O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Yoshlar masalalari bo‘yicha respublika idoralararo kengashi to‘g‘risidagi nizomni hamda Yoshlar masalalari bo‘yicha hududiy idoralararo kengashlar to‘g‘risidagi namunaviy nizomni tasdiqlash haqida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida” 2017-yil 5-iyuldagi PF-5106-son Farmoniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Yoshlar masalalari bo‘yicha respublika idoralararo kengashi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Yoshlar masalalari bo‘yicha hududiy idoralararo kengashlar to‘g‘risidagi namunaviy nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bir oy muddatda ushbu qaror bilan tasdiqlangan namunaviy nizom asosida Yoshlar masalalari bo‘yicha hududiy idoralararo kengashlarning nizomlari ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini ta’minlasinlar hamda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga hisobot bersinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari zimmasiga hamda Vazirlar Mahkamasining Ta’lim, ilm-fan va yoshlar siyosati masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 29-sentabr,
774-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 29-sentabrdagi 774-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Yoshlar masalalari bo‘yicha respublika idoralararo kengashi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Yoshlar masalalari bo‘yicha respublika idoralararo kengashining (keyingi o‘rinlarda Idoralararo kengash deb ataladi) asosiy vazifalari va funksiyalari, huquq va majburiyatlarini, shuningdek faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Idoralararo kengash yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etuvchi davlat organlari va muassasalari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi kollegial organ hisoblanadi.
3. Idoralararo kengash o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Nizomga hamda boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
4. Idoralararo kengash o‘z faoliyatini davlat organlari va muassasalari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan o‘zaro hamkorlikda amalga oshiradi.
5. Idoralararo kengash qarorlarini bajarish yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish doirasida barcha davlat organlari va muassasalari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari uchun majburiydir.
2-bob. Idoralararo kengashning asosiy vazifalari va funksiyalari
6. Quyidagilar Idoralararo kengashning asosiy vazifalari hisoblanadi:
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashiga yuklangan vazifalarni amalga oshirishda yaqindan ko‘maklashish;
yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etuvchi davlat organlari va muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish;
O‘zbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi Qonuni talablarini hayotga to‘laqonli joriy etish va bu borada ta’sirchan nazorat o‘rnatish.
7. Idoralararo kengash o‘ziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashiga yuklangan vazifalarni amalga oshirishda yaqindan ko‘maklashish sohasida:
O‘zbekiston yoshlar ittifoqini yoshlarning ko‘makchisi va tayanchiga aylantirish;
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishga doir uslubiy tavsiyalar berish, yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish jarayonida vujudga kelayotgan muammo va yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni bartaraf etishda ko‘maklashish;
O‘zbekiston yoshlar ittifoqining davlat organlari va muassasalari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan o‘zaro hamkorlik qilish rejalarini belgilashda, tadbirlar, anjumanlar tashkil etishda va o‘tkazishida amaliy yordam ko‘rsatish;
yoshlar muammolari va tashabbuslarini o‘rganish;
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyati borasida keng jamoatchilik fikrini o‘rganish, tahlil qilish, ushbu sohadagi ishlarni yanada takomillashtirishga doir takliflar ishlab chiqish;
b) yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etuvchi vakolatli idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish sohasida:
davlat organlari va muassasalari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda o‘zaro hamkorligini ta’minlash;
yoshlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga doir faoliyatni muvofiqlashtirish;
yoshlar tadbirkorligini tizimli ravishda tahlil qilish va ularda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirishga ko‘maklashish;
yoshlarni ma’naviy-axloqiy jihatdan va harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga doir tadbirlar ishlab chiqilishini tashkil etish;
yoshlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga, ularning jamiyat hayotidagi roli va faolligini oshirishga, sog‘lom va barkamol yosh avlodni tarbiyalashga, oilada ma’naviy-axloqiy muhitni shakllantirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar ishlab chiqish;
yoshlarni tarbiyalash masalalari borasida ta’lim muassasalari va boshqa tashkilotlarning o‘zaro hamkorligini tashkil etish;
yoshlarning bandligi darajasini tizimli asosda tahlil qilish, ularning bandligini ta’minlashga ko‘maklashish, jumladan, ularni tadbirkorlikka keng jalb etish;
milliy o‘zlikni anglashda mustaqillik, yuksak ma’naviyat, insonparvarlik an’analariga sadoqat g‘oyalarini yanada chuqur singdirish, radikalizm va ekstremizmning yot g‘oyalariga qarshi immunitetni mustahkamlash borasida yoshlar o‘rtasida ma’rifiy ishlarning amalga oshirilishini muvofiqlashtirish;
yoshlar o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga bo‘lgan intilishni va sportga qiziqishni rag‘batlantirish chora-tadbirlarining amalga oshirilishini tashkil etish;
yoshlar o‘rtasida sanitariya-gigiyenaga oid bilimlarni tarqatish va sog‘lom turmush tarzini shakllantirish bo‘yicha targ‘ibotlar tashkil etish;
yoshlarning ta’limi va tarbiyasi sifatini oshirish, o‘quv jarayoniga ta’limning zamonaviy shakllari va usullarini joriy etish choralarini ko‘rish;
v) O‘zbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi Qonuni talablarini hayotga to‘laqonli joriy etish va bu borada ta’sirchan nazorat o‘rnatish sohasida:
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi davlat dasturlarining ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini nazorat qilish;
yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etuvchi davlat organlari va muassasalari vakillarining hisobotlarini muntazam eshitish;
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi qonun hujjatlarining ijro etilishi yuzasidan jamoatchilik nazorati amalga oshirilishini tashkil etish;
yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishning holati tahlil qilinishini tashkil etish;
yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishning samaradorligini oshirish uchun yoshlarning ehtiyoji monitoringi olib borilishini va baholanishini tashkil etish.
Idoralararo kengash o‘ziga yuklangan vazifalarning samarali bajarilishi yuzasidan har yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga hisobot kiritadi.
3-bob. Idoralararo kengashning huquq va majburiyatlari
8. Idoralararo kengash quyidagi huquqlarga ega:
o‘z vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha davlat organlari va muassasalari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlaridan belgilangan tartibda ma’lumotlarni so‘rash va olish;
davlat organlari va muassasalarining yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish bilan bog‘liq faoliyati samaradorligini oshirishga doir qarorlar qabul qilish;
o‘z vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha davlat organlari va muassasalari rahbarlarining yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish bilan bog‘liq faoliyati yuzasidan hisobotlarini eshitish;
yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish bilan bog‘liq ishlarning holatini o‘rganish uchun ishchi komissiyalar va (yoki) ekspert guruhlar tashkil etish, shuningdek ushbu komissiya va guruhlar faoliyatiga tegishli mutaxassislarni jalb qilish;
yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda faol ishtirok etgan shaxslarni rag‘batlantirish tashabbusi bilan chiqish;
yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga doir normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish yuzasidan takliflar berish.
Idoralararo kengash qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
9. Idoralararo kengash o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarning samarali bajarilishi uchun javob beradi.
4-bob. Idoralararo kengash faoliyatini tashkil etish
10. Idoralararo kengashning rais, rais o‘rinbosarlari va a’zolaridan iborat tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
11. Idoralararo kengash o‘z faoliyatini doimiy asosda amalga oshiradi va majlislarini zaruratga ko‘ra, ammo har oyda kamida bir marta o‘tkazadi.
12. Idoralararo kengash raisi:
Idoralararo kengash faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi;
rais o‘rinbosarlari va a’zolari o‘rtasida vazifalarni taqsimlaydi;
Idoralararo kengash yig‘ilishlarini chaqiradi va ularga raislik qiladi;
Idoralararo kengash yig‘ilishlari kun tartibini tasdiqlaydi;
Idoralararo kengash ish rejalarini tasdiqlaydi.
Idoralararo kengashning samarali ishlashini ta’minlash bo‘yicha boshqa vazifalarni amalga oshiradi.
13. Idoralararo kengash raisi o‘rinbosarlari rais tomonidan o‘zlariga yuklangan vazifalarni amalga oshiradi hamda ushbu vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi uchun shaxsan javob beradi.
14. Idoralararo kengash ishchi organi funksiyasini O‘zbekiston yoshlar ittifoqi (keyingi o‘rinlarda Ishchi organ deb ataladi) bajaradi.
15. Ishchi organ:
Idoralararo kengashning ish rejalarini ishlab chiqadi, ularning ijrosi yuzasidan nazoratni amalga oshiradi;
tasdiqlangan ish rejasiga muvofiq Idoralararo kengashning joriy faoliyatini tashkil etadi;
Idoralararo kengash yig‘ilishlari kun tartibiga kiritiladigan masalalar bo‘yicha materiallarning tayyorlanishini tashkil qiladi;
Idoralararo kengash o‘z vakolati doirasiga kiruvchi masalalar yuzasidan qarorlar va boshqa hujjatlar loyihalarini tayyorlaydi;
Idoralararo kengash qarorlarining ijrosi yuzasidan nazorat va monitoringni tashkil qiladi;
ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro hamkorlik qiladi;
Idoralararo kengash faoliyatini tashkiliy-texnik ta’minlashni amalga oshiradi.
Ishchi organ qonun hujjatlariga muvofiq boshqa funksiyalarni ham amalga oshirishi mumkin.
16. Idoralararo kengash tarkibiga kiruvchi davlat organlari va muassasalari, nodavlat notijorat tashkilotlari o‘z vakolatlari doirasida yoshlarga oid davlat siyosati doirasida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida Ishchi guruhga har oyning yigirma beshinchi sanasiga qadar hisobotlar taqdim etib boradilar.
17. Idoralararo kengash majlisini uning raisi boshqaradi. Idoralararo kengash raisi bo‘lmagan taqdirda, majlisni uning o‘rinbosarlaridan biri boshqaradi.
Idoralararo kengash majlisi a’zolarining kamida uchdan ikki qismi hozir bo‘lganda vakolatli hisoblanadi.
18. Idoralararo kengash qarorlari Idoralararo kengash a’zolarining oddiy ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng bo‘lgan taqdirda Idoralararo kengash raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
Idoralararo kengash qarorlari yig‘ilishda ishtirok etgan Idoralararo kengash a’zolari tomonidan imzolanadigan va Idoralararo kengash raisi tomonidan tasdiqlanadigan bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Bayonnomani imzolashda Idoralararo kengash a’zolari o‘zlarining alohida fikrlarini yozma ravishda bildirish huquqiga egadir.
19. Idoralararo kengashning ish rejalari uning a’zolaridan kelib tushgan takliflar asosida har yarim yilga tuziladi, Idoralararo kengash yig‘ilishida ko‘rib chiqiladi va Idoralararo kengash raisi tomonidan tasdiqlanadi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
20. Idoralararo kengash faoliyatini tashkiliy-texnik jihatdan ta’minlash O‘zbekiston yoshlar ittifoqini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
21. Idoralararo kengashni qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 29-sentabrdagi 774-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Yoshlar masalalari bo‘yicha hududiy idoralararo kengashlar to‘g‘risida namunaviy
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Yoshlar masalalari bo‘yicha hududiy idoralararo kengashining (keyingi o‘rinlarda hududiy idoralararo kengash deb ataladi) asosiy vazifalari va funksiyalari, huquq va majburiyatlarini, shuningdek faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Hududiy idoralararo kengash yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etuvchi davlat organlari va muassasalari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi kollegial organ hisoblanadi.
3. Hududiy idoralararo kengash o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga,O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Nizomga hamda boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Hududiy idoralararo kengash o‘z faoliyatini mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa tashkilotlar, joylardagi nodavlat notijorat tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan o‘zaro hamkorlikda amalga oshiradi.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)
5. Hududiy idoralararo kengash qarorlarini bajarish yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish doirasida tegishli hududdagi barcha davlat organlari va muassasalari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari uchun majburiydir.
2-bob. Hududiy idoralararo kengashning asosiy vazifalari va funksiyalari
6. Quyidagilar Hududiy idoralararo kengashning asosiy vazifalari hisoblanadi:
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hududiy kengashlariga yuklangan vazifalarni amalga oshirishda yaqindan ko‘maklashish;
Oldingi tahrirga qarang.
yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etuvchi mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish;
(6-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)
O‘zbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi Qonuni talablarini joylarda hayotga to‘laqonli joriy etish va bu borada ta’sirchan nazorat o‘rnatish.
7. Hududiy idoralararo kengash o‘ziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hududiy kengashlariga yuklangan vazifalarni amalga oshirishda yaqindan ko‘maklashish sohasida:
O‘zbekiston yoshlar ittifoqini joylarda yoshlarning ko‘makchisi va tayanchiga aylantirish;
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hududiy kengashlarining faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishga doir uslubiy tavsiyalar berish, joylarda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish jarayonida vujudga kelayotgan muammo va yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni bartaraf etishda ko‘maklashish;
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hududiy kengashlarining mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan o‘zaro hamkorlik qilish rejalarini belgilashda, tadbirlar, anjumanlar tashkil etishda va o‘tkazishida amaliy yordam ko‘rsatish;
(7-band “a” kichik bandining to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)
joylardagi yoshlar muammolari va tashabbuslarini o‘rganish;
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hududiy kengashlarining faoliyati borasida keng jamoatchilik fikrini o‘rganish, tahlil qilish, ushbu sohadagi ishlarni yanada takomillashtirishga doir takliflar ishlab chiqish;
b) yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etuvchi vakolatli idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish sohasida:
Oldingi tahrirga qarang.
mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda o‘zaro hamkorligini ta’minlash;
(7-band “b” kichik bandining ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)
joylarda yoshlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga doir faoliyatni muvofiqlashtirish;
joylarda yoshlar tadbirkorligini tizimli ravishda tahlil qilish va ularda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirishga ko‘maklashish;
joylarda yoshlarni ma’naviy-axloqiy jihatdan va harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga doir tadbirlar ishlab chiqilishini tashkil etish;
joylarda yoshlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga, ularning jamiyat hayotidagi roli va faolligini oshirishga, sog‘lom va barkamol yosh avlodni tarbiyalashga, oilada ma’naviy-axloqiy muhitni shakllantirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar ishlab chiqish;
joylarda yoshlarni tarbiyalash masalalari borasida ta’lim muassasalari va boshqa tashkilotlarning o‘zaro hamkorligini tashkil etish;
joylarda hududlarning o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda, yoshlarning bandligi darajasini tizimli asosda tahlil qilish, ularning bandligini ta’minlashga ko‘maklashish, jumladan, ularni tadbirkorlikka keng jalb etish;
milliy o‘zlikni anglashda mustaqillik, yuksak ma’naviyat, insonparvarlik an’analariga sadoqat g‘oyalarini yanada chuqur singdirish, radikalizm va ekstremizmning yot g‘oyalariga qarshi immunitetni mustahkamlash borasida yoshlar o‘rtasida ma’rifiy ishlarning amalga oshirilishini muvofiqlashtirish;
joylarda yoshlar o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga bo‘lgan intilishni va sportga qiziqishni rag‘batlantirish chora-tadbirlarining amalga oshirilishini tashkil etish;
joylarda yoshlar o‘rtasida sanitariya-gigiyenaga oid bilimlarni tarqatish va sog‘lom turmush tarzini shakllantirish bo‘yicha targ‘ibotlar tashkil etish;
joylarda yoshlarning ta’limi va tarbiyasi sifatini oshirish, o‘quv jarayoniga ta’limning zamonaviy shakllari va usullarini joriy etish choralarini ko‘rish;
v) O‘zbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi Qonuni talablarini hayotga to‘laqonli joriy etish va bu borada ta’sirchan nazorat o‘rnatish sohasida:
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi davlat va hududiy dasturlarning ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini nazorat qilish;
yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etuvchi hududiy davlat organlari va muassasalari vakillarining hisobotlarini muntazam eshitish;
joylarda yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi qonun hujjatlarining ijro etilishi yuzasidan jamoatchilik nazorati amalga oshirilishini tashkil etish;
joylarda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishning holati tahlil qilinishini tashkil etish;
joylarda yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishning samaradorligini oshirish uchun yoshlarning ehtiyoji monitoringi olib borilishini va baholanishini tashkil etish.
Hududiy idoralararo kengash o‘ziga yuklangan vazifalarning samarali bajarilishi yuzasidan har yili Respublika idoralararo kengashiga hisobot kiritadi.
3-bob. Hududiy idoralararo kengashning huquq va majburiyatlari
8. Hududiy idoralararo kengash quyidagi huquqlarga ega:
o‘z vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha hududiy davlat organlari va muassasalari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlaridan belgilangan tartibda ma’lumotlarni so‘rash va olish;
hududiy davlat organlari va muassasalarining yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish bilan bog‘liq faoliyati samaradorligini oshirishga doir qarorlar qabul qilish;
o‘z vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha hududiy davlat organlari va muassasalari rahbarlarining yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish bilan bog‘liq faoliyati yuzasidan hisobotlarini eshitish;
joylarda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish bilan bog‘liq ishlarning holatini o‘rganish uchun ishchi komissiyalar va (yoki) ekspert guruhlar tashkil etish, shuningdek ushbu komissiya va guruhlar faoliyatiga tegishli mutaxassislarni jalb qilish;
joylarda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda faol ishtirok etgan shaxslarni rag‘batlantirish tashabbusi bilan chiqish;
yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga doir normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish yuzasidan takliflar berish.
Hududiy idoralararo kengash qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
9. Hududiy kengash o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarning samarali bajarilishi uchun javob beradi.
4-bob. Hududiy idoralararo kengash faoliyatini tashkil etish
10. Viloyat, tuman (shahar) hududiy idoralararo kengashlarning tarkibi ushbu Nizomga 1 va 2-ilovalarga muvofiq shakllantiriladi.
11. Hududiy idoralararo kengash o‘z faoliyatini doimiy asosda amalga oshiradi va majlislarini zaruratga ko‘ra, ammo har oyda kamida bir marta o‘tkazadi.
12. Hududiy idoralararo kengashga tegishli Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar hokimlari raislik qiladi.
Hududiy idoralararo kengash raisi:
Hududiy idoralararo kengash faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi;
rais o‘rinbosari va a’zolari o‘rtasida vazifalarni taqsimlaydi;
Hududiy idoralararo kengash yig‘ilishlarini chaqiradi va ularga raislik qiladi;
Hududiy idoralararo kengash yig‘ilishlari kun tartibini tasdiqlaydi;
Hududiy idoralararo kengash ish rejalarini tasdiqlaydi.
Hududiy idoralararo kengashning samarali ishlashini ta’minlash bo‘yicha boshqa vazifalarni amalga oshiradi.
13. Hududiy idoralararo kengash raisi o‘rinbosari rais tomonidan o‘ziga yuklangan vazifalarni amalga oshiradi hamda ushbu vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi uchun shaxsan javob beradi.
14. Hududiy idoralararo kengash ishchi organi funksiyasini tegishli O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hududiy kengashlari (keyingi o‘rinlarda Ishchi organ deb yuritiladi) bajaradi.
15. Ishchi organ:
Hududiy idoralararo kengashning ish rejalarini ishlab chiqadi, ularning ijrosi yuzasidan nazoratni amalga oshiradi;
tasdiqlangan ish rejasiga muvofiq Hududiy idoralararo kengashning joriy faoliyatini tashkil etadi;
Hududiy idoralararo kengash yig‘ilishlari kun tartibiga kiritiladigan masalalar bo‘yicha materiallarning tayyorlanishini tashkil qiladi;
Hududiy idoralararo kengash o‘z vakolati doirasiga kiruvchi masalalar yuzasidan qarorlar va boshqa hujjatlar loyihalarini tayyorlaydi;
Hududiy idoralararo kengash qarorlarining ijrosi yuzasidan nazorat va monitoringni tashkil qiladi;
ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro hamkorlik qiladi;
Hududiy idoralararo kengash faoliyatini tashkiliy-texnik ta’minlashni amalga oshiradi.
Ishchi organ qonun hujjatlariga muvofiq boshqa funksiyalarni ham amalga oshirishi mumkin.
16. Hududiy Idoralararo kengash tarkibiga kiruvchi davlat organlari va muassasalari, nodavlat notijorat tashkilotlari o‘z vakolatlari doirasida yoshlarga oid davlat siyosati doirasida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida Ishchi guruhga har oyning yigirma beshinchi sanasiga qadar hisobotlar taqdim etib boradilar.
17. Hududiy idoralararo kengash majlisini uning raisi boshqaradi. Idoralararo kengash raisi bo‘lmagan taqdirda, majlisni uning o‘rinbosari boshqaradi.
Hududiy idoralararo kengash majlisi a’zolarining kamida uchdan ikki qismi hozir bo‘lganda vakolatli hisoblanadi.
18. Hududiy idoralararo kengash qarorlari Hududiy idoralararo kengash a’zolarining oddiy ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng bo‘lgan taqdirda Hududiy idoralararo kengash raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
Hududiy idoralararo kengash qarorlari majlisida ishtirok etgan Hududiy idoralararo kengash a’zolari tomonidan imzolanadigan va Hududiy idoralararo kengash raisi tomonidan tasdiqlanadigan bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Bayonnomani imzolashda Hududiy idoralararo kengash a’zolari o‘zlarining alohida fikrlarini yozma ravishda bildirish huquqiga egadir.
19. Hududiy idoralararo kengashning ish rejalari uning a’zolaridan kelib tushgan takliflar asosida har yarim yilga tuziladi, Idoralararo kengash majlisida ko‘rib chiqiladi va Idoralararo kengash raisi tomonidan tasdiqlanadi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
20. Hududiy idoralararo kengash faoliyatini tashkiliy-texnik jihatdan ta’minlash O‘zbekiston yoshlar ittifoqini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
21. Hududiy idoralararo kengashni qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Yoshlar masalalari bo‘yicha hududiy idoralararo kengashlari to‘g‘risidagi nizomga
1-ILOVA
1-ILOVA
Yoshlar masalalari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri idoralararo kengashlarining
NAMUNAVIY TARKIBI
1. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari, Kengash raisi.
2. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri kengashlari raisi, Kengash raisi o‘rinbosari.
3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlarining Yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosarlari.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari o‘rinbosarlari — oila va xotin-qizlar boshqarmalari boshliqlari.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 9-avgustdagi 438-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 10.08.2022-y., 09/22/438/0726-son)
5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahri Kengashlarining Qonuniylik, huquq-tartibot va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash masalalari bo‘yicha doimiy komissiyalari raislari (kelishuv asosida).
6. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahri Kengashlarining Yoshlar siyosati va sog‘lom avlodni tarbiyalash masalalari bo‘yicha doimiy komissiyalari raislari (kelishuv asosida).
7. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri, Toshkent shahri xalq ta’limi bosh boshqarmasi va viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari boshliqlari.
8. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmalari boshliqlari.
9. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Moliya vaziri, Toshkent shahri moliya bosh boshqarmasi va viloyatlar moliya boshqarmalari boshliqlari.
10. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iqtisodiyot vaziri, Toshkent shahri iqtisodiyot bosh boshqarmasi va viloyatlar iqtisodiyot boshqarmalari boshliqlari.
11. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri, Toshkent shahri sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi va viloyatlar sog‘liqni saqlash boshqarmalari boshliqlari.
12. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vaziri, Toshkent shahri madaniyat bosh boshqarmasi va viloyatlar madaniyat boshqarmalari boshliqlari.
13. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri, viloyatlar va Toshkent shahri bandlik bosh boshqarmalari boshliqlari.
14. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, Toshkent shahri ichki ishlar bosh boshqarmasi va viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari boshliqlari.
15. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri mudofaa ishlari boshqarmalari boshliqlari.
16. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vaziri, viloyatlar va Toshkent shahri adliya boshqarmalari boshliqlari.
17. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hududiy boshqarmalari boshliqlari.
18. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi raisi, Toshkent shahri davlat soliq bosh boshqarmasi va viloyatlar soliq boshqarmalari boshliqlari.
19. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi, viloyatlar va Toshkent shahri jismoniy tarbiya va sport boshqarmalari boshliqlari.
20. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bosh imom-xatiblari.
21. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri teleradiokompaniyalari direktorlari.
Oldingi tahrirga qarang.
22. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari raislari.
(22-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 26-dekabrdagi 1021-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 27.12.2017-y., 09/17/1021/0465-son)
23. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri Kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmalari raislari.
24. O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘limlari raislari.
25. Savdo-sanoat palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri boshqarmalari raislari.
26. Mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri kengashlari raislari.
27. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘limlari rahbarlari.
Yoshlar masalalari bo‘yicha hududiy idoralararo kengashlar to‘g‘risidagi namunaviy nizomga
2-ILOVA
2-ILOVA
Yoshlar masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hududiy idoralararo kengashlarining
NAMUNAVIY TARKIBI
1. Tuman (shahar) hokimi, Kengash raisi.
2. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tuman(shahar) kengashlari raisi, Kengash raisi o‘rinbosari.
3. Tuman (shahar) hokimining Yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosarlari.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Tuman (shahar) hokimining o‘rinbosarlari — oila va xotin-qizlar bo‘limlari boshliqlari.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 9-avgustdagi 438-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 10.08.2022-y., 09/22/438/0726-son)
5. Xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlarining Qonuniylik, huquq-tartibot va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash masalalari bo‘yicha doimiy komissiyalari raislari.
6. Xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlarining Ijtimoiy-madaniy rivojlanish masalalari bo‘yicha doimiy komissiyalari raislari.
7. Xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlarining Yoshlar siyosati va sog‘lom avlodni tarbiyalash masalalari bo‘yicha doimiy komissiyalari raislari.
8. Tuman (shahar) moliya bo‘limi boshlig‘i.
9. Tuman (shahar) iqtisodiyot bo‘limi boshlig‘i.
10. Tuman (shahar) ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i.
11. Tuman (shahar) mudofaa ishlari bo‘limi boshlig‘i.
12. Tuman (shahar) bandlikka ko‘maklashish markazi direktori.
13. Tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limi boshlig‘i.
14. Tuman (shahar) tibbiyot birlashmasi rahbari.
15. Tuman (shahar) madaniyat bo‘limi rahbari.
16. Tuman (shahar) FHDY bo‘limi mudiri.
17. Tuman (shahar) bosh imom-xatibi.
18. O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi tuman (shahar) bo‘limi raisi.
19. Mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti tuman (shahar) bo‘limi raisi.
20. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining tuman (shahar) bo‘limi rahbari.
21. Tuman (shahar) hududidagi kasb-hunar kollejlari rahbarlari.
Oldingi tahrirga qarang.
22. Tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi.
(22-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 26-dekabrdagi 1021-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 27.12.2017-y., 09/17/1021/0465-son)
23. Tuman (shahar) mahalla (shaharcha, qishloq, ovul) fuqarolar yig‘ini raislari (3 nafargacha).
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 04.10.2017-y., 09/17/774/0050-son, 27.12.2017-y., 09/17/1021/0465-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 10.08.2022-y., 09/22/438/0726-son; 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)