Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Vazirlar Mahkamasining “Davlat yongʻin nazorati toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2013-yil 4-oktabrdagi 272-son qaroriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
“Yongʻin xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichki ishlar organlari yongʻin xavfsizligi boʻlinmalari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 23-maydagi PQ-2992-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
2. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi oʻzi qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 12-iyun,
449-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-iyundagi 449-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Vazirlar Mahkamasining “Davlat yongʻin nazorati toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2013-yil 4-oktabrdagi 272-son qaroriga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 2-banddagi “Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga” soʻzlari “Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Davlat yongʻin xavfsizligi xizmatiga, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga” soʻzlari bilan almashtirilsin.
2. 1-ilovada:
a) 2-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“2. Davlat yongʻin nazorati davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, tashkilotlar, ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, fuqarolar tomonidan yongʻin xavfsizligi talablariga rioya qilinishini tekshirish va tekshiruv natijalari boʻyicha chora-tadbirlar koʻrish maqsadida amalga oshiriladi”.
b) 3-bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilari quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“yongʻin nazorati boʻyicha davlat inspektori — Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Davlat yongʻin xavfsizligi xizmatining davlat yongʻin nazoratini amalga oshirish vakolatiga ega boʻlgan mansabdor shaxsi;
yongʻin xavfsizligi talablariga rioya qilinishini tekshirish — davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, tashkilotlar, ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, fuqarolarning yongʻin xavfsizligi talablarini bajarishlari yuzasidan davlat yongʻin nazorati organlari tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladigan nazorat shakli va aniqlangan qoida buzishlarni bartaraf etish va (yoki) ularning oldini olish choralarini koʻrish”;
v) 4-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
g) 5-bandga quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi qoʻshilsin:
“Davlat yongʻin nazorati organlari faoliyatini tashkil etish va amalga oshirish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan tasdiqlanadi”;
d) 8-bandda:
birinchi xatboshidagi “Davlat yongʻin xavfsizligi xizmatining” soʻzlari chiqarib tashlansin;
toʻrtinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“tumanlar (shaharlar) yongʻin xavfsizligi boʻlimlari (boʻlinmalari)”;
beshinchi xatboshiga “guruhlar” soʻzidan keyin “alohida postlar” soʻzlari qoʻshilsin;
oltinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
e) 9 va 10-bandlar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
j) 11-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“11. Quyidagilar Davlat yongʻin nazoratini amalga oshiruvchi mansabdor shaxslar hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi yongʻin nazorati boʻyicha bosh davlat inspektori — Yongʻin xavfsizligi bosh boshqarmasi boshligʻi;
Oʻzbekiston Respublikasi yongʻin nazorati boʻyicha bosh davlat inspektorining oʻrinbosarlari — Yongʻin xavfsizligi bosh boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosarlari;
Oʻzbekiston Respublikasi yongʻin nazorati boʻyicha bosh davlat inspektorining katta yordamchilari — Yongʻin xavfsizligi bosh boshqarmasining boshligʻi tomonidan tasdiqlanadigan mansabdor shaxslar roʻyxatiga muvofiq Yongʻin xavfsizligi bosh boshqarmasining davlat yongʻin nazoratini amalga oshirish vakolati berilgan xodimlari;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahar, viloyatlarning oʻta muhim davlat ahamiyatiga molik yoki yongʻin va portlash xavfi yuqori boʻlgan obyektlardagi yongʻin nazorati boʻyicha bosh davlat inspektorlari va ularning oʻrinbosarlari — tegishli ravishda yongʻin xavfsizligi boshqarmalari boshliqlari va ularning oʻrinbosarlari;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahar, viloyatlar, oʻta muhim davlat ahamiyatiga molik yoki yongʻin va portlash xavfi yuqori boʻlgan obyektlardagi yongʻin nazorati boʻyicha bosh davlat inspektorining katta yordamchilari — yongʻin xavfsizligi boshqarmalari boshliqlari tomonidan tasdiqlanadigan mansabdor shaxslar roʻyxatiga muvofiq yongʻin xavfsizligi boshqarmalarining davlat yongʻin nazoratini amalga oshirish vakolati berilgan xodimlari;
tumanlar (shaharlar), oʻta muhim davlat ahamiyatiga molik yoki yongʻin va portlash xavfi yuqori boʻlgan obyektlardagi yongʻin nazorati boʻyicha katta davlat inspektorlari va ularning oʻrinbosarlari — tegishli ravishda tumanlar (shaharlar) yongʻin xavfsizligi boʻlimlari (boʻlinmalari)ning va oʻta muhim davlat ahamiyatiga molik yoki yongʻin va portlash xavfi yuqori boʻlgan obyektlardagi yongʻin xavfsizligi boʻlimlari (boʻlinmalari, alohida postlari)ning boshliqlari hamda ularning yongʻin nazorati va profilaktikasi boʻyicha oʻrinbosarlari;
tumanlar (shaharlar)ning yongʻin nazorati boʻyicha davlat inspektorlari — tumanlar (shaharlar)ning yongʻin xavfsizligi boʻlimlari (boʻlinmalari)ning katta inspektorlari, inspektorlari, kichik inspektorlari;
oʻta muhim davlat ahamiyatiga molik yoki yongʻin va portlash xavfi yuqori boʻlgan obyektlardagi yongʻin nazorati boʻyicha davlat inspektorlari — oʻta muhim davlat ahamiyatiga molik yoki yongʻin va portlash xavfi yuqori boʻlgan obyektlardagi kasbiy yongʻin xavfsizligi boʻlimlar (boʻlinmalar) boshliqlari va ularning yongʻin nazorati va profilaktikasi boʻyicha oʻrinbosarlari, oʻta muhim davlat ahamiyatiga molik yoki yongʻin va portlash xavfi yuqori boʻlgan obyektlardagi yongʻin xavfsizligi boʻlimlari (boʻlinmalari, alohida postlari, guruhlari)ning katta inspektorlari, inspektorlari, kichik inspektorlari”;
z) 12-bandga quyidagi mazmundagi xatboshi qoʻshilsin:
“qonun hujjatlariga muvofiq faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalashda va xizmatlarni sertifikatlashda ishtirok etish”;
i) 13-bandda;
birinchi banddagi “transportdagi va jazoni ijro etish muassasalaridagi” soʻzlari chiqarib tashlansin;
oʻn birinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
k) 14-bandda:
birinchi xatboshidagi “transportdagi va jazoni ijro etish muassasalaridagi” soʻzlari chiqarib tashlansin;
uchinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
toʻrtinchi — sakkizinchi xatboshilar tegishli ravishda uchinchi — yettinchi xataboshilar deb hisoblansin;
beshinchi xatboshiga “shuningdek, maʼmuriy huquqbuzarliklar sodir etish sabablari va ularga olib kelgan shart-sharoitlarni bartaraf qilish yuzasidan choralar koʻrish” soʻzlari qoʻshilsin;
l) 15 va 16-bandlardagi “hamda transportdagi” soʻzlari chiqarib tashlansin;
m) 19-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“19. Davlat yongʻin nazorati organlarining mansabdor shaxslari tomonidan tadbirkorlik subyektlariga tegishli obyektlarda yongʻin xavfsizligi talablariga rioya etilishini tekshirish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda oʻtkaziladi.
Oʻta muhim davlat ahamiyatiga molik yoki yongʻin va portlash xavfi yuqori boʻlgan obyektlarda oʻz faoliyatini shartnoma asosida amalga oshiruvchi davlat yongʻin nazorati organlarining mansabdor shaxslari tomonidan tekshirishlar ushbu obyektlarning maʼmuriyati bilan tuzilgan shartnomalar talablariga muvofiq oʻtkaziladi”.
n) 20-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“20. Binodan, inshootdan, alohida ishlab chiqarishdan, ishlab chiqarish uchastkasidan, alohida xonadan, asbob-uskunalardan, agregatlardan foydalanishni toʻxtatib turish haqidagi qaror obyekt rahbariga taqdim etiladi hamda u bunday qaror qabul qilinishi uchun asos boʻlgan buzilishlar toʻliq bartaraf etilgungacha amalda boʻladi”.
o) 22-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“22. Tadbirkorlik subyektlari faoliyatini toʻxtatib turish yoki toʻxtatish maqsadida materiallar ushbu Nizomning 13, 14, 16 va 20-bandlarida nazarda tutilgan tegishli choralar (faoliyatni toʻxtatib turishga tegishli) qoʻllanilgandan keyin davlat yongʻin nazorati organlari tomonidan sudga beriladi. Yuqorida koʻrsatib oʻtilgan choralar faqat qonun hujjatlarida belgilangan tartibda oʻtkazilgan tekshirish natijalari boʻyicha qoʻllaniladi”;
p) 28-banddagi “Milliy xavfsizlik xizmatining” soʻzlari “Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligining Jazoni ijro etish bosh boshqarmasining” soʻzlari bilan almashtirilsin”.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.06.2018-y., 09/18/449/1356-son)