Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyotni va kripto-aktivlar aylanmasi sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
(qaror nomi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 27-apreldagi PF-121-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.04.2022-y., 06/22/121/0354-son)
Iqtisodiyotning raqamli sektorini rivojlantirish borasida davlat tomonidan keng koʻlamli chora-tadbirlar koʻrilmoqda, elektron hujjat aylanishi tizimlari joriy etilmoqda, elektron toʻlovlar rivojlantirilmoqda va elektron tijorat sohasidagi normativ-huquqiy baza takomillashtirilmoqda.
Axborot-texnologik platformalarda faoliyat koʻrsatadigan raqamli iqtisodiyot jadal rivojlanmoqda, bu esa shunday platformalarning yangi modellarini yaratish zaruratini taqozo etmoqda.
Oldingi tahrirga qarang.
Maʼlumotlarning taqsimlangan reyestri texnologiyalari, “sunʼiy aql”, superkompyuterlar imkoniyatlaridan foydalanish, shuningdek, kripto-aktivlar boʻyicha faoliyat jahonning koʻplab mamlakatlarida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Maʼlumotlarning taqsimlangan reyestri texnologiyalari nafaqat iqtisodiyotning koʻplab sektorlariga, balki davlat boshqaruvi tizimiga va boshqa jamoatchilik munosabatlariga asta-sekin joriy etilmoqda.
(muqaddimaning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 27-apreldagi PF-121-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.04.2022-y., 06/22/121/0354-son)
Davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish, raqamli iqtisodiyotni joriy etish va rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish, investitsiya muhitini yaxshilash, shuningdek, 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish maqsadida:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Quyidagilar kripto-aktivlar aylanmasi sohasini yanada takomillashtirish boʻyicha eng muhim vazifalar deb hisoblansin:
investitsiyaviy va tadbirkorlik faoliyatining turli shakllarini diversifikatsiya qilish uchun kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi faoliyatni, jumladan mayning (turli kripto-aktivlarda yangi birliklar va komissiya yigʻimlari formatida mukofot olish imkonini beradigan taqsimlash platformasini taʼminlash va yangi bloklar yaratish boʻyicha faoliyat), smart-kontrakt (raqamli tranzaksiyalarni avtomatik tartibda amalga oshirish orqali huquq va majburiyatlar bajarilishini nazarda tutuvchi elektron shakldagi shartnoma), konsalting, emissiya, ayirboshlash, saqlash, taqsimlash, boshqarish, sugʻurtalash, shuningdek, maʼlumotlarning taqsimlangan reyestri texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish;
Keyingi tahrirga qarang.
maʼlumotlarning taqsimlangan reyestri texnologiyalarini ishlab chiqish va ulardan foydalanish sohasida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda amaliy ish koʻnikmalariga ega malakali kadrlarni tayyorlash;
kripto-aktivlar boʻyicha faoliyat va maʼlumotlarning taqsimlangan reyestri texnologiyalari sohasida xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish, raqamli iqtisodiyotda loyihalarni birgalikda amalga oshirish uchun maʼlumotlarning taqsimlangan reyestri texnologiyalarini ishlab chiqish sohasida faoliyat koʻrsatadigan yuqori malakali xorijlik mutaxassislarni jalb qilish;
xorijiy mamlakatlarning ilgʻor tajribasini hisobga olgan xolda maʼlumotlarning taqsimlangan reyestri texnologiyalarini joriy etish uchun zarur huquqiy bazani yaratish;
raqamli iqtisodiyotni yanada rivojlantirish uchun innovatsion gʻoyalar, texnologiyalar va ishlanmalarni joriy etish sohasida davlat organlari va tadbirkorlik subyektlarining yaqin hamkorligini taʼminlash.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 27-apreldagi PF-121-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.04.2022-y., 06/22/121/0354-son)
Oldingi tahrirga qarang.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
maʼlumotlarning taqsimlangan reyestri texnologiyalari joriy etiladigan aniq faoliyat sohalari manfaatdor vazirlik va idoralarning takliflari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) tomonidan belgilanadi;
kripto-aktivlar aylanmasi sohasini rivojlantirishni va maʼlumotlarning taqsimlangan reyestri texnologiyalarini joriy etishni nazarda tutadigan normativ-huquqiy hujjatlarning va texnik topshiriqlarning loyihalari Agentlikda majburiy tartibda ekspertizadan oʻtkazilishi lozim;
kripto-aktivlar aylanmasi maxsus normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinadi;
yuridik va jismoniy shaxslarning kripto-aktivlar aylanmasi bilan bogʻliq operatsiyalari, jumladan, norezidentlar tomonidan amalga oshiriladigan operatsiyalar soliq solinadigan obyekt hisoblanmaydi, mazkur operatsiyalar yuzasidan olingan daromadlar esa soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha soliq solinadigan bazaga kiritilmaydi;
Keyingi tahrirga qarang.
kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi faoliyatni amalga oshirish uchun belgilangan tartibda litsenziya olgan shaxslar tomonidan oʻtkaziladigan kripto-aktivlar aylanmasi bilan bogʻlik valyuta operatsiyalariga valyutani tartibga solish toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari normalari tatbiq etilmaydi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 27-apreldagi PF-121-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.04.2022-y., 06/22/121/0354-son)
Oldingi tahrirga qarang.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
a) kripto-aktiv mulkiy huquq hisoblanib, maʼlumotlarning taqsimlangan reyestridagi raqamli yozuvlar yigʻindisi boʻlgan qiymati va egasiga ega;
b) kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi faoliyat turlari quyidagilardan iborat:
mayning;
kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlar faoliyati (keyingi oʻrinlarda — xizmatlar provayderlari);
v) mayning bu hisoblash operatsiyalarini bajarish orqali maʼlumotlarning taqsimlangan reyestrini yuritish, bloklarning yaxlitligini yaratish va tasdiqlash faoliyatidir.
Mayning faqat yuridik shaxs tomonidan quyosh fotoelektr stansiyalari orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasidan foydalangan holda amalga oshiriladi.
Mayning uchun yagona elektr energetika tizimiga ulangan holda elektr energiyadan foydalanilgan taqdirda:
isteʼmol qilingan elektr energiyasi uchun toʻlovlar belgilangan tarifga nisbatan 2 barobar oʻsuvchi koeffitsiyentga muvofiq toʻlanadi;
tigʻiz davrda isteʼmol qilingan elektr energiya uchun tegishli tariflarga Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan ustamalar qoʻllaniladi;
isteʼmol qilingan elektr energiyasining hisobi alohida hisoblagich oʻrnatilgan holda yuritiladi.
Mayning Agentlik tomonidan majburiy roʻyxatdan oʻtkaziladi va litsenziyalanadigan faoliyat turiga kirmaydi.
Mayning bilan shugʻullanuvchi shaxslar (maynerlar) qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtishlari shart.
Maynerlarni roʻyxatdan oʻtkazish faqat Internet tarmogʻi orqali elektron shaklda amalga oshiriladi.
Maynerlar oʻz faoliyatini faqat roʻyxatga olingan paytda koʻrsatilgan manzilda, yongʻin xavfsizligi hamda sanitariya normalari va qoidalariga rioya qilgan holda amalga oshirish huquqiga ega;
Keyingi tahrirga qarang.
g) xizmatlar provayderlari jismoniy yoki yuridik shaxslarga, shu jumladan ularning nomidan kripto-aktivlarni sotib olish, sotish va (yoki) ayirboshlash, saqlash, chiqarish, joylashtirish va boshqarish boʻyicha xizmatlar koʻrsatadi.
Xizmatlar provayderlari faqat Oʻzbekiston Respublikasining rezidentlari — yuridik shaxslar boʻlishi mumkin.
Xizmatlar provayderlari turlariga:
kripto-birja — kripto-aktivlarni sotib olish, sotish va (yoki) ayirboshlash uchun elektron platformani taqdim etuvchi tashkilot;
mayning-pul — mayning jarayonini taʼminlash maqsadida hisoblash quvvatlarini birlashtiruvchi elektron platformani taqdim etuvchi tashkilot;
kripto-depozitariy — kripto-aktivlarni chiqarish, ularni dastlabki joylashtirish va saqlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatish boʻyicha elektron platforma va (yoki) texnik va dasturiy vositalar majmuini taqdim etuvchi tashkilot;
kripto-doʻkon — kripto-aktivlarni sotib olish va (yoki) sotish yuzasidan xizmatlar koʻrsatish boʻyicha elektron platforma va (yoki) texnik va dasturiy vositalar majmuini taqdim etuvchi tashkilot;
Agentlik qarorlari bilan belgilanadigan boshqa turdagi xizmatlar provayderlari;
d) 2023-yil 1-yanvardan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va yuridik shaxslari kripto-aktivlarni sotib olish, sotish va (yoki) ayirboshlash boʻyicha operatsiyalarni faqat milliy provayderlar orqali qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiradi;
Keyingi tahrirga qarang.
e) Agentlik:
kripto-aktivlar aylanmasi sohasida litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillaridan oʻtish tartibini;
Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari tomonidan kripto-aktivlarni chiqarish, chiqarishni roʻyxatdan oʻtkazish va muomalaga kiritish tartibini belgilaydi;
j) kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi faoliyatni amalga oshirishga litsenziya berish uchun davlat boji miqdori va uni toʻlash tartibi Agentlik tomonidan belgilanadi;
z) kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi faoliyatni amalga oshirishga litsenziya berishdan tushadigan davlat bojining barcha summasi litsenziyalovchi organning hisobvaragʻiga oʻtkaziladi;
i) xizmatlar provayderlari faoliyatiga qoʻyiladigan litsenziya talablari va shartlari quyidagilardan iborat:
Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi serverlarda joylashgan elektron platforma va (yoki) texnik hamda dasturiy vositalar majmuining mavjudligi;
kripto-aktivlar bilan bogʻliq barcha operatsiyalar boʻyicha maʼlumotlarni, platforma ishtirokchilarining identifikatsiya maʼlumotlarini, xizmatlar provayderlarining platforma ishtirokchilari bilan munosabatlariga oid materiallarni (shu jumladan, platforma ishtirokchilari oʻrtasida), shu jumladan, ish yozishmalarini besh yil davomida saqlash;
kripto-aktivlar aylanmasi, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurollarining tarqalishini moliyalashtirishga qarshi kurashish hamda shaxsga doir maʼlumotlarni saqlash va ulardan foydalanish sohasidagi Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlari talablariga rioya qilish;
kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi reklamaga qoʻyiladigan, shu jumladan kripto-aktivlardan foydalanilish bilan bogʻliq faoliyatning samaradorligi (daromadi) haqida vaʼdalariga, kripto-aktivlar bilan bitimlarni tuzish boyishning yengil usuli ekanligi haqidagi maʼlumotlarni tarqatish taqiqlanganligi hamda kripto-aktivlar Oʻzbekiston Respublikasi hududida toʻlov yoki toʻlovni qabul qilish vositasi sifatida qoʻllanilishi mumkin emasligi haqidagi talablarga rioya qilish;
Keyingi tahrirga qarang.
anonim kripto-aktivlar bilan operatsiyalarni amalga oshirmaslik;
platforma faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq maʼlumotlarni vakolatli organning soʻroviga binoan bepul taqdim etish;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa talablar.
Kripto-birjalarga qoʻyiladigan qoʻshimcha litsenziya talablari va shartlari quyidagilar hisoblanadi:
kripto-aktivlarni kotirovkalashni ularga boʻlgan talab va taklif asosida amalga oshirish;
ariza berilgan sanada pul mablagʻi shaklida bazaviy hisoblash miqdorining kamida besh ming baravari miqdorida shakllantirilgan ustav jamgʻarmasi mavjudligi, shundan uch ming baravari Oʻzbekiston Respublikasining tijorat bankida alohida hisobvaraqda zaxiraga qoʻyiladi;
Keyingi tahrirga qarang.
k) xizmatlar provayderlari faoliyatini ularning jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etishini nazorat qilish funksiyalari xizmatlar provayderlari faoliyatini litsenziyalovchi organga va tegishli vakolatli davlat organlariga yuklanadi;
l) xizmatlar provayderlarining ustav jamgʻarmasi faqat uning muassislarining mablagʻlari va boshqa mol-mulklaridan shakllantiriladi. Xizmatlar provayderlarining ustav jamgʻarmasini shakllantirish uchun foydalaniladigan mablagʻlar kredit yoki garovga olingan mablagʻlar va shu kabi boshqa mablagʻlar jalb qilinishi orqali amalga oshirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi;
m) kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi faoliyatni amalga oshirish uchun yuridik shaxslar yigʻim toʻlaydilar. Yigʻimlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti va Agentlik oʻrtasida taqsimlanadi.
Yigʻimlar miqdori, ularni toʻlash va ularning taqsimlanishi Agentlik tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi bilan birgalikda tasdiqlanadigan tartib asosida amalga oshiriladi;
Keyingi tahrirga qarang.
n) quyosh fotoelektr stansiyalari uchun asbob-uskunalar va qurilmalardan foydalanuvchi maynerlar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda qayta tiklanadigan energiya sohasida soliq, bojxona va boshqa imtiyozlar va preferensiyalardan foydalanish huquqiga ega;
o) mayning bilan shugʻullanuvchi shaxslarning yagona energotizimiga noqonuniy ulanishi holatlari aniqlanganda, ularga nisbatan belgilangan tarif 5 barobar oʻsuvchi koeffitsiyent bilan qoʻllaniladi;
p) 2022-yil 1-yanvarga qadar kripto-birja faoliyati uchun berilgan litsenziyalar davlat boji va yigʻimlar undirilmasdan mazkur qaror talablaridan kelib chiqqan holda qayta rasmiylashtiriladi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 27-apreldagi PF-121-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.04.2022-y., 06/22/121/0354-son)
Oldingi tahrirga qarang.
4. Xizmatlar provayderlariga:
koʻrsatilgan xizmatlar uchun, shu jumladan, kripto-aktivlar shaklida mukofot olish, uning miqdorini va uni mijozlardan undirish tartibini belgilash;
Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari va norezidentlari bilan kripto-aktivlarni milliy va xorijiy valyutaga sotib olish va (yoki) begonalashtirishga, shuningdek, kripto-aktivlarni boshqa kripto-aktivlarga ayirboshlashga qaratilgan bitimlarini tashkil etish huquqi berilsin.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 27-apreldagi PF-121-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.04.2022-y., 06/22/121/0354-son)
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-iyuldagi PF-6268-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.07.2021-y., 06/21/6268/0700-son)
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
6. Quyidagilar:
a) xizmatlar provayderlarini:
terroristik faoliyatda yoki ommaviy qirgʻin qurollarini tarqatishda ishtirok etgan yoki ishtirok etishda gumon qilinayotgan shaxslar tomonidan;
iqtisodiy jinoyatlar, shuningdek, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizm, ommaviy qirgʻin qurollarini tarqatish, ularni moliyalashtirish, uyushgan jinoyatchilik, giyohvand moddalar noqonuniy savdosi, korrupsiya va axborot texnologiyalari bilan bogʻliq jinoyatlarni sodir etganlik uchun sudlanganligi olib tashlanmagan yoki oʻtalmagan shaxslar tomonidan boshqarish;
Keyingi tahrirga qarang.
b) xizmatlar provayderlarining ustav jamgʻarmasida:
ushbu bandning “a” kichik bandida koʻrsatilgan shaxslarning;
offshor hududlarda roʻyxatdan oʻtgan kompaniyalarning ishtirok etishi;
Keyingi tahrirga qarang.
v) Oʻzbekiston Respublikasi hududida kripto-aktivlarning toʻlov yoki toʻlovni qabul qilish vositasi sifatida qoʻllanilishi;
Keyingi tahrirga qarang.
g) yashirin mayningni amalga oshirish (maxsus dasturiy taʼminotdan foydalanish orqali uchinchi shaxslarning hisoblash quvvatlarida, ularga bildirmagan holda yoki roziligisiz mayningni amalga oshirish boʻyicha faoliyat) va anonim kripto-aktivlar mayningi (anonimlik prinsipi boʻyicha ishlayotgan kripto-aktivlar) taqiqlanadi.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 27-apreldagi PF-121-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.04.2022-y., 06/22/121/0354-son)
Oldingi tahrirga qarang.
7. Mazkur qaror talablarini inobatga olgan holda Agentlik:
a) Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmat provayderlar faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisidagi, Kripto-aktivlar mayningini roʻyxatdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi, Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari tomonidan kripto-aktivlarni chiqarish, chiqarishni roʻyxatdan oʻtkazish va muomalaga kiritish tartibi toʻgʻrisidagi hamda Kripto-aktivlar aylanmasi sohasida tartibga solish maxsus rejimida (“Tartibga solish qumdoni” maxsus rejimi) ishtirokchilarni roʻyxatdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarni qabul qilinishini va amalga kiritilishini;
b) manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda “Davlat boji toʻgʻrisida” va “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga takliflar kiritilishini taʼminlasin.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 27-apreldagi PF-121-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.04.2022-y., 06/22/121/0354-son)
8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktori Sh.M. Sadikov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 3-iyul,
PQ-3832-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2018-y., 07/18/3832/1452-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.07.2021-y., 06/21/6268/0700-son; 28.04.2022-y., 06/22/121/0354-son; 19.09.2024-y., 06/24/140/0728-son; 28.11.2025-y., 07/25/359/1106-son; 20.04.2026-y., 07/26/143/0386-son)