Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Tojikiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish sohasida hamkorlik toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Tojikiston Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
ikki xalq oʻrtasidagi anʼanaviy doʻstona munosabatlarni mustahkamlashga intilib,
favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish sohasidagi hamkorlik Tomonlar davlatlari farovonligi va milliy xavfsizligiga koʻmaklashishini eʼtirof etib,
tabiiy va texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlarning Tomonlar davlatlari uchun xavfini anglab,
favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish sohasidagi ilmiy-texnikaviy maʼlumot almashinuvi Tomonlar davlatlari uchun manfaatliligini inobatga olib,
Tomonlardan birining kuch va vositalari bilan bartaraf etib boʻlmaydigan favqulodda vaziyatlar kelib chiqishi ehtimolini hamda favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish maqsadida ikkala davlatning muvofiqlashtirilgan harakatlariga boʻlgan ehtiyojni eʼtiborga olib,
Birlashgan Millatlar Tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlarning favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish sohasidagi oʻrnini inobatga olib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda. Bitimda qoʻllaniladigan atamalar
Mazkur Bitimda qoʻllaniladigan atamalar quyidagi maʼnolarga ega:
“soʻrovchi Tomon” — boshqa Tomonga yordam koʻrsatish guruhlarini, jihozlar va taʼminot materiallarini yuborish toʻgʻrisidagi iltimos bilan murojaat qiladigan Tomon;
“taqdim etuvchi Tomon” — boshqa Tomonning yordam koʻrsatish guruhlarini, jihozlarni va taʼminot materiallarini yuborish toʻgʻrisidagi iltimosini qanoatlantiruvchi Tomon;
“vakolatli organ” — mazkur Bitimni amalga oshirish bilan bogʻliq ishlarga rahbarlik qilish va muvofiqlashtirish uchun har ikkala Tomondan tayinlanadigan davlat organi;
“yordam koʻrsatish guruhi” — yordam koʻrsatish uchun moʻljallangan, favqulodda vaziyatlar zonasida harakatlarni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan jihozlar bilan yetarli taʼminlangan, taqdim etuvchi Tomon mutaxassislarining (zarurat boʻlganda, xizmat itlari bilan) uyushgan guruhi;
“favqulodda vaziyat” — odamlar qurbon boʻlishiga, ularning sogʻligʻiga yoki atrof tabiiy muhitga zarar yetishiga, jiddiy moddiy yoʻqotishlarga va aholining hayot kechirish sharoitiga ziyon yetishiga olib kelishi mumkin boʻlgan yoki olib kelgan avariya, texnogen va tabiiy halokat yoki boshqa ofat natijasida yuzaga kelgan muayyan hududdagi holat;
“favqulodda vaziyatlarning oldini olish” — oldindan oʻtkaziladigan va favqulodda vaziyatlar roʻy berish xavfini imkon qadar kamaytirishga, shuningdek, bunday vaziyatlar roʻy bergan taqdirda, odamlarning hayotini asrab qolish va ularning sogʻligʻini saqlashga, atrof tabiiy muhitga zararlar va moddiy talofatlarning hajmini kamaytirishga qaratilgan tadbirlar majmui;
“favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish” — favqulodda vaziyatlar roʻy berganda oʻtkaziladigan hamda odamlarning hayotini asrab qolishga va sogʻligʻini saqlashga, atrof tabiiy muhitga zararlar va moddiy talofatlarning hajmini kamaytirishga, shuningdek, favqulodda vaziyatlar zonalarining kengayishiga yoʻl qoʻymaslikka va ularga xos boʻlgan xavfli omillarning harakatini tugatishga qaratilgan avariya-qutqaruv ishlari va boshqa kechiktirib boʻlmaydigan ishlar;
“favqulodda vaziyat zonasi” — favqulodda vaziyat yuzaga kelgan hudud;
“avariya-qutqaruv ishlari” — favqulodda vaziyatlar zonasidagi odamlarning hayotini asrab qolish va sogʻligʻini saqlash, moddiy va madaniy boyliklarni hamda atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish, favqulodda vaziyatlarning kengayishiga yoʻl qoʻymaslikka va bartaraf etishga yoki ularga xos boʻlgan xavfli omillarni mumkin boʻlgan darajada kamaytirishga qaratilgan harakatlar;
“jihozlar” — yordam koʻrsatish guruhining materiallari, texnika va transport vositalari, anjomlari, shu jumladan, xizmat itlari, guruh aʼzolarining shaxsiy anjomlari, dori vositalari va tibbiy jihozlari;
“taʼminot materiallari” — favqulodda vaziyat oqibatida jabrlangan aholi oʻrtasida bepul taqsimlash uchun moʻljallangan moddiy vositalar.
2-modda. Vakolatli organlar
Tomonlar mazkur Bitimni bajarish uchun quyidagi vakolatli organlarni tayinlaydilar:
Tojikiston tomonidan — Tojikiston Respublikasi Hukumati huzuridagi Favqulodda vaziyatlar va fuqaro muhofazasi qoʻmitasi;
Oʻzbekiston tomonidan — Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi.
Tomonlar boshqa vakolatli organlar tayinlangan yoki mavjud vakolatli organlarning nomlari oʻzgargan taqdirda, bir-birlarini bu haqida diplomatik kanallar orqali xabardor etadilar.
3-modda. Hamkorlik shakllari
Mazkur Bitimga muvofiq faoliyat Tomonlar davlatlarining milliy qonunchiligi asosida amalga oshiriladi va har bir Tomonning zarur mablagʻlari mavjudligi inobatga olingan holda olib boriladi. Mazkur Bitim doirasidagi hamkorlik quyidagilarni nazarda tutadi:
xavfli texnogen va ekologik jarayonlar, tabiiy hodisalar monitoringini tashkil etish va oʻtkazish;
tabiiy va texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlarning monitoringi va oldindan aniqlanishi haqida muntazam maʼlumot almashish;
aholini favqulodda vaziyatlardagi harakatlar, shu jumladan, birinchi tibbiy yordam koʻrsatish boʻyicha tayyorlashni tashkil etishda tajriba almashish;
favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishda tegishli davlat organlarining hamkorligini tashkil etish va muvofiqlashtirish;
atrof tabiiy muhit va aholi uchun sanoat avariyalari, falokatlar va tabiiy ofatlar natijasida kelib chiqishi mumkin boʻlgan ifloslanishlar bilan bogʻliq xavf-xatarni baholash;
tabiiy ofatlarning oldini olish va bartaraf etish;
ilmiy-tadqiqot loyihalarini birgalikda rejalashtirish, ishlab chiqish va amalga oshirish, ilmiy-texnikaviy adabiyot va tadqiqot ishlari natijalari bilan almashish;
maʼlumotlar, davriy nashrlar, uslubiy va boshqa adabiyotlar, video va foto materiallar, shuningdek, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish sohasidagi texnologiyalar bilan almashish;
qoʻshma konferensiyalar, seminarlar, ishchi majlislar, oʻquv mashgʻulotlari va mashqlarni tashkil qilish;
qoʻshma nashrlar va maʼruzalarni tayyorlash;
stajorlar, oʻqituvchilar, olimlar va mutaxassislar bilan almashish;
favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishda oʻzaro yordam koʻrsatish;
gumanitar yordam yuklarini Tomon davlatining hududi orqali uchinchi davlatdan yoki uchinchi davlatga oʻtkazib yuborishda koʻmak koʻrsatish;
favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish sohasida vakolatli organlar kelishishi mumkin boʻlgan boshqa faoliyat.
4-modda. Tashkilotlar va muassasalar oʻrtasidagi hamkorlik
Tomonlar, zarurat tugʻilganda, Tomonlar davlatlarining favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish sohasida faoliyat yuritadigan davlat muassasalari va tashkilotlari, yuridik va jismoniy shaxslari oʻrtasidagi hamkorlikni ragʻbatlantiradilar.
5-modda. Tomonlar vakillarini qabul qilish shartlari
Basharti Tomonlar oʻrtasida oʻzgacha kelishuvga erishilmagan boʻlsa, taqdim etuvchi Tomon favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishda yordam koʻrsatish bilan bevosita bogʻliq boʻlmagan, mazkur Bitimning 3-moddasida belgilangan faoliyatda ishtirok etishda oʻz vakillarining belgilangan manzilgacha borib-kelish, yashash va ovqatlanish boʻyicha xarajatlarini qoplaydi.
Basharti Tomonlar oʻrtasida oʻzgacha kelishuvga erishilmagan boʻlsa, qabul qiluvchi Tomon birgalikda tashkil etiladigan konferensiyalar, seminarlar, ishchi yigʻilishlar, oʻquv mashgʻulotlari va mashqlarni, shuningdek, taqdim etuvchi Tomon vakillarining oʻz davlati hududida harakatlanishi boʻyicha xarajatlarini qoplaydi.
6-modda. Yordam koʻrsatish
Yordam koʻrsatish soʻrovchi Tomonning favqulodda vaziyat xususiyati haqida maʼlumotlar taqdim qilingan, zarur boʻlgan yordam turlari, hajmi, joyi va muddati koʻrsatilgan yozma soʻrovnomasi asosida amalga oshiriladi.
Taqdim etuvchi Tomon qisqa muddatlarda soʻrovnomani koʻrib chiqadi hamda yordam koʻrsatishning imkoniyati, hajmi va shartlari toʻgʻrisida soʻrovchi Tomonni xabardor etadi.
Yordam koʻrsatish guruhlariga rahbarlik qilish soʻrovchi Tomonning vakolatli organi tomonidan ushbu guruhlar rahbarlari orqali amalga oshiriladi.
7-modda. Yordam turlari
Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishda yordam koʻrsatish guruhlari, tegishli uskunalar va taʼminot materiallarini yuborish yoʻli bilan yoki boshqa soʻralayotgan shaklda yordam koʻrsatiladi.
Yordam koʻrsatish guruhlari favqulodda vaziyat zonasida avariya- qutqaruv ishlarini bajaradi.
Soʻrovchi Tomon yordam koʻrsatish guruhlari rahbarlariga favqulodda vaziyat zonasida va aniq ish uchastkalarida yuzaga kelgan vaziyat boʻyicha maʼlumot beradi va zaruriyat tugʻilganda, ushbu guruhlarni tarjimonlar va aloqa vositalari, shuningdek, xavfsizlik, bepul tibbiy xizmat bilan taʼminlaydi hamda ularning harakatlarini muvofiqlashtiradi.
Yordam koʻrsatish guruhlari favqulodda vaziyat zonasida 72 soat davomida mustaqil harakat qilishlari uchun yetarli darajada jihozlangan boʻlishi kerak.
Basharti boshqacha holat Tomonlar oʻrtasida qoʻshimcha kelishilmagan boʻlsa, yordam zaxira manbalari tugaganda, soʻrovchi Tomon koʻrsatilgan guruhlarni ular keyingi ishini davom ettirishi uchun zarur vositalar bilan taʼminlaydi.
8-modda. Yordam koʻrsatish guruhlarining Davlat chegarasini kesib oʻtish shartlari va ularning soʻrovchi Tomon davlati hududida boʻlish tartibi
Yordam koʻrsatish guruhlari aʼzolari soʻrovchi Tomon Davlat chegarasining xalqaro qatnov uchun ochiq boʻlgan oʻtish punktlari orqali Tomonlar davlatlarining milliy qonunchiligida belgilangan pasportlar bilan kesib oʻtadilar.
Guruh rahbari guruh aʼzolarining ism-sharifi koʻrsatilgan roʻyxat hamda taqdim etuvchi Tomonning vakolatli organi tomonidan berilgan uning vakolatlarini tasdiqlovchi hujjatga ega boʻlishi kerak.
Yordam koʻrsatish guruhlari aʼzolari soʻrovchi Tomon davlati hududida boʻlgan vaqtlarida ushbu davlat milliy qonunchiligiga rioya qilishga majburdirlar. Bunda ular taqdim etuvchi Tomon davlatining mehnat qonunchiligi va bu bilan bogʻliq boshqa masalalar sohasidagi yurisdiksiyasi ostida boʻladilar. Yordam koʻrsatish guruhi tarkibiga kiruvchi harbiy xizmatchilar taqdim etuvchi Tomon davlati qonunchiligining mehnatga oid huquqiy munosabatlar va ijtimoiy- iqtisodiy kafolatlar sohasi bilan tartibga solingan harbiy xizmatchilar maqomi ostida boʻladilar.
Yordam koʻrsatish guruhlarining harakatlanishi, ularning jihozlari va taʼminot materiallarini tashish avtomobil, temir yoʻl, suv yoki havo transportlari orqali amalga oshiriladi.
Qayd etilgan transport turlaridan yordam koʻrsatish uchun foydalanish tartibi Tomonlar vakolatli organlari tarafidan tegishli davlat organlari bilan kelishilgan holda belgilanadi.
9-modda. Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishda yordam koʻrsatish uchun jihozlar va taʼminot materiallarini olib kirish hamda olib chiqish
Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishda yordam koʻrsatish uchun soʻrovchi Tomon davlatining hududiga olib kiriladigan va taqdim etuvchi Tomon davlati hududidan olib chiqiladigan jihozlar va taʼminot materiallari bojxona bojlari, yigʻimlar va boshqa soliqlarni toʻlashdan ozod etiladi.
Jihozlar va taʼminot materiallarining bojxona rasmiylashtiruvi soddalashtirilgan shaklda va ustuvorlik asosida Tomonlarning vakolatli organlari tomonidan beriladigan yordam koʻrsatish guruhining tarkibi, olib kiriladigan yoki olib chiqiladigan jihozlar va taʼminot materiallarining roʻyxati koʻrsatiladigan xabarnomalarga muvofiq amalga oshiriladi.
Yordam koʻrsatish guruhlariga jihoz va taʼminot materiallaridan tashqari boshqa biror-bir tovarni tashish taqiqlanadi.
Yordam koʻrsatish boʻyicha ishlar yakunlangandan soʻng olib kirilgan jihozlar soʻrovchi Tomon davlati hududidan olib chiqilishi lozim. Yuzaga kelgan ayrim vaziyatlar tufayli jihozlarni olib chiqib ketish imkoniyati boʻlmasa, soʻrovchi Tomonning vakolatli organiga kelishilgan shartlar asosida yordam sifatida bepul berilishi mumkin. Bunday holatda, soʻrovchi Tomonning vakolatli va bojxona organlari beriladigan jihozlarning turlari, miqdori va joylashgan joyini koʻrsatgan holda xabardor qilinishi kerak.
Jabrlanganlarga tez tibbiy yordam koʻrsatish zarurati munosabati bilan soʻrovchi Tomon davlati hududiga zarur miqdorda tarkibida giyohvandlik, psixotrop moddalar va prekursorlar boʻlgan tibbiy preparatlar olib kirilishi mumkin. Bunday holatda, yordam koʻrsatish guruhi rahbari taqdim qiluvchi va soʻrovchi Tomonlar bojxona organlariga tarkibida giyohvandlik, psixotrop moddalar va prekursorlar boʻlgan tibbiy preparatlar mavjudligi haqida ularning nomenklatura va miqdori koʻrsatilgan deklaratsiyani taqdim etishi lozim.
Qayd etilgan tibbiy preparatlar soʻrovchi Tomonga berilishi mumkin emas va faqatgina ushbu Tomon vakillarining qatʼiy nazorati ostida malakali tibbiyot xodimlari tomonidan foydalaniladi.
Tarkibida giyohvandlik, psixotrop moddalar va prekursorlar boʻlgan foydalanilmagan tibbiy preparatlar soʻrovchi Tomonning bojxona nazorati ostida ushbu tibbiy preparatlar nomenklaturasi va miqdorini tasdiqlaydigan hujjatlar asosida olib chiqilishi lozim.
Tarkibida giyohvandlik, psixotrop moddalar va prekursorlar boʻlgan tibbiy preparatlarning ishlatilganligi toʻgʻrisida soʻrovchi Tomon bojxona organiga ularning ishlatilganligi haqida yordam koʻrsatish guruhi rahbari va shifokori tomonidan imzolangan hamda soʻrovchi Tomon vakolatli organi vakili tomonidan tasdiqlangan dalolatnoma taqdim etiladi.
10-modda. Havo kemalaridan foydalanish
Taqdim etuvchi Tomonning vakolatli organi soʻrovchi Tomonning vakolatli organiga havo kemalarining turi va tanituvchi belgilari, yoʻnalishi, ekipaj aʼzolarining soni, yuk xususiyati, parvoz qilish, qoʻnish joyi va vaqtini koʻrsatgan holda yordam berish uchun havo kemalaridan foydalanish toʻgʻrisidagi qarori haqida xabardor qiladi.
Soʻrovchi Tomon oʻz davlati hududining maʼlum manziligacha uchib borishga ruxsat beradi.
Tez yordam koʻrsatish va bir davlat hududidan ikkinchi davlat hududiga belgilangan favqulodda vaziyat hududiga kuch va vositalarni vakolatli organ havo kemalari orqali tezkor tarzda tashlash maqsadida Tomonlarning vakolatli organlari Tomonlar davlatlarining milliy qonunchiligiga muvofiq, havo kemalaridan foydalanish imkoniyati va favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishda havo kemalarining davlat chegaralarini kesib oʻtish tartibini osonlashtirish masalasida har bir Tomonning davlat organlari vakillarining (chegara, bojxona, fitosanitar, karantin xizmatlari) oʻzaro hamkorligi mexanizmi toʻgʻrisida qoʻshimcha yoʻriqnoma ishlab chiqadilar va oʻrnatilgan holda kelishadilar.
Parvozlar Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti va har ikkala Tomon davlatlari tarafidan belgilangan qoidalarga muvofiq amalga oshiriladi.
11-modda. Xarajatlarni qoplash
Basharti Tomonlar oʻrtasida oʻzgacha kelishuvga erishilmagan boʻlsa, soʻrovchi Tomon taqdim etuvchi Tomonning yordam koʻrsatish bilan bogʻliq xarajatlarini qoplaydi.
Soʻrovchi Tomon oʻzining yordam berish toʻgʻrisidagi soʻrovnomasini istalgan vaqtda bekor qilishi mumkin. Bunday holatda, taqdim etuvchi Tomon sarflagan xarajatlari uchun tovon olish huquqiga ega.
Basharti Tomonlar oʻrtasida oʻzgacha kelishuvga erishilmagan boʻlsa, xarajatlar taqdim etuvchi Tomonning talabnomasi kelib tushgach, 30 ish kuni mobaynida qoplanadi.
Taqdim etuvchi Tomon yordam koʻrsatish guruhlari aʼzolarini sugʻurta qiladi. Sugʻurtalashni rasmiylashtirish boʻyicha xarajatlar yordam koʻrsatish boʻyicha qilinadigan umumiy xarajatlarga kiritiladi.
Taqdim etuvchi Tomon havo kemalarining uchib oʻtishi, qoʻnishi, aerodromda toʻxtab turishi va undan parvoz qilishi uchun toʻlovdan, shuningdek, aeronavigatsiya xizmatlari uchun toʻlovdan ozod qilinadi.
Taqdim etuvchi Tomonning havo kemalariga yoqilgʻi va texnik xizmat koʻrsatish xarajatlarini qoplash masalalari har bir muayyan holatda alohida hal etiladi.
Basharti har bir aniq holatda oʻzgacha tartib kelishilmagan boʻlsa, Tomonlar mazkur Bitimni amalga oshirishdan kelib chiqadigan xarajatlarni Tomonlar davlatlarining milliy qonunchiligiga muvofiq oʻz mablagʻlari doirasida mustaqil qoplaydilar.
12-modda. Zararni qoplash
Taqdim etuvchi Tomonning yordam koʻrsatish guruhi aʼzosi soʻrovchi Tomon davlati hududida mazkur Bitim qoidalarini amalga oshirish bilan bogʻliq vazifalarni bajarishi jarayonida jismoniy yoki yuridik shaxsga zarar yetkazsa, yetkazilgan zarar soʻrovchi Tomon tarafidan milliy qonunchilikka muvofiq qoplanishi lozim.
Taqdim etuvchi Tomon, yordam koʻrsatish guruhi aʼzosi tomonidan soʻrovchi Tomon davlati hududida yordam koʻrsatish bilan toʻgʻridan toʻgʻri bogʻliq boʻlmagan faoliyat jarayonida jismoniy yoki yuridik shaxsga yetkazilgan zararni soʻrovchi Tomon davlati milliy qonunchiligiga muvofiq qoplaydi.
Taqdim etuvchi Tomonning yordam koʻrsatish guruhi aʼzosi tomonidan qasddan yoki beparvolik tufayli yetkazilgan zarar taqdim etuvchi Tomon tarafidan qoplanadi.
13-modda. Maʼlumotlardan foydalanish
Mazkur Bitim doirasida olib borilayotgan faoliyat natijasida olingan maʼlumot, Tomonlar davlatlarining milliy qonunchiligiga muvofiq oshkor etilmaydigan maʼlumotdan tashqari, agar Tomonlarning vakolatli organlari tarafidan yozma shaklda oʻzgacha kelishuvga erishilmagan boʻlsa, Tomonlardan har birining kundalik amaliyot va koʻrsatmalariga muvofiq eʼlon qilinadi va foydalaniladi.
Maʼlumot, taqdim etuvchi Tomon davlatining milliy qonunchiligiga muvofiq, taqdim etuvchi Tomon va uning vakillari dastlabki yozma ruxsati bilan uchinchi tomonga berilishi mumkin.
14-modda. Oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish
Mazkur Bitimga Tomonlarning oʻzaro yozma roziligi asosida uning ajralmas qismi hisoblanadigan va mazkur Bitimning 16-moddasida belgilangan tartibda kuchga kiradigan hamda alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
15-modda. Nizolarni hal etish
Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilish va (yoki) qoʻllash yuzasidan kelib chiqadigan nizo va kelishmovchiliklar Tomonlar oʻrtasida muzokaralar va maslahatlashuvlar oʻtkazish orqali hal etiladi.
16-modda. Yakunlovchi qoidalar
Mazkur Bitim Tomonlar uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralarini bajarganliklari toʻgʻrisida diplomatik kanallar orqali oxirgi yozma xabarnoma olingan sanadan boshlab kuchga kiradi.
Mazkur Bitim nomuayyan muddatga tuziladi va Tomonlardan biri boshqa Tomonning mazkur Bitim amal qilishini tugatish niyati toʻgʻrisidagi yozma xabarnomasini diplomatik kanallar orqali olgan sanadan boshlab, olti oy oʻtgunga qadar amalda boʻladi.
Basharti Tomonlar oʻrtasida oʻzgacha kelishuvga erishilmagan boʻlsa, mazkur Bitim amal qilishining tugatilishi uning amal qilishi davrida boshlangan va tugatilmagan u bilan bogʻliq olib borilayotgan faoliyatga daxl qilmaydi.
Dushanbe shahrida 2018-yil 9-martda ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, tojik va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, rus tilidagi matn qoʻllaniladi.
(imzolar)