Oʻzbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport Davlat qoʻmitasining
Qarori
Sport hakamlari va ularning malaka toifalarini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining “Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 16-martdagi 148-son “Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qoʻmitasi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qoʻmitasi qaror qiladi:
Keyingi tahrirga qarang.
1. Sport hakamlari va ularning malaka toifalarini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais R. KURBANOV
Toshkent sh.,
2017-yil 2-oktabr,
10-mh-son
Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qoʻmitasining 2017-yil 2-oktabrdagi 10-mh-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Sport hakamlari va ularning malaka toifalarini berish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Keyingi tahrirga qarang.
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 16-martdagi 148-son “Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qoʻmitasi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq sport hakamlarining vazifalarini, huquq va majburiyatlarini, sport hakamlarining malaka toifalarini berish tartibini hamda malaka toifalarini berish uchun bajarilishi zarur boʻlgan talablarni belgilaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
vakolatli organlar — Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qoʻmitasi, viloyatlar va Toshkent shahar jismoniy tarbiya va sport boshqarmalari hamda Oʻzbekiston Mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy Kengashi hamda uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari;
Keyingi tahrirga qarang.
sport hakami — sport turi qoidalariga hamda sport musobaqasi toʻgʻrisidagi nizomga (reglamentga) rioya etilishini taʼminlash uchun jismoniy tarbiya yoki sport tadbiri tashkilotchisi tomonidan vakolat berilgan, maxsus tayyorgarlikdan oʻtgan va tegishli malaka toifasini olgan jismoniy shaxs.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Sport hakamlariga qonun hujjatlariga asosan ilgari berilgan malaka toifalari Oʻzbekiston Respublikasining “Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq:
Keyingi tahrirga qarang.
“Xalqaro toifali sport boʻyicha hakam” malaka toifasi — “Xalqaro toifali sport hakami” malaka toifasiga;
“Milliy toifali sport boʻyicha hakam” malaka toifasi — “Milliy toifali sport hakami” malaka toifasiga;
“Oliy toifali sport boʻyicha hakam” malaka toifasi — “Birinchi toifali sport hakami” malaka toifasiga;
“I toifali sport boʻyicha hakam” malaka toifasi — “Ikkinchi toifali sport hakami” malaka toifasiga;
“Sport boʻyicha hakam” malaka toifasi — “Uchinchi toifali sport hakami” malaka toifasiga tenglashtiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
2-bob. Sport hakamining vazifalari hamda huquq va majburiyatlari
3. Quyidagilar sport hakamining vazifalari hisoblanadi:
sport musobaqalarini xalqaro sport tashkilotlari tomonidan tasdiqlangan qoidalarga, sport turi qoidalariga hamda sport musobaqasi toʻgʻrisidagi nizomga (reglamentga) muvofiq lozim darajada hakamlik qilish hamda ularga rioya etilishini taʼminlash;
sport turi boʻyicha sport hakami kasbiga yosh mutaxassislarni jalb qilish va ularning bu boradagi malakasini oshirishda qatnashish.
4. Quyidagilar sport hakamining huquqlari hisoblanadi:
sport musobaqalarida hakamlik qilish;
sport hakami malaka toifasiga ega boʻlish;
sport hakami malaka toifasini oshirib borish;
oʻziga nisbatan boʻlgan eʼtirozlarning koʻrib chiqilishida shaxsan ishtirok etish;
sport musobaqasida hakamlik qilishda sport musobaqasi tashkilotchisidan tegishli shart-sharoitlar yaratilishini talab qilish.
Sport hakami qonun hujjatlarida belgilangan boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Quyidagilar sport hakamining majburiyatlari hisoblanadi:
tegishli sport turi boʻyicha xalqaro sport tashkilotlari tomonidan tasdiqlangan qoidalar, sport turi qoidalari hamda sport musobaqasi toʻgʻrisidagi nizomlarni (reglamentlarni) bilish va ularning talablariga qatʼiy rioya etish;
sport musobaqalarini yuqori darajada oʻtkazishga koʻmaklashish va sport musobaqasini oʻtkazish davrida yuzaga kelgan masalalarga xolisona yondashish hamda ularga oʻz vaqtida baho berish va yechimini topish;
yuqori madaniyatni va hamjihatlikni namuna qilib koʻrsatish, shuningdek qoʻpollik, tartibsizlik, ishtirokchilar (sportchilar, trenerlar, vakillar, tomoshabinlar) tomonidan sport turlari qoidalari va umumeʼtirof etilgan axloq etikasi qoidalari buzilishining oldini olish.
Sport hakamiga qonun hujjatlarida boshqa majburiyatlar ham belgilanishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Sport musobaqalarida faol ishtirok etganligi va xolisona hakamlik qilganligi uchun sport hakamlari:
sport musobaqalari tashkilotchisi tomonidan sertifikatlar, diplomlar va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlanishi;
vakolatli organ tomonidan yilning eng yaxshi sport hakami sifatida tan olinishi;
Keyingi tahrirga qarang.
faoliyat yuritayotgan tashkiloti tomonidan sport hakami malaka toifasini (navbatdagi sport hakami malaka toifasini) olishga tavsiya etilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
3-bob. Sport hakamlariga malaka toifasini berish
7. Sport hakamiga sport turlari reyestriga kiritilgan sport turlari boʻyicha quyidagi malaka toifalari beriladi:
“Xalqaro toifali sport hakami”;
“Milliy toifali sport hakami”;
“Birinchi toifali sport hakami”;
“Ikkinchi toifali sport hakami”;
“Uchinchi toifali sport hakami”;
“Sport boʻyicha hakam”.
8. “Xalqaro toifali sport hakami” malaka toifasi sport turi boʻyicha tegishli xalqaro sport tashkiloti tomonidan beriladi.
9. “Milliy toifali sport hakami”ni olish uchun belgilangan muddat va talablardan oldin “Xalqaro toifali sport hakami” malaka toifasini qoʻlga kiritgan sport hakamining toifasi “Milliy toifali sport hakami” toifasidagi hakam hisoblanadi.
10. “Milliy toifali sport hakami” malaka toifasi Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qoʻmitasi tomonidan beriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
11. Sportning texnik va amaliy turlari boʻyicha “Milliy toifali sport hakami” malaka toifasi Oʻzbekiston Mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy Kengashi tomonidan beriladi.
12. “Birinchi toifali sport hakami”, “Ikkinchi toifali sport hakami”, “Uchinchi toifali sport hakami” va “Sport boʻyicha hakam” malaka toifalari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qoʻmitasi, viloyatlar va Toshkent shahar jismoniy tarbiya va sport boshqarmalari tomonidan beriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
13. Sportning texnik va amaliy turlari boʻyicha va “Birinchi toifali sport hakami”, “Ikkinchi toifali sport hakami”, “Uchinchi toifali sport hakami” va “Sport boʻyicha hakam” malaka toifalari Oʻzbekiston Mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari tomonidan beriladi.
14. Malaka toifasi “Sport boʻyicha hakam” malaka toifasidan boshlab beriladi.
15. “Sport boʻyicha hakam” malaka toifasiga ega boʻlgan shaxsga navbatdagi malaka toifasi beriladi. Bunda “Sport boʻyicha hakam” malaka toifasiga ega boʻlmagan shaxsga “Uchinchi toifali sport hakami” malaka toifasini, “Uchinchi toifali sport hakami” malaka toifasiga ega boʻlmagan shaxsga “Ikkinchi toifali sport hakami” malaka toifasini, “Ikkinchi toifali sport hakami” malaka toifasiga ega boʻlmagan shaxsga “Birinchi toifali sport hakami” malaka toifasini, “Birinchi toifali sport hakami” malaka toifasiga ega boʻlmagan shaxsga “Milliy toifali sport hakami” malaka toifasini berish taqiqlanadi.
16. “Sport boʻyicha hakam” malaka toifasi maxsus tayyorgarlikdan oʻtgan va Oʻzbekiston Respublikasi hududida oʻtkazilgan sport musobaqalarida hakamlik qilgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga beriladi.
17. “Uchinchi toifali sport hakami” malaka toifasi “Sport boʻyicha hakam” malaka toifasiga ega boʻlgan, Oʻzbekiston Respublikasi hududida oʻtkazilgan sport musobaqalarida hakamlik qilgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga beriladi. Bunda “Sport boʻyicha hakam” malaka toifasi berilganiga kamida 1 yil oʻtgan boʻlishi lozim.
18. “Ikkinchi toifali sport hakami” malaka toifasi “Uchinchi toifali sport hakami” malaka toifasiga ega boʻlgan, Oʻzbekiston Respublikasi hududida oʻtkazilgan sport musobaqalarida hakamlik qilgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga beriladi. Bunda “Uchinchi toifali sport hakami” malaka toifasi berilganiga kamida 2 yil oʻtgan boʻlishi lozim.
19. “Birinchi toifali sport hakami” malaka toifasi “Ikkinchi toifali sport hakami” malaka toifasiga ega boʻlgan, Oʻzbekiston Respublikasi hududida oʻtkazilgan sport musobaqalarida, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi chempionati, kubogi maqomiga ega boʻlgan sport musobaqalarida, hakamlik qilgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga beriladi. Bunda “Ikkinchi toifali sport hakami” malaka toifasi berilganiga kamida 2 yil oʻtgan boʻlishi lozim.
20. “Milliy toifali sport hakami” malaka toifasi “Birinchi toifali sport hakami” malaka toifasiga ega boʻlgan, Oʻzbekiston Respublikasi hududida oʻtkazilgan sport musobaqalarida, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi chempionati kubogida hakamlik qilgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga beriladi. Bunda “Birinchi toifali sport hakami” malaka toifasi berilganiga kamida 2 yil oʻtgan boʻlishi lozim.
21. Tegishli malaka toifasini olish uchun sport hakami tomonidan bajarilishi zarur boʻlgan talablar mazkur Nizomning ilovasida koʻrsatilgan.
22. Malaka toifasini (navbatdagi malaka toifasini) olish istagini bildirgan shaxslar (bundan buyon matnda talabgor deb yuritiladi) tegishli vakolatli organga faoliyat yuritayotgan tashkiloti orqali murojaat etishga haqli. Bunda talabgor faoliyat yuritayotgan tashkilot tomonidan vakolatli organga talabgorga malaka toifasini (navbatdagi malaka toifasini) berish boʻyicha taqdimnoma yuboriladi.
23. “Sport boʻyicha hakam” malaka toifasini hamda navbatdagi malaka toifasini berish boʻyicha taqdimnomaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
talabgorning fuqarolik pasporti nusxasi;
Keyingi tahrirga qarang.
talabgorning 3 x 4 sm oʻlchamdagi rangli fotosurati oq fonda (4 dona);
Keyingi tahrirga qarang.
talabgorga tavsifnoma (talabgor faoliyat yuritayotgan tashkilot rahbari tomonidan imzolanadi);
talabgor tomonidan “Sport boʻyicha hakam” malaka toifasini hamda navbatdagi malaka toifasini olish uchun bajarilishi lozim boʻlgan talablar bajarilganligini tasdiqlovchi hujjatlar.
24. Malaka toifasini (navbatdagi malaka toifasini) berish boʻyicha taqdimnomalar vakolatli organ tomonidan tuzilgan Malaka toifalarini berish komissiyasi (bundan buyon matnda Komissiya deb yuritiladi) majlislarida koʻrib chiqiladi va natijasi boʻyicha talabgorga malaka toifasini (navbatdagi malaka toifasini) berish yoki berishni rad etish boʻyicha qaror qabul qilinadi.
25. Komissiya tegishli vakolatli organning qarori bilan bir yil muddatga tuziladi. Komissiya kamida yetti nafar aʼzodan iborat boʻladi. Vakolatli organning rahbari yoki uning oʻrinbosari komissiya raisi hisoblanadi. Komissiya kotibi etib vakolatli organning masʼul xodimi tayinlanadi. Komissiya tarkibiga tegishli sport turi boʻyicha sport federatsiyalari (uyushmalari), jismoniy tarbiya va sport tashkilotlari, jismoniy tarbiya va sport sohasida faoliyatni amalga oshiruvchi taʼlim muassasalari, ixtisoslashtirilgan sport-taʼlim muassasalari hamda sportning texnik va amaliy turlarini rivojlantiruvchi tashkilotlarining sport sohasidagi mutaxassislari kelishuv asosida kiritiladi.
26. Komissiya majlisida koʻrib chiqish uchun tegishli hujjatlarni tayyorlash, komissiya majlisini tashkillashtirish va majlisda komissiya aʼzolarining hozir boʻlishini taʼminlash komissiya kotibiga yuklatiladi.
27. Taqdimnomaga ilova qilingan hujjatlarda kamchilik aniqlangan taqdirda, komissiya kotibi talabgorni bu haqda xabardor qilib, ishchi tartibda kamchiliklarni bartaraf qilish choralarini koʻrishi lozim.
28. Komissiyasining majlislari har chorakda bir marta oʻtkaziladi. Komissiyaning navbatdan tashqari majlislari zarurat boʻlgan taqdirda komissiya raisi tomonidan chaqiriladi.
29. Komissiya majlisi unda komissiya aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi, shu jumladan komissiya raisi qatnashgan taqdirda vakolatli hisoblanadi. Komissiya qarorlari uning aʼzolarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovoz berish ochiq usulda oʻtkaziladi. Komissiyaning har bir aʼzosi bitta ovozga ega boʻladi. Ovozlar teng boʻlganda Komissiya raisining ovozi hal qiluvchi ovoz hisoblanadi.
30. Komissiya qarori bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi va komissiya raisi hamda aʼzolari tomonidan imzolanadi.
31. “Sport boʻyicha hakam” malaka toifasi berilganda talabgorga tegishli malaka toifasi toʻgʻrisida sport hakami guvohnomasi rasmiylashtirib beriladi.
32. Navbatdagi malaka toifasi berilganda talabgorga tegishli malaka toifasi toʻgʻrisida sport hakami guvohnomasi beriladi.
33. Vakolatli organ talabgorga sport hakami guvohnomasini komissiya qarori chiqarilgan kundan boshlab besh kun ichida rasmiylashtirib berishi shart.
34. Komissiya qarorida talabgorga malaka toifasini (navbatdagi malaka toifasini) berish rad etilgan taqdirda vakolatli organ bu haqda talabgorni komissiya qarori chiqarilgan kundan boshlab besh kun ichida yozma ravishda xabardor qilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
4-bob. Sport hakami guvohnomasi
35. Sport hakami guvohnomasi sport hakamining tegishli malaka toifasiga ega ekanligini tasdiqlovchi hujjat hisoblanadi.
36. Sport hakami guvohnomasida:
guvohnomani bergan tashkilot nomi;
guvohnomaning seriyasi va tartib raqami;
sport hakamining familiyasi, ismi, otasining ismi;
sport hakamining fotosurati;
sport turi;
sport hakamiga berilgan malaka toifasi;
malaka toifasi berilgan sana koʻrsatiladi
37. Sport hakami guvohnomasi vakolatli organ rahbari yoki uning oʻrinbosari tomonidan imzolangan, imzo esa, vakolatli organ muhri bilan tasdiqlangan boʻlishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
5-bob. Sport hakamligidan chetlashtirish
38. Sport hakami oʻz vazifalarini va majburiyatlarini lozim darajada bajarmaganda yoki umuman bajarmaganda uning harakatlari tegishli sport federatsiyalarining (uyushmalarining) sport hakamlari hayʼatlarida koʻrib chiqiladi.
39. Sport hakamining harakatlari sport federatsiyalarining (uyushmalarining) sport hakamlari hayʼatlarida tegishli sport musobaqasi yakuniga yetgan kundan boshlab oʻn besh kun ichida koʻrib chiqilishiga yoʻl qoʻyiladi.
40. Sport hakamlari hayʼatining majlisi toʻgʻrisida sport hakamiga besh kun oldin tegishli sport federatsiyasi (uyushmasi) tomonidan yozma ravishda xabar qilinadi.
41. Sport hakami uning faoliyati koʻrib chiqiladigan sport hakamlari hayʼatining majlisida shaxsan ishtirok etishga, oʻz mulohazalari va eʼtirozlarini bildirishga haqli.
42. Tegishli sport federatsiyasi (uyushmasi) hakamlar hayʼati sport turi xususiyatidan kelib chiqqan holda sport hakamini maʼlum bir muddatga sport hakamligidan chetlashtirish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin. Sport hakamiga hakamlar hayʼatining qaroridan koʻchirma taqdim qilinadi.
6-bob. Sport hakamlarining hisobini yuritish
43. Vakolatli organlar Sport hakami guvohnomalarini hisobga olish jurnalini yuritishlari shart.
44. Sport hakami guvohnomalarini hisobga olish jurnaliga quyidagi maʼlumotlar kiritiladi:
sport hakamiga berilgan guvohnoma raqami va sanasi;
sport hakamining familiyasi, ismi, otasining ismi;
sport hakamining yashash joyi;
sport hakamiga rasmiylashtirilgan yigʻmajildning tartib raqami.
Keyingi tahrirga qarang.
7-bob. Yakuniy qoidalar
45. Komissiya qaroridan norozi boʻlgan shaxslar boʻysunuv tartibida yuqori turuvchi vakolatli organga yoxud bevosita sudga shikoyat qilishga haqli.
46. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
47. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi hamda Oʻzbekiston Mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy Kengashi bilan kelishilgan.
Mudofaa vaziri A. AZIZOV
2017-yil 2-oktabr
Ichki ishlar vaziri P. BOBOJONOV
2017-yil 2-oktabr
Oʻzbekiston Mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy Kengashi raisi R. NIYAZOV
2017-yil 2-oktabr
Sport hakamlari va ularning malaka toifalarini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
ILOVA
Sport hakami malaka toifasini olish uchun bajarilishi lozim boʻlgan
TALABLAR
|
T/r. |
Musobaqa turlari* |
Sport hakami |
Uchinchi toifali sport hakami |
Ikkinchi toifali sport hakami |
Birinchi toifali sport hakami |
Milliy toifali sport hakami |
|
1. |
Malakaviy musobaqalar |
2 |
2 |
- |
- |
- |
|
2. |
Tuman (shahar) birinchiliklari |
- |
4 |
5 |
5 |
- |
|
3. |
Viloyat, shahar, tuman chempionatlari |
- |
3 |
4 |
5 |
- |
|
4. |
Respublika miqyosidagi musobaqalar |
- |
- |
- |
5 |
8 |
|
5. |
Nazorat hakamligi (sport xususiyatiga qarab) |
- |
- |
- |
2 |
2 |
|
6. |
Hakamlarni tayyorlash boʻyicha seminarlarni oʻtkazish |
- |
- |
- |
1 |
2 |
|
7. |
Hakamlar kurslari, seminarlari, konferensiyalari, kongresslari va imtihonlarda ishtirok etish |
- |
1 |
1 |
2 |
2 |
* Vakolatli organlarning sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasida aks etgan musobaqalar, bundan malakaviy musobaqalar mustasno.
“Birinchi toifali sport hakami” malaka toifasini olish uchun kamida ikki marotaba musobaqa bosh hakami yoki ikki marotaba bosh kotib boʻlish lozim.
“Milliy toifali sport hakami” malaka toifasini olish uchun kamida toʻrt marotaba musobaqa bosh hakami yoki toʻrt marotaba bosh kotib boʻlish lozim.
Sportning ayrim turlari boʻyicha mazkur jadvalda belgilangan talablarini bajarish imkoniyati boʻlmaganda, tegishli sport federatsiyalari (uyushmalari) bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qoʻmitasi yoki Oʻzbekiston Mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy Kengashi tomonidan tasdiqlanadigan alohida talablar qoʻllaniladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.