Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Tadbirkorlar uchun oʻquv kurslari tashkil qilish va oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 30-iyuldagi 460-sonli “Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 18-apreldagi PQ-2897-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Tadbirkorlik faoliyati asoslarini oʻqitish respublika markazi (keyingi oʻrinlarda Markaz deb ataladi) tuzilmasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisiga, zarurat boʻlganda, xodimlarning belgilangan umumiy soni doirasida Markaz tuzilmasiga oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
2. Belgilansinki, quyidagilar Markaz faoliyatini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi:
Markazning shtatdagi xodimlariga ish haqi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlar;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 19-iyundagi 391-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi huzuridagi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish, taqsimlash va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi huzuridagi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish jamgʻarmasining Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasiga tushadigan mablagʻlari (keyingi oʻrinlarda Jamgʻarmaning Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasiga tushadigan mablagʻlari deb ataladi);
Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining budjetdan tashqari fondi mablagʻlari;
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-dekabrdagi 1002-sonli qaroriga asosan toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.12.2017-y., 10/17/1002/0448-son)
xalqaro moliya tashkilotlari va boshqa tashkilotlarning, xorijiy hukumat tashkilotlarining grant mablagʻlari;
xoʻjalik faoliyatidan olingan mablagʻlar hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalarning mablagʻlari.
3. Belgilab qoʻyilsinki,
Markaz yuridik shaxs maqomiga ega davlat muassasasi hisoblanadi va mustaqil balansga, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Gʻaznachiligida shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga hamda Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi davlat tilida yoziladigan muhrga ega boʻladi;
aholi va tadbirkorlar uchun oʻquv kurslari Markaz va uning hududiy filiallari tomonidan tashkil etiladi;
Markaz va uning hududiy filiallari tomonidan aholi va tadbirkorlar uchun tashkil etiladigan oʻquv kurslariga vazirliklar, idoralar va boshqa davlat tashkilotlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining mutaxassislarini oʻqituvchi sifatida jalb etish tegishli vazirliklar, idoralar va davlat tashkilotlari hamda Markaz oʻrtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq mutaxassislarni yuborgan vazirliklar, idoralar va boshqa davlat tashkilotlarining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobiga hamda Markaz tomonidan haqiqatda oʻtkazilgan oʻquv soatlari sonini tasdiqlovchi maʼlumotlarga koʻra amalga oshiriladi;
Markaz va uning hududiy filiallarining joriy xarajatlarini moliyalashtirish (Markazning shtatdagi xodimlariga toʻlanadigan ish haqi xarajatlaridan tashqari) Jamgʻarmaning Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasiga tushadigan mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi;
Markaz va uning hududiy filiallari tomonidan tashkil etiladigan oʻquv kurslari tinglovchilari uchun oʻquv materiallari, tarqatma materiallar va idora jihozlarini xarid qilish Markaz tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan kelishgan holda Jamgʻarmaning Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasiga tushadigan mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi;
Markaz va uning hududiy filiallari xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish va ijtimoiy himoya qilish Markazning asoslangan hisob-kitoblariga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining budjetdan tashqari fondi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-dekabrdagi 1002-sonli qaroriga asosan yettinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.12.2017-y., 10/17/1002/0448-son)
Markazga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti va Jamgʻarmaning Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasiga tushadigan mablagʻlaridan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining budjetdan tashqari fondi mablagʻlari hisobidan mablagʻ ajratish belgilangan tartibda xarajatlar smetalariga hamda daromadlar va xarajatlar smetalariga muvofiq amalga oshiriladi.
(3-bandning sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-dekabrdagi 1002-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.12.2017-y., 10/17/1002/0448-son)
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
Markaz va uning hududiy filiallarining shtatdagi xodimlari mehnatiga haq toʻlashga zarur budjet mablagʻlarini 2017-yilda ajratsin va keyingi yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarining “Maorif” tarmogʻiga ajratiladigan mablagʻlar doirasida nazarda tutsin.
Markazga 2 ta, jumladan 1 ta shaxsan biriktirilgan hamda 1 ta navbatchi avtotransport vositasiga limit ajratish.
5. Belgilansinki, Markaz va uning hududiy filiallari xodimlariga, toʻlov manbalaridan qatʼi nazar, Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining xodimlari uchun qonun hujjatlarida nazarda tutilgan mehnatga haq toʻlash, moddiy ragʻbatlantirish va kompensatsiya toʻlovlari shartlari tatbiq etiladi.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-dekabrdagi 1002-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.12.2017-y., 10/17/1002/0448-son)
6. Markaz Toshkent shahri, Islom Karimov koʻchasi, 55-uyga joylashtirilsin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bir hafta muddatda Markazning hududiy filiallarini joylashtirish choralarini koʻrsin.
7. Quyidagilar maʼlumot uchun qabul qilinsin:
Markaz va uning hududiy filiallari tomonidan oʻquv mashgʻulotlarini oʻtkazish uchun vazirliklar, idoralar va boshqa davlat tashkilotlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining jalb qilinadigan mutaxassislari mehnatiga haq toʻlash oʻquv mashgʻulotlarini belgilangan tartibda oʻtkazish uchun mehnatga soatbay haq toʻlashning belgilangan miqdorlariga muvofiq amalga oshiriladi;
Markaz va uning hududiy filiallari tomonidan aholi va tadbirkorlar uchun oʻquv kurslarini tashkil etish uchun egallanadigan va foydalaniladigan davlat mulki boʻlgan bino va xonalarning maydonlariga hamda oliy va oʻrta-maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari auditoriyalariga ijara toʻlovining “nul” stavkasi qoʻllaniladi;
Markaz va uning hududiy filiallari oliy va oʻrta-maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari binolarida (xonalarida) oʻquv kurslarini tegishli kommunal va foydalanish xarajatlarini qoplamagan holda oʻtkazish huquqiga egadir.
8. Markazga 2017-yil iyul — sentyabr oylarida tashkil etiladigan oʻquv kurslari boʻyicha oʻquv materiallari va tarqatma materiallarni tender savdolari oʻtkazmasdan sotib olishga istisno tariqasida ruxsat berilsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi:
Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi huzuridagi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish jamgʻarmasidan Markaz va uning hududiy filiallariga yuklangan funksiyalar va vazifalarni bajarish uchun kerak boʻlgan zarur inventar, mebel, avtotransport vositalari, kompyuter va idora texnikasi sotib olish uchun mablagʻ ajratsin;
Markazning asoslangan hisob-kitoblariga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining budjetdan tashqari fondidan Markaz va uning hududiy filiallari xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish va ijtimoiy himoya qilish uchun mablagʻlar ajratish;
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-dekabrdagi 1002-sonli qaroriga asosan uchinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.12.2017-y., 10/17/1002/0448-son)
bir oy muddatda Markaz va uning hududiy filiallari xodimlari mehnatiga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin:
ikki hafta muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus kasb-hunar taʼlimi markazi va Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda kasb-hunar kollejlarida aholi va tadbirkorlar uchun oʻquv kurslarini tashkil qilish va oʻtkazish boʻyicha namunaviy reglamentni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus kasb-hunar taʼlimi markazi ikki hafta muddatda:
Markaz tomonidan ishda foydalaniladigan zarur oʻquv-metodik dasturlar hamda materiallar ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini taʼminlasin;
Markazning oʻquv kurslari tinglovchilariga beriladigan sertifikat namunalarini tasdiqlasin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi hamda Markaz bilan birgalikda:
tadbirkorlar — tinglovchilar oʻrtasida tadbirkorlik faoliyati asoslari oʻquv kurslari boʻyicha doimiy soʻrovnomalar oʻtkazilishini hamda eng koʻp beriladigan savollar, oʻquv kurslari metodikasi va sifati boʻyicha tushgan takliflar hamda tadbirkorlik faoliyatini yuritish boʻyicha boshqa takliflar tahlil qilinishini taʼminlasin;
oʻtkazilgan soʻrovlar hamda tahlillar natijasi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Makroiqtisodiy tahlil, tarkibiy oʻzgartirishlar, moliya-bank tizimi va xususiy tadbirkorlik masalalari kotibiyatiga oʻqitish dasturlarini hamda respublikada tadbirkorlik faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish boʻyicha keyinchalik Markaz faoliyati samaradorligini baholash uchun takliflar kiritsin.
(11-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-maydagi 397-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.05.2019-y., 09/19/397/3123-son)
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi R.A. Gulyamov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 8-avgust,
602-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 8-avgustdagi 602-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Tadbirkorlik faoliyati asoslarini oʻqitish respublika markazining
TUZILMASI
Xodimlarning cheklangan umumiy soni (texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlardan tashqari) — 36 nafar.
Markazning texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlarining soni davlat boshqaruv organlari uchun nazarda tutilgan normativlar boʻyicha belgilanadi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 32-son, 816-modda, Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.12.2017-y., 10/17/1002/0448-son; 14.02.2018-y., 09/18/107/0697-son; 14.05.2019-y., 09/19/397/3123-son)