Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan, davlat daromadiga oʻtkazilgan va berilgan boyliklarni Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi Qimmatbaho metallar agentligi tomonidan “Fonon” davlat ilmiy-ishlab chiqarish korxonasiga sotish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Keyingi tahrirga qarang.
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 9-iyundagi PF-152-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Zargarlik sanoatini davlat tomonidan koʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 10-avgustdagi PQ-3199-son qaroriga muvofiq, shuningdek, davlat daromadiga oʻtkazilgan va berilgan boyliklarni sotish tartibini yanada takomillashtirish va ulardan samarali foydalanishni taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan, davlat daromadiga oʻtkazilgan va berilgan boyliklarni Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi Qimmatbaho metallar agentligi tomonidan “Fonon” davlat ilmiy-ishlab chiqarish korxonasiga sotish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi Qimmatbaho metallar agentligiga moddiy-texnik bazani taʼminlash, shuningdek, boyliklarni saqlash, tashish, sotish va Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligidan ekspertlarni jalb qilish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash maqsadida sotilgan boyliklar qiymatining 2 foizini maxsus hisob raqamiga yoʻnaltirishga ruxsat berilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Olib qoʻyilgan va davlat daromadiga oʻtkazilgan boyliklardan samarali foydalanilishini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2013-yil 5-iyundagi 156-son qarorining 1- va 2-bandlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin (Oʻzbekiston Respublikasi QHT, 2013-y., 23-son, 304-modda).
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki raisining oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi Qimmatbaho metallar agentligining bosh direktori B.B. Sobirov zimmasiga yuklansin.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 20-noyabr,
926-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-noyabrdagi 926-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan, davlat daromadiga oʻtkazilgan va berilgan boyliklarni Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi Qimmatbaho metallar agentligi tomonidan “Fonon” davlat ilmiy-ishlab chiqarish korxonasiga sotish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
Keyingi tahrirga qarang.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Zargarlik sanoatini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 10-avgustdagi PQ-3199-son qaroriga muvofiq davlat foydasiga oʻtkazilgan qimmatbaho metallar parchalari va ulardan yasalgan buyumlar shaklidagi boyliklarni, yarim qimmatbaho va qimmatbaho toshlar va marvaridlar, egasiz boyliklar, topilma boyliklar hamda mulk egalari tomonidan davlat foydasiga begʻaraz berilgan boyliklarni (arxeologik va muzey buyumlari yoki muzey kolleksiyalari hamda boshqa madaniy qiymatga ega boʻlgan boyliklar bundan mustasno) Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi Qimmatbaho metallar agentligi (keyingi oʻrinlarda Agentlik deb ataladi) tomonidan “Fonon” davlat ilmiy-ishlab chiqarish korxonasiga (keyingi oʻrinlarda “Fonon” DIIChK deb ataladi) sotish tartibini belgilaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
qimmatbaho metallar — oltin, kumush, platina hamda har qanday tur va holatdagi, shu jumladan xomashyo, qotishmalar, zargarlik buyumlari va boshqa buyumlardagi, ishlab chiqarish parchalari va chiqindilaridagi platina guruhiga oid (palladiy, iridiy, rodiy, ruteniy, osmiy) metallar;
qimmatbaho toshlar — tabiiy olmoslar, brilliantlar, laʼllar, zumradlar, sapfirlar va aleksandritlar;
yarim qimmatbaho toshlar — sirkoniy, fianit, oniks (aqiqning taram-taram turi), korall (marjon), akvamarin, yashma, sunʼiy yoqut, opal, qahrabo, yoqut, turmalin, ametist, berillar guruhi, malaxit, topaz, nefrit, tanzanit, agat, feruza, gematit, kon billuri, kvars, lojuvard, xrizopraz;
boyliklar — qimmatbaho metallar, qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlar xamda tabiiy marvaridlar;
olib qoʻyilgan va davlat daromadiga oʻtkazilgan boyliklar — vakolatli organlar (Oʻzbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Davlat soliq qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq va valyutaga oid jinoyatlarga hamda jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti (keyingi oʻrinlarda Bosh prokuratura huzuridagi Departament deb ataladi) tomonidan olib qoʻyilgan buyumlar va jinoyat qurollari shaklidagi, shuningdek, ashyoviy dalillar va sud qarorlari va ushbu organlarning kuchga kirgan hal qiluv qarorlari asosida davlat daromadiga oʻtkazilgan boyliklar;
Keyingi tahrirga qarang.
davlat daromadiga berilgan boyliklar — egasiz boyliklar, topilma boyliklar va mulk egalari tomonidan ixtiyoriy ravishda davlat daromadiga begʻaraz berilgan, shu jumladan, davlat foydasi uchun rad etilgan bojxona rejimi ostiga joylashtirilgan boyliklar.
2-bob. Boyliklarni taqsimlash tartibi
3. Boyliklarni (arxeologik va muzey buyumlari yoki muzey kolleksiyalari hamda boshqa madaniy qiymatga ega boʻlgan boyliklardan tashqari) “Fonon” DIIChKga sotish ushbu Nizomga ilovaga muvofiq sxema boʻyicha shartnoma asosida, toʻlovni toʻliq oldindan toʻlash shartlarida milliy valyuta (soʻm)da quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
qimmatbaho metallar uchun — London qimmatbaho metallar birjasining ertalabki fiksing narxi va Markaziy bankning toʻlov hisob raqami yozilgan sanadagi kursi boʻyicha (qimmatbaho metallarning sof ogʻirligi boʻyicha);
yarim qimmatbaho, qimmatbaho toshlar va marvaridlar uchun — “Fonon” DIIChKning tegishli xarajatlari qoplangan holda baholovchi tashkilotlar tomonidan belgilangan tartibda oʻtkazilgan baholashlar asosida.
4. Yarim qimmatbaho, qimmatbaho toshlar va marvaridlarni baholash zargarlik buyumlarining ichki va tashqi bozorlar konyunkturasi boʻyicha mavjud maʼlumotlar asosida baholash kunida amal qilgan narxlar boʻyicha baholovchi tashkilot tomonidan baholanadi.
5. Baholovchi tashkilot baholash ishlari yakunlanganidan soʻng baholash toʻgʻrisidagi hisobotni taqdim etadi, ushbu hisobot boyliklarni sotishga Agentlik va “Fonon” DIIChK oʻrtasida tuziladigan shartnomaning ajralmas qismi hisoblanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Boyliklarni sotishdan tushadigan pul mablagʻlari Agentlikning maxsus hisobvaragʻiga tushishiga qarab vakolatli bankda uch bank ish kuni mobaynida quyidagi tartibda taqsimlanadi:
Keyingi tahrirga qarang.
1) 2009-yil 15-iyulgacha olib qoʻyilgan va davlat daromadiga oʻtkazilgan boyliklar boʻyicha — 100 foiz miqdorida rekvizitlari Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan taqdim etilgan Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti maxsus hisobvaragʻiga;
2) 2009-yil 15-iyuldan keyin olib qoʻyilgan va davlat daromadiga oʻtkazilgan boyliklar boʻyicha:
98 foizi — pul mablagʻlarini keyinchalik qonun hujjatlarida belgilangan tartibda taqsimlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining maxsus hisobvaragʻiga;
Keyingi tahrirga qarang.
2 foizi — Agentlikning maxsus hisobvaragʻiga;
Keyingi tahrirga qarang.
3) davlat daromadiga oʻtkazilgan boyliklar boʻyicha:
98 foizi — Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetiga;
2 foizi — Agentlikning maxsus hisobvaragʻiga;
Keyingi tahrirga qarang.
4) davlat foydasi uchun rad etilgan, bojxona rejimi ostiga joylashtirilgan boyliklar boʻyicha:
50 foizi — Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetiga;
50 foizi — davlat mulkini boshqarish boʻyicha ushbu vakolatli organning davlat foydasi uchun rad etilgan, bojxona rejimi ostiga joylashtirilgan boyliklarni baholash, saqlash va sotish hamda boshqaruv va maʼmuriy funksiyalarni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlarini qoplash uchun yoʻnaltiriladigan davlat mulkini boshqarish vakolatiga ega boʻlgan organning budjetdan tashqari maxsus hisob varaqlariga (yoki Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Gʻaznachiligining tegishli boʻlinmalarida ochilgan shaxsiy hisobvaraqlariga).
7. Agentlik pul mablagʻlarini Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining maxsus hisobvaragʻiga oʻtkazishda hujjatlarni har bir ijro varagʻi boʻyicha alohida ushbu boyliklarni olib qoʻygan organni koʻrsatgan holda taqdim etadi.
Keyingi tahrirga qarang.
3-bob. Yakunlovchi qoidalar
8. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining eksperti arxeologik va muzey buyumlari yoki muzey kolleksiyalari, shuningdek, boshqa madaniy qiymatga ega boʻlgan buyumlar toʻgʻrisida berilgan xulosalarning ishonchliligi uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda toʻliq javob beradi.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Baholovchi tashkilot baholash toʻgʻrisidagi hisobotda taqdim etilgan maʼlumotlarning ishonchliligi uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda toʻliq javob beradi.
Keyingi tahrirga qarang.
10. Agentlikning mutaxassislari boyliklarni sotishdan tushgan pul mablagʻlari oʻz vaqtida oʻtkazilishini taʼminlash uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda toʻliq javob beradilar.
Keyingi tahrirga qarang.
Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan, davlat daromadiga oʻtkazilgan va berilgan boyliklarni Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi Qimmatbaho metallar agentligi tomonidan “Fonon” davlat ilmiy-ishlab chiqarish korxonasiga sotish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
ILOVA
Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan, davlat daromadiga oʻtkazilgan va berilgan boyliklarni Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi Qimmatbaho metallar agentligi tomonidan “Fonon” davlat ilmiy-ishlab chiqarish korxonasiga sotish
SXEMASI
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.