Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Toshkent tibbiyot akademiyasining Termiz filialini tashkil etish toʻgʻrisida
Yuqori malakali tibbiyot kadrlarini zamonaviy talablar va standartlar darajasida tayyorlashni yanada takomillashtirish, Surxondaryo viloyatida tibbiyot kadrlariga boʻlgan taqchillikni toʻldirish, ilgʻor axborot-kommunikatsiya va taʼlim texnologiyalarini joriy etish, boʻlajak tibbiyot mutaxassislarini nazariy tayyorlashni ularning amaliy koʻnikmalarni egallashi bilan uzviy bogʻliqda taʼminlash asosida oʻquv jarayonini tashkil etish talablariga javob beradigan oʻquv va moddiy-texnika bazasini yaratish va mustahkamlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligining Toshkent tibbiyot akademiyasining Termiz filialini (keyingi oʻrinlarda Filial deb ataladi) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Quyidagilar filialning asosiy vazifalari va faoliyati yoʻnalishlari etib belgilansin:
zamonaviy talablarga javob beradigan va tibbiyot sohasida ilgʻor texnologiyalarni egallagan tibbiyot kadrlari tayyorlash;
tibbiyot kadrlari tayyorlash jarayonida zamonaviy taʼlim texnologiyalarini va ilgʻor xorijiy tajribani qoʻllagan holda oʻquv jarayonini tashkil qilish;
davlat va xususiy sektor tibbiyot muassasalarida klinika bazalari tashkil etish, klinik oʻquv amaliyotiga professor-oʻqituvchilar tarkibini va talabalarni keng jalb etish, kasalliklarga tashxis qoʻyish, ular profilaktikasi va ularni davolashning ilgʻor usullarini joriy etish;
zamonaviy tibbiyot yutuqlaridan foydalangan holda ilmiy-amaliy tadqiqotlar va ishlanmalarni amalga oshirish.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
Filial Toshkent tibbiyot akademiyasining tarkibiy boʻlinmasi, yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga, mustaqil balansga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Gʻaznachiligida zarur shaxsiy hisobvaraqlariga ega;
Filialda oʻqish Filial uchun moslashtirilgan oʻquv rejalari va dasturlari asosida tashkil etiladi;
2018/2019 oʻquv yilida va keyingi oʻquv yillarida Filialga oʻqishga qabul qilish soni oliy taʼlim muassasalariga har yilgi qabul kvotalarini shakllantirishda belgilangan tartibda aniqlanadi;
Filialning professor-oʻqituvchilar tarkibining boʻsh oʻrinlariga oʻrindoshlik boʻyicha ish vaqti bir oylik normagacha davom etgan holda Filial xodimlari va respublikaning boshqa taʼlim, tibbiyot va ilmiy muassasalari xodimlari oʻrindoshlik boʻyicha ishga qabul qilinishi mumkin.
Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, 2017/2018 oʻquv yili uchun bakalavriat dasturi boʻyicha Filialga pulli-kontrakt asosida 300 kishi qabul qilinadi, bakalavriatni tamomlagan talabalarning Surxondaryo viloyatidagi tibbiyot kadrlari tanqis boʻlgan tibbiyot muassasalarida oʻn yil ishlab berishi majburiy hisoblanadi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bir hafta muddatda:
Filialning ustavi ishlab chiqilishini va tasdiqlanishini, shuningdek, uning belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini;
Filialning oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari, ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazlar va ular filiallarining tajribali mutaxassislari, shuningdek, oliy tibbiyot taʼlim muassasalarining klinik ordinatura va magistraturasi bitiruvchilaridan iborat boʻlgan yuqori malakali kadrlar bilan toʻldirilishini;
Filial uchun moslashtirilgan oʻquv rejalari va dasturlari ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini;
Filialda oʻquv-metodik jarayonni samarali tashkil etish boʻyicha aniq chora-tadbirlar amalga oshirilishini taʼminlasinlar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining:
2017-2018 oʻquv yilida Filialga abituriyentlar qabul qilishni Surxondaryo viloyatida doimiy yashaydigan (oʻqishga kirishda doimiy propiskaga ega boʻlgan), 2017-yilda “Davolash ishi” taʼlim yoʻnalishi boʻyicha respublikaning oliy tibbiyot taʼlim muassasalariga hujjatlar topshirgan, tanlovdan oʻtmagan va toʻplangan ballarning izchilligi qatʼiy hisobga olingan holda kirish test sinovlari natijalari boʻyicha toʻplanishi mumkin boʻlgan eng koʻp ballarning kamida 30 foizini (68,0 ball) toʻplagan shaxslardan tashkil etish;
Surxondaryo viloyatida doimiy yashaydigan, hozirgi paytda respublikaning oliy tibbiyot taʼlim muassasalarida oʻqitishning toʻlov-kontrakt shaklida taʼlim olayotgan shaxslar boʻlgan 4-5-bosqichlar talabalarini xohishlariga koʻra, bakalavriat tamomlangandan keyin ushbu talabalarning Surxondaryo viloyatining tibbiyot kadrlariga taqchillik mavjud boʻlgan tibbiyot muassasalarida majburiy tartibda oʻn yil ishlab berishi sharti bilan davlat granti boʻyicha oʻqishga oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va Surxondaryo viloyati hokimligining:
Termiz shahri, I. Karimov koʻchasi, 64-uy manzilida joylashgan Termiz tibbiyot kollejining binolari, inshootlarini tutash hudud, asosiy vositalar va boshqa mol-mulk bilan birgalikda Filialni joylashtirish va keyinchalik uning faoliyatini amalga oshirish uchun operativ boshqaruv huquqi bilan Filialga bepul berish;
Termiz tibbiyot kollejini Filialning vaqtincha boʻsh xonalariga, shuningdek, Termiz ijtimoiy-iqtisodiy kasb-hunar kolleji va Termiz sanoat-transport kasb-hunar kolleji binolariga bepul foydalanish huquqi bilan joylashtirish haqidagi taklifiga rozilik berilsin.
7. Toshkent tibbiyot akademiyasining Termiz filiali tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Toshkent tibbiyot akademiyasi rektoriga Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan kelishgan holda, zarurat boʻlganda, xodimlarning belgilangan shtatdagi xodimlari soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida, Filial tuzilmasiga oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
8. Surxondaryo viloyati hokimligi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda Filialga xizmat safariga yuborilgan pedagoglar va ularning oila aʼzolarini pedagoglar Filialda ishlagan davrda turar joy bilan taʼminlash, ularning farzandlarini maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim muassasalariga joylashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
9. Quyidagilar Filial faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlar;
talabalarning pulli-kontrakt asosida taʼlim olishidan, shartnomalar asosida xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan pul mablagʻlari;
yuridik va jismoniy shaxslarning xayriya ehsonlari hamda maqsadli badallari;
xalqaro moliya institutlarining grantlari, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Belgilansinki, 2017/2018 oʻquv yilida Filialni saqlashga budjetdan ajratiladigan mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining asoslangan hisob-kitoblari boʻyicha, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2018-yil uchun ijtimoiy sohaga tasdiqlangan parametrlari doirasida ajratiladi, 2019-yildan boshlab esa Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining ushbu sohaga ajratiladigan xarajatlari parametrlarida nazarda tutiladi.
10. Filialga ikkita yengil avtotransport vositasini, shu jumladan, bitta shaxsiy va bitta navbatchi avtotransportni saqlashga limit ajratilsin.
11. Toshkent tibbiyot akademiyasining Termiz filialini 2018 — 2020-yillar davrida oʻquv-laboratoriya komplekslari bilan jihozlash dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi Sogʻliqni saqlash vazirligining asoslangan hisob-kitoblariga binoan 2019-yil va keyingi yillar uchun Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirish davlat dasturlarini shakllantirishda taʼmirlash-tiklash ishlari va Filialni oʻquv-laboratoriya komplekslari va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositalari bilan jihozlash boʻyicha loyihalarning ularga belgilangan tartibda kiritilishini nazarda tutsin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda Filialda axborot va multimedia uskunalari qoʻllanilgan, shu jumladan, masofadan oʻqitishdan, oʻquv jarayonida vebinarlar, telemaslahatlar va teletibbiyotdan foydalanishni nazarda tutgan holda zamonaviy taʼlim texnologiyalarini joriy etish boʻyicha aniq tadbirlar rejasini bir hafta muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:
oʻqitishning toʻlov-kontrakt shaklidan davlat granti boʻyicha taʼlim olishga oʻtkazilgan talabalarning majburiy tartibda oʻn yil ishlab berishi toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
15. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Q.V. Akmalov, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vaziri A.K. Shadmanov, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri I.U. Madjidov va Surxondaryo viloyati hokimi E.O. Turdimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 5-mart,
172-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 5-martdagi 172-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Toshkent tibbiyot akademiyasining Termiz filiali
tuzilmasi
* Filial (fakultetlar, kafedralar va boshqa tarkibiy boʻlinmalar) xodimlarining umumiy soni oliy taʼlim muassasalari uchun belgilangan normativlarga muvofiq aniqlanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 5-martdagi 172-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
2018 — 2020-yillar davrida Toshkent tibbiyot akademiyasining Termiz filialini oʻquv-laboratoriya komplekslari bilan jihozlash
DASTURI
|
T/r |
Oʻquv-laboratoriya komplekslarining nomi |
Moliyaviy xarajatlar* (mln soʻm) |
|
|
2018-yil | |
|
1. |
Fizika boʻyicha oʻquv-laboratoriya kompleksi |
1 105,4 |
|
2. |
Kimyo boʻyicha oʻquv-laboratoriya kompleksi |
1 560,7 |
|
3. |
Biologiya boʻyicha oʻquv-laboratoriya kompleksi |
551,0 |
|
|
Jami: |
3 217,1 |
|
2019-yil | ||
|
1. |
Mikrobiologiya boʻyicha oʻquv-laboratoriya kompleksi |
829,6 |
|
2. |
Fiziologiya, patologik fiziologiya va anatomiya boʻyicha oʻquv-laboratoriya majmuasi |
1 280,5 |
|
Jami: |
2 110,1 | |
|
|
2020-yil | |
|
1. |
Oʻquv-laboratoriya kompleksi — qishloq vrachlik punkti modeli |
147,5 |
|
2. |
Oʻquv-laboratoriya simulatsiya markazi — fantom zali |
730,3 |
|
|
Jami: |
877,8 |
|
|
Hammasi: |
6 205,0 |
* Moliyaviy xarajatlar hajmi oʻquv-laboratoriya komplekslarining texnik spetsifikatsiyasini aniqlash, tanlov savdolari oʻtkazish va yetkazib beruvchilarni tanlab olish yakunlari boʻyicha aniqlashtiriladi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.03.2018-y., 09/18/172/0856-son)