Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Shisha tola, elektr tejamkor isitish asbob-uskunalar va energiyaning zamonaviy tejamkor tizimlarini ishlab chiqarishni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2017 — 2021-yillarda qayta tiklanuvchi energetikani yanada rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya samaradorligini oshirish chora-tadbirlari Dasturi toʻgʻrisida” 2017-yil 26-maydagi PP-3012-sonli qaroriga muvofiq hamda shisha tola buyumlari, energiya samaradorligini taʼminlaydigan isitish asbob-uskunalari, shu jumladan energiyaning qayta tiklanuvchi manbalaridan energiya sarflaydigan hamda energiyaning zamonaviy tejamkor ishlab chiqarishlarini tashkil etishga xorijiy investitsiyalarni va zamonaviy texnologiyalarni keng jalb qilish maqsadida:
1. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 12-sentabrdagi 351-sonli qarori bilan “Prayss-Daymler” (GFR) va “Roviteks” (Shveysariya) xorijiy kompaniyalarining ulushi ishtirokidagi “Oʻzglaszayden” QK MCHJ negizida texnik shisha tolasi ishlab chiqarishni tashkil etish” loyihasini amalga oshirish boshlandi. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining kafolati boʻyicha xorijiy bank mablagʻlarini qayta moliyalashtirish yoʻli orqali uskunalar yetkazib berishni moliyalashtirishda asosiy manba etib “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB krediti belgilandi;
shisha tolasini ishlab chiqarish qoʻshma korxona taʼsischilari tomonidan texnologik uskunalar oxirigacha yetkazib berilmagani va qurilish-montaj ishlari nihoyasiga yetkazilmagani sababli foydalanishga topshirilmagan, 14 yil mobaynida ishlab chiqarishni ishga tushirish boʻyicha hech qanday chora-tadbirlar koʻrilmagan;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 4-apreldagi 171-f-sonli farmoyishi bilan “Oʻzglaszayden” QK MCHJ ishlatilmagan asosiy mablagʻlari hamda shisha tolasini ishlab chiqarish boʻyicha qurilishi tugallanmagan obyektlarni konservatsiya qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi;
2017-yilning 1-noyabr holatiga koʻra “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB oʻz mablagʻlari hisobidan xorijiy bank oldidagi tashqi qarzini uzdi, “Oʻzglaszayden” QK MCHJning “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB kreditlari boʻyicha 116,3 mlrd. soʻm miqdoridagi soʻndirilmagan qarzi mavjud;
“Deutsche Kabel AG Tashkent” QK AJ “Oʻzglaszayden” QK MCHJning faoliyat yuritmay turgan mulki kompleksi negizida 1-ilovaga* muvofiq roʻyxat boʻyicha shisha tolasi, energiya samarador isitish uskunalari va energiyaning zamonaviy tejamkor tizimlarini ishlab chiqarishni tashkil etish boʻyicha oʻz qiziqishlarini bildirdi.
Keyingi tahrirga qarang.
* 1-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
2. “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB, “Oʻzeltexsanoat” AK, Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Toshkent shahri hokimligi, “Olmazor kichik sanoat zonasi” AJ va “Deutsche Kabel AG Tashkent” QK AJning:
“Deutsche Kabel AG Tashkent” QK AJga “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB krediti boʻyicha, “Deutsche Kabel AG Tashkent” QK AJga mazkur bandning uchinchi xatboshida belgilangan investitsiya majburiyatlarini qabul qilgan holda “Oʻzglaszayden” KQ MCHJ qarzlarini talab qilish huquqlarini barcha zarur hujjatlar bilan birga taqdim etgan holda topshirish;
“Oʻzglaszayden” QK MCHJning faoliyat yuritmay turgan mulki kompleksi negizida “Deutsche Kabel AG Tashkent” QK AJ tomonidan, keyinchalik 2 yil mobaynida ekvivalenti 8,0 mln. AQSH dollari miqdoridagi investitsiyalarni kiritgan holda shisha tola, energiya samarador isitish uskunalari va energiyaning zamonaviy tejamkor tizimlarini ishlab chiqarishni belgilangan tartibda tashkil etish (keyingi oʻrinlarda — investitsiya loyihasi);
Keyingi tahrirga qarang.
2-ilovaga muvofiq roʻyxat boʻyicha “Olmazor kichik sanoat zonasi” AJning binolari va inshoatlarini (keyingi oʻrinlarda — obyekt), baholash tashkiloti tomonidan belgilangan narx boʻyicha boʻlib toʻlash shartlarida “Deutsche Kabel AG Tashkent” QK AJga belgilangan tartibda sotish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
3. “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB bir oy muddatda belgilangan tartibda:
“Oʻzglaszayden” QK MCHJ ssuda qarzini milliy valyutadagi ekvivalentida teng miqdordagi rezervini tashkil etgan holda va uni keyinchalik belgilangan tartibda hisobdan chiqargan ravishda “nazarda tutilmagan holatlar” tegishli hisobvaragʻiga oʻtkazsin;
“Oʻzglaszayden” QK MCHJ majburiyatlari boʻyicha “Oʻzsanoatqurilishbank” ATBga berilgan 2000-yil 7-dekabrdagi MN/24-02-03/199-sonli Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining Kafolatlarini bekor qilish boʻyicha takliflar kiritilishini taʼminlasin.
4. Toshkent shahri hokimligi va “Olmazor kichik sanoat zonasi” AJ ikki oy muddatda obyektning baholanishini va uni “Deutsche Kabel AG Tashkent” QK AJga sotilishini belgilangan tartibda taʼminlasin.
Belgilansinki, oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan vaqtdan boshlab obyektdan foydalanish va unga egalik qilish huquqi “Deutsche Kabel AG Tashkent” QK AJga oʻtadi, tasarruf etish huquqi esa uni sotib olish toʻlovi toʻlangandan soʻng amalga oshiriladi.
5. 2022-yilning 1-iyuliga kadar:
“Deutsche Kabel AG Tashkent” QK AJ mazkur investitsiya loyihasi doirasida yuridik shaxslarning foyda soligʻi, mulk soligʻi, yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi, obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish soligʻi, yagona ijtimoiy toʻlov, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yoʻl jamgʻarmasiga boʻlgan majburiy ajratmalar toʻlashdan;
belgilangan tartibda tasdiqlanadigan roʻyxatlar boʻyicha investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida olib kiriladigan, Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan uskunalar, butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar, xom ashyo, materiallar va maxsus transport vositalari bojxona toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) ozod etilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
6. “Oʻzeltexsanoat” AJ:
“Deutsche Kabel AG Tashkent” QK AJ bilan birgalikda ikki oy muddatda “Oʻzeltexsanoat” AJning Ilmiy-texnik kengashi tomonidan loyihaoldi hujjatlarining ishlab chiqilishi, koʻrib chiqilishi, shuningdek, shisha tolasini 2019-yilning uchinchi choragida barcha ishlarning tugallanishi va ishlab chiqarishni ishga tushirishni nazarda tutadigan investitsiya loyihasini amalga oshirish tarmoq jadvali tasdiqlanishini taʼminlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi investitsiya loyihasini amalga oshirish ustidan doimiy nazorat oʻrnatsin hamda har hafta Vazirlar Mahkamasiga maʼlumot kiritib borsin.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — “Oʻzagrotexsanoatxolding” boshqaruvi raisi N.S. Otajonov va “Oʻzeltexsanoat” AJ raisi vazifasini bajaruvchi A.A. Abdullayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 30-noyabr,
PQ-3417-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 30-noyabrdagi PQ-3417-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Baholash tashkiloti tomonidan belgilangan narx boʻyicha boʻlib toʻlash shartlarida “Deutsche Kabel AG Tashkent” QK AJga oʻrnatilgan tartibda sotiladigan “Olmazor kichik sanoat zonasi” AJning binolari va inshootlari
ROʻYXATI
|
T/r |
Obyektlarning nomlanishi |
Kadastr boʻyicharaqami(literi) |
Maydoni (kv. m) |
|
1. |
Omborxona |
0024 |
402 |
|
2. |
7-sex binosi |
0028 |
7 327 |
|
3. |
Bostirma |
0029 |
477 |
|
4. |
Sex binosi |
0030 |
386 |
|
5. |
Chiqindilarni qayta ishlash binosi |
0031 |
37 |
|
6. |
Chiqindilarni qayta ishlash binosi |
0032 |
810 |
|
7. |
Qoʻriqlash binosi |
0035 |
6 |
|
8. |
8-sex binosi |
0036 |
13 099 |
|
Jami |
22 544 | ||
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.12.2017-y., 07/17/3417/0346-son; 11.04.2019-y., 07/19/4277/2919-son; 04.10.2019-y., 06/19/5846/3866-son)