O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Veterinariya dori vositalari ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 1-iyundagi PQ-3026-son qarori ijrosini ta’minlash, shuningdek, mamlakatimizda veterinariya dori vositalari ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 2018 — 2023-yillarda veterinariya dori vositalari ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
2. 2018 — 2023-yillarda veterinariya dori vositalari ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturini (keyingi o‘rinlarda Chora-tadbirlar dasturi deb ataladi) amalga oshirish doirasida quyidagilar vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarning asosiy vazifalari etib belgilansin:
veterinariya tadbirlarini rivojlantirish va ularning samaradorligini oshirishning dolzarb muammolari bo‘yicha kompleks ilmiy-tadqiqot hamda tajriba-sinov ishlarini amalga oshirish, ularning natijalarini ishlab chiqarish jarayonlariga izchil joriy etish;
mamlakatimizda veterinariya dori vositalari ishlab chiqarishni modernizatsiyalash va jadal rivojlantirish jarayonlarini faollashtirish, importni izchil kamaytirish maqsadida bozorda barqaror talabga ega bo‘lgan raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarish hajmlarini, shu jumladan xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish asosida ko‘paytirish va ularning turlarini kengaytirish;
talab yuqori bo‘lgan turdagi veterinariya dori vositalarini ishlab chiqarishning ilg‘or texnologiyalarini o‘zlashtirgan holda, sifat menejmentining zamonaviy uslublarini keng joriy etish, ishlab chiqariladigan mahsulotlarni xalqaro talablarga muvofiq sertifikatlashtirish va standartlashtirishni ta’minlash;
veterinariya dori vositalarini ishlab chiqaruvchilar ilmiy-texnik xodimlarining professional bilim darajasini, xususan, yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni jalb qilish orqali takomillashtirish, shuningdek, yetakchi xorijiy ilmiy-tadqiqot muassasalari va tashkilotlar bilan xalqaro hamkorlikni kengaytirish.
3. O‘zbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qo‘mitasi, Veterinariya ilmiy-tadqiqot instituti, Samarqand veterinariya meditsinasi instituti, veterinariya dori vositalarini ishlab chiqaruvchilarning 2021 — 2023-yillarda respublikada hayvonlar zararli kasalliklariga qarshi veterinariya dori vositalarini 2-ilovaga* muvofiq ro‘yxat bo‘yicha ishlab chiqarishni tashkil etishga doir takliflariga rozilik berilsin.
* 1 va 2-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
Oldingi tahrirga qarang.
4. O‘zbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qo‘mitasi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Veterinariya ilmiy-tadqiqot instituti va Samarqand veterinariya meditsinasi instituti bilan birgalikda veterinariya dori vositalarini ishlab chiqaruvchilarga mamlakatimiz va xorijiy ilm-fanning ilg‘or ishlanmalarini joriy etish asosida veterinariya preparatlari, sintetik dezinfeksiya va dezinseksiya vositalarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish masalalarida zarur uslubiy va ilmiy-maslahat yordamini olishda har tomonlama tashkiliy-amaliy yordam ko‘rsatsinlar.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-dekabrdagi 777-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 14.12.2020-y., 09/20/777/1620-son)
5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
veterinariya dori vositalarini ishlab chiqaruvchilarga erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari hududlarida investitsiya loyihalarini amalga oshirish va keyinchalik tovarlarni ichki hamda tashqi bozorlarga chiqarishga har tomonlama ko‘maklashsin;
bosma va elektron ommaviy axborot vositalarini jalb etgan holda ekspert doiralar vakillari — iqtisodchilar va yuristlarni ishtirokida veterinariya dori vositalarini ishlab chiqaruvchilarga davlat tomonidan beriladigan imtiyozlar va preferensiyalar to‘g‘risida keng ko‘lamli axborot hamda tushuntirish ishlarini tashkil etsin;
veterinariya dori vositalarini ishlab chiqaruvchilar tomonidan faoliyat ko‘rsatmayotgan korxonalarni va davlat mulki bo‘lgan mol-mulkni investitsiya majburiyatlarini qabul qilgan holda nol xarid qiymati bo‘yicha olishida ko‘maklashsinlar.
6. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi 2019-yil va keyingi yillar uchun O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish davlat dasturlarini shakllantirishda veterinariya dori vositalarini ishlab chiqaruvchilar obyektlarini qurish va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulash uchun zarur mablag‘lar ajratilishini nazarda tutsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Z.T. Mirzayev va O‘zbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qo‘mitasining raisi vazifasini bajaruvchi B.T. Norqobilov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 23-iyul,
564-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 24.07.2018-y., 09/18/564/1561-son; 14.12.2020-y., 09/20/777/1620-son)