O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi huzuridagi Kon-geologiya faoliyatini nazorat qilish inspeksiyasi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 28-fevraldagi 131-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 1-martdagi PQ-3578-son qaroriga muvofiq hamda yer qa’rining geologik o‘rganilishi, undan oqilona foydalanilishi va muhofaza etilishining tegishli nazoratini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi huzuridagi Kon-geologiya faoliyatini nazorat qilish inspeksiyasi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yer qa’rini geologik o‘rganish, sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi (keyingi o‘rinlarda “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi deb ataladi) ikki hafta muddatda yer qa’rini geologik o‘rganish, undan foydalanish va uni muhofaza qilishga doir barcha arxiv hujjatlarini belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi huzuridagi Kon-geologiya faoliyatini nazorat qilish inspeksiyasiga topshirsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi O‘zbekiston Respublikasining 2018-yilgi va keyingi yillar uchun Davlat budjeti parametrlarida O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi huzuridagi Kon-geologiya faoliyatini nazorat qilish inspeksiyasini saqlab turishga moliyaviy mablag‘larni nazarda tutsinlar.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-dekabrdagi 777-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 14.12.2020-y., 09/20/777/1620-son)
4. O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi Kon-geologiya faoliyatini nazorat qilish inspeksiyasining yuklangan vazifalarga muvofiq samarali faoliyati yuritishini ta’minlasin.
5. Vazirliklar va idoralar o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi A.S. Sultanov hamda O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi raisi B.F. Islomov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 11-iyun,
436-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 11-iyundagi 436-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi huzuridagi Kon-geologiya faoliyatini nazorat qilish inspeksiyasi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi (keyingi o‘rinlarda Davlat geologiya qo‘mitasi deb ataladi) huzuridagi Kon-geologiya faoliyatini nazorat qilish inspeksiyasining (keyingi o‘rinlarda Inspeksiya deb ataladi) asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari, javobgarligi va faoliyatining tashkiliy asoslarini belgilab beradi.
2. Inspeksiya Davlat geologiya qo‘mitasining tarkibiy bo‘linmasi hisoblanadi.
3. Inspeksiya o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, Davlat geologiya qo‘mitasining buyruqlariga va ushbu Nizomga, shuningdek, boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
4. Inspeksiya o‘z faoliyatini davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshiradi.
5. Inspeksiya yer qa’ridan barcha foydalanuvchilarning yer qa’rini geologik o‘rganish, foydali qazilmalarni qazib olish, mineral xom ashyoni qayta ishlash, suvdan foydalanish va yer osti manbalari suvini iste’mol qilishga oid qonunchilik talablariga, bu boradagi ishlarni amalga oshirish yuzasidan belgilangan normalar va qoidalarga rioya etishini, shuningdek, yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqini beradigan ruxsatnomalarda belgilangan yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish shartlarini ta’minlash bo‘yicha Davlat geologiya qo‘mitasi oldida javobgardir.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 25-martdagi 133-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 26.03.2022-y., 09/22/133/0237-son)
6. Inspeksiya va uning hududiy inspeksiyalari tomonidan o‘z vakolatlari doirasida beriladigan ko‘rsatmalar davlat va xo‘jalik boshqaruvining barcha organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, yuridik va jismoniy shaxslar uchun bajarilishi majburiy hisoblanadi. Inspeksiya va uning hududiy inspeksiyalarining ko‘rsatmalarini bajarmagan yuqorida qayd etilgan organlarning mansabdor shaxslari va yuridik shaxslar, shuningdek, jismoniy shaxslar qonunchilikka binoan javob beradi.
7. Inspeksiya yuridik shaxs hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhr va blankalarga, qonun hujjatlariga muvofiq ochiladigan g‘aznachilik shaxsiy hisobvaraqlariga egadir.
2-bob. Inspeksiyaning vazifalari va funksiyalari
8. Quyidagilar Inspeksiyaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
yer qa’rini geologik o‘rganishda undan foydalanish va muhofaza qilish, foydali qazilmalarni (shu jumladan chuchuk, mineral, termal va sanoat yer osti suvlarini) qazib olish, mineral xom ashyoni qayta ishlash, shuningdek, kon ishlarini geologiya-marksheyderlik ta’minlash borasida yuridik va jismoniy shaxslarning qonun hujjatlari hamda normativ hujjatlar talablariga rioya etishi yuzasidan davlat nazoratini amalga oshirish;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi huzuridagi Foydali qazilmalar zaxiralari bo‘yicha davlat komissiyasining foydali qazilmalar zaxiralarini tasdiqlashda qabul qilingan qaror va xulosalari yer qa’ridan foydalanuvchilar tomonidan bajarilishini nazorat qilish;
mineral xom ashyoni qazib olish va qayta ishlashda foydali qazilmalarning normativdan ortiqcha yo‘qotilishiga yo‘l qo‘yilganligini aniqlash va O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlik choralarini ko‘rish.
huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha ilg‘or uslublarni joriy etish, idoralararo hamkorlikni yanada rivojlantirish, o‘z faoliyatida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng qo‘llash;
foydali qazilmalardan noqonuniy foydalanish aniqlangan holatlar bo‘yicha tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish, marksheyderlik ishlarini amalga oshirgan holda yetkazilgan zarar miqdorini aniqlash;
aniqlangan huquqbuzarliklar va ularning oqibatlari to‘g‘risida keng jamoatchilikni xabardor qilib borish, sohada huquqni qo‘llash amaliyoti va qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish.
(8-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 9-apreldagi 294-sonli qaroriga asosan xatboshilar bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 10.04.2019-y., 09/19/294/2917-son)
9. Inspeksiya o‘ziga yuklangan vazifalarini bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) yer qa’rini geologik o‘rganishda undan foydalanish va muhofaza qilish, foydali qazilmalarni (shu jumladan chuchuk, mineral, termal va sanoat yer osti suvlarini) qazib olish, mineral xom ashyoni qayta ishlash, shuningdek, kon ishlarini geologiya-marksheyderlik ta’minlash borasida yuridik va jismoniy shaxslarning qonun hujjatlari hamda normativ hujjatlar talablariga rioya etishi yuzasidan davlat nazoratini amalga oshirish sohasida:
yer qa’rini geologik o‘rganish, undan foydalanish va muhofaza qilish masalalari bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining tayyorlanishi, ko‘rib chiqilishi va belgilangan tartibda kelishilishini ta’minlaydi, shuningdek, ushbu masalalarga doir qoidalar, yo‘riqnomalar va normalarni tasdiqlash uchun tayyorlaydi;
geologik o‘rganish va foydali qazilmalarni (shu jumladan, chuchuk, mineral, termal va sanoat yer osti suvlarini) qazib oladigan yuridik va jismoniy shaxslarning kon-geologiya faoliyatini nazorat qiladi;
mineral xom ashyoni geologik o‘rganish, qazib olish va qayta ishlashda, sanoat va tajriba-sanoat yo‘li bilan qazib olishga berilgan konlarda tog‘ ishlarini marksheyderlik va geologik ta’minlashda yer qa’ridan oqilona foydalanish hamda uning muhofaza etilishini ta’minlaydi;
yer qa’ridan foydalanuvchilarning foydali qazilmalarni qazib olish korxonalari va obyektlarini hamda foydali qazilmalarni qazib olish bilan bog‘liq bo‘lmagan yer osti inshootlarini tugatish va vaqtincha to‘xtatib qo‘yish bo‘yicha belgilangan tartibga rioya etishini nazorat qiladi;
foydali qazilmalar joylashgan maydonlarda asoslanmagan va o‘zboshimchalik bilan qurilishlarga yo‘l qo‘ymaslikni nazorat qiladi;
yer qa’ridan foydalanish bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish uchun yer qa’ridan foydalanish ruxsatnomalari, texnik loyihalar va boshqa hujjatlardagi shartlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlaydi;
(9-bandning “a” kichik bandi yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 25-martdagi 133-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 26.03.2022-y., 09/22/133/0237-son)
yer qa’rini yanada o‘rganish, foydali qazilma konlarini qidirish va qazib olish, shuningdek, foydali qazilmalarni qazib olish bilan bog‘liq bo‘lmagan maqsadlarda yer qa’ridan foydalanishda qo‘llanishi mumkin bo‘lgan qidiruv tog‘ konlari va quduqlari, geologiya va texnik hujjatlarning, ma’danlar va tog‘ jinslari namunalari, kern, foydali qazilma namunalari dublikatlarining saqlanishini ta’minlaydi;
gidrogeologiya quduqlarini burg‘ulash va ishlatishda normativ hujjatlar talablariga rioya etilishini ta’minlaydi, yer qa’rining noyob obyektlari, yer osti mineral shifobaxsh va ichimlik suvlarini muhofaza qilish ishlarini amalga oshiradi;
amalga oshirilgan tavsiya va ko‘rsatmalarni har yili tahlil qiladi hamda baholaydi;
b) O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi huzuridagi Foydali qazilmalar zaxiralari bo‘yicha davlat komissiyasining foydali qazilmalar zaxiralarini tasdiqlashda qabul qilingan qaror va xulosalari yer qa’ridan foydalanuvchilar tomonidan bajarilishini nazorat qilish sohasida:
foydalanish uchun ruxsatnoma beriladigan yer qa’ri uchastkasida dastlabki tekshiruvlarni o‘tkazadi, shuningdek, foydali qazilmalarni qazib olishning kelishilgan hajmlariga hamda O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi huzuridagi Foydali qazilmalar zaxiralari bo‘yicha davlat komissiyasining foydali qazilmalar zaxiralarini tasdiqlashda qabul qilinadigan qarorlari hamda xulosalariga muvofiq konlardan foydalanish tartibiga rioya etilishini nazorat qiladi;
(9-bandning “b” kichik bandi ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 25-martdagi 133-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 26.03.2022-y., 09/22/133/0237-son)
foydali qazilmalarni qazib olish bilan bog‘liq bo‘lmagan maqsadlarda foydali qazilma konlariga ishlov berish uchun tog‘ ajratmalarini taqdim etadi, shuningdek, yer qa’ridan foydalanuvchilar taqdim etadigan kon ishlarini rivojlantirish rejalarini kelishadi;
yer qa’rini to‘liq geologik o‘rganishni, qidirilayotgan foydali qazilma konlariga, foydali qazilmalarni qazib olish, shu jumladan chiqindilarni saqlash va ko‘mish bilan bog‘liq bo‘lmagan yer osti inshootlarini qurish va ekspluatatsiya qilish maqsadida foydalanish uchun berilgan yer qa’ri uchastkalariga ishlov berishning tog‘-texnik, gidrogeologik, geologik-iqtisodiy va boshqa shartlarga rioya etilishini ta’minlaydi;
asosiy va ular bilan birga joylashgan foydali qazilmalar hamda ularning tarkibidagi asosiy va birga uchraydigan komponentlar zaxiralarining miqdorlari va sifati, shuningdek, foydali qazilmalarni qazish bilan bog‘liq bo‘lmagan maqsadlarda foydalaniladigan yer qa’ri uchastkalarining tabiiy xususiyatlari haqida dastlabki materiallarning to‘liqligi va ishonchligini ta’minlaydi;
v) mineral xom ashyoni qazib olish va qayta ishlashda foydali qazilmalarning normativdan ortiqcha yo‘qotilishiga yo‘l qo‘yilganligini aniqlash va O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlik choralarini ko‘rish sohasida:
har yili foydali qazilmani qazib olish hajmlari to‘g‘risida belgilangan shakldagi hisobotlarni qabul qiladi va ularni Davlat geologiya qo‘mitasining Davlat geologiya fondiga qayta yuborishni ta’minlaydi;
qazib olinadigan konlar bo‘yicha yillik hisobot balanslarida foydali qazilmalar zaxiralarini qazib olish bilan bog‘liq yer ostini o‘rganish ishlari hisobini yuritadi, shuningdek, geologik o‘rganish ishlari natijalarining, qazib oluvchi korxonalar hisobidan chiqarilayotgan qazib olingan va yo‘qotilgan qazilmalarning haqqoniyligini ta’minlaydi;
(9-band “v” kichik bandining uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 25-fevraldagi 88-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 26.02.2022-y., 09/22/88/0165-son — 2022-yil 1-martdan kuchga kiradi)
tog‘-kon va qayta ishlash korxonalarining texnik loyihalarini, mineral xom ashyoni qazib olish hamda qayta ishlashda foydali qazilmalarni yo‘qotish va ularning kamayish normativlarini kelishadi;
yer qa’rini to‘liq va kompleks o‘rganishni, ulardan foydali qazilmalarni yanada to‘liq qazib olish, ulardan samarali foydalanish hamda va barcha komponentlar ajratib olinishini ta’minlaydi;
konlarga foydali qazilmalarning asossiz yuqori darajada yo‘qotilishi va sifatining pasayishiga yo‘l qo‘ymaydigan usul va uslublarda ishlov berilishini, shuningdek, tog‘ ishlarini rivojlantirish rejalarining bajarilishi, foydali qazilmalarni qazib olish hamda qayta ishlashda ularning yo‘qotilishi va kamayishi bo‘yicha belgilangan normativlarga rioya etilishini nazorat qiladi;
mineral xom ashyoni qazib olish va qayta ishlashda foydali qazilmalarning normativdan ortiq yo‘qotilishiga yo‘l qo‘yilganini aniqlaydi va O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlik choralarini ko‘radi.
10. Inspeksiya o‘z vakolati doirasida:
Davlat geologiya qo‘mitasi Ilmiy-texnik kengashining yer qa’rini geologik o‘rganish ishlarini o‘tkazish loyiha-smeta hujjatlarini, ularning natijalari bo‘yicha hisobotlarni, shuningdek, Ilmiy texnik kengash majlislarida ko‘rib chiqiladigan boshqa masalalarni muhokama etishda;
Davlat geologiya qo‘mitasi hay’atiga ko‘rib chiqish uchun kiritiladigan masalalarga oid materiallarni tayyorlashda;
Davlat geologiya qo‘mitasining Inspeksiya faoliyati bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha buyruqlari va farmoyishlari loyihalarini tayyorlashda;
yer qa’rini geologik o‘rganish va yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish masalalarini tartibga solish sohasidagi normativ-huquqiy loyihalarni ishlab chiqishda ishtirok etadi.
3-bob. Inspeksiyaning huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi
11. Inspeksiya o‘ziga yuklangan vazifa va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
yer qa’rini geologik o‘rganishda undan foydalanish va muhofaza qilish, foydali qazilmalarni (shu jumladan, chuchuk, mineral, termal va sanoat yer osti suvlarini) qazib olish, mineral xom ashyoni qayta ishlash, shuningdek, kon ishlarini geologiya-marksheyderlik ta’minlashda yer qa’ridan oqilona foydalanish hamda uni muhofaza etish masalalari bo‘yicha korxona va obyektlarda tadqiqotlar o‘tkazish;
korxona va tashkilotlarga foydali qazilmalarni geologik o‘rganish, qazib olish hamda mineral xom ashyoni qayta ishlashda yer qa’ridan foydalanish va uni muhofaza qilish talablarining aniqlangan buzilish holatlarini bartaraf etish to‘g‘risida bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berish;
kon-geologiya faoliyatni tekshirish maqsadida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyat organlari, maxfiy rejimdagi obyektlar, shuningdek, idoraviy mansubligi va mulkchilik shaklidan qat’i nazar, yuridik va jismoniy shaxslar hududlarida bo‘lish;
yer qa’rini geologik o‘rganish, undan foydalanish va uni muhofaza qilish talablarini buzgan mansabdor shaxslar va fuqarolarni o‘z vakolati doirasida ma’muriy javobgarlikka tortish;
yer osti manbalari hisobidan suvdan foydalanuvchi obyektlarni ekspluatatsiya qiluvchi, yer qa’rini geologik o‘rganish, foydali qazilmalarni qazib olish, mineral xom ashyoni qayta ishlash, kon ishlarini geologiya-marksheyderlik ta’minlash ishlarini olib boradigan tashkilotlar rahbarlarining hisobotlarini eshitish;
aybdor shaxslarni ma’muriy va/yoki jinoiy javobgarlikka tortish haqidagi masalani ko‘rib chiqish uchun materiallarni huquqni muhofaza qilish organlariga belgilangan tartibda berish;
vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, tashkilotlardan suvdan foydalanish hamda yer osti manbalari suvini iste’mol qilish, foydali qazilmalarni geologik o‘rganish, qazib olish, mineral xom ashyoni qayta ishlash, tog‘ ishlarini geologik-markshreyderlik ta’minlashda yer qa’ridan oqilona foydalanish va uni muhofaza etish masalalari haqida zarur axborotni olish;
zarurat bo‘lganda, zimmasiga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun Davlat geologiya qo‘mitasining va davlat boshqa organlari, shuningdek, ixtisoslashgan tashkilotlarning malakali mutaxassislarini jalb qilish.
Inspeksiya qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
12. Inspeksiya va uning hududiy inspeksiyalari:
yer qa’ridan foydalanuvchilarga kon-geologiya faoliyatini nazorat qilish masalalari bo‘yicha maslahat va zarur uslubiy yordam ko‘rsatish;
foydali qazilma konlariga ishlov berish uchun belgilangan tartibda kon ajratmasiga ega bo‘lgan yer qa’ridan foydalanuvchilarning ma’lumotlar bazasini har yili shakllantirish va yangilash;
yer qa’ridan foydalanuvchilar talablariga binoan foydali qazilmalarni qazib olish va geologiya-qidiruv ishlarini nazorat qilish sohasidagi amaldagi tartib-qoidalar, talablar va boshqa masalalar to‘g‘risida ularni bepul xabardor qilish;
Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 2-martdagi 62-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari xodimlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining odob-axloq namunaviy qoidalari asosida tasdiqlangan Inspeksiya xodimlarining odob-axloq qoidalari talablariga rioya etilishini ta’minlashga majbur.
Inspeksiya va uning hududiy inspeksiyalari qonun hujjatlariga muvofiq kon-geologiya faoliyatini nazorat qilish sohasida boshqa majburiyatlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
13. Inspeksiya o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarning samarali bajarilishi, shuningdek, fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlariga rioya etilishi, ularning himoya qilinishini ta’minlash uchun mas’uldir.
14. Inspeksiyaning mansabdor shaxslari o‘z xizmat vazifalarini tegishli ravishda bajarmagani uchun belgilangan tartibda javob beradilar. Inspeksiya inspektorlarining javobgarlik darajasi lavozim yo‘riqnomalari bilan belgilanadi.
Davlat inspektorlarini lavozim yo‘riqnomalari Davlat geologiya qo‘mitasining raisi bilan kelishgan xolda Inspeksiya boshlig‘i tomonidan belgilangan tartibda tasdiqlanadi.
15. Inspeksiyaning kon-geologiya nazorati bo‘yicha faoliyatiga asossiz to‘sqinlik qilgan va ushbu nazoratni amalga oshiruvchi mansabdor shaxslarga nisbatan jazo qo‘llash bilan tahdid qilgan yoki bosim o‘tkazishga harakat qilgan shaxslar qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortiladilar.
4-bob. Inspeksiya faoliyatini tashkil qilish
16. Inspeksiyaga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining roziligi bilan Davlat geologiya qo‘mitasi raisi tomonidan lavozimga tayinlaydigan va lavozimdan ozod etiladigan boshliq rahbarlik qiladi.
Inspeksiya boshlig‘i kon-geologiya faoliyatini nazorat qilish bo‘yicha bosh davlat inspektori (keyingi o‘rinlarda bosh davlat inspektori deb ataladi) hisoblanadi.
Inspeksiya boshlig‘i Davlat geologiya qo‘mitasi raisi bilan kelishgan holda lavozimga tayinlaydigan va lavozimdan ozod etadigan ikki o‘rinbosariga ega bo‘ladi.
Inspeksiya boshlig‘ining o‘rinbosarlari:
kon faoliyatini nazorat qilish bo‘yicha;
geologiya faoliyatini nazorat qilish bo‘yicha bosh davlat inspektorining o‘rinbosarlari hisoblanadi.
17. Inspeksiya boshqaruv apparati, hududiy davlat inspektorlari, qo‘shimcha bo‘linmalar, shuningdek, hududiy inspeksiyalardan tarkib topadi.
18. Inspeksiya boshlig‘i:
Inspeksiya faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi va Inspeksiyaga yuklangan vazifa hamda funksiyalar bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
zarurat bo‘lganda, Inspeksiya tuzilmasini o‘zgartirish bo‘yicha asoslangan takliflar kiritadi, belgilangan umumiy son doirasida Inspeksiyaning shtatlar jadvali va xarajatlar smetasini tasdiqlaydi;
hududiy inspeksiyalar to‘g‘risidagi nizomni belgilangan tartibda tasdiqlaydi;
Inspeksiya va uning hududiy inspeksiyalari xodimlari bajarishi majburiy bo‘lgan buyruqlar chiqaradi, ko‘rsatmalar beradi;
Inspeksiya xodimlarini belgilangan tartibda lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod etadi;
Inspeksiya xodimlarini mukofotlash va intizomiy javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi masalalarni hal etadi hamda alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlar nomzodini belgilangan tartibda mukofotlashga taqdim etadi;
Inspeksiya va uning hududiy inspeksiyalarida ijrosi intizomini mustahkamlash ishlarini muvofiqlashtiradi;
jismoniy va yuridik shaxslarning Inspeksiya vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan murojaatlarini ko‘rib chiqish ishlarini muvofiqlashtiradi.
Inspeksiya boshlig‘i qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshiradi.
19. Hududiy inspeksiyalar o‘z faoliyatini Inspeksiya boshlig‘i tomonidan tasdiqlanadigan nizomlarga muvofiq amalga oshiradi.
20. Inspeksiyaning inspektorlar tarkibiga farqlanuvchi belgilarga ega formali kiyim-bosh va yagona namunadagi guvohnoma belgilangan tartibda beriladi.
21. Inspeksiya inspektorlari o‘z vazifalarini bajarish uchun yer qa’ridan foydalanuvchilar ularni xizmat xonalari, aloqa vositalari, maxsus kiyim-bosh va himoya vositalari, avtomobil transporti, telefon aloqasi bilan ta’minlaydi.
5-bob. Inspeksiyani moliyalashtirish va moddiy-texnik ta’minlash
22. Inspeksiya budjet tashkiloti hisoblanadi va:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan;
yer qa’ridan foydalanish sohasida belgilangan talablarni buzganlik uchun belgilangan tartibda undiriladigan jarimalar summasining 80 foizi miqdoridagi ajratmalar;
yer qa’ri foydali qazilmalaridan noqonuniy foydalanish holatlari bo‘yicha aniqlangan zarar summasining 20 foizi miqdoridagi ajratmalar;
(22-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 9-apreldagi 294-sonli qaroriga asosan to‘rtinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 10.04.2019-y., 09/19/294/2917-son)
qonunchilikda taqiqlamagan boshqa manbalar hisobidan ta’minlanadi.
23. Inspeksiya xodimlarining ish haqi — mehnatga haq to‘lash yagona tarif setkasi bo‘yicha tarif koeffitsiyentini qo‘llagan holda ikki barobar miqdorda belgilanadi va Davlat geologiya qo‘mitasi xodimlari uchun belgilangan miqdorda uzluksiz ish staji (uzoq muddat uzluksiz xizmati) uchun lavozim maoshiga ustamalar, ish haqiga belgilangan miqdorlarda tuman (hududiy) koeffitsiyentlari va qonun hujjatlarida belgilangan boshqa qo‘shimcha to‘lovlardan iborat bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasining respublika budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
(23-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-fevraldagi 83-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 15.02.2020-y., 09/20/83/166-son)
Davlat geologiya qo‘mitasi hay’atining qarori bilan Inspeksiya xodimlariga boshqa rag‘batlantiruvchi choralar belgilanishi mumkin.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
24. Inspeksiya qonunchilikda belgilangan tartibda qayta tashkil etiladi va tugatiladi.
25. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilikka binoan javob beradi.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 11.06.2018-y., 09/18/436/1334-son; 10.04.2019-y., 09/19/294/2917-son; 15.02.2020-y., 09/20/83/166-son; 14.12.2020-y., 09/20/777/1620-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 26.02.2022-y., 09/22/88/0165-son, 26.03.2022-y., 09/22/133/0237-son)