OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI HUZURIDAGI VAZIRLAR MAHKAMASINING
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT TEATRLARI VA KONSERT TAShKILOTLARINING MAQOMI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 18-apreldagi 329-sonli “Davlat teatrlari va konsert-tomosha muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Respublikada teatr va konsert faoliyatini boshqarish tuzilishini takomillashtirish, teatr-tomosha muassasalarini shartnoma (bitim) munosabatlari tizimiga oʻtkazish, oʻzbek milliy va jahon teatri hamda musiqasining eng yaxshi namunalarini targʻib qilishni yanada rivojlantirish, musiqaviy-estetik tarbiyani va aholiga madaniy xizmat koʻrsatishni yaxshilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi davlat teatr-tomosha muassasalarining ilova qilinayotgan Maqomi tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Madaniyat vazirligi bir oy muddat ichida Madaniyat vazirligi tizimidagi rahbar xodimlar, mutaxassislar bilan bitimlar tuzish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsin va uni Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Moliya vazirligi va Mehnat vazirligi bilan kelishib olsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining ijtimoiy rivojlanish, fan va madaniyat boʻlimiga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasi Raisining birinchi oʻrinbosari I. JOʻRABEKOV
Toshkent sh.,
1992-yil 13-yanvar,
11-son
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT TEATR-TOMOShA MUASSASALARINING
MAQOMI
Oʻzbekiston Respublikasi teatr-tomosha muassasalariga davlat muassasasi Maqomi berish ijtimoiy hayotni qayta qurishning hozirgi sharoitlarida insonning moddiy va maʼnaviy ehtiyojlari dialektikasida sanʼatning oʻrni, respublika fuqarolarining axloqiy eʼtiqodi, vatanparvarligi va baynalmilalligini shakllantirishda sahna sanʼatining roli bilan belgilanadi.
Mazkur Maqom teatr-tomosha muassasasining ayniqsa hozirgi sharoitda iqtisodiyot bilan bogʻliq maʼnaviy ishlab chiqarish ekanligini va shu sababli ilmiy boshqarishni, doimo oʻzgarib turuvchi tomoshabinlar ommasini oʻrganishni, uning respublika, viloyat, shahar madaniyati tizimidagi oʻrniga toʻgʻri baho berishni talab etuvchi muassasa ekanligini tan olishga asoslandi.
Mazkur Maqom teatr-tomosha muassasalari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, oʻzbek milliy, jahon teatri va musiqa sanʼatining eng yaxshi namunalarini targʻib qilishni yanada rivojlantirish, spektakllar, konsert dasturlari va chiqishlarining gʻoyaviy-badiiy saviyasini oshirish, musiqiy-estetik tarbiyani va aholiga madaniy xizmat koʻrsatishni yaxshilash, respublikada teatr va konsert faoliyatini boshqarish tuzilishini takomillashtirish, ijodiy tashabbusni ragʻbatlantirish va teatr-tomosha muassasalari jamoasining mehnat, moliyaviy va moddiy resurslardan oqilona foydalanishdan, ish sifati va samaradorligini hamda uning natijalari uchun masʼuliyatni oshirishdan manfaatdorligini kuchaytirish maqsadida ishlab chiqilgan.
Mazkur Maqomning amal qilishi teatrlarga, teatr-studiyalarga, konsert tashkilotlariga, musiqali dastalar birlashmalariga, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tizimidagi mustaqil badiiy jamoalarga va konsert zallariga taalluqlidir.
Keyingi tahrirga qarang.
Teatr-tomosha muassasalarining Maqomi mamlakat teatr va konsert tashkilotlarini xoʻjalikni yuritishning yangicha sharoitlariga oʻtkazish qoidalari asosida ishlab chiqilgan boʻlib, u oʻz ichiga quyidagi prinsiplarni oladi:
umumdavlat va ijtimoiy-madaniy siyosatni amalga oshirishni xalq deputatlari Kengashlari, madaniy boshqarmalar, ijodiy uyushmalar va boshqa jamoat tashkilotlarining huquq va burchlarini kengaytirish bilan, shuningdek, ijodiy-ishlab chiqarish va ijtimoiy rivojlanish masalalarini hal etishda teatr-tomosha muassasalari mehnat jamoalarining mustaqilligi bilan qoʻshib olib borish;
teatr-konsert faoliyatini ustun darajada tarmoq boshqaruvidan ustun darajada hududiy boshqaruvga oʻtkazish. Bunda mahalliy anʼanalar, aholining talab va ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda teatr va konsert faoliyatining kompleks va proporsional rivojlanishini taʼminlash uchun zarur boʻlgan resurslarning asosiy qismi xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining ixtiyorida boʻlishi kerak;
madaniyatni boshqarish organlari, teatr-tomosha muassasalari qaysi idoraga boʻysunishlaridan qatʼi qazar, ularda yagona mafkuraviy siyosat yuritilishini taʼminlaydilar, tarmoq kompleks dasturlari ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini tashkil etadilar, ularni zarur resurslar bilan taʼminlaydilar, bevosita oʻzlariga qarashli teatr-tomosha muassasalariga rahbarlik qiladilar;
filarmoniya faoliyatini ustun darajada rivojlantirish, sovet dramaturglari va bastakorlarining ijodiy yutuqlarini, oʻzbek milliy va jahon adabiyoti, musiqa madaniyati va xalq ijodining eng yaxshi namunalarini targʻib qilish, xalqlarining milliy madaniyatlari gullab-yashnashiga va oʻzaro boyishiga koʻmaklashish, bolalar va oʻsmirlarni musiqiy-estetik tarbiyalash ishlarini yaxshilash;
xoʻjalik yuritishning ilgʻor shakllaridan foydalanish, teatr-tomosha muassasalarini moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirishning, ijodiy-ishlab chiqarish va ijtimoiy rivojlanish hamda mehnat jamoasi mehnatiga haq toʻlash jamgʻarmalari miqdorining, har bir xodim mehnatiga toʻlanadigan haqning pirovard iqtisodiy va ijtimoiy koʻrsatkichlarga, mehnatning sifati va samaradorligiga mustahkam bogʻliqligini belgilash.
Sanʼat muassasasi sifatida teatr-tomosha muassasasining ijodiy vazifasi, janr yoʻnalishi uni tashkil etish (yoki qayta tashkil etish)da, agar teatr-tomosha muassasasi respublika boʻysunishida boʻlmasa, viloyat yoki shahar boshqaruv organlarining roziligi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan belgilanadi. Respublika teatr-tomosha muassasalarining kimga boʻysunishi Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining buyrugʻi bilan belgilab qoʻyiladi (roʻyxat boʻyicha).
Keyingi tahrirga qarang.
Teatr-tomosha muassasalarining ijodiy-ishlab chiqarish faoliyatini tashkil etish.
I. Teatr-tomosha muassasalarini boshqarish
1. Teatr-tomosha muassasalarini boshqarish mazkur Maqom va teatr ustaviga muvofiq amalga oshiriladi. Teatr boshqaruv organlari tuzilishini va uni saqlash xarajatlarini mustaqil belgilaydi.
2. Teatr-tomosha muassasasining rahbari, agar teatr yoki konsert tashkiloti respublika boʻysunishida boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan tayinlanadi. Boshqa teatr-tomosha muassasalarining rahbarlari mahalliy organlar bilan kelishilgan holda Madaniyat vazirligi tomonidan tayinlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Teatr-tomosha muassasasining badiiy rahbarligida, odatda, maxsus oliy maʼlumotga ega boʻlgan yoki teatr-tomosha muassasasida kamida 5 yil rahbarlik lavozimida ishlagan shaxslar tayinlanadi.
4. Agar teatr-tomosha muassasasi respublika boʻysunishida boʻlsa Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, boshqa hollarda esa viloyat madaniyat boshqarmalari va shahar madaniyat boʻlimlari teatr rahbari bilan mehnat shartnomasi (bitim) tuzadilar va shartnomaga muvofiq u quyidagilar uchun javob beradi:
Keyingi tahrirga qarang.
teatr-tomosha muassasasining butun ijodiy va moliyaviy-xoʻjalik faoliyati uchun;
shartnoma (bitim) majburiyatlariga javob beruvchi maqsadga yoʻnaltirilgan ijodiy jarayonni tashkil etish;
jamoada muvaffaqiyatli ishlash uchun qulay muhit yaratish, teatr ijodiy xodimlarining kasb mahoratini oʻstirish va ularda masʼuliyat hissini tarbiyalash.
Shartnoma (bitim)ga tashkiliy va ijodiy xarakterdagi bandlar kiritiladi. Ular shartnoma (bitim) boʻyicha hozirgi tarif stavkalari (okladlar)da koʻrsatilmagan maosh belgilashni oʻz ichiga olgan boʻlimlardan iborat boʻladi. Shartnoma shartlarini oshkor qilish yollanuvchi tomonga ham, yollovchi tomonga ham qatʼiyan taqiqlanadi.
5. Teatr-tomosha muassasasi rahbari ushbu korxona nomidan mustaqil tarzda harakat qiladi, uning manfaatlarini himoya qiladi, teatr mulkini istifoda etadi, shartnomalar, shu jumladan, mehnat shartnomalari tuzadi, ishonch xatlari beradi, hisob-kitob va boshqa hisoblab ochadi, mablagʻni sarflash huquqiga ega boʻladi, shtatlarni tasdiqlaydi, teatrning barcha xodimlari uchun majburiy boʻlgan buyruqlar chiqaradi va koʻrsatmalar beradi, teatr faoliyati natijalari uchun javob beradi.
6. Teatr-tomosha muassasalarida uning rahbarining taklifi bilan teatr tomonidan mustaqil belgilangan tartibda tashkil etiluvchi va harakat qiluvchi badiiy kengash yoki boshqa bir maslahat kengashi tuzilishi mumkin.
7. Teatr-tomosha muassasasi jamoasining rahbar bilan oʻzaro munosabatlari, mehnatni muhofaza qilish, ijtimoiy rivojlanish, tegishli jamgʻarmalarni taqsimlashda xodimlarning ishtirok etishi Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi va teatr ustavi asosida tartibga solinadi.
II. Mablagʻ bilan taʼminlash
8. Oʻzbekiston Respublikasida davlat teatr-tomosha muassasalarini mablagʻ bilan taʼminlash teatr sanʼatini rivojlantirishning kafolati sifatida davlatning muhim ijtimoiy-iqtisodiy majburiyati hisoblanadi.
9. Davlat tomonidan mablagʻ bilan taʼminlash quyidagilarni taʼminlamogʻi lozim:
teatr-tomosha muassasasida ijodiy faoliyat uchun zarur sharoit yaratish va uning tijoratlashuvining oldini olish;
teatr-tomosha muassasalarida xodimlarga toʻlanadigan ish haqi darajasini ularning yashash ehtiyojiga munosib tarzda saylash;
teatr guruhlarini yuksak badiiy vazifalarni bajarishga qodir kishilardan tuzish;
teatr-tomosha muassasasida ijodiy imkoniyatlarni toʻlaqonli roʻyobga chiqarishni taʼminlovchi ish rejimini qaror toptirish va saqlash;
teatr jamoasining ijodiy niyatlarini badiiy jihatdan toʻlaqonli ifoda etishi uchun zarur mablagʻ ajratish.
10. Budjetdan mablagʻ bilan taʼminlash normativi miqdori Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi yoki viloyat madaniyat boshqarmasi tomonidan konsert-tomosha muassasalarining qaysi tarmoqqa boʻysunishiga koʻra quyidagi umumrespublika ijtimoiy-iqtisodiy normativlari asosida belgilanadi:
mehnat haqi boʻyicha — artistlar va badiiy xodimlarning eng kam ish haqi xalq xoʻjaligidagi Xodimning oʻrtacha ish haqiga, boshqa xodimlarning ish haqi esa tegishli mintaqa xalq xoʻjaligidagi ishlab chiqarishda xizmat qiladigan xuddi shunday Xodimning ish haqiga teng boʻlishi kerak;
mehnatni tashkil etish boʻyicha — artistlar va badiiy xodimlar soni teatr-tomosha muassasalari turiga koʻra quyidagi miqdorda boʻladi: opera va balet teatrida 400 artist va 60 xodim, musiqali komediya teatrida 180 artist va 28 xodim, drama teatri va yosh tomoshabinlar teatrida 40 artist va 15 xodim, qoʻgʻirchoq teatrida 20 artist va 11 xodim;
konsert-filarmoniya tashkilotlarida normativlar hisobi konsert faoliyatining hajmiga bogʻliq ravishda ishlab chiqiladi;
ijodiy jarayonni har yili taʼminlashga ketadigan eng kam mablagʻ miqdori quyidagicha: opera va balet teatri uchun 250 ming soʻm, yosh tomoshabinlar teatri uchun 100 ming soʻm, qoʻgʻirchoq teatri uchun 30 ming soʻm.
Koʻrsatilgan normativ mablagʻlar har yili ulgurji narxlar va tariflar hisobga olingan holda umumdavlat metodologiyasi boʻyicha oʻzgartirib turiladi.
Ijodiy jarayonni tashkil etish boʻyicha — spektakllarning yillik normativ miqdori 280 spektakldan iborat.
Keyingi tahrirga qarang.
11. Teatrlarning mazkur Maqomning 10-bandida koʻzda tutilmagan turlari boʻyicha xodimlar soni normativlari va ijodiy jarayonni mablagʻ bilan taʼminlash normativlari teatr-tomosha muassasasi bilan Madaniyat vazirligi, viloyat madaniyat boshqarmalari oʻrtasida tuzilgan shartnoma bilan belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
12. Ijtimoiy-iqtisodiy normativlar faqat davlat mablagʻi bilan taʼminlash normativlarida koʻrsatilgan mablagʻni hisob-kitob qilishdagina qoʻllaniladi. Bunda har bir teatr rejalashtirish jarayonida oʻziga xos sharoitlarni va jamoa iqtisodiy imkoniyatlarini hisobga olgan holda artistlar va badiiy xodimlar sonini, ijodiy-ishlab chiqarish faoliyati koʻrsatkichlarini mustaqil belgilaydi.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi milliy, ijtimoiy va iqtisodiy sharoitlarning oʻziga xosligiga bogʻliq ravishda normativ mablagʻ bilan taʼminlashni hisob-kitob qilayotganda jamoa ijodiy niyatlarini toʻlaqonli badiiy ifodalashga keladigan sarflarni oshirishi va spektakllar sonini kamaytirishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
14. Davlat mablagʻi bilan taʼminlash normativ summasi joriy yilda quyidagi hollarda qayta qurib chiqiladi:
teatr faoliyati sharoitlarida muhim oʻzgartishlar yuz berganda (boshqa binoga koʻchish, rekonstruksiya, texnik qayta jihozlash va boshqalar);
stavkalar va lavozim maoshlari, ish haqiga qoʻshimchalar va boshqalarga oid umumdavlat tadbirlarini amalga oshirishda;
narxlar bir marta jiddiy oʻzgarganda yoki teatr-tomosha muassasasi foydalanadigan xizmatlar tariflarining narxlari indekslari oshganda.
15. Davlat mablagʻi bilan taʼminlashning normativ summasi Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan tasdiqlangan metodikaga muvofiq ijtimoiy-iqtisodiy normativlar asosda belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
16. Teatr-tomosha muassasalari faoliyatini mablagʻ bilan taʼminlash Oʻzbekiston Respublikasining davlat budjeti va mahalliy budjetlar hisobidan amalga oshiriladi.
17. Teatr-tomosha muassasalari uchun quyidagi barqaror iqtisodiy normativlar belgilanadi;
teatrlar uchun:
a) bir tomoshabin hisobiga teatr, musiqa sanʼati va konsert faoliyatini rivojlantirish jamgʻarmasidan budjetdan mablagʻ bilan taʼminlash normativi;
b) hozirgi vaqtda yuqorida aytib oʻtilgan normativ boʻyicha mablagʻ bilan taʼminlashga oʻtilgunga qadar budjetdan mablagʻ bilan taʼminlash limiti joriy etiladi, yaʼni teatrning kimga boʻysunishiga muvofiq uni mablagʻ bilan taʼminlash 70 va undan yuqori foizdan boshlab budjet hisobidan, qolgan mablagʻ esa teatrning oʻz daromadi va boshqa kirimlar hisobidan boʻladi. Teatrlarga respublika Madaniyat vazirligi, viloyat yoki shahar madaniyat boshqarmalari tomonidan moliyaviy yordam berish har bir teatr uchun alohida amalga oshiriladi va teatr rahbari bilan tuziladigan mehnat shartnomasida maxsus belgilab qoʻyiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
v) belgilangan tartibda aniqlangan valyuta jamgʻarmasini tuzish normativi;
konsert tashkilotlariga:
bitta konsert yoki bir tinglovchi hisobiga filarmoniya faoliyatini budjetdan mablagʻ bilan taʼminlash normativi (konsert tashkilotlari normativ mablagʻ bilan taʼminlashga oʻtgunga qadar filarmoniya faoliyatiga mablagʻ ajratish summasi belgilanadi);
ijodiy-ishlab chiqarish va ijtimoiy rivojlanish jamgʻarmasi tashkil etish normativi;
ish haqi jamgʻarmasi va ragʻbatlantirish jamgʻarmasi tashkil etish normativlari;
valyuta tushumlaridan valyuta ajratmalari jamgʻarmasi tashkil etish normativi.
18. Madaniyatni boshqarish yuqori organlari teatr-tomosha muassasalariga quyidagi dastlabki maʼlumotlarni yetkazadi:
teatrlarga:
a) xizmat koʻrsatiladigan tomoshabinlar soniga oid nazorat raqamlari;
b) asosiy banklarni foydalanishga topshirishga oid davlat buyurtmasi;
v) davlat markazlashtirilgan kapital sarmoyasi va qurilish-montaj ishlari, markazlashtirilgan holda taqsimlanadigan moddiy resurslar limitlari;
konsert tashkilotlariga:
a) filarmoniya konsertlari, qishloq aholisi, bolalar va oʻsmirlar uchun konsernlar soni;
b) jami tinglovchilar soni, shu jumladan, filarmoniya faoliyati boʻyicha;
v) konsert tashkilotining ijtimoiy rivojlanish koʻrsatkichlari.
Nazorat raqamlari koʻrsatma xarakteriga ega emas va konsert tashkilotlari tomonidan yillik rejalar tuzishda faqat yoʻnalish hisoblanadi.
Nazorat raqamlari koʻrsatkichlarining aniq tarkibi har bir teatr-tomosha muassasasi uchun nufuzli madaniyat tashkiloti tomonidan uning ish xususiyatlarini hisobga olgan holda belgilanadi.
Madaniyatni boshqarish organlari muhim muammolarni hal etish, aholini teatr va konsert xizmati bilan taʼminlashdagi hududiy nomutanosibliklarni bartaraf etish, shuningdek, maxsus tadbirlarni oʻtkazish (festivallar, koʻriklar, tanlovlar, yangi spektakllar yaratish va hokazolar) uchun teatr-tomosha muassasalariga, odatda, tanlovli shartnoma asosida maqsadli ijodiy buyurtmalar berishi mumkin. Shartnomada ishning (xizmatning) hajmi, tuzilishi va sifati, moddiy va moliyaviy resurslar bilan taʼminlash tartibi, imtiyozlar berish va boshqa shartlar belgilab qoʻyiladi. Nazarda tutilgan ish (xizmat)lar amaldagi davlat bahosi va tarifi boʻyicha toʻlanadi.
Respublika teatr-tomosha muassasalari faoliyatini rivojlantirish maqsadida quyidagi ishlar amalga oshiriladi;
davlat va jamoat muassasalari va tashkilotlariga jamoalar roziligi bilan ijtimoiy rivojlanish jamgʻarmasi va shunga oʻxshash boshqa jamgʻarmalar mablagʻlarining bir qismidan teatr-tomosha muassasalari faoliyatini mablagʻ bilan taʼminlashda foydalanish huquqi berilsin. Shartnoma asosidagi maqsadli ijodiy buyurtmalarni amalga oshirish ham shu jumlaga kiradi;
belgilansinki, teatrlarning gastrol faoliyati madaniyatni boshqarish organlarining maqsadli ijodiy buyurtmalari boʻyicha yoki boshqa boshqaruv organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar bilan tuziladigan shartnomalar asosida toʻgʻridan toʻgʻri amalga oshirilishi mumkin;
chetdan keladigan teatr-tomosha muassasalariga respublika hududida gastrolda boʻlish uchun guvohnoma berish huquqi faqat Oʻzbekiston Madaniyat vazirligi (teatr jamoalari)ga, M. Qoriyoqubov nomidagi Oʻzbekiston Davlat filarmoniyasi (konsert-filarmoniya jamoalari)ga, “Oʻzdavestrada” respublika davlat-kooperativ birlashmasi (estrada jamoalari)ga berilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
III. Teatr-tomosha muassasalarini rejalash, ularga narx belgilash
19. Teatr-tomosha muassasasi oʻz faoliyatini mustaqil ravishda rejalashtiradi va rivojlanish istiqbolini teatr rahbari bilan tuzilgan shartnomada koʻzda tutilgan vazifalar (maqsadlar)dan, mavjud ijodiy va xoʻjalik resurslari va teatrni ijodiy va ijtimoiy rivojlantirish zaruriyatidan kelib chiqib belgilaydi.
20. Teatr-tomosha muassasasi biletlar narxini oʻzi Mustaqil ravishda belgilaydi. Bunda aholining ijtimoiy himoya qilinmagan guruhlariga spektakl biletlarining kamida 20 foizini imtiyozli narxda sotish kafolatini beradi. Teatr tomonidan realizatsiya qilinadigan boshqa pulli xizmatlar va mahsulotlar narxi (tariflari) Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan tartibda belgilanadi.
21. Teatr-tomosha muassasasi oʻz xarajatlarini quyidagi koʻrinishda olinadigan daromadlar hisobidan qoplaydi:
budjetdan mablagʻ bilan taʼminlash;
barcha turdagi spektakllar va boshqa tomoshalarga sotiladigan biletlardan tushgan yigʻim;
bajarilgan ishlar va koʻrsatilgan xizmatlar uchun shartnomalar boʻyicha davlat boshqaruv organlari, barcha tashkiliy-huquqiy shakldagi korxonalar, muassasalar, jamoat tashkilotlari va boshqa tashkilotlardan tushgan tushum;
xayriya badallari, hadyalar, moliyaviy yordam pullari;
bankdagi omonatlar foizidan;
boshqa tushumlardan.
22. Teatrning sovet va xorijiy huquqiy shaxslar hamda fuqarolardan tekin xayr-ehson (hadyalar, moliyaviy yordam pullari) olish huquqi cheklanmaydi.
23. Moddiy va unga tenglashtirilgan xarajatlar, majburiyatlar boʻyicha toʻlovlar, xodimlarga ish haqi berishdan keyin qolgan mablagʻlar mustaqil ravishda teatrning tegishli jamgʻarmalariga taqsimlanadi.
24. Teatr-tomosha muassasasining ijodiy-ishlab chiqarish va ijtimoiy rivojlanish jamgʻarmasi mablagʻlari faqat muayyan maqsadlarga sarflanadi va ular ish haqi sifatida toʻlanmaydi.
Teatr-tomosha muassasasi tomonidan uning asosiy jamgʻarmalari tarkibiga qiruvchi buyumlarni sotishdan tushgan mablagʻ bevosita ijodiy-ishlab chiqarish va ijtimoiy rivojlanish jamgʻarmasi hisobiga oʻtkaziladi.
25. Teatr-tomosha muassasasi kredit shartnomalari va hisob-kitob intizomiga rioya qilinishi uchun toʻla javob beradi.
IV. Ijodiy mehnat va ish haqi
Teatr-tomosha muassasasi oʻz rahbari nomidan har bir xodim bilan Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan va tasdiqlangan mehnat shartnomasi (bitimi) asosida oʻzaro kelishuvga binoan muayyan muddatga shartnoma tuzadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Xodimlarga ish haqi mehnat ulushi koeffitsiyenti qoʻllangan holda amaldagi qarorga muvofiq beriladi.
Barcha toifadagi xodimlar uchun asos boʻluvchi (majburiy) mehnat normalari teatr badiiy kengashi qarori bilan belgilanadi.
V. Tashqi iqtisodiy faoliyat
26. Teatr-tomosha muassasasi Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi asosida tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish huquqiga ega.
27. Teatr-tomosha muassasasi chet el valyutasi hisobida sovet va xorijiy bank kreditlari va tijorat kreditlaridan foydalanishi, shuningdek, belgilangan tartibda valyuta sotib olishi hamda sotishi mumkin.
VI. Teatrni tugatish
Teatr-tomosha muassasasini tugatish (shuningdek, uni tubdan qayta tashkil etish) huquqi teatr boʻysunadigan organga tegishlidir;
tugatish (yoki qayta tashkil etish) teatr jamoasi gʻoyaviy-badiiy jihatdan eskirgan taqdirda amalga oshiriladi;
respublika miqyosidagi teatr-tomosha muassasalarini tugatish (yoki qayta tashkil etish) Respublika hukumati tomonidan tasdiqlanishi shart.