O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Termiz davlat universitetining Denov filialini tashkil etish to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 17-apreldagi PQ-4681-sonli “Surxondaryo viloyatida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini kengaytirish va yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Surxondaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, hududning o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda ijtimoiy, madaniy va boshqa sohalarda taraqqiyotga erishish borasida bir qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Biroq shunga qaramasdan, markazdan uzoqda joylashgan va borish qiyin bo‘lgan joylarda bu borada hali o‘z yechimini kutayotgan masalalar mavjud.
Jumladan, joylarda umumiy o‘rta va maktabgacha ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish, bolalarni maktabga tayyorlash darajasini oshirish, ta’lim va tarbiya jarayoniga zamonaviy ta’lim dasturlarini tatbiq etish, yoshlarning intellektual, axloqiy, estetik va jismoniy qobiliyatlarini rivojlantirish bo‘yicha zamonaviy talablardan kelib chiquvchi vazifalarni uddalay oladigan malakali pedagog kadrlarga ehtiyoj katta.
Xususan, Surxondaryo viloyatining Denov tumani va uning atrofidagi Sho‘rchi, Oltinsoy, Sariosiyo, Uzun va Qumqo‘rg‘on tumanlarida 132 ta maktabgacha ta’lim muassasalarida 1200 nafardan ziyod tarbiyachi, 424 ta umumiy o‘rta ta’lim maktablarida 5177 nafar o‘rta maxsus ma’lumotli o‘qituvchi faoliyat ko‘rsatmoqda. Bugungi kunda maktabgacha ta’lim muassasalari uchun 266 nafar, umumiy o‘rta ta’lim maktablari uchun 352 nafar oliy ma’lumotli mutaxassislarga ehtiyoj sezilmoqda.
Hududdagi ta’lim muassasalarining birinchi navbatda maktabgacha ta’lim, boshlang‘ich ta’lim, matematika, informatika va rus tili fanlaridan pedagoglarga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish, qishloq joylardagi ta’lim muassasalarini yuqori malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash hamda jahon tajribasini hisobga olgan holda, xalqaro standartlar darajasiga mos oliy ma’lumotli pedagog kadrlar tayyorlash tizimini joylarda tashkil etishni yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi va Surxondaryo viloyati hokimligining Surxondaryo viloyati Denov tumanida Termiz davlat universitetining Denov filialini (keyingi o‘rinlarda Filial deb ataladi) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar Filialning asosiy vazifalari etib belgilansin:
ta’lim muassasalari uchun yuqori malakali pedagog kadrlarni milliy va xalqaro standartlar darajasida sifatli tayyorlashni ta’minlash;
pedagogik ta’lim sohasini rivojlantirishning ilmiy-metodik vazifalarini hal etish, ilg‘or xorijiy pedagogik texnologiyalarni joriy qilishga yo‘naltirilgan ilmiy tadqiqotlarni olib borish va iqtidorli talaba-yoshlarni ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanishga keng jalb etish;
ta’lim muassasalari talab-ehtiyojlarini hisobga olgan holda, tegishli ta’lim yo‘nalishlari hamda mutaxassisliklar bo‘yicha o‘quv-uslubiy adabiyotlarni yaratish;
o‘quv va ilmiy loyihalarni amalga oshirish, ta’lim va ilmiy izlanishlar jarayoniga mutaxassislarni keng jalb etish maqsadida pedagogika sohasidagi yetakchi respublika va xorijiy oliy ta’lim muassasalari hamda ilmiy markazlari bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish;
respublika va xorijiy oliy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlariga istiqbolli yosh bitiruvchilarni magistratura va doktoranturaga muntazam yuborish orqali Filial ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirib borish.
3. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Maktabgacha ta’lim vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017/2018 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga qabul to‘g‘risida” 2017-yil 5-maydagi PQ-2955-son qarori talablariga muvofiq Surxondaryo viloyatidagi ta’lim muassasalari ehtiyojlarini inobatga olgan holda, Filialning 2017/2018 o‘quv yili uchun talabalar kontingentini Surxondaryo viloyatida doimiy yashayotgan (doimiy propiska qilingan) Termiz davlat universiteti va boshqa turdosh oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirib, mazkur oliy ta’lim muassasalariga to‘plagan ballari eng yuqori ballning 30% dan (68,0 balldan) kam bo‘lmagan, Filial uchun to‘lov kontrakt asosida mos ta’lim yo‘nalishlari abituriyentlari hisobidan shakllantirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi ballar ketma-ketligiga rioya etgan holda tegishli ta’lim yo‘nalishlari kesimidagi test natijalari qaydnomalarini chop etsin va belgilangan tartibda rasmiylashtirish uchun Filialga yetkazsin.
2018/2019 o‘quv yilidan boshlab, Filialga talabalarni qabul qilish soni belgilangan tartibda har yili tasdiqlanadigan respublika oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish kvotalaridan kelib chiqqan holda belgilansin.
4. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi bilan birgalikda Filialning 2017/2018 o‘quv yili qabul kvotalari hamda o‘qishga tavsiya etiladiganlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Surxondaryo viloyati ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini ta’minlasin.
5. Termiz davlat universiteti Denov filialining tuzilmasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilansinki, Filial (fakultetlar, kafedralar va boshqa tarkibiy bo‘linmalar) xodimlarining cheklangan umumiy soni oliy ta’lim muassasalari uchun o‘rnatilgan normativlarga muvofiq aniqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziriga zarur hollarda, Filialning tuzilmasiga oliy ta’lim muassasasi uchun o‘rnatilgan normativlarga muvofiq xodimlarning umumiy cheklangan soni doirasida o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
Filial Termiz davlat universitetining yuridik shaxs maqomidagi tarkibiy tuzilmasi hisoblanadi.
6. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi 2018-yil 10-martgacha:
Filialning ustavini belgilangan tartibda tasdiqlasin va uning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlasin;
Filialni tanlov asosida yuqori malakali professor-o‘qituvchilar bilan ta’minlash choralarini ko‘rsin;
1-kurs yuklamasini 2018-yilning iyul oyi yakuniga qadar bajarish bo‘yicha moslashtirilgan maxsus o‘quv reja va dasturlarni ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
Filialda o‘quv-metodik jarayonlarning tashkil etilishini ta’minlash, shtatlar jadvali va xarajatlar smetasini tasdiqlash, uni o‘quv-laboratoriya jihozlari va kompyuter texnikasi bilan ta’minlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni amalga oshirsin;
Filial axborot-resurs markazini tayanch oliy ta’lim muassasasi tomonidan o‘quv, ilmiy va badiiy adabiyotlar bilan to‘ldirish choralarini ko‘rsin.
2017/2018 o‘quv yilida Filialga talabalikka qabul qilingan abituriyentlar o‘qishni bitirgandan so‘ng Surxondaryo viloyatidagi doimiy yashash joyida o‘n yil mobaynida tegishli ta’lim muassasalarida ishlab berishlari (aniq ish joyi ko‘rsatilgan) to‘g‘risida tuman hokimligi, oliy ta’lim muassasasi va jismoniy shaxs (abituriyent) o‘rtasida belgilangan tartibda uch tomonlama shartnomalar tuzilsin.
7. Surxondaryo viloyati hokimligi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining:
Denov tumani, Erkli yurt ko‘chasi, 360-uyda joylashgan Denov xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejining bino va inshootlarini tegishli hududlari bilan birga Filialga operativ boshqarish huquqi asosida bepul berish;
Denov xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kolleji tugatilayotgan Termiz davlat universiteti qoshidagi Denov 3-son akademik litseyi binosida faoliyat ko‘rsatishi to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.
Surxondaryo viloyati hokimligi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi mazkur bandda ko‘rsatilgan bino va inshootlarning belgilangan tartibda qabul qilinishi va topshirilishini ta’minlasin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining asoslangan hisob-kitoblariga binoan O‘zbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturining 2019-yil va keyingi yillar uchun parametrlarini shakllantirishda Filialning bino va inshootlarini rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash hamda jihozlash loyihalarini belgilangan tartibda kiritilishini ta’minlasin.
9. Belgilab qo‘yilsinki:
Filialni saqlash xarajatlari 2018-yilda “Maorif” sohasi bo‘yicha tasdiqlangan budjet parametrlari doirasida, 2019-yildan boshlab esa mazkur sohaga har yili ajratiladigan mablag‘lar doirasida amalga oshiriladi;
Filialning dastlabki faoliyatini yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq xarajatlar Termiz davlat universitetining budjetdan tashqari, o‘qitishning kontrakt shaklidan tushadigan mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
10. Quyidagilar Filialning faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari;
to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar;
xo‘jalik faoliyatidan va shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan tushumlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari va maqsadli badallari;
xalqaro moliya tashkilotlarining grantlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
11. Filialga 2 ta, shu jumladan 1 ta xizmat va 1 ta maxsus yengil avtotransport vositasini saqlashga limit ajratilsin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda bir hafta muddatda Filialni onlayn ma’ruza hamda masofaviy ta’lim uchun telekommunikatsiya jihozlari va infratuzilmasi bilan ta’minlash, shuningdek, yuqori tezlikdagi internet hamda elektron ta’lim milliy tarmog‘iga ulash choralarini ko‘rish yuzasidan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
13. Surxondaryo viloyati hokimligi respublika oliy ta’lim muassasalaridan Filialga faoliyat yuritish uchun taklif etilgan professor-o‘qituvchilarni uy-joy bilan ta’minlash, uzoq muddatli, imtiyozli ipoteka kreditlarini ajratish choralarini ko‘rsin.
14. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga bir oy muddatda takliflar kiritsin.
15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Q.V. Akmalov, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri I.U. Madjidov va Surxondaryo viloyati hokimi E.O. Turdimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 5-mart,
171-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 5-martdagi 171-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Termiz davlat universiteti Denov filialining
TUZILMASI
Filial (fakultetlar, kafedralar va boshqa tarkibiy bo‘linmalar) xodimlarining cheklangan umumiy soni oliy ta’lim muassasalari uchun o‘rnatilgan normativlarga muvofiq aniqlanadi.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 06.03.2018-y., 09/18/171/0855-son)