O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
ELEKTR ENERGIYASI SOTILISHI HAMDA UNDAN FOYDALANILISHINI HISOBGA OLISH VA NAZORAT QILISH TIZIMINI MUSTAHKAMLASH YUZASIDAN QO‘SHIMCHA CHORA-TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-avgustdagi PF-111-sonli “Ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning barqarorligini ta’minlash, sifati va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Energiya bilan ta’minlovchi tashkilotlar tomonidan yetkazib berilayotgan hamda yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan iste’mol qilinayotgan elektr energiyasini hisobga olish tizimini yanada takomillashtirish, berilgan elektr energiyasi uchun to‘lovlar to‘liq va o‘z vaqtida tushishi ustidan nazoratni kuchaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2004-yil 29-sentabrdagi F-2047-son farmoyishi bilan tashkil etilgan Maxsus komissiya, “O‘zbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligining 2005-yil 1-yanvardan boshlab berilgan elektr energiyasi uchun aholidan mablag‘ yig‘ish bilan shug‘ullanuvchi tuzilmalar va shtatdagi lavozimlarni qisqartirish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
“O‘zbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi Maxsus komissiya bilan birgalikda bir oy muddatda energiya bilan ta’minlovchi tashkilotlarning yangi tuzilmasini qayta ko‘rib chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin, bunda berilgan elektr energiyasi uchun aholidan mablag‘ yig‘ish funksiyalari bekor qilinsin hamda ularga elektr energiyasi uchun to‘lov o‘z vaqtida va to‘liq to‘lanishi ustidan nazorat qilish va iste’mol qilingan elektr energiyasi uchun haq to‘lanmagan taqdirda iste’molchilarni tarmoqdan uzib qo‘yish yuklansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi va “O‘zbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining 2008-yilgacha bo‘lgan davrda:
iste’molchilarning barcha toifalarida — tashqaridan aralashishga yo‘l qo‘ymaydigan va muddati o‘tkazib yuborilgan qarzdorlik mavjud bo‘lgan taqdirda iste’molchilarni elektr energiyasi manbalaridan o‘z-o‘zidan uzib qo‘yish imkonini beradigan elektr energiyasini hisobga olishning zamonaviy priborlarini;
“O‘zbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi korxonalarida — iste’mol qilingan elektr energiyasi masofadan turib hisobga olinishini hamda to‘lovlar o‘z vaqtida va to‘liq amalga oshirilishi nazorat qilinishini ta’minlaydigan elektr energiyasi iste’molini hisobga olishning, elektr energiyasini sotish va tarmoqlarda uzatishda yo‘qotishlarni nazorat qilishning integratsiyalashgan kompyuter tizimlarini bosqichma-bosqich joriy etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, “O‘zbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi, “O‘zeltexsanoat” uyushmasi uch oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga hozirgi vaqtda foydalanilayotgan hisobga olishning induksiyali priborlari 2005—2008-yillar mobaynida to‘liq almashtirilishini ta’minlaydigan elektr energiyasi hisobini masofadan turib boshqarishning zamonaviy elektron priborlarini mahalliylashtirish dasturi doirasida ishlab chiqish dasturini kiritsinlar.
3. “O‘zbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va qishloq tumanlari hokimliklari, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda:
qayta tashkil etilgan shirkatlarning nasoslarini suvdan foydalanuvchilar uyushmalariga yoki nasoslardan yakka tartibda foydalanuvchi fermer xo‘jaliklariga berishni bir oy muddatda tugallasin, keyinchalik shirkatlar qayta tashkil etilganda esa majburiy tartibda bir oy muddatda bir vaqtning o‘zida yangi foydalanuvchilar bilan shartnomalar tuzgan holda nasoslarning tegishli ravishda berilishini amalga oshirsin;
qayta tashkil etilgan shirkatlar hududidagi elektr tarmoqlari energiya bilan ta’minlovchi tashkilotlarga berilishini 2005-yil 1-martgacha bo‘lgan muddatda amalga oshirsin, ilgari shirkatlar orqali hisob-kitob qiladigan barcha uy xo‘jaliklarida hisobga olish priborlari o‘rnatilishini ta’minlasin, ular bilan elektr energiyasidan foydalanishga yakka tartibdagi shartnomalar tuzsin;
xatlov natijalari bo‘yicha 2005-yil 1-iyulgacha bo‘lgan muddatda barcha nasoslar va nasos stansiyalari hisobga olishning zamonaviy priborlari va tizimlari bilan jihozlanishini ta’minlasin.
Belgilansinki, hisobga olish priborlari o‘rnatilmasdan yerlarni sug‘orish uchun foydalaniladigan nasoslardan foydalanish holati mansabdor shaxslarga nisbatan ma’muriy va jinoiy javobgarlikning tegishli chora-tadbirlari qo‘llanilgan holda elektr tarmoqlariga ruxsat berilmagan ulanishga tenglashtiriladi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi:
shartnomalar tuzilishini hamda barcha yirik nasos stansiyalarining ajratilgan budjet limitlariga qat’iy muvofiq ravishda energiya iste’moli ustidan nazoratni ta’minlasin;
uskunalarning energiya sarfini kamaytirish maqsadida uch oy muddatda Nasos xo‘jaligini zamonaviylashtirish dasturini ishlab chiqsin.
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi rahbariyati (Xamrayev) nasos stansiyalari muassasalari tomonidan energiya iste’molining budjet limitlaridan ortiqcha sarflanishi uchun shaxsan javob berishi to‘g‘risida ogohlantirilsin.
(4-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-dekabrdagi 995-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son)
5. “O‘zbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda kompaniya korxonalarida, ular daromadlari va xarajatlari alohida hisobga olinishini, hisobga olishning birxillashtirilishini, kompaniya balansini jamlash imkoniyatini ta’minlovchi hisobga olishning asosiy qoidalarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
6. “O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda ikki oy muddatda elektr energiyasini tarmoqlarda uzatishda texnologik yo‘qotishlarning asoslangan normativlarini ishlab chiqishga va elektr energiyasi oqimlari hisobining integratsiyalashgan kompyuter tizimini 2005-yilda joriy etishga texnik topshiriqni tasdiqlasin.
7. “O‘zbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi tizimining rahbar kadrlarini va mansabdor shaxslarini attestatsiyadan o‘tkazish uchun ilovaga* muvofiq tarkibda komissiya tuzilsin.
* Ilova berilmaydi.
Komissiya:
“O‘zbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi tizimining kompaniyaning moliya-iqtisodiy faoliyati uchun mas’ul bo‘lgan rahbar kadrlarini va mansabdor shaxslarini ikki oy muddatda attestatsiyadan o‘tkazsin;
moliya va bank tizimlaridan malakali kadrlarni tizimga jalb etish hisobiga “O‘zbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi iqtisodiy xizmatlarini va uning hududiy bo‘linmalarini mustahkamlasin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari O‘.T. Sultonov va R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 1-noyabr,
512-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 44-son, 461-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son)