Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Afgʻoniston Islom Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Bojxona ishlarida hamkorlik va oʻzaro yordam toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Afgʻoniston Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
Bojxona huquqbuzarliklari Tomonlar davlatlarining iqtisodiy, moliyaviy, sanoat, tijoriy va madaniy manfaatlariga ziyon yetkazishini hisobga olib;
Tovarlar importi va eksportida undiriladigan bojxona toʻlovlarini aniq hisoblashni taʼminlash, shuningdek, bunday tovarlarning qiymati va kelib chiqishini toʻgʻri belgilash muhimligini tushunib;
Bojxona huquqbuzarliklarining oldini olishga qaratilgan saʼy-harakatlar Tomonlar davlatlarining bojxona organlari uzviy hamkorligi vositasida yanada samarali boʻlishiga ishonch bildirib;
1953-yil 5-dekabrdagi Bojxona hamkorligi kengashining oʻzaro maʼmuriy yordam toʻgʻrisidagi Tavsiyalarini inobatga olib;
1961-yil 30-martdagi Giyohvandlik vositalari toʻgʻrisidagi BMT Yagona Konvensiyasi, 1971-yil 21-fevraldagi Psixotrop moddalar toʻgʻrisidagi BMT Konvensiyasi va 1988-yil 20-dekabrdagi Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurash toʻgʻrisidagi BMT Konvensiyasi qoidalarini inobatga olib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Taʼriflar
Taʼriflar
Mazkur Bitim maqsadlari uchun qoʻllaniladigan atamalar quyidagilarni anglatadi:
1. “Bojxona qonunchiligi” — bojxona toʻlovlarini undirish yoki bojxona organlari tomonidan taqiqlash, cheklash va nazorat qilish boʻyicha choralar qoʻllashni nazarda tutuvchi, tovarlar eksporti, importi va tranziti yoki boshqa bojxona tartibida qoʻllaniladigan Tomonlar davlatlarining qonunlari va boshqa qonun hujjatlari;
2. “Bojxona huquqbuzarliklari” — Tomonlar davlatlarining bojxona qonunchiligini buzishga qaratilgan noqonuniy xatti-harakat;
3. “Bojxona toʻlovlari” — Tomonlar davlatlarining hududida ularning bojxona qonunchiligiga muvofiq hisoblanadigan va undiriladigan barcha bojlar, soliqlar va boshqa yigʻimlar;
4. “Shaxs” — istalgan jismoniy yoki yuridik shaxs;
5. “Shaxs toʻgʻrisidagi maʼlumotlar” — aniqlangan yoki aniqlanadigan jismoniy yoki yuridik shaxsga tegishli boʻlgan har qanday maʼlumot;
6. “Giyohvandlik vositalari” — 1961-yildagi Giyohvandlik vositalari toʻgʻrisidagi BMT Yagona Konvensiyaning, unga 1961-yildagi Giyohvandlik vositalari toʻgʻrisidagi Konvensiyasiga qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi 1972-yilgi Bayonnomaga muvofiq oʻzgartirishlar bilan I va II roʻyxatiga kiritilgan har qanday tabiiy yoki sunʼiy moddalar;
7. “Psixotrop modda” — 1971-yildagi Psixotrop moddalar toʻgʻrisidagi BMT Konvensiyasining I, II, III va IV roʻyxatiga kiritilgan har qanday tabiiy yoki sunʼiy modda yoxud har qanday material;
8. “Prekursor” — 1988-yildagi Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurash toʻgʻrisidagi BMT Konvensiyasining I va II jadvaliga kiritilgan har qanday moddalar;
9. “Nazorat qilinadigan yetkazib berish” — Tomonlar davlatlari hududida giyohvandlik vositalari, psixotrop vositalar, ular prekursorlarining, shuningdek, erkin aylanishi taqiqlangan yoki cheklangan jinoyat vositalari, boshqa predmetlarning tashilishi (import, eksport, tranzit qilinishi), bunday aylanmada qatnashadigan shaxslarni aniqlash va ularning xalqaro noqonuniy aylanmasini bartaraf qilish maqsadida Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari nazorati va ruxsati bilan olib oʻtilishini nazorat qilish boʻyicha faoliyat.
2-modda
Bitimni amalga oshirish uchun masʼul organlar
Bitimni amalga oshirish uchun masʼul organlar
Mazkur Bitimni amalga oshirish uchun masʼul organlar Tomonlar davlatlarining quyidagi bojxona organlari hisoblanadi (keyingi oʻrinlarda “Bojxona organlari” deb ataluvchilar):
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan — Davlat bojxona qoʻmitasi;
Afgʻoniston Islom Respublikasi Hukumati nomidan — Moliya vazirligi huzuridagi Afgʻon bojxona departamenti.
3-modda
Qoʻllanish sohalari
Qoʻllanish sohalari
1. Tomonlar oʻz vakolatlari doirasida axborot almashinuvi va oʻzaro yordam koʻrsatish orqali hamkorlikni amalga oshiradilar.
2. Mazkur Bitim doirasida koʻrsatiladigan yordam soʻrov yuboriladigan Tomonning qonunchiligi va ularning davlatlari qatnashchisi boʻlgan xalqaro shartnomalarga muvofiq amalga oshiriladi.
4-modda
Bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish
Bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish
Tomonlar oʻz davlatlarining qonunchiligiga muvofiq:
a) Oʻzaro kelishuv asosida Tomonlar davlatlarining bojxona rasmiylashtiruvini soddalashtirish boʻyicha barcha zarur choralarni koʻradilar;
b) bir-birlarining qonun hujjatlari va bojxona hujjatlarini tan oladilar.
5-modda
Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va ularning prekursorlari noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish
Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va ularning prekursorlari noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish
1. Tomonlar giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va ularning prekursorlari noqonuniy muomalasining oldini olish, tergov qilish va bartaraf etish boʻyicha harakatlarni faollashtirish maqsadida bir-birlarini qisqa muddatlarda va dastlabki soʻrovsiz oʻz davlatlari qonunchiligi doirasida quyidagi maʼlumotlar bilan taʼminlaydilar:
a) giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va ularning prekursorlari noqonuniy muomalasi bilan shugʻullanadigan va bu boʻyicha gumonlangan shaxslar;
b) giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va ularning prekursorlari noqonuniy muomalasida qoʻllaniladigan yoki bu boʻyicha gumonlangan transport vositalari, shu jumladan, konteynyerlar va xalqaro pochta joʻnatmalari, shuningdek, ularni nazorat qilishning yangi usullari.
s) giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va ularning prekursorlari noqonuniy muomalasida qoʻllaniladigan usullar, shuningdek, ularni nazorat qilishning yangi usullari.
2. Mazkur moddaning 1-bandiga muvofiq Tomonlardan olingan maʼlumotlar, hisobotlar va hujjatlar giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va ularning prekursorlari noqonuniy aylanmasi va giyohvandlikka qarshi kurash bilan shugʻullanuvchi huquqni muhofaza qilish va boshqa davlat organlariga yetkazilishi mumkin.
6-modda
Tovarlarni yetkazib berishni nazorat qilish
Tovarlarni yetkazib berishni nazorat qilish
1. Oʻzaro kelishuvga koʻra, Tomonlar quyidagi tovarlarni yetkazib berishni nazorat qilish usulidan foydalanadilar:
a) giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va ularning prekursorlari;
b) jinoyat sodir qilish vositasi sifatida foydalaniladigan tovarlar;
s) jinoyat natijasida yoki noqonuniy xatti-harakatlar, shu jumladan, kontrabanda oqibatida olingan tovarlar.
2. Tovarlarni yetkazib berishni nazorat qilish toʻgʻrisidagi qaror Tomonlarning qonunchiligi asosida ularning moliyaviy imkoniyatlarini hisobga olgan holda qabul qilinadi.
7-modda
Soʻrovnoma boʻyicha yordam koʻrsatish
Soʻrovnoma boʻyicha yordam koʻrsatish
1. Soʻrayotgan Tomon soʻrovnomasiga binoan, soʻralayotgan Tomon bojxona qonunchiligiga rioya qilishga yordam beruvchi barcha mavjud tegishli maʼlumotni, shu jumladan, tovarlarni tashish va yuklash, bunday tovarlar joylashgan joyi va ulardan koʻzlangan maqsadi, ularning qiymati va kelib chiqishi, shuningdek, bojxona huquqbuzarligiga olib kelgan yoki olib kelishi mumkin boʻlgan sodir etilgan yoki rejalashtirilayotgan harakatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim qiladi.
2. Soʻrayotgan Tomonning soʻrovnomasiga koʻra, soʻralayotgan Tomon, zarur boʻlganda, tovarlar uchun bojxona rejimini belgilaydigan Tomonlarning davlatlari hududiga tovarlarni import yoki undan eksport qilishning qonuniyligi boʻyicha xabardor qiladi.
3. Bojxona organlari dastlabki soʻrovsiz va qisqa muddatlarda bojxona nazoratida aniqlangan bojxona huquqbuzarliklari toʻgʻrisidagi axborotni taqdim qiladilar. Bu, asosan, quyidagi predmetlarni tashish bilan bogʻliq barcha bojxona huquqbuzarliklariga nisbatan qoʻllaniladi va ularga ustuvorlik beradi:
a) qurol-yarogʻ, harbiy texnika va harbiy uskuna, portlovchi va zaharli moddalar, shuningdek, tabiiy resurslar, atrof-muhit va jamiyat salomatligiga xavf soluvchi moddalar;
b) tarixiy, madaniy, ilmiy yoki muzey ahamiyatiga ega buyumlar;
s) Tomonlar davlatlari qonunchiligiga muvofiq, bojxona bojlari, aksiz va boshqa yigʻimlar undiriladigan juda muhim ahamiyatga va boshqa nodir qiymatga ega yuklar.
8-modda
Yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi soʻrovnomaning shakli va mazmuni
Yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi soʻrovnomaning shakli va mazmuni
1. Yordam koʻrsatish Tomonlarning bojxona organlari oʻrtasida bevosita aloqa orqali amalga oshiriladi.
2. Yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi soʻrovnomalar mazkur Bitimga muvofiq yozma shaklda amalga oshiriladi. Shoshilinch holatlarda ogʻzaki yoki elektron shaklda qabul qilinishi mumkin, u keyinchalik qisqa muddatda yozma shaklda tasdiqlanadi.
3. Ushbu moddaning 2-bandida nazarda tutilgan soʻrovnomalar quyidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi:
a) soʻralayotgan va soʻrayotgan Tomonlar nomi;
b) mazkur Bitimga havola;
s) soʻrovnoma maqsadi, sababi va soʻraladigan yordam;
d) bojxona qonunchiligi hujjatlari va boshqa qonunchilik hujjatlariga havolalar;
e) soʻrovnomada keltiriladigan shaxslar nomlari va manzillarining aniq va batafsil koʻrsatilishi;
f) soʻraladigan hujjatlar roʻyxati;
g) tegishli dalillar tavsifi;
h) soʻrovnomani ijro qilish uchun soʻrov yuborilayotgan Tomon talab qiladigan boshqa maʼlumotlar.
4. Soʻrovnomalar ingliz tilida yuboriladi, rasmiy blankda rasmiylashtiriladi va soʻrovnoma yuborayotgan bojxona organi rahbari ismi, familiyasi va lavozimi koʻrsatilgan holda muhr va imzo bilan tasdiqlanadi.
5. Agar soʻrovnoma yuborilgan Tomon soʻrovnomani qondirish vakolatiga ega organ boʻlmasa, u darhol soʻrovnomani tegishli organga yuboradi, ushbu organ qonunchilikka muvofiq oʻz vakolati doirasida soʻrovnomani ijro etadi yoki soʻrayotgan Tomonni bunday soʻrovnomani ijro etish uchun lozim boʻlgan tegishli tartib toʻgʻrisida xabardor etadi.
6. Soʻrovnoma ushbu modda talablariga muvofiq boʻlmaganda, soʻralayotgan Tomon uni bajarishni rad qilishi yoki tuzatish kiritishni talab qilishi mumkin.
9-modda
Hujjatlar almashinuvi
Hujjatlar almashinuvi
1. Yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi soʻrovnomaga muvofiq soʻralayotgan Tomon aniqlangan bojxona huquqbuzarligiga oid hujjatlar yoki maʼmuriy qarorlar nusxalarini yuboradi.
2. Soʻrayotgan Tomon tarafidan hujjatlar olinganligi ular olingan sana koʻrsatilgan holda tasdiqlanadi.
10-modda
Texnik yordam va tajriba almashish
Texnik yordam va tajriba almashish
1. Mazkur Bitim doirasida yordam koʻrsatish, shuningdek, quyidagi axborotlarni ham taqdim qilishni oʻz ichiga oladi:
a) bojxona qonunchiligi buzilishining oldini olish uchun foydalanish mumkin boʻlgan huquqni himoya qilish faoliyati;
b) bojxona huquqbuzarligini aniqlash uchun foydalaniladigan yangi usullar;
s) tovar va yoʻlovchilarni rasmiylashtirishning yangi texnologiyalari va takomillashtirilgan usullari.
2. Tomonlarning bojxona organlari bojxona ishi sohasida quyidagi yoʻllar bilan hamkorlik qiladilar:
a) oʻzaro manfaatga ega holatlarda bojxona ekspertlari va ofitsyerlari almashinuvi;
b) bojxona ofitsyerlarini kasbiy oʻqitish;
s) bojxona ishi sohasida kasbiy, ilmiy va texnik maʼlumotlar almashish.
11-modda
Texnik yordam
Texnik yordam
1. Soʻralayotgan Tomon davlatining hududidagi har qanday tekshiruv uning qonunchiligiga muvofiq oʻtkaziladi. Soʻralayotgan Tomon oʻz nomidan tekshiruv oʻtkazadi.
2. Soʻralayotgan Tomon soʻrayotgan Tomonning mansabdor shaxslarini tekshiruv jarayoniga qatnashishiga ' ruxsat berishi mumkin.
3. Mazkur Bitimga muvofiq, bir Tomonning mansabdor shaxslari boshqa Tomon hududida boʻlishlari vaqtida oʻzlarining rasmiy vakolatlarini tasdiqlovchi hujjatga ega boʻlishlari kerak. Ular harbiy kiyim kiymasliklari yoki qurolga ega boʻlmasliklari kerak.
12-modda
Ekspertlar va guvohlar
Ekspertlar va guvohlar
Bir Tomon soʻrovnomasiga koʻra, boshqa Tomon oʻz xodimlariga ularning roziligiga koʻra soʻralayotgan davlat hududida guvoh yoki maʼmuriy ishlarni yuritishda ekspert sifatida qatnashishga ruxsat beradi va bunday fayllar, hujjatlar va boshqa materiallarni yoki ularning nusxalarini taqdim qiladi.
13-modda
Soʻrovnomalarni bajarish
Soʻrovnomalarni bajarish
1. Tomonlar soʻrovnomani bajarish uchun mumkin boʻlgan barcha choralarni koʻradilar.
2. Tomonlardan birining soʻrovnomasiga koʻra, boshqa Tomon tekshiruv va zarur tergovni, shu jumladan, ekspert va guvohlarni yoki bojxona huquqbuzarligida gumonlanayotgan shaxslarni soʻroq qilishda, kelib tushgan soʻrovnomaga muvofiq zarur choralarni koʻradi.
3. Soʻralayotgan Tomon tekshirish natijalarini hujjatlar shaklida hujjatlarning tasdiqlangan nusxalari, hisobotlar, bayonnomalar va boshqalarni ingliz tilida yoki ingliz tilidagi tasdiqlangan tarjimasi bilan birga soʻrovnoma yuborgan Tomonga xat bilan joʻnatadi.
4. Soʻralayotgan Tomonning bojxona huquqbuzarligini tergov qilish uchun vakolatli mansabdor shaxslari soʻralayotgan Tomonga bojxona huquqbuzarligiga tegishli axborot olish maqsadida tegishli kitoblar, yozuvlar, jurnallar, reyestrlar va boshqa hujjatlar yoki axborot tashuvchi vositalarni qaydlarni oʻrganish maqsadida murojaat qilishlari mumkin.
14-modda
Yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi soʻrovnomani rad qilish
Yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi soʻrovnomani rad qilish
1. Agar soʻrovnomalar ular soʻralayotgan Tomonning qonunchiligiga zid boʻlsa yoki suverenitet, xavfsizlik, milliy manfaatlar, jamoat tartibi, uning davlati ishtirokchi boʻlgan xalqaro shartnomalarga zarar yetkazishi mumkin boʻlsa, rad qilinishi mumkin.
2. Agar soʻrayotgan Tomon oʻz tarafidan taʼminlana olmaydigan yordam soʻrasa, uning soʻrovnomasida ushbu dalil koʻrsatilishi kerak. Bunday soʻrovnomaning bajarilishi soʻralayotgan Tomon ixtiyorida qoldiriladi.
3. Agar soʻrovnomaning bajarilishi mumkin boʻlmasa yoki u rad qilinsa, soʻralayotgan Tomon soʻrovnomaning bajarilishiga toʻsqinlik qiladigan sabablar bilan soʻralayotgan Tomonni yozma ravishda xabardor qiladi.
15-modda
Axborot almashinuvi
Axborot almashinuvi
1. Bojxona organlari soʻrovnoma asosida yoki oʻz tashabbuslariga koʻra mazkur Bitim doirasida import yoki eksport yuklari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni elektron pochta, pochta yoki faks orqali almashadilar.
2. Bojxona organlari samarali axborot almashinuvi maqsadida pochta, faks va elektron pochtadan foydalanishning oʻrnini bosish uchun elektron axborot almashuv tizimiga oʻtishning choralarini koʻradilar.
16-modda
Avtomatlashtirilgan maʼlumot almashinuvi
Avtomatlashtirilgan maʼlumot almashinuvi
1. Bojxona organlari oldindan Tomonlar davlatlarining hududida import yoki eksport yuklari boʻyicha avtomatlashtirilgan maʼlumot almashinuvini taʼminlaydilar.
2. Import yoki eksport yuklari boʻyicha dastlabki axborot bojxona yuk deklaratsiyalari, invoyslar, transport yuk hujjati bilan rasmiylashtiriladi va keyinchalik bojxona organlari tomonidan birgalikda belgilangan texnik shartlar boʻyicha elektron hujjatlar shaklida taqdim etiladi.
17-modda
Maʼlumotning maxfiyligi
Maʼlumotning maxfiyligi
Mazkur Bitim doirasida olingan maʼlumotlar maxfiy sanaladi va uni taqdim qiluvchi Tomonning yozma roziligisiz uchinchi tarafga berilishi mumkin emas.
18-modda
Maʼlumotlardan foydalanish
Maʼlumotlardan foydalanish
1. Mazkur Bitim doirasida olingan maʼlumotlardan faqatgina mazkur Bitim maqsadlariga muvofiq va (yoki) soʻrov maqsadlari uchun foydalaniladi, shuningdek, maʼmuriy va jinoiy ishlar muhokamasida foydalanilishi mumkin.
2. Ushbu moddaning 1-bandi giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va ularning prekursorlari bilan bogʻliq huquqbuzarliklar boʻyicha Tomonlardan biri taqdim qiladigan axborot uchun qoʻllanmaydi. Bunday maʼlumot giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va ularning prekursorlari noqonuniy muomalasiga qarshi kurash bilan shugʻullanuvchi soʻrayotgan Tomon davlatining vakolatli organlariga yetkazilishi mumkin.
19-modda
Xarajatlar
Xarajatlar
1. Tomonlar mazkur Bitim qoidalarini bajarish bilan bogʻliq xarajatlarni undirish boʻyicha barcha talablardan voz kechadilar, davlat xizmatchilari boʻlmagan ekspert va guvohlar shuningdek, tarjimonlar uchun toʻlovlar bundan mustasno boʻlib, soʻrayotgan Tomon tarafidan toʻlanadi.
2. Agar soʻrovni ijro etish katta xarajatlarni talab qilsa, Tomonlar soʻrovni bajarish muddatlari va shartlari, shuningdek, xarajatlarning qoplanishini aniqlash uchun maslahatlashuvlar oʻtkazadilar.
20-modda
Oʻzgartirish va qoʻshimchalar
Oʻzgartirish va qoʻshimchalar
Mazkur Bitimga Tomonlarning oʻzaro roziligi asosida uning tarkibiy qismi hisoblanadigan hamda 22-moddaning 1-bandiga muvofiq kuchga kiradigan alohida bayonnoma bilan rasmiylashtiriluvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
21-modda
Nizolarni hal etish
Nizolarni hal etish
Mazkur Bitimni talqin qilish va qoʻllash yuzasidan kelib chiqadigan barcha nizolar Tomonlar oʻrtasidagi maslahatlashuv va muzokaralar yoʻli bilan hal etiladi yoki diplomatik kanallar orqali tartibga solinadi.
22-modda
Bitimning kuchga kirishi va amal qilishining tugatilishi
Bitimning kuchga kirishi va amal qilishining tugatilishi
1. Mazkur Bitim uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan ichki davlat protseduralari tugallanganligi toʻgʻrisida diplomatik kanallar orqali soʻnggi yozma xabarnoma olingandan soʻng oʻttiz (30) kun oʻtib kuchga kiradi.
2. Mazkur Bitim besh yil muddatga amal qiladi va Tomonlardan biri boshqa Tomonni uning amal qilishini tugatish toʻgʻrisida diplomatik kanallar orqali xabardor qilmasa, oʻz-oʻzidan keyingi besh (5) yillik davrlarga uzaytiriladi.
3. Mazkur Bitim uning amal qilishini tugatish toʻgʻrisida Tomonlardan biri boshqa Tomonni xabardor qilgan sanadan olti (6) oy muddat oʻtgandan soʻng tugatiladi.
4. Mazkur Bitim amal qilishining tugatilishi uning amal qilish davrida boshlangan qoʻshma tadbirlar bajarilishiga taʼsir koʻrsatmaydi.
Toshkent shahrida 2017-yil 5-dekabrda, hijriy 14/09/1396, ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, dari va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar teng autentikdir. Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)