Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil instituti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish, ularning faoliyatiga davlat organlari asossiz aralashuvining oldini olish, xususiy mulk daxlsizligining huquqiy mexanizmlarini yanada mustahkamlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakili institutini taʼsis etish toʻgʻrisida” 2017-yil 5-maydagi PF-5037-son Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil instituti (keyingi oʻrinlarda Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil deb ataladi) taʼsis etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
2017-yilda Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil apparatiga joriy taʼminot, idora mebeli, kompyuter texnikasi, tashkiliy texnika sotib olish uchun asoslangan hisob-kitoblar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasidan mablagʻlar ajratsin;
2018-yildan boshlab Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil apparatiga joriy taʼminot, xorijiy tillardagi adabiyotlarni sotib olish, jurnallarga va boshqa davriy nashrlarga obuna boʻlish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan har yili mablagʻlar ajratishni nazarda tutsin;
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil apparati xodimlariga transport xizmati koʻrsatishga limitlar ajratilishini taʼminlasin.
3. Belgilansinki, quyidagilar:
texnik koʻmaklashish mablagʻlari, xalqaro va xorijiy hukumat, nohukumat tashkilotlarning grantlari;
yuridik shaxslarning oʻrganishlar va tahlillar uchun ajratadigan mablagʻlari;
Keyingi tahrirga qarang.
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil apparatini moliyalashtirishning qoʻshimcha manbalari hisoblanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil apparatini transport vositalari bilan taʼminlash belgilangan limitlarga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Devonining Ishlar boshqarmasi tomonidan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil faoliyatini moddiy-texnik va axborot bilan taʼminlash uchun texnik koʻmaklashish mablagʻlari, xalqaro va xorijiy hukumat, nohukumat tashkilotlarning grantlarini jalb etish masalasini xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan ishlab chiqishda Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil apparatiga koʻmaklashsin.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi:
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil apparati xodimlarining xorijiy mamlakatlarga chiqib ilgʻor xorijiy tajribani oʻrganishi, shuningdek xorijiy ekspertlarni taklif qilishni tashkil etish masalasini xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan ishlab chiqishda Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil apparatiga koʻmaklashsin;
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilning buyurtmanomalari boʻyicha Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilning faoliyatini moddiy-texnik va axborot bilan taʼminlash boʻyicha loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etayotgan, shuningdek tajriba almashayotgan xorijiy mutaxassislarga konsullik yigʻimlari va boshqa yigʻimlar undirilmasdan kirish vizalari rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
7. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil apparati:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralari tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat statistika qoʻmitasi, Davlat soliq qoʻmitasi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Bosh prokuratura, Oliy sudning statistika axboroti;
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Ommaviy kommunikatsiyalar sohasida monitoring markazining byulletenlari va yillik maʼlumotnomalari;
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Devonining Ijtimoiy-iqtisodiy siyosatni muvofiqlashtirish xizmati huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar markazining xorijiy matbuot sharhlari va tahliliy maʼruzalari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti va Ijtimoiy tadqiqotlar institutining tahliliy materiallari majburiy tartibda yuboriladigan reyestrga kiritilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil apparatini bosma va kitob mahsulotlarining (huquqiy, ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy nashrlar) bepul nazorat nusxasini oladigan tashkilotlar roʻyxatiga kiritsin va Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilning buyurtmanomalari boʻyicha axborot-tahliliy va ilmiy mahsulotlar nashr etilishiga koʻmaklashsin.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil apparatining soʻrovi boʻyicha belgilangan tartibda:
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil apparati aloqaning zarur turlari va vositalari, shu jumladan Hukumat aloqasi bilan jihozlanishini, shuningdek butunjahon Internet axborot tarmogʻidan keng polosali foydalanishini;
Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi bilan birgalikda Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil apparatining Oʻzbekiston Milliy kutubxonasining axborot-kutubxona fondidan va yetakchi xorijiy litsenzion axborot-kutubxona resurslari fondlaridan doimiy ravishda elektron foydalanishini taʼminlasin.
10. Belgilansinki, Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil apparati yuridik shaxs hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi yozilgan muhrga va blankalarga, shuningdek qonun hujjatlariga muvofiq ochiladigan bank hisob raqamlariga ega boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.
11. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil apparati Toshkent shahri, Islom Karimov koʻchasi, 43-uy manzili boʻyicha joylashgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni binolari kompleksining 2-korpusiga joylashtirilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov va moliya vaziri B.A. Xoʻjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 4-avgust,
587-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 32-son, 810-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.04.2018-y., 09/18/297/1096-son; 14.05.2019-y., 09/19/397/3123-son; 18.02.2020-y., 09/20/87/0177-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 09.01.2023-y., 09/23/6/0010-son; 07.10.2025-y., 09/25/627/0901-son)