Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirining
buyrugʻi
Soliq maslahati milliy standarti (5-sonli SMMS) “Soliq maslahatchilari ishining sifatini ichki nazorat qilishni tashkil etishga qoʻyiladigan talablar”ni tasdiqlash toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2017-yil 24-oktabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2940]
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining “Soliq maslahatiga oid faoliyat toʻgʻrisida” gi Qonunining 10-moddasiga muvofiq buyuraman:
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2023-yil 17-iyuldagi 2940-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2940-1, 10.08.2023-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.08.2023-y., 10/23/2940-1/0590-son)
1. Soliq maslahati milliy standarti (5-sonli SMMS) “Soliq maslahatchilari ishining sifatini ichki nazorat qilishni tashkil etishga qoʻyiladigan talablar” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir B. XODJAYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 19-sentabr,
135-son
Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2017-yil 19-sentabrdagi 135-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Soliq maslahati milliy standarti (5-sonli SMMS) “Soliq maslahatchilari ishining sifatini ichki nazorat qilishni tashkil etishga qoʻyiladigan talablar”
Oldingi tahrirga qarang.
Mazkur Soliq maslahati milliy standarti (5-sonli SMMS) (bundan buyon matnda Standart deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasida soliq maslahati boʻyicha faoliyatni normativ tartibga solishning elementi hisoblanadi.
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2023-yil 17-iyuldagi 2940-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2940-1, 10.08.2023-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.08.2023-y., 10/23/2940-1/0590-son)
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Standartning maqsadi soliq maslahatchilari ishining sifatini ichki nazorat qilishni tashkil etishga qoʻyiladigan talablarni belgilash hisoblanadi.
2. Mazkur Standart talablari barcha soliq maslahatchilari tashkilotlari tomonidan qoʻllanilishi majburiydir.
2-bob. Soliq maslahatchilari ishining sifatini ichki nazorati
Oldingi tahrirga qarang.
3. Soliq maslahatchilari ishining sifatini ichki nazorati deganda qonunchilik hujjatlariga muvofiq soliq maslahati boʻyicha xizmatlarni sifatli koʻrsatilishini taʼminlash boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar kompleksi tushuniladi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
4. Soliq maslahatchilari tashkiloti oʻz xususiyatlarini inobatga olgan holda soliq maslahatchilari ishining sifatini nazorati ichki tartibini belgilashga, shuningdek sifat nazoratini tegishli ravishda tashkil qilish uchun zarur boʻlgan ichki nizom, yoʻriqnoma va boshqa hujjatlarni ishlab chiqish va tasdiqlashga haqli.
5. Soliq maslahatchilari ishining sifatini ichki nazorati soliq maslahatchilari tashkilotining rahbari tomonidan amalga oshiriladi.
6. Soliq maslahatchilari ishining sifatini ichki nazorati tizimi quyidagilarni oʻz uchiga olishi shart:
tashkilotni oʻz majburiyatlarini lozim darajada bajarish uchun bilimga, mahoratga va malakaga ega boʻlgan soliq maslahatchilari bilan jamlanganligi;
murakkab boʻlgan vazifalarni kasbiy malakasi ushbu vazifalar xususiyatlariga muvofiq boʻlgan soliq maslahatchilariga topshirish;
soliq maslahati boʻyicha xizmat koʻrsatish jarayonida ishlarni zarur sifat talablariga javob beradigan yoʻnaltiruvchi koʻrsatmalar asosida bajarish;
soliq maslahatchilarning aniq holatlarda bilimi yetarli boʻlmaganda, soliq maslahatchilari tashkiloti ichida ham, uning tashqarisida ham tegishli maslahatlar olish;
oʻzlariga yuklatilgan majburiyatlarni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun soliq maslahatchilariga nisbatan tegishli choralar koʻrish.
3-bob. Soliq maslahatchilari ishining sifatini ichki nazorat qilishni tashkil etish
7. Soliq maslahatchilari ishining sifatini ichki nazorati quyidagi nazorat turlarini oʻz ichiga oladi:
dastlabki;
joriy;
yakuniy.
8. Dastlabki ichki nazorat soliq maslahati boʻyicha xizmatlarni koʻrsatish uchun umumiy reja, sarflanadigan vaqt hisob-kitobini tayyorlashda amalga oshiriladi.
9. Joriy ichki nazorat rahbariy koʻrsatmalar va bajarilgan ishni tekshirish elementlarini oʻz ichiga oladi.
10. Yakuniy ichki nazorat har bir soliq maslahatchisi ishi natijasini tekshirishdan iborat.
11. Zarurat boʻlganda, soliq maslahatchilari tashkiloti rahbari ishchi hujjatlarda tekshirilayotgan shaxsga oʻz bahosini, eʼtirozini, sharhini yoki tavsiyasini beradi.
4-bob. Soliq maslahatchisi yordamchisining ishini nazorat qilish
12. Soliq maslahatchilari tashkiloti rahbari soliq maslahatchisining yordamchisi tomonidan bajarilayotgan ishni doimiy ravishda nazorat qilishi va yoʻnaltirib borishi kerak.
13. Ish topshirilayotgan soliq maslahatchisining yordamchisi bajarishi lozim boʻlgan ishi uchun javobgarligi toʻgʻrisida yoʻl-yoʻriq olishi kerak.
5-bob. Yakuniy qoidalar
14. Har bir soliq maslahatchisi soliq maslahatchilari ishining sifatini ichki nazoratini tashkil qilish bilan tanishgan boʻlishi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
15. Soliq maslahatchisi ishni sifatsiz bajarganligi, tijorat sirini oshkor etganligi natijasida yetkazilgan ziyon va soliq maslahatchilari tashkiloti zarar koʻrishiga olib kelgan boshqa xatti-harakatlari uchun qonunchilik hujjatlariga muvofiq soliq maslahatchilari tashkiloti oldida javobgar boʻladi.
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.10.2017-y., 10/17/2940/0177-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son; 11.08.2023-y., 10/23/2940-1/0590-son)