Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirining
buyrugʻi
Tibbiy uskunaning maʼnan eskirganlik darajasini aniqlovchi mezonlarni tasdiqlash toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2017-yil 11-sentabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2928]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 21-iyundagi 405-son “Tibbiy faoliyatni litsenziyalash tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Tibbiy uskunaning maʼnan eskirganlik darajasini aniqlovchi mezonlar ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
Vazir A. SHADMANOV
Toshkent sh.,
2017-yil 28-avgust,
107-son
Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2017-yil 28-avgustdagi 107-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Tibbiy uskunaning maʼnan eskirganlik darajasini aniqlovchi
Mazkur mezonlar Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 21-iyundagi 405-son “Tibbiy faoliyatni litsenziyalash tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan tibbiy faoliyat bilan shugʻullanuvchi tashkilotlarda foydalaniladigan tibbiy uskunalarning maʼnan eskirganlik darajasini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoida
Oldingi tahrirga qarang.
1. Mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, yangi tashkil etilayotgan yoki qayta jihozlanayotgan tibbiy faoliyatni amalga oshiruvchi tashkilotlar faqat Tibbiyot amaliyotida qoʻllanilishiga ruxsat etilgan dori vositalari va tibbiy jihozlar davlat reyestrida mavjud boʻlgan tibbiy uskunalar bilan jihozlanishi lozim.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2026-yil 30-apreldagi 15-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3837, 19.05.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.05.2026-y., 10/26/3837/0512-son)
2. Tibbiy faoliyatni amalga oshiruvchi tashkilotlar yangi yaratilgan tibbiy uskunalardan ular belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilgandan keyin foydalanishlari mumkin.
2-bob. Tibbiy uskunaning maʼnan eskirganlik darajasini aniqlash mezonlari
3. Tibbiy faoliyat bilan shugʻullanuvchi tashkilotlar uchun tibbiy uskunaning maʼnan eskirganlik darajasi uning ishlab chiqarilgan yili orqali aniqlanadi.
4. Tibbiy uskunaning texnik pasportida yoki yorligʻida koʻrsatilgan ekspluatatsiya muddati tugagandan keyin mazkur tibbiy uskuna maʼnan eskirgan hisoblanadi.
5. Tibbiy uskunaning texnik pasportida yoki yorligʻida ekspluatatsiya muddati koʻrsatilmagan hollarda, ushbu tibbiy uskuna ishlab chiqarilgan sanadan boshlab 15 yil oʻtgandan keyin maʼnan eskirgan hisoblanadi.
6. Tibbiy uskunaning texnik pasportida yoki yorligʻida ishlab chiqarilgan sanasi koʻrsatilmagan boʻlsa, bunday tibbiy uskunalardan foydalanish taqiqlanadi.
7. Tibbiy faoliyatni amalga oshirayotgan tashkilotlar oʻzlarida mavjud boʻlgan ishlab chiqarilgan yili koʻrsatilmagan hamda maʼnan eskirgan tibbiy uskunalarni 2023-yilning 1-yanvar kuniga qadar yangi uskunalarga almashtirishlari lozim.
8. Yangi tashkil etilgan tibbiyot tashkilotlari maʼnan eskirgan tibbiy uskunalardan foydalanishlari taqiqlanadi.
3-bob. Yakuniy qoida
9. Mazkur mezonlar Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
Savdo-sanoat palatasi raisi A. IKRAMOV
2017-yil 25-avgust
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 37-son, 1012-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.05.2026-y., 10/26/3837/0512-son)