Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali oʻtkazish punktlarida ikki yoʻlakli tizimni qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 7-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish boʻyicha harakatlar strategiyasi toʻgʻrisida”gi PF-4947-son Farmoniga muvofiq, fuqarolarni bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazish sharoitlarini jahon standartlariga muvofiqligini taʼminlash, bojxona rasmiyatchiligini soddalashtirish, nazoratning samarali usullarini qoʻllash, shuningdek, turizmni rivojlantirish uchun yanada qulay sharoitlarni yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali oʻtkazish punktlarida ikki yoʻlakli tizimni qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Belgilansinki, ikki yoʻlakli tizim:
2018-yil 1-yanvardan boshlab — Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro aeroportlarida;
2021-yil 1-yanvardan boshlab — Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali avtomobil va temir yoʻl oʻtkazish punktlarida kuchga kiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi mutasaddi vazirlik va idoralar bilan birgalikda xalqaro aeroportlarda ikki yoʻlakli tizimni ishlashini taʼminlash uchun kerakli infrastruktura ishlari bir oy muddatda oʻtkazilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasidan chiqib ketayotgan hamda Oʻzbekiston Respublikasiga kirib kelayotgan shaxslarning safar maqsadi, mamlakati, yoshi va regioni boʻyicha shakllanishini taʼminlaydigan davlat statistika hisoboti shaklini ishlab chiqilsin va amaliyotga kiritilsin.
5. Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 15-maydagi 97-sonli “Mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun chet ellarga ketayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini hisobga olishni takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 19-20-son, 197-modda) 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
6. Vazirlik va idoralar oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarini bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi A.J. Ramatov va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi raisi M.V. Toxiriy zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 11-oktabr,
814-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 11-oktabrdagi 814-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali oʻtkazish punktlarida ikki yoʻlakli tizimni qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Keyingi tahrirga qarang.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali oʻtkazish punktlarida ikki yoʻlak tizimini qoʻllash talablari va tartibini, shuningdek bojxona chegarasi orqali oʻtadigan jismoniy shaxsning bojxona operatsiyalarini amalga oshirish maqsadida notijorat maqsadlar uchun moʻljallangan tovarlarni deklaratsiyalash shakli sifatida “yashil” yoki “qizil” yoʻlakni tanlash qoidalarini belgilaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Ushbu Nizomda quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
“yashil” yoʻlak — kirib kelish va chiqib ketish joylarida maxsus belgilangan, jismoniy shaxslarning koʻl yuki va kuzatib borilayotgan bagajdagi tovarlarni bojxona chegarasidan olib oʻtishi uchun moʻljallangan joy;
(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 26-martdagi 235-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.03.2018-y., 09/18/235/0452-son)
“qizil” yoʻlak — kirib kelish va chiqib ketish joylarida maxsus belgilangan, jismoniy shaxslarning yozma shaklda deklaratsiyalanishi lozim boʻlgan qoʻl yuki va kuzatib borilayotgan bagajdagi tovarlarni, shuningdek deklaratsiyalanishi jismoniy shaxsning ixtiyoriga koʻra amalga oshiriladigan tovarlarni bojxona chegarasidan olib oʻtishi uchun moʻljallangan joy.
bojxona hududiga kirib kelish yoki ushbu hududdan chiqib ketish joyi — chegara yonidagi bojxona komplekslari va postlari, xalqaro havo yoʻllari (parvozlar) uchun ochiq aeroportlar, Oʻzbekiston Respublikasining chegara va bojxona nazorati amalga oshiriladigan, shuningdek fuqarolar, transport vositalari va tovarlar oʻtkaziladigan Davlat (bojxona) chegarasi orqali oʻtkazish punktlarida joylashgan temir yoʻl stansiyalari (vokzallar).
2-bob. Bojxona hududiga kirib kelish yoki ushbu hududdan chiqib ketish joylarida ikki yoʻlak tizimiga nisbatan qoʻllaniladigan talablar
3. Bojxona hududiga kirib kelish yoki ushbu hududdan chiqib ketish joylarida ikki yoʻlak tizimini qoʻllash uchun kamida bitta “yashil” va “qizil” yoʻlak ajratiladi. Yoʻlaklar umumiy soni bojxona organi tomonidan yoʻlovchilar oqimi va mavjud imkoniyatlardan kelib chiqqan holda belgilanadi.
4. Har bir yoʻlak tomonga harakatlanish va har bir yoʻlakka kirish yoʻnalishi aniq belgilanishi hamda farqlanishi zarur.
“Yashil” yoʻlakka kirish oq fonda yashil rangli sakkiz burchak shaklidagi, shuningdek yashil rangda davlat tili. rus va ingliz tilida “Yashil yo'lak”, “Zelyoniy koridor” va “Green channel”, “Yozma deklaratsiyalanmaydigan tovarlar”, “Tovari, ne podlejashiye pismennomu deklarirovaniyu” va “Nothing to declare” yozuvlari boʻlgan maxsus grafik belgi bilan belgilanadi.
“Qizil” yoʻlakka kirish oq fonda qizil rangli toʻrtburchak shaklidagi, shuningdek davlat tili, rus va ingliz tilida “Qizil yo'lak”, “Krasniy koridor” va “Red channel”, “Yozma deklaratsiyalanadigan tovarlar”, “Tovari podlejashiye pismennomu deklarirovaniyu” va “Goods to declare” yozuvlari boʻlgan maxsus grafik belgi bilan belgilanadi.
Yozuvlar uchun davlat tili, rus va ingliz tilidan tashqari faoliyat koʻrsatadigan hududida bojxona hududiga kirib kelish yoki ushbu hududdan chiqib ketish joyi joylashgan bojxona organlari qoʻllanilishini maqsadga muvofiq deb biladigan boshqa har qanday tildan foydalanishga yoʻl qoʻyiladi.
5. “Yashil” va “qizil” yoʻlaklarga kirish va ulardan chiqish joylari eni 50 santimetr boʻlgan tegishli rangdagi liniyalar bilan belgilanadi.
Kirish va chiqish joylarini anglatadigan liniyalar oʻrtasidagi masofa kamida 2 metr boʻlishi zarur.
6. “Yashil” va “qizil” yoʻlaklar:
a) bojxona hududiga kirib kelish joylarida (xalqaro havo yoʻllari (parvozlar) uchun ochiq aeroportlardan tashqari) — chegara nazoratidan oʻtgandan soʻng;
b) bojxona hududidan chiqish joylarida (xalqaro havo yoʻllari (parvozlar) uchun ochiq aeroportlardan tashqari) — chegara nazoratidan oʻtishdan oldin;
xalqaro havo yoʻllari (parvozlar) uchun ochiq aeroportlarda:
kirib kelishda — jismoniy shaxs yoʻlakni tanlashda kuzatib boriladigan bagajga ega boʻlishi uchun bagaj beriladigan joydan soʻng;
v) chiqib ketishda — jismoniy shaxs yoʻlakni tanlashda kuzatib boriladigan bagajga ega boʻlishi uchun yoʻlovchilarni roʻyxatdan oʻtkazish va bagajni topshirish joyidan soʻng joylashtirilishi zarur.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Xalqaro havo yoʻllari (parvozlar) uchun ochiq aeroportlarda bojxona hududidan chiqib ketishda yoʻlovchilarni roʻyxatdan oʻtkazish hamda bagajni topshirish joylarida bojxona nazoratini amalga oshirishgacha aviatashuvchiga topshirilgan kuzatib boriladigan bagajda olib oʻtiladigan tovarlarga nisbatan bojxona qonunchiligi buzilishlariga rioya etilishi va bunday buzilishlarni, shuningdek bunday qonunbuzarliklarni sodir etgan shaxslarni oʻz vaqtida aniqlash imkonini beradigan sharoitlar yaratilgan holatda, “yashil” va “qizil” yoʻlaklarni joylashtirishga ruxsat etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
8. “Yashil” va “qizil” yoʻlaklar boshqa yoʻlak orqali oʻtadigan shaxslarni kuzatishni istisno etadigan uslubda ajratilishi lozim.
9. Bojxona organi bojxona hududiga kirib kelish yoki ushbu hududdan chiqib ketish joylarida bevosita ikki yoʻlak tizimi oldida jismoniy shaxslarga bojxona chegarasi orqali olib oʻtiladigan tovarlarni deklaratsiyalash uchun tegishli yoʻlakni ongli ravishda tanlash imkonini beradigan axborot hududini tashkil etishi lozim.
10. Axborot hududida jismoniy shaxslarning bojxona chegarasi orqali shaxsiy foydalanishi uchun moʻljallangan tovarlarni olib oʻtish masalasi boʻyicha bojxona qonunchiligi va bajarilishini nazorat qilish bojxona organlariga yuklangan boshqa qonun hujjatlarining asosiy qoidalari, ikki yoʻlak tizimini qoʻllash tartibi haqida qisqacha maʼlumotnomalar, shuningdek bojxona qonunchiligini buzganlik uchun javobgarlik toʻgʻrisida ogohlantirish joylashtirilishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
11. Axborot hududi davlat tili, rus va ingliz tilidagi, shuningdek faoliyat koʻrsatadigan hududida bojxona hududiga kirib kelish yoki ushbu hududdan chiqib ketish joyi joylashgan bojxona organlari qoʻllanilishini maqsadga muvofiq deb biladigan boshqa har qanday tildagi axborot materiallarini oʻz ichiga olgan stendlar, shchitlar, tablo va boshqa qurilmalar bilan jihozlanishi darkor.
Axborot hududida yoʻlovchi bojxona deklaratsiyalari blanklarini toʻldirish joylari, toza blankalar va davlat tili, rus hamda ingliz tilida toʻldirish namunalari boʻlishi lozim.
3-bob. Jismoniy shaxslarning “yashil” yoʻlak orqali oʻtish tartibi
12. “Yashil” yoʻlakda tovarlar quyidagi tovarlardan tashqari ogʻzaki deklaratsiyalashtiriladi:
olib kirish yoki olib chiqish qonun hujjatlariga muvofiq taqiqlangan yoki cheklangan tovarlar;
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
qiymati va (yoki) miqdori respublikaga jismoniy shaxs tomonidan bojxona toʻlovlari solinmaydigan tovarlarni olib kirishning cheklangan normalaridan va respublikadan jismoniy shaxs tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan bojxona deklaratsiyasini taqdim etmasdan tovarlarni olib chiqishning cheklangan normalaridan oshib ketgan tovarlar;
(12-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 26-martdagi 235-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.03.2018-y., 09/18/235/0452-son)
Keyingi tahrirga qarang.
yozma deklaratsiyalashtiriladigan Oʻzbekiston Respublikasining naqd milliy valyutasi va xorijiy valyutadagi olib kirish va olib chiqishga ruxsat etilgan mablagʻlar cheklangan normalari.
13. Oʻn olti yoshga toʻlmagan shaxslar qoʻl yuki va kuzatib boriladigan bagajda olib oʻtadigan tovarlar unga hamrohlik qiluvchi shaxs tomonidan deklaratsiyalashtiriladi.
14. Jismoniy shaxsning “yashil” yoʻlakdan oʻtishi bojxona maqsadlari uchun bojxona organiga mazkur shaxsning yozma deklaratsiyalashtiriladigan tovarlari yoʻqligi haqida maʼlum qilish sifatida koʻrib chiqiladi.
Bunda jismoniy shaxslar bojxona qonunchiligi talablariga rioya etish majburiyatidan ozod etilmaydi.
15. Jismoniy shaxs “yashil” yoʻlak boʻyicha bojxona chegarasi orqali olib kirish/olib chiqish taqiqlangan yoki cheklangan yoxud qiymati va (yoki) miqdori bojsiz olib kirish normasi hamda aksiz soligʻi solinmaydigan tovarlarni olib kirish normasidan, shuningdek yozma deklaratsiyalashtiriladigan Oʻzbekiston Respublikasining naqd milliy valyutasi va xorijiy valyutadagi olib kirish va olib chiqishga ruxsat etilgan mablagʻlarning cheklangan normasidan ortadigan tovarlarni olib oʻtayotgani gumon qilinganda yoxud bu haqida axborot mavjud boʻlsa, bojxona organining mansabdor shaxsi bunday shaxsga nisbatan bojxona qonunchiligiga rioya etilishini taʼminlaydigan bojxona nazorati shaklini qoʻllash huquqiga ega.
Keyingi tahrirga qarang.
16. “Yashil” yoʻlak orqali oʻtadigan yoki joʻnab ketadigan shaxsda olib kirish yoki olib chiqish taqiqlangan yoki cheklangan, qiymati va (yoki) miqdori bojsiz olib kirish normasi hamda aksiz soligʻi solinmaydigan tovarlarni olib kirish normasidan, shuningdek yozma deklaratsiyalashtiriladigan Oʻzbekiston Respublikasining naqd milliy valyutasi va xorijiy valyutadagi olib kirish va olib chiqishga ruxsat etilgan mablagʻlarning cheklangan normasidan ortadigan tovarlar borligi aniqlangan holatlarda, bunday shaxs Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
4-bob. Jismoniy shaxslarning “qizil” yoʻlak orqali oʻtish tartibi
17. “Qizil” yoʻlak orqali oʻtadigan jismoniy shaxslar belgilangan tartibda yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini toʻldiradi.
18. Oʻn olti yoshga toʻlmagan shaxslar qoʻl yuki va kuzatib boriladigan bagajda olib oʻtadigan tovarlar unga hamrohlik qiluvchi shaxs tomonidan deklaratsiyalashtiriladi.
19. Bojxona organlari “qizil” yoʻlakda bojxona nazorati shakllarini qoʻllashda tanlash prinsipiga asoslanadi va bojxona qonunchiligiga rioya etilishini taʼminlaydigan bojxona nazorati shakllari bilan cheklanadi. Bojxona nazorati shaklini tanlash bojxona organi mansabdor shaxsi tomonidan belgilanadi.
20. “Qizil” yoʻlak orqali oʻtadigan jismoniy shaxsda yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasida qayd etilmagan, yozma ravishda deklaratsiyalashtirishi shart boʻlgan tovarlar borligi aniqlangan holatlarda, bunday shaxs Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
21. Jismoniy shaxslar tomonidan bojxona toʻlovlari solinmaydigan tovarlarni respublikaga olib kirishning cheklangan normalaridan yoki bojxona deklaratsiyasini taqdim etmasdan tovarlarni respublikadan olib chiqib ketishning cheklangan normalaridan oshadigan tovarlarni bojxona chegarasi orqali olib oʻtishda qonun hujjatlarida belgilangan bojxona rasmiylashtiruvining umumiy qoidalari qoʻllaniladi.
(21-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 26-martdagi 235-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.03.2018-y., 09/18/235/0452-son)
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 11-oktabrdagi 814-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Vazirlar Mahkamasining “Mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun chet ellarga ketayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini hisobga olishni takomillashtirish toʻgʻrisida”gi 2007-yil 15-maydagi 97-son qaroriga
kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 2-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasidan chiqib ketgan va Oʻzbekiston Respublikasiga kelgan shaxslar toʻgʻrisida ularning borish maqsadlari, mamlakatlar, yoshi va mintaqalar boʻyicha har choraklik statistika hisoboti yuritilishini taʼminlasin
Bunda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazining maʼlumotlari ketgan va kelgan shaxslar toʻgʻrisidagi axborot manbai hisoblanadi”.
2. 3-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Mehnat faoliyatini va tadbirkorlikni amalga oshirish uchun chet ellarga ketayotgan shaxslar sonini hisoblab chiqarish boʻyicha integratsiyalashgan axborotlarni tayyorlash va taqdim etish moduli sxemasida:
a) “Axborot taqdim etuvchi vazirlik, idora” ustunida 1 va 5-satrlardagi “Mehnat vazirligi” soʻzlari “Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
b) “Qayerga taqdim etiladi” ustunining 2 va 4-satrlaridagi “Mehnat vazirligi” soʻzlari “Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
v) “Axborot taqdim etuvchi vazirlik, idora” ustunida” 2-satrdagi “Mehnat vazirligining” soʻzlari “Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining” soʻzlari bilan almashtirilsin.
g) 3-satr quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
|
“ |
3. |
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi personallashtirish Davlat markazi |
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi personallashtirish Davlat markazi maʼlumoti |
Safar maqsadi, davlati, yoshi va hududi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasidan ketayotgan va Oʻzbekiston Respublikasiga kelayotgan fuqarolarining soni |
Har chorakda, hisobot choragidan keyingi oyning 20-kunigacha |
Davlat statistika qoʻmitasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi |
”. |
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.10.2017-y., 09/17/814/0099-son, 27.03.2018-y., 09/18/235/0452-son; 15.04.2021-y., 09/21/216/0337-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 05.09.2022-y., 09/22/487/0794-son; 15.08.2023-y., 09/23/363/0601-son)