Oʻzbekiston Respublikasi HUKUMATI BILAN TOJIKISTON RESPUBLIKASI HUKUMATI OʻRTASIDA
Bitim
Investitsiyalarni ragʻbatlantirish va oʻzaro himoya qilish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Tojikiston Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
bir Tomon davlati fuqarolari va korxonalarining boshqa Tomon davlati hududidagi investitsiyalarini ragʻbatlantirish boʻyicha ikki davlat oʻrtasida hamkorlikni mustahkamlashga koʻmaklashishni istab,
investitsiyalarni ragʻbatlantiradigan va ular uchun qulay rejim taqdim etadigan bitim xususiy sarmoyalar kirib kelishiga hamda Tomonlar davlatlarining iqtisodiy rivojlanishiga koʻmak berishini eʼtirof etgan holda,
investitsiyalar uchun barqaror asos iqtisodiy resurslardan yanada samarali foydalanish va turmush darajasini oshirishga koʻmaklashishini tasdiqlab,
oʻz davlatlarining milliy qonunchiligiga muvofiq, shuningdek, xalqaro huquq normalari vositasida investitsiyalarni himoya qilishning samarali mexanizmini taʼminlashning muhimligini eʼtirof etgan holda,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Taʼriflar
Taʼriflar
Mazkur Bitim maqsadlari uchun keyingi oʻrinlarda keltirilgan tushunchalar quyidagi maʼnolarni anglatadi:
1. “Investor” — bir Tomon davlatining boshqa Tomon davlati hududida investitsiyalarni amalga oshirayotgan har qanday jismoniy yoki yuridik shaxsi:
a) jismoniy shaxs — Tomon davlatining qonunchiligiga muvofiq uning fuqarosi boʻlgan har qanday jismoniy shaxs;
b) yuridik shaxs — Tomon davlatining qonunchiligiga muvofiq tashkil etilgan yoki taʼsis etilgan har qanday yuridik shaxs.
2. “Investitsiyalar” — bir Tomon davlatining investori tarafidan boshqa Tomon davlati hududiga mazkur boshqa Tomon davlati qonunchiligiga muvofiq kiritilgan mulkiy qimmatliklarning barcha turlari, xususan:
a) koʻchar va koʻchmas mulk;
b) aksiyalar, ulushlar va tijorat tashkilotlari kapitalida ishtirok etishning boshqa shakllari;
v) iqtisodiy qimmatliklar yaratish uchun sarflangan pul mablagʻlari boʻyicha yoki iqtisodiy qiymatga ega boʻlgan va investitsiyalar bilan bogʻliq shartnomalar boʻyicha talab qilish huquqi;
g) intellektual mulk obyektlariga (mualliflik huquqlari, patentlar, sanoat namunalari, modellar, tovar belgilari yoki xizmat koʻrsatish belgilari, texnologiyalar, tijorat qiymatiga ega boʻlgan maʼlumotlar va nou-xau) nisbatan mutlaq huquqlar;
d) tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun har bir Tomon davlatining qonunchiligi asosida taqdim qilinadigan yoki Tomonlar davlatlarining qonunchiligiga muvofiq tuzilgan shartnomalar asosida beriladigan huquqlar, xususan, tabiiy resurslarni qidirish, qazib olish, ularga ishlov berish va ulardan foydalanish bilan bogʻliq huquqlar;
e) hududida investitsiyalar amalga oshirilayotgan Tomon davlatining qonunchiligiga zid boʻlmagan oʻzga shakllardagi boshqa investitsiyalar.
Investitsiyalar shaklining har qanday oʻzgarishi, basharti bunday oʻzgarish oʻz hududida investitsiyalar amalga oshirilgan Tomon davlati qonunchiligiga zid boʻlmasa, ularni investitsiyalar sifatida kvalifikatsiya qilishga daxl etmaydi.
3. “Daromadlar” — Tomon davlati hududida investitsiyalardan olingan har qanday mablagʻlar, shu jumladan, foyda, foizlar, dividendlar, royalti, litsenziya, vositachilikka oid va boshqa mukofotlar.
4. “Erkin foydalaniladigan valyuta” — 1944-yil 22-iyulda Bretton-Vudsda (Nyu-Xempshir shtati, Amerika Qoʻshma Shtatlari) qabul qilingan Xalqaro valyuta fondi bitimi Moddalarining XXX (30) moddasi (f) kichik bandida belgilangan valyutani anglatadi.
5. “Tomon davlatining hududi” — Tomonlarning har biriga nisbatan ular milliy qonunchilikka va umumeʼtirof etilgan xalqaro huquq normalariga muvofiq oʻz suveren huquqlari va yurisdiksiyasini amalga oshiradigan davlat hududini anglatadi.
6. “Tomon davlatining qonunchiligi” — tegishli ravishda Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlari yoki Tojikiston Respublikasining qonunlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarini anglatadi.
2-modda
Bitimning qoʻllanish doirasi
Bitimning qoʻllanish doirasi
1. Mazkur Bitim u kuchga kirgan paytdan boshlab bir Tomon davlati investorlari boshqa Tomon davlati hududida amalga oshirgan barcha investitsiyalarga nisbatan qoʻllaniladi.
2. Mazkur Bitim u kuchga kirgunga qadar yuzaga kelgan faktlar va harakatlar bilan bogʻliq nizolarga nisbatan qoʻllanilmaydi.
3. Mazkur Bitim biron-bir Tomonga u kuchga kirgunga qadar yuzaga kelib, barham topgan har qanday harakat yoki faktga yoxud har qanday vaziyatga nisbatan majburiyat yuklamaydi.
4. Tashqi qarzlarga nisbatan mazkur Bitim faqat u kuchga kirgandan keyin jalb qilingan qarzlarga nisbatan qoʻllaniladi.
3-modda
Investitsiyalarni ragʻbatlantirish va himoya qilish
Investitsiyalarni ragʻbatlantirish va himoya qilish
1. Har bir Tomon boshqa Tomon davlatining investorlariga oʻz davlati hududida investitsiyalarni amalga oshirish uchun qulay sharoitlar yaratishga intiladi hamda oʻz davlati qonunchiligiga muvofiq bunday investitsiyalarning olib kirilishiga ruxsat beradi.
2. Har bir Tomon oʻz davlati hududida boshqa Tomon davlati investorlari investitsiyalarining toʻliq himoyasini oʻz davlati qonunchiligiga muvofiq taʼminlaydi.
4-modda
Investitsiyalar rejimi
Investitsiyalar rejimi
1. Har bir Tomon oʻz davlati hududida boshqa Tomon davlati investorlarining investitsiyalariga nisbatan ularni boshqarish va tasarruf etish uchun adolatli va teng huquqli rejimni taʼminlaydi.
2. Mazkur moddaning 1-bandida nazarda tutilgan rejim oʻz davlati investorlarining yoki har qanday uchinchi davlat investorlarining investitsiyalariga taqdim qilinadigan rejimlardan qay biri investorning fikriga koʻra eng qulay boʻlsa, undan kamroq boʻlmagan darajada qulay boʻlishi lozim.
3. Mazkur moddaning 2-bandiga muvofiq taqdim etiladigan rejim quyidagi hollarda bir Tomon taqdim etayotgan yoki kelajakda taqdim etadigan afzalliklarga nisbatan tatbiq etilmaydi:
erkin savdo zonasi, bojxona ittifoqi yoki har qanday shunga oʻxshash iqtisodiy integratsion tuzilmalarda ishtirok etish munosabati bilan;
ikkiyoqlama soliqqa tortishga yoʻl qoʻymaslik toʻgʻrisida bitimlar yoki soliqqa tortish masalalari boʻyicha boshqa kelishuvlar asosida;
davlat xaridlari munosabati bilan.
5-modda
Imtiyozlar berishni rad etish
Imtiyozlar berishni rad etish
1. Mazkur Bitimdagi hech bir qoida biron-bir Tomonga mazkur Bitimni noqonuniy (jinoiy) faoliyat natijasida olingan sarmoya yoki aktivlardan amalga oshirilgan investitsiyalarga nisbatan qoʻllash majburiyatini yuklamaydi.
2. Mazkur Bitim bir Tomonni jamoat tartibini saqlashga, xalqaro tinchlik va xavfsizlikni qoʻllab-quvvatlash yoki tiklash boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarishga yoki oʻz davlatining hayotiy muhim xavfsizlik manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan choralarni koʻrishdan cheklaydigan tarzda talqin qilinmasligi lozim.
6-modda
Ekspropriatsiya
Ekspropriatsiya
1. Bir Tomon davlati investorlarining boshqa Tomon davlati hududida amalga oshirgan investitsiyalariga nisbatan oʻz oqibatlari boʻyicha ekspropriatsiya yoki natsionalizatsiyaga teng boʻlgan majburiy olib qoʻyish choralarini (keyingi oʻrinlarda — ekspropriatsiya) qoʻllash mumkin emas, bunday choralarni jamoat manfaatlarida mazkur boshqa Tomon davlati qonunchiligida belgilangan tartibga rioya etgan tarzda, kamsitish xususiyatidan holi ravishda, tez, mutanosib va samarali tovon toʻlashni nazarda tutgan holda amalga oshirish holatlari bundan mustasno.
2. Tovon amalda ekspropriatsiya qilinganlik yoki kelgusida ekspropriatsiya qilish haqida rasman maʼlum boʻlgan sanada hisoblangan ekspropriatsiya qilinayotgan investitsiyalarning bozor qiymatiga mos boʻlishi lozim. Tovon kechiktirmasdan erkin foydalaniladigan valyutada toʻlanadi va mazkur Bitimning 8-moddasiga muvofiq bir Tomon davlati hududidan boshqa Tomon davlati hududiga oʻtkaziladi. Ekspropriatsiya qilingan sanadan boshlab tovon toʻlangan sanaga qadar tovon summasiga bozor asosida belgilanadigan tijorat stavkasida, ammo olti oylik dollar kreditlari boʻyicha London banklararo taklif stavkasidan (LIBOR) kam boʻlmagan stavkada foizlar hisoblanadi.
7-modda
Zararni qoplash
Zararni qoplash
Bir Tomon davlatining boshqa Tomon davlati hududida urush, fuqarolik tartibsizliklari yoki shunga oʻxshash boshqa holatlar oqibatida investitsiyalariga zarar yetkazilgan investorlariga restitutsiya, zararni qoplash, tovon toʻlash yoki tartibga solishning boshqa turlariga nisbatan, mazkur boshqa Tomon uchinchi davlat investorlariga yoki oʻz davlati investorlariga bunday zarar munosabati bilan choralar koʻrishda qoʻllaydigan rejimlar ichidagi eng qulay boʻlgan rejim taqdim etiladi.
8-modda
Toʻlovlarni oʻtkazish
Toʻlovlarni oʻtkazish
1. Har bir Tomon boshqa Tomon davlati investorlariga birinchi Tomon davlati qonunchiligida belgilangan barcha soliq va majburiy toʻlovlar toʻlanganidan soʻng, mazkur birinchi Tomon davlati hududidan investitsiyalar bilan bogʻliq toʻlovlarning, xususan, quyidagilarning biron-bir cheklovlarsiz oʻtkazilishini kafolatlaydi:
a) boshlangʻich kapital yoki investitsiyalarni taʼminlab turish yoxud kengaytirish uchun foydalaniladigan har qanday qoʻshimcha mablagʻlar;
b) investitsiyalarni amalga oshirishdan olingan daromadlar;
v) mazkur Bitimning 6 va 7-moddalarida nazarda tutilgan tovon toʻlovlari;
g) shartnomalarni ijro etish tartibida amalga oshirilgan toʻlovlar;
d) investitsiyalarning qisman yoki toʻla tugatilishdan yoxud sotilishidan olingan mablagʻlar;
e) ikkala Tomon investitsiyalar sifatida tan olgan qarzlar va kreditlarni qaytarish hisobiga toʻlanadigan mablagʻlar, shuningdek, hisoblangan foizlar;
j) birinchi Tomon davlati hududida investitsiyalarni amalga oshirish bilan bogʻliq mehnat qilishga ruxsat etilgan boshqa Tomon davlati investorlari va jismoniy shaxslari oladigan ish haqi va boshqa mukofotlar;
z) mazkur Bitimning 10-moddasiga muvofiq nizolarni hal etish natijasida yuzaga keladigan toʻlovlar;
i) birinchi Tomon davlati qonunchiligiga muvofiq boshqa manbalardan olingan mablagʻlar.
2. Toʻlovlarni oʻtkazish kechiktirilmasdan, erkin foydalaniladigan valyutada, oʻz hududida investitsiyalar amalga oshirilgan Tomon davlatining valyutaga oid qonunchiligiga muvofiq rasmiy ayirboshlash kursi boʻyicha amalga oshiriladi.
9-modda
Subrogatsiya
Subrogatsiya
Bir Tomon yoki u vakolat bergan organ investorga boshqa Tomon davlati hududida investitsiyalar bilan bogʻliq notijorat xavflardan himoya qilish kafolati asosida toʻlovni amalga oshirganidan soʻng, investorga tegishli huquqlarni mazkur investor bilan bir xil hajmda subrogatsiya tartibida amalga oshirishi mumkin. Bunday huquqlar mazkur boshqa Tomon davlati qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
10-modda
Bir Tomon bilan boshqa Tomon davlatining investori oʻrtasidagi nizolarni hal etish
Bir Tomon bilan boshqa Tomon davlatining investori oʻrtasidagi nizolarni hal etish
1. Bir Tomon bilan boshqa Tomon davlatining investori oʻrtasida ushbu investorning birinchi Tomon davlati hududidagi investitsiyalari yuzasidan vujudga keladigan nizolar, shu jumladan, mazkur Bitimning 6 va 7-moddalariga muvofiq tovon miqdori, uni toʻlash shartlari yoki tartibiga yoxud mazkur Bitimning 8-moddasida nazarda tutilgan toʻlovlarni oʻtkazish tartibiga oid nizolar imkon qadar muzokaralar yoʻli bilan hal etiladi.
2. Basharti nizo tomonlaridan birining nizoni muzokaralar yoʻli bilan hal etish toʻgʻrisidagi iltimosi sanasidan boshlab olti oy davomida muzokaralar yoʻli bilan hal etishning imkoni boʻlmasa, nizo investorning tanlovi boʻyicha quyidagilardan biriga koʻrib chiqish uchun topshirilishi mumkin:
a) oʻz hududida investitsiyalar amalga oshirilgan Tomon davlatining vakolatli sudi yoki arbitrajiga;
b) Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xalqaro savdo huquqi boʻyicha komissiyasi (YuNSITRAL) Arbitraj reglamentiga muvofiq “ad hoc” arbitraj sudiga;
v) 1965-yil 18-martda Vashington shahrida imzolangan Davlatlar bilan boshqa davlatlarning jismoniy yoki yuridik shaxslari oʻrtasidagi investitsiyaga doir nizolarni hal qilish boʻyicha Konvensiyaga muvofiq taʼsis etilgan Investitsiyaga oid nizolarni hal qilish boʻyicha xalqaro markazga, basharti ikkala Tomon mazkur Konvensiyaning ishtirokchilari hisoblansalar.
3. Bir Tomon nizo xalqaro arbitrajga berilgunga qadar tegishli investordan ushbu Tomon davlatining milliy qonunchiligida nazarda tutilgan nizoni koʻrib chiqish ichki mexanizmlarining barchasini ishga solishni talab qilish huquqiga ega.
4. Agar investor nizoni manfaatdor Tomon davlatining vakolatli sudiga yoki xalqaro arbitrajga bergan boʻlsa, mazkur moddaning 2-bandida koʻrsatilgan uchta protseduradan birini tanlash yakuniy hisoblanadi.
5. Basharti investor nizoga olib kelgan vaziyatlar haqida ilk bor xabar topgan sanadan yoki xabar topishi lozim boʻlgan vaqtdan eʼtiboran uch (3) yildan ortiq vaqt oʻtgan boʻlsa, nizo arbitrajga berilishi mumkin emas.
6. Agar mazkur Bitimdagi qoidalar arbitraj qoidalariga zid boʻlsa, mazkur Bitim qoidalari ustuvor kuchga ega boʻladi.
7. Arbitraj qarori nizodagi ikkala tomon uchun ham yakuniy va majburiy hisoblanadi. Har bir Tomon oʻz davlati qonunchiligiga muvofiq bunday qarorning ijro etilishini taʼminlash majburiyatini oladi.
11-modda
Qoʻllaniladigan huquq
Qoʻllaniladigan huquq
Sud nizo taraflari oʻrtasida kelishilishi mumkin boʻlgan huquq normalariga muvofiq nizo boʻyicha qaror chiqaradi. Bunday kelishuv mavjud boʻlmagan taqdirda, sud hududida investitsiyalar amalga oshirilgan nizo Tomoni davlatining huquqini va xalqaro huquqning qoʻllanilishi mumkin boʻlgan normalarini qoʻllaydi.
12-modda
Tomonlar oʻrtasidagi nizolarni hal etish
Tomonlar oʻrtasidagi nizolarni hal etish
1. Tomonlar oʻrtasidagi mazkur Bitimni talqin qilish va qoʻllashga oid nizolar ular oʻrtasida muzokaralar orqali hal etiladi.
2. Basharti muzokaralar boshlanganidan soʻng olti oy davomida nizo bunday usul bilan hal etilmasa, u holda nizo har qanday Tomonning talabiga binoan “ad hoc” arbitraj sudiga koʻrib chiqish uchun topshiriladi.
3. Arbitraj sudi har bir alohida holat uchun tuziladi, buning uchun har bir Tomon arbitraj sudida ish koʻrish toʻgʻrisida xabarnoma olingan sanadan boshlab ikki oy davomida bittadan arbitraj sudi aʼzosini tayinlaydi. Soʻngra sudning ushbu ikki aʼzosi uchinchi davlat fuqarosini tanlaydilar va u boshqa ikki aʼzolarning oxirgisi tayinlangan sanadan boshlab bir oy ichida ikkala Tomonning maʼqullashi bilan arbitraj sudining raisi etib tayinlanadi.
4. Basharti mazkur moddaning 3-bandida koʻrsatilgan muddatda zaruriy tayinlashlar amalga oshirilmagan boʻlsa, boshqa kelishuvlar mavjud boʻlmagan hollarda, biron-bir Tomon Xalqaro sud raisiga bunday tayinlashlarni amalga oshirish boʻyicha iltimos bilan murojaat qilishi mumkin. Agar Xalqaro sud raisi Tomonlardan biri davlatining fuqarosi boʻlsa yoki boshqa sabablarga koʻra ushbu iltimosni bajara olmasa, Xalqaro sud raisining oʻrinbosariga zaruriy tayinlashlarni amalga oshirish taklif etiladi. Agar Xalqaro sud raisining oʻrinbosari ham Tomonlardan biri davlatining fuqarosi boʻlsa yoki boshqa sabablar boʻyicha ushbu iltimosni bajara olmasa, Xalqaro sudning martaba boʻyicha undan keyingi oʻrinda turuvchi biron-bir Tomon davlatining fuqarosi boʻlmagan aʼzosiga zaruriy tayinlashlarni amalga oshirish taklif etiladi.
5. Arbitraj sudi oʻz qarorini koʻpchilik ovoz bilan chiqaradi. Bunday qaror Tomonlar uchun yakuniy va majburiy hisoblanadi. Har bir Tomon oʻzi tayinlagan sud aʼzosining faoliyati hamda arbitraj sudida ish koʻrishda oʻz vakilligi bilan bogʻliq xarajatlarni qoplaydi. Tomonlar arbitraj sudi raisining faoliyati bilan bogʻliq xarajatlarni, shuningdek, boshqa xarajatlarni teng ulushlarda qoplaydilar. Ammo arbitraj sudi oʻz qarorida Tomonlardan biri xarajatlarning koʻproq qismini qoplashini nazarda tutishi mumkin va bunday qaror ikkala Tomon uchun ham majburiy hisoblanadi. Arbitraj sudi oʻz ish tartibini mustaqil belgilaydi.
6. Xalqaro arbitraj sudining tili rus tili hisoblanadi.
13-modda
Maslahatlashuvlar
Maslahatlashuvlar
Tomonlar ulardan birining yozma iltimosiga koʻra mazkur Bitimni talqin qilish, qoʻllash yoki bajarishga doir masalalar boʻyicha maslahatlashuvlar oʻtkazadilar.
14-modda
Oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish
Oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish
Mazkur Bitimga Tomonlarning oʻzaro kelishuviga koʻra uning ajralmas qismi hisoblanadigan hamda mazkur Bitim uchun nazarda tutilgan tartibda kuchga kiruvchi alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
15-modda
Bitimning kuchga kirishi va amal qilish muddati
Bitimning kuchga kirishi va amal qilish muddati
1. Har bir Tomon mazkur Bitimning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralarini bajarganligi toʻgʻrisida boshqa Tomonni yozma ravishda xabardor qiladi. Mazkur Bitim ikki xabarnomaning soʻnggisi olingan sanadan boshlab kuchga kiradi.
2. Mazkur Bitim oʻn yil davomida oʻz kuchida boʻladi. Ushbu muddat tugagandan soʻng, basharti bir Tomon tegishli muddat tugashidan kamida olti oy oldin oʻzining mazkur Bitimning amal qilishini tugatish niyati toʻgʻrisida boshqa Tomonni yozma ravishda xabardor qilmasa, uning amal qilishi navbatdagi oʻn yillik muddatlarga oʻz-oʻzidan uzayaveradi.
3. Mazkur Bitimning amal qilish muddati tugatilgan sanaga qadar amalga oshirilgan va u tatbiq etiladigan investitsiyalarga nisbatan mazkur Bitimning barcha boshqa moddalari qoidalari uning amal qilish muddati tugatilgan sanadan boshlab keyingi oʻn yil mobaynida oʻz kuchida qoladi.
Dushanbe shahrida 2018-yil 9-martda ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, tojik va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilishda tafovutlar yuzaga kelgan taqdirda, rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)