Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Audiovizual asarlarni, fonogrammalar va EHM uchun yaratilgan dasturlarni takrorlash, sotish, prokatga berish, shuningdek fonogrammalarni tayyorlash boʻyicha faoliyat turlarini litsenziyalash toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar kiritish haqida
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 25-fevraldagi 88-sonli “Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi yagona nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, shuningdek litsenziyaga ega boʻlgan tadbirkorlik subyekti oʻzining filiallari faoliyatini litsenziyalovchi organni xabardor qilish orqali amalga oshirishi tartibini joriy etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 15-martdagi 72-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2012-y., 3-son, 18-modda) bilan tasdiqlangan Audiovizual asarlarni, fonogrammalar va EHM uchun yaratilgan dasturlarni takrorlash, sotish, prokatga berish, shuningdek fonogrammalarni tayyorlash boʻyicha faoliyat turlarini litsenziyalash toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Intellektual mulk agentligi bosh direktori A.N. Fayzullayev zimmasiga va Vazirlar Mahkamasining Axborot tizimlari va telekommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 23-avgust,
663-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 23-avgustdagi 663-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Audiovizual asarlarni, fonogrammalar va EHM uchun yaratilgan dasturlarni takrorlash, sotish, prokatga berish, shuningdek fonogrammalarni tayyorlash boʻyicha faoliyat turlarini litsenziyalash toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 9-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“9. Litsenziya talabgorida litsenziyalanadigan faoliyatni amalga oshirish uchun foydalaniladigan filiallar mavjud boʻlgan taqdirda, har birining joylashgan manzili koʻrsatilgan holda ular tegishli litsenziya talablari va shartlariga amal qilishi sharti bilan, litsenziyalovchi organ tomonidan litsenziyalar reyestriga tegishli maʼlumotlar kiritiladi. Shuningdek, litsenziat litsenziyalangan faoliyatni amalga oshirish uchun filial ochgan (yopgan) taqdirda, har birining joylashgan manzili va masʼul shaxs toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatilgan holda litsenziyalovchi organni bu haqda yozma xabardor qiladi. Litsenziyalovchi organ filial toʻgʻrisidagi maʼlumotlar tushgan sanadan eʼtiboran uch ish kuni ichida ularni litsenziyalar reyestriga kiritadi va bu haqda litsenziatni besh ish kuni ichida yozma xabardor qiladi”.
2. V boʻlimning nomidan “filiallarga litsenziya nusxalarini berish” soʻzlari chiqarib tashlansin.
3. 37-bandning birinchi xatboshidan “yoki filial ochishda” soʻzlari chiqarib tashlansin.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 34-son, 897-modda)