Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Vazirliklar, idoralar va tashkilotlar harbiy xizmatchilari hamda xodimlarining tasdiqlangan namunadagi formali kiyim-boshi savdosi boʻyicha faoliyatni litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 25-fevraldagi 88-sonli “Faoliyatni boshlash yoki tugatish uchun vakolatli organni xabardor qilish tartibi toʻgʻrisidagi yagona nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan 2022-yil 1-martdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, idoralari va tashkilotlarining formali kiyim-boshlarini ishlab chiqish, standartlashtirish, tasdiqlash va tayyorlash mexanizmini tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 27-fevraldagi PQ-2800-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirliklar, idoralar va tashkilotlar harbiy xizmatchilari hamda xodimlarining tasdiqlangan namunadagi formali kiyim-boshi savdosi boʻyicha faoliyatni litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga qoʻshimchalar kiritilsin.
3. Vazirliklar va idoralar oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
4. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov va Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vaziri R.K. Davletov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 31-may,
406-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 31-maydagi 406-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Vazirliklar, idoralar va tashkilotlar harbiy xizmatchilari hamda xodimlarining tasdiqlangan namunadagi formali kiyim-boshi savdosi boʻyicha faoliyatni litsenziyalash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom qonun hujjatlariga muvofiq formali kiyim-bosh kiyib yurish nazarda tutilgan vazirliklar, idoralar va tashkilotlar harbiy xizmatchilari hamda xodimlarining tasdiqlangan namunadagi formali kiyim-boshi savdosi boʻyicha faoliyatni (keyingi oʻrinlarda formali kiyim-bosh savdosi boʻyicha faoliyat deb ataladi) litsenziyalash tartibini belgilaydi.
2. Formali kiyim-boshi savdosi boʻyicha faoliyat tuman (shahar) hokimliklari tomonidan litsenziyalanadi.
3. Vazirliklar, idoralar va tashkilotlar harbiy xizmatchilari hamda xodimlarining tasdiqlangan namunadagi formali kiyim-boshi savdosi boʻyicha faoliyat ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxema boʻyicha litsenziyalanadi.
4. Formali kiyim-bosh savdosi boʻyicha faoliyat Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining harbiy savdo tarmoqlarining ixtisoslashtirilgan savdo korxonalari tomonidan va tegishli litsenziya va sertifikatga ega tadbirkorlik faoliyatining boshqa subyektlari tomonidan amalga oshiriladi.
Bunda harbiy qism bilan tuzilgan shartnomaga muvofik, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining harbiy xizmatchilari va ularning oila aʼzolariga maishiy-savdo xizmatlari koʻrsatuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining harbiy savdo tarmogʻining ixtisoslashtirilgan savdo korxonalari hamda boshqa vakolatli tadbirkorlik subyektlari yopiq harbiy shaharchalar hududida formali kiyim-bosh, yordamchi ashyolar va boshqa predmetlarini tegishli litsenziya olmasdan sotadi.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-martdagi 189-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan)
5. Ishlab chiqaruvchi tashkilotlar oʻzlari ishlab chiqargan formali kiyim-boshni faqat:
vazirliklar, idoralar va tashkilotlarga;
vazirliklar, idoralar va tashkilotlar harbiy xizmatchilarining formali kiyim-boshi savdosi boʻyicha faoliyat bilan shugʻullanish uchun litsenziyaga (keyingi oʻrinlarda litsenziya deb ataladi) ega tadbirkorlik subyektlariga;
jismoniy shaxslarga, ushbu Nizomning 9-bandida koʻzda tutilgan talablar va shartlarga rioya qilgan holda oʻzlariga qarashli chakana savdo tarmogʻi orqali realizatsiya qilishlari mumkin.
Formali kiyim-bosh ishlab chiqaruvchi tashkilotlarga litsenziya olish talab qilinmaydi, oʻzlariga qarashli chakana savdo tarmogʻi orqali realizatsiya qilish bundan mustasno.
6. Litsenziya berish toʻgʻrisidagi ariza bilan litsenziyalovchi organga murojaat qilgan va Oʻzbekiston Respublikasida belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtgan yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor litsenziya talabgori (keyingi oʻrinlarda talabgor deb ataladi) boʻlishi mumkin.
7. Formali kiyim-bosh savdosi boʻyicha faoliyatni amalga oshirish uchun ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq shaklda namunaviy (oddiy) litsenziyalar beriladi.
8. Formali kiyim-bosh savdosi boʻyicha faoliyatni amalga oshirish huquqi uchun litsenziya amal qilish muddati cheklanmagan holda beriladi.
2-bob. Litsenziya talablari va shartlari
9. Formali kiyim-bosh savdosi boʻyicha faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziya talablari va shartlari quyidagilardan iborat:
vazirliklar, idoralar va tashkilotlar harbiy xizmatchilari va xodimlarining formali kiyim-bosh, shuningdek, savdo faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya qilish;
namunalari belgilangan tartibda tasdiqlangan formali kiyim-boshni realizatsiya qilish;
talabgorda formali kiyim-bosh savdosi boʻyicha faoliyatni amalga oshirishga moʻljallangan mulk huquqi asosida yoki boshqa mulkiy huquq asosida tegishli boʻlgan binoning (keyingi oʻrinlarda bino deb ataladi) mavjud boʻlishi;
binoning texnik jihatdan mustahkamligi va Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qoʻriqlash boʻlimlarining texnik qoʻriqlash markaziga (punktiga) ulanganligi, yopiq harbiy shaharchalar va harbiy qismlarda joylashgan binolar bundan mustasno;
(9-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 9-iyuldagi 568-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.07.2019-y., 09/19/568/3403-son)
binoda yongʻin signalizatsiyasining mavjudligi, binoning yongʻin xavfsizligi qoidalari va talablariga, shuningdek, sanitariya qoidalari, gigiyena normalari va talablariga muvofiqligi;
binoda vazirliklar, idoralar va tashkilotlar xodimlarining formali kiyim-boshni qonunga xilof ravishda kiyganligi uchun javobgarlik haqida ogohlantiruvchi yozuvlar joylashtirilishi;
formali kiyim-boshni vazirliklar, idoralar va tashkilotlar xodimlariga faqat ular harbiy guvohnomalarini taqdim etganda sotish.
3-bob. Litsenziya olish uchun zarur hujjatlar
10. Talabgor litsenziya olish uchun litsenziyalovchi organga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
a) litsenziya berish haqida quyidagilar koʻrsatilgan ariza:
yuridik shaxsning nomi va tashkiliy-huquqiy shakli, soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami (STIR), joylashgan joyi (pochta manzili), faoliyatini amalga oshirish joyi, bank boʻlimi nomi va bankdagi hisobraqami, telefon raqami, elektron pochta manzili, veb-sayti — mavjud boʻlsa;
yakka tartibdagi tadbirkorning familiyasi, ismi, otasining ismi (mavjud boʻlsa), soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami (STIR), joylashgan joyi (pochta manzili), faoliyatini amalga oshirish joyi (manzili), aloqa maʼlumotlari (telefon, elektron manzil);
arizani koʻrib chiqish uchun yigʻim toʻlanganligini tasdiqlovchi maʼlumot;
b) litsenziyalanadigan faoliyat turini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan binoga mulk huquqi yoki boshqa mulkiy huquqlarni tasdiqlovchi hujjatning nusxasi.
11. Litsenziya olish uchun talabgor hujjatlarni litsenziyalovchi organga bevosita, pochta aloqa vositalari orqali yoki Oʻzbekiston Respublikasining Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda YIDXP deb ataladi) orqali taqdim etadi.
Litsenziya olish uchun litsenziyalovchi organga bevosita taqdim etilgan hujjatlar litsenziyalovchi organning masʼul xodimi tomonidan roʻyxat boʻyicha qabul qilinadi va roʻyxatning nusxasi talabgorga hujjatlar qabul qilingan sana qayd etilgan holda topshiriladi.
Litsenziya berish haqidagi ariza mazkur Nizomning 10-bandida nazarda tutilgan maʼlumotlarni ilova qilgan holda elektron shaklda YIDXP orqali taqdim etilganda ariza talabgorning elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi.
Litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizada talabgorning elektron manzili koʻrsatilgani uning arizasi boʻyicha qabul qilingan qaror haqidagi xabarnomani axborot tizimi orqali elektron shaklda olishga boʻlgan roziligi hisoblanadi.
Litsenziya talabgori tomonidan Yagona portal orqali elektron shaklda taqdim etilgan litsenziya berish haqidagi ariza, litsenziyalovchi organning masʼul xodimi tomonidan qabul qilinadi va uning olinganligi xabar qilinadi, shuningdek, avtomatik tarzda YIDXP roʻyxatga olinadi va roʻyxatga olish raqami beriladi.
12. Talabgordan mazkur Nizomning 10-bandida nazarda tutilmagan hujjatlar va maʼlumotlarni taqdim etishni talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
13. Litsenziya berish uchun mazkur Nizomning 10-bandida nazarda tutilmagan qoʻshimcha hujjatlar va maʼlumotlar olish zarurati mavjud boʻlganda, litsenziyalovchi organ belgilangan tartibda ularni boshqa vakolatli organlardan, jumladan, elektron shaklda mustaqil ravishda soʻraydi va oladi.
14. Talabgor ishonchli boʻlmagan yoki notoʻgʻri maʼlumotlar taqdim etilgani uchun qonunchilikka muvofiq javob beradi.
4-bob. Arizani koʻrib chiqish va litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish haqida qaror qabul qilish
15. Talabgordan litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish uchun ariza taqdim etilgan kundagi bazaviy hisoblash miqdoriga nisbatan karrali miqdorda yigʻim undiriladi:
(15-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son)
yuridik shaxslar uchun — bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida;
(15-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son)
yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida.
(15-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son)
YIDXP orqali murojaat qilinganda, tegishliligi boʻyicha ushbu bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilarida koʻrsatilgan yigʻim summasining 90 foizi miqdorida yigʻim undiriladi.
Toʻlov Internet tarmogʻi orqali real vaqt rejimida bank kartalari va “SMS-xabardor qilish” xizmati yordamida, Oʻzbekiston Respublikasi banklarining kassalari orqali — naqd va naqdsiz toʻlanishi mumkin.
(15-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-yanvardagi 24-sonli qaroriga asosan toʻrtinchi va beshinchi xatboshilar bilan almashtirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.01.2020-y., 09/20/24/0053-son)
16. YIDXP orqali murojaat qilinganda, arizani koʻrib chiqish uchun yigʻim summasi quyidagi tartibda taqsimlanadi:
yigʻimning summasining 11,25 foizi — “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini boshqarish markazi” DUKning vakolatli bankdagi maxsus hisob raqamiga oʻtkaziladi;
yigʻimning summasining 10 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligining budjetdan tashqari jamgʻarmasining shaxsiy hisob raqamiga oʻtkaziladi;
qolgan qismi litsenziya beruvchi organning bankdagi hisob raqamiga oʻtkaziladi.
Talabgor taqdim etgan arizasidan voz kechgan taqdirda, toʻlangan yigʻim miqdori qaytarib berilmaydi.
(16-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-yanvardagi 24-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.01.2020-y., 09/20/24/0053-son)
17. Litsenziya berish yoki uni berishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror talabgor arizasi olingandan soʻng oʻn ikki kundan oshmaydigan muddatda, uning taqdim etilgan shaklidan qatʼi nazar, zarur maʼlumotlar koʻrsatilgan holda qabul qilinadi.
Agar, litsenziyalovchi organ litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish muddati davomida litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilmasa, litsenziya talabgori koʻrsatilgan muddat oʻtganidan soʻng litsenziyalovchi organni yozma ravishda xabardor qilgan holda arizada koʻrsatilgan faoliyat turini amalga oshirishga haqlidir. Bunda litsenziyalovchi organ litsenziya daʼvogarining yozma xabarnomasi olingandan keyin besh ish kuni ichida unga litsenziya berishi shart.
18. Litsenziyalovchi organ talabgorni tegishli qaror qabul qilingan kundan soʻng ikki kun muddatda xabardor qiladi.
Litsenziya berish haqidagi qaror qabul qilinganligi haqidagi xabarnoma talabgorga yozma shaklda, shu jumladan elektron shaklda YIDXP orqali bank hisobraqami va davlat bojini toʻlash muddati koʻrsatilgan holda yuboriladi (topshiriladi). Litsenziya berish haqida qaror qabul qilinganligi boʻyicha talabgorga xabar berilgan bir vaqtda litsenziya shartnomasi imzolash uchun yuboriladi (topshiriladi).
19. Litsenziyalovchi organ va litsenziat oʻrtasidagi oʻzaro huquq va majburiyatlarni belgilovchi litsenziya shartnomasi litsenziyalovchi organ va litsenziat oʻrtasida tuziladi va quyidagilarni oʻz ichiga olishi lozim:
shartnomani imzolovchi mansabdor shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi;
tomonlarning rekvizitlari;
litsenziatdan talab etiladigan litsenziya talablari va shartlari;
amalga oshirilishi uchun litsenziya berilayotgan faoliyat turining nomi;
litsenziya shartnomasining talablari va shartlari buzilganligi uchun tomonlarning javobgarligi;
litsenziya shartnomasining talablari va shartlari bajarilishini litsenziyalovchi organ tomonidan nazorat qilish tartibi.
Litsenziya shartnomasi ikki nusxada litsenziat va litsenziyalovchi organ uchun bir nusxadan tuziladi.
20. Litsenziyalar qonunchilikda belgilangan tartibda rasmiylashtiriladi.
Berilgan, toʻxtatib turilgan, yangilangan, qayta rasmiylashtirilgan, va bekor qilingan, shuningdek, amal qilishi toʻxtatilgan litsenziyalar “Litsenziya” axborot tizimlari kompleksi elektron reyestriga kiritiladi.
21. Litsenziya talabgor tomonidan davlat boji toʻlanganini tasdiqlovchi hujjat yoki toʻlanganligining elektron tasdigʻi taqdim etilib, litsenziya shartnomasi imzolangan kunda beriladi.
Litsenziya tuman (shahar) hokimi tomonidan imzolanadi va litsenziatga beriladi.
22. Agar, litsenziat unga litsenziya berish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingani haqidagi xabarnoma yuborilgan (topshirilgan) paytdan eʼtiboran uch oy ichida litsenziyalovchi organga litsenziya berganlik uchun davlat boji toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatni yoki toʻlanganligining elektron tasdigʻini taqdim etmagan yoxud litsenziya shartnomasini imzolamagan boʻlsa, litsenziyalovchi organ mazkur litsenziyani bekor qilishga haqli.
23. “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 17-moddasida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha litsenziya berish rad etilishi mumkin.
Talabgor litsenziya beruvchi organning litsenziya berishni rad etish, shuningdek, litsenziyalovchi organ mansabdor shaxsining harakatlari (harakatsizligi) yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga ega.
24. Litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, litsenziya berishni rad etish haqidagi xabarnoma litsenziya talabgoriga yozma shaklda, shu jumladan elektron shaklda YIDXP orqali yoʻllanadi, unda rad etish sabablari va litsenziya talabgori ularni bartaraf etgan holda qayta koʻrib chiqish uchun ariza berishi mumkin boʻlgan muddat koʻrsatiladi. Litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi xabarnomada koʻrsatilgan muddat kamchiliklarni bartaraf etish uchun yetarli boʻlishi zarur.
Litsenziya berishni rad etishga asos boʻlgan sabablar bartaraf etilgan taqdirda, litsenziya berish toʻgʻrisidagi ariza litsenziyalovchi organ tomonidan litsenziya talabgori arizasi barcha zarur hujjatlarni olgandan soʻng oʻn kundan oshmagan muddatda takroran koʻrib chiqiladi.
Taqdim etilgan hujjatlar va takroriy ekspertiza xulosalari boʻyicha litsenziyalovchi organning litsenziyani berish yoki uni berishni rad etish toʻgʻrisidagi protokol qarori tuziladi.
Litsenziya talabgorining arizasi qayta koʻrib chiqilishi uchun yigʻim undirilmaydi.
Talabgorning arizasini qayta koʻrib chiqishda litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi avvalgi xabarnomada koʻrsatilmagan yangi asoslar boʻyicha litsenziya berishning rad etilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi xabarnomada koʻrsatilgan muddatdan soʻng berilgan ariza yangidan berilgan deb hisoblanadi.
5-bob. Litsenziyani qayta rasmiylashtirish. Litsenziya dublikatini berish
25. Litsenziat qayta tashkil etilgan, uning nomi, joyi (pochta manzili) oʻzgargan taqdirda, litsenziat yoki uning huquqiy vorisi qayta roʻyxatdan oʻtgandan soʻng bir oy muddatda litsenziyalovchi organga litsenziyani qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisida qayd etilgan maʼlumotlarni tasdiqlovchi tegishli hujjatlar ilova qilingan arizani taqdim etishi shart.
Familiyasi, ismi, otasining ismi yoki yashash joyi oʻzgargan litsenziat — jismoniy shaxs qayta roʻyxatga olingach, bir oy muddatda litsenziyalovchi organga litsenziyani qayta rasmiylashtirish haqida qayd etilgan maʼlumotlarni tasdiqlovchi tegishli hujjatlarni ilova qilgan holda ariza berishi shart.
Hujjatlar litsenziyalovchi organga bevosita, pochta xizmati yoki YIDXP orqali taqdim etiladi. Elektron shaklda taqdim etilgan hujjatlar litsenziatning elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi.
Yangi tashkil etilgan yuridik shaxs davlat roʻyxatdan oʻtkazilgan sanada bir xil turdagi litsenziyalangan faoliyatni amalga oshirish litsenziyasiga ega boʻlgan litsenziyatlar — yuridik shaxslar qoʻshilgan taqdirda, litsenziyani ushbu bobda belgilangan tartibda qayta rasmiylashtirishga yoʻl qoʻyiladi.
Litsenziyalovchi organ qonunchilikka muvofiq tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va ularning hisobini yuritish boʻyicha avtomatlashtirilgan tizim orqali koʻrsatilgan maʼlumotlarning tasdigʻini oladi.
Litsenziyalanadigan faoliyatni mazkur bandning talablarini buzgan holatda amalga oshirish faoliyat bilan litsenziyasiz shugʻullanish qonunchilikda oʻrnatilgan javobgarligini keltirib chiqaradi.
26. Litsenziya qayta rasmiylashtirilguniga qadar litsenziat unda koʻrsatilgan faoliyat turini avval berilgan litsenziya asosida amalga oshiradi.
Litsenziyani qayta rasmiylashtirishda litsenziyalovchi organ “Litsenziya” axborot tizimlari kompleksidagi litsenziyalar reyestriga tegishli oʻzgartirishlar kiritadi.
Litsenziyani litsenziatga litsenziyalovchi organ tomonidan litsenziyani qayta rasmiylashtirish boʻyicha ariza olingani haqida xabarnoma yoʻllangandan soʻng besh kun mobaynida qayta rasmiylashtiriladi.
Litsenziyani qayta rasmiylashtirishda litsenziatdan litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish uchun toʻlanadigan summaning yarmi miqdorida yigʻim undiriladi.
YIDXP orqali murojaat qilinganda yigʻim summasining:
11,25 foizi — “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini boshqarish markazi” DUKning vakolatli bankdagi hisob raqamiga oʻtkaziladi;
10 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligining budjetdan tashqari jamgʻarmasining shaxsiy hisob raqamiga oʻtkaziladi;
qolgan qismi litsenziya beruvchi organning bank hisob raqamiga oʻtkaziladi.
(26-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-yanvardagi 24-sonli qaroriga asosan toʻrtinchi — sakkizinchi xatboshilar bilan almashtirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.01.2020-y., 09/20/24/0053-son)
Litsenziat arizadan voz kechgan taqdirda toʻlangan summa qaytarilmaydi. Litsenziya qayta rasmiylashtirilganda davlat boji undirilmaydi.
27. Litsenziya yoʻqotilgan taqdirda litsenziatning arizasiga koʻra, ariza qabul qilingan kundan boshlab besh ish kuni davomida litsenziyaning dublikati beriladi. Litsenziyaning dublikati berilayotganda mazkur Nizomning 15-bandida nazarda tutilgan yigʻimning yarmi undiriladi.
Dublikat ikki nusxada rasmiylashtiriladi (har birida “dublikat” degan belgi qoʻyiladi) va ulardan biri litsenziatga yuboriladi (topshiriladi), ikkinchisi esa litsenziatning litsenziya ishida saqlanadi.
6-bob. Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qilish
28. Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qilish litsenziyalovchi organ tomonidan “Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish toʻgʻrisida”, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”, “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida” va “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari bilan belgilangan talablarga rioya qilingan holda amalga oshiriladi.
29. Litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qilishda litsenziyalovchi organ oʻz vakolatlari doirasida quyidagi huquqlarga ega:
moliyaviy-xoʻjalik faoliyatiga aralashmagan xolda litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya qilinishi yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda tekshiruv oʻtkazish;
litsenziya talablari va shartlariga rioya qilinishi yuzasidan tekshiruvlarni oʻtkazishda paydo boʻladigan masalalar boʻyicha litsenziatdan zarur maʼlumotlarni soʻrash va olish;
tekshiruvlar natijalari boʻyicha litsenziat tomonidan yoʻl qoʻyilgan muayyan litsenziya talablari va shartlari buzilishini koʻrsatgan holda dalolatnomalar (maʼlumotnomalar) tuzish;
bajarilishi shart boʻlgan, litsenziat tomonidan aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish haqidagi koʻrsatmalarni qabul qilish, bunday buzilishlarni bartaraf etish uchun yetarli boʻlgan muddatni belgilash;
qonunchilikda belgilangan tartibda qarorlar qabul qilish hamda litsenziyalarning amal qilishini toʻxtatib turish, toʻxtatish yoki uni bekor qilish toʻgʻrisidagi taqdimnomalarni sudga kiritish;
yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxslar tomonidan litsenziya olmasdan formali kiyim-bosh savdosi bilan shugʻullanish holatlari aniqlangan taqdirda, qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda choralar koʻrish uchun ularga oid materiallarni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborish.
7-bob. Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish, toʻxtatish va uni bekor qilish
30. Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish, toʻxtatish va uni bekor qilish “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 22, 23 va 24-moddalarida nazarda tutilgan holatlarda va tartibda amalga oshiriladi.
Amal qilishi toʻxtatib turilgan, toʻxtatilgan, bekor qilingan litsenziyalar haqidagi maʼlumotlar litsenziyalovchi organ tomonidan “Litsenziya” axborot tizimlari kompleksining elektron reyestriga kiritiladi.
31. Litsenziyalovchi organning litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish, toʻxtatish va uni bekor qilish toʻgʻrisidagi qarori yuzasidan sudga ariza berilishi mumkin. Sud tomonidan litsenziyaning amal qilishini toʻxtatish haqidagi qaror asossiz deb topilgan taqdirda, litsenziyalovchi organ litsenziat oldida unga yetkazilgan zarar miqdorida javobgar hisoblanadi.
8-bob. Litsenziyalar reyestri
32. Litsenziyalovchi organ “Litsenziya” axborot tizimlari kompleksining litsenziyalar reyestrini litsenziyalar reyestrining axborot-telekommunikatsiya tarmoqlari xamda boshqa davlat axborot tizimlari bilan mos kelishini va hamkorligini taʼminlab beruvchi yagona tashkiliy, metodologik va dasturiy-texnik prinsiplarga asosan yuritadi.
33. Litsenziyalar reyestrida quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
a) litsenziatlar toʻgʻrisidagi asosiy maʼlumotlar:
tashkilotning nomi va soliq toʻlovchining indentifikatsiya raqami (STIR), tashkiliy-huquqiy shakli, tashkilot rahbarining familiyasi, ismi, otasining ismi (agar mavjud boʻlsa);
yakka tartibdagi tadbirkorning familiyasi, ismi va otasining ismi (agar mavjud boʻlsa), soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami (STIR);
b) litsenziyalanayotgan faoliyat amalga oshiriladigan manzil, ish joyi telefoni, faks;
v) litsenziyaning berilgan sanasi va tartib raqami;
g) litsenziyaning amal qilishi muddati;
d) litsenziyani qayta rasmiylashtirishning asoslari va sanasi, uning amal qilish muddatini toʻxtatib turish va qayta tiklash;
e) litsenziyaning amal qilish muddatini tugatish asoslari va sanasi;
j) litsenziyani bekor qilishning asoslari va sanasi.
Litsenziyalar reyestridagi maʼlumotlar “Litsenziya” axborot tizimlari kompleksidagi veb-saytda joylashtiriladi va tanishish uchun ochiq hisoblanadi.
Litsenziyalovchi organ litsenziya berish, litsenziyani mavjudligini tasdiqlovchi hujjatlarni qayta rasmiylashtirish, litsenziya talablari buzilganligi uchun uni toʻxtatib turish xamda litsenziyaning amal qilinishini tugatish yoki qayta tiklash toʻgʻrisida qarorlar qabul qilgan kundan boshlab uch kun muddatda litsenziyalar reyestriga tegishli qaydlar kiritadi.
9-bob. Litsenziya berilganligi uchun undiriladigan davlat boji
34. Litsenziya berish uchun “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan miqdorda davlat boji toʻlanadi.
Davlat boji Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetiga oʻtkaziladi.
(34-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 16-iyundagi 384-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.06.2020-y., 09/20/384/0770-son)
10-bob. Yakunlovchi qoida
35. Mazkur Nizomning qoidalari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikka muvofiq javob beradi.
Vazirliklar, idoralar va tashkilotlar harbiy xizmatchilari hamda xodimlarining tasdiqlangan namunadagi formali kiyim-boshi savdosi boʻyicha faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
1-ILOVA
Vazirliklar, idoralar va tashkilotlar harbiy xizmatchilari hamda xodimlarining tasdiqlangan namunadagi formali kiyim-boshi savdosi boʻyicha faoliyatini litsenziyalash
SXEMASI
Vazirliklar, idoralar va tashkilotlar harbiy xizmatchilari hamda xodimlarining tasdiqlangan namunadagi formali kiyim-boshi savdosi boʻyicha faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
2-ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 31-maydagi 406-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 28-iyundagi 236-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2002-y., 6-son, 36-modda) bilan tasdiqlangan Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalovchi organlar roʻyxatining “Tumanlar (shaharlar) hokimliklari” boʻlimiga quyidagi mazmundagi xatboshi qoʻshilsin:
“Vazirliklar, idoralar va tashkilotlar harbiy xizmatchilari hamda xodimlarining tasdiqlangan namunadagi formali kiyim-boshi savdosi”.
2. Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 20-fevraldagi 27-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat axborot resurslari hamda ularni shakllantirish, ulardan foydalanish va ularni qoʻllab-quvvatlash uchun masʼul boʻlgan davlat organlari roʻyxatiga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2006-y., 2-son, 11-modda) quyidagi mazmundagi 1001-pozitsiya qoʻshilsin:
“1001. Vazirliklar, idoralar va tashkilotlar harbiy xizmatchilari hamda xodimlarining tasdiqlangan namunadagi formali kiyim-boshi savdosi boʻyicha faoliyatni amalga oshirish huquqi uchun berilgan litsenziyalar reyestri”.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.06.2018-y., 09/18/406/1294-son, 11.07.2019-y., 09/19/568/3403-son; 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son; 15.01.2020-y., 09/20/24/0053-son; 16.06.2020-y., 09/20/384/0770-son)