Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan tojikiston respublikasi hukumati oʻrtasida
Bitim
Mintaqalararo hamkorlik toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Tojikiston Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
2000-yil 15-iyunda imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi oʻrtasida abadiy doʻstlik toʻgʻrisida Shartnomaga amal qilib,
ikki mamlakat oʻrtasida savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda hamkorlikni keng qamrovli rivojlantirish zaruriyatini tan olib,
hamkorlikning dolzarb masalalarini mahalliy darajada tezkor hal qilishda hamda tarixan shakllangan aloqalarni chuqurlashtirishda mintaqalararo hamkorlikning amaliy ahamiyati va salohiyatini eʼtirof etgan holda,
ikki mamlakat mintaqalari oʻrtasida faoliyatning turli sohalarida hamkorlikni taʼminlash hamda xoʻjalik yurituvchi subyektlarning rivojlanayotgan aloqalarini faollashtirishga qodir boʻlgan mintaqalararo hamkorlik uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va huquqiy asoslarini mustahkamlashga intilib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar oʻz davlatlarining qonunchiligiga hamda davlatlari ishtirokchi boʻlgan xalqaro shartnomalarga muvofiq savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda, qishloq xoʻjaligi, sogʻliqni saqlash, turizm va atrof muhitni himoya qilish sohalarida, shuningdek, oʻzaro qiziqish uygʻotadigan boshqa yoʻnalishlarda oʻzaro manfaatli boʻlgan mintaqalararo hamkorlikni kengaytirish va rivojlantirishga koʻmaklashadilar.
2-modda
Mazkur Bitim maqsadlari uchun qoʻllaniladigan atamalar quyidagilarni anglatadi:
“mintaqalar” — Oʻzbekiston tomonidan: Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy birliklari; Tojikiston tomonidan: Tojikiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy birliklari;
“vakolatli organlar” — Tomonlar davlatlarining mazkur Bitimni amalga oshirish bilan bogʻliq masalalarni hal qilish boʻyicha mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirish sohasida vakolat berilgan hokimiyat organlari.
3-modda
Vakolatli organlar mintaqalararo hamkorlikni amalga oshirish va muvofiqlashtirish maqsadida:
mazkur Bitimni amalga tatbiq qilishga yoʻnaltirilgan qoʻshma tadbirlar rejalari, harakat dasturlari va “yoʻl xaritalari”ni ishlab chiqadilar va amalga oshiradilar;
mintaqalararo hamkorlikning joriy holati hamda uni takomillashtirish istiqbollarini muhokama qilish boʻyicha zaruriyat boʻlganda qoʻshma ishchi guruhlar tuzadilar va muntazam maslahatlashuvlar mexanizmini yoʻlga qoʻyadilar.
4-modda
Vakolatli organlar mintaqalarning korxona va tashkilotlari oʻrtasida oʻzaro manfaatli savdo va ishlab chiqarish aloqalarini rivojlantirishga koʻmaklashadilar. Mazkur maqsadlarda ular:
korxona va tashkilotlar oʻrtasida bevosita aloqalarni oʻrnatish, qoʻshma korxonalar tashkil etish, tovar va xizmatlar yetkazib berish boʻyicha oʻzaro manfaatli kontraktlar tuzishda tadbirkorlik tuzilmalarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash tashabbusi bilan chiqadilar;
tadbirkor va ishbilarmon doiralar vakillari ishtirokida uchrashuvlar, biznes-seminarlar, konferensiyalar, simpoziumlar, koʻrgazma va yarmarkalar tashkil etadilar;
oʻz mintaqalarini iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor loyihalarini amalga oshirishda, shu jumladan, xoʻjalik yurituvchi subyektlari saʼy-harakatlarini muvofiqlashtirish orqali bir-birlarini qoʻllab-quvvatlaydilar;
oʻz davlatlari qonunchiligidagi oʻzgarishlar va amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar haqida bir-birlarini muntazam xabardor qiladilar;
oʻzaro savdoni tashkil etishda vujudga kelayotgan qiyinchiliklarni oʻz vakolatlari doirasida birgalikda tahlil qiladilar va tegishli takliflar ishlab chiqadilar;
Tomonlar davlatlari korxonalarining savdo uylarini tashkil etishda koʻmaklashadilar.
5-modda
Vakolatli organlar mintaqalar oʻrtasida bevosita turist almashinuvini tashkil qilish, mintaqalar jozibadorligini oshirishga qaratilgan turizm sohasidagi qoʻshma dastur va loyihalarni amalga oshirishga koʻmaklashadilar.
Vakolatli organlar ishbilarmonlik faolligini oshirish va mintaqaga turistik oqimni koʻpaytirish maqsadida transport qatnovini yaxshilash hamda infratuzilmani rivojlantirishga koʻmaklashadilar.
6-modda
Vakolatli organlar mahalliy oʻzini-oʻzi boshqarish organlari oʻrtasida kasb aloqalarining rivojlanishiga hamda ularning oldilarida turgan vazifalarni hal qilish uchun mintaqalarda tajriba almashish va tarqatishga koʻmaklashadilar.
Vakolatli organlar shaharsozlik hamda ulkan shaharsozlik loyihalarini rejalashtirish va moliyalashtirish amaliyoti boʻyicha axborot almashish sohasidagi hamkorlikni rivojlantiradilar.
7-modda
Vakolatli organlar atrof-muhitni himoya qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish masalalarida hamkorlik qiladilar va tabiatni muhofaza qilish faoliyatini boshqarish sohasida ilgʻor tajribani joriy etishga koʻmaklashadilar.
Vakolatli organlar suv va energiya taʼminoti, oqindi suvlarni tozalash, xoʻjalik va sanoat chiqindilarini utilizatsiya qilish, chegaraboʻyi hududlardagi kanallar va gidrotexnik inshootlarni tozalash hamda taʼmirlash sohalarida hamkorlikni rivojlantiradilar.
8-modda
Vakolatli organlar oʻzaro yaxshiroq tushunish, hamkorlik va doʻstlikni mustahkamlashga erishish uchun tarix va madaniyat bilan oʻzaro tanishish maqsadida turli darajalarda muntazam aloqalarni taʼminlaydilar.
Vakolatli organlar mintaqalarning ijtimoiy-madaniy va xoʻjalik-iqtisodiy hayotini ommaviy axborot vositalarida xolisona yoritishga koʻmaklashadilar.
Vakolatli organlar millatlararo muomala, dinlararo va madaniyatlararo muloqot, shuningdek, etnik-madaniy rivojlanish madaniyatini mustahkamlash sohasida mintaqalar hamkorligini rivojlantirishga qaratilgan loyihalar va boshqa tadbirlarni amalga oshirishga koʻmaklashadilar.
9-modda
Tomonlarning vakolatli organlari tarafidan mazkur Bitimni amalga oshirish boʻyicha oʻtkaziladigan tadbirlar, tegishli vakolatli organ vazifalarini bajarish uchun Tomonlar davlatlari budjetida koʻzda tutilgan mablagʻlar doirasida moliyalashtiriladi.
10-modda
Tomonlar mazkur Bitim qoidalarini talqin qilish va qoʻllashda vujudga kelishi mumkin boʻlgan har qanday nizo va kelishmovchiliklarni muzokaralar va maslahatlashuvlar orqali hal etadilar.
11-modda
Tomonlarning oʻzaro kelishuvga muvofiq mazkur Bitimga alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan hamda mazkur Bitimning ajralmas qismi hisoblanadigan va uning 12-moddasida belgilangan tartibda kuchga kiradigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishlari mumkin.
12-modda
Mazkur Bitim Tomonlar uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralarini bajarganliklari haqida soʻnggi yozma xabarnoma diplomatik kanallar orqali olingan sanadan boshlab kuchga kiradi.
Mazkur Bitim nomuayyan muddatga tuziladi va Bitimning amal qilishi Tomonlardan biri boshqa Tomonning Bitim amal qilishini tugatish niyati toʻgʻrisidagi tegishli yozma xabarnomasini diplomatik kanallar orqali olgan sanadan boshlab olti oydan soʻng tugatiladi.
Mazkur Bitim amal qilishining tugatilishi u amal qilgan paytda bajarilishi boshlangan va uning amal qilishi tugatilgunga qadar bajarilmagan loyihalar boʻyicha Tomonlarning majburiyatlariga daxl qilmaydi.
Dushanbe shahrida 2018-yil 9-martda har biri oʻzbek, tojik va rus tillarida boʻlgan ikki asl nusxada tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilish maqsadida Tomonlar rus tilidagi matnga murojaat qiladilar.
(imzolar)