O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Termiz shahridagi San’at saroyi faoliyatini tashkil etish va boshqa infratuzilma obyektlaridan samarali foydalanishni ta’minlash to‘g‘risida
Termiz shahridagi San’at saroyi faoliyatini tashkil etish va boshqa infratuzilma obyektlaridan samarali foydalanishni ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2015 — 2017-yillarda Surxondaryo viloyatining yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2015-yil 22-maydagi PQ-2349-son qaroriga muvofiq Termiz shahar At-Termiziy ko‘chasida San’at saroyi, Amfiteatr, “Xotira maydoni” yodgorlik kompleksi va Alpomish haykali hamda ularga tutash hududlarni o‘z ichiga olgan majmua (keyingi o‘rinlarda Majmua deb ataladi) qurilib, foydalanishga topshirilgani ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Surxondaryo viloyati hokimligi va O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining San’at saroyi va Amfiteatrdan foydalanish maqsadida “Surxondaryo san’at saroyi” davlat muassasasini (keyingi o‘rinlarda San’at saroyi deb ataladi) tashkil etish va unga Majmua hududidagi San’at saroyi va Amfiteatr binosini operativ boshqaruv huquqi asosida bepul berish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
3. Quyidagilar San’at saroyining asosiy vazifalari etib belgilansin:
o‘zbek va jahon mumtoz san’ati an’analarini, teatr, musiqa, raqs va milliy estrada san’atini rivojlantirish va targ‘ib qilish, o‘zbek xalqining boy ma’naviy merosini tarannum etuvchi, milliy va umumbashariy qadriyatlarni ulug‘lovchi yorqin sahna asarlarini namoyish etish orqali aholining keng qatlamlarini san’at ustalari va iste’dodli yosh ijrochilarining ijodidan bahramand etish;
xalqimiz, ayniqsa, yoshlar qalbida milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ularini mustahkamlash, ularni ona Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy g‘oya ruhida tarbiyalashga xizmat qiluvchi rang-barang ijodiy dasturlar orqali yoshlarning ma’naviy dunyoqarashini yuksaltirish;
davlat ahamiyatiga molik muhim tadbirlar, xalqaro festivallar, ko‘rik-tanlovlar, konferensiyalar, ijtimoiy-madaniy anjumanlar o‘tkazish.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Belgilab qo‘yilsinki, San’at saroyini saqlash va uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bilan bog‘liq xarajatlar Surxondaryo viloyati mahalliy budjeti mablag‘lari (San’at saroyining o‘z daromadlari bilan qoplanmagan qismi uchun), San’at saroyining o‘z daromadlari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
5. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi o‘n kun muddatda:
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan kelishgan holda San’at saroyining shtatlar jadvalini, xodimlar mehnatiga haq to‘lash miqdorlari va shartlarini tasdiqlasin;
San’at saroyini doimiy ravishda malakali xodimlar bilan ta’minlab borsin hamda uning samarali faoliyat yuritishini tashkil etsin.
6. Surxondaryo viloyati hokimligi:
o‘n kun muddatda San’at saroyining ustavini ishlab chiqib, tasdiqlasin va belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlasin;
ikki oy muddatda San’at saroyining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, uni zarur maxsus asbob-uskunalar, xavfsizlikni ta’minlovchi texnik vositalar bilan jihozlash choralarini ko‘rsin.
7. Surxondaryo viloyati hokimligining Majmuada obodonlashtirish ishlarini tashkil etish va boshqarishni yanada takomillashtirish, ignabargli va manzarali o‘simliklarning qimmatli turlari saqlab qolinishini ta’minlash maqsadida Termiz shahar hokimligi huzurida San’at saroyi hududini obodonlashtirish, “Xotira maydoni” yodgorlik kompleksi va Alpomish haykaliga tutash hududlarni ko‘kalamzorlashtirish, obodonlashtirish va saqlash departamentini (keyingi o‘rinlarda Departament deb ataladi) davlat muassasasi shaklida tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
8. Quyidagilar Departamentning asosiy vazifalari etib belgilansin:
San’at saroyining obodonlashtiriladigan hududini, “Xotira maydoni” yodgorlik kompleksi va Alpomish haykaliga tutash hududlarning namunali saqlanishini ta’minlash, obodonlashtirish obyektlaridan foydalanish ishlarining shaharsozlik hamda sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiq o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini tashkil etish;
mukammal va joriy ta’mirlash ishlarining o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash, shuningdek, sun’iy sug‘orish tizimlari, nasos stansiyalari, quduqlar, qattiq qoplamalar, yo‘llar va yo‘laklarning, ko‘chalarni yoritish vositalari va favvoralarning sanitariya va texnik jihatdan zarur holatda bo‘lishini ta’minlash;
ignabargli va manzarali o‘simliklarning qimmatli turlarini saqlash, ulardan foydalanish hamda ularni saqlab qolish ishlarining o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini tashkil etish, yashil maysalarni saqlash, ularning zararkunandalari va kasalliklariga qarshi kurashish bo‘yicha kompleks agrotexnika tadbirlarini, xizmat ko‘rsatiladigan hududni yanada ko‘kalamzorlashtirish va obod qilish chora-tadbirlarini amalga oshirish;
obodonlashtirish obyektlarini saqlash va rivojlantirish, ularning sanitariya jihatidan tozalanishini ta’minlash.
9. Termiz shahar hokimligi huzuridagi San’at saroyi hududini obodonlashtirish, “Xotira maydoni” yodgorlik kompleksi va Alpomish haykaliga tutash hududlarni ko‘kalamzorlashtirish, obodonlashtirish va saqlash departamentining boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 6 nafardan iborat tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
10. Departament xodimlariga Vazirlar Mahkamasining “Obodonlashtirish xodimlarini moddiy rag‘batlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2009-yil 1-apreldagi 91-son qarori bilan tasdiqlangan shahar va tuman obodonlashtirish boshqarmalari xodimlari mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirish tartibi tadbiq etilsin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
San’at saroyi faoliyati uchun zarur bo‘lgan 2 ta avtotransport, shu jumladan 1 ta yengil va 1 ta yuk avtotransporti uchun limit;
Departament faoliyati uchun 2-ilovaga muvofiq zarur bo‘lgan maxsus avtotransport vositalarini xarid qilish bo‘yicha mablag‘ ajratsin.
12. Belgilab qo‘yilsinki, Departamentni saqlash va foydalanish xarajatlari har yili Surxondaryo viloyati mahalliy budjeti parametrlarida obodonlashtirish uchun nazarda tutiladigan mablag‘lar doirasida moliyalashtiriladi.
13. Surxondaryo viloyati hokimligi:
bir oy muddatda Departamentning ustavini ishlab chiqib, tasdiqlasin va belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini;
Departamentga o‘tkaziladigan ignabargli va manzarali o‘simliklarning qimmatli turlari, hududlarni yoritish obyektlari, favvoralar va boshqa obodonlashtirish obyektlarining xatlovdan o‘tkazilishini;
xatlov natijalari bo‘yicha obodonlashtirish obyektlarining Departamentga kelgusida foydalanish uchun belgilangan tartibda operativ boshqaruv huquqi asosida bepul berilishini;
Departamentni malakali muhandis-texnik va ishlab chiqarish xodimlari bilan ta’minlanishini;
obodonlashtirish ishlarining shaharsozlik hamda sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiq, shuningdek, Termiz shahri va uning tashqi qiyofasiga zamonaviy talablarni hisobga olgan holda tashkil etilishi va amalga oshirilishini;
San’at saroyining obodonlashtiriladigan hududi, “Xotira maydoni” yodgorlik kompleksi va Alpomish haykalini, ularga tutash hududlarni obodonlashtirish bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlarga ajratiladigan budjet mablag‘laridan samarali va maqsadli foydalanish yuzasidan nazoratni ta’minlasin.
14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Surxondaryo viloyati hokimi E.O. Turdimov va O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri B.S. Sayfullayev zimmasiga, Vazirlar Mahkamasining Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari hamda Madaniyat, san’at va yoshlar siyosati masalalari axborot-tahlil departamentlariga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 17-mart,
204-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 17-martdagi 204-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Termiz shahar hokimligi huzuridagi San’at saroyi hududini obodonlashtirish, “Xotira maydoni” yodgorlik kompleksi va Alpomish haykaliga tutash hududlarni ko‘kalamzorlashtirish, obodonlashtirish va saqlash departamentinining
TUZILMASI
Xodimlarning cheklangan soni:
boshqaruv xodimlari — 6 nafar;
yordamchi xodimlar — 5 nafar.
Izoh. Ishlab chiqarish xodimlari soni bajariladigan ishlar hajmidan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 17-martdagi 204-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Termiz shahar hokimligi huzuridagi San’at saroyi hududini obodonlashtirish, “Xotira maydoni” yodgorlik kompleksi va Alpomish haykaliga tutash hududlarni ko‘kalamzorlashtirish, obodonlashtirish va saqlash departamenti faoliyati uchun xarid qilinadigan maxsus avtotransport vositalari
RO‘YXATI
|
Texnika nomi |
Talab etiladigan texnika soni | |
|
1. |
Suv sepish-yuvish mashinasi |
1 |
|
2. |
Supurish-yig‘ishtirish mashinasi |
1 |
|
3. |
“Isuzu” samosvali |
1 |
|
4. |
“Isuzu” teleskopik minorasi |
1 |
|
5. |
Yo‘lkalarni tozalash mashinasi |
1 |
|
6. |
“Damas WAN” avtomobili |
1 |
|
7. |
Maysa o‘rish avtomashinasi |
2 |
|
|
Jami: |
8 |
Izoh. Texnika qiymati texnika yetkazib beruvchilar bilan tuziladigan shartnomalar asosida aniqlanadi.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 22.03.2018-y., 09/18/204/0937-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)