Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 19-maydagi 295-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Avtomobil yoʻllarining arxitektura-landshaft konstruksiyasi va obodonlashtirish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 11-sentabrdagi PQ-3262-son qaroriga hamda Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasi huzuridagi “Uzavtoyo'lbelgi” davlat unitar korxonasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2017-yil 2-oktabrdagi 784-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 24-noyabr,
943-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 24-noyabrdagi 943-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 9-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“9. Qoʻmita markaziy apparati, uning hududiy bosh boshqarmalari, tuman yoʻllardan foydalanish korxonalari, yoʻllardan muntazam foydalanish korxonalari va koʻpriklardan foydalanish korxonalarining, shuningdek, “Oʻzyoʻlkoʻkalamzorlashtirish” unitar korxonasi va uning hududiy boʻlinmalarining taʼminoti Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yoʻl jamgʻarmasining mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi”.
2. 10-bandga quyidagi mazmundagi xatboshilar qoʻshilsin:
“avtomobil yoʻllariga tutash hududlarni koʻkalamzorlashtirish va obodonlashtirish tadbirlari oʻtkazilishini tashkil etish;
standartlashtirishga doir normativ hujjatlar talablariga muvofiq yoʻl belgilari, axborot koʻrsatkichlari, yoʻllarda harakatlanishni tartibga solishning boshqa texnik vositalari ishlab chiqarilishini tashkil etish”.
3. 11-bandga quyidagi mazmundagi “k” va “l” kichik bandlar qoʻshilsin:
“k) avtomobil yoʻllariga tutash hududlarni koʻkalamzorlashtirish va obodonlashtirish tadbirlari oʻtkazilishini tashkil etish sohasida:
avtomobil yoʻllarining hududiy arxitektura-badiiy tuzilishi va landshaft dizayni qismida zamonaviy yondashuvlarni shakllantirish va amalga oshirish borasida yagona davlat siyosatini olib borish yoʻli bilan avtomobil yoʻllariga ajratilgan polosalardagi yoʻl boʻyi hududlarni tegishli holatda saqlash bilan bogʻliq ishlarni tashkil etish va tizimli asosda amalga oshirish;
respublikaning har bir mintaqasidagi iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda avtomobil yoʻllarini obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish sohasida ilgʻor zamonaviy texnologiyalar va xalqaro standartlarni keng koʻlamda qoʻllash orqali ilmiy-tadqiqot ishlarini oqilona tashkil etish;
avtomobil yoʻllari va ularning konstruktiv elementlarini noqulay ob-havo- iqlim omillarining taʼsirdan himoya qilish boʻyicha ilgʻor xalqaro tajribani sinchiklab oʻrganish natijalariga koʻra avtomobil yoʻllariga tutash hududlarni transportning bulgʻashi va tashlanmalaridan muhofaza qilishning eng samarali va amaliyotda muvaffaqiyatli sinovdan oʻtgan zamonaviy usul va texnologiyalarini joriy etish;
zamonaviy talablarni hisobga olgan holda, idoraviy mansub oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari negizida avtomobil yoʻllarini loyihalash, arxitektura-badiiy jihatdan tuzish va landshaft dizayni boʻyicha yuqori malakali kadrlar tayyorlash va ularni qayta tayyorlashni tashkil etish;
l) standartlashtirishga doir normativ hujjatlar talablariga muvofiq yoʻl belgilari, axborot koʻrsatkichlari, yoʻllarda harakatlanishni tartibga solishning boshqa texnik vositalari ishlab chiqarilishini tashkil etish sohasida:
avtomobil yoʻllarini yoʻllarda harakatlanishni tartibga solishning texnik vositalari bilan jihozlash sohasida yagona texnik siyosatni amalga oshirish;
standartlashtirishga doir normativ hujjatlar talablariga muvofiq yoʻl belgilari, axborot koʻrsatkichlari, yoʻllarda harakatlanishni tartibga solishning boshqa texnik vositalarini ishlab chiqarish;
yoʻllarni belgilash uchun mustahkam materiallar ishlab chiqarish, avtomobil yoʻllarida uzoq muddat foydalanishni taʼminlovchi yoʻl belgilari chizish;
Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash masalalarida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yoʻl harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlik qilish”.
4. 18-banddagi “toʻrt” soʻzi “besh” soʻzi bilan almashtirilsin.
5. 27-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“27. Qoʻmita markaziy apparati, uning hududiy organlari, tuman yoʻllardan foydalanish korxonalari, yoʻllardan muntazam foydalanish korxonalari va koʻpriklardan foydalanish korxonalari, shuningdek, “Oʻzyoʻlkoʻkalamzorlashtirish” unitar korxonasi va uning hududiy boʻlinmalari xodimlari mehnatiga haq toʻlash va ularni moddiy ragʻbatlantirish kasaba uyushmasi organi va Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan kelishgan holda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yoʻl jamgʻarmasining boshqaruv Kengashi tomonidan tasdiqlanadigan Nizomga muvofiq amalga oshiriladi”.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.11.2017-y., 09/17/943/0326-son)