Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining
buyrugʻi
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ozodlikdan mahrum qilish turidagi jazoni ijro etish muassasalarining ichki tartib qoidalariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 5-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2495-2]
Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 29-martdagi OʻRQ-421-son “Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi, 2017-yil 29-avgustdagi OʻRQ-440-son “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil toʻgʻrisida”gi, 2017-yil 29-avgustdagi OʻRQ-441-son “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi hamda 2017-yil 6-sentabrdagi OʻRQ-442-son “Surishtiruv instituti takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunlari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 14-noyabrdagi 387-son “Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2012-yil 29-dekabrdagi 174-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 2495, 2013-yil 29-iyul) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 31-son, 414-modda) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ozodlikdan mahrum qilish turidagi jazoni ijro etish muassasalarining ichki tartib qoidalariga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi
Vazir P. BOBOJONOV
Toshkent sh.,
2018-yil 6-iyun,
154-son
Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2018-yil 6-iyundagi 154-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Ichki ishlar vazirligi ozodlikdan mahrum qilish turidagi jazoni ijro etish muassasalarining ichki tartib qoidalariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 81-banddagi “1999-yil 12-apreldagi 171-sonli qarori (Oʻzbekiston Respublikasining Hukumati qarorlari toʻplami, 1999-y., 4-son, 18-modda)” degan soʻzlar “2016-yil 14-noyabrdagi 387-son qarori” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
2. 154-banddan “qamoq jazosiga hukm qilingan va” degan soʻzlar chiqarib tashlansin.
3. 241-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“241. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman), Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil va prokuror nomiga yoʻllangan taklif, ariza va shikoyatlar koʻzdan kechirilmaydi hamda muhrlangan tarzda yigirma toʻrt soatdan kechiktirmay yuboriladi, telegrammalar esa darhol yuboriladi.”.
4. 495-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“495. Mahkumning jasadi uning qarindoshlariga JIEM maʼmuriyati tomonidan JPKda nazarda tutilgan tegishli tergovga qadar tekshiruv, shuningdek sud-tibbiy ekspertizasi oʻtkazilgandan soʻng tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi yoki prokurorning qarori yoxud sudning ajrimiga asosan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda va tartibda beriladi.”.
5. Mazkur oʻzgartirishlar Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Oliy sudi, Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan kelishilgan.
Bosh prokuror O. MURODOV
2018-yil 6-iyun
Oliy sud raisi K. KAMILOV
2018-yil 6-iyun
Sogʻliqni saqlash vaziri A. ShADMANOV
2018-yil 6-iyun
Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sh. KUDBIYEV
2018-yil 6-iyun
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.07.2018-y., 10/18/2495-2/1471-son)