Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA OʻRTA MAXSUS TAʼLIM VAZIRLIGI FAOLIYATINI TAKOMILLASHTIRISH TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 8-avgustdagi 489-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy talim, fan va innovatsiyalar vazirligi faoliyatini tartibga solish sohasidagi ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash tugʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan oliy taʼlim muassasalarining kadrlar tayyorlash, professor-oʻqituvchilar malakasining talab etiladigan darajasini taʼminlash, oʻqitishning innovatsiya usullarini joriy etish, moliyaviy resurslardan samarali foydalanish hamda talaba yoshlar oʻrtasida tarbiyaviy va maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tashkil etish masalalaridagi faoliyati ustidan nazorat boʻshashtirib yuborilganligini, bu mutaxassislar tayyorlash sifatiga salbiy taʼsir koʻrsatayotganligini qayd etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi faoliyatini takomillashtirish, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvorliklariga muvofiq kadrlarni sifatli oʻqitish va tarbiyalashni tashkil etish maqsadida hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika davlat boshqaruvi organlari tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2003-yil 9-dekabrdagi PF-3358-son Farmonini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining qaroriga koʻra xodimlarning umumiy soni 387 nafar boʻlgan 8 ta xoʻjalik hisobidagi Vazirlik tasarrufidagi tashkilot uning tuzilmasidan chiqarilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining asosiy vazifalari etib belgilansin:
oliy va oʻrta maxsus, professional taʼlim sohasida yuksak maʼnaviy-axloqiy fazilatli, mustaqil fikrlashga qodir boʻlgan, hozirgi zamon bozor sharoitlarida ishni tashkil etishning ilgʻor usullari va shakllarini egallab olgan yuqori maʼlumotli, malakali kadrlar tayyorlashga yoʻnaltirilgan yagona davlat siyosatini amalga oshirish;
(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-iyundagi 345-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.06.2021-y., 09/21/345/0522-son)
ilgʻor jahon tajribasini hisobga olgan holda respublikada oliy va oʻrta maxsus, professional taʼlimni rivojlantirish va takomillashtirish;
(2-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-iyundagi 345-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.06.2021-y., 09/21/345/0522-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(2-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-iyundagi 345-sonli qarori asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.06.2021-y., 09/21/345/0522-son)
respublikaning oliy va oʻrta maxsus, professional taʼlim muassasalariga oʻquv-pedagogik va ilmiy-metodik rahbarlikni amalga oshirish, ular faoliyatini muvofiqlashtirish, ularda davlat taʼlim standartlari talablari hamda taʼlim darajasiga va mazmuniga, mutaxassislarning kasbiy tayyorgarligi sifatiga qoʻyiladigan boshqa talablar bajarilishini taʼminlash;
(2-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-iyundagi 345-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.06.2021-y., 09/21/345/0522-son)
mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvorliklariga muvofiq kadrlar tayyorlashning mavjud va istiqbolli yoʻnalishlari boʻyicha korxonalar va tashkilotlar, shuningdek fuqarolar tomonidan taʼlim xizmatlariga boʻlgan talabni oʻrganish va uning qondirilishini taʼminlash;
oʻquv-tarbiya jarayonida oʻqitishning ilgʻor shakllarini, shu jumladan masofadan turib oʻqitish shaklini, yangi pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va ulardan samarali foydalanishni tashkil etish;
Uzluksiz taʼlim tizimi uchun yangi avlod oʻquv adabiyoti yaratish konsepsiyasi talablariga muvofiq darsliklar va oʻquv-metodik adabiyotlar yaratilishi, tarjima qilinishi va nashr etilishini tashkil etish;
pedagog kadrlar va mutaxassislar tayyorlash, ularni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tashkil etish va takomillashtirish;
oliy taʼlim muassasalarida ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish, ularning samaradorligini oshirish va tadqiqotlarning natijalarini amaliyotga keng joriy etish, oliy taʼlim, fan va ishlab chiqarishning mustahkam oʻzaro hamkorligini taʼminlash;
(2-bandning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-iyundagi 345-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.06.2021-y., 09/21/345/0522-son)
barcha manbalar, ayniqsa toʻlov-kontrakt shakli boʻyicha oliy taʼlim muassasalari daromadlari shakllantirilishi va ulardan samarali foydalanilishi ustidan nazorat qilish.
3. Quyidagilar:
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tizimining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq ;
(3-bandning ikkinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 2-oktabrdagi 207-sonli qarori tahririda— Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 40-son, 396-modda)
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi toʻgʻrisidagi nizom 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziriga xodimlarning belgilangan umumiy soni doirasida Vazirlik markaziy apparati tuzilmasiga oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
4. Oliy va oʻrta maxsus maktab muammolari instituti Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi huzuridagi Oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimini rivojlantirish markaziga aylantirilsin.
Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilansin:
oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimining davlat taʼlim standartlarini, pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga talablarni ishlab chiqish va takomillashtirish, shuningdek mamlakat litseylari, kollejlari va oliy taʼlim muassasalarida oʻquv jarayonining oʻzaro bogʻliqligi va uzluksizligini metodik taʼminlash;
oʻqitishning interaktiv metodlarini, zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanishga asoslangan multimediy oʻqitish dasturlarini ishlab chiqish va joriy etish;
litseylar, kollejlar, bakalavriat va magistratura taʼlim dasturlariga kiruvchi barcha fanlar boʻyicha yangi avlod oʻquv adabiyotlari tayyorlashni va ular bilan taʼlim muassasalarini taʼminlashni tashkil etish;
oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi tizimining faoliyat koʻrsatishini ilmiy-metodik taʼminlash, raqobatbardoshli kadrlar tayyorlashga yoʻnaltirilgan tadqiqot ishlarini amalga oshirish;
ilgʻor jahon tajribasini oʻrganish asosida respublikada yuqori malakali kadrlar tayyorlashni tashkil etishni takomillashtirish.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va Moliya vazirligining Oliy taʼlim muassasalarini rivojlantirish jamgʻarmasini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Belgilab qoʻyilsinki, Jamgʻarma daromadlari homiylik xayriyalari mablagʻlari, xalqaro tashkilotlarning grantlari, shuningdek oliy taʼlim muassasalarining toʻlov-kontrakt (shu jumladan oshirilgan toʻlov-kontrakt) shaklida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlarining mazkur mablagʻlar boʻyicha daromadlar va xarajatlar smetalarida aks ettiriladigan yil boshiga qoldik qismining 5 foizi miqdoridagi ajratmalari hisobiga shakllantiriladi.
(5-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 26-fevraldagi 172-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.02.2019-y., 09/19/172/2676-son)
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bir oy muddatda:
Oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimini rivojlantirish markazining Nizomini hamda uning tuzilmasini;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda — Oliy taʼlim muassasalarini rivojlantirish jamgʻarmasi daromadlarini shakllantirish va uning mablagʻlaridan foydalanish tartibini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda amaldagi qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiquvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A. Azizxoʻjayev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 20-iyul,
341-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tizimining tashkiliy tuzilmasi
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 7-iyuldagi 472-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 28-son, 649-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 2-oktabrdagi 207-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotdi — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 40-son, 396-modda)
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (keyingi oʻrinlarda matnda Vazirlik deb yuritiladi) respublikada oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimiga rahbarlik qiluvchi davlat boshqaruv organi hisoblanadi.
Vazirlik oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisob beradi.
2. Vazirlik tizimiga Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim, kab-hunar taʼlimini rivojlantirish markazi, idoraviy mansub oliy oʻquv yurtlari kiradi.
3. Vazirlik oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qarorlariga va boshqa hujjatlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek mazkur Nizomga amal qiladi.
4. Vazirlik oʻz faoliyatini davlat boshqaruvining boshqa organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, jamoat birlashmalari va boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlikda amalga oshiradi.
5. Vazirlik faoliyati Vazirlikka ajratiladigan mablagʻlar doirasida davlat budjeti mablagʻlari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga moliyalashtiriladi.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
6. Vazirlik yuridik shaxs hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi yozilgan muhrga ega boʻladi.
II. Vazirlikning vazifalari va funksiyalari
7. Quyidagilar Vazirlikning asosiy vazifalari hisoblanadi:
oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi sohasida yuksak maʼnaviy-axloqiy fazilatli, mustaqil fikrlashga qodir boʻlgan, hozirgi zamon bozor sharoitlarida ishni tashkil etishning ilgʻor usullari va shakllarini egallab olgan yuqori maʼlumotli, malakali kadrlar tayyorlashga yoʻnaltirilgan yagona davlat siyosatini amalga oshirish;
ilgʻor jahon tajribasini hisobga olgan holda respublikada oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimini rivojlantirish va takomillashtirish;
oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi sohasida Kadrlar tayyorlash milliy dasturida moʻljallangan vazifalar bajarilishini taʼminlash;
idoraviy boʻysunishidan va mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, respublikaning oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalariga oʻquv-pedagogik va ilmiy-metodik rahbarlikni amalga oshirish, ular faoliyatini muvofiqlashtirish, ularda davlat taʼlim standartlari talablari hamda taʼlim darajasi va mazmuniga, mutaxassislarning kasbiy tayyorgarligi sifatiga qoʻyiladigan boshqa talablar bajarilishini taʼminlash;
mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvorliklariga muvofiq kadrlar tayyorlashning mavjud va istiqbolli yoʻnalishlari boʻyicha korxonalar va tashkilotlar, shuningdek fuqarolar tomonidan taʼlim xizmatlariga boʻlgan talabni oʻrganish va uning qondirilishini taʼminlash;
oʻquv-tarbiya jarayonida oʻqitishning ilgʻor shakllarini, shu jumladan masofadan turib oʻqitish, yangi pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va ulardan samarali foydalanishni tashkil etish;
Uzluksiz taʼlim tizimi uchun yangi avlod oʻquv adabiyoti yaratish konsepsiyasi talablariga muvofiq darsliklar va oʻquv-metodik adabiyotlar yaratilishi, tarjima qilinishi va nashr etilishini tashkil etish;
pedagog kadrlar va mutaxassislar tayyorlash, ularni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tashkil etish va takomillashtirish;
oliy oʻquv yurtlarida ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish, ularning samaradorligini oshirish va tadqiqotlarning natijalarini amaliyotga keng joriy etish, oliy taʼlim, fan va ishlab chiqarishning mustahkam oʻzaro hamkorligini taʼminlash;
barcha manbalar, ayniqsa toʻlov-kontrakt shakli boʻyicha oliy taʼlim muassasalari daromadlari shakllantirilishi va ulardan samarali foydalanilishi ustidan nazorat qilish.
8. Vazirlik oʻziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
oliy taʼlim muassasalarida va Vazirlik tizimidagi boshqa idoraviy mansub tashkilotlarda “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni hamda Kadrlar tayyorlash milliy dasturi bajarilishini taʼminlaydi;
bakalavriat taʼlimi va magistratura mutaxassisliklari yoʻnalishlari boʻyicha davlat taʼlim standartlarini, oliy taʼlim fanlarining namunaviy oʻquv rejalari va dasturlarini, shuningdek oliy taʼlim muassasalari faoliyatining aniq turlarini tartibga soluvchi normativ hujjatlarni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
Iqtisodiyot vazirligi hamda Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi bilan birgalikda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlariga muvofiq bakalavriat taʼlimi va magistratura mutaxassisliklarining istiqbolli yoʻnalishlari roʻyxatini belgilaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda Oliy taʼlimning yoʻnalishlari va mutaxassisliklari klassifikatorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritadi;
oʻquv jarayoniga zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, yangi avlod oʻquv va oʻquv-metodik adabiyotlar, elektron kutubxonalar joriy etilishini taʼminlaydi;
oliy taʼlim tizimida Kadrlar tayyorlash milliy dasturi amalga oshirilishi monitoringini olib boradi;
oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarida milliy mustaqillik gʻoyalariga, xalqning boy milliy va madaniy-tarixiy anʼanalari va umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan oʻsib kelayotgan avlodni maʼnaviy-axloqiy tarbiyalash tashkil etilishini amalga oshiradi;
oliy taʼlim muassasasining namunaviy ustavini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi hamda oliy taʼlim muassasalarining va Vazirlik tizimidagi boshqa idoraviy mansub tashkilotlarining ustavlarini tasdiqlaydi;
Davlat test markazi bilan birgalikda oliy taʼlim sifatini oshirish chora-tadbirlarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga respublikaning oliy taʼlim muassasalariga abituriyentlarni tanlash va qabul qilishni takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritadi;
oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimining davlat taʼlim standartlari va oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlimga, shuningdek pedagog kadrlar va mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga qoʻyiladigan davlat talablari amalga oshirilishini taʼminlaydi;
pedagog kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlashni tashkil etishning samarali shakllarini, shu jumladan masofadan turib oʻqitish shaklini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining rahbarlari, pedagoglari va muhandis-pedagog xodimlariga qoʻyiladigan malaka talablarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
oliy taʼlim muassasasining rektori, prorektori va fakultet dekani lavozimiga nomzodlarni tanlash va koʻrsatish tartibini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
taʼlim sifatini oshirishga, raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga, pedagog kadrlarning samarali faoliyatini ragʻbatlantirishga yoʻnaltirilgan normativ hujjatlarni ishlab chiqadi, tasdiqlaydi va oʻquv jarayoniga joriy etadi;
oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining pedagog kadrlarini ishga qabul qilishning tanlov tizimi toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqadi va belgilangan tartibda tasdiqlash uchun taqdim etadi hamda ularning amalga oshirilishini nazorat qiladi;
oliy taʼlim sohasida marketing tadqiqotlarini tashkil etadi, respublikaning oliy taʼlim muassasalarida kadrlar tayyorlashning mavjud va istiqbolli yoʻnalishlari boʻyicha qabul koʻrsatkichlarini ishlab chiqadi va ularni koʻrib chiqish uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;
Vazirlik tizimining oliy taʼlim muassasalarini, shuningdek oʻquv-tarbiya jarayonini moddiy-texnik jihozlashni moliyalashtirishning davlat normativlarini belgilash toʻgʻrisidagi takliflarni ishlab chiqadi;
oliy taʼlim muassasalari, Vazirlik korxonalari va tashkilotlarining xoʻjalik, ishlab chiqarish va moliyaviy faoliyati ustidan nazoratni amalga oshiradi;
idoraviy mansub oliy taʼlim muassasalari va tashkilotlarining taʼminotiga xarajatlar smetasini tasdiqlaydi hamda belgilangan tartibda ularni moliyalashtirishni amalga oshiradi;
Vazirlikning idoraviy mansub muassasalari va tashkilotlari boshqaruv xodimlari sonini belgilangan tartibda tasdiqlaydi;
oʻqitishning toʻlov-kontrakt shakli daromadlari va xarajatlari smetasini tasdiqlaydi hamda budjetdan tashqari mablagʻlar tushumi va sarflanishi ustidan nazorat qiladi;
Vazirlikka markazlashtirilgan tartibda ajratiladigan mablagʻlarni taqsimlash va qayta taqsimlash uchun Oʻzbekiston Respublikasining tijorat bankida joriy, hisob-kitob raqamlari va boshqa hisob raqamlari ochadi;
respublika ilmiy-texnik dasturlari boʻyicha fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlarni bajarishda oliy maktabning ilmiy-texnik salohiyatidan samarali foydalanilishini taʼminlaydi;
mutasaddilik qilinadigan oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarning ilmiy-texnika dasturlarini shakllantiradi va amalga oshiradi;
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 26-yanvardagi 18-sonli qaroriga muvofiq yigirma beshinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2011-y., 4-5-son, 33-modda)
talabalar oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiatlarini aniqlaydi;
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 26-yanvardagi 18-sonli qaroriga muvofiq yigirma oltinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2011-y., 4-5-son, 33-modda)
ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar aspirantura va doktorantura orqali belgilangan tartibda tayyorlanishini tashkil etadi;
oliy taʼlim sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari va bitimlari asosida xorijiy sheriklar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalar oʻrnatadi;
idoraviy mansubligi va mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, respublikaning oliy taʼlim muassasalarida xorijiy mamlakatlar uchun mutaxassislar tayyorlanishini muvofiqlashtiradi;
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan birgalikda davlat tilida va boshqa tillarda darsliklar va oʻquv qoʻllanmalarini nashr etish va ularning nusxalarini koʻpaytirishning yillik va istiqbolli rejalarini ishlab chiqadi;
(8-bandning oʻttizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 3-iyundagi 457-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.06.2019-y., 09/19/457/3235-son)
Vazirlik tizimi xodimlarini Oʻzbekiston Respublikasining davlat mukofotlariga taqdim etishga materiallarni koʻrib chiqadi va xulosa beradi;
talabalar uchun belgilangan tartibda universiadalar va boshqa sport tadbirlarini oʻtkazadi, ularning gʻoliblarini xalqaro tanlovlar va musobaqalarga yuboradi;
oliy maktabni rivojlantirish, fan va texnikaning dolzarb masalalari boʻyicha belgilangan tartibda respublika va xalqaro kengashlar, konferensiyalar, simpoziumlar oʻtkazadi;
idoraviy mansub tarkibiy boʻlinmalar, markazlar, Vazirlik tizimiga kiradigan korxonalar, tashkilotlar va muassasalar rahbarlarini tayinlaydi.
9. Vazirlik oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bevosita, shuningdek oʻziga idoraviy mansub tashkilotlar va muassasalar orqali hal qiladi.
III. Vazirlikning huquqlari va javobgarligi
10. Vazirlik oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining koʻrib chiqishi uchun respublikada oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi tuzilmasini takomillashtirish va boshqarish masalalari boʻyicha takliflar kiritish;
hayʼat majlislarida oliy va oʻrta maxsus oʻquv yurtlariga ega boʻlgan respublika vazirliklari va idoralari rahbar xodimlarining axboroti (maʼruzalari)ni koʻrib chiqish;
davlat organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlardan va mansabdor shaxslardan kadrlarga boʻlgan ehtiyoj toʻgʻrisidagi axborotni, shu jumladan shartnoma asosida tayyorlangan mutaxassislarning ishga joylashtirilishi monitoringini yuritish uchun zarur boʻlgan tahliliy materiallarni va boshqa materiallarni soʻrash va belgilangan tartibda olish;
idoraviy boʻysunishi va mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarida taʼlim toʻgʻrisidagi amaldagi qonunchilikka rioya etilishini, Vazirlikning normativ-huquqiy hujjatlari bajarilishini nazorat qilish;
(10-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
idoraviy boʻysunishi va mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, Oʻzbekiston Respublikasi hududida oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarini tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish masalalari boʻyicha ekspert xulosalar berish;
barcha manbalar, ayniqsa oʻqitishning toʻlov-kontrakt shakli boʻyicha oliy taʼlim muassasalari daromadlari shakllantirilishi va ulardan samarali foydalanilishi ustidan nazorat qilish;
oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari uchun pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish fakultetlari tashkil etiladigan oliy taʼlim muassasalari roʻyxatini belgilash;
respublika vazirliklari, idoralaridan va bevosita oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalaridan Vazirlikka yuklangan vazifalarni bajarish uchun zarur boʻlgan materiallarni hamda oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi boʻyicha belgilangan statistika hisobotini olish va Vazirlikning taʼlim muassasalarida hisob va hisobotning holati ustidan nazorat qilish;
Oldingi tahrirga qarang.
(10-bandning oʻninchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 26-fevraldagi 172-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.02.2019-y., 09/19/172/2676-son)
tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish va Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda bank muassasalarida va boshqa kredit muassasalarida valyuta hisob raqamlariga ega boʻlish;
(10-bandning oʻninchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
mutaxassislarni shartnoma asosida maqsadli tayyorlash uchun idoraviy mansub oliy taʼlim muassasalarida belgilangan tartibda maxsus kurslar, kafedralar, fakultetlar va laboratoriyalar ochish;
Oldingi tahrirga qarang.
muammoli laboratoriyalar tashkil etish va ularni yopish hamda manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan kelishgan holda — Vazirlik tizimining oliy taʼlim muassasalarida tarmoq ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari tashkil etish va ularni yopish;
(10-bandning oʻn uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 2-oktabrdagi 207-sonli qarori tahririda— Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 40-son, 396-modda)
Vazirlikda respublikaning oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimini rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari boʻyicha takliflarni koʻrib chiqish uchun yetakchi olimlar, yuqori malakali oʻqituvchilar va mutaxassislardan ilmiy-metodik kengashlar tashkil etish;
markaziy apparatning tasdiqlangan tuzilmasiga Vazirlikning mehnatga haq toʻlash fondi va apparat xodimlarining cheklangan soni doirasida boshqaruvning texnologiyasi va texnikasini takomillashtirish zaruriyati tufayli kelib chiqqan oʻzgartirishlar kiritish;
idoraviy mansub muassasalarning amaldagi qonunchiligi, Vazirlikning normativ-huquqiy hujjatlari buzilgan holda chiqarilgan buyruqlarini bekor qilish;
(10-bandning oʻn beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
belgilangan tartibda Vazirlikning mukofotlari, koʻkrak belgilari va faxriy yorliqlarini taʼsis etish hamda ular bilan ilgʻor xodimlarni va professor-oʻqituvchilar tartibini, shuningdek eng yaxshi ilmiy va eksperimental konstruktorlik ishlari uchun oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlim muassasalarining talabalari va oʻquvchilarini mukofotlash;
oliy taʼlim muassasalarining talabalarini belgilangan tartibda bir oʻquv muassasasidan boshqasiga oʻtkazish, talabalikka tiklash va talabalikdan chiqarish, yakuniy davlat attestatsiyasini qayta topshirishga ruxsatnoma berish;
oliy taʼlim muassasalari faoliyatini belgilangan tartibda tekshirish.
Vazirlik Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
(10-bandning oʻn toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
11. Vazirlik oʻz vakolatlari doirasida oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlim muassasalariga ega boʻlgan vazirliklar va idoralar bajarishi majburiy boʻlgan, taʼlim sifatini oshirishga, raqobatbarbosh kadrlar tayyorlashga, pedagog xodimlarning samarali ishini ragʻbatlantirishga yoʻnaltirilgan normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlashga haqlidir.
12. Vazirlik, zarur hollarda, boshqa vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar bilan birgalikda qoʻshma qarorlar va boshqa hujjatlar chiqarishga haqlidir.
13. Vazirlik oliy taʼlim sohasida davlat siyosati amalga oshirilishi, Vazirlik mablagʻlaridan samarali foydalanilishi, shuningdek oʻziga yuklangan vazifalarning samarali bajarilishi uchun javob beradi.
IV. Vazirlik faoliyatini tashkil etish
14. Vazirlikka Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi maʼqullaganidan keyin kiritilgan Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan Vazir rahbarlik qiladi.
(14-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 16-apreldagi 234-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.04.2020-y., 09/20/234/0453-son)
Vazirning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan toʻrt nafar oʻrinbosarlari, shu jumladan ikki nafar birinchi oʻrinbosarlari boʻladi. Birinchi oʻrinbosarlardan biri Vazirlikning Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi direktori hisoblanadi.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 5-iyundagi 108-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 23-son, 183-modda)
15. Vazir:
Vazirlik faoliyatiga yakka boshchilik asosida umumiy rahbarlik qiladi;
Vazirlik vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha qarorlar qabul qiladi hamda Vazirlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
oʻz oʻrinbosarlarining vakolatlarini belgilaydi, ular oʻrtasida vazifalarni taqsimlaydi, Vazirlik tizimidagi boshqa mansabdor shaxslarning vakolatlarini, oʻz oʻrinbosarlarining va boshqa mansabdor shaxslarning Vazirlik faoliyati alohida uchastkalariga rahbarligi va tasarrufidagi tashkilotlar va muassasalar ishlari uchun javobgarligi darajasini belgilaydi;
Vazirlik tizimi xodimlari bajarishi majburiy boʻlgan buyruqlar chiqaradi va koʻrsatmalar beradi;
Vazirlik markaziy apparati tuzilmasiga oʻzgartirishlar kiritadi, xodimlarning belgilangan cheklangan umumiy soni doirasida Vazirlik markaziy apparatining shtat jadvalini, shuningdek Vazirlik markaziy apparatining, tasarrufidagi organlar va muassasalarning xarajatlar smetasini tasdiqlaydi;
Vazirlikning tarkibiy boʻlinmalari toʻgʻrisidagi nizomlarni, Vazirlik tizimiga kiradigan tasarrufidagi boshqa tashkilotlar va muassasalarning nizomlari (ustavlari)ni belgilangan tartibda tasdiqlaydi;
oliy taʼlim muassasasining rektori lavozimiga tayinlash uchun nomzodlarni belgilangan tartibda tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadi, Vazirlik markaziy apparati xodimlarini, oliy taʼlim muassasalari prorektorlarini, Vazirlik tizimiga kiradigan boshqa idoraviy mansub tashkilotlar va muassasalarning rahbarlarini lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod etadi, ularni attestatsiyadan oʻtkazishni tashkil etadi (rektorlardan tashqari);
pedagog kadrlar tayyorlash, ularni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish sohasida xorijiy sheriklar bilan hamkorlik toʻgʻrisida idoralararo bitimlar, shartnomalar tuzadi.
Vazir qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
(15-bandning oʻninchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
16. Vazirlikda Vazir (hayʼat raisi), uning oʻrinbosarlari (lavozimiga koʻra), shuningdek Vazirlik faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini muvofiqlashtiruvchi tarkibiy boʻlinmalari rahbarlaridan iborat tarkibda hayʼat tashkil etiladi.
Hayʼatning aʼzolari soni va shaxsiy tarkibi Vazirning taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Hayʼat quyidagilar bilan bogʻliq masalalarni koʻrib chiqadi:
Vazirlik faoliyatining oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi sohasida yuksak maʼnaviy-axloqiy fazilatli, mustaqil fikrlashga qodir boʻlgan, hozirgi zamon bozor sharoitlarida ishni tashkil etishning ilgʻor usullari va shakllarini egallagan yuqori maʼlumotli, malakali kadrlar tayyorlashga yoʻnaltirilgan yagona davlat siyosatini amalga oshirishni davom ettirish, ilgʻor jahon tajribasini hisobga olgan holda respublikada oliy va oʻrta masxus, kasb-hunar taʼlimini rivojlantirish va takomillashtirish, shuningdek oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi sohasida Kadrlar tayyorlash milliy dasturida moʻljallangan maqsad va vazifalar bajarilishini taʼminlash boʻyicha ushbu Nizomda belgilangan asosiy yoʻnalishlarini tayyorlash va amalga oshirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi nomenklaturasiga kiradigan lavozimlarga kadrlarni tanlash, joy-joyiga qoʻyish, tayyorlash va qayta tayyorlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlarida, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlarida belgilangan vazifalarni amalga oshirish boʻyicha ijro intizomini mustahkamlash, ularning oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishini taʼminlash uchun Vazirlik rahbarlari va xodimlarining shaxsiy javobgarligini oshirish.
Hayʼat Vazirlik vakolatiga taalluqli boshqa masalalarni ham koʻrib chiqish huquqiga ega.
Hayʼat majlisiga Vazirlik vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha boshqa vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar rahbarlari taklif etilishi mumkin.
Hayʼat uning majlisida tarkibining yarmidan koʻpi qatnashgan taqdirda vakolatli boʻladi. Koʻrib chiqilayotgan masalalar boʻyicha qarorlar oddiy koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi.
Hayʼat qarorlari Vazirning buyruqlari bilan amalga oshiriladi. Vazir va hayʼat aʼzolari oʻrtasida kelishmovchiliklar paydo boʻlgan taqdirda Vazir paydo boʻlgan kelishmovchiliklar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga axborot bergan holda mustaqil ravishda qaror qabul qiladi. Hayʼat aʼzolari ham oʻz fikr-mulohazalarini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga xabar qilishlari mumkin.
Hayʼat faoliyati tartibi uning hayʼat tasdiqlaydigan reglamentida belgilanadi.
(16-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 5-iyundagi 108-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 23-son, 183-modda)
17. Vazirlikning idoraviy mansub oliy taʼlim muassasalari va boshqa tashkilotlari oʻz faoliyatini belgilangan tartibda Vazirlik tomonidan tasdiqlanadigan ustavlar va nizomlarga muvofiq amalga oshiradilar.
18. Vazirlik jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarida oʻrtaga qoʻyilgan masalalar toʻgʻri va adolatli hal etilishiga erishib, amaldagi qonunchilikka muvofiq ushbu murojaatlarning oʻz vaqtida koʻrib chiqilishini tashkil etadi hamda Vazirlik tizimining oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari, korxonalari va tashkilotlari faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish chora-tadbirlarini koʻradi.
(18-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
19. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligini qayta tashkil etish va tugatish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(19-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 29-son, 332-modda; 2006-y., 40-son, 396-modda; 2010-y., 23-son, 183-modda; 2011-y., 4-5-son, 33-modda; 2015-y., 13-son, 155-modda; 2017-y., 28-son, 649-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.02.2019-y., 09/19/172/2676-son, 04.06.2019-y., 09/19/457/3235-son; 17.04.2020-y., 09/20/234/0453-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.06.2021-y., 09/21/345/0522-son; 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)