Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirining
buyrugʻi
Yosh olimlarni yetakchi xorijiy ilmiy tashkilotlarda (markazlar, universitetlar va boshqalar), shu jumladan ilmiy laboratoriyalarni jihozlash uchun sotib olinadigan yuqori texnologik asbob-uskunalarda ishlash metodikasini oʻzlashtirish uchun qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarga yuborish maqsadida ularni tanlov asosida saralash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 5-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3036]
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vazirining 2021-yil 14-iyundagi 148-sonli ““Yosh olimlarni yetakchi xorijiy ilmiy tashkilotlarda (markazlar, universitetlar va boshqalar), shu jumladan ilmiy laboratoriyalarni jihozlash uchun sotib olinadigan yuqori texnologik asbob-uskunalarda ishlash metodikasini oʻzlashtirish uchun qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarga yuborish maqsadida ularni tanlov asosida saralash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyruqni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3036-1, 17.06.2021-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-noyabrdagi PF-5264-son “Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Farmoni hamda 2017-yil 30-noyabrdagi PQ-3416-son “Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Yosh olimlarni yetakchi xorijiy ilmiy tashkilotlarda (markazlar, universitetlar va boshqalar), shu jumladan ilmiy laboratoriyalarni jihozlash uchun sotib olinadigan yuqori texnologik asbob-uskunalarda ishlash metodikasini oʻzlashtirish uchun qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarga yuborish maqsadida ularni tanlov asosida saralash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Fan va texnologiyalar boʻyicha davlat komissiyasining qarori 2017-yil 20-sentabrdagi 2-son qarori bilan tasdiqlangan Yosh olimlarni yetakchi xorijiy ilmiy markazlar va universitetlarga qisqa muddatli ilmiy stajirovkaga yuborishni tashkil etish boʻyicha tanlov oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (roʻyxat raqami 2948, 2017-yil 15-noyabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 46-son, 1141-modda) oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir I. ABDURAXMANOV
Toshkent sh.,
2018-yil 4-iyun,
14/5-son
Oʻzbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vazirining 2018-yil 4-iyundagi 14/5-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Yosh olimlarni yetakchi xorijiy ilmiy tashkilotlarda (markazlar, universitetlar va boshqalar), shu jumladan ilmiy laboratoriyalarni jihozlash uchun sotib olinadigan yuqori texnologik asbob-uskunalarda ishlash metodikasini oʻzlashtirish uchun qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarga yuborish maqsadida ularni tanlov asosida saralash tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-noyabrdagi PF-5264-son “Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Farmoni hamda 2017-yil 30-noyabrdagi PQ-3416-son “Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq yosh olimlarni yetakchi xorijiy ilmiy tashkilotlarda (markazlar, universitetlar va boshqalar), shu jumladan ilmiy laboratoriyalarni jihozlash uchun sotib olinadigan yuqori texnologik asbob-uskunalarda ishlash metodikasini oʻzlashtirish uchun qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarga yuborish maqsadida ularni tanlov asosida saralash tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Yosh olimlarni yetakchi xorijiy ilmiy tashkilotlarda (markazlar, universitetlar va boshqalar), shu jumladan ilmiy laboratoriyalarni jihozlash uchun sotib olinadigan yuqori texnologik asbob-uskunalarda ishlash metodikasini oʻzlashtirish uchun qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarga (bundan buyon matnda ilmiy stajirovkalar deb yuritiladi) yuborish bilan bogʻliq xarajatlar Innovatsion rivojlanish va novatorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasining (bundan buyon matnda Jamgʻarma deb yuritiladi) mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
2. Ilmiy stajirovkalarni moliyalashtirish tegishli moliya yili uchun Jamgʻarmaning Kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlanadigan daromadlar va xarajatlarining prognoz parametrlarida koʻzda tutiladi.
2-bob. Ilmiy stajirovkalarga yuborish boʻyicha tanlov oʻtkazish
3. Ilmiy stajirovkalarga yuborish boʻyicha takliflarni umumlashtirish, nomzodlarni saralash tanlovini tashkil etish va oʻtkazish Vazirlik tomonidan amalga oshiriladi.
4. Jamgʻarmaning Kuzatuv kengashi ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim muassasalarining asoslantirilgan takliflari boʻyicha tanlov oʻtkazmasdan turib qaror chiqarish huquqiga ega.
5. Ilmiy stajirovka oʻtashga ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim muassasalarining ilmiy va texnik-muhandis xodimlari nomzod sifatida tavsiya etiladi.
6. Etakchi xorijiy ilmiy tashkilotlarda (markazlar, universitetlar va boshqalar) ilmiy stajirovka oʻtashga quyidagi talablarga javob beradigan ilmiy va texnik-muhandis xodimlar yuboriladi:
xorijiy tillarni oʻzining ish faoliyatini amalga oshirishda zarur boʻlgan hajmda biladigan;
nomzodning yoshi 25 dan 45 gacha boʻlishi.
7. Vazirlik ilmiy stajirovkalarga yuborish boʻyicha tanlov haqidagi eʼlonni tanlov oʻtkazishdan 1 oy oldin ommaviy axborot vositalari, shuningdek internet-nashrlar va Vazirlikning rasmiy veb-saytiga joylashtiradi.
8. Tanlovni oʻtkazish haqidagi eʼlonda quyidagi maʼlumotlar boʻlishi zarur:
tanlovni oʻtkazish muddatlari;
tanlov ishtirokchilariga qoʻyiladigan talablar;
zarur hujjatlar roʻyxati;
bogʻlanish uchun telefonlar va elektron manzillar.
9. Ilmiy stajirovka oʻtashga nomzodlarning hujjatlari ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim muassasalari bevosita boʻysunuvchi vazirlik yoki idoralarning (bundan buyon matnda buyurtmachi deb yuritiladi) rasmiy xati asosida Vazirlikka quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
mazkur Nizom ilovasiga muvofiq shakldagi ilmiy stajirovka rejasi;
ilmiy-tadqiqot yoki oliy taʼlim muassasasining Ilmiy kengashi qarori;
xodimi yosh olim hisoblanadigan ilmiy-tadqiqot muassasasi (oliy taʼlim muassasasi) tomonidan tasdiqlangan va qabul qiluvchi tomon bilan kelishilgan, ilmiy stajirovka taklifnomasi va dasturi;
nomzodning maʼlumotnoma-obyektivkasi (anketa);
oliy taʼlim muassasasini tugatganligini tasdiqlovchi diplomning nusxasi;
ilmiy darajasini (fan nomzodi, PhD va fan doktori), ilmiy unvonini (katta ilmiy xodim, dotsent, professor) tasdiqlovchi diplom(lar)ning nusxasi, agar mavjud boʻlsa;
mehnat daftarchasining nusxasi;
fuqarolik pasportining nusxasi;
nomzodning 3x4 sm oʻlchamdagi oq fondagi rangli fotosurati (4 dona);
chet tilidan bilim darajasini belgilovchi amaldagi milliy yoki xalqaro sertifikat (Milliy kvalifikatsiya sertifikati, IELTS, TOEFL va shu kabilar), agar mavjud boʻlsa.
10. Ushbu Nizomning 9-bandida belgilangan zarur hujjatlarni koʻrib chiqish, mutaxassislik fanidan chet tilida suhbat oʻtkazish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari boʻyicha bilim darajasi va koʻnikmalarini aniqlash bevosita buyurtmachi tomonidan amalga oshiriladi.
11. Buyurtmachilarning ilmiy stajirovkalar boʻyicha takliflari 10 kunlik muddatda Vazirlik tomonidan umumlashtirilib, Maxsus ekspert guruhiga xulosa olish uchun kiritiladi.
12. Maxsus ekspert guruhi innovatsion rivojlanish vazirining buyrugʻi asosida har yili yangi tarkibda tuziladi.
13. Maxsus ekspert guruhi oʻz yoʻnalishida kamida 5 yil mehnat stajiga ega boʻlgan yuqori malakali (turli vazirlik, idoralar, ilmiy va ilmiy tadqiqot muassasalari) kamida 7 nafar mutaxassislardan iborat tarkibda tuziladi. Bunda maxsus ekspert guruhi rahbari, zarur hollarda tor ixtisoslashuvdagi qoʻshimcha mutaxassislarni (shu jumladan, ishlab chiqarish korxona va tashkilotlardan) ekspertiza ishiga jalb qilishi mumkin.
14. Maxsus ekspert guruhi yakuniy xulosa tayyorlashda quyidagi mezonlarga amal qiladi:
mazkur Nizomning 9-bandida koʻrsatilgan hujjatlarning toʻliq taqdim etilganligiga;
xorijiy tillarni oʻzining ish faoliyatini amalga oshirishda zarur boʻlgan hajmda bilishi va qoʻllay olishiga;
ilmiy stajirovkaning maqsad va vazifalarining dolzarbligiga hamda ilmiy yoki iqtisodiy samaradorligiga;
ilmiy stajirovkaning ilmiy-tadqiqot va/yoki oliy taʼlim muassasasining yoʻnalishlari, ehtiyojlari va talablariga mosligiga.
15. Maxsus ekspert guruhi majlisini oʻtkazish uchun kvorum uning tarkibining 70 foizini tashkil etishi lozim. Maxsus ekspert guruhining barcha majlislari va barcha qabul qilingan qarorlari bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladi.
16. Maxsus ekspert guruhi bir oylik muddatda kiritilgan takliflarni toʻliq va har tomonlama koʻrib chiqib, nomzodlarning ilmiy stajirovka dasturlari himoyasini oʻtkazib (bunda, nomzodlar oʻz ilmiy stajirovka dasturlarini chet tilida prezentatsiya koʻrinishida himoya qilishlari talab etiladi), yakuniy xulosani Vazirlikka taqdim etadi.
17. Vazirlik tanlov natijalarini umumlashtiradi hamda tasdiqlash uchun Jamgʻarma Kuzatuv kengashiga taqdim etadi.
18. Ilmiy stajirovka oʻtashga yuborish Jamgʻarma tomonidan tanlov yakuniga muvofiq Jamgʻarma Kuzatuv kengashining tegishli qarori qabul qilingandan soʻng amalga oshiriladi.
3-bob. Ilmiy stajirovkalarni moliyalashtirish
19. Maxsus ekspert guruhining yakuniy xulosasiga muvofiq tanlab olingan nomzodlarning ilmiy stajirovkasi bilan bogʻliq xarajatlar Jamgʻarmaning tegishli moliya yili uchun Jamgʻarmaning ushbu maqsadlar uchun rejalashtirilgan mablagʻlari doirasida boʻlishi zarur.
20. Ilmiy stajirovkalar boʻyicha xarajatlar Jamgʻarma ijro etuvchi direksiyasi, Vazirlik, xodimi yosh olim hisoblanadigan ilmiy-tadqiqot muassasasi (oliy taʼlim muassasasi) hamda yetakchi xorijiy ilmiy tashkilot oʻrtasidagi shartnoma bilan tartibga solinadigan ilmiy stajirovka shartlari, talablari va muddatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
4-bob. Yakuniy qoidalar
21. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
22. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Fanlar akademiyasi hamda Innovatsion rivojlanish va novatorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi bilan kelishilgan.
Moliya vaziri D. KUChKAROV
2018-yil 4-iyun
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri I. MADJIDOV
2018-yil 4-iyun
Fanlar akademiyasi prezidenti B. YULDASHEV
2018-yil 4-iyun
Innovatsion rivojlanish va novatorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi ijro etuvchi direktori v.b. B. OXUNOV
2018-yil 4-iyun
Yosh olimlarni yetakchi xorijiy ilmiy tashkilotlarda (markazlar, universitetlar va boshqalar), shu jumladan ilmiy laboratoriyalarni jihozlash uchun sotib olinadigan yuqori texnologik asbob-uskunalarda ishlash metodikasini oʻzlashtirish uchun qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarga yuborish maqsadida ularni tanlov asosida saralash tartibi toʻgʻrisida nizomga
ILOVA
ILOVA
Yosh olimlarni yetakchi xorijiy ilmiy tashkilotlarda (markazlar, universitetlar va boshqalar), shu jumladan ilmiy laboratoriyalarni jihozlash uchun sotib olinadigan yuqori texnologik asbob-uskunalarda ishlash metodikasini oʻzlashtirish uchun qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarga yuborish
REJASI
|
F.I.O. |
Ish joyi (ilmiy-tadqiqot yoki oliy taʼlim muassasasi) |
Ilmiy stajirovkaning maqsad va vazifalari |
Ilmiy stajirovka oʻtkaziladigan davlat, qabul qiluvchi tashkilotlar |
Ilmiy stajirovkaning davomiyligi |
Ilmiy stajirovka uchun talab etiladigan mablagʻ (transport, yashash, ovqatlanish va boshqa xarajatlar har biri alohida koʻrsatilishi zarur) |
Kutilayotgan natijalar | |
|
Yosh olimlarni qisqa muddatli ilmiy stajirovkalari (6 oygacha) | |||||||
|
1. |
|
|
|
|
|
|
|
|
2. |
|
|
|
|
|
|
|
|
3. |
|
|
|
|
|
|
|
|
Ilmiy laboratoriyalarni jihozlash uchun sotib olinadigan zamonaviy ilmiy va texnologik asbob-uskunalarda ishlashni oʻrganish boʻyicha ilmiy stajirovkalar (3 oygacha) | |||||||
|
1. |
|
|
|
|
|
|
|
|
2. |
|
|
|
|
|
|
|
|
3. |
|
|
|
|
|
|
|
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.07.2018-y., 10/18/3036/1472-son)