Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Prokuratura organlarining axborot-tahlil faoliyati samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 19-fevraldagi PQ-4196-sonli “Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasining axborot-tahlil faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish, notoʻgʻri maʼlumotlardan buzgʻunchi va boshqa gʻayriqonuniy maqsadlarda foydalanish imkoniyatini bartaraf etish uchun yuz berayotgan voqealar haqida aholini oʻz vaqtida xabardor qilish, jamiyatda yuksak huquqiy madaniyatni, qonun va inson huquqlariga hurmat munosabatini shakllantirish boʻyicha chora-tadbirlarning samaradorligini oshirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining eng yangi axborot texnologiyalari va raqamli uskunalar bilan jihozlangan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Axborot-tahlil multimediya markazini (keyingi oʻrinlarda Multimediya markazi deb yuritiladi) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Zamonaviy texnologiyalar va kreativ yondashuvlardan foydalangan holda, quyidagilarga yoʻnaltirilgan axborot-tahliliy va obzorli media materiallarni, shu jumladan audio va videoroliklar, tele va radio koʻrsatuvlar, ijtimoiy reklamalar, voqea joyidan reportajlarni tayyorlash hamda efirga, shuningdek, Internet tarmogʻiga uzatish Multimediya markazining asosiy vazifalari etib belgilansin:
aholi turli qatlamlarining axborotga ehtiyojini inobatga olgan holda, amalga oshirilayotgan islohotlar va yangilanishlar, qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazish;
huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, jamiyatda yuksak huquqiy madaniyatni, qonun va inson huquqlariga hurmat munosabatini shakllantirish;
fuqarolarda yuz berayotgan, ayniqsa jamoatchilikning yuqori qiziqishini uygʻotgan voqealarning mohiyati boʻyicha xolis fikrni shakllantirish hamda notoʻgʻri maʼlumotlardan buzgʻunchi va boshqa gʻayriqonuniy maqsadlarda foydalanish imkoniyatini bartaraf etish uchun aholini bunday hodisalar haqida oʻz vaqtida xabardor qilish;
mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar, davlat organlari va mansabdor shaxslarning faoliyati haqida jamoatchilik fikri monitoringi yakunlarini yoritish;
fuqarolarning ijtimoiy-huquqiy faolligini oshirish, davlat va jamiyat qurilishining dolzarb vazifalarini hal etishga jamiyatning intellektual va maʼnaviy-axloqiy salohiyatini safarbar etish.
Multimediya markazi oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishda:
tayyorlanayotgan axborot-tahliliy va obzorli media materiallarni tezkor tarqatish uchun mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari, boshqa kommunikatsiya kanallari, fuqarolik jamiyati institutlari bilan oʻzaro yaqin hamkorlikni;
tajriba almashish va xodimlarning malakasini oshirish maqsadida yetakchi xorijiy ixtisoslashgan tashkilotlar va teleradioeshittirish kompaniyalari bilan hamkorlikni;
media mahsulotlar tayyorlash va realizatsiya qilish hamda media xizmatlar koʻrsatish boʻyicha tijorat faoliyatini amalga oshiradi.
3. Belgilab qoʻyilsinki, Multimediya markazi:
boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 4 nafar boʻlgan mustaqil yuridik shaxs hisoblanadi;
unga berilgan mol-mulkdan qonun hujjatlariga, oʻz faoliyatining maqsad va vazifalariga muvofiq foydalanadi hamda tasarruf etadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan, maqomi boʻyicha Bosh prokuratura boshqarma boshligʻiga tenglashtiriladigan direktor tomonidan boshqariladi;
har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga oʻzining faoliyati va tadbirlar rejasini tasdiqlash uchun kiritadi, ularning samarali va sifatli ijro etilishini taʼminlaydi.
4. Multimediya markazi boshqaruv xodimlarining Yagona tarif setkasi boʻyicha mehnatga haq toʻlash razryadlari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Belgilab qoʻyilsinki:
ushbu qaror bilan tasdiqlangan Yagona tarif setkasi boʻyicha mehnatga haq toʻlash razryadlariga koʻra Multimediya markazi boshqaruv xodimlarining lavozim maoshini aniqlashda tarif koeffitsiyentlari ikki baravar miqdorda qoʻllaniladi;
Multimediya markazining boshqaruv xodimlariga alohida mehnat sharoitlari uchun ularning lavozim maoshiga 100 foiz miqdorida oylik ustama toʻlanadi. Bunda ushbu ustama qonun hujjatlarida belgilangan ragʻbatlantiruvchi qoʻshimcha haq va ustamalarni hisoblashda Multimediya markazi mazkur xodimlarining lavozim maoshi tarkibiga kiritiladi;
Multimediya markazining boshqaruv xodimlariga ushbu qaror talablarini hisobga olgan holda prokuratura organlari xodimlari uchun nazarda tutilgan imtiyozlar, moddiy va ijtimoiy himoya choralari qoʻllaniladi;
Multimediya markazining boshqa mutaxassislari (rejissor, kreativ muharrir, muxbir, tasvirchi, videomontajchi, AKT mutaxassisi, apparat-studiya kompleksi muhandisi va boshqalar) mehnat bozoridagi haqiqiy konyunkturani hisobga olgan holda shartnoma asosida jalb qilinadi.
6. Multimediya markazi direktoriga:
Multimediya markaziga mazkur qarorning 5-bandi beshinchi xatboshisida koʻrsatilgan mutaxassislarni shartnoma asosida ishga jalb qilish;
Multimediya markaziga yuklatilgan vazifalarni bajarish doirasida boshqa tashkilotlar bilan xizmatlar olish va koʻrsatish (ishlarni bajarish, tovarlar va mahsulotlar yetkazib berish) boʻyicha shartnomalar tuzish huquqi berilsin.
7. Belgilab qoʻyilsinki:
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxatga muvofiq Bosh prokuratura ekspert-tahlil guruhiga kiritilgan prokuratura organlari xodimlariga har oylik mehnat haqi fondi ikki baravar miqdorda toʻlanadi;
(7-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 2-avgustdagi PF-5499-sonli Farmoni tahririda)
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi davlat organlari va boshqa tashkilotlarning ekspertlari va mutaxassislarini shartnoma asosida ekspert-tahlil guruhi ishiga jalb qilish huquqiga ega.
8. Bosh prokuratura bir oy muddatda:
Multimediya markazining ustavi tasdiqlanishi va uning davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin;
Multimediya markazini yuqori malakali xodimlar bilan toʻldirsin;
Multimediya markazini Bosh prokuratura binolari kompleksida joylashtirsin, Multimediya markazining samarali ishini tashkil etish maqsadida uni aloqa vositalari, keng qamrovli Internet tarmogʻidan foydalanish imkoniyati bilan, shuningdek, 2 ta avtomashina, shu jumladan 1 ta maxsus avtomashina sotib olinishini taʼminlasin.
9. Multimediya markazi tomonidan zamonaviy telestudiya tashkil etish uchun zarur boʻlgan, shartnomaga muvofiq olib kiriladigan televizion uskunalar jamlanmasi, uchuvchisiz uchadigan apparatlari, kompyuter texnikalari, dasturiy taʼminot va boshqa texnika vositalari bojxona toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) ozod etilsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi zarur hujjatlar taqdim etilgandan keyin oʻn kun muddatda Multimediya markaziga uchuvchisiz uchadigan apparatlaridan foydalanishga ruxsat berish toʻgʻrisida xulosa taqdim etsin.
11. Ushbu qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni bajarish bilan bogʻliq xarajatlar Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamgʻarmasi va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshirilishi nazarda tutilsin.
12. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh prokurori I.B. Abdullayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 14-noyabr,
PQ-3387-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-noyabrdagi PQ-3387-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Axborot-tahlil multimediya markazi boshqaruv xodimlarining Yagona tarif setkasi boʻyicha mehnatga haq toʻlash
RAZRYaDLARI
|
Lavozimlar nomi |
Razryadlar |
|
Direktor |
18 |
|
Bosh prodyuser |
17 |
|
Bosh muharrir |
17 |
|
Hisobchi |
14 |
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.11.2017-y., 07/17/3387/0256-son)