Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy davlatlar ommaviy axborot vositalari muxbirlarining kasb faoliyatini tartibga soluvchi Asosiy qoidalarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kirish turizmini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 6-fevraldagi PQ-3509-son qaroriga 2-ilovaning 13-bandiga muvofiq hamda turizm sohasida davlat siyosatini amalga oshirish, milliy turistik mahsulotlar va brendlarni xalqaro maydonlarga faol kiritish, shuningdek, Oʻzbekistonga tashriflar davomida xorijiy mamlakatlarning rasmiy delegatsiyalariga hamrohlik qilayotgan ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan oʻtkazish tartibiga aniqliklar kiritish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 24-fevraldagi 33-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QHT, 2006-y., 9-son, 65-modda) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy davlatlar ommaviy axborot vositalari muxbirlarining kasb faoliyatini tartibga soluvchi Asosiy qoidalarga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi raisi S.R. Xolmuradov, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri A.X. Komilov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi A.A. Abduxakimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 18-mart,
207-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 18-martdagi 207-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 24-fevraldagi 33-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy davlatlar ommaviy axborot vositalari muxbirlarining kasb faoliyatini tartibga soluvchi Asosiy qoidalarga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 7-bandda:
a) “olti oygacha” soʻzlari “uch oygacha” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi qoʻshilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasida materiallarni, shu jumladan, kinoxronikal, Oʻzbekistonning turistik salohiyati, tabiati, madaniyati, anʼanalari va aholi turmush tarzi toʻgʻrisidagi dasturlarni, publitsistik va tarixiy materiallarni suratga olishni moʻljallayotgan xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari uchun Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining iltimosnomasi mavjud boʻlgan taqdirda vaqtincha xorijiy muxbir sifatida akkreditatsiyadan oʻtkazilganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma murojaatnoma Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga tushgandan keyin besh ish kunigacha muddatda beriladi”.
2. 13-bandga quyidagi mazmundagi ikkinchi va uchinchi xatboshilar qoʻshilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasiga tashrifni yoritish uchun xorijiy davlatlarning rasmiy delegatsiyalariga fotograf yoki videooperator sifatida hamrohlik qilayotgan xorijiy mamlakatlar davlat organlarining xodimlarini akkreditatsiyadan oʻtkazish talab etilmaydi.
Xorijiy davlatlarning rasmiy delegatsiyalariga hamrohlik qilayotgan ommaviy axborot vositalari vakillarini vaqtincha akkreditatsiyadan oʻtkazish toʻgʻrisidagi qaror xorijiy davlatning Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga yoki Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalariga yuborilgan rasmiy verbal notasi asosida besh ish kunidan kechikmasdan qabul qilinadi. Ushbu holatda Asosiy qoidalarning 5-bandida nazarda tutilgan hujjatlarni taqdim etish talab qilinmaydi”.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.03.2018-y., 09/18/207/0920-son)