Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA OʻRTA MAXSUS TAʼLIM VAZIRLIGI FAOLIYATINI TAKOMILLASHTIRISH TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 8-avgustdagi 489-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy talim, fan va innovatsiyalar vazirligi faoliyatini tartibga solish sohasidagi ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash tugʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan oliy taʼlim muassasalarining kadrlar tayyorlash, professor-oʻqituvchilar malakasining talab etiladigan darajasini taʼminlash, oʻqitishning innovatsiya usullarini joriy etish, moliyaviy resurslardan samarali foydalanish hamda talaba yoshlar oʻrtasida tarbiyaviy va maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tashkil etish masalalaridagi faoliyati ustidan nazorat boʻshashtirib yuborilganligini, bu mutaxassislar tayyorlash sifatiga salbiy taʼsir koʻrsatayotganligini qayd etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi faoliyatini takomillashtirish, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvorliklariga muvofiq kadrlarni sifatli oʻqitish va tarbiyalashni tashkil etish maqsadida hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika davlat boshqaruvi organlari tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2003-yil 9-dekabrdagi PF-3358-son Farmonini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining qaroriga koʻra xodimlarning umumiy soni 387 nafar boʻlgan 8 ta xoʻjalik hisobidagi Vazirlik tasarrufidagi tashkilot uning tuzilmasidan chiqarilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining asosiy vazifalari etib belgilansin:
oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi sohasida yuksak maʼnaviy-axloqiy fazilatli, mustaqil fikrlashga qodir boʻlgan, hozirgi zamon bozor sharoitlarida ishni tashkil etishning ilgʻor usullari va shakllarini egallab olgan yuqori maʼlumotli, malakali kadrlar tayyorlashga yoʻnaltirilgan yagona davlat siyosatini amalga oshirish;
Keyingi tahrirga qarang.
ilgʻor jahon tajribasini hisobga olgan holda respublikada oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimini rivojlantirish va takomillashtirish;
Keyingi tahrirga qarang.
oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi sohasida Kadrlar tayyorlash milliy dasturida moʻljallangan vazifalar bajarilishini taʼminlash;
Keyingi tahrirga qarang.
idoraviy boʻysunishidan va mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, respublikaning oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalariga oʻquv-pedagogik va ilmiy-metodik rahbarlikni amalga oshirish, ular faoliyatini muvofiqlashtirish, ularda davlat taʼlim standartlari talablari va taʼlim darajasiga va mazmuniga, mutaxassislarning kasbiy tayyorgarligi sifatiga qoʻyiladigan boshqa talablar bajarilishini taʼminlash;
Keyingi tahrirga qarang.
mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvorliklariga muvofiq kadrlar tayyorlashning mavjud va istiqbolli yoʻnalishlari boʻyicha korxonalar va tashkilotlar, shuningdek fuqarolar tomonidan taʼlim xizmatlariga boʻlgan talabni oʻrganish va uning qondirilishini taʼminlash;
oʻquv-tarbiya jarayonida oʻqitishning ilgʻor shakllarini, shu jumladan masofadan turib oʻqitish shaklini, yangi pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va ulardan samarali foydalanishni tashkil etish;
Uzluksiz taʼlim tizimi uchun yangi avlod oʻquv adabiyoti yaratish konsepsiyasi talablariga muvofiq darsliklar va oʻquv-metodik adabiyotlar yaratilishi, tarjima qilinishi va nashr etilishini tashkil etish;
pedagog kadrlar va mutaxassislar tayyorlash, ularni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tashkil etish va takomillashtirish;
oliy oʻquv yurtlarida ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish, ularning samaradorligini oshirish va tadqiqotlarning natijalarini amaliyotga keng joriy etish, oliy taʼlim, fan va ishlab chiqarishning mustahkam oʻzaro hamkorligini taʼminlash;
Keyingi tahrirga qarang.
barcha manbalar, ayniqsa toʻlov-kontrakt shakli boʻyicha oliy taʼlim muassasalari daromadlari shakllantirilishi va ulardan samarali foydalanilishi ustidan nazorat qilish.
3. Quyidagilar:
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi toʻgʻrisidagi nizom 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziriga xodimlarning belgilangan umumiy soni doirasida Vazirlik markaziy apparati tuzilmasiga oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
4. Oliy va oʻrta maxsus maktab muammolari instituti Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi huzuridagi Oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimini rivojlantirish markaziga aylantirilsin.
Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilansin:
oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimining davlat taʼlim standartlarini, pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga talablarni ishlab chiqish va takomillashtirish, shuningdek mamlakat litseylari, kollejlari va oliy taʼlim muassasalarida oʻquv jarayonining oʻzaro bogʻliqligi va uzluksizligini metodik taʼminlash;
oʻqitishning interaktiv metodlarini, zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanishga asoslangan multimediy oʻqitish dasturlarini ishlab chiqish va joriy etish;
litseylar, kollejlar, bakalavriat va magistratura taʼlim dasturlariga kiruvchi barcha fanlar boʻyicha yangi avlod oʻquv adabiyotlari tayyorlashni va ular bilan taʼlim muassasalarini taʼminlashni tashkil etish;
oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi tizimining faoliyat koʻrsatishini ilmiy-metodik taʼminlash, raqobatbardoshli kadrlar tayyorlashga yoʻnaltirilgan tadqiqot ishlarini amalga oshirish;
ilgʻor jahon tajribasini oʻrganish asosida respublikada yuqori malakali kadrlar tayyorlashni tashkil etishni takomillashtirish.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va Moliya vazirligining Oliy taʼlim muassasalarini rivojlantirish jamgʻarmasini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Belgilab qoʻyilsinki, Jamgʻarma daromadlari homiylar, xayriya jamgʻarmalari mablagʻlari, xalqaro tashkilotlarning grantlari, shuningdek oliy taʼlim muassasalarining toʻlov-kontrakt shaklida oʻqitish uchun tushadigan mablagʻlarining 5 foizi miqdoridagi ajratmalari hisobiga shakllantiriladi hamda yangi avlod darsliklar va oʻquv qoʻllanmalarini yaratishga, oʻquv binolari va yotoqxonalarning moddiy holatini yaxshilashga, shuningdek zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishga sarflanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bir oy muddatda:
Oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimini rivojlantirish markazining Nizomini hamda uning tuzilmasini;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda — Oliy taʼlim muassasalarini rivojlantirish jamgʻarmasi daromadlarini shakllantirish va uning mablagʻlaridan foydalanish tartibini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda amaldagi qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiquvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A. Azizxoʻjayev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 20-iyul,
341-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tizimining tashkiliy tuzilmasi
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi markaziy apparatining tuzilmasi
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (keyingi oʻrinlarda matnda Vazirlik deb yuritiladi) respublikada oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimiga rahbarlik qiluvchi davlat boshqaruv organi hisoblanadi.
Vazirlik oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisob beradi.
2. Vazirlik tizimiga Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim, kab-hunar taʼlimini rivojlantirish markazi, idoraviy mansub oliy oʻquv yurtlari kiradi.
3. Vazirlik oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qarorlariga va boshqa hujjatlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek mazkur Nizomga amal qiladi.
4. Vazirlik oʻz faoliyatini davlat boshqaruvining boshqa organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, jamoat birlashmalari va boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlikda amalga oshiradi.
5. Vazirlik faoliyati Vazirlikka ajratiladigan mablagʻlar doirasida davlat budjeti mablagʻlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga moliyalashtiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Vazirlik yuridik shaxs hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi yozilgan muhrga ega boʻladi.
II. Vazirlikning vazifalari va funksiyalari
7. Quyidagilar Vazirlikning asosiy vazifalari hisoblanadi:
oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi sohasida yuksak maʼnaviy-axloqiy fazilatli, mustaqil fikrlashga qodir boʻlgan, hozirgi zamon bozor sharoitlarida ishni tashkil etishning ilgʻor usullari va shakllarini egallab olgan yuqori maʼlumotli, malakali kadrlar tayyorlashga yoʻnaltirilgan yagona davlat siyosatini amalga oshirish;
ilgʻor jahon tajribasini hisobga olgan holda respublikada oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimini rivojlantirish va takomillashtirish;
oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi sohasida Kadrlar tayyorlash milliy dasturida moʻljallangan vazifalar bajarilishini taʼminlash;
idoraviy boʻysunishidan va mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, respublikaning oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalariga oʻquv-pedagogik va ilmiy-metodik rahbarlikni amalga oshirish, ular faoliyatini muvofiqlashtirish, ularda davlat taʼlim standartlari talablari hamda taʼlim darajasi va mazmuniga, mutaxassislarning kasbiy tayyorgarligi sifatiga qoʻyiladigan boshqa talablar bajarilishini taʼminlash;
mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvorliklariga muvofiq kadrlar tayyorlashning mavjud va istiqbolli yoʻnalishlari boʻyicha korxonalar va tashkilotlar, shuningdek fuqarolar tomonidan taʼlim xizmatlariga boʻlgan talabni oʻrganish va uning qondirilishini taʼminlash;
oʻquv-tarbiya jarayonida oʻqitishning ilgʻor shakllarini, shu jumladan masofadan turib oʻqitish, yangi pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va ulardan samarali foydalanishni tashkil etish;
Uzluksiz taʼlim tizimi uchun yangi avlod oʻquv adabiyoti yaratish konsepsiyasi talablariga muvofiq darsliklar va oʻquv-metodik adabiyotlar yaratilishi, tarjima qilinishi va nashr etilishini tashkil etish;
pedagog kadrlar va mutaxassislar tayyorlash, ularni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tashkil etish va takomillashtirish;
oliy oʻquv yurtlarida ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish, ularning samaradorligini oshirish va tadqiqotlarning natijalarini amaliyotga keng joriy etish, oliy taʼlim, fan va ishlab chiqarishning mustahkam oʻzaro hamkorligini taʼminlash;
barcha manbalar, ayniqsa toʻlov-kontrakt shakli boʻyicha oliy taʼlim muassasalari daromadlari shakllantirilishi va ulardan samarali foydalanilishi ustidan nazorat qilish.
8. Vazirlik oʻziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
oliy taʼlim muassasalarida va Vazirlik tizimidagi boshqa idoraviy mansub tashkilotlarda “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni hamda Kadrlar tayyorlash milliy dasturi bajarilishini taʼminlaydi;
bakalavriat taʼlimi va magistratura mutaxassisliklari yoʻnalishlari boʻyicha davlat taʼlim standartlarini, oliy taʼlim fanlarining namunaviy oʻquv rejalari va dasturlarini, shuningdek oliy taʼlim muassasalari faoliyatining aniq turlarini tartibga soluvchi normativ hujjatlarni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
Iqtisodiyot vazirligi hamda Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi bilan birgalikda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlariga muvofiq bakalavriat taʼlimi va magistratura mutaxassisliklarining istiqbolli yoʻnalishlari roʻyxatini belgilaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda Oliy taʼlimning yoʻnalishlari va mutaxassisliklari klassifikatorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritadi;
oʻquv jarayoniga zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, yangi avlod oʻquv va oʻquv-metodik adabiyotlar, elektron kutubxonalar joriy etilishini taʼminlaydi;
oliy taʼlim tizimida Kadrlar tayyorlash milliy dasturi amalga oshirilishi monitoringini olib boradi;
oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarida milliy mustaqillik gʻoyalariga, xalqning boy milliy va madaniy-tarixiy anʼanalari va umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan oʻsib kelayotgan avlodni maʼnaviy-axloqiy tarbiyalash tashkil etilishini amalga oshiradi;
oliy taʼlim muassasasining namunaviy ustavini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi hamda oliy taʼlim muassasalarining va Vazirlik tizimidagi boshqa idoraviy mansub tashkilotlarining ustavlarini tasdiqlaydi;
Davlat test markazi bilan birgalikda oliy taʼlim sifatini oshirish chora-tadbirlarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga respublikaning oliy taʼlim muassasalariga abituriyentlarni tanlash va qabul qilishni takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritadi;
oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimining davlat taʼlim standartlari va oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlimga, shuningdek pedagog kadrlar va mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga qoʻyiladigan davlat talablari amalga oshirilishini taʼminlaydi;
pedagog kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlashni tashkil etishning samarali shakllarini, shu jumladan masofadan turib oʻqitish shaklini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining rahbarlari, pedagoglari va muhandis-pedagog xodimlariga qoʻyiladigan malaka talablarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
oliy taʼlim muassasasining rektori, prorektori va fakultet dekani lavozimiga nomzodlarni tanlash va koʻrsatish tartibini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
taʼlim sifatini oshirishga, raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga, pedagog kadrlarning samarali faoliyatini ragʻbatlantirishga yoʻnaltirilgan normativ hujjatlarni ishlab chiqadi, tasdiqlaydi va oʻquv jarayoniga joriy etadi;
oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining pedagog kadrlarini ishga qabul qilishning tanlov tizimi toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqadi va belgilangan tartibda tasdiqlash uchun taqdim etadi hamda ularning amalga oshirilishini nazorat qiladi;
oliy taʼlim sohasida marketing tadqiqotlarini tashkil etadi, respublikaning oliy taʼlim muassasalarida kadrlar tayyorlashning mavjud va istiqbolli yoʻnalishlari boʻyicha qabul koʻrsatkichlarini ishlab chiqadi va ularni koʻrib chiqish uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;
Vazirlik tizimining oliy taʼlim muassasalarini, shuningdek oʻquv-tarbiya jarayonini moddiy-texnik jihozlashni moliyalashtirishning davlat normativlarini belgilash toʻgʻrisidagi takliflarni ishlab chiqadi;
oliy taʼlim muassasalari, Vazirlik korxonalari va tashkilotlarining xoʻjalik, ishlab chiqarish va moliyaviy faoliyati ustidan nazoratni amalga oshiradi;
idoraviy mansub oliy taʼlim muassasalari va tashkilotlarining taʼminotiga xarajatlar smetasini tasdiqlaydi hamda belgilangan tartibda ularni moliyalashtirishni amalga oshiradi;
Vazirlikning idoraviy mansub muassasalari va tashkilotlari boshqaruv xodimlari sonini belgilangan tartibda tasdiqlaydi;
oʻqitishning toʻlov-kontrakt shakli daromadlari va xarajatlari smetasini tasdiqlaydi hamda budjetdan tashqari mablagʻlar tushumi va sarflanishi ustidan nazorat qiladi;
Vazirlikka markazlashtirilgan tartibda ajratiladigan mablagʻlarni taqsimlash va qayta taqsimlash uchun Oʻzbekiston Respublikasining tijorat bankida joriy, hisob-kitob raqamlari va boshqa hisob raqamlari ochadi;
respublika ilmiy-texnik dasturlari boʻyicha fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlarni bajarishda oliy maktabning ilmiy-texnik salohiyatidan samarali foydalanilishini taʼminlaydi;
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar aspirantura va doktorantura orqali belgilangan tartibda tayyorlanishini tashkil etadi;
oliy taʼlim sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari va bitimlari asosida xorijiy sheriklar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalar oʻrnatadi;
idoraviy mansubligi va mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, respublikaning oliy taʼlim muassasalarida xorijiy mamlakatlar uchun mutaxassislar tayyorlanishini muvofiqlashtiradi;
Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi bilan birgalikda davlat tilida va boshqa tillarda darsliklar va oʻquv qoʻllanmalarini nashr etish va ularning nusxalarini koʻpaytirishning yillik va istiqbolli rejalarini ishlab chiqadi;
Keyingi tahrirga qarang.
Vazirlik tizimi xodimlarini Oʻzbekiston Respublikasining davlat mukofotlariga taqdim etishga materiallarni koʻrib chiqadi va xulosa beradi;
talabalar uchun belgilangan tartibda universiadalar va boshqa sport tadbirlarini oʻtkazadi, ularning gʻoliblarini xalqaro tanlovlar va musobaqalarga yuboradi;
oliy maktabni rivojlantirish, fan va texnikaning dolzarb masalalari boʻyicha belgilangan tartibda respublika va xalqaro kengashlar, konferensiyalar, simpoziumlar oʻtkazadi;
idoraviy mansub tarkibiy boʻlinmalar, markazlar, Vazirlik tizimiga kiradigan korxonalar, tashkilotlar va muassasalar rahbarlarini tayinlaydi.
9. Vazirlik oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bevosita, shuningdek oʻziga idoraviy mansub tashkilotlar va muassasalar orqali hal qiladi.
III. Vazirlikning huquqlari va javobgarligi
10. Vazirlik oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining koʻrib chiqishi uchun respublikada oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi tuzilmasini takomillashtirish va boshqarish masalalari boʻyicha takliflar kiritish;
hayʼat majlislarida oliy va oʻrta maxsus oʻquv yurtlariga ega boʻlgan respublika vazirliklari va idoralari rahbar xodimlarining axboroti (maʼruzalari)ni koʻrib chiqish;
davlat organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlardan va mansabdor shaxslardan kadrlarga boʻlgan ehtiyoj toʻgʻrisidagi axborotni, shu jumladan shartnoma asosida tayyorlangan mutaxassislarning ishga joylashtirilishi monitoringini yuritish uchun zarur boʻlgan tahliliy materiallarni va boshqa materiallarni soʻrash va belgilangan tartibda olish;
idoraviy boʻysunishi va mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarida taʼlim toʻgʻrisidagi amaldagi qonun hujjatlariga rioya etilishini, Vazirlikning normativ-huquqiy hujjatlari bajarilishini nazorat qilish;
Keyingi tahrirga qarang.
idoraviy boʻysunishi va mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, Oʻzbekiston Respublikasi hududida oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarini tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish masalalari boʻyicha ekspert xulosalar berish;
barcha manbalar, ayniqsa oʻqitishning toʻlov-kontrakt shakli boʻyicha oliy taʼlim muassasalari daromadlari shakllantirilishi va ulardan samarali foydalanilishi ustidan nazorat qilish;
oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari uchun pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish fakultetlari tashkil etiladigan oliy taʼlim muassasalari roʻyxatini belgilash;
respublika vazirliklari, idoralaridan va bevosita oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalaridan Vazirlikka yuklangan vazifalarni bajarish uchun zarur boʻlgan materiallarni hamda oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi boʻyicha belgilangan statistika hisobotini olish va Vazirlikning taʼlim muassasalarida hisob va hisobotning holati ustidan nazorat qilish;
oʻziga qarashli oʻquv yurtlarini zamonaviy darsliklar va oʻquv qoʻllanmalari bilan toʻldirish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, shuningdek oʻquv binolari va yotoqxonalarning moddiy holatini yaxshilash maqsadida Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oliy taʼlim muassasalarini rivojlantirish jamgʻarmasini tashkil etish. Jamgʻarma oliy taʼlim muassasalarining toʻlov-kontrakt shaklida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlarining 5 foizi miqdoridagi ajratmalari hisobiga shakllantiriladi;
Keyingi tahrirga qarang.
tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish va Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda bank muassasalarida va boshqa kredit muassasalarida valyuta hisob raqamlariga ega boʻlish;
Keyingi tahrirga qarang.
mutaxassislarni shartnoma asosida maqsadli tayyorlash uchun idoraviy mansub oliy taʼlim muassasalarida belgilangan tartibda maxsus kurslar, kafedralar, fakultetlar va laboratoriyalar ochish;
Fan va texnologiyalar markazi bilan birgalikda tanlov va grantlar asosida muammoli laboratoriyalar tashkil etish va ularni yopish hamda manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan kelishgan holda — Vazirlik tizimining oliy taʼlim muassasalarida tarmoq ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari tashkil etish va ularni yopish;
Keyingi tahrirga qarang.
Vazirlikda respublikaning oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimini rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari boʻyicha takliflarni koʻrib chiqish uchun yetakchi olimlar, yuqori malakali oʻqituvchilar va mutaxassislardan ilmiy-metodik kengashlar tashkil etish;
markaziy apparatning tasdiqlangan tuzilmasiga Vazirlikning mehnatga haq toʻlash fondi va apparat xodimlarining cheklangan soni doirasida boshqaruvning texnologiyasi va texnikasini takomillashtirish zaruriyati tufayli kelib chiqqan oʻzgartirishlar kiritish;
idoraviy mansub muassasalarning amaldagi qonun hujjatlari, Vazirlikning normativ-huquqiy hujjatlari buzilgan holda chiqarilgan buyruqlarini bekor qilish;
Keyingi tahrirga qarang.
belgilangan tartibda Vazirlikning mukofotlari, koʻkrak belgilari va faxriy yorliqlarini taʼsis etish hamda ular bilan ilgʻor xodimlarni va professor-oʻqituvchilar tartibini, shuningdek eng yaxshi ilmiy va eksperimental konstruktorlik ishlari uchun oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlim muassasalarining talabalari va oʻquvchilarini mukofotlash;
oliy taʼlim muassasalarining talabalarini belgilangan tartibda bir oʻquv muassasasidan boshqasiga oʻtkazish, talabalikka tiklash va talabalikdan chiqarish, yakuniy davlat attestatsiyasini qayta topshirishga ruxsatnoma berish;
oliy taʼlim muassasalari faoliyatini belgilangan tartibda tekshirish.
Vazirlik Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
11. Vazirlik oʻz vakolatlari doirasida oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlim muassasalariga ega boʻlgan vazirliklar va idoralar bajarishi majburiy boʻlgan, taʼlim sifatini oshirishga, raqobatbarbosh kadrlar tayyorlashga, pedagog xodimlarning samarali ishini ragʻbatlantirishga yoʻnaltirilgan normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlashga haqlidir.
12. Vazirlik, zarur hollarda, boshqa vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar bilan birgalikda qoʻshma qarorlar va boshqa hujjatlar chiqarishga haqlidir.
13. Vazirlik oliy taʼlim sohasida davlat siyosati amalga oshirilishi, Vazirlik mablagʻlaridan samarali foydalanilishi, shuningdek oʻziga yuklangan vazifalarning samarali bajarilishi uchun javob beradi.
IV. Vazirlik faoliyatini tashkil etish
14. Vazirlikka qonun hujjatlarida belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan vazir boshchilik qiladi.
Vazirning uch nafar oʻrinbosari boʻladi, ulardan biri Vazirning birinchi oʻrinbosari — Vazirlikning Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi direktori hisoblanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
15. Vazir:
Vazirlik faoliyatiga yakka boshchilik asosida umumiy rahbarlik qiladi;
Vazirlik vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha qarorlar qabul qiladi hamda Vazirlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
oʻz oʻrinbosarlarining vakolatlarini belgilaydi, ular oʻrtasida vazifalarni taqsimlaydi, Vazirlik tizimidagi boshqa mansabdor shaxslarning vakolatlarini, oʻz oʻrinbosarlarining va boshqa mansabdor shaxslarning Vazirlik faoliyati alohida uchastkalariga rahbarligi va tasarrufidagi tashkilotlar va muassasalar ishlari uchun javobgarligi darajasini belgilaydi;
Vazirlik tizimi xodimlari bajarishi majburiy boʻlgan buyruqlar chiqaradi va koʻrsatmalar beradi;
Vazirlik markaziy apparati tuzilmasiga oʻzgartirishlar kiritadi, xodimlarning belgilangan cheklangan umumiy soni doirasida Vazirlik markaziy apparatining shtat jadvalini, shuningdek Vazirlik markaziy apparatining, tasarrufidagi organlar va muassasalarning xarajatlar smetasini tasdiqlaydi;
Vazirlikning tarkibiy boʻlinmalari toʻgʻrisidagi nizomlarni, Vazirlik tizimiga kiradigan tasarrufidagi boshqa tashkilotlar va muassasalarning nizomlari (ustavlari)ni belgilangan tartibda tasdiqlaydi;
oliy taʼlim muassasasining rektori lavozimiga tayinlash uchun nomzodlarni belgilangan tartibda tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadi, Vazirlik markaziy apparati xodimlarini, oliy taʼlim muassasalari prorektorlarini, Vazirlik tizimiga kiradigan boshqa idoraviy mansub tashkilotlar va muassasalarning rahbarlarini lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod etadi, ularni attestatsiyadan oʻtkazishni tashkil etadi (rektorlardan tashqari);
pedagog kadrlar tayyorlash, ularni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish sohasida xorijiy sheriklar bilan hamkorlik toʻgʻrisida idoralararo bitimlar, shartnomalar tuzadi.
Vazir qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
16. Vazirlikda 9 kishidan iborat tarkibida Vazir, Vazirning birinchi oʻrinbosari va Vazir oʻrinbosarlari (lavozimi boʻyicha) va Vazirlik tizimining boshqa xodimlaridan iborat hayʼat tashkil etiladi. Hayʼatning shaxsiy tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Vazirlik hayʼati oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimini rivojlantirishning, qabul qilingan qarorlar bajarilishini tekshirishning, kadrlarni tanlash va ulardan foydalanishning asosiy masalalarini, eng muhim buyruqlar va yoʻriqnomalar loyihalarini, Vazirlik boshqarmalari va boʻlimlarining, taʼlim muassasalari rahbarlarining hisobotlarini koʻrib chiqadi, qarorlar qabul qiladi.
Hayʼat qarorlari, qoidaga koʻra, Vazirning buyruqlari bilan amalga oshiriladi. Vazir bilan hayʼat oʻrtasida kelishmovchiliklar paydo boʻlgan taqdirda Vazir oʻz qarorini amalga oshirish huquqiga ega boʻladi. Vazir paydo boʻlgan kelishmovchiliklar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasini xabardor qiladi. Hayʼat aʼzolari, oʻz navbatida, oʻz fikrlarini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga maʼlum qilishlari mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
17. Vazirlikning idoraviy mansub oliy taʼlim muassasalari va boshqa tashkilotlari oʻz faoliyatini belgilangan tartibda Vazirlik tomonidan tasdiqlanadigan ustavlar va nizomlarga muvofiq amalga oshiradilar.
18. Vazirlik fuqarolarning murojaatlarida oʻrtaga qoʻyilgan masalalar toʻgʻri va adolatli hal etilishiga erishib, amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq fuqarolarning xatlari, shikoyatlari va arizalari oʻz vaqtida koʻrib chiqilishini tashkil etadi hamda Vazirlik tizimining oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari, korxonalari va tashkilotlari faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish chora-tadbirlarini koʻradi.
Keyingi tahrirga qarang.
19. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligini qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 29-son, 332-modda; 2006-y., 40-son, 396-modda; 2010-y., 23-son, 183-modda; 2011-y., 4-5-son, 33-modda; 2015-y., 13-son, 155-modda; 2017-y., 28-son, 649-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.02.2019-y., 09/19/172/2676-son, 04.06.2019-y., 09/19/457/3235-son; 17.04.2020-y., 09/20/234/0453-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.06.2021-y., 09/21/345/0522-son; 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)