O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON-AMERIKA MA’LUMOTLAR UZATISh TARMOG‘I QO‘ShMA KORXONASI FAOLIYATINI TAShKIL ETISh TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining2005-yil 8-avgustdagi PQ-149-sonli “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasining ma’lumotlar uzatish xizmatlarini rivojlantirish va uni xususiylashtirishga tayyorlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Ma’lumotlar uzatish xizmatlari ko‘rsatadigan korxonalarni rivojlantirishni rag‘batlantirish hamda davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, o‘quv yurtlari va yirik korporativ mijozlarning O‘zbekiston Respublikasining butun hududida ma’lumotlar uzatishning sifatli xizmatlariga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish, iste’molchilarning axborot resurslaridan keng foydalanishini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasining “Telecommunications services” kompaniyasi (AQSh) bilan birgalikda “UzPAK” ma’lumotlarni uzatish davlat tarmog‘i korxonasi negizida mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “UzPAK Teleservice” qo‘shma korxonasi tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
2. “UzPAK Teleservice” qo‘shma korxonasining ustav fondida tomonlarning ulushi quyidagicha taqsimlanishiga rozilik berilsin:
boshqarish uchun O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligiga berilayotgan davlat ulushi — 26 foiz;
“O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi ulushi — 15 foiz;
“Xalqaro aloqa” tashkilotining ulushi — 10 foiz;
“Telecommunications services” kompaniyasi (AQSh) ulushi — 49 foiz.
Quyidagilar:
“UzPAK” ma’lumotlarni uzatish davlat tarmog‘i korxonasining mol-mulki qo‘shma korxona ustav fondiga davlat tomonidan qo‘shilgan ulush hisoblanadi;
“O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi filiallarining xalqaro ichki zona kanallari va traktlari, binolari, inshootlari berilishi “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasining ulushi hisoblanadi;
pul mablag‘lari “Telecommunications services” kompaniyasi (AQSh) va “Xalqaro aloqa” tashkilotining ulushi hisoblanadi.
3. Belgilansinki, “UzPAK Teleservice” qo‘shma korxonasi “UzPAK” ma’lumotlarni uzatish davlat tarmog‘i korxonasining huquqiy vorisi, shu jumladan Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Ma’lumotlar uzatish milliy tarmog‘ini zamonaviylashtirish va rivojlantirish loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2001-yil 5-dekabrdagi 466-son qarori bilan belgilangan miqdorlar va muddatlarda O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan kafolatlangan kreditlarni qaytarishga doir “UzPAK” ma’lumotlarni uzatish davlat tarmog‘i korxonasining majburiyatlari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi.
4. Quyidagilar “UzPAK Teleservice” qo‘shma korxonasi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari hisoblanishi ma’lumot uchun qabul qilinsin:
davlat va jamoat organlari, fuqarolar, mulkchilik shakllaridan qat’i nazar korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning axborot ehtiyojlarini har tomonlama qondirish maqsadida Ma’lumotlarni uzatish milliy tarmog‘ining faoliyat ko‘rsatishi va rivojlanishini ta’minlash;
“UzPAK Teleservice” qo‘shma korxonasining ma’lumotlarni uzatish tarmog‘ida axborot resurslari himoya qilinishini ta’minlash, konstitutsiyaviy tuzumni zo‘ravonlik bilan o‘zgartirishga, urushni, zo‘ravonlik va pornografiyani targ‘ib qilishga, diniy va milliy adovatni avj oldirishga, insonning or-nomusi va qadr-qimmatini kamsitishga qaratilgan chaqiriqlar mavjud bo‘lgan axborot va amaldagi qonun hujjatlarida tarqatish taqiqlangan boshqa axborot tarqatilishiga yo‘l qo‘ymaslik;
texnik vositalarni joriy etish, Internet-texnologiyalarni rivojlantirish, respublikaning yagona axborot makoni kommunikatsiya asoslarini takomillashtirish va uning jahon axborot hamjamiyatiga kirishi imkoniyatlarini kengaytirish.
5. O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi bilan birgalikda bir oy muddatda qo‘shma korxonaning ustav fondidagi O‘zbekiston tomonining ulushini belgilangan tartibda shakllantirsin.
6. Vazirlar Mahkamasining “2003-2004-yillarda korxonalarni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish dasturi to‘g‘risida” 2003-yil 17-apreldagi 185-son qaroriga 2-ilovadan 289-pozitsiya chiqarib tashlansin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 4-avgust,
369-son
(O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 31-son, 354-modda)