Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahri, shaharlar va tumanlar hokimliklari huzuridagi Yongʻin xavfsizligi boʻyicha komissiyalar toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 23-fevraldagi 161-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Idoralararo kollegial organlarni tubdan qisqartirish va yanada optimallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 28-avgustdagi PF-5527-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichki ishlar organlari yongʻin xavfsizligi boʻlinmalari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 23-maydagi PQ-2992-son qarorini bajarish yuzasidan va joylarda yongʻin xavfsizligi choralarini kuchaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahri, shaharlar va tumanlar hokimliklari huzuridagi Yongʻin xavfsizligi boʻyicha komissiyalar toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahri hokimliklari huzuridagi Yongʻin xavfsizligi boʻyicha komissiyalarning namunaviy tarkibi 2-ilovaga muvofiq;
Shaharlar va tumanlar hokimliklari huzuridagi Yongʻin xavfsizligi boʻyicha komissiyalarning namunaviy tarkibi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahri, shaharlar va tumanlar hokimlari oʻn kun muddatda tasdiqlangan nizomga muvofiq yongʻin xavfsizligi boʻyicha komissiyalar tashkil etilishini va ularning faoliyati tashkil etilishini taʼminlasinlar.
3. Vazirliklar va idoralar bir oy muddatda oʻzlari tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov va Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 11-sentabr,
708-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 11-sentabrdagi 708-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahri, shaharlar va tumanlar hokimliklari huzuridagi Yongʻin xavfsizligi boʻyicha komissiyalar toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahri, shaharlar va tumanlar hokimliklari huzuridagi Yongʻin xavfsizligi boʻyicha komissiyalarning (keyingi oʻrinlarda komissiyalar deb ataladi) maqomi, asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari va javobgarligini, shuningdek faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Komissiyalar davlat organlari, tadbirkorlik subyektlari va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining maʼmuriy-hududiy birliklarning yongʻin xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan faoliyatini muvofiqlashtiruvchi organlar hisoblanadi.
3. Komissiyalar oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Nizomga hamda boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahri hokimliklari huzuridagi komissiyalar oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisobot beradi.
Shaharlar va tumanlar hokimliklari huzuridagi komissiyalar tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahri hokimliklari huzuridagi komissiyalarga hisobot beradilar.
5. Komissiyalarni moddiy-texnik taʼminlash bilan bogʻliq masalalarni hal etish bilan bogʻliq majburiyatlar, tegishli ravishda, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahri, shaharlar va tumanlar hokimliklariga yuklanadi.
2-bob. Komissiyalarning asosiy vazifalari, funksiyalari va huquqlari
6. Quyidagilar komissiyalarning asosiy vazifalari hisoblanadi:
yongʻin xavfsizligini taʼminlash, yongʻinlar kelib chiqishiga olib keladigan sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash va bartaraf etish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;
tasdiqlanadigan jadvallarga muvofiq mahallalar hududlarida yongʻinga qarshi mashqlarni tizimli asosda oʻtkazish, yoʻllar, kirish yoʻllari va suv manbalarining holatini oʻrganish, ushbu tadbirlarda fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollar)ning majburiy ishtirok etishi;
yongʻinlarning oldini olish sohasida davlat organlari, tadbirkorlik subyektlari va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish;
yongʻinlarning oldini olish sohasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlarni baholash va ular monitoringini olib borish, shuningdek, ular samaradorligini oshirish yuzasidan takliflarni ishlab chiqish;
qishloq joylarda va chekka aholi punktlarida koʻngilli yongʻin boʻlinmalari tashkil etilishiga, shuningdek, ularni moddiy va ijtimoiy ragʻbatlantirishga koʻmaklashish;
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Yongʻin xavfsizligi instituti bilan birgalikda obyektlar rahbarlarining kompleks oʻquv-amaliy yigʻinlarini tashkil etish tadbirlari amalga oshirilishini taʼminlash va aholi orasida koʻrgazmali tashviqot oʻtkazish.
7. Komissiyalar oʻzlariga yuklangan vazifalarni bajarish maqsadida quyidagi funksiyalarni amalga oshiradilar:
a) yongʻin xavfsizligini taʼminlash, yongʻinlar kelib chiqishiga olib keladigan sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash va bartaraf etish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish sohasida:
yongʻin xavfsizligini taʼminlash sohasida davlat siyosati amalga oshirilishi boʻyicha takliflarni ishlab chiqadi;
yongʻin bilan bogʻliq vaziyat murakkablashganda tegishli hududda alohida (mavsumiy) yongʻinga qarshi rejimlarni joriy etgan holda yongʻinlarning oldini olish va ularni oʻchirish choralarini tashkil etadi;
yongʻin xavfsizligi sohasida ilgʻor mahalliy va xorijiy tajribani oʻrganadi va yoyadi;
vazirliklar va idoralar, tashkilotlar va jamoat birlashmalari ishtirokida yongʻin xavfsizligi boʻyicha hududiy dasturlar va tadbirlar loyihalarini, ularni amalga oshirish uchun moliyalashtirish manbalari va hajmlarini, shuningdek, moddiy-texnik resurslarni aniqlagan holda ishlab chiqadi;
b) tasdiqlanadigan jadvallarga muvofiq mahallalar hududlarida yongʻinga qarshi mashqlarni tizimli asosda oʻtkazish, yoʻllar, kirish yoʻllari va suv manbalarining holatini oʻrganish, ushbu tadbirlarda fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollar)ning majburiy ishtirok etishi sohasida:
oʻzaro hamkorlik qiluvchi tuzilmalar va idoralarni jalb etgan holda obyektlarda, aholi yashash joylarida va odamlar ommaviy toʻplanadigan joylarda, shuningdek, suvsiz tumanlarda yongʻin-taktik mashqlar oʻtkazilishini tashkil etadi;
odamlar ommaviy boʻladigan obyektlarda va koʻp qavatli binolarda evakuatsiya qilish boʻyicha amaliy mashqlar yarim yilda kamida bir marta oʻtkazilishini tashkil etadi;
yongʻinlarning oldini olish va ularga qarshi kurashish, aholini yongʻin xavfsizligi choralariga oʻqitish sohasida korxonalar xodimlarining kasb tayyorgarligi va malakasi darajasini oshirish vazifalarini hal etishda ishtirok etadi;
tegishli qarorlar qabul qilish uchun yongʻinga qarshi suv bilan taʼminlash tizimidagi va suvsiz tumanlardagi mavjud muammolar va kamchiliklar boʻyicha davlat organlari va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari rahbarlarining hisobotlarini eshitadi;
v) yongʻinlarning oldini olish sohasida davlat organlari, tadbirkorlik subyektlari va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish sohasida;
yongʻin xavfsizligi masalalari boʻyicha davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, tashkilotlar, tadbirkorlik subyektlari va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtiradi, ularga axborot yordami, metodik yordam va boshqa yordam beradi:
yongʻinlarning oldini olish masalalari boʻyicha shaharlar va tumanlar davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, shuningdek, tashkilotlar va tadbirkorlik subyektlarining oʻzaro hamkorligini mustahkamlashga yoʻnaltirilgan tadbirlarni tashkil etadi;
yongʻin organlari boʻlinmalarini tashkil etish va mustahkamlash boʻyicha davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, yongʻin xavfsizligi hududiy boshqarmalari (boʻlimlar, boʻlinmalar) rahbarlarining, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning takliflarini koʻrib chiqadi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tegishli takliflar tayyorlaydi;
g) yongʻinlarning oldini olish sohasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlarni baholash va ular monitoringini olib borish, shuningdek, ular samaradorligini oshirish yuzasidan takliflarni ishlab chiqish sohasida;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri, shaharlar va tumanlar hududida yuz bergan yongʻinlar masalalarini, shuningdek, ularning oldini olish ishlarining holatini koʻrib chiqadi;
davlat qabul komissiyalarining belgilangan tartibda rasmiylashtirilmagan hujjatlarisiz foydalanilayotgan obyektlar ishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi masalalarni koʻrib chiqadi va shaharsozlik sohasidagi maxsus vakolatli organga takliflar kiritadi;
yongʻinlarning oldini olish va ularni bartaraf etish sohasida normativ-huquqiy hujjatlarni va boshqa normativ hujjatlarni takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
d) qishloq joylarda va chekka aholi punktlarida koʻngilli yongʻin boʻlinmalari tashkil etilishiga, shuningdek, ularni moddiy va ijtimoiy ragʻbatlantirishga koʻmaklashish sohasida;
normativ hujjatlar talablariga muvofiq va yuz bergan yongʻinlarni tahlil qilish asosida aholi punktlarida yangi yongʻin depolari qurish masalalarini koʻrib chiqadi;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga takliflar kiritadi hamda qishloq joylarda va chekka aholi punktlarida koʻngilli yongʻin boʻlinmalari tashkil etilishiga koʻmaklashadi;
yongʻin xavfsizligiga xarajatlar yuzasidan mahalliy budjetlarni ishlab chiqish, tasdiqlash va ijro etishni, shu jumladan tashkil etiladigan koʻngilli yongʻin boʻlinmalarini saqlashga, shuningdek, ularni moddiy va ijtimoiy ragʻbatlantirish boʻyicha choralarni belgilash va koʻrishni taʼminlaydi;
e) Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Yongʻin xavfsizligi instituti bilan birgalikda obyektlar rahbarlarining kompleks oʻquv-amaliy yigʻinlarini tashkil etish tadbirlari amalga oshirilishini taʼminlash va aholi orasida koʻrgazmali tashviqot oʻtkazish sohasida:
mintaqada yongʻin xavfsizligi choralariga oʻqitish boʻyicha obyektlar rahbarlarining har yilgi kompleks oʻquv-amaliy yigʻinlarini tashkil etadi;
“Tasviriy oyina” ijodiy birlashmasi va boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda yilning har choragida jamoat joylarida, doʻkonlarda, bekatlarda yongʻin paytida harakat qilish tartibini va ularning yuzaga kelishga yoʻl qoʻymaslik choralarini namoyish qiluvchi materiallarning (yoʻriqnomalar, esdaliklar, flayyerlar, infografikli plakatlar) koʻrgazmali tashviqotini amalga oshiradi.
3-bob. Komissiyalarning huquqlari va javobgarligi
8. Komissiyalar oʻz vakolatlari doirasida quyidagi huquqlarga egadir:
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlaridan, tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan komissiyalarga yuklangan vazifalarni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni soʻrash va olish;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlariga, tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga komissiyalarning koʻrib chiqishi uchun kiritiladigan zarur materiallarni tayyorlashni topshirish:
yongʻin xavfsizligi masalalarini oʻrganish uchun mutaxassislarni va komissiyalar ishida ishtirok etish uchun manfaatdor tashkilotlarning vakillarini jalb etish:
yongʻin xavfsizligini taʼminlash uchun yoʻnaltirilgan davlat boshqaruvi organlariga markazlashtirilgan tartibda ajratilgan moliyaviy resurslar va moddiy-texnika resurslar oʻzlashtirilishini nazorat qilish;
maktablarda va boshqa taʼlim muassasalarida bolalar maxsus dasturlar asosida yongʻin xavfsizligi choralari qoʻllanilishiga oʻqitilishi tashkil etilishiga koʻmaklash;
yongʻin xavfsizligini taʼminlash masalalari boʻyicha davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari rahbarlarining hisobotlarini eshitish;
yongʻin xavfsizligi talablarini bajarmayotgan mansabdor shaxslar va fuqarolarni javobgarlikka tortish va yongʻin kelib chiqishi holatidagi obyektlardan foydalanishni toʻxtatish toʻgʻrisidagi takliflarni tegishli nazorat va sud organlariga kiritish.
Komissiyalar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
9. Komissiyalar ularga yuklangan vazifalar va funksiyalar samarali bajarilishi uchun javob beradilar.
4-bob. Komissiyalar ishini tashkil etish
10. Majlislar komissiyalar ishining asosiy shakllari hisoblanadi. Majlislarda ularning vakolatiga tegishli boʻlgan masalalar muhokama qilinadi va hal etiladi.
Komissiyalarning navbatdagi va navbatdan tashqari majlislari oʻtkazilishi mumkin.
Komissiyalar majlislari yil choragida kamida bir marta hamda yongʻin xavfsizligi sohasida yuzaga kelayotgan vaziyatdan kelib chiqib oʻtkaziladi. Navbatdan tashqari majlislar komissiyalar raislari yoki ularning oʻrinbosarlari tashabbusi bilan oʻtkaziladi.
11. Komissiyalar majlisi, agar ularda komissiyalar aʼzolari umumiy sonining yarmidan koʻpi ishtirok etsa, vakolatli hisoblanadi.
12. Komissiyalar majlislari bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladi, bayonnomalarda koʻrib chiqiladigan masalalarning xususiyati koʻrsatiladi. Bayonnomalar raislar tomonidan tasdiqlanadi va masʼul kotiblar tomonidan imzolanadi.
13. Majlisda koʻrib chiqilgan masala boʻyicha qaror, agar majlisda ishtirok etgan komissiya aʼzolarining yarmidan koʻpi uning uchun ovoz bersa, qabul qilingan hisoblanadi. Ovozlar teng boʻlib qolganda raislik qiluvchining ovozi hal qiluvchi ovoz hisoblanadi.
14. Komissiyalar tomonidan qabul qilinadigan qarorlar davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, tashkilotlar va tadbirkorlik subyektlariga va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga komissiyalarning masʼul kotiblari tomonidan yetkaziladi.
Shaharlar va tumanlar komissiyalarining qarorlari ustidan davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, tashkilotlar va tadbirkorlik subyektlari va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan yuqori turuvchi komissiyaga, huquqni muhofaza qilish organlariga yoxud sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari huzuridagi komissiyalarning qarorlari ustidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga, huquqni muhofaza qilish organlariga yoxud sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlarini talab etadigan masalalar boʻyicha komissiyalar belgilangan tartibda tegishli takliflar kiritadilar.
15. Komissiyalarga raislar boshchilik qiladi, ularning vakolatiga quyidagilar kiradi:
komissiyalar ishi samaradorligini taʼminlash;
komissiyalar majlislarini chaqirish;
komissiyalar ish reglamentlarini tasdiqlash va majlislarini olib borish;
komissiyalar aʼzolari oʻrtasida vazifalarni taqsimlash;
komissiyalar tomonidan qabul qilingan qarorlar bajarilishi ustidan nazorat qilinishini tashkil etish.
Komissiyalar raislari komissiyalarga yuklangan vazifalar bajarilishi uchun shaxsan javob beradilar.
Raislar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishlari mumkin.
16. Komissiyalar raislarining oʻrinbosarlari komissiyalar raislarining topshiriqlarini bajaradilar, ular boʻlmaganda ularning vazifalarini ijro etadilar.
17. Masʼul kotiblar:
komissiyalarning ish yuritishi bevosita yuritilishini;
yillik ish rejalari ishlab chiqilishini, ularning bajarilishi ustidan nazorat qilinishini, tasdiqlangan ish rejalariga muvofiq komissiyalarning joriy ishlari tashkil etilishini, shuningdek, komissiyalar majlislariga zarur materiallar tayyorlanishini;
komissiyalar majlislari oʻtkazilishi vaqti va joyi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar komissiyalar aʼzolariga va manfaatdor tashkilotlarga yetkazilishini;
tasdiqlangan bayonnomalar rasmiylashtirilishini, komissiyalar aʼzolariga, davlat va xoʻjalik boshqaruvi tegishli organlariga, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va tashkilotlarga yetkazilishini;
komissiyalarning qabul qilingan qarorlari ijro etilishi ustidan nazorat qilinishini, shuningdek, ularni amalga oshirish boʻyicha komissiyalar raislariga tegishli maʼlumotlar va takliflar kiritilishini;
komissiyalar majlislariga tegishli materiallarni tayyorlash uchun maʼlumotlar oʻz vaqtida toʻplanishini tashkil etishni;
komissiyalar faoliyati toʻgʻrisidagi hisobot materiallari tayyorlanishini;
komissiyalarning qarorlariga muvofiq boshqa funksiyalarning amalga oshirilishini taʼminlaydilar.
18. Shaharlar va tumanlar hokimliklari hududidagi komissiyalar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari huzuridagi komissiyalarga hisobot materiallarini yilning har choragida, keyingi oyning 10-kunida taqdim etadilar.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari huzuridagi komissiyalar yarim yilda bir marta hisobot materiallarini Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Yongʻin xavfsizligi bosh boshqarmasiga taqdim etadilar, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Yongʻin xavfsizligi bosh boshqarmasi axborot-tahliliy materiallar va boshqa materiallarni tayyorlaydi, umumlashtiradi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
19. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Yongʻin xavfsizligi bosh boshqarmasi:
komissiyalar faoliyatini oʻrganish yakunlari va joylarda yongʻin xavfsizligini taʼminlash bilan bogʻliq vaziyat boʻyicha zarur materiallar oʻz vaqtida tayyorlanishini;
yongʻin xavfsizligini taʼminlash sohasida davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, tashkilotlar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan zarur materiallar olinishini;
yuzaga kelayotgan vaziyat boʻyicha axborot-tahliliy va boshqa materiallar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etilishini va ijtimoiy soha obyektlarida va iqtisodiyot tarmoqlarida yongʻin xavfsizligi taʼminlanishini, shuningdek, komissiyalar faoliyati monitoringi olib borilishini;
komissiyalar faoliyati va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining komissiyalar faoliyatiga tegishli masalalar boʻyicha qabul qilingan qarorlari bajarilishi joyning oʻziga chiqib oʻrganilishini taʼminlaydilar.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 11-sentabrdagi 708-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahri hokimliklari huzuridagi Yongʻin xavfsizligi boʻyicha komissiyaning
NAMUNAVIY TARKIBI
1. Komissiya raisi:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xoʻjalik masalalari boʻyicha oʻrinbosari.
Viloyat (Toshkent shahri) hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xoʻjalik masalalari boʻyicha oʻrinbosari.
2. Komissiya raisining oʻrinbosari:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi (viloyat ichki ishlar boshqarmasi, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi)ning Yongʻin xavfsizligi boshqarmasi boshligʻi — Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri yongʻin nazorati boʻyicha bosh davlat inspektori.
3. Masʼul kotib:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining huquqni muhofaza qilish organlari faoliyati, harbiy safarbarlik va favqulodda vaziyatlar masalalari boʻyicha guruh rahbari.
Viloyat (Toshkent shahri) hokimligining huquqni muhofaza qilish organlari faoliyati, harbiy safarbarlik va favqulodda vaziyatlar masalalari boʻyicha guruh rahbari.
Komissiya aʼzolari:
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vaziri;
Viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi;
Toshkent shahar sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasi boshligʻi.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vaziri
Viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi;
Toshkent shahri xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyat (Toshkent shahri) favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshligʻi.
7. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi raisi;
viloyat (Toshkent shahri) arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi boshligʻi.
8. Qoraqalpogʻiston Respublikasi (viloyat, Toshkent shahri) davlat soliq boshqarmasi boshligʻi — Qoraqalpogʻiston Respublikasi (viloyat, Toshkent shahri) Nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish kengashi raisining oʻrinbosari.
9. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moliya vaziri;
viloyat (Toshkent shahri) moliya bosh boshqarmasi boshligʻi.
10. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Iqtisodiyot vaziri;
viloyat (Toshkent shahri) iqtisodiyot va hududlarni kompleks rivojlantirish bosh boshqarmasi boshligʻi.
11. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Uy-joy-kommunal xizmat koʻrsatish vaziri;
viloyat uy-joy-kommunal xizmat koʻrsatish boshqarmasi boshligʻi;
Toshkent shahar Uy-joy-kommunal xizmat koʻrsatish bosh boshqarmasi boshligʻi.
12. “Sanoatgeokontexnazorat” DI mintaqaviy inspeksiyasi boshligʻi.
13. “Mahalla” xayriya jamoat fondining Qoraqalpogʻiston respublika boʻlimi boshqaruvi raisi.
“Mahalla” xayriya jamoat fondining viloyat (Toshkent shahar) boʻlimi boshligʻi.
14. Qoraqalpogʻiston Respublikasida, viloyatda (Toshkent shahrida) Savdo-sanoat palatasining hududiy boshqarmasi rahbari.
Izoh. Komissiya tarkibiga zarurat boʻlganda davlat va xoʻjalik boshqaruvi tegishli organlarining rahbarlari va mutaxassislari jalb etilishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 11-sentabrdagi 708-son qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
Shaharlar va tumanlar hokimliklari huzuridagi Yongʻin xavfsizligi boʻyicha komissiyaning
NAMUNAVIY TARKIBI
1. Komissiya raisi:
Tuman (shahar) hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xoʻjalik masalalari boʻyicha oʻrinbosari.
2. Komissiya raisining oʻrinbosari:
Tuman (shahar) yongʻin xavfsizligi boʻlimi boshligʻi.
3. Masʼul kotib:
Tuman (shahar) profilaktika va yongʻin nazorati boʻyicha yongʻin xavfsizligi boʻlimi boshligʻining oʻrinbosari.
Komissiya aʼzolari:
4. Tuman (shahar) yongʻin xavfsizligi boʻlimi favqulodda vaziyatlar boʻlimi boshligʻi.
5. Tuman (shahar) arxitektura va qurilish boʻlimi boshligʻi.
6. Tuman (shahar) Davlat soliq inspeksiyasi boshligʻi.
7. Tuman (shahar) tibbiyot birlashmasi boshligʻi.
8. Tuman (shahar) moliya boʻlimi boshligʻi.
9. Tuman (shahar) iqtisodiyot va hududni kompleks rivojlantirish boʻlimi boshligʻi.
10. Tuman (shahar) uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish boʻlimi boshligʻi.
11. “Mahalla” xayriya jamoat fondi tuman (shahar) boʻlimi boshligʻi.
12. Savdo-sanoat palatasining tuman (shahar)dagi filiali boshligʻi.
Izoh. Komissiya tarkibiga zarurat boʻlganda davlat va xoʻjalik boshqaruvi tegishli organlarining rahbarlari va mutaxassislari jalb etilishi mumkin.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 37-son, 994-modda)