Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Tojikiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Ikkiyoqlama soliq solinishiga yoʻl qoʻymaslik hamda daromad va kapital soliqlarini toʻlashdan bosh tortishning oldini olish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Tojikiston Respublikasi Hukumati, har ikkala davlat oʻrtasida iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashga boʻlgan intilishdan kelib chiqib, mazkur Bitimni tuzishga qaror qildilar va quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Bitim qoʻllaniladigan shaxslar
Bitim qoʻllaniladigan shaxslar
Mazkur Bitim Ahdlashuvchi Davlatlardan birining yoki har ikkalasining rezidentlari boʻlgan shaxslarga nisbatan qoʻllaniladi.
2-modda
Bitim qoʻllaniladigan soliqlar
Bitim qoʻllaniladigan soliqlar
1. Mazkur Bitim bir Ahdlashuvchi Davlat yoki uning maʼmuriy-hududiy boʻlinmalari yoki mahalliy hokimiyat organlari nomidan undiriladigan daromad va kapital soliqlariga nisbatan, ularni undirish uslubidan qatʼi nazar, tatbiq etiladi.
2. Daromad (foyda) va kapital soliqlariga daromadning umumiy summasidan, kapitalning umumiy summasidan yoki daromad yoxud kapitalning ayrim elementlaridan undiriladigan barcha soliqlar, shu jumladan, koʻchar va koʻchmas mol-mulkni tasarrufdan chiqarish orqali daromaddan olingan soliqlar, korxonalar tarafidan toʻlanadigan maosh yoki mukofot pullarining umumiy summasidan undiriladigan soliqlar, shuningdek, kapital qiymatining oʻsishidan undiriladigan soliqlar kiradi.
3. Mazkur Bitim qoʻllanadigan amaldagi soliqlarga, xususan, quyidagilar kiradi:
a) Tojikiston Respublikasida:
daromad soligʻi;
foyda soligʻi;
koʻchmas mulk soligʻi;
(keyingi oʻrinlarda “Tojikiston soliqlari” deb yuritiladi);
b) Oʻzbekiston Respublikasida:
yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi;
jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi;
mol-mulk soligʻi;
(keyingi oʻrinlarda “Oʻzbekiston soliqlari” deb yuritiladi).
4. Mazkur Bitim, u imzolangan sanadan soʻng, qoʻshimcha ravishda yoki mavjud soliqlar oʻrniga undiriladigan har qanday oʻxshash yoki mohiyatan bir xil soliqlarga nisbatan ham qoʻllaniladi. Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari ularning soliq qonunchiligiga kiritiladigan har qanday muhim oʻzgartirishlar toʻgʻrisida bir-birlarini xabardor qiladilar.
3-modda
Umumiy taʼriflar
Umumiy taʼriflar
1. Mazkur Bitim maqsadlari uchun, agar matn mazmunidan oʻzgacha maʼno kelib chiqmasa:
a) “Ahdlashuvchi Davlat” va “boshqa Ahdlashuvchi Davlat” atamalari matn mazmuniga qarab, Oʻzbekiston yoki Tojikistonni anglatadi;
b) “Tojikiston” atamasi Tojikiston Respublikasini anglatadi va geografik maʼnoda qoʻllanilganda Tojikiston Respublikasi oʻzining suveren huquqlari va yurisdiksiyasini, shu jumladan, xalqaro huquq normalariga muvofiq yer osti boyliklari va tabiiy resurslardan foydalanish huquqini amalga oshirishi mumkin boʻlgan hamda Tojikiston Respublikasining qonunchiligi amal qiladigan hududni, ichki suv havzalarini va ular ustidagi havo kengligini anglatadi;
v) “Oʻzbekiston” atamasi Oʻzbekiston Respublikasini anglatadi va geografik maʼnoda qoʻllanilganda Oʻzbekiston Respublikasi hududini, shu jumladan, hududiy suvlari va havo kengligi doirasida Oʻzbekiston Respublikasining milliy qonunchiligiga asosan va xalqaro huquq normalariga muvofiq oʻzining suveren huquqlari va yurisdiksiyasini, shu jumladan, yer osti boyliklaridan va tabiiy resurslardan foydalanish huquqini amalga oshirishi mumkin boʻlgan hududni anglatadi;
g) “shaxs” atamasi jismoniy shaxs, kompaniya va har qanday boshqa shaxslar birlashmasini anglatadi;
d) “kompaniya” atamasi soliq solish maqsadlari uchun korporativ tuzilma sifatida qabul qilinadigan har qanday korporativ tuzilma yoki har qanday boshqa birlashmani anglatadi;
e) “Ahdlashuvchi Davlatning korxonasi” va “boshqa Ahdlashuvchi Davlatning korxonasi” atamalari tegishliligicha bir Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti tomonidan boshqariladigan korxona va boshqa Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti tomonidan boshqariladigan korxonani anglatadi;
j) “xalqaro tashish” atamasi Ahdlashuvchi Davlatning korxonasi tomonidan foydalaniladigan dengiz, daryo yoki havo kemasida, temir yoʻl yoki avtomobil transporti vositasida har qanday tashishni anglatadi, dengiz, daryo yoki havo kemasidan, temir yoʻl yoki avtomobil transporti vositalaridan faqat boshqa Ahdlashuvchi Davlat hududida joylashgan punktlar oʻrtasida foydalanilgan hollar bundan mustasno;
z) “milliy shaxs” atamasi quyidagilarni anglatadi:
(i) Ahdlashuvchi Davlat fuqaroligiga ega boʻlgan har qanday jismoniy shaxs;
(ii) Ahdlashuvchi Davlatning amaldagi qonunchiligiga asosan bunday maqomni olgan har qanday yuridik shaxs, shirkat yoki uyushma;
i) “vakolatli organ” atamasi quyidagilarni anglatadi:
(i) Tojikistonda — Moliya vazirligi yoki uning vakolatli vakili;
(ii) Oʻzbekistonda — Davlat soliq qoʻmitasi yoki uning vakolatli vakili;
k) “kapital” atamasi Oʻzbekiston Respublikasiga nisbatan qoʻllanilganda “mol-mulk”ni anglatadi.
2. Mazkur Bitim Ahdlashuvchi Davlat tomonidan istalgan vaqtda qoʻllanilganda, unda taʼrifi berilmagan har qanday atama, agar matndan boshqa maʼno kelib chiqmasa, Bitim qoʻllaniladigan soliqlarga nisbatan bu vaqtda ushbu Davlat qonunchiligiga koʻra belgilangan maʼnoni anglatishi shart. Atamaning ushbu Davlatning tegishli soliq qonunchiligiga muvofiq har qanday maʼnosi ushbu Davlatning boshqa qonunlarida mazkur atama uchun nazarda tutilgan maʼnodan ustuvor boʻladi.
4-modda
Rezident
Rezident
1. Mazkur Bitimning maqsadlari uchun “Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti” atamasi ushbu Davlatning qonunchiligiga muvofiq oʻzining doimiy turar joyi, doimiy istiqomat joyi, boshqaruv joyi yoki shunga oʻxshash mazmundagi boshqa har qanday mezonlarga koʻra ushbu Davlatda soliq toʻlovchi hisoblangan shaxsni anglatadi, shuningdek, ushbu davlatni va har qanday maʼmuriy-hududiy boʻlinmani yoki mahalliy hokimiyat organlarini oʻz ichiga oladi. Biroq bu atama faqat ushbu Davlatdagi manbalardan olingan daromadga nisbatan yoki unda joylashgan kapitalga nisbatan ushbu Davlatda soliq solinishi lozim boʻlgan har qanday shaxsni oʻz ichiga olmaydi.
2. Agar mazkur moddaning 1-bandi qoidasiga koʻra jismoniy shaxs har ikkala Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlsa, uning maqomi quyidagi tarzda belgilanishi lozim:
a) shaxs faqat oʻzi doimiy yashashi uchun uy-joyga ega boʻlgan Davlatning rezidenti boʻlib hisoblanadi; agar shaxs har ikkala Davlatda ham bunday uy-joyga ega boʻlsa, u faqat yaqinroq shaxsiy va iqtisodiy aloqalarga (hayotiy manfaatlar markazi) ega boʻlgan Davlatning rezidenti hisoblanadi;
b) agar bunday shaxsning hayotiy manfaatlari markazi boʻlgan Davlatni aniqlab boʻlmasa yoki ushbu Davlatlarning hech birida doimiy uy-joyga ega boʻlmasa, ushbu shaxs 183 kundan ortiq oʻzi yashab turgan Davlatning rezidenti hisoblanadi;
v) agar shaxs odatda har ikkala Ahdlashuvchi Davlatda yashasa yoki ulardan hech birida yashamasa, u faqat oʻzi milliy shaxsi boʻlgan Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti hisoblanadi;
g) agar shaxs har ikkala Ahdlashuvchi Davlatning ham milliy shaxsi boʻlsa yoki ulardan hech birining milliy shaxsi boʻlmasa, Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari masalani oʻzaro kelishuv boʻyicha hal qiladilar.
3. Jismoniy shaxslardan tashqari, agar shaxs mazkur moddaning 1-bandi qoidalariga muvofiq har ikkala Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlsa, u faqat oʻzining amaldagi boshqaruv organi joylashgan Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti hisoblanadi.
5-modda
Doimiy muassasa (vakolatxona)
Doimiy muassasa (vakolatxona)
1. Mazkur Bitimning maqsadlari uchun “doimiy muassasa” (vakolatxona) atamasi boshqa Ahdlashuvchi Davlatda korxonaning tadbirkorlik faoliyati toʻliq yoki qisman amalga oshiriladigan doimiy faoliyat joyini anglatadi.
2. “Doimiy muassasa” (vakolatxona) atamasi, asosan, quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
a) boshqaruv joyi;
b) boʻlinma;
v) idora;
g) fabrika;
d) ustaxona; va
e) shaxta, neft yoki gaz qudugʻi, karyer yoxud tabiiy resurslar qazib olinadigan har qanday boshqa joy.
3. “Doimiy muassasa” (vakolatxona) atamasi quyidagilarni ham oʻz ichiga oladi:
a) qurilish maydonchasi yoki qurilish, montaj yoki yigʻish obyektlari yoki ushbu ishlarning bajarilishini nazorat qilish bilan bogʻliq faoliyatni, basharti bunday maydoncha yoki obyekt yoxud faoliyat 6 oydan ortiq vaqt mobaynida mavjud boʻlsa yoki davom etsa;
b) Ahdlashuvchi Davlat korxonasi tomonidan yoki korxona bunday maqsadlar uchun yollagan xizmatchilar yoki boshqa xodimlar orqali xizmatlar koʻrsatish, shu jumladan, konsalting yoki boshqaruv xizmatlarini amalga oshirish, basharti bunday mazmundagi faoliyat boshqa Ahdlashuvchi Davlat hududida jami 6 oydan oshadigan davr yoki davrlar mobaynida davom etsa.
4. Mazkur moddaning avvalgi qoidalaridan qatʼi nazar, “doimiy muassasa” (vakolatxona) atamasi quyidagilarni oʻz ichiga olmaydi:
a) qurilmalardan faqatgina ushbu korxonaga tegishli tovarlar yoki buyumlarni saqlash, namoyish qilish yoki yetkazib berish maqsadida foydalanish;
b) korxonaga tegishli boʻlgan tovar yoki buyumlar zaxiralarining faqatgina saqlash, namoyish qilish yoki yetkazib berish maqsadida saqlab turilishi;
v) korxonaga tegishli boʻlgan tovar yoki buyumlar zaxiralarining faqatgina boshqa korxona tomonidan qayta ishlanilishi maqsadida saqlab turilishi;
g) doimiy faoliyat joyining faqatgina tovar yoki buyumlar sotib olish yoki korxona uchun axborot yigʻish maqsadida saqlab turilishi;
d) doimiy faoliyat joyining faqatgina korxona uchun tayyorgarlik yoki yordamchi tusdagi har qanday boshqa faoliyatni amalga oshirish maqsadida saqlab turilishi;
e) doimiy faoliyat joyining faqatgina mazkur moddaning a) kichik bandidan d) kichik bandigacha sanab oʻtilgan faoliyat turlarining har qanday birikuvini amalga oshirish uchun saqlab turilishi, basharti bunday birlashtirish natijasida vujudga keladigan doimiy faoliyat joyining jami faoliyati tayyorgarlik yoki yordamchi xususiyatga ega boʻlsa.
5. Mazkur moddaning 1 va 2-bandlari qoidalaridan qatʼi nazar, agar mazkur moddaning 6-bandida keltirib oʻtilgan mustaqil maqomli agentdan oʻzga shaxs korxona nomidan harakat qilsa, Ahdlashuvchi Davlatda ushbu korxona nomidan shartnomalar tuzish vakolatiga ega boʻlsa yoki odatda bunday vakolatdan foydalansa, ushbu shaxs korxona uchun amalga oshirayotgan har qanday faoliyatga nisbatan korxona ushbu Davlatda doimiy muassasaga ega hisoblanadi, toki bunday shaxsning faoliyati mazkur moddaning 4-bandida koʻrsatib oʻtilgan faoliyat bilan cheklansa, agar faoliyat doimiy faoliyat joyi orqali amalga oshirilayotgan boʻlsa, mazkur bandning qoidalariga koʻra ushbu doimiy faoliyat joyini doimiy muassasaga aylantirmaydi.
6. Korxona Ahdlashuvchi Davlatda tadbirkorlik faoliyatini broker, komission agent yoki mustaqil maqomli boshqa agent orqali amalga oshirsa, mazkur korxona ushbu Davlatda doimiy muassasaga (vakolatxonaga) ega hisoblanmaydi, basharti bunday shaxslar oʻzining odatdagi faoliyati doirasida harakat qilsalar.
7. Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti boʻlgan kompaniya boshqa Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlgan kompaniyani nazorat qilsa yoki shunday kompaniya tomonidan nazorat qilinsa yoki ushbu boshqa Davlatda tadbirkorlik faoliyatini (doimiy muassasa (vakolatxona) orqali yoki boshqa tarzda) amalga oshirayotgan boʻlsa, bu hol oʻz-oʻzidan bu kompaniyalarning birini boshqasi uchun doimiy muassasaga (vakolatxona) aylantirib qoʻymaydi.
6-modda
Koʻchmas mulkdan olinadigan daromadlar
Koʻchmas mulkdan olinadigan daromadlar
1. Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti tomonidan boshqa Ahdlashuvchi Davlatda joylashgan koʻchmas mulkdan olinadigan daromadlar (shu jumladan, qishloq va oʻrmon xoʻjaligi korxonalaridan olinadigan daromadlar) ushbu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
2. “Koʻchmas mulk” atamasi koʻrib chiqilayotgan mulk joylashgan Ahdlashuvchi Davlat qonunchiligida belgilangan maʼnoga ega. Ushbu atama har qanday holatda koʻchmas mulkka tegishli boʻlgan yordamchi mulkni, qishloq yoki oʻrmon xoʻjaligida foydalaniladigan chorva mollari va jihozlarni, yer usti mulkiga doir umumiy huquq qoidalari qoʻllaniladigan huquqlarni, koʻchmas mulk uzufrukti va mineral resurslar, manbalar va boshqa tabiiy boyliklarni qazib olish uchun yoki qazib olish huquqi uchun kompensatsiya sifatida toʻlanadigan oʻzgaruvchan yoki belgilangan toʻlovlarga boʻlgan huquqlarni oʻz ichiga oladi. Dengiz, daryo va havo kemalari, temir yoʻl va avtomobil transporti vositalari koʻchmas mulk sifatida qaralmaydi.
3. Mazkur moddaning 1-bandining qoidalari koʻchmas mulkdan toʻgʻridan toʻgʻri foydalanish, ijaraga berish yoki boshqa har qanday shaklda foydalanish natijasida olinadigan daromadlarga nisbatan ham qoʻllaniladi.
4. Mazkur moddaning 1 va 3-bandlari qoidalari korxonaning koʻchmas mulkdan oladigan daromadlariga va mustaqil xususiy xizmatlarni amalga oshirishda ishlatiladigan koʻchmas mulkdan olinadigan daromadlarga ham qoʻllaniladi.
7-modda
Tadbirkorlik faoliyatidan olinadigan foyda
Tadbirkorlik faoliyatidan olinadigan foyda
1. Ahdlashuvchi Davlat korxonasining foydasi, agar korxona oʻz tadbirkorlik faoliyatini boshqa Ahdlashuvchi Davlatda joylashgan doimiy muassasa (vakolatxona) orqali amalga oshirmayotgan boʻlsa, faqat ushbu Davlatda soliqqa tortiladi. Agar korxona oʻz faoliyatini yuqorida koʻrsatilganidek amalga oshirayotgan boʻlsa, korxona foydasi boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin, biroq bunda ushbu doimiy muassasaga (vakolatxonaga) tegishli boʻlgan qismigina soliqqa tortiladi.
2. Mazkur moddaning 3-bandi qoidalarini inobatga olgan holda, Ahdlashuvchi Davlatning korxonasi boshqa Ahdlashuvchi Davlatda tadbirkorlik faoliyatini u yerda joylashgan doimiy muassasa (vakolatxona) orqali amalga oshirayotgan boʻlsa, har bir Ahdlashuvchi Davlatda bunday doimiy muassasaga (vakolatxonaga) u mustaqil va alohida korxona boʻlgan holda, shunday va shunga oʻxshash sharoitlarda shunday va shunga oʻxshash faoliyat bilan shugʻullangan holda va u doimiy muassasasi (vakolatxonasi) hisoblangan korxonadan mutlaqo mustaqil faoliyat koʻrsatganda olishi mumkin boʻlgan daromad taalluqli boʻladi.
3. Doimiy muassasa (vakolatxona) foydasini aniqlashda doimiy muassasa joylashgan Ahdlashuvchi Davlatda yoki undan tashqarida ushbu doimiy muassasa (vakolatxona) faoliyati maqsadlarida sarflangan xarajatlarni, jumladan, boshqaruv va umumiy maʼmuriy xarajatlarni chegirib tashlashga yoʻl qoʻyiladi.
4. Agar Ahdlashuvchi Davlatda doimiy muassasaga tegishli boʻlgan foydani korxona oladigan umumiy foyda miqdorini uning turli boʻlinmalariga mutanosib taqsimlash asosida aniqlash odatdagi amaliyot boʻlsa, 2-banddagi hech bir qoida, odatda qabul qilinganidek, bu Davlatga shunday taqsimlash asosida soliqqa tortiladigan foydani aniqlashga xalaqit bermaydi; taqsimlashning tanlangan usuli mazkur moddada mavjud boʻlgan tamoyillarga muvofiq keluvchi natijalarni berishi lozim.
5. Doimiy muassasa (vakolatxona) tomonidan ushbu korxona uchun tovarlar yoki buyumlar xarid qilinishi ushbu doimiy muassasaga biror-bir foyda hisoblanib yozilmaydi.
6. Mazkur moddaning avvalgi bandlari maqsadlari uchun doimiy muassasaga (vakolatxonaga) tegishli foyda, agar uni oʻzgartirish uchun salmoqli va yetarli sabablar boʻlmasa, har yili bir xil uslubda aniqlanadi.
7. Agar foyda mazkur Bitimning boshqa moddalarida alohida aytib oʻtilgan daromad elementlarini oʻz ichiga oladigan boʻlsa, mazkur moddaning qoidalari mazkur moddalar qoidalariga taʼsir etmaydi.
8-modda
Xalqaro transport
Xalqaro transport
1. Ahdlashuvchi Davlatlardan birining korxonasi tomonidan xalqaro tashishlarda dengiz, daryo, havo kemalari, temir yoʻl yoki avtomobil transporti vositalaridan foydalanishdan olgan foydasi faqat ushbu Davlatda soliqqa tortiladi.
2. Ahdlashuvchi Davlat korxonasining transport vositalarini, shuningdek, konteynyerlar va ularga taalluqli uskunalarni xalqaro tashishlarda foydalanish uchun ijaraga berishdan oladigan foydasi, agar vaziyatga bogʻliq ravishda bunday tashish transport vositalaridan xalqaro tashishlarda foydalanishga nisbatan ikkinchi darajali hisoblansa, faqat ushbu Davlatning oʻzida soliqqa tortiladi.
3. Mazkur moddaning 1 va 2-bandlaridagi qoidalar transport vositalaridan foydalanish boʻyicha pulda, qoʻshma korxonada yoki xalqaro tashkilotda ishtirok etishdan olingan foydalarga qoʻllaniladi.
9-modda
Birlashgan korxonalar
Birlashgan korxonalar
1. Agar:
a) Ahdlashuvchi Davlatning korxonasi boshqa Ahdlashuvchi Davlat korxonasining boshqaruvi, nazorati yoxud kapitalida bevosita yoki bilvosita ishtirok etsa, yoki
b) bir xil shaxslar bir Ahdlashuvchi Davlat korxonasining va boshqa Ahdlashuvchi Davlat korxonasining boshqaruvi, nazorati yoki kapitalida bevosita yoki bilvosita ishtirok etsa, va har qanday holatda ikki korxona oʻrtasidagi ularning tijorat va moliyaviy munosabatlarida mustaqil boʻlgan korxonalar oʻrtasida boʻladigandan farqli sharoitlar barpo etilsa yoki belgilansa, ularning birortasiga hisoblanishi mumkin boʻlgan, lekin ushbu shartlar tufayli ulardan birining hisobiga yozilmagan har qanday foyda ushbu korxona foydasiga qoʻshilishi va tegishli ravishda soliqqa tortilishi mumkin.
2. Agar Ahdlashuvchi Davlat ushbu Davlatning korxonasi foydasini hisobga olsa, shuningdek, ushbu foyda ushbu Ahdlashuvchi Davlatda soliqqa tortilsa hamda ushbu foydaga nisbatan boshqa Ahdlashuvchi Davlat korxonasi boshqa Ahdlashuvchi Davlatda soliqqa tortilsa va shu tarzda qoʻshilgan foyda birinchi eslatib oʻtilgan Ahdlashuvchi Davlat korxonasiga hisoblanishi mumkin boʻlgan foyda boʻlsa, agar ikki korxona oʻrtasidagi yaratilgan sharoitlar mustaqil korxonalar oʻrtasidagi sharoitlardek boʻlsa, unda ushbu boshqa Ahdlashuvchi Davlat bunday foydadan olinadigan soliq miqdoriga tegishli tahrir qilishi lozim. Bunday tahrir qilishni belgilashda mazkur Bitimning boshqa qoidalari hisobga olinadi va zarur hollarda, Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari bir-birlari bilan oʻzaro maslahatlashadilar.
10-modda
Dividendlar
Dividendlar
1. Bir Ahdlashuvchi Davlat rezidenti boʻlgan kompaniya tomonidan boshqa Ahdlashuvchi Davlat rezidentiga toʻlanadigan dividendlar ushbu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
2. Biroq bunday dividendlar ularni toʻlayotgan kompaniya rezident hisoblangan Ahdlashuvchi Davlatda ham ushbu Davlat qonunchiligiga muvofiq soliqqa tortilishi mumkin, ammo basharti dividendlarning haqiqiy egasi boshqa Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlsa, shu tarzda olinadigan soliq miqdori quyidagilardan oshmasligi lozim:
a) agar kompaniya (shirkatdan tashqari) dividendlarning haqiqiy egasi boʻlsa va dividendlar toʻlayotgan kompaniya kapitalining kamida 25 foiziga egalik qilsa, dividendlar yalpi miqdorining 5 foizidan;
b) boshqa barcha hollarda dividendlar yalpi miqdorining 10 foizidan.
Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari ushbu cheklovlarni qoʻllash usulini oʻzaro kelishuv bilan belgilaydilar.
Mazkur band kompaniyaning dividendlar toʻlanadigan foydasini soliqqa tortishga daxl qilmaydi.
3. “Dividendlar” atamasi mazkur moddada qoʻllanilganda, aksiyalardan yoki “juissans” aksiyalaridan yoxud “juissans” huquqlardan, togʻ-kon sanoati aksiyalaridan, taʼsischilar aksiyalaridan yoki foydada ishtirok etish huquqini beruvchi qarz talablari hisoblanmaydigan boshqa huquqlardan olinadigan daromadni, shuningdek, foydani taqsimlovchi kompaniya rezident hisoblangan Davlat qonunchiligiga muvofiq aksiyalardan olinadigan daromad uchun belgilangan tartib boʻyicha soliqqa tortiladigan boshqa korporativ huquqlardan olinadigan daromadni anglatadi.
4. Basharti bir Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlgan dividendlarning haqiqiy egasi dividendlarni toʻlayotgan kompaniya rezident hisoblangan boshqa Ahdlashuvchi Davlatda oʻz tadbirkorlik faoliyatini unda joylashgan doimiy muassasasi (vakolatxona) orqali amalga oshirsa yoki ushbu boshqa Davlatda joylashgan doimiy baza va xoldingdan mustaqil xususiy xizmatlar koʻrsatsa va dividendlar toʻlanadigan ulush haqiqatda ushbu doimiy muassasa bilan bogʻliq boʻlsa, mazkur moddaning 1 va 2-bandlari qoidalari qoʻllanilmaydi. Bunday holda sharoitlarga qarab mazkur Bitimning 7-moddasi yoki 14-moddasi qoidalari qoʻllaniladi.
5. Basharti bir Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlgan kompaniya boshqa Ahdlashuvchi Davlatda foyda yoki daromad olayotgan boʻlsa, bunday dividendlar ushbu boshqa Davlat rezidentiga toʻlanish holatlaridan yoki dividend toʻlanadigan ulush ushbu boshqa Ahdlashuvchi Davlatda joylashgan doimiy muassasa (vakolatxona) bilan haqiqatda bogʻliq boʻlgan hollardan tashqari, ushbu boshqa Ahdlashuvchi Davlat kompaniya toʻlayotgan dividendlarni soliqqa tortmasligi, shuningdek kompaniyaning taqsimlanmagan foydasini, hatto toʻlanayotgan dividendlar va taqsimlanmagan foyda toʻliq yoki qisman ushbu boshqa Davlatda yuzaga kelgan foyda yoki daromaddan tashkil topgan boʻlsa ham soliqqa tortmasligi mumkin.
11-modda
Foizlar
Foizlar
1. Bir Ahdlashuvchi Davlatda hosil boʻlgan va boshqa Ahdlashuvchi Davlatning rezidentiga toʻlanadigan foizlar ushbu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
2. Biroq bunday foizlar ular hosil boʻlgan Ahdlashuvchi Davlatda ham ushbu Davlatning qonunchiligiga muvofiq soliqqa tortilishi mumkin, ammo foizlarning haqiqiy egasi boshqa Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlsa, u holda bunday olinadigan soliq foizlar umumiy summasining 10 foizidan oshmasligi lozim.
Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari ushbu cheklovni qoʻllash usulini oʻzaro kelishuv bilan belgilaydilar.
3. “Foizlar” atamasi mazkur moddada qoʻllanilganda ipoteka taʼminotidan qatʼi nazar, qarzdorning foydasida, xususan, hukumat qimmatbaho qogʻozlaridan olinadigan daromadlarda va obligatsiyalar yoki qarz majburiyatlaridan olinadigan daromadda, shu jumladan, ushbu qimmatbaho qogʻozlar, obligatsiyalar va qarz majburiyatlari boʻyicha olinadigan mukofotlar va yutuqlarda qatnashish huquqidan qatʼi nazar, har qanday turdagi qarz talablaridan olinadigan daromadni bildiradi. Uz vaqtida toʻlamaganlik uchun jarimalarga mazkur modda maqsadlari uchun foiz sifatida qaralmaydi.
4. Agar foizlarning haqiqiy egasi Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti boʻla turib, doimiy vakolatxonasi orqali foizlar hosil boʻlayotgan boshqa Ahdlashuvchi Davlatda doimiy muassasa (vakolatxona) orqali tijorat faoliyatini olib borayotgan boʻlsa, yoki ushbu Davlatda joylashgan doimiy bazasidan mustaqil shaxsiy xizmatlar koʻrsatayotgan boʻlsa va foizlar toʻlanayotgan qarz talabnomalari shunday doimiy vakolatxonaga yoki doimiy bazaga haqiqatan mansub boʻlsa, 1 va 2-band qoidalari qoʻllanilmaydi. Bunday holda, sharoitga qarab, mazkur Bitimning 7-moddasi yoki 14-moddasi qoidalari qoʻllaniladi.
5. Toʻlovchi Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlsa, foizlar ushbu Davlatda yuzaga kelgan deb hisoblanadi. Lekin foizlarni toʻlovchi shaxs, Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlishi yoki boʻlmasligidan qatʼi nazar, Ahdlashuvchi Davlatda foizlar boʻyicha toʻlov majburiyati vujudga kelishiga sabab boʻlgan doimiy muassasa (vakolatxona) yoki doimiy bazaga ega boʻlsa hamda shu foizlar boʻyicha xarajatlarni doimiy muassasa (vakolatxona) yoki doimiy baza tomonidan qoplanadigan boʻlsa, u holda foizlar doimiy muassasa (vakolatxona) yoki doimiy baza joylashgan Ahdlashuvchi Davlatda yuzaga kelgan deb hisoblanadi.
6. Agar toʻlovchi bilan foizlar haqiqiy egasi oʻrtasida yoki ular ikkalasi va har qanday uchinchi shaxs oʻrtasidagi alohida munosabatlar oqibatida qarz talabnomasiga asosan toʻlanayotgan foizlar miqdori toʻlovchi bilan foizlar haqiqiy egasi oʻrtasida kelishilishi mumkin boʻlgan miqdordan ortiq boʻlsa, bunday munosabatlar yoʻq boʻlgan taqdirda mazkur modda qoidalari faqat oxirgi eslatilgan miqdorga nisbatan qoʻllaniladi. Bunday holda, toʻlovning ortiqcha qismi mazkur Bitimning boshqa qoidalarini inobatga olgan holda, har bir Ahdlashuvchi Davlat qonunlariga muvofiq soliqqa tortiladi.
12-modda
Royalti
Royalti
1. Ahdlashuvchi Davlatlarning birida yuzaga keladigan va boshqa Ahdlashuvchi Davlatning rezidentiga toʻlanadigan royaltilar ushbu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
2. Biroq Ahdlashuvchi Davlat qonunchiligiga muvofiq ushbu Davlatda yuzaga keladigan bunday royaltilar ushbu Ahdlashuvchi Davlatda ham soliqqa tortilishi mumkin, ammo basharti royaltilarning haqiqiy egasi boshqa Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlsa, bunday tarzda olinadigan soliq royalti yalpi miqdorining 10 foizidan oshmasligi lozim.
Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari ushbu cheklovlarni qoʻllash usulini oʻzaro kelishuv asosida belgilaydilar.
3. “Royalti” atamasi mazkur moddada qoʻllanilganda, har qanday adabiyot, sanʼat va fan asarlari, shu jumladan, radio va televideniye uchun kinofilmlar, filmlar va yozuvlar, dasturiy taʼminotlar, har qanday patent, tovar belgisi, chizmalar yoki modellar, reja, maxfiy formula yoki jarayon va axborotga boʻlgan mualliflik huquqidan foydalanganlik yoki ulardan foydalanish huquqini berganlik yoxud sanoat, tijorat yoki ilmiy tajribaga taalluqli axborot uchun olingan har qanday toʻlov turini anglatadi.
4. Basharti bir Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlgan royaltining haqiqiy egasi royalti yuzaga keladigan boshqa Ahdlashuvchi Davlatda tadbirkorlik faoliyatini unda joylashgan doimiy muassasasi (vakolatxona) orqali amalga oshirsa yoki ushbu Davlatda u yerda joylashgan doimiy baza orqali mustaqil shaxsiy xizmatlarni koʻrsatsa yoxud royalti toʻlanadigan huquq yoki mulk haqiqatda ushbu doimiy muassasa yoki ushbu doimiy baza bilan bogʻliq boʻlsa, mazkur moddaning 1 va 2-bandlari qoidalari qoʻllanilmaydi. Bunday hollarda sharoitlardan kelib chiqib 7-moddaning yoki 14-moddaning qoidalari qoʻllaniladi.
5. Agar toʻlovchi Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlsa, royaltilar ushbu Davlatda yuzaga kelgan hisoblanadi. Biroq royalti toʻlovchi shaxs Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlishi yoki boʻlmasligidan qatʼi nazar, Ahdlashuvchi Davlatda doimiy muassasaga (vakolatxona) yoki doimiy bazaga ega boʻlib, u bilan bogʻliq holda royalti toʻlash majburiyati yuzaga kelsa va bunday royaltilarni toʻlash boʻyicha xarajatlar ushbu doimiy muassasa (vakolatxona) yoki doimiy baza tomonidan qoplanadigan boʻlsa, bu holda royaltilar doimiy muassasa yoki doimiy baza joylashgan Ahdlashuvchi Davlatda yuzaga kelgan deb hisoblanadi.
6. Agar toʻlovchi bilan royaltining haqiqiy egasi oʻrtasidagi yoki ular ikkalasi va har qanday boshqa shaxs oʻrtasidagi alohida munosabatlar oqibatida, foydalanish, huquq yoki axborotga tegishli boʻlgan va ular uchun toʻlanadigan royalti miqdori bunday munosabatlar mavjud boʻlmagan taqdirda, toʻlovchi bilan royaltining haqiqiy egasi oʻrtasida kelishilishi mumkin boʻlgan miqdordan ortiq boʻlsa, mazkur modda qoidalari faqat oxirgi qayd etilgan miqdorga nisbatan qoʻllaniladi. Bunday holda, toʻlangan yoki hisoblangan royaltining ortiqcha miqdori mazkur Bitimning boshqa qoidalarini soʻzsiz inobatga olgan holda, har bir Ahdlashuvchi Davlatning qonunchiligiga muvofiq soliqqa tortiladi.
13-modda
Mulkni tasarrufdan chiqarishdan olinadigan daromad
Mulkni tasarrufdan chiqarishdan olinadigan daromad
1. Ahdlashuvchi Davlat rezidentining 6-moddada koʻrsatib oʻtilgan va boshqa Ahdlashuvchi Davlatda joylashgan koʻchmas mulkni tasarrufdan chiqarish natijasida oladigan daromadlari ana shu boshqa Ahdlashuvchi Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
2. Bir Ahdlashuvchi Davlat korxonasining boshqa Ahdlashuvchi Davlatdagi doimiy muassasasi (vakolatxona) tijorat mulkining bir qismini tashkil qiluvchi koʻchar mulkni yoki bir Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti tasarrufidagi hamda mustaqil shaxsiy xizmatlarni taqdim qilish uchun boshqa Ahdlashuvchi Davlatda joylashgan doimiy bazaga taalluqli koʻchar mulkni tasarrufidan chiqarishdan olinadigan daromadlari, shu jumladan, doimiy muassasani (vakolatxona) (alohida yoki butun korxona bilan birgalikda) yoki ushbu doimiy bazani tasarrufidan chiqarishdan olinadigan daromadlari ushbu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
3. Xalqaro tashishlarda foydalaniladigan dengiz, daryo yoki havo kemalarini, temir yoʻl yoki avtomobil transporti vositalarini yoki ushbu transport vositalarini ishlatishga taalluqli boʻlgan koʻchar mulkni tasarrufidan chiqarishdan olingan daromadlar faqat ushbu Ahdlashuvchi Davlatda soliqqa tortiladi.
4. Mazkur moddaning 1, 2 va 3-bandlarida qayd etilmagan har qanday boshqa mulkni tasarrufdan chiqarishdan olinadigan daromadlar faqat mulkni tasarrufdan chiqarayotgan shaxs rezident hisoblangan Ahdlashuvchi Davlatda soliqqa tortiladi.
14-modda
Mustaqil shaxsiy xizmatlar
Mustaqil shaxsiy xizmatlar
1. Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti professional xizmatlar yoki boshqa mustaqil turdagi oʻxshash faoliyatlarni koʻrsatishdan olgan daromadi faqat ushbu Davlatda soliqqa tortiladi, u boshqa Ahdlashuvchi Davlatda bunday faoliyatni amalga oshirish uchun muntazam qulay boʻlgan doimiy bazaga ega boʻlgan holat bundan mustasno. Agar u bunday doimiy bazaga ega boʻlsa, unda daromad boshqa Davlatda faqat ushbu doimiy bazaga taalluqli boʻlgan qismida soliqqa tortilishi mumkin.
2. “Professional xizmatlar” iborasi, jumladan, mustaqil ilmiy, adabiy, artistlik, taʼlim va pedagogik faoliyatlarni, shuningdek, vrachlar, yuristlar, muhandislar, arxitektorlar, stomatologlar va hisobchilarning mustaqil faoliyatlarini oʻz ichiga qamrab oladi.
15-modda
Yollanma shaxsiy xizmatlar
Yollanma shaxsiy xizmatlar
1. 16, 18 va 19-moddalar qoidalarini hisobga olgan holda, basharti yollanib ishlash boshqa Ahdlashuvchi Davlatda amalga oshirilmayotgan boʻlsa, bir Ahdlashuvchi Davlat rezidentining yollanib ishlash boʻyicha oladigan maoshi, mukofot puli va boshqa shu kabi mukofotlari faqat ushbu Davlatda soliqqa tortilishi mumkin. Agar yollanib ishlash shu tarzda amalga oshirilayotgan boʻlsa, unda bunday munosabat bilan olingan mukofoti ushbu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
2. Mazkur moddaning 1-bandi qoidalaridan qatʼi nazar, bir Ahdlashuvchi Davlat rezidentining boshqa Ahdlashuvchi Davlatda yollanib ishlaganligi uchun oladigan pul mukofotlari faqat birinchi aytib oʻtilgan Davlatda soliqqa tortiladi, basharti:
a) haq oluvchi koʻrib chiqilayotgan moliyaviy yilda boshlanadigan yoki yakunlanadigan har qanday 12 oylik davr ichida jami 183 kundan oshmaydigan muddatda yoki muddatlarda boshqa Ahdlashuvchi Davlatda boʻlsa;
b) pul mukofoti boshqa Ahdlashuvchi Davlat rezidenti boʻlmagan yollovchi yoki uning nomidan toʻlansa;
v) yollovchining boshqa Davlatdagi doimiy muassasasi (vakolatxona) yoki doimiy bazasi haq toʻlash boʻyicha xarajatlarni qoplamasa.
3. Mazkur moddaning 2-bandi b-kichik bandida aytib oʻtilgan “yollovchi” atamasi bajarilgan ishga nisbatan huquqqa ega boʻlgan hamda ishni bajarish bilan bogʻliq javobgarlik va tavakkalchilik zimmasida boʻlgan shaxsni anglatadi.
4. Mazkur moddaning yuqoridagi qoidalaridan qatʼi nazar, xalqaro tashishlarda ishlatiladigan transport vositasining bortida amalga oshiriladigan yollanma ish bilan bogʻliq mukofot, transport vositasidan foydalanayotgan korxona rezident hisoblangan Ahdlashuvchi Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
16-modda
Direktorlarning mukofotlari
Direktorlarning mukofotlari
Ahdlashuvchi Davlatlardan biri rezidentining boshqa Ahdlashuvchi Davlat rezidenti boʻlgan kompaniya direktorlar kengashining aʼzosi sifatida oladigan direktorlar gonorari va shunga oʻxshash boshqa toʻlovlar ushbu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
17-modda
Sanʼat xodimlari va sportchilar
Sanʼat xodimlari va sportchilar
1. 14 va 15-moddalarning qoidalaridan qatʼi nazar, bir Ahdlashuvchi Davlat rezidentining teatr, kino, radio yoki televideniye artisti yoxud musiqachi kabi sanʼat xodimi yoki sportchi sifatida boshqa Ahdlashuvchi Davlatdagi shaxsiy faoliyatidan oladigan daromadi ushbu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
2. Basharti sanʼat xodimi yoki sportchining shaxsiy faoliyatidan olinadigan daromad, sanʼat xodimi yoki sportchining oʻziga emas, balki boshqa shaxs hisobiga oʻtkazilsa, bu daromad 7, 14 va 15-moddalarning qoidalaridan qatʼi nazar, sanʼat xodimi yoki sportchi faoliyat koʻrsatayotgan Ahdlashuvchi Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
3. Mazkur moddaning 1 va 2-bandlari qoidalari, basharti bir Ahdlashuvchi Davlatga safar toʻliq yoki asosan Ahdlashuvchi Davlatlarning birining yoki ikkalasining jamoat fondlari yoki ularning maʼmuriy-hududiy boʻlinmalari yoxud mahalliy hokimiyat organlari tomonidan moliyalashtirilsa, sanʼat xodimi yoki sportchining ushbu Davlatda amalga oshiradigan faoliyatidan olinadigan daromadiga qoʻllanilmaydi. Bunday holda, daromad faqat ushbu sanʼat xodimi yoki sportchi rezidenti boʻlgan Ahdlashuvchi Davlatda soliqqa tortiladi.
18-modda
Pensiyalar va boshqa oʻxshash toʻlovlar
Pensiyalar va boshqa oʻxshash toʻlovlar
19-moddaning 2-bandi qoidalariga muvofiq, Ahdlashuvchi Davlatning rezidentiga oldin yollanib ishlaganligi uchun toʻlanadigan pensiyalar va boshqa oʻxshash mukofotlari faqat ushbu Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
19-modda
Davlat xizmati
Davlat xizmati
1. a) Ahdlashuvchi Davlat, uning maʼmuriy-hududiy boʻlinmasi yoki mahalliy hokimiyat organi tomonidan jismoniy shaxsga ushbu Ahdlashuvchi Davlatga yoki maʼmuriy-hududiy boʻlinmasiga yoxud mahalliy hokimiyat organiga koʻrsatilgan xizmatlar uchun pensiyadan farqli toʻlanadigan pul mukofoti, maosh va boshqa shu kabi mukofotlari faqat ushbu Davlatda soliqqa tortiladi.
b) Agar xizmatlar boshqa Ahdlashuvchi Davlatda amalga oshirilsa va jismoniy shaxs ushbu Davlatning rezidenti hisoblansa, bunday pul mukofoti, maosh va shunga oʻxshash boshqa mukofotlar faqat ushbu Davlatda soliqqa tortiladi, basharti jismoniy shaxs:
(i) ushbu Davlatning milliy shaxsi boʻlsa;
(ii) faqat ushbu xizmatni amalga oshirish maqsadida ushbu Davlatning rezidentiga aylanmagan boʻlsa.
2. a) Ahdlashuvchi Davlat, uning maʼmuriy-hududiy boʻlinmasi yoki mahalliy hokimiyat organi yoxud ular tuzgan jamgʻarmalar tomonidan ushbu Davlatga, uning maʼmuriy-hududiy boʻlinmalariga yoki mahalliy hokimiyat organlariga koʻrsatilgan xizmatlar uchun jismoniy shaxsga toʻlanadigan pensiyalar faqat ushbu Davlatda soliqqa tortiladi.
b) Agar jismoniy shaxs boshqa Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti va milliy shaxsi boʻlsa, bunday pensiya faqat ushbu boshqa Ahdlashuvchi Davlatda soliqqa tortiladi.
3. 15, 16, 17 va 18-moddalarning qoidalari Ahdlashuvchi Davlat, uning maʼmuriy-hududiy boʻlinmasi yoki mahalliy hokimiyat organi tomonidan amalga oshiriladigan tijorat faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan xizmat koʻrsatishdan olingan maosh, mukofot puli, pensiyalar va shunga oʻxshash boshqa mukofotlarga nisbatan qoʻllaniladi.
20-modda
Talabalar
Talabalar
Ahdlashuvchi Davlatlardan birida faqat oʻqish yoki taʼlim olish maqsadida yashab turgan talaba yoki amaliyotchi boshqa Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti hisoblansa yoxud birinchi Ahdlashuvchi Davlatga kelguniga qadar ushbu Davlatning rezidenti hisoblangan boʻlsa, ular tomonidan olinayotgan yashash, oʻqish va taʼlim olish uchun moʻljallangan toʻlovlar, basharti mazkur toʻlovlar ushbu Davlat hududidan tashqaridagi manbalardan yuzaga kelayotgan boʻlsa, ushbu Davlatda soliqqa tortilmaydi.
21-modda
Professorlar va ilmiy xodimlar
Professorlar va ilmiy xodimlar
1. Basharti jismoniy shaxs boshqa Ahdlashuvchi Davlatga tashrifidan oldin bevosita bir Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti hisoblangan boʻlsa hamda boshqa Ahdlashuvchi Davlatning Hukumati tan olgan har qanday universitet, kollej, maktab va boshqa shu kabi taʼlim muassasasi taklifi asosida ushbu boshqa Ahdlashuvchi Davlatga ikki yildan oshmagan muddatga faqat ushbu taʼlim muassasalarida ilmiy tadqiqot oʻtkazish, oʻrganish va oʻqish maqsadida kelgan boʻlsa, bunda uning taʼlim olish va tadqiqot oʻtkazish bilan bogʻliq mukofotlari boshqa Ahdlashuvchi Davlatda daromad soligʻidan ozod qilinadi.
2. Basharti ilmiy-tadqiqot ishlari davlat manfaatlari uchun emas, balki muayyan shaxs yoki shaxslarning shaxsiy foydasi uchun oʻtkazilayotgan boʻlsa, mazkur moddaning 1-bandi qoidalari bunday ilmiy-tadqiqot ishlaridan olingan daromadga qoʻllanilmasligi lozim.
22-modda
Boshqa daromadlar
Boshqa daromadlar
1. Ahdlashuvchi Davlat rezidentining mazkur Bitimning oldingi moddalarida nazarda tutilmagan daromad turlari, ularning qaysi manbadan yuzaga kelishidan qatʼi nazar, faqat ushbu Davlatda soliqqa tortiladi.
2. Mazkur moddaning 1-bandi qoidalari 6-moddaning 2-bandida belgilangan koʻchmas mulkdan olingan daromadlardan tashqari boshqa daromadlarga, agar ushbu daromadlarning oluvchisi Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti boʻlsa, boshqa Ahdlashuvchi Davlatda u yerda joylashgan doimiy muassasa (vakolatxona) orqali tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirsa yoki ushbu boshqa Davlatda u yerda joylashgan doimiy baza orqali mustaqil shaxsiy xizmatlar koʻrsatsa hamda daromad olinishiga bogʻliq huquq yoki mol-mulk shu kabi doimiy muassasa (vakolatxona) yoki doimiy baza bilan amalda bogʻliq boʻlsa, tatbiq etilmaydi. Bunday holda, 7-modda yoki 14-moddaning qoidalari vaziyatga qarab qoʻllaniladi.
23-modda
Kapital
Kapital
1. Bir Ahdlashuvchi Davlat rezidentiga tegishli boʻlgan va boshqa Ahdlashuvchi Davlatda joylashgan, 6-moddada nazarda tutilgan koʻchmas mulk koʻrinishidagi kapital ushbu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
2. Ahdlashuvchi Davlatlardan biri korxonasining boshqa Ahdlashuvchi Davlatdagi doimiy muassasasining (vakolatxona) ishlab chiqarish mol-mulkini bir qismini tashkil etadigan koʻchar mulk yoki Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidentiga boshqa Ahdlashuvchi Davlatda mustaqil shaxsiy xizmatlarni koʻrsatish uchun lozim boʻlgan doimiy bazaga tegishli koʻchar mulk koʻrinishidagi kapital ushbu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
3. Ahdlashuvchi Davlatning korxonasi tomonidan xalqaro yuk tashishlarda foydalaniladigan dengiz, daryo, havo, temir yoʻl va avtomobil transporti hamda shu kabi transport vositalari faoliyatiga taalluqli boʻlgan koʻchar mulk koʻrinishidagi kapital faqat ushbu Davlatda soliqqa tortiladi.
4. Ahdlashuvchi Davlat rezidenti kapitalining boshqa barcha elementlari faqat ushbu Davlatda soliqqa tortiladi.
24-modda
Ikkiyoqlama soliqqa tortishni bartaraf qilish usuli
Ikkiyoqlama soliqqa tortishni bartaraf qilish usuli
1. Basharti bir Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boshqa Ahdlashuvchi Davlatda mazkur Bitim qoidalariga muvofiq soliqqa tortilishi mumkin boʻlgan daromad olsa yoki kapitalga egalik qilsa, birinchi eslatib oʻtilgan Ahdlashuvchi Davlat quyidagilarga ijozat berishi lozim:
a) ushbu rezident daromadidan olinadigan soliqdan boshqa Davlatda toʻlangan daromad soligʻiga teng qiymatni chegirib tashlashga;
b) ushbu boshqa Davlatda toʻlangan kapital soligʻiga teng summani ushbu rezidentning kapital soligʻidan chegirib tashlashga.
Bunday chegirmalar har qanday hollarda ham sharoitga qarab boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin boʻlgan daromad yoki kapitalga taalluqli chegirma taqdim qilingunga qadar hisoblab chiqiladigan daromad yoki kapitaldan olinadigan soliq qismidan oshib ketmasligi lozim.
2. Agar Bitimning istalgan qoidalariga muvofiq Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti olgan daromad yoki kapital ushbu Davlatda soliqdan ozod qilingan boʻlsa, ushbu Davlat, shunga qaramasdan, rezidentning daromadi yoki kapitalining qolgan qismiga solinadigan soliq summasini hisoblashda soliqdan ozod qilingan daromad yoki kapitalni eʼtiborga olishi mumkin.
25-modda
Kamsitmaslik
Kamsitmaslik
1. Bir Ahdlashuvchi Davlatning milliy shaxslari boshqa Ahdlashuvchi Davlatda ushbu boshqa Davlat milliy shaxslariga ayni bir xil sharoitlarda, shu jumladan, rezidensiyaga nisbatan solinishi mumkin boʻlgandan ortiq har qanday soliq yoki unga aloqador majburiyatlarga, soliqqa tortishdan koʻra mushkulroq yoki shunga oʻxshash hollarga duchor qilinmaydilar. Mazkur qoida, 1-modda qoidalaridan qatʼi nazar, bir yoki ikkala Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlmagan jismoniy shaxslarga ham nisbatan ham qoʻllaniladi.
2. Bir Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlgan fuqaroligi yoʻq shaxslar har qanday Ahdlashuvchi Davlatda ayni bir xil sharoitlarda, shu jumladan, rezidensiyaga nisbatan solinishi mumkin boʻlgandan ortiq har qanday soliq yoki unga aloqador majburiyatlarga soliqqa tortishdan koʻra boshqa yoki mushkulroq yoki shunga oʻxshash hollarga duchor qilinmaydilar.
3. Bir Ahdlashuvchi Davlat korxonasining boshqa Ahdlashuvchi Davlatda ega boʻlgan doimiy muassasasini (vakolatxonasini) soliqqa tortish ushbu boshqa Davlatda aynan shunday faoliyatni amalga oshiruvchi korxonalarni soliqqa tortishdan koʻra kamroq qulay boʻlishi mumkin emas. Ushbu qoida bir Ahdlashuvchi Davlatni boshqa Ahdlashuvchi Davlat rezidentini soliqqa tortish boʻyicha oʻz rezidentlariga ularning fuqarolik mavqeyi yoki oilaviy sharoiti asosida beradigan qandaydir shaxsiy imtiyozlar, ozod qilishlar yoki chegirmalar berishga majburlovchi tarzda talqin qilinmasligi lozim.
4. 9-moddaning 1-bandi, 11-moddaning 6-bandi yoki 12-moddaning 4-bandi qoidalari qoʻllanilishidan tashqari hollarda bir Ahdlashuvchi Davlat korxonasining boshqa Ahdlashuvchi Davlat rezidentiga toʻlaydigan foizlari, royaltilari va boshqa toʻlovlari bunday korxonaning soliqqa tortiladigan foydasini aniqlash maqsadida birinchi qayd etilgan Davlat rezidentiga toʻlanganida qoʻllaniladigan bir xil shartlar asosida chegirib tashlanadi. Xuddi shu tarzda bir Ahdlashuvchi Davlat korxonasining boshqa Ahdlashuvchi Davlat rezidentiga boʻlgan har qanday qarzlari ushbu korxonaning soliqqa tortiladigan mulkini aniqlash maqsadida birinchi qayd etilgan Davlat rezidenti qarzi singari shartlar asosida chegirib tashlanishi lozim.
5. Kapitali toʻliq yoki qisman boshqa Ahdlashuvchi Davlatning bir yoki bir necha rezidentlariga tegishli boʻlgan yoki ular tomonidan bevosita yoki bilvosita bir yoki bir necha rezidentlari tomonidan nazorat qilinayotgan Ahdlashuvchi Davlat korxonasi ushbu Davlatda uning bu kabi korxonalari tortiladigan yoki tortilishi mumkin boʻladigan har qanday soliqqa tortish yoki unga aloqador majburiyatlarga, boshqa soliqqa tortishdan koʻra mushkulroq va u bilan bogʻliq boʻlgan majburiyatlarga duchor qilinmaydi.
Mazkur moddaning qoidalari 2-moddaning qoidalaridan qatʼi nazar, har qanday tasnif va turdagi soliqlarga nisbatan qoʻllaniladi.
26-modda
Oʻzaro kelishuv tartibi
Oʻzaro kelishuv tartibi
1. Agar shaxs Ahdlashuvchi Davlatlardan birining yoki har ikkalasining harakatlari mazkur Bitim qoidalariga muvofiq kelmaydigan ravishda soliqqa tortishga olib keladi yoki olib kelishi mumkin deb hisoblasa, u ushbu Davlatlarning qonunchiligida nazarda tutilgan himoya vositalaridan qatʼi nazar, Ahdlashuvchi Davlatlardan birining vakolatli organiga ariza bilan murojaat qilishi mumkin. Ariza mazkur Bitim qoidalariga muvofiq kelmaydigan ravishda soliqqa tortilishga olib keladigan xatti-harakat toʻgʻrisida birinchi bor maʼlum boʻlgan kundan boshlab, uch yil ichida taqdim etilishi lozim.
2. Agar vakolatli organ eʼtirozni asosli deb topsa va mustaqil ravishda qoniqtiradigan qarorga kela olmasa, Bitimga muvofiq kelmaydigan soliqqa tortishdan qochish maqsadida boshqa Ahdlashuvchi Davlatning vakolatli organi bilan oʻzaro kelishuvga erishgan holda masalani hal qilishga harakat qiladi. Erishilgan har qanday kelishuv Ahdlashuvchi Davlatlarning milliy qonunchiligidagi har xil vaqtinchalik cheklovlarga qaramasdan amalga oshiriladi.
3. Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari Bitimni talqin qilish yoki qoʻllashda yuzaga keladigan har qanday murakkablik yoki shubhalarni oʻzaro kelishuv asosida hal qilishga harakat qiladilar. Ular, shuningdek, mazkur Bitimda nazarda tutilmagan hollarda ikki yoqlama soliq solinishini bartaraf qilish maqsadida bir-biri bilan maslahatlashishlari mumkin.
4. Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari oldingi bandlar maʼnolarini tushunishda hamfikrlikka erishish maqsadida bir-birlari bilan bevosita aloqaga kirishishlari mumkin.
27-modda
Axborot almashinuvi
Axborot almashinuvi
1. Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari mazkur Bitim qoidalarini qoʻllash yoki bajarish uchun yoxud soliq solinishi mazkur Bitimga zid boʻlmagan tarzda Ahdlashuvchi Davlatlar, ularning maʼmuriy-hududiy birliklari yoki mahalliy organlari nomidan undiriladigan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarga oid milliy qonunchilikni tatbiq qilishga yoki ijro etishga aloqador boʻlgan axborotni almashadilar. Axborot almashish mazkur Bitimning 1 va 2-moddalari bilan cheklanmaydi.
2. Ahdlashuvchi Davlatlarning biri tomonidan mazkur moddaning 1-bandiga muvofiq olingan har qanday axborot ushbu Ahdlashuvchi Davlatning milliy qonunchiligiga asosan olingan axborot kabi maxfiy deb hisoblanadi hamda faqat mazkur moddaning 1-bandida koʻrsatib oʻtilgan soliqlarni baholash yoki yigʻish, majburiy undirish yoki sud taʼqibi, ushbu soliqlarga appelatsiyalarni koʻrib chiqish yoxud bunday faoliyatlarni nazorat qilish bilan shugʻullanuvchi shaxslar yoki organlargina (sud va maʼmuriy organlar shular jumlasidan) taqdim qilinishi mumkin. Bunday shaxslar yoki organlar axborotdan faqat koʻrsatib oʻtilgan maqsadlarda foydalanishlari zarur. Ular bunday axborotni ochiq sud majlisida yoki sud qarorlarini qabul qilishda oshkor qilishlari mumkin. Avvalgi qoidalardan qatʼi nazar, agar bunday axborotdan har ikkala Davlat qonunchiligiga koʻra boshqa maqsadlarda foydalanilishi mumkin boʻlsa hamda axborotni taqdim etayotgan Davlat vakolatli organining bunday foydalanishga roziligi mavjud boʻlsa, bir Ahdlashuvchi Davlat tomonidan olingan axborot boshqa maqsadlarda ishlatilishi mumkin.
3. Har qanday holatda ham mazkur moddaning 1 va 2-bandlari qoidalari Ahdlashuvchi Davlatga quyidagi majburiyatlarni yuklovchi sifatida talqin qilinmaydi:
a) u yoki bu Ahdlashuvchi Davlatning qonunchiligi yoki maʼmuriy amaliyotiga zid keluvchi maʼmuriy tadbirlar oʻtkazish;
b) u yoki bu Ahdlashuvchi Davlat qonunchiligi boʻyicha yoki odatiy maʼmuriy amaliyot davomida olib boʻlmaydigan axborotni taqdim etish;
v) savdo, tadbirkorlik, sanoat, tijorat, kasb sirini yoki savdo jarayonini yoxud oshkor etilishi davlat siyosatiga (ordre public) zid kelishi mumkin boʻlgan axborotni taqdim etish.
4. Agar bir Ahdlashuvchi Davlat tomonidan mazkur moddaga muvofiq axborot soʻralgan boʻlsa, boshqa Ahdlashuvchi Davlat bunday axborot oʻz soliq maqsadlari uchun zarur boʻlmasa ham, soʻralgan axborotni olish uchun axborot toʻplash boʻyicha oʻz tadbirlaridan foydalanishi lozim. Mazkur bandning yuqoridagi jumlasida nazarda tutilgan majburiyatga nisbatan mazkur moddaning 3-bandi qoidalari bilan cheklangan, biroq har qanday holatda ham bunday cheklovlar ichki manfaatlar mavjud emasligi sababli axborot taqdim etishni rad qilish uchun Ahdlashuvchi Davlatga ijozat beradigan tarzda talqin qilinmasligi lozim.
5. Har qanday holatda ham, mazkur moddaning 3-bandi qoidalari axborot bankka, boshqa moliyaviy muassasaga, nominal egalik qiluvchiga yoxud ishonch bildiruvchiga yoki agentga yoxud ishonchnoma asosida faoliyat yurituvchi shaxsga tegishli yoki shaxsning mulkiy huquqlariga taalluqli boʻlganligi sababli uni taqdim etishni rad qilish uchun Ahdlashuvchi Davlatga ijozat beradigan tarzda talqin qilinmaydi.
28-modda
Soliqlarni yigʻishda yordam
Soliqlarni yigʻishda yordam
1. Ahdlashuvchi Davlatlar oʻzlariga tegishli soliq majburiyatlarini undirishda bir-birlariga oʻzaro yordam koʻrsatadilar. Bunday yordam mazkur Bitimning 1-moddasi qoidalari bilan cheklanmaydi. Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari mazkur moddani qoʻllash tartibini oʻzaro kelishish yoʻli bilan belgilaydilar.
2. Mazkur moddani qoʻllashda “soliq majburiyati” atamasi Ahdlashuvchi Davlatlar, ularning davlat organlari yoki uning maʼmuriy tuzilmalaridan yoxud mahalliy organlari nomidan undiriladigan va undirilishi mazkur Bitimga yoki Ahdlashuvchi Davlatlar ishtirokchisi boʻlgan boshqa biror-bir xalqaro shartnomalarga zid boʻlmagan tarzda har turdagi va nomlanishdagi toʻlanishi lozim boʻlgan mablagʻni, shuningdek, bunday soliqlarga tegishli foizlar, jarimalar hamda undirish yoki undirishni taʼminlash boʻyicha xarajatlarni anglatadi.
3. Agar Ahdlashuvchi Davlatlardan biri oldidagi soliq majburiyati ushbu Davlatning qonunchiligiga muvofiq undirilishi lozim boʻlsa va ushbu Davlatning qonunlariga koʻra ayni vaqtda uning undirilishiga toʻsqinlik qila olmaydigan shaxs qarzdor boʻlsa, bunday holatda ushbu Davlatning vakolatli organlari soʻrovnomasiga binoan bunday soliq majburiyati ikkinchi Ahdlashuvchi Davlatning vakolatli organlari tomonidan undiruv uchun qabul qilinadi. Bunday soliq majburiyati ikkinchi Davlat tomonidan ushbu Ahdlashuvchi Davlatga taalluqli soliq majburiyati singari, uning oʻz soliqlarini undirishi uchun qoʻllanadigan oʻzining qonunchiligi qoidalariga muvofiq undirib olinadi.
4. Basharti Ahdlashuvchi Davlatning soliq majburiyati ushbu Davlat qonunchiligiga muvofiq uni bajarish maqsadida undirishni taʼminlash choralarini koʻrishni taqozo qiladigan majburiyat boʻlsa, bunday soliq majburiyati ushbu Davlatning vakolatli organi soʻrovnomasi asosida boshqa Ahdlashuvchi Davlatning vakolatli organi tomonidan taʼminlash choralarini koʻrish maqsadida qabul qilinishi lozim. Ushbu boshqa Davlat bunday soliq majburiyatiga nisbatan, hatto dastlabki koʻrsatilgan Davlatda bunday choralarni koʻrish paytida soliq majburiyati bajarilishining imkoni boʻlmagan yoki uning ijro etilishiga toʻsqinlik qilish huquqiga ega shaxs tomonidan toʻlanishi kerak boʻlgan taqdirda ham, ushbu boshqa Davlatga taalluqli boʻlganidek, oʻz qonunchiligi qoidalariga muvofiq oʻzining soliq majburiyatiga nisbatan belgilangan taʼminlash choralarini koʻradi.
5. Mazkur moddaning 3 va 4-bandlari qoidalaridan qatʼi nazar, Ahdlashuvchi Davlatlardan birining qonunchiligiga muvofiq, soliq majburiyatiga nisbatan bunday majburiyatning xususiyatiga koʻra qoʻllanilishi mumkin boʻlgan vaqt cheklovlari va ustuvorlik tartibi ushbu Davlat tomonidan mazkur moddaning 3 va 4-bandlarida nazarda tutilgan maqsadlar uchun qabul qilinayotgan soliq majburiyatiga nisbatan qoʻllanilmaydi. Bundan tashqari, Ahdlashuvchi Davlatlar biri tomonidan mazkur moddaning 3 va 4-bandlarida nazarda tutilgan maqsadlar uchun qabul qilinayotgan soliq majburiyatiga nisbatan ushbu Davlatda boshqa Ahdlashuvchi Davlatning qonunchiligida nazarda tutilgan ustuvorlik taqdim etilmaydi.
6. Ahdlashuvchi Davlatlarning biriga taalluqli soliq majburiyatining mavjudligi, haqiqiyligi yoki miqdori ikkinchi Ahdlashuvchi Davlatning sud yoxud maʼmuriy organlari muhokamasida koʻrib chiqish masalasi boʻlmaydi.
7. Agar Ahdlashuvchi Davlatlardan biri mazkur moddaning 3 va 4-bandlariga muvofiq soʻrov yuborganidan soʻng, toki ikkinchi Ahdlashuvchi Davlat tegishli soliq majburiyati miqdorini undirib, birinchi Ahdlashuvchi Davlatga oʻtkazguniga qadar bunday soliq majburiyati:
a) soʻrov mazkur moddaning 3-bandiga muvofiq yuborilganda — birinchi aytilgan Davlatga taalluqli, ushbu Davlatning qonunlariga muvofiq undirilishi lozim hamda mazkur paytda ushbu Davlatning qonunchiligiga koʻra uning undirilishiga toʻsqinlik qila olmaydigan shaxs tomonidan toʻlab berilishi lozim soliq majburiyati hisoblanmay qolsa, yoki
b) soʻrov mazkur moddaning 4-bandiga muvofiq yuborilganda — koʻrsatilgan birinchi Davlatga taalluqli, uni undirish uchun ushbu Davlat oʻz qonunchiligiga muvofiq taʼminot choralarini koʻrishi mumkin soliq majburiyati hisoblanmay qolsa,
bunday holda, birinchi Davlatning vakolatli organlari ushbu holat haqida darhol ikkinchi Davlatning vakolatli organlarini xabardor qiladilar va birinchi Davlat ikkinchi Davlatning tanlovi boʻyicha oʻz soʻrovini toʻxtatadi yoki chaqirtirib oladi.
8. Mazkur moddaning qoidalari hech bir holatda Ahdlashuvchi Davlat zimmasiga quyidagi majburiyatlarni yuklovchi sifatida talqin qilinishi mumkin emas:
a) u yoki bu Ahdlashuvchi Davlatning qonunlari va maʼmuriy amaliyotiga zid boʻlgan choralarni koʻrish;
b) davlat siyosatiga (ordre public) zid choralarni koʻrish;
v) agar boshqa Ahdlashuvchi Davlat har bir muayyan holatda oʻz qonunchiligi yoki maʼmuriy amaliyotiga muvofiq uning ixtiyorida boʻlgan undirishga yoki undiruvni taʼminlashga doir barcha oqilona choralarni koʻrmagan boʻlsa, koʻmak koʻrsatish;
g) koʻmaklashayotgan Davlat zimmasiga tushayotgan maʼmuriy sarf-xarajatlar undiruv natijasida ikkinchi Ahdlashuvchi Davlat olishi mumkin foydaga nomutanosib boʻlgan holatlarda koʻmaklashish.
29-modda
Diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalari xodimlari
Diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalari xodimlari
Mazkur Bitimning hech bir qoidalari diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalari xodimlarining xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan normalari yoki maxsus bitimlarga muvofiq berilgan soliq imtiyozlariga daxl qilmaydi.
30-modda
Kuchga kirishi
Kuchga kirishi
1. Har bir Ahdlashuvchi Davlat mazkur Bitimning milliy qonunchilikka asosan kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralarini bajargani toʻgʻrisida boshqa Davlatga diplomatik kanallar orqali xabar beradi. Mazkur Bitim oxirgi yozma xabarnoma olingan sanadan boshlab kuchga kiradi.
2. Mazkur Bitimning qoidalari har ikkala Ahdlashuvchi Davlatda:
a) mazkur Bitim kuchga kiradigan kalendar yildan keyingi yilning birinchi yanvaridan yoki birinchi yanvaridan soʻng toʻlanadigan daromad manbaidan olinadigan soliqlarga nisbatan;
b) mazkur Bitim kuchga kiradigan kalendar yildan keyingi yilning birinchi yanvaridan yoki birinchi yanvardan soʻng toʻlanadigan boshqa daromad va kapital soliqlarga nisbatan qoʻllaniladi.
31-modda
Oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish
Oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish
Mazkur Bitimga Ahdlashuvchi Davlatlarning oʻzaro kelishuviga asosan uning ajralmas qismi hisoblanuvchi va mazkur Bitimning 30-moddasiga muvofiq kuchga kiruvchi alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
32-modda
Amal qilishni tugatish
Amal qilishni tugatish
Mazkur Bitim Ahdlashuvchi Davlatlardan biri tarafidan uning amal qilishi tugatilgunga qadar oʻz kuchida qoladi. Har bir Ahdlashuvchi Davlat Bitim kuchga kiradigan yildan besh yil oʻtib, har qanday kalendar yilning tugashidan kamida olti oy oldin diplomatik kanallar orqali Bitimning amal qilishini tugatish toʻgʻrisida xabarnoma berish yoʻli bilan Bitimning amal qilishini tugatishi mumkin. Bunday holda, mazkur Bitimning har ikkala Ahdlashuvchi Davlatda quyidagilarga nisbatan qoʻllanilishi tugatiladi:
a) amal qilishini tugatish toʻgʻrisida xabarnoma olingan yildan keyingi kalendar yilning birinchi yanvaridan yoki birinchi yanvardan soʻng toʻlanadigan daromad manbaidan olinadigan soliqlarga nisbatan;
b) amal qilishini tugatish toʻgʻrisida xabarnoma olingan yildan keyingi kalendar yilning birinchi yanvaridan yoki birinchi yanvardan soʻng toʻlanadigan boshqa daromad va kapital soliqlariga nisbatan.
Buning tasdigʻi sifatida tegishli tartibda vakolat berilgan quyida imzo chekuvchi ikkala Ahdlashuvchi Davlat vakillari mazkur Bitimni imzoladilar.
Dushanbe shahrida 2018-yil 9-martda har biri oʻzbek, tojik va rus tillarida boʻlgan ikki nusxada tuzildi, bunda barcha matnlar teng autentikdir.
Bitim qoidalarini talqin qilishda tafovut yuzaga kelgan taqdirda, rus tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)