Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Tabiiy, texnogen va ekologik xususiyatli favqulodda vaziyatlar monitoringi, axborot almashinuvi va prognozlash yagona tizimini tashkil etish toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 25-iyundagi 328-sonli “Tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar monitoringi va prognozlash yagona tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasi toʻgʻrisida” 2017-yil 7-fevraldagi PF-4947-son Farmoni talablarini bajarish, tabiiy, texnogen va ekologik xususiyatli favqulodda vaziyatlar, shuningdek, ularning oqibatlarini monitoring qilish, axborot almashish va prognozlash tizimli olib borilishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimi tarkibiga kiruvchi vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarning Tabiiy, texnogen va ekologik xususiyatli favqulodda vaziyatlar monitoringi, axborot almashinuvi va prognozlash yagona tizimini (keyingi oʻrinlarda Yagona tizim deb ataladi) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar Yagona tizimning asosiy vazifalari etib belgilansin:
tabiiy, texnogen va ekologik xususiyatli favqulodda vaziyatlarga (keyingi oʻrinlarda favqulodda vaziyat deb ataladi) olib keluvchi potensial manbalarni barvaqt aniqlash, ular boʻyicha tizimli kuzatuv va nazoratni tashkil etish va amalga oshirish;
favqulodda vaziyatlarni monitoring qilish va prognozlash maʼlumotlarini, shuningdek, ularning yuzaga kelganligi va oqibatlari toʻgʻrisida doimiy va avtomatlashtirilgan axborot almashinuvini taʼminlash;
favqulodda vaziyatlarga olib keluvchi xavfli tabiiy-texnogen jarayonlar va hodisalarning rivojlanish ehtimoli xususiyati va koʻlamini oldindan prognozlashtirish;
favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish, shuningdek, ularning oqibatlarini kamaytirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish.
3. Quyidagilar:
Tabiiy, texnogen va ekologik xususiyatli favqulodda vaziyatlar monitoringi, axborot almashinuvi va prognozlash yagona tizimining tashkiliy-funksional tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
Tabiiy, texnogen va ekologik xususiyatli favqulodda vaziyatlar monitoringi, axborot almashinuvi va prognozlash yagona tizimi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Yagona tizim tuzilmasiga kiruvchi davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari uch oy muddatda:
favqulodda vaziyatlarga olib keluvchi xavfli tabiiy-texnogen jarayonlar va hodisalarning yuzaga kelish xavfi koʻrsatkichlarini hisobga olgan holda monitoring qilish, axborot almashish va prognozlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarni ishlab chiqsinlar va Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlasinlar;
Yagona tizim joriy etilishini hisobga olgan holda “Elektron hukumat” tizimi doirasida shakllantirilgan idoraviy axborot tizimlarining funksiyalarini takomillashtirsinlar;
umumiy cheklangan shtatlar soni hamda budjetdan ajratiladigan mablagʻlar doirasida boshqaruv apparatlari, hududiy boʻlinmalari va idoraviy mansub tashkilotlari tuzilmalariga Yagona tizim doirasida belgilangan vazifalarni bajarishga masʼul mutaxassislar shtat lavozimlarini joriy etsinlar.
5. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan hamkorlikda:
Yagona tizim tuzilmasiga kiruvchi davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari orasida alohida himoyalangan axborot almashinuvi kanali tashkil etilishini va uzluksiz ishlashini;
Yagona tizimni “Elektron hukumat” tizimining markaziy maʼlumotlar bazalari va axborot tizimlari komplekslariga integratsiyalashni taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi aloqador vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov va Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vaziri R.M. Djurayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 28-dekabr,
1027-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 28-dekabrdagi 1027-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Tabiiy, texnogen va ekologik xususiyatli favqulodda vaziyatlar monitoringi, axborot almashinuvi va prognozlash yagona tizimining
tashkiliy-funksional tuzilmasi
Izoh:
FVDT — Favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimi;
FVB — Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi.
| Shartli belgi: |
monitoring va prognoz maʼlumotlari axborot almashinuvi; | ||||||||||||||||||
| | | | prognoz maʼlumoti asosida profilaktik ishlarni tashkil etish. | ||||||||||||||||
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 28-dekabrdagi 1027-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Tabiiy, texnogen va ekologik xususiyatli favqulodda vaziyatlar monitoringi, axborot almashinuvi va prognozlash yagona tizimi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom tabiiy, texnogen va ekologik xususiyatli favqulodda vaziyatlar monitoringi, axborot almashinuvi va prognozlash yagona tizimining (keyingi oʻrinlarda Yagona tizim deb ataladi) asosiy vazifalari va funksiyalari, shuningdek faoliyati tartibini belgilaydi.
2. Yagona tizim tabiiy, texnogen va ekologik xususiyatli favqulodda vaziyatlar (keyingi oʻrinlarda favqulodda vaziyatlar deb ataladi) monitoringi, axborot almashinuvi va prognozlash masalalarini hal etishga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimining (keyingi oʻrinlarda FVDT deb ataladi) ajralmas qismi hisoblanadi.
3. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
favqulodda vaziyat — odamlar qurbon boʻlishiga, ularning sogʻligʻi yoki atrof tabiiy muhitga zarar yetishiga, jiddiy moddiy talafotlar keltirib chiqarishga hamda odamlarning hayot faoliyati sharoiti izdan chiqishiga olib kelishi mumkin boʻlgan yoki olib kelgan avariya, halokat, xavfli tabiiy hodisa, tabiiy yoki boshqa ofat natijasida muayyan hududda yuzaga kelgan holat;
favqulodda vaziyatlarning oldini olish — oldindan oʻtkaziladigan hamda favqulodda vaziyatlar roʻy berishi xavfini imkon qadar kamaytirishga, bunday vaziyatlar roʻy bergan taqdirda esa, odamlarning hayotini asrab qolish va sogʻligʻini saqlashga, atrof tabiiy muhitga yetkaziladigan zarar va moddiy talafotlar miqdorini kamaytirishga qaratilgan tadbirlar kompleksi;
favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish — favqulodda vaziyatlar roʻy berganda oʻtkaziladigan hamda odamlarning hayotini asrab qolish va sogʻligʻini saqlashga, atrof tabiiy muhitga yetkaziladigan zarar va moddiy talafotlar miqdorini kamaytirishga, shuningdek favqulodda vaziyatlar roʻy bergan zonalarning kengayishiga yoʻl qoʻymaslikka hamda xavfli omillar taʼsirini tugatishga qaratilgan qutqaruv ishlari va kechiktirib boʻlmaydigan ishlar kompleksi;
atrof muhit monitoringi — atrof muhit holatini baholash, unda kechayotgan jarayonlarni tahlil qilish va undagi oʻzgarishlar rivojini oʻz vaqtida aniqlash uchun maʼlum bir dastur boʻyicha doimiy ravishda olib boriladigan kuzatuv va nazorat tizimi;
monitoring obyekti — chegara doirasida aniq dastur boʻyicha atrof muhitning holatini nazorat qilish maqsadida doimiy ravishda kuzatuv ishlari olib boriladigan, unda kechayotgan jarayonlarni, ulardagi oʻzgarishlarni oʻz vaqtida aniqlash va prognozlash uchun tahlil qilish va baholash amalga oshiriladigan tabiiy, texnogen obyekt yoki uning bir qismi;
monitoring maʼlumoti — favqulodda vaziyatlarga olib keladigan xavfli tabiiy-texnogen jarayonlar va hodisalarni muntazam yoki tezkor nazorat qilish va kuzatish natijasida olingan maʼlumot turi;
favqulodda vaziyatlarni prognozlash — favqulodda vaziyat yuz berishi mumkinligi sabablarini, uning oʻtmishdagi va hozirdagi manbalarini tahlil etish asosida uning sodir boʻlishi va rivojlanishi ehtimolini oldindan aks ettirish;
prognoz maʼlumoti — favqulodda vaziyatlarga olib keladigan xavfli tabiiy-texnogen jarayonlar va hodisalarning yuzaga kelishi va rivojlanishi ehtimolini aks ettiruvchi maʼlumot turi;
geografik axborot tizimi (keyingi oʻrinlarda GAT deb ataladi) — geografik obyektlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni toʻplash, qayta ishlash, tahlil qilish, modellashtirish va aks ettirish, shuningdek, raqamli kartografik, oʻxshash va matnli axborotdan foydalangan holda umumdavlat (tarmoqlararo) yoki tarmoq ahamiyatiga molik axborot va hisob-kitob vazifalarini hal etish uchun moʻljallangan avtomatlashtirilgan tizim;
favqulodda vaziyat manbai — favqulodda vaziyat yuz bergan yoki yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xavfli tabiiy hodisa, avariya yoki xavfli texnogen hodisa, odamlarning, qishloq xoʻjaligi hayvonlari va oʻsimliklarining keng tarqalgan infeksion (yuqumli) kasalliklari, shuningdek, hozirgi zarba vositalari ishlatilishi natijasi;
potensial xavfli obyekt — favqulodda vaziyat manbai yuzaga kelishi real xavfini tugʻdiruvchi radioaktiv, yongʻin-portlash xavfi, xavfli kimyoviy va biologik moddalar ishlatiladigan, ishlab chiqariladigan, qayta ishlanadigan, saqlanadigan va tashiladigan obyekt;
favqulodda vaziyat yuzaga kelish xavfi — favqulodda vaziyat manbaining tegishli xavf koʻrsatkichlari bilan belgilanadigan yuzaga kelish ehtimoli yoki takrorlanish tezligi;
xavfga baho berish — xavfni va uning ehtimoli boʻlgan manbalarini identifikatsiyalash, ularning yuzaga kelish mexanizmini tadqiq qilish, identifikatsiya qilingan xavfli hodisalar yuzaga kelish ehtimoliga va ularning oqibatlariga baho berish.
2-bob. Yagona tizimning asosiy vazifalari va funksiyalari
4. Quyidagilar Yagona tizimning asosiy vazifalari hisoblanadi:
tabiiy, texnogen va ekologik xususiyatli favqulodda vaziyatlarga olib keluvchi potensial manbalarni barvaqt aniqlash, ular boʻyicha tizimli kuzatuv va nazoratni tashkil etish va amalga oshirish;
favqulodda vaziyatlarni monitoring qilish va prognozlash maʼlumotlarini, shuningdek, ularning yuzaga kelganligi va oqibatlari toʻgʻrisida doimiy va avtomatlashtirilgan axborot almashinuvini taʼminlash;
favqulodda vaziyatlarga olib keluvchi xavfli tabiiy-texnogen jarayonlar va hodisalarning rivojlanish ehtimoli xususiyati va koʻlamini oldindan prognozlashtirish;
favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish, shuningdek, ularning oqibatlarini kamaytirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish.
5. Yagona tizim oʻziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) tabiiy, texnogen va ekologik xususiyatli favqulodda vaziyatlarga olib keluvchi potensial manbalarni barvaqt aniqlash, ular boʻyicha tizimli kuzatuv va nazoratni tashkil etish sohasida:
monitoring obyektlarining tizimli kuzatuvi va laboratoriya nazoratini olib boradi;
favqulodda vaziyatlar yuzaga kelish xavfini aniqlaydi va uni baholashni amalga oshiradi;
Yagona tizimning barcha darajalarida favqulodda vaziyatlarning potensial xavf manbalarining holati va tavsifi, shuningdek, ular yuzaga kelganligi va oqibatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yigʻish, qayta ishlash va tahlil qilishni amalga oshiradi;
b) favqulodda vaziyatlarni monitoring qilish va prognozlash maʼlumotlarini, shuningdek, ularning yuzaga kelganligi va oqibatlari toʻgʻrisida doimiy va avtomatlashtirilgan axborot almashinuvini taʼminlash sohasida:
favqulodda vaziyatlar manbalarining maʼlumotlar bazasi hamda potensial xavfli obyektlar reyestrini shakllantiradi va rivojlantiradi;
maxsus geoaxborot tizimlar yaratilishi va yuritilishini tashkil etadi, favqulodda vaziyatlarga olib keluvchi xavfli tabiiy-texnogen jarayonlar va hodisalar yuzaga kelish xavfi darajasi boʻyicha hududlarni batafsil rayonlashtirgan holda monitoring maʼlumotlarining tizimli kiritilishini va yangilanib borilishini taʼminlaydi;
Yagona tizimning axborot maydonida favqulodda vaziyatlarning potensial manbalari holati va darakchilari toʻgʻrisida monitoring maʼlumotlari almashinuvini taʼminlaydi;
favqulodda vaziyat yuzaga kelish xavfi toʻgʻrisida ogohlantirish maʼlumotlarini hamda favqulodda vaziyatlarning oldini olish boʻyicha boshqaruv qarorlarini qabul qilish boʻyicha tavsiyalarni FVDT rahbar organlariga tezkor taqdim etilishini amalga oshiradi;
favqulodda vaziyatlar monitoringi va prognozlash vazifalarini hal etish uchun mavjud axborot-kommunikatsion tizimlarni takomillashtiradi;
maxsus, shu jumladan davlat siriga oid maʼlumotlar himoyalanishini taʼminlaydi.
v) favqulodda vaziyatlarga olib keluvchi xavfli tabiiy-texnogen jarayonlar va hodisalarning rivojlanish ehtimoli xususiyati va koʻlamini oldindan prognozlashtirish sohasida:
tezkor monitoring maʼlumotlarini, shuningdek, favqulodda vaziyat yuzaga kelganligi va uning oqibatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yigʻish, qayta ishlash, hisoblashni amalga oshiradi;
favqulodda vaziyat situatsion ssenariylari hamda uning oqibatlarini koʻrsatgan holda favqulodda vaziyat manbai rivojlanish modelini ishlab chiqadi;
favqulodda vaziyat yuzaga kelishi, ularning oqibatlari koʻlamining qisqa, oʻrta va uzoq muddatli prognozlari muntazam tayyorlanishini taʼminlaydi;
Yagona tizim faoliyat koʻrsatishida axborot-tahliliy va tashkiliy-metodik jihatdan taʼminlanishini amalga oshiradi;
g) favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish, shuningdek, ularning oqibatlarini kamaytirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish sohasida:
favqulodda vaziyat yuzaga kelishi prognozlari asosida ularning oldini olish tadbirlari samaradorligini oshirish, bartaraf etish va oqibatlarini kamaytirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
favqulodda vaziyatning oldini olish va bartaraf etish, shuningdek, oqibatlarini kamaytirish boʻyicha maqsadli va ilmiy-texnik dasturlar ishlab chiqilishida ishtirok etadi;
favqulodda vaziyatni toʻxtatish va oqibatlarini bartaraf etish uchun zarur boʻlgan kuch va vositalarning birlamchi hisob-kitobini amalga oshiradi.
3-bob. Yagona tizim tarkibi
6. Yagona tizimni FVDT doirasida xavfli tabiiy-texnogen jarayonlar va hodisalarning monitoringi, axborot almashinuvi va prognozlash funksiyalarini bajaradigan davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, joylardagi mahalliy davlat organlari va boshqa tashkilotlarning tuzilmalari (xizmatlar, tashkilotlar, inspeksiyalar, boʻlimlar, laboratoriyalar va boshqalar) majmuasi (keyingi oʻrinlarda Yagona tizim tuzilmasi deb ataladi) tashkil etadi.
Yagona tizim respublika, mahalliy va obyekt darajalariga ega.
7. Yagona tizimning tashkiliy-funksional strukturasi FVDT doirasida favqulodda vaziyatga olib keluvchi xavfli tabiiy-texnogen jarayonlar va hodisalar monitoringi, axborot almashinuvi va prognozlash funksiyasini bajaradigan davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, joylardagi mahalliy davlat organlari va boshqa tashkilotlarni birlashtiradi (keyingi oʻrinlarda Yagona tizim ishtirokchilari deb ataladi).
4-bob. Yagona tizim faoliyatini tashkil etish
Oldingi tahrirga qarang.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-avgustdagi 515-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.08.2020-y., 09/20/515/1223-son)
9. Yagona tizim faoliyatini boshqarish va davlat nazoratini amalga oshirish Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan amalga oshiriladi (keyingi oʻrinlarda FVV deb ataladi).
10. Yagona tizim ishtirokchilarining oʻzaro hamkorligi javobgarlik zonalari aniq ajratilgan tamoyil boʻyicha: obyekt — tuman (shahar) — viloyat (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri) — respublika, ketma-ketlikda monitoring va prognoz maʼlumotlari almashinuvini taʼminlash orqali amalga oshiriladi.
11. Yagona tizim ishtirokchilari FVV va uning hududiy tuzilmalariga favqulodda vaziyat manbalari holati va faollashuv ehtimoli toʻgʻrisida, shuningdek, favqulodda vaziyatlarda xavfli tabiiy-texnogen jarayonlar va hodisalarning holati toʻgʻrisidagi monitoring va prognoz maʼlumotlarini mazkur Nizomning 1 va 2-ilovalarida* keltirilgan roʻyxatga muvofiq taqdim etishlari shart hisoblanadi.
12. Xavfli jarayon va hodisalar toʻgʻrisidagi monitoring maʼlumoti, favqulodda vaziyatlarga olib keluvchi xavfli tabiiy-texnogen jarayonlar va hodisalar tahdidi toʻgʻrisidagi prognoz maʼlumoti, sodir boʻlgan favqulodda vaziyat asosiy parametrlari, shuningdek, uning oqibatlari toʻgʻrisidagi maʼlumot mazkur Nizomning 3, 4 va 5-ilovalariga* muvofiq shaklda taqdim etiladi.
1 — 5-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
13. Yagona tizim ishtirokchilari tashkiliy-funksional tuzilmaga muvofiq maʼlumot almashinuvini quyidagi muddatlarda amalga oshiradi:
a) favqulodda vaziyatlarga olib keluvchi xavfli tabiiy-texnogen jarayon va hodisalarni monitoring va prognozlash natijalari boʻyicha:
respublika darajasida:
har oy — 28 sanaga qadar;
har chorak — 20 sanaga qadar (chorak boshlanishidan oldin);
har yili — 1-dekabrga qadar;
mahalliy darajada:
har hafta — juma kuni;
har oy — 25 sanaga qadar;
obyekt darajasida:
har kuni;
har hafta — juma kuni;
b) favqulodda vaziyatlar xavfi tugʻilganda yoki sodir boʻlganda — zudlik bilan;
v) favqulodda vaziyatlarning oqibatlari toʻgʻrisida — sutka davomida, favqulodda vaziyat oqibatlari toʻliq bartaraf etilgunga qadar har kuni.
14. Maʼlumotlarni uzatish ularning turiga koʻra:
favqulodda vaziyatlar tahdidi va sodir boʻlganligi toʻgʻrisidagi ogʻzaki maʼlumotlar — mavjud telefon va radioaloqa kanallari orqali;
monitoring va prognoz maʼlumotlari, sodir boʻlgan favqulodda vaziyatning asosiy parametrlari va oqibatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, fotomateriallar, GATda shakllantirilgan mavzuli qatlamlar — Yagona tizimning himoyalangan axborot almashish kanallari, shuningdek, pochta yoki faksimil aloqa orqali amalga oshiriladi.
Chegaralangan xususiyatga ega maʼlumotlarni uzatish yopiq aloqa kanallari orqali yoki maxsus pochta orqali belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
15. Yagona tizim doirasida xorijiy davlatlarning vakolatli organlari va xalqaro tashkilotlar bilan maʼlumot almashinuvi Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga, shuningdek, xalqaro shartnomalarga muvofiq amalga oshiriladi.
16. Monitoring va tahliliy maʼlumotlar asosida FVV quyidagi koʻrinishdagi prognozlarni tayyorlaydi va FVDT rahbar organlariga taqdim etadi:
qisqa muddatli haftalik favqulodda vaziyatlar prognozi;
oʻrta muddatli oylik favqulodda vaziyatlar prognozi;
oʻrta muddatli choraklik favqulodda vaziyatlar prognozi;
uzoq muddatli yillik favqulodda vaziyatlar prognozi.
17. FVDTning hududiy va funksional quyi tizimlari monitoring va prognoz maʼlumotlari asosida favqulodda vaziyatlarning oldini olish boʻyicha zaruriy chora-tadbirlar amalga oshirilishini taʼminlaydi.
18. Prognozlashtirilayotgan xavfli tabiiy-texnogen jarayon va hodisalar yoki yuzaga kelgan favqulodda vaziyat koʻlamidan kelib chiqqan holda Yagona tizimning quyidagi uchta faoliyat koʻrsatish rejimlaridan biri oʻrnatiladi:
kundalik faoliyat;
yuqori tayyorgarlik;
favqulodda vaziyat.
19. Yagona tizim kundalik faoliyat rejimida faoliyat koʻrsatganda quyidagilar amalga oshiriladi:
monitoring obyekti holatini, potensial xavfli obyektlardagi va unga chegaradosh hududlardagi yuzaga kelgan holatni kuzatish va nazorat qilish;
monitoring maʼlumotlarini yigʻish, axborot almashish, qayta ishlash va tahlil qilish, GATga monitoring maʼlumotlarini kiritish va yangilash;
yuzaga kelgan holatni prognozlashtirish, favqulodda vaziyatlarga olib keladigan xavfli tabiiy-texnogen jarayon va hodisalar xavfini baholash;
favqulodda vaziyatning oldini olish, bartaraf etish va oqibatlarini kamaytirish tadbirlari samaradorligini oshirish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqish;
favqulodda vaziyatlar yuzaga kelishi tahdidi va xavf omillarini oldindan aniqlash, shuningdek, ular yuzaga kelganda iqtisodiyot obyektlarining barqarorligini oshirish boʻyicha maqsadli va ilmiy-texnik dasturlarni rejalashtirish va amalga oshirishda ishtirok etish;
Yagona tizim tuzilmalarini zamonaviy texnik vositalar bilan jihozlash, shuningdek, mutaxassislarni tayyorlash va malakasini oshirish.
20. Yagona tizim yuqori tayyorgarlik rejimida faoliyat koʻrsatganda quyidagilar amalga oshiriladi:
favqulodda vaziyat manbalarining holatini (zarur hollarda) kuchaytirilgan tarzda kuzatuv olib borish;
monitoring maʼlumotlarini yigʻish, oʻzaro axborot almashish, qayta ishlash va tahlil qilish, favqulodda vaziyatlar ehtimoli rivojini modellashtirish;
favqulodda vaziyatlarni joriy va tezkor prognozlashtirish;
favqulodda vaziyatni bartaraf etish va oqibatlarini toʻxtatish uchun zarur kuch va vositalar birlamchi hisob-kitobini qilish;
yuzaga kelishi mumkin favqulodda vaziyatning oldini olish va oqibatlarini kamaytirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish.
21. Yagona tizim favqulodda vaziyat rejimida faoliyat koʻrsatganda quyidagilar amalga oshiriladi:
favqulodda vaziyatlar zonasiga Yagona tizim tuzilmasi maxsus guruhlarini yuborish;
favqulodda vaziyat zonalari chegaralarini aniqlash;
uzluksiz kuzatuvlar olib borish va favqulodda vaziyat rivojini tezkor prognozlashtirish;
favqulodda vaziyatni toʻxtatish va oqibatlarini kamaytirish boʻyicha tadbirlar va takliflar ishlab chiqish.
5-bob. Yagona tizimning texnik asoslari
22. Yagona tizimning monitoring, axborot-tahliliy faoliyati texnik asoslarini ularning javobgarlik sohasiga bogʻliq holda davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, boshqa tashkilotlarga tegishli yer usti va aviatsion vositalari tashkil etadi.
23. Xavfli tabiiy, texnogen va ekologik obyektlar holati toʻgʻrisida maʼlumot olish uchun yer usti vositalari sifatida favqulodda vaziyatlar asosiy manbalari hisoblangan Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Geologiya va mineral resurslar davlat qoʻmitasi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi, Fanlar akademiyasining Seysmologiya instituti va boshqa tashkilotlar, shuningdek, potensial xavfli obyektlar holatini diagnostika va nazorat qilish vositalari hisoblanadi.
(23-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-dekabrdagi 995-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son)
24. Aviatsion vositalar (vertolyot, samolyotlar) radiatsion holatni, keng miqyosda vayron boʻlgan zona holatini, magistral suv quvurlari holatini, shuningdek, boshqa (yoʻl, qor koʻchkisi, yer koʻchkisi va sel toshqini) monitoring maʼlumotlarini olish uchun foydalaniladi.
6-bob. Yagona tizimning faoliyatini moliyalashtirish
25. Oʻzbekiston Respublikasi davlat budjetidan moliyalashtiriladigan tashkilotlarda davlat budjeti mablagʻlari, boshqa turdagi tashkilotlarda esa — ularning oʻz mablagʻlari yoki qonunchilikda taʼqiqlanmagan boshqa manbalar Yagona tizimning faoliyatini moliyalashtirish manbai hisoblanadi.
7-bob. Yakunlovchi qoidalar
26. Yagona tizimning tuzilmalari rahbarlari taqdim etilayotgan maʼlumotlar ishonchliligi, oʻz vaqtida taqdim etilishi va toʻliqligi uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.
27. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javob beradilar.
(27-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2017-y., 09/18/1027/0498-son; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 26.01.2018-y., 09/18/52/0629-son, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son; 07.03.2019-y., 09/19/195/2712-son; 08.05.2020-y., 09/20/271/0565-son; 27.08.2020-y., 09/20/515/1223-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)