Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining
buyrugʻi
Davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmat xodimlarini martaba darajalari boʻyicha attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 2-bandiga qoʻshimcha kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 13-fevralda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2919-1]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 18-yanvardagi PF-5306-son “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq, buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2017-yil 28-avgustdagi 264-mh-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 2919, 2017-yil 28-avgust) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 35-son, 933-modda) bilan tasdiqlangan Davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmat xodimlarini martaba darajalari boʻyicha attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 2-bandi uchinchi xatboshisi “yetakchi mutaxassisiga” degan soʻzlaridan keyin “, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisidagi vakolatli vakili va uning apparati mutaxassislariga” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin.
2. Mazkur buyruq davlat roʻyxatidan oʻtkazilsin va bu haqda Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish boshqarmasi Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestriga tegishli yozuv kiritsin.
3. Yuridik xizmatlarning faoliyatini muvofiqlashtirish va metodik taʼminlash boshqarmasi hamda Huquqiy targʻibot va axborot boshqarmasi ushbu idoraviy normativ-huquqiy hujjatni barcha manfaatdor shaxslarga yetkazilishi hamda “Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami” — “Sobraniye zakonodatelstva Respubliki Uzbekistan”da va Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilinishini taʼminlasin.
4. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
5. Mazkur buyruqning ijrosini nazorat qilish vazirning birinchi oʻrinbosari N. Joʻrayev zimmasiga yuklansin.
Vazir R. DAVLETOV
Toshkent sh.,
2018-yil 13-fevral,
85-mh-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.02.2018-y., 10/18/2919-1/0693-son)