O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
AKADEMIK LITSEYLAR VA KASB-HUNAR KOLLEJLARINING MODDIY-TEXNIKA BAZASINI YaNADA RIVOJLANTIRISh ChORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
[Ko‘chirma]
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarining moddiy-texnika bazasini yanada rivojlantirish, Kadrlar tayyorlash milliy dasturining birinchi bosqichini amalga oshirish tajribasini hisobga olgan holda ularni oqilona joylashtirish va texnika bilan jihozlash, o‘tkazilayotgan tarkibiy qayta o‘zgartirishlarga muvofiq iqtisodiyot tarmoqlarini malakali mutaxassislar bilan ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
(1, 3 va 4-bandlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 29-oktabrdagi 473-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — O‘R QHT, 2003-y., 20-son, 199-modda)
5. O‘zbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Moliya vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi 2002-2003-yillar mobaynida moliya va moddiy-texnika resurslarini 5-ilovaga* muvofiq akademik litseylar va kasb-hunar kollejlariga aylantirilayotgan kasb-hunar-texnika bilim yurtlari va texnikumlarni rekonstruksiya qilishga hamda to‘liq ta’mirlashga jamlasinlar.
* 5-ilova berilmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2002-2003-yilgi davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda tejalgan stipendiyalar hisobiga bo‘shaydigan budjet mablag‘laridan akademik litseylar va kasb-hunar kollejlariga aylantirilayotgan kasb-hunar bilim yurtlari va texnikumlar binolarini rekonstruksiya qilish hamda to‘liq ta’mirlashda maqsadli foydalanishni nazarda tutsin.
6. Vazirliklar va idoralarning 6-ilovaga* muvofiq kasb-hunar kollejlarini o‘z mablag‘lari hamda jalb etilgan mablag‘lar hisobiga foydalanishga topshirish to‘g‘risidagi takliflari qabul qilinsin.
7. O‘quv-laboratoriya asbob-anjomlari, ta’limning texnik vositalari va o‘quv-ko‘rgazmali qo‘llanmalar ishlab chiqarishni respublika korxonalarida mahalliylashtirish dasturi 7 va 8-ilovalarga* muvofiq tasdiqlansin.
* 6 — 8-ilovalar berilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
O‘quv-texnik asbob-anjomlar ishlab chiqarishni tashkil etish hamda ularni ishlab chiqarishni mahalliylashtirish topshiriqlarining bajarilishini o‘z vaqtida ta’minlash ishlarini muvofiqlashtirib borish yuzasidan javobgarlik O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markaziga yuklansin.
(7-bandning ikkinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 28-fevraldagi 112-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2003-y., 4-son, 42-modda)
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi respublika davlat budjetini shakllantirishda o‘quv-laboratoriya asbob-anjomlari, ta’limning texnik vositalari va o‘quv-ko‘rgazmali qo‘llanmalar sotib olish uchun zarur mablag‘larning har yili maqsadli ajratishni nazarda tutsin.
8. Belgilab qo‘yilsinki, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarini rekonstruksiya qilish va qurish faqat tanlov (tender) asosida, keyinchalik o‘zgartirilmaydigan shartnomaviy narx bo‘yicha amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi “Davarxitektqurilish” qo‘mitasi akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarini qurish va rekonstruksiya qilishda tender savdolarini o‘tkazish hamda qat’iy belgilangan shartnomaviy narxlar bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshirishning belgilangan mexanizmiga rioya qilinishi ustidan nazoratni kuchaytirsin.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Nazorat-taftish bosh boshqarmasi akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarini qurish hamda rekonstruksiya qilishga ajratiladigan mablag‘lardan maqsadli foydalanilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatsin.
9. Foydalanishga topshirilayotgan akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarini zamonaviy o‘quv-laboratoriya asbob-anjomlari, ta’limning texnik vositalari va o‘quv-ko‘rgazmali qo‘llanmalar bilan jihozlash uchun Xorijiy investitsiyalar va kreditlarni jalb etish bo‘yicha ishchi guruh tarkibi 9-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 9-ilova berilmaydi.
Ishchi guruh akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarini respublikada ishlab chiqarilmaydigan zamonaviy o‘quv-laboratoriya asbob-anjomlari, ta’limning texnik vositalari va o‘quv-ko‘rgazmali qo‘llanmalar bilan jihozlash uchun imtiyozli xorijiy kreditlar va investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha mufassal chora-tadbirlar ko‘rsin.
10. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimliklari “Davarxitektqurilish” qo‘mitasi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi bilan birgalikda obyektlar qurilishi va qayta ta’mirlanishiga oid loyiha va tender hujjatlarining ko‘rsatib o‘tilgan aniq Dasturga muvofiq o‘z vaqtida tayyorlanishini ta’minlasinlar.
Akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarini tashkil etish va respublika hududida joylashtirishning aniq Dasturi belgilangan muddatlarda to‘liq bajarilishi uchun shaxsan javobgarlik Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi rahbari zimmasiga yuklansin.
11. Quyidagilar o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “1999—2005-yillarda akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish hamda mablag‘ bilan ta’minlash dasturi to‘g‘risida” 1998-yil 23-sentabrdagi 406-son qarori, qarorning 5-bandi birinchi va uchinchi xatboshi, 6-bandi, 7-bandining birinchi xatboshi va 10-bandi bundan mustasno;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 19-sentabrdagi 359-son qaroriga 1-ilovaning 15-bandi.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri O‘.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2001-yil 14-avgust,
338-son
(O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2001-y., 15-16-son, 102-modda; 2003-y., 4-son, 42-modda; 20-son, 199-modda)