Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirining
buyrugʻi
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining axborot tizimida shaxsiy gʻazna hisobvaraqlarini yuritish qoidalariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 5-mayda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2772-1]
Oʻzbekiston Respublikasi Budjet kodeksi, Oʻzbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-fevraldagi PF-4954-son “Yoʻl xoʻjaligini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi, 2017-yil 18-apreldagi PF-5016-son “Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi farmonlari va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-martdagi PQ-2847-son “Moliya organlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2016-yil 24-martdagi 21-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 2772, 2016-yil 30-mart) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 13-son, 125-modda) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining axborot tizimida shaxsiy gʻazna hisobvaraqlarini yuritish qoidalariga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir D. KUChKAROV
Toshkent sh.,
2018-yil 19-aprel,
79-son
Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2018-yil 19-apreldagi 79-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining axborot tizimida shaxsiy gʻazna hisobvaraqlarini yuritish qoidalariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 2-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“BMJ — Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi (bundan buyon matnda Moliya vazirligi deb yuritiladi) huzuridagi budjetdan tashqari Respublika maqsadli kitob jamgʻarmasi, Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamgʻarmasi va Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi;”.
2. 3-ilovada:
a) 2 003-qatordagi va 3 007-qatordagi “Moliya vazirligi” degan soʻzlar “Vazirlar Mahkamasi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
b) 2 004-qatordagi “Davlat mulkini xususiylashtirishdan tushgan mablagʻlar” degan soʻzlar “Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
v) 3 002-qatordagi “Qishloq xoʻjaligini texnika bilan taʼminlashni davlat tomonidan ragʻbatlantirish” degan soʻzlar “Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
g) 3 003-qatordagi “Umumtaʼlim maktablari, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar va tibbiyot muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlash” degan soʻzlar “Taʼlim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
d) 3 008-qatordagi “Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Bolalar sportini” degan soʻzlar “Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sportni” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
3. Mazkur oʻzgartirishlar Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki, Davlat soliq qoʻmitasi va Davlat bojxona qoʻmitasi bilan kelishilgan.
Markaziy bank raisi M. NURMURATOV
2018-yil 19-aprel
Davlat soliq qoʻmitasi raisi B. PARPIYEV
2018-yil 19-aprel
Davlat bojxona qoʻmitasi raisi M. AZIMOV
2018-yil 19-aprel
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.05.2018-y., 10/18/2772-1/1169-son)