgʻrisida.
2. Quyidagilar yangi joriy etilayotgan lavozimdagi Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri oʻrinbosarining asosiy vazifalari etib belgilansin:
amaliy natijalarga yoʻnaltirilgan mahsulot va texnologiyalarni ishlab chiqish boʻyicha tadqiqotlarni oʻtkazishda Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot muassasalarining ishini muvofiqlashtirish;
ilmiy-tadqiqot muassasalari tomonidan amalga oshiriladigan ilmiy ishlanmalarni iqtisodiy rentabellik, shuningdek joriy etish va tijoratlashtirish yuzasidan muntazam ravishda tahlil qilish va tanlab olish;
yuqori texnologiyali va tijoratlashtiriladigan mahsulotlarni ishlab chiqish maqsadida ilmiy, ilmiy-taʼlim muassasalari va ishlab chiqarish sektori oʻrtasida integratsiyani taʼminlash;
ilmiy va innovatsion faoliyat natijalari mualliflariga ilmiy-texnik hujjatlar, biznes-rejalarni tayyorlashda, texnologiyalarni patentlash va litsenziyalashda har tomonlama koʻmaklashish;
ilmiy va ilmiy-texnik faoliyat natijalarini tijoratlashtirish tadbirlarini moliyalashtirish uchun mahalliy va xorijiy investitsiyalar, xalqaro va xorijiy moliya institutlarining grantlari, mablagʻlarini jalb etish ishlarini tashkil qilish;
tegishli sohadagi xorijiy ilmiy va taʼlim muassasalari bilan hamkorlikni kengaytirish, shu jumladan ilmiy xodimlar, mutaxassislar va yosh olimlarning xorijiy ilmiy-tadqiqot muassasalarida qisqa muddatli stajirovka oʻtashlari va malaka oshirishlarini tashkil qilish;
ilmiy-tadqiqot muassasalarining faoliyatini muvofiqlashtirish va innovatsion gʻoyalar, ishlanmalar va texnologiyalar markazlari bilan aloqasini taʼminlash.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Mudofaa sanoati davlat qoʻmitasi va Mudofaa vazirligining U.A. Arifov nomidagi Ion-plazma va lazer texnologiyalari institutining Ixtisoslashtirilgan konstruktorlik-texnologiya byurosi negizida Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining konstruktorlik byurosi va tajriba ishlab chiqarishiga ega boʻlgan Ilmiy-texnik markazini (keyingi oʻrinlarda — Markaz) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
a) Markazning asosiy vazifalari va yoʻnalishlari:
fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlarning ustuvor yoʻnalishlarini shakllantirish hamda bevosita amalga oshirishda ishtirok etish, shuningdek vakuum-plazma va lazer texnologiyalari sohasidagi innovatsion loyihalarni amalga oshirish;
vakuum va plazma texnologiyalari, himoya va bezak qoplamalar tushirishning yangi usullarini ishlab chiqish, tajriba namunalarini tayyorlash va ularni sinovdan oʻtkazish, import oʻrnini bosuvchi mobil va turgʻun ozon generatorlarini yaratish;
ilm-fanning turli sohalari, iqtisodiyotning yuqori texnologiyali sohalari va tarmoqlari uchun samarali boʻlgan quyosh bilan quvvatlantiriladigan lazerlar va quyosh lazerlarini yaratish;
quyosh nurlanishi konsentratlarining energetik xususiyatlarini tadqiq qilish hamda olingan innovatsion ishlanmalarni sanoat va qishloq xoʻjaligining turli tarmoqlariga joriy qilish;
taʼlimning tegishli bakalavriat yoʻnalishlari va magistratura ixtisosliklari boʻyicha oʻquv jarayoni doirasida foydalanish uchun yangi oʻquv dasturlari, darsliklar, oʻquv qoʻllanmalari yaratishda yordam koʻrsatish orqali oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik qilish, oʻquv-uslubiy ish sifati va darajasini oshirishga doir tadbirlarni ishlab chiqish va oʻtkazish;
priborlar, uskunalarning tajriba namunalarini va tajriba-konstruktorlik ishlanmalarini yaratish orqali fundamental, amaliy fanlar va innovatsion loyihalarning izchil bogʻliqligini taʼminlash;
mudofaa sanoati uchun mahsulotlar va butlovchi buyumlar ishlab chiqarishni oʻzlashtirish hamda iqtisodiyotning turli tarmoqlari buyurtmalari boʻyicha eskirgan uskunalarni modernizatsiyalash;
harbiy va ikki xil maqsadda ishlatiladigan mahsulotlar, buyutlovchi buyumlar, yangi materiallar va xom ashyo ishlab chiqarishni oʻzlashtirishga yoʻnaltirilgan ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini amalga oshirishdan iborat.
b) Markaz faoliyatini moliyalashtirish manbalari:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan binolar va inshootlarni taʼminlab turish, shuningdek Markaz xodimlari mehnatiga haq toʻlash xarajatlarini moliyalashtirishga ajratiladigan mablagʻlar, ishlab chiqarish bilan bogʻliq hamda ilmiy xodimlar va ishlab chiqarishdagi mutaxassislar mehnatiga haq toʻlash xarajatlari bundan mustasno;
Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan oʻtkaziladigan tanlovlar natijalariga koʻra ajratiladigan grantlar;
xalqaro moliyaviy va boshqa institutlar, xorijiy tashkilotlar grantlari;
tijorat faoliyatidan tushadigan mablagʻlar;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisoblanadi.
5. Belgilansinki:
Markaz davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi timsoli tushirilgan va davlat tilida nomi keltirilgan muhr va blankalarga, mustaqil balansga, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Gʻaznachiligida shaxsiy gʻaznachilik hisobraqamiga ega boʻladi;
Markaz xodimlariga Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot muassasalarining tegishli lavozimlari boʻyicha xodimlar uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish shartlari tatbiq etiladi;
2018-yilda Markaz taʼminoti uchun budjet mablagʻlari ijtimoiy soha uchun tasdiqlangan 2018-yilgi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlari doirasida Fanlar akademiyasining asoslangan hisob-kitoblari boʻyicha ajratiladi, 2019-yildan boshlab esa bunday xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining “Fan” moddasi boʻyicha ajratiladigan xarajatlar parametrlarida nazarda tutiladi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining konstruktorlik byurosi va tajriba ishlab chiqarishiga ega boʻlgan Ilmiy-texnik markazi tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Fanlar akademiyasi prezidentiga belgilangan shtatdagi umumiy xodimlar soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida Markaz tuzilmasiga oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida yuridik shaxsni tashkil etmagan holda, ilmiy va ilmiy-texnik faoliyat natijalarini tijoratlashtirish Prezident jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) tashkil qilinsin.
8. Quyidagilar Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari etib belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari;
xalqaro moliya institutlari va boshqa chet ellik donorlarning grantlari va kreditlari;
Jamgʻarmaning vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarini tijorat banklari depozitiga joylashtirishdan tushgan daromadlar;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
9. Belgilab qoʻyilsinki:
Jamgʻarma mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan tasarruf etiladi;
Jamgʻarma mablagʻlaridan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 20-iyuldagi “Fan va oliy taʼlim sohasi xodimlarining mehnat haqi miqdorini yanada oshirish, ilmiy va ilmiy-texnik faoliyat natijalari joriy etilishini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3876-son qarorining 7-bandida koʻrsatilgan vazifalarni amalga oshirish bilan bogʻliq chora-tadbirlarni kreditlash maqsadida tijorat banklariga kredit resurslarini taqdim etish uchun foydalaniladi.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ushbu qaror qoidalaridan kelib chiqqan holda 2018-yilgi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining xarajatlar parametrlariga zarur oʻzgartirishlarni kiritsin.
11. Markaz Toshkent sh., Mirzo Ulugʻbek tumani, Doʻrmon yoʻli koʻchasi, 33-uy manzilidagi U.A. Arifov nomidagi Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti binosida bepul foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.
12. Fanlar akademiyasi bir oy muddatda:
Markaz ustavini tasdiqlasin va davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin;
Markazning yuqori malakali kadrlar bilan butlanishini taʼminlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa sanoati davlat qoʻmitasi bilan birgalikda Markaz faoliyatini kelgusida rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot ishlarini chuqurlashtirish va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlatish uchun kiritsin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi bir oy muddatda:
tashkil etilayotgan tarkibiy boʻlinmani yuqori malakali kadrlar bilan butlanishini taʼminlasin;
Fanlar akademiyasi hamda manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.
15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasining raisi S.R. Xolmurodov, Oʻzbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vaziri I.Yu. Abduraxmonov va Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti B.S. Yuldashev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 6-avgust,
PQ-3899-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 6-avgustdagi PQ-3899-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining konstruktorlik byurosi va tajriba ishlab chiqarishiga ega boʻlgan Ilmiy-texnik markazi
TUZILMASI
Xodimlarning cheklangan soni (yordamchi xodimlarni hisobga olmagan holda) — 92 shtat birligi.
Yordamchi xodimlar soni qonun hujjatlarida belgilangan normativlar boʻyicha belgilanadi.
Ilmiy-texnik loyihalar va innovatsion ishlarni amalga oshirish uchun mutaxassislar va olimlar shartnoma asosida jalb etilishi mumkin.
* Xodimlar (laboratoriya mudirlari va laborantlardan tashqari) taʼminoti davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida ajratiladigan grantlar va Markazning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 6-avgustdagi PQ-3899-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 17-fevraldagi PQ-2789-son “Fanlar akademiyasi faoliyati, ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish, boshqarish va moliyalashtirishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga 1-ilova quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 17-fevraldagi PQ-2789-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining
TASHKILIY TUZILMASI
”.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-iyuldagi PF-107-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2023-y., 06/23/107/0441-son)