Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining
Qarori
Ilmiy unvonlar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
[[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 14-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2793-5]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-avgustdagi PQ-3219-son “Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi faoliyatini rivojlantirish va yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 2016-yil 28-apreldagi 224/8-son qarori (roʻyxat raqami 2793, 2016-yil 3-iyun) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 22-son, 260-modda) bilan tasdiqlangan Ilmiy unvonlar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oliy attestatsiya komissiyasi raisi A. YUSUPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 28-iyun,
254/9-son
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 2018-yil 28-iyundagi 254/9-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Ilmiy unvonlar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan qoʻshimchalar
1. 10-band quyidagi mazmundagi toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“OTMda tasviriy va amaliy sanʼat hamda dizayn yoʻnalishlari boʻyicha muvaffaqiyatli faoliyat koʻrsatayotgan mutaxassislarning ijodiy ishlari ilmiy unvon olish uchun talab etiladigan ilmiy maqolalarga hamda ijodiy ishlari katalogi oʻquv qoʻllanmaga tenglashtiriladi.”.
2. Quyidagi mazmundagi 151-band bilan toʻldirilsin:
“151. Professor ilmiy unvoni istisno tariqasida, OTMda tasviriy va amaliy sanʼat hamda dizayn yoʻnalishlari boʻyicha muvaffaqiyatli faoliyat koʻrsatayotgan, quyidagi talablarni bajargan mutaxassislarga ham berilishi mumkin:
a) kamida ikki oʻquv yili davomida OTMda pedagogik faoliyat koʻrsatayotgan;
b) ijodiy ishlari boʻlgan;
v) xalqaro va respublika miqyosidagi nufuzli koʻrgazmalarda munosib ishtirok etgan;
g) respublika va xalqaro tanlovlarda nufuzli oʻrinlarni egallagan shogirdlarni tayyorlagan;
d) milliy tasviriy va amaliy sanʼat, dizayn sohalarini oʻzining yirik asarlari bilan boyitgan;
e) Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi akademigi, Oʻzbekiston xalq rassomi, Xalq ustasi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi unvonlariga ega boʻlgan.”.
3. Mazkur qoʻshimchalar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Madaniyat vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Fanlar akademiyasi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan kelishilgan.
Ilmiy unvonlar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan qoʻshimchalar boʻyicha
KELIShISh VARAQASI
KELIShISh VARAQASI
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri I. MADJIDOV
2018-yil 27-iyun
Innovatsion rivojlanish vaziri I. ABDURAXMONOV
2018-yil 27-iyun
Xalq taʼlimi vaziri U. INOYATOV
2018-yil 27-iyun
Sogʻliqni saqlash vaziri A. ShADMANOV
2018-yil 27-iyun
Madaniyat vaziri B. SAYFULLAYEV
2018-yil 27-iyun
Tashqi ishlar vaziri A. KAMILOV
2018-yil 27-iyun
Qishloq xoʻjaligi vaziri B. YUSUPOV
2018-yil 27-iyun
Fanlar akademiyasi prezidenti B. YULDASHEV
2018-yil 27-iyun
Jismoniy tarbiya va sport vaziri Sh. ISRAILOV
2018-yil 27-iyun
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.07.2018-y., 10/18/2793-5/1511-son)