Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-apreldagi PF-5019-sonli “Ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, mamlakatni modernizatsiya qilish, inson huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini taʼminlashda prokuratura organlarining rolini kuchaytirish toʻgʻrisida”gi Farmoniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida
Qonunlar va qabul qilinayotgan qarorlarga soʻzsiz rioya etilishini taʼminlash, jamiyatda qonuniylik va huquq-tartibotni yanada mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining “Prokuratura toʻgʻrisida”gi Qonunida belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-apreldagi PF-5019-sonli “Ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, mamlakatni modernizatsiya qilish, inson huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini taʼminlashda prokuratura organlarining rolini kuchaytirish toʻgʻrisida”gi Farmoniga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi R.R. Inoyatov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori O.B. Murodov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 7-may,
PF-5436-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 7-maydagi PF-5436-sonli Farmoniga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-apreldagi PF-5019-sonli “Ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, mamlakatni modernizatsiya qilish, inson huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini taʼminlashda prokuratura organlarining rolini kuchaytirish toʻgʻrisida”gi Farmoniga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Quyidagi mazmundagi 62-band bilan toʻldirilsin:
“62. Oʻzbekiston Respublikasi prokuraturasining bayrogʻi va emblemasi namunalari 5 va 6-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilansinki, bayroq va emblemadan foydalanish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan tasdiqlanadi”.
2. 10 va 11-bandlardagi “5-ilovaga” va “6-ilovaga” degan soʻzlar tegishincha “7-ilovaga” va “8-ilovaga” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
3. Quyidagi mazmundagi 5 va 6-ilovalar bilan toʻldirilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-apreldagi PF-5019-sonli Farmoniga
5-ILOVA
5-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi prokuraturasi bayrogʻining
TAVSIFI
TAVSIFI
Oʻzbekiston Respublikasi prokuraturasi bayrogʻi (keyingi oʻrinlarda bayroq deb yuritiladi) barqarorlik, matonat, sodiqlik, fidoiylik va mardlikni ifoda etuvchi moviy rangli toʻgʻri burchakli mato koʻrinishiga ega.
Bayroq markazida geraldik belgi — Oʻzbekiston Respublikasi prokuraturasining emblemasi tasvirlangan.
Bayroq uzunligi — 250 sm, eni — 125 sm.
Bayroqning hajmi boshqacha ham boʻlishi mumkin, biroq barcha hollarda bayroqning eni uzunligiga nisbatan 1:2 boʻlishi lozim.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-apreldagi PF-5019-sonli Farmoniga
6-ILOVA
6-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi prokuraturasi emblemasi — geraldik belgi
TAVSIFI
TAVSIFI
Geraldik belgi — Oʻzbekiston Respublikasi prokuraturasi emblemasi pastki qismi choʻzilgan, yuqori burchaklari kesilgan uchburchak qalqon koʻrinishiga ega boʻlib, davlat va jamiyatni himoya qilish ramzini anglatadi.
Qalqon ortida — ikkita diagonal kesishgan oʻtkir tigʻlari pastga yoʻnaltirilgan qilichlar joylashgan. Qilichlar dastasi beshta halqadan iborat boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi prokuraturasi faoliyatining asosiy prinsiplari — birlik, markazlashganlik, qonuniylik, mustaqillik va oshkoralikni ifodalaydi.
Qalqon yuzasi va qilichlar kumush rangda. Qalqon markazida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasvirlangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbidan qalqonning Kambar hoshiyalariga qadar quyosh nurlarini ifodalovchi boʻrtma toʻgʻri chiziqlar tortilgan.
Qalqonning chap tomonida toʻq koʻk rangli bosh harflar bilan lotin alifbosida: “OʻZBEKISTON”, oʻng tomonida: “PROKURATURASI” deb yozilgan.
Geraldik belgi qonun hujjatlariga muvofiq bir xil rangda (siluet tarzida) tasvirlanishi mumkin”.
4. 5 va 6-ilovalardagi “5-ilova” va “6-ilova” degan soʻzlar tegishincha “7-ilova” va “8-ilova” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.05.2018-y., 06/18/5436/1175-son)