Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
AVTOMOTOTRANSPORT VOSITALARINI SOTIB OLISh, ULARDAN FOYDALANISh VA ULARNI BOShQA ShAXSLARGA BERIShNI TARTIBGA SOLISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan avtomototransport vositalarini sotib olish, ulardan foydalanish va ularni boshqa shaxslarga berishni hamda ularni Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati organlarida roʻyxatdan oʻtkazishni tartibga solish, shuningdek jinoyatchilikning oldini olish chora-tadbirlarini kuchaytirish va respublikaning iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilansinki:
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati organlarida roʻyxatdan oʻtkazilishi kerak boʻlgan avtomototransport vositalarining oldi-sotdi shartnomalarini rasmiylashtirish faqat notariuslar tomonidan, ular birjalar va savdo-sotiq qilish huquqiga tegishli ruxsatnomasi boʻlgan ixtisoslashtirilgan savdo korxonalari orqali sotilgan taqdirsa esa – ushbu tashkilotlar tomonidan amalga oshiradi:
Keyingi tahrirga qarang.
oldi-sotdi shartnomasi rasmiylashtirilgunga qadar agregatlar raqamlarining roʻyxatdan oʻtkazilgan raqamlarga muvofiqligini aniqlash uchun avtomototransport vositasi Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati organlarida koʻrikdan oʻtkazilishi shart;
respublika hududiga boshqa davlatlardan olib kelingan avtomototransport vositalarini boshqa shaxslarga berish ular bojxona organlarida roʻyxatdan oʻtkazilgach va Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati organlarida hisobga olingandan keyin amalga oshiriladi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati organlari tomonidan hisobga olinmagan avtomobillarni bozorlarda sotish taqiqlansin.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, Markaziy bank va tijorat banklarining tegishli boʻlinmalari bilan birgalikda avtomototransport vositalarini boshqa shaxslarga berish bitimlarini oʻz vaqtida va sifatli rasmiylashtirish maqsadida bir oy muddatda:
avtomototransport vositalarini roʻyxatdan oʻtkazish xizmatlari, notarial idoralar, banklar boʻlimlari va avtomototransport bozorlari hududlarining yongʻin xavfsizligini taʼminlash xizmatlarini joylashtirish va ular ishini tashkil etish uchun avtomototransport bozorlari hududida zarur joylar ajratish choralarini koʻrsinlar;
avtomototransport bozorlari hududida ish koʻrayotgan oʻzlariga qarashli boʻlinmalarning ishi va oʻzaro hamkorligining yagona tartibini ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda amaldagi avtomototransport vositalariga nisbatan bitimlar va ishonchnomalarni rasmiylashtirish tartibi toʻgʻrisidagi fuqarolik qonunchiligiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin;
Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari boʻlmagan shaxslarga avtomototransport vositalari ijara shartnomalarini, shuningdek avtomototransport vositalariga nisbatan vakolatlarni boshqa shaxsga oʻtkazish huquqini beruvchi ishonchnomalarni notarial rasmiylashtirishni vaqtincha taqiqlasin.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 3-noyabrdagi 533-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat boji stavkalari 4-bandi “p” kichik bandining toʻrtinchi xatboshidagi “eng kam ish haqining 10 baravari miqdorida” soʻzlari “eng kam oylik ish haqining 20 baravari miqdorida” soʻzlari bilan almashtirilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi T.A. Xudoybergenov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2001-yil 28-avgust,
354-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2001-y., 15-16-son, 110-modda; 2003-y., 1-2-son, 8-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.10.2018-y., 09/18/863/2098-son; 16.06.2020-y., 09/20/384/0770-son)