Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi va uning tizimidagi tarkibiy boʻlinmalar hamda respublika va hududiy arxitektura-shaharsozlik kengashlari toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 31-iyuldagi 603-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, uning tarkibiy boʻlinmalari, shuningdek, Respublika va hududiy arxitektura-shaharsozlik kengashlari toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 1-maydagi PF-5030-son Farmoni hamda “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 1-maydagi PQ-2936-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi toʻgʻrisida nizom 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika arxitektura-shaharsozlik kengashi toʻgʻrisida nizom 2-ilovaga muvofiq;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Arxitektura va qurilish qoʻmitasi, viloyatlar va Toshkent shahri arxitektura va qurilish bosh boshqarmalari huzuridagi hududiy arxitektura-shaharsozlik kengashi toʻgʻrisida nizom 3-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi huzuridagi Arxitektura-qurilish nazorati davlat inspeksiyasi toʻgʻrisida nizom 4-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi huzuridagi Taʼlim muassasalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi toʻgʻrisida nizom 5-ilovaga muvofiq;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Arxitektura va qurilish qoʻmitasi, viloyatlar hamda Toshkent shahar arxitektura va qurilish bosh boshqarmalari toʻgʻrisida namunaviy nizom 6-ilovaga muvofiq;
Tuman (shahar) arxitektura va qurilish boʻlim (boshqarma)lari toʻgʻrisida namunaviy nizom 7-ilovaga muvofiq;
Davlat ekspertizasi hududiy boshqarmasi toʻgʻrisida namunaviy nizom hamda uning namunaviy tuzilmasi 8 va 8a-ilovalarga muvofiq;
Davlat arxitektura-qurilish nazorati hududiy inspeksiyasi toʻgʻrisida namunaviy nizom 9-ilovaga muvofiq;
Qurilishda tanlov savdolari va narxlarni shakllantirish hududiy konsalting markazi toʻgʻrisida namunaviy nizom hamda uning namunaviy tuzilmasi 10 va 10a-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi bir oy muddatda:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Arxitektura va qurilish qoʻmitasi, viloyatlar hamda Toshkent shahar arxitektura va qurilish bosh boshqarmalari toʻgʻrisidagi;
Davlat ekspertizasi hududiy boshqarmalari toʻgʻrisidagi;
Davlat arxitektura-qurilish nazorati inspeksiyalari toʻgʻrisidagi;
Qurilishda tanlov savdolari va narxlarni shakllantirish hududiy konsalting markazlari toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlasin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 11-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov va Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi raisi B.I. Zakirov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 1-avgust,
571-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 1-avgustdagi 571-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasining (keyingi oʻrinlarda Davarxitektqurilish deb ataladi) asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlarini hamda faoliyatining tashkiliy asoslarini belgilaydi.
2. Davarxitektqurilish shaharsozlik faoliyati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi hisoblanadi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga boʻysunadi.
3. Davarxitektqurilishning markaziy apparati, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Arxitektura va qurilish qoʻmitasi, viloyatlar va Toshkent shahar arxitektura va qurilish bosh boshqarmalari, Qurilishda standartlashtirish va sertifikatlash respublika markazi, Kapital qurilishda iqtisodiy islohotlar va narxlarni shakllantirish markazi, Shaharsozlik faoliyatini axborot bilan taʼminlash markazi, shuningdek Davarxitektqurilishning tashkiliy tuzilmasiga kiradigan boshqa tashkilotlar (keyingi oʻrinlarda Davarxitektqurilish tizimiga kiruvchi tashkilotlar deb ataladi) Davarxitektqurilishning yagona tizimini tashkil etadi.
4. Davarxitektqurilish oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Nizomga, shuningdek boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
5. Davarxitektqurilish oʻz faoliyatini davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, xorijiy va xalqaro hamda boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshiradi.
6. Davarxitektqurilishning oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan va normativ-huquqiy tusga ega boʻlgan qarorlari davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar, xoʻjalik yurituvchi subyektlar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiydir.
7. Davarxitektqurilish yuridik shaxs hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi tushirilgan muhr va blankalarga, mustaqil balansga, bank hisob raqamlariga va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Gʻaznachiligida hisob raqamlariga ega boʻladi.
2-bob. Davarxitektqurilishning asosiy vazifalari va funksiyalari
8. Quyidagilar Davarxitektqurilishning asosiy vazifalari hisoblanadi:
belgilangan tartibda ishlab chiqilgan va tasdiqlangan bosh rejalar asosida aholi punktlarini kompleks qurish, loyiha va qurilish-montaj ishlarini bajarish, qurilish materiallari va buyumlarini ishlab chiqarish hamda qoʻllashda shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonunchilikka, shaharsozlik normalari, qoidalari va davlat standartlariga soʻzsiz rioya etilishi yuzasidan tizimli davlat arxitektura-qurilish nazoratini amalga oshirish, buyurtmachilar tomonidan texnik nazorat va loyiha tashkilotlari tomonidan mualliflik nazorati oʻtkazilishini tekshirish;
respublika hududida aholini joylashtirishning bosh tarhini, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar hududlarini rejalashtirish tarhlarini hamda tumanni (tumanlar guruhlarini) rejalashtirish loyihalarini, aholi punktlarining bosh rejalarini hamda boshqa shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish va tasdiqlashni tashkillashtirish, shaharsozlik hujjatlari va davlat shaharsozlik kadastri amalga oshirilishi yuzasidan monitoring olib borish;
shaharsozlik, shaharsozlik faoliyati sohasida davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari boʻyicha takliflar tayyorlash, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning uzoq va oʻrta muddatli davlat dasturlarini, tarmoq va hududiy dasturlarni ishlab chiqishda qatnashish;
shaharsozlik, shaharsozlik faoliyati va qurilish uchun muhandislik-texnik izlanishlar olib borish sohasida yagona ilmiy-texnikaviy siyosat olib borish, yuqori samarali va energiyani tejaydigan loyiha yechimlari va qurilish materiallarini, zamonaviy qurilish texnologiyalari va innovatsiya loyihalarini tatbiq etish;
shaharsozlik va shaharsozlik faoliyatining normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish va yangilash, idoraviy qurilish normalari ishlab chiqilishini muvofiqlashtirish, loyihalashtirish, qurilish, qurilish industriyasi, qurilish materiallari va buyumlari ishlab chiqarish sohasida standartlashtirish hamda sertifikatlashtirish ishlarini amalga oshirish;
loyiha ishi va qurilish faoliyatini muvofiqlashtirish, loyiha-qidiruv tashkilotlari faoliyati samaradorligini oshirish va zamonaviy talablarga mos keladigan hududiy tarmoqlarni kengaytirish, yakka tartibdagi, namunaviy, takroran qoʻllaniladigan va eksperimental loyihalarni hamda loyiha yechimlarini ishlab chiqishni tashkil etish, mualliflik nazoratining roli va masʼuliyatini oshirish, shaharsozlik, loyihaoldi va loyiha-smeta hujjatlarini davlat ekspertizasidan oʻtkazish;
mehnat unumdorligini oshirish, qurilish qiymatini pasaytirish va resurslardan oqilona foydalanishni taʼminlaydigan ilgʻor texnologiyalarni qurilish sohasiga joriy etish, Qurilish-pudrat tashkilotlari reyestrini yuritish;
bozor islohotlari jarayonlarini chuqurlashtirish, hamma joyda raqobatli narx belgilash mexanizmlarini tatbiq etish, korporativ normalar va narx belgilashning rolini oshirish, loyihalash va qurilishning smeta-normativ bazasini takomillashtirish;
kapital qurilishda davlat xarid tizimini takomillashtirish, tanlov savdolari hujjatlarini ishlab chiqish va ularni ekspertizadan oʻtkazish, tanlov savdolarini tashkil etish va oʻtkazishda belgilangan tartibga rioya etilishini nazorat qilish, shartnomaviy majburiyatlar bajarilishi monitoringini olib borish;
qonun hujjatlariga muvofiq shaharsozlik faoliyatining ayrim turlarini amalga oshirish uchun litsenziyalash;
arxitektura, loyihalashtirish va qurilish sohasida tizimli asosda malakali kadrlar tayyorlashni taʼminlash, respublikaning ixtisoslashtirilgan oliy taʼlim muassasalari va kasb-hunar kollejlarida taʼlim jarayonining darajasi va sifatini tubdan oshirish, qurilish sohasidagi loyihachilar va mutaxassislarning malakasini doimiy asosda oshirish va ularni qayta tayyorlashni tashkil etish.
9. Davarxitektqurilish oʻziga yuklangan vazifalardan kelib chiqib quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) belgilangan tartibda ishlab chiqilgan va tasdiqlangan bosh rejalar asosida aholi punktlarini kompleks qurish, loyiha va qurilish-montaj ishlarini bajarish, qurilish materiallari va buyumlarini ishlab chiqarish va qoʻllashda shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonunchilikka, shaharsozlik normalari, qoidalari va davlat standartlariga soʻzsiz rioya etilishi yuzasidan tizimli davlat arxitektura-qurilish nazoratini amalga oshirish, buyurtmachilar tomonidan texnik nazorat va loyiha tashkilotlari tomonidan mualliflik nazorati oʻtkazilishini tekshirish sohasida:
bosh rejalar asosida aholi punktlarini kompleks qurish, loyiha va qurilish-montaj ishlarini bajarish, qurilish materiallari va buyumlarini ishlab chiqarish va qoʻllashda shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga, shaharsozlik normalari, qoidalari va davlat standartlariga rioya etilishi yuzasidan davlat arxitektura-qurilish nazoratini amalga oshiradi;
buyurtmachining texnik nazorati va loyiha tashkilotining mualliflik nazoratini amalga oshirishga doir ishini tekshiradi;
shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga, shaharsozlik normalari va qoidalariga, qurilish materiallari va buyumlari sifatining davlat standartlariga, loyihalashtirish va qurilish-montaj ishlari sifatli bajarilishiga rioya etilishi yuzasidan davlat nazoratni amalga oshiradi;
qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish uchun ruxsatnomalar beradi;
davlat standartlari va texnik shartlar buzilganligi aniqlangan taqdirda, qurilish materiallari hamda buyumlari ishlab chiqarilishi, realizatsiya qilinishi va qoʻllanilishini, normativ talablar hamda tasdiqlangan loyiha yechimlari chidamlilik, puxtalik xususiyatlari pasayishiga sabab boʻlgan darajada buzilganda, shuningdek binolar va inshootlarning avariya xavfi boʻlgan, obyektlar oʻzboshimchalik bilan qurilgan taqdirda qurilish-montaj ishlarini davom ettirishni toʻxtatib turishni taʼminlaydi. Tadbirkorlik subyektining faoliyatini toʻxtatib qoʻyishga olib keladigan qurilish materiallari va buyumlari ishlab chiqarish, ularni realizatsiya qilish va qoʻllash, qurilish-montaj ishlarini davom ettirishni toʻxtatib qoʻyish sud tartibida amalga oshiriladi, bundan favqulodda vaziyatlar, epidemiyalar hamda aholining hayoti va salomatligi uchun boshqa real xavf yuzaga kelishining oldini olish bilan bogʻliq holda faoliyatni oʻn ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatga toʻxtatib qoʻyish hollari mustasno;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan holatlarda va tartibda shaharsozlik faoliyati sohasidagi huquqbuzarliklar toʻgʻrisida maʼmuriy bayonnomalarni tuzadi va yoʻl qoʻyilgan qoida buzilishlarida aybdor boʻlgan shaxslarni maʼmuriy javobgarlikka tortish uchun materiallarni sudga beradi;
qurilish ishlari xavfsizligi qoidalarini buzish holatlari inson sogʻligʻi va hayotiga ziyon yetkazilishiga yoki boshqa ogʻir oqibatlar kelib chiqishiga sabab boʻlganda huquqni muhofaza qilish organlariga tegishli materiallarni ilova qilgan holda xabar beradi;
qurilishi tugallangan obyektlarni foydalanishga qabul qilishda qoidalar buzilgan holda topshirilgan obyektlarni statistika hisobotidan chiqarish toʻgʻrisida statistika organlariga taqdimnoma kiritadi;
shaharsozlik qonunchiligi, shaharsozlik normalari, qoidalari va davlat standartlari buzilganligi aniqlangan hollarda ularni bartaraf etish toʻgʻrisida shaharsozlik faoliyati subyektlari tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan yozma koʻrsatmalar beradi;
qonun hujjatlarida belgilangan hollarda va tartibda qurilishi tugallangan obyektlarni foydalanishga qabul qilish komissiyalari ishida ishtirok etadi;
shaharsozlik hujjatlari masalalari boʻyicha buyurtmachilar, shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiquvchilar va boshqa tashkilotlar oʻrtasidagi kelishmovchiliklarni koʻrib chiqadi;
b) respublika hududida aholini joylashtirishning bosh tarhini, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar hududlarini rejalashtirish tarhlarini hamda tumanni (tumanlar guruhlarini) rejalashtirish loyihalarini, aholi punktlarining bosh rejalarini hamda boshqa shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish va tasdiqlashni tashkillashtirish, shaharsozlik hujjatlari va davlat shaharsozlik kadastri amalga oshirilishi yuzasidan monitoring olib borish sohasida:
shaharlar, shahar posyolkalarining bosh rejalarini va Toshkent shahrining, viloyat markazlarini va madaniy meros obyekti ahamiyatiga ega boʻlgan shaharlarning markaziy qismlarini batafsil rejalashtirish loyihalarini tasdiqlaydi, tasdiqlanishi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining vakolatiga tegishli boʻlgan shaharlarning bosh rejalari bundan mustasno;
turar joy, jamoat binolari va boshqa binolarning takror qoʻllaniladigan, namunaviy va tajriba loyihalari ishlab chiqilishini belgilangan tartibda tashkil etadi va tasdiqlaydi;
texnik muhandislik izlanishlari sohasida yagona siyosatni amalga oshiradi, kapital qurilish uchun kompleks muhandislik izlanishlari davlat fondini shakllantiradi va yuritadi;
shaharsozlik sohasida ilmiy-tadqiqot ishlari, hududlarning rivojlanishini rejalashtirish va qurish toʻgʻrisidagi shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish boʻyicha buyurtmachi funksiyalarini bajaradi;
umumdavlat ahamiyatiga molik alohida tartibga solinadigan shaharsozlik faoliyati obyektlari uchun chegaralar belgilash haqida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi;
shaharsozlik hujjatlarining amalga oshirilishi yuzasidan monitoringni va Davlat shaharsozlik kadastrini yuritadi;
v) shaharsozlik, shaharsozlik faoliyati sohasida davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari boʻyicha takliflar tayyorlash, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning uzoq va oʻrta muddatli davlat dasturlarini, tarmoq va hududiy dasturlarni ishlab chiqishda qatnashish sohasida:
shaharsozlik, shaharsozlik faoliyati sohasida davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari boʻyicha takliflar tayyorlaydi;
hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning uzoq va oʻrta muddatli davlat dasturlarini, tarmoq va hududiy dasturlarni ishlab chiqishda qatnashadi;
shaharsozlik faoliyatini rivojlantirishning ustuvor vazifalarini belgilashda qatnashadi;
oʻz vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha respublika maqsadli dasturlari, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish prognozlarining shaharsozlik boʻlimlarini ishlab chiqishda va amalga oshirishda qatnashadi;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida aholini joylashtirishning bosh tarhi ishlab chiqilishini, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar (viloyatlar guruhlari) hududini rejalashtirish tarhlari va umumdavlat ahamiyatiga molik alohida tartibga solinadigan shaharsozlik faoliyati obyektlarining shaharsozlik hujjatlari ishlab chiqilishini, shuningdek shaharsozlik faoliyati sohasidagi ilmiy-tadqiqot ishlari tashkil etilishini taʼminlaydi;
aholini shaharsozlik faoliyati toʻgʻrisida muntazam ravishda xabardor qilib boradi;
oʻz vakolati doirasida shaharsozlik faoliyati sohasida xorijiy davlatlar, xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikni amalga oshiradi;
g) shaharsozlik, shaharsozlik faoliyati va qurilish uchun muhandislik-texnik izlanishlar olib borish sohasida yagona ilmiy-texnikaviy siyosat olib borish, yuqori samarali va energiyani tejaydigan loyiha yechimlari va qurilish materiallarini, zamonaviy qurilish texnologiyalarini va innovatsiya loyihalarini tatbiq etish sohasida:
shaharsozlik, shaharsozlik faoliyati va qurilish uchun muhandislik-texnik izlanishlar olib borish sohasida yagona ilmiy-texnikaviy siyosat olib boradi;
yuqori samarali va energiyani tejaydigan loyiha yechimlari va qurilish materiallarini, zamonaviy qurilish texnologiyalari va innovatsiya loyihalarini tatbiq etadi;
pudrat tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtiradi va uning monitoringini olib boradi;
shaharsozlik va kapital qurilishda ilmiy-texnika taraqqiyoti muammolarini maqbul tarzda hal etish uchun ilmiy-texnika va texnik kengashlar faoliyatini tashkil etadi;
kapital qurilishda islohotlarni chuqurlashtiradi hamda pudrat ishlari bozorini rivojlantiradi;
loyihalashtirish va qurilish tashkilotlarining reyting baholarini aks ettiruvchi koʻrsatkichlar tizimini joriy etadi;
d) shaharsozlik va shaharsozlik faoliyatining normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish va yangilash, idoraviy qurilish normalari ishlab chiqilishini muvofiqlashtirish, loyihalashtirish, qurilish, qurilish industriyasi, qurilish materiallari va buyumlari ishlab chiqarish sohasida standartlashtirish hamda sertifikatlashtirish ishlarini amalga oshirish sohasida:
oʻz vakolatlari doirasida shaharsozlik faoliyati sohasida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini, shuningdek texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarning ishlab chiqilishini tashkil etadi;
shaharsozlik va shaharsozlik faoliyati sohasida shaharsozlik normalari va qoidalarining ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini taʼminlaydi, belgilangan tartibda ularning ishlab chiqilishi boʻyicha buyurtmachi funksiyalarini bajaradi;
qurilish industriyasi tashkilotlari va investitsiya faoliyatining boshqa qatnashchilari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasini, shuningdek qurilish materiallari, konstruksiyalari va buyumlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning axborot bazasini shakllantiradi;
kapital qurilish sohasidagi normativ bazaning bozor munosabatlarini joriy etishni nazarda tutuvchi xalqaro standartlarga muvofiq qayta koʻrib chiqilishini tizimli ravishda tashkil etadi;
qurilish materiallari, buyumlar va konstruksiyalarni standartlashtirish va sertifikatlashtirishni amalga oshiradi;
texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarning davlat fondini shakllantirishda ishtirok etadi;
oʻz vakolati doirasida maxsus texnik reglamentlarni tasdiqlaydi, ularga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritadi, shuningdek mazkur reglamentlarni bekor qiladi;
e) loyihalash ishi va qurilish faoliyatini muvofiqlashtirish, loyiha-qidiruv tashkilotlari faoliyati samaradorligini oshirish hamda zamonaviy talablarga mos keladigan hududiy tarmoqlarni kengaytirish, yakka tartibdagi, namunaviy, takroran qoʻllaniladigan va eksperimental loyihalarni va loyiha yechimlarini ishlab chiqishni tashkil etish, mualliflik nazoratining roli va masʼuliyatini oshirish, shaharsozlik, loyihaoldi va loyiha-smeta hujjatlarining davlat ekspertizasini oʻtkazish sohasida:
loyihalashtirish va qurilish sohasida yangi konsepsiyalarni yaratadi;
loyihalash ishini va qurilish faoliyatini muvofiqlashtiradi;
loyiha-qidiruv tashkilotlari faoliyati samaradorligini oshiradi;
zamonaviy talablarga mos keladigan hududiy tarmoqlarni kengaytiradi, yakka tartibdagi, namunaviy, takroran qoʻllaniladigan va eksperimental loyihalarni va loyiha yechimlarini ishlab chiqishni tashkil etadi;
loyiha tashkilotlarining litsenziya talab va shartlariga rioya qilinganligi, moddiy-texnika bazasi va tegishli mutaxassislar bilan taʼminlanganligi, mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlash darajasini oʻrganadi;
zarur holatlarda, oʻrganish natijasi yuzasidan aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha bajarilishi majburiy boʻlgan yozma koʻrsatmalar beradi;
shaharsozlik hujjatlari bajarilishi boʻyicha mualliflik nazoratining roli va masʼuliyatini oshirish yuzasidan chora-tadbirlar ishlab chiqilishini taʼminlaydi;
shaharsozlik, loyihaoldi va loyiha-smeta hujjatlarining davlat ekspertizasini oʻtkazadi;
j) mehnat unumdorligi oshirilishini, qurilish qiymati pasaytirilishini, resurslardan oqilona foydalanishni taʼminlaydigan ilgʻor texnologiyalarni qurilish sohasiga joriy etish, Qurilish-pudrat tashkilotlari reyestrini yuritish sohasida:
qurilish sohasida yangi texnika, texnologiya va mexanizmlarni joriy etish hisobiga mehnat unumdorligini oshiradi;
manfaatdor vazirliklar bilan birgalikda markazlashtirilgan kapital qoʻyilmalar hisobiga moliyalashtiriladigan obyektlar qurilishida narxlarning sunʼiy ravishda oshib ketishiga yoʻl qoʻymagan holda ularning shakllantirilishi yuzasidan doimiy nazorat oʻrnatadi;
qurilish qiymati pasaytirilishini, resurslardan oqilona foydalanishni taʼminlaydigan ilgʻor texnologiyalarni qurilish sohasiga joriy etadi;
qurilish-montaj ishlari texnologiyalarini qoʻllash masalalari boʻyicha xorijiy mamlakatlar va tashkilotlar bilan xalqaro ilmiy-texnik va iqtisodiy hamkorlikni amalga oshiradi va ularda qatnashadi;
Davlat statistika qoʻmitasi bilan birgalikda Qurilish-pudrat tashkilotlari reyestrini yuritadi;
z) bozor islohotlari jarayonlarini chuqurlashtirish, hamma joyda raqobatli narx belgilash mexanizmlarini tatbiq etish, korporativ normalar va narx belgilashning rolini oshirish, loyihalash va qurilishning smeta-normativ bazasini takomillashtirish sohasida:
bozor islohotlari jarayonlarini chuqurlashtirish, hamma joyda raqobatli narx belgilash mexanizmlarini tatbiq etadi;
qurilish qiymatini aniqlash usullarini ishlab chiqadi, moddiy-texnika resurslari sarfining smeta-normativ bazasini va normativ koʻrsatkichlarini ishlab chiqadi va takomillashtiradi;
kapital qurilishda shartnomaviy joriy narxlar va tariflarni shakllantirish boʻyicha metodologik koʻrsatmalar va tavsiyalar ishlab chiqadi;
qurilishning texnik darajasi va industriyalashtirilishini oshirish, kompleks mexanizatsiyalash va avtomatlashtirish, resurslarni tejash, materiallar va mehnat sarfini kamaytirish, kapital qurilishda ishlarning sifatini yaxshilash ishlarini tashkil etishda qatnashadi;
korporativ normalar va narx belgilashning rolini oshiradi;
loyihalash va qurilishning smeta-normativ bazasini takomillashtiradi;
i) kapital qurilishda davlat xarid tizimini takomillashtirish, tanlov savdolari hujjatlarini ishlab chiqish va ularni ekspertizadan oʻtkazish, tanlov savdolarini tashkil etish va oʻtkazishda belgilangan tartibga rioya etilishini nazorat qilish, shartnomaviy majburiyatlar bajarilishi monitoringini olib borish sohasida:
kapital qurilishda davlat xarid tizimini takomillashtiradi;
namunaviy tanlov hujjatlarini ishlab chiqadi va amaliyotga tatbiq etadi;
tanlov hujjatlarini ishlab chiqadi va ularni ekspertizadan oʻtkazadi;
tanlov savdolarini tashkil etadi va oʻtkazishda belgilangan tartibga rioya etilishini nazorat qiladi;
tanlov savdolari natijalariga koʻra tuzilgan buyurtmachi hisobotlarini kelishadi;
pudrat shartnomalarida majburiyatlar bajarilishi monitoringini olib boradi;
tanlov savdolari natijalari boʻyicha obyektlar qurilishining joriy narxlardagi shartnomaviy qiymatini shakllantiradi;
k) arxitektura-shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish, loyiha-smeta hujjatlarini ekspertizadan oʻtkazish va qurilish faoliyatining ayrim turlarini litsenziyalash sohasida:
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shaharsozlik faoliyatining ayrim turlarini amalga oshirish uchun belgilangan tartibda litsenziyalar beradi;
litsenziatlar tomonidan litsenziya talablari va shartlari bajarilishi toʻgʻrisidagi axborot bilan toʻldirib boriladigan markazlashtirilgan maʼlumotlar bazasini tashkil etadi;
l) arxitektura, loyihalashtirish va qurilish sohasida tizimli asosda malakali kadrlar tayyorlashni taʼminlash, respublikaning ixtisoslashtirilgan oliy taʼlim muassasalari va kasb-hunar kollejlarida taʼlim jarayonining darajasi va sifatini tubdan oshirish, qurilish sohasidagi loyihachilar va mutaxassislarning doimiy asosda malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlashni tashkil etish sohasida:
arxitektura, loyihalashtirish va qurilish sohasida tizimli asosda malakali kadrlar tayyorlashni taʼminlaydi;
arxitektura va shaharsozlik yoʻnalishidagi taʼlim sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etadi;
tarkibidagi oliy taʼlim muassasalari va kasb-hunar kollejlari faoliyatini muvofiqlashtiradi hamda oʻquv jarayonining amaliy mashgʻulotlarini tashkil etishda hamkorlik qiladi;
shaharsozlik faoliyatining rivojlanish tendensiyalarini va xorijiy tajribani hisobga olgan holda yangi yoʻnalishlar boʻyicha mutaxassis kadrlar tayyorlashda oʻquv-uslubiy hujjatlar, oʻquv adabiyotlari bilan taʼminlashda amaliy yordam koʻrsatadi, shuningdek malaka talablarini ishlab chiqishda bevosita ishtirok etadi;
oʻquv jarayonlarida shaharsozlik faoliyati boʻyicha, shu jumladan yetakchi xorijiy taʼlim muassasalarining mutaxassislarini va ekspertlarni jalb etgan holda taʼlim muassasalarining professor-oʻqituvchilar sifat tarkibini oshirish, sohaga kirib kelayotgan zamonaviy texnika va texnologiyalarni inobatga olgan holda qisqa muddatli malaka oshirish kurslarining dasturlarini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etishda bevosita ishtirok etadi;
tarkibidagi oliy taʼlim muassasalari hamda kasb-hunar kollejlariga talabalar qabul qilish kvotalari boʻyicha belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligiga takliflar kiritadi. Bunda qurilish sohasiga oid mutaxassisliklarga boʻlgan talabni oʻrganadi, shuningdek yangi zamonaviy mutaxassisliklar boʻyicha takliflar kiritadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi huzuridagi Taʼlim muassasalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga shaharsozlik faoliyati sohasida, tarkibidagi oliy taʼlim muassasalari va kasb-hunar kollejlarining iqtidorli talabalari va oʻquvchilari uchun Davarxitektqurilishning stipendiyalarini belgilaydi;
kasb-hunar kollejlari oʻquvchilari oʻrtasida quruvchilik kasblari boʻyicha respublika miqyosida kasb mahorati koʻrik-tanlovlarini, zamonaviy hamda milliy arxitektura loyihalari mualliflari tanlovlarini tashkil qiladi va gʻoliblarni ragʻbatlantiradi;
tarkibidagi oliy taʼlim muassasalari va kasb-hunar kollejlarida dars berish va mahorat darslari oʻtkazish uchun respublika va xorijiy mamlakatlarning taniqli pedagog-mutaxassislarini taklif qiladi;
talabalarning nazariy bilimlari va amaliy koʻnikmalarini shakllantirish maqsadida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan qurilish obyektlarida koʻchma darslar tashkil etadi;
tarkibidagi oliy taʼlim muassasalari va kasb-hunar kollejlari bitiruvchi kurs talabalarining tayyor kadr sifatida yetishib chiqishini taʼminlash hamda amaliyot darslari samaradorligini oshirish maqsadida ularni ishlab chiqarish amaliyotlarini oʻtash bazasi sifatida loyihalashtirish institutlari va qurilish tashkilotlariga joylashtirishga koʻmaklashadi, ularga tajribali mutaxassislarni biriktiradi va ularni ijtimoiy muhofaza qilish choralarini koʻradi;
tarkibidagi oliy taʼlim muassasalari va kasb-hunar kollejlarida yetakchi loyiha tashkilotlari, yirik qurilish tashkilotlari va shaharsozlik faoliyati sohasidagi boshqa tashkilotlarning tajribali mutaxassislari maʼruzalarini tashkil etadi;
kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasida ishtirok etadi, kasbiy amaliy imtihonlarni zamonaviy qurilish tashkilotlari bazasida oʻtkazishni tashkil etadi;
qurilish sohasidagi loyihachilar va mutaxassislarning doimiy asosda malakasini oshiradi va ularni qayta tayyorlashni tashkil etadi.
Davarxitektqurilish qonunchilikka muvofiq boshqa funksiyalarni ham amalga oshiradi.
10. Davarxitektqurilish oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bevosita, shuningdek oʻzining tizimidagi tarkibiy va hududiy boʻlinmalari orqali hal qiladi.
3-bob. Davarxitektqurilishning huquqlari va javobgarligi
11. Davarxitektqurilish oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlaridan, mahalliy davlat hokimiyati organlaridan va xoʻjalik yurituvchi subyektlardan oʻz vakolatiga kiruvchi masalalarni hal etishga doir maʼlumotlarni belgilangan tartibda soʻrash va olish;
oʻz vakolatlari doirasida shaharsozlik va shaharsozlik faoliyati sohasida kapital qurilishdagi iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish masalalari ishlab chiqilishini muvofiqlashtirish;
shaharsozlik va shaharsozlik faoliyati sohasida eng muhim muammolarni aniqlash va koʻrib chiqish boʻyicha idoralararo komissiyalar va kengashlar tashkil etish;
shaharsozlik faoliyati sohasidagi eng yaxshi ilmiy-texnik ishlanmalarni hamda hududlarni rejalashtirish va qurish loyihalarini tanlash uchun tanlovlar eʼlon qilish va tanlov komissiyalari tashkil etish;
kapital qurilish sohasida tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni xarid qilish boʻyicha ishlab chiqilgan tanlov hujjatlarini ekspertizadan oʻtkazish, markazlashtirilgan va unga tenglashtirilgan manbalar hisobiga moliyalashtiriladigan obyektlar uchun oʻtkaziladigan tanlov savdolarini tashkil etish va oʻtkazishning belgilangan tartibotlariga rioya etilishini nazorat qilish;
moliyalashtirishning markazlashtirilgan manbalari hisobiga amalga oshirilayotgan qurilishda tanlov savdolari natijalari toʻgʻrisida buyurtmachilarning hisobotlarini kelishish;
moliyalashtirishning markazlashtirilgan manbalari hisobiga amalga oshirilayotgan qurilish obyektlari boʻyicha tanlov savdolari va tuzilgan shartnomalar shartlarining buyurtmachilar va pudratchilar tomonidan bajarilishi monitoringini oʻtkazish;
tekshiruvni amalga oshirish jarayonida aniqlangan qonun buzilishlarini bartaraf etish boʻyicha, zaruriyat boʻlsa, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan ijro etish majburiy boʻlgan yozma koʻrsatmalar berish;
shaharsozlik faoliyati subyektlaridan shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga hamda shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya etilishini talab qilish;
qonun hujjatlariga muvofiq shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatish va ishlarni bajarish;
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro hujjatlari loyihalarini ishlab chiqishda belgilangan tartibda ishtirok etish, shaharsozlik faoliyati sohasida xalqaro shartnomalar tuzish.
Davarxitektqurilish qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
12. Davarxitektqurilish oʻz vakolati doirasida davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat tuzilmalari, boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiy boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilishga haqlidir.
Davarxitektqurilish zarur hollarda boshqa vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar bilan birgalikda qoʻshma qarorlar va boshqa hujjatlarni chiqarishga haqlidir.
13. Davarxitektqurilish oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarning samarali bajarilishi uchun javob beradi.
4-bob. Davarxitektqurilish faoliyatini tashkil etish
14. Davarxitektqurilishga Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tasdiqlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan rais rahbarlik qiladi.
Davarxitektqurilish raisining Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan oʻrinbosarlari, shu jumladan bir nafar birinchi oʻrinbosari boʻladi.
15. Davarxitektqurilish raisi:
Davarxitektqurilish faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi hamda Davarxitektqurilishga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
oʻzining oʻrinbosarlari vakolatlarini belgilaydi, ular oʻrtasida vazifalarni taqsimlaydi, Davarxitektqurilish tizimidagi rahbarlarning vakolatlari va shaxsiy javobgarligi darajasini belgilaydi;
Davarxitektqurilishning markaziy apparati shtat jadvalini tasdiqlaydi;
Davarxitektqurilish va uning tizimiga kiruvchi tashkilotlar tuzilmalariga cheklangan umumiy shtatlar soni doirasida belgilangan tartibda oʻzgartirishlar kiritadi;
oʻz vakolati doirasida Davarxitektqurilish tizimi xodimlari bajarishi majburiy boʻlgan buyruqlar va farmoyishlar, shuningdek shaharlar va shahar posyolkalarining bosh rejalarini tasdiqlash boʻyicha qarorlar qabul qiladi;
Davarxitektqurilish tizimiga kiruvchi tashkilotlar toʻgʻrisidagi nizomlarni belgilangan tartibda tasdiqlaydi;
davlat organlari va boshqa tashkilotlarida, shuningdek, xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlar vakillari ishtirokida oʻtkaziladigan rasmiy tadbirlarda Davarxitektqurilish nomidan vakillik qiladi;
Toshkent arxitektura-qurilish instituti va Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti prorektorlarini belgilangan tartibda lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi, ularning rektorlarini tayinlash toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi;
oʻz vakolati doirasida xodimlarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi.
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshiradi.
16. Davarxitektqurilishda rais (hayʼat raisi), uning oʻrinbosarlari (lavozimi boʻyicha), shuningdek Davarxitektqurilish faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini muvofiqlashtiruvchi boshqarma boshliqlaridan iborat tarkibda hayʼat tashkil etiladi.
Hayʼatning aʼzolari soni va shaxsiy tarkibi Davarxitektqurilish raisining taqdimi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
17. Hayʼat:
ushbu Nizomda belgilangan Davarxitektqurilish faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini tayyorlash va amalga oshirish;
Davarxitektqurilishning markaziy apparati va uning tizimiga kiradigan lavozimlar nomenklaturasini koʻrib chiqish va tasdiqlash;
Davarxitektqurilish nomenklaturasiga kiradigan lavozimlarga kadrlarni koʻrib chiqish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlarida, Hukumat qarorlarida belgilangan vazifalarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirishni taʼminlash uchun ijro intizomini mustahkamlash hamda Davarxitektqurilish rahbarlari va xodimlarining shaxsiy masʼuliyatini oshirish bilan bogʻliq masalalarni koʻrib chiqadi.
Hayʼat Davarxitektqurilish vakolatiga taalluqli boshqa masalalarni ham koʻrib chiqish huquqiga ega.
Hayʼat majlisiga Davarxitektqurilish vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, boshqa tashkilotlar rahbarlari taklif etilishi mumkin.
Hayʼat uning majlisida tarkibining yarmidan koʻpi qatnashgan taqdirda vakolatli boʻladi. Koʻrib chiqilayotgan masalalar boʻyicha qarorlar oddiy koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi.
Hayʼat qarorlari Davarxitektqurilishning qarorlari va raisning buyruqlari bilan amalga oshiriladi.
Hayʼat faoliyati tartibi uning hayʼat tasdiqlaydigan reglamentida belgilanadi.
18. Davarxitektqurilishda shaharsozlik va kapital qurilishda ilmiy-texnika taraqqiyoti muammolarini maqbul tarzda hal etish yoʻllarini koʻrib chiqish va izlash uchun ilmiy-texnika kengashi va texnik kengashi tuziladi. Ilmiy-texnik kengashga va texnik kengashga Davarxitektqurilish raisining birinchi oʻrinbosari rahbarlik qiladi. Kengashlarning tarkibi va ular toʻgʻrisidagi nizomlar Davarxitektqurilish raisi tomonidan tasdiqlanadi.
Davlat va xoʻjalik boshqaruv organlari hamda boshqa tashkilotlar mutaxassislari ilmiy-texnika kengash va texnik kengashda ishlashga jamoatchilik asosida jalb qilinishi mumkin.
19. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Arxitektura va qurilish Davarxitektqurilish raisi, viloyatlar va Toshkent shahri arxitektura va qurilish bosh boshqarmalari boshliqlari Davarxitektqurilishning tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari bilan kelishilgan holda berilgan taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining farmoyishi bilan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Arxitektura va qurilish Davarxitektqurilish raisining, viloyatlar va Toshkent shahri arxitektura va qurilish bosh boshqarmalari boshliqlari oʻrinbosarlari, shuningdek tumanlar (shaharlar) arxitektura va qurilish boʻlimlarining boshliqlari Davarxitektqurilish raisining buyrugʻi bilan, tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Arxitektura va qurilish qoʻmitasi raisi, viloyatlar va Toshkent shahri arxitektura va qurilish bosh boshqarmalari boshliqlarining taqdimiga binoan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.
Davarxitektqurilish tizimiga kiruvchi tashkilotlar rahbarlarini lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etish toʻgʻrisidagi buyruqni Davarxitektqurilish raisi qabul qiladi.
20. Davarxitektqurilish tizimiga kiruvchi tashkilotlar oʻz faoliyatini Davarxitektqurilish raisi tomonidan tasdiqlangan nizom (ustav)larga muvofiq amalga oshiradilar.
21. Davarxitektqurilishning markaziy apparati, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Arxitektura va qurilish qoʻmitasi hamda viloyatlar va Toshkent shahri arxitektura va qurilish bosh boshqarmalari, shahar va tuman arxitektura va qurilish boshqarma (boʻlim)lari taʼminoti xarajatlarini mablagʻ bilan taʼminlash Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hamda budjetdan tashqari mablagʻlar hisobiga amalga oshiriladi.
22. Davarxitektqurilish markaziy apparatining, shuningdek Qoraqalpogʻiston Respublikasi Arxitektura va qurilish qoʻmitasi, viloyatlar va Toshkent shahri arxitektura va qurilish bosh boshqarmalarining shtat jadvali va xarajatlar smetasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tasdiqlanadi va roʻyxatdan oʻtkaziladi.
Davarxitektqurilish tizimiga kiruvchi tashkilotlarning xarajatlar smetasi va shtat jadvallari Davarxitektqurilish bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
23. Davarxitektqurilish xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Davarxitektqurilishda Rivojlantirish va moddiy ragʻbatlantirish jamgʻarmasi tashkil etiladi.
Jamgʻarma mablagʻlari budjetdan tashqari manbalar, shu jumladan davlat ekspertizasi hududiy boshqarmalari, davlat arxitektura-qurilish nazorati inspeksiyalari hamda Qurilishda tanlov savdolari va narxlarni shakllantirish hududiy konsalting markazlari daromadlaridan 10 foiz ajratmalar va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga shakllantiriladi.
Rivojlantirish va moddiy ragʻbatlantirish jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizom Oʻzbekiston Respublikasining Moliya vazirligi bilan kelishgan holda Davarxitektqurilish hayʼatining qarori bilan tasdiqlanadi.
5-bob. Yakunlovchi qoida
24. Davarxitektqurilishni qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 1-avgustdagi 571-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika arxitektura-shaharsozlik kengashi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika arxitektura-shaharsozlik kengashining (keyingi oʻrinlarda Kengash deb ataladi) faoliyatini tartibga soladi.
Kengash davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, vazirliklar va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, shuningdek loyiha-qidiruv tashkilotlarining Oʻzbekiston Respublikasi hududi, uning qismlari, shu jumladan aholi punktlari va aholi punktlararo hududlarini shaharsozlik jihatdan rivojlantirish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiruvchi kollegial organ hisoblanadi.
2. Kengash oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Nizomga hamda boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
3. Kengash Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 1-maydagi PF-5030-son Farmonining 1-ilovasi bilan tasdiqlangan tarkibda oʻz faoliyatini yuritadi.
4. Kengash oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisob beradi va oʻz ishini Kengash raisi tomonidan tasdiqlangan ish rejasi asosida olib boradi.
2-bob. Kengashning asosiy vazifalari va funksiyalari
5. Kengashning asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi:
shaharsozlik va arxitekturani yanada rivojlantirish konsepsiyalari va dasturlarini shakllantirish, koʻrib chiqish va amalga oshirish ishlarini tashkil etish;
shaharlar, shahar posyolkalari va arxitektura komplekslarining bosh rejalari loyihalarini koʻrib chiqish va kelishib olish, ularning amalga oshirilishi, arxitektura-rejalashtirish hujjatlariga, muhim shaharsozlik norma va qoidalariga, davlat standartlarga rioya etilishi yuzasidan nazoratni amalga oshirish;
ilmiy asoslangan holda aholini joylashtirish, hududlarni rejalashtirish va qurish, zamonaviy talablarni, milliy arxitektura-madaniy anʼanalarni, shahar hududlaridan samarali foydalanish, tabiiy muhitga ziyon yetkazmaydigan munosabatda boʻlishni hisobga olgan holda aholi punktlarining arxitektura-rejalashtirish tuzilmasini uygʻun rivojlantirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish;
aholi punktlarining ijtimoiy va muhandislik-transport infratuzilmasini kompleks yangilash, zamonaviy shahar markazlarini shakllantirish, eski turar joy muhitining shinamligini sifat jihatidan oshirishni hamda tarixiy-arxitektura merosi obyektlari saqlab qolinishini nazarda tutgan holda eski shahar tumanlarini rekonstruksiya qilish boʻyicha takliflar tayyorlash.
6. Kengash oʻziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
shaharsozlik va arxitekturani yanada rivojlantirish konsepsiyalari shakllantirilishini, koʻrib chiqilishini va amalga oshirilishini tashkil etadi.
shaharsozlik va arxitektura sohasida kompleks davlat dasturlarini ishlab chiqishda ishtirok etadi, ularni muhokama qilish va kelishish ishlarini tashkil etadi hamda ularning amalga oshirilishiga koʻmaklashadi;
respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarining shaharsozlikka oid qismlarini koʻrib chiqadi va kelishadi;
shaharlar, shahar posyolkalarining va arxitektura komplekslarining bosh rejalari loyihalarini koʻrib chiqadi, kelishadi hamda tasdiqlash uchun tavsiya etadi;
belgilangan tartibda tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlariga, shu jumladan shaharlar va tumanlar markazlarining bosh rejalariga asoslangan oʻzgartirishlar kiritilishiga rozilik beradi;
alohida holatlarda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qarorlarida va maqsadli dasturlarda koʻzda tutilgan turar joy va ijtimoiy-fuqarolik maqsadlarida foydalaniladigan obyektlarni tasdiqlangan bosh rejalarga ega boʻlmagan shaharlarda, tuman markazlarida joylashtirishga va qurishga rozilik beradi;
shaharlar, shahar posyolkalari va arxitektura komplekslarining bosh rejalari loyihalari amalga oshirilishida arxitektura-rejalashtirish hujjatlariga, shuningdek muhim shaharsozlik norma va qoidalariga, davlat standartlarga rioya etilishi yuzasidan nazoratni tashkil etadi;
aholi punktlarining zamonaviy arxitektura qiyofasini shakllantirish, kompleks ravishda qurish, ijtimoiy, muhandislik va transport infratuzilmasini taʼminlash boʻyicha aholi punktlari shaharsozlik hujjatlarining asosiy qoidalari bajarilishi toʻgʻrisida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlarining hamda vazirliklar va idoralar rahbarlarining hisobotlarini eshitadi;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida aholini joylashtirish bosh tarhini hamda Oʻzbekiston Respublikasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar hududini rejalashtirish tarhlarini, umumdavlat ahamiyatiga molik alohida tartibga solinadigan shaharsozlik faoliyati obyektlarining shaharsozlik hujjatlarini, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi hududini rivojlantirishning tarmoq tarhlarini hamda muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish loyihalarini koʻrib chiqadi va ularni tasdiqlash, amaliyotga tatbiq etish yuzasidan takliflar va tavsiyalarni vakolatli organlarga kiritadi;
umumdavlat ahamiyatiga molik alohida, shu jumladan tabiiy va suv obyektlari zonalarini, rekreatsion, qishloq va oʻrmon xoʻjaligi, tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarning taʼsiriga uchragan, foydali qazilmalar joylashgan va boshqa hududlarning chegaralarini belgilaydi hamda tegishli obyektlar hududlarida shaharsozlik faoliyati tartibotini oʻrnatish boʻyicha hujjatlarni koʻrib chiqadi va ular yuzasidan tavsiyalar qabul qiladi;
mintaqalarda ekologik vaziyatni yaxshilash, yerlardan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish, madaniy meros obyektlari hududlarini saqlash, umumdavlat ahamiyatiga molik muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish chora-tadbirlarini belgilash ishlarini tashkil etadi;
hududni rivojlantirishga doir loyiha yechimlarini koʻrib chiqadi;
aholi punktlarining ijtimoiy va muhandislik-transport infratuzilmasini rivojlantirish, kompleks qurish va yangilash, zamonaviy shahar markazlarini shakllantirish boʻyicha takliflar tayyorlaydi;
eski turar joy muhitining shinamligini sifat jihatidan oshirishni va tarixiy-arxitektura merosi obyektlari saqlab qolinishini nazarda tutgan holda eski shahar tumanlarini va qismlarini rekonstruksiya qilish boʻyicha davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlariga tavsiyalar kiritadi.
3-bob. Kengashning huquqlari va javobgarligi
7. Kengash quyidagi huquqlarga ega:
ishchi guruhlar tuzish va ularda ishlash uchun tegishli mutaxassislarni jalb etish;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlaridan Kengash faoliyatiga doir hujjatlarni talab qilib olish;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda loyiha-qidiruv tashkilotlari tomonidan hududlarni shaharsozlik jihatidan rivojlantirish sohasida olib borilgan ishlarni oʻrganish, shuningdek ularning ushbu yoʻnalishdagi faoliyatini takomillashtirish boʻyicha tavsiyalar tayyorlash.
Kengash qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
8. Kengash ushbu Nizom hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlar bilan oʻziga yuklangan vazifalarning samarali bajarilishini taʼminlash uchun javob beradi.
4-bob. Kengash faoliyatini tashkil etish
9. Kengashga Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari raislik qiladi va uning vakolatiga quyidagilar kiradi:
Kengash majlisining kun tartibini belgilash va majlisni chaqirish;
Kengash tomonidan tuzilgan ishchi guruhlar faoliyatini nazorat qilish;
Kengash tomonidan qabul qilingan qarorlarning bajarilishi yuzasidan nazoratni tashkil qilish;
Kengashga yuklangan vazifalarni bajarish boʻyicha Kengash aʼzolarining faoliyatini nazorat qilish;
Kengash aʼzolari zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarish boʻyicha ishlarini muvofiqlashtirish;
Kengash aʼzolarining shaxsiy tarkibini oʻzgartirish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish;
Kengashning samarali ishlashini taʼminlash boʻyicha boshqa vakolatlarni amalga oshirish.
10. Kengash aʼzolari:
Kengash majlislarida koʻrib chiqiladigan masalalarni muhokama qilishda va hal etishda qatnashadilar;
shaharsozlikning dolzarb masalalari boʻyicha Kengashga takliflar kiritadilar;
Kengashda muhokama qilinadigan masalalar boʻyicha xulosalar beradilar.
Kengash aʼzolari Kengashdagi oʻz faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradilar.
11. Kengash majlisining oʻtkazilish vaqti, joyi va kun tartibi toʻgʻrisida Kengash aʼzolari majlis oʻtkazish kunidan kamida uch kun oldin xabardor qilinadi.
12. Kengash majlisini uning raisi olib boradi. Kengash raisi boʻlmagan taqdirda uning oʻrinbosari boshqaradi.
Kengash, agar majlisda uning aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi hozir boʻlsa, qaror qabul qilishga vakolatli hisoblanadi.
13. Kengash majlisiga unda koʻrib chiqilayotgan masalalarning ahamiyatiga koʻra davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, loyiha-qidiruv va boshqa tashkilotlar rahbarlari va mutaxassislari taklif etilishi mumkin.
5-bob. Kengashning ishchi organi va kotibi
14. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi Kengashning ishchi organi (keyingi oʻrinlarda ishchi organ deb ataladi) hisoblanadi.
15. Ishchi organ:
Kengash faoliyatini tashkiliy-texnik jihatdan taʼminlash masalalarini hal qiladi;
navbatdagi davr uchun Kengashning ish rejasi loyihasini tayyorlaydi, Kengash muhokamasiga kiritadi va tasdiqlangan ish rejasining bajarilishini taʼminlaydi;
Kengashning majlisiga zarur boʻlgan materiallarning tayyorlanishini taʼminlaydi va manfaatdor tashkilotlardan zarur materiallar va ekspert xulosalarini oladi;
Kengash majlisi kun tartibi masalasi boʻyicha tahliliy materiallar tayyorlanishini va majlis oʻtkazilishini tashkil etadi;
tushgan murojaatlarni koʻrib chiqadi hamda Kengash vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha qarorlar loyihalarini tayyorlaydi.
16. Kengash kotibi:
Kengash majlisiga zarur boʻlgan hujjatlarning oʻz vaqtida tayyorlanishini taʼminlaydi, Kengash majlisiga materiallar tayyorlash boʻyicha ishchi organning ishini tashkil etadi;
Kengash raisi bilan majlis oʻtkazish muddatlari va joyini, shuningdek taklif etiladiganlar roʻyxatini kelishadi, Kengash aʼzolarini va taklif etilgan shaxslarni majlisning oʻtkaziladigan sanasi, vaqti, joyi toʻgʻrisida xabardor qiladi;
kun tartibidagi masalalar boʻyicha Kengash majlislari oʻtkazilishini tashkil qiladi, Kengash majlisi bayonlarini rasmiylashtiradi va tasdiqlangan bayonlarning Kengash aʼzolariga va boshqa manfaatdor tashkilotlarga yuborilishini tashkil etadi;
Kengash qarorlari ijrosi monitoringini olib boradi va uning natijasini koʻrib chiqish uchun Kengash majlisiga taqdim etadi.
6-bob. Kengash tomonidan qarorlar qabul qilish va ularning bajarilishini tashkil etish
17. Kengash qarori Kengash majlisida qatnashayotgan aʼzolarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlgan taqdirda Kengash raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
Kengashning har bir aʼzosi qabul qilinayotgan qarorlar yuzasidan oʻz fikrini yozma ravishda bildirish huquqiga ega.
18. Kengash raisi qarorlarni tezkor qabul qilish maqsadida Kengashning alohida masalalar boʻyicha Kengash aʼzolari bilan kelishilgan qarorlarini soʻrov yoʻli bilan tasdiqlashi mumkin.
19. Kengash qarorlari Kengash majlisi bayoni bilan rasmiylashtiriladi. Kengash majlisi bayoni ishchi organ rahbari va Kengash kotibi tomonidan imzolanadi, Kengash raisi tomonidan tasdiqlanadi va bir hafta muddatda Kengash aʼzolariga hamda manfaatdor tashkilotlarga yuboriladi.
20. Kengash bayonining asl nusxasi Vazirlar Mahkamasining Kommunal soha, transport, kapital qurilish va qurilish industriyasi masalalari axborot-tahlil departamentida saqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
21. Kengashining oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari barcha vazirliklar, idoralar, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bajarilishi majburiydir.
22. Kengashning ishchi organi va kotibi Kengash qarorlarining bajarilishini muntazam ravishda oʻrganadilar va koʻrib chiqadilar, zaruriyat boʻlganda Kengash raisiga tegishli axborotlar va takliflar kiritadilar.
Kengash qabul qilingan qarorlarning bajarilishi holatini vakolati doirasida oʻz majlislarida muntazam ravishda koʻrib chiqadi.
23. Kengashning ish tartibi uning Reglamentida belgilanadi. Reglament Kengash tomonidan qabul qilinadi.
7-bob. Yakunlovchi qoida
24. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 1-avgustdagi 571-son qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Arxitektura va qurilish qoʻmitasi, viloyatlar va Toshkent shahri arxitektura va qurilish bosh boshqarmalari huzuridagi hududiy arxitektura-shaharsozlik kengashi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Qoraqalpogʻiston Respublikasi arxitektura va qurilish qoʻmitasi, viloyatlar va Toshkent shahri arxitektura va qurilish bosh boshqarmalari huzuridagi hududiy arxitektura-shaharsozlik kengashining (keyingi oʻrinlarda Kengash deb ataladi) faoliyatini tartibga soladi.
2. Kengash oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Nizomga hamda boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
3. Kengash Qoraqalpogʻiston Respublikasi arxitektura va qurilish qoʻmitasining, viloyatlar va Toshkent shahri arxitektura va qurilish bosh boshqarmalarining (keyingi oʻrinlarda hududiy arxitektura organlari deb ataladi) arxitektura, shaharsozlik va hududlarni rivojlantirish masalalari boʻyicha kollegial organi hisoblanadi hamda shaharsozlik va loyiha hujjatlarini kelishish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish jarayonida ularning kasbiy asoslanganligi, shaffofligi va ochiqligini taʼminlaydi.
4. Kengashning tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 1-maydagi PF-5030-son Farmonining 1a-ilovasiga muvofiq shakllantiriladi.
5. Kengash oʻz faoliyatida Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasiga hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga hisobot beradi va oʻz ishini Kengash raisi tomonidan tasdiqlangan ish rejasiga muvofiq, bepul asosda amalga oshiradi.
2-bob. Kengashning asosiy vazifalari va funksiyalari
6. Kengashning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar hududlarini rejalashtirish tarhlarini hamda tumanlar (tuman guruhlari) ni rejalashtirish loyihalarini, aholi punktlarining bosh rejalarini hamda oʻz tasarrufidagi hududlarda boshqa shaharsozlik hujjatlarini koʻrib chiqish va kelishib olish;
binolar, inshootlar va boshqa obyektlarning loyihalarini koʻrib chiqish va kelishib olish;
aholi punktlarini va qishloqlararo hududlarni rivojlantirishni rejalashtirish va qurish toʻgʻrisida davlat boshqaruvi organlarining, yuridik va jismoniy shaxslarning takliflarini koʻrib chiqish;
bosh rejalarni, batafsil rejalashtirish loyihalarini hamda boshqa shaharsozlik hujjatlarini amalga oshirish, shaharsozlik faoliyati obyektlarini joylashtirish hamda tegishli hududlarda muhandislik, transport va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish boʻyicha viloyat, tuman va shaharlar davlat hokimiyati organlariga takliflar kiritish.
7. Kengash oʻziga yuklangan vazifalardan kelib chiqib quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
oʻz hududida Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar hududini rejalashtirish tarhlari, tumanni (tumanlar guruhlarini) rejalashtirish loyihalari, aholi punktlarining bosh rejalari, batafsil rejalashtirish loyihalari va boshqa shaharsozlik hujjatlarni koʻrib chiqadi, kelishadi va tasdiqlash uchun vakolatli organlari tomonidan tasdiqlashga tavsiya qiladi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyat, tuman va shaharlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarining shaharsozlikka oid qismlarini, shaharsozlik va arxitekturani yanada rivojlantirish konsepsiyalari ishlab chiqilishida ishtirok etadi, ularni koʻrib chiqadi va maʼqullaydi, ularning amalga oshirilishida bevosita ishtirok etadi;
Kengash belgilangan tartibda tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlariga, shu jumladan shaharlar va tumanlar markazlarining bosh rejalariga asoslangan oʻzgartirishlar kiritilishiga oʻz vakolati doirasida rozilik beradi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika arxitektura-shaharsozlik kengashi vakolatiga kiruvchi masalalar yuzasidan esa takliflar kiritadi;
binolar, inshootlar va boshqa obyektlar qurilishi uchun loyiha hujjatlarini mintaqalarda ekologik vaziyatni yaxshilash, yerlardan oqilona foydalanish, turar joy muhitining shinamligini sifat jihatidan oshirishni va tarixiy-arxitektura merosi obyektlarini saqlab qolish nuqtai-nazaridan kelib chiqib koʻrib chiqadi, maʼqullaydi yoki qayta ishlash uchun tavsiya beradi;
aholi punktlarini va qishloqlararo hududlarni rivojlantirishni rejalashtirish va qurish toʻgʻrisida, shu jumladan arxitektura va shaharsozlik komplekslari, muhandislik, transport va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish sohasida davlat boshqaruvi organlarining, yuridik va jismoniy shaxslarning takliflarini koʻrib chiqadi hamda asoslangan takliflar boʻyicha vakolatli davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlariga tavsiyalar kiritadi;
bosh rejalar, batafsil rejalashtirish loyihalari hamda boshqa shaharsozlik hujjatlari asosida aholi punktlarini qurish va qismlarini rekonstruksiya qilish, ijtimoiy va muhandislik-transport infratuzilmalarini rivojlantirish va yangilash boʻyicha takliflarni davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlariga kiritadi;
zamonaviy shahar markazlarini shakllantirish, eski turar joy muhitining shinamligini sifat jihatidan oshirishni va tarixiy-arxitektura merosi obyektlari saqlab qolinishini nazarda tutgan holda eski shahar tumanlarini va qismlarini rekonstruksiya qilish boʻyicha davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlariga tavsiyalar kiritadi;
hududiy ahamiyatga molik alohida, shu jumladan tabiiy va suv obyektlari zonalarini, rekreatsion, qishloq va oʻrmon xoʻjaligi, tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarning taʼsiriga uchragan, foydali qazilmalar joylashgan va boshqa hududlarning chegaralarini belgilaydi hamda tegishli obyektlar hududlarida shaharsozlik faoliyati tartibotini oʻrnatish boʻyicha hujjatlarni koʻrib chiqadi va ular yuzasidan tavsiyalar qabul qiladi.
3-bob. Kengashning huquqlari va javobgarligi
8. Kengash oʻziga yuklangan vazifalarning amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida:
vaqtinchalik ishchi guruhlar tuzish va ularda ishlash uchun mutaxassislarni jalb etish;
mahalliy davlat hokimiyati organlaridan va tashkilotlardan Kengash faoliyatiga doir hujjatlarni soʻrab olish;
shaharsozlik hujjatlarini amalga oshirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida tuman va shahar hokimlari hamda tegishli tashkilotlar rahbarlarining hisobotlarini eshitish huquqiga ega.
Kengash qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
9. Kengash ushbu Nizom hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlar bilan oʻziga yuklangan vazifalarning samarali bajarilishini taʼminlash uchun javob beradi.
4-bob. Kengash faoliyatini tashkil etish
10. Kengashga hududiy arxitektura organi rahbari raislik qiladi va uning vakolatiga quyidagilar kiradi:
Kengash aʼzolarining shaxsiy tarkibini tasdiqlash;
Kengash majlisining kun tartibini belgilash va majlisni chaqirish;
Kengash tomonidan tuzilgan ishchi guruhlar faoliyatini muvofiqlashtirish;
Kengash tomonidan qabul qilingan qarorlarning bajarilishi yuzasidan nazoratni tashkil qilish;
Kengash aʼzolarining zimmasiga yuklangan vazifalarini bajarish boʻyicha ishlarini muvofiqlashtirish;
Kengashning samarali ishlashini taʼminlash boʻyicha boshqa vakolatlarni amalga oshirish.
Hududiy arxitektura organi rahbarining birinchi oʻrinbosari — bosh arxitektor Kengash raisining oʻrinbosari hisoblanadi.
11. Kengash aʼzolari:
Kengash majlislarida koʻrib chiqiladigan masalalarni muhokama qilishda va hal etishda qatnashadilar;
shaharsozlik sohasidagi dolzarb masalalari boʻyicha Kengashga takliflar kiritadilar;
Kengash muhokama qiladigan masalalar boʻyicha xulosalar beradilar.
Kengash aʼzolari Kengashdagi oʻz faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradilar.
12. Kengash majlislari har haftada bir marotaba oʻtkaziladi. Kengash majlisini oʻtkazish vaqti, joyi va kun tartibi toʻgʻrisida Kengash aʼzolari majlisni oʻtkazish kunidan kamida uch kun oldin xabardor qilinadi.
13. Kengash majlisini uning raisi olib boradi. Kengash raisi boʻlmagan taqdirda uning oʻrinbosari boshqaradi.
Kengash majlisi aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi hozir boʻlganda vakolatli hisoblanadi. Majlisni oʻtkazish uchun kvorum boʻlmaganda Kengash yangi majlis oʻtkazish sanasini eʼlon qiladi.
14. Kengash majlisiga unda koʻrib chiqilayotgan masalalarning ahamiyatiga koʻra davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, loyiha-qidiruv va boshqa tashkilotlar rahbarlari va mutaxassislari taklif etilishi mumkin.
5-bob. Kengashning ishchi organi va kotibi
15. Qoraqalpogʻiston Respublikasi arxitektura va qurilish qoʻmitasi, viloyatlar va Toshkent shahar arxitektura va qurilish bosh boshqarmalari Kengashning ishchi organi (keyingi oʻrinlarda ishchi organ deb ataladi) hisoblanadi.
Ishchi organ:
Kengash faoliyatini tashkiliy-texnik jihatdan taʼminlash masalalarini hal qiladi;
navbatdagi davr uchun Kengashning ish rejasi loyihasini tayyorlaydi, Kengash muhokamasiga kiritadi va tasdiqlangan ish rejasining bajarilishini taʼminlaydi;
Kengashning majlisiga zarur boʻlgan materiallarning tayyorlanishini taʼminlaydi va manfaatdor tashkilotlardan zarur materiallarni oladi;
kun tartibi masalasi boʻyicha Kengash majlisi oʻtkazilishini tashkil etadi.
16. Kengashning masʼul kotibi vazifasini bajarish hududiy arxitektura organining Aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish boʻlimi boshligʻi zimmasiga yuklanadi va uning vakolatiga quyidagilar kiradi:
Kengash majlisiga zarur boʻlgan hujjatlarning oʻz vaqtida tayyorlanishini taʼminlash, Kengash majlisiga materiallar tayyorlash boʻyicha ishchi organning ishini tashkil etish;
Kengash raisi bilan majlis oʻtkazish muddatlari va joyini, shuningdek taklif etiladiganlar roʻyxatini kelishish, Kengash aʼzolarini va taklif etilgan shaxslarni majlisning oʻtkaziladigan sanasi, vaqti, joyi toʻgʻrisida xabardor qilish;
kun tartibidagi masalalar boʻyicha Kengash majlislari oʻtkazilishini tashkil qilish, Kengash majlisi bayonlarini rasmiylashtirish va tasdiqlangan bayonlarning Kengash aʼzolariga va boshqa manfaatdor tashkilotlarga yuborilishini tashkil etish;
Kengash qarorlari ijrosi monitoringini olib borish va uning natijasini koʻrib chiqish uchun Kengash majlisiga kiritish.
6-bob. Kengash tomonidan qarorlar qabul qilish va ularning bajarilishini tashkil etish
17. Kengash qarori Kengash majlisida qatnashayotgan aʼzolarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlgan taqdirda Kengash raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
Kengashning har bir aʼzosi qabul qilinayotgan qarorlar yuzasidan oʻz fikrini yozma ravishda bildirish huquqiga ega.
18. Kengash aʼzosi yigʻilishda ishtirok etmagan boʻlsa loyiha (loyihalar) Kengash aʼzosi vakili boʻlgan tashkilot bilan kelishilgan deb hisoblanadi (uzrli sabablarga koʻra holatlar bundan mustasno). Bunday holatlarda ushbu tashkilot vakolatidagi masalalar boʻyicha masʼuliyat vakili ishtirok etmagan tashkilotga yuklanadi.
19. Kengash qarorlari Kengash majlisi bayoni bilan rasmiylashtiriladi. Kengash majlisi bayoni Kengash kotibi tomonidan imzolanadi, Kengash raisi tomonidan tasdiqlanadi va uch kun muddatda Kengash aʼzolariga hamda manfaatdor tashkilotlarga yuboriladi.
Bayonda koʻrib chiqilgan loyiha (masala)ni, asoslangan sabablarini koʻrsatgan holda, kelishish, kelishishni rad etish yoki uni qayta ishlash uchun qaytarish toʻgʻrisida aniq xulosa aks ettirilgan boʻlishi lozim.
Kengash aʼzolari muhokama etilgan loyiha (masala) xususida bayonga oʻzining alohida fikrini kiritishga haqli.
Kengash bayonining asl nusxasi hududiy arxitektura organida 5 yil davomida saqlanadi.
Kengash bayoni (bayondan koʻchirma) yoʻqolgan yoki buzilgan holatlarda loyiha tashkilotning murojaatiga koʻra uch kun muddatda unga bayon nusxasi (dublikati) beriladi.
20. Kengashning loyihani kelishish toʻgʻrisidagi ijobiy qarori (bayoni) loyiha (shaharsozlik) hujjatlarining keyingi bosqichlarini loyihalash va loyihalarni davlat ekspertizasiga taqdim etish uchun asos boʻladi.
21. Kengashning oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari barcha vazirliklar, idoralar, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bajarilishi majburiydir.
22. Kengash qabul qilingan qarorlarning bajarilishi holatini oʻz majlislarida muntazam ravishda koʻrib chiqadi.
23. Kengashning ish tartibi uning Reglamentida belgilanadi. Reglament Kengash tomonidan qabul qilinadi.
7-bob. Yakunlovchi qoida
24. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 1-avgustdagi 571-son qaroriga
4-ILOVA
4-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi huzuridagi Arxitektura-qurilish nazorati davlat inspeksiyasi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi huzuridagi Arxitektura-qurilish nazorati davlat inspeksiyasining (keyingi oʻrinlarda Inspeksiya deb ataladi) asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari hamda faoliyatining tashkiliy asoslarini belgilaydi.
2. Inspeksiya Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi markaziy apparatining yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan tarkibiy boʻlinmasi hisoblanadi.
2-bob. Inspeksiyaning asosiy vazifalari va funksiyalari
3. Inspeksiyaning asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi:
aholi punktlarining belgilangan tartibda tasdiqlangan bosh rejalariga qatʼiy muvofiq ravishda kompleks qurilishini, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan aholi punktlarini rejalashtirish va qurishda shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonunchilikka, shaharsozlik norma va qoidalariga, davlat standartlarga soʻzsiz rioya etish, qurilish-montaj ishlarining bajarilishi, qurilish materiallari va buyumlar ishlab chiqarilishi va qoʻllanilishi yuzasidan nazoratni amalga oshirish;
buyurtmachining texnik nazorati va loyiha tashkilotlarining mualliflik nazoratini olib borilishi yuzasidan monitoring oʻtkazadi.
4. Inspeksiya oʻziga yuklangan asosiy vazifalariga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
aholi punktlarining belgilangan tartibda tasdiqlangan bosh rejalariga qatʼiy muvofiq ravishda kompleks qurilishi yuzasidan davlat nazoratini amalga oshiradi;
yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan aholi punktlarini rejalashtirish va qurishda shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga, shaharsozlik norma va qoidalariga, davlat standartlarga rioya etishlari yuzasidan davlat nazoratni amalga oshiradi;
loyiha-qidiruv va qurilish-montaj ishlarining bajarilishi, qurilish materiallari va buyumlar ishlab chiqarilishi va qoʻllanilishi yuzasidan nazoratni amalga oshiradi;
buyurtmachining texnik nazorati va loyiha tashkilotlarining mualliflik nazoratini olib borilishi yuzasidan monitoring oʻtkazadi;
Arxitektura-qurilish nazorati hududiy davlat inspeksiyalari tomonidan har chorakda bajarilgan ishlar yuzasidan hisobotlarni umumlashtiradi va monitoringini olib boradi;
Arxitektura-qurilish nazorati hududiy davlat inspeksiyalarining inspektorlarini qonunchilikda belgilangan tartibda attestatsiyadan oʻtkazadi va ularning natijalariga koʻra sertifikatlar beradi;
qonun hujjatlariga muvofiq qurilish obyektlarining murakkablik (xavflilik) darajasiga koʻra, qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish jarayonida tekshirishlar oʻtkazadi;
Qurilish-pudrat tashkilotlari reyestrini shakllantiradi va har yili yangilanadigan yagona elektron maʼlumotlar bazasini yuritadi.
3-bob. Inspeksiyaning huquqlari va javobgarligi
5. Inspeksiya oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
moliyalashtirish manbalaridan qatʼi nazar, barcha qurilishlarda, shu jumladan, yakka tartibdagi uy-joy qurilish obyektlarida ruxsat berilgan hujjatlar mavjudligi va shaharsozlik norma hamda qoida talablariga rioya etilayotganligi borasida, nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi hududiy komissiya bilan kelishmagan holda, hech bir toʻsiqlarsiz qisqa muddatli (subyektning moliya-xoʻjalik faoliyatiga aralashmasdan) inspektorlik tekshiruvlari oʻtkazish;
tekshiruvni amalga oshirish jarayonida aniqlangan qonun buzilishlarini bartaraf etish boʻyicha, zaruriyat boʻlsa, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bajarishi majburiy boʻlgan yozma koʻrsatmalar berish;
loyiha-pudrat tashkilotlari va buyurtmachi tashkilotlardan qoʻllanadigan qurilish materiallari, konstruksiyalari va buyumlari hamda bajariladigan qurilish-montaj ishlari sifatini nazorat qilish uchun zarur boʻlgan loyiha, texnologik, ijro hujjatlarini va boshqa materiallarni olish;
davlat standartlari va texnik shartlar buzilganligi aniqlangan taqdirda, qurilish materiallari hamda buyumlari ishlab chiqarilishi, realizatsiya qilinishi va qoʻllanilishini, normativ talablar hamda tasdiqlangan loyiha yechimlari chidamlilik, puxtalik xususiyatlari pasayishiga sabab boʻlgan darajada buzilganda, shuningdek binolar va inshootlarning avariya xavfi boʻlgan, obyektlar oʻzboshimchalik bilan qurilgan taqdirda qurilish-montaj ishlarini davom ettirishni toʻxtatib turadi. Tadbirkorlik subyektining faoliyatini toʻxtatib qoʻyishga olib keladigan qurilish materiallari va buyumlari ishlab chiqarish, ularni realizatsiya qilish va qoʻllash, qurilish-montaj ishlarini davom ettirishni toʻxtatib qoʻyish sud tartibida amalga oshiriladi, bundan favqulodda vaziyatlar, epidemiyalar hamda aholining hayoti va salomatligi uchun boshqa real xavf yuzaga kelishining oldini olish bilan bogʻliq holda faoliyatni oʻn ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatga toʻxtatib qoʻyish hollari mustasno;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan holatlarda va tartibda shaharsozlik faoliyati sohasidagi maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi bayonnomalar tuzadi va yoʻl qoʻyilgan qoida buzilishlarida aybdor boʻlgan shaxslarni maʼmuriy javobgarlikka tortish uchun materiallarni sudga beradi;
qurilish ishlari xavfsizligi qoidalarini buzish holatlari inson sogʻligʻi va hayotiga ziyon yetkazilishiga yoki boshqa ogʻir oqibatlar kelib chiqishiga sabab boʻlganda huquqni muhofaza qilish organlariga tegishli materiallarni ilova qilgan holda xabar beradi;
buyurtmachilar, pudratchilar va loyiha tashkilotiga shaharsozlik sohasidagi qonun hujjatlari talablarini buzayotgan (ularning buyruqlari bilan tayinlangan) mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortish toʻgʻrisida taqdimnomalar kiritadi;
6. Inspeksiya oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi yuzasidan qonun hujjatlariga muvofiq javob beradi.
4-bob. Inspeksiya faoliyatini tashkil etish
7. Inspeksiyani Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi raisining oʻrinbosari — Arxitektura-qurilish nazorati davlat inspeksiyasi boshligʻi boshqaradi.
Arxitektura-qurilish nazorati davlat inspeksiyasi boshligʻi belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.
8. Inspeksiya boshligʻining oʻrinbosari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi raisi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
9. Inspeksiya boshligʻi:
Inspeksiya zimmasiga yuklangan vazifalarning bajarilishi yuzasidan shaxsan javob beradi;
qurilish ishlari sifati yuzasidan tizimli monitoring va nazoratni, shuningdek oʻz vakolati doirasidagi masalalar boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqilishini va amalga oshirilishini tashkil etadi;
Arxitektura-qurilish nazorati hududiy davlat inspeksiyalarining faoliyatini tashkil etadi, shu jumladan:
Arxitektura-qurilish nazorati hududiy davlat inspeksiyalari rahbarlarining lavozim yoʻriqnomalarini va funksional vazifalarini tasdiqlaydi;
Arxitektura-qurilish nazorati hududiy davlat inspeksiyalarning shtat jadvallari va xarajatlar smetalarini tasdiqlaydi;
Inspeksiya boshligʻi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshiradi.
5-bob. Yakunlovchi qoida
10. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 1-avgustdagi 571-son qaroriga
5-ILOVA
5-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi huzuridagi Taʼlim muassasalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi huzuridagi Taʼlim muassasalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda Jamgʻarma deb ataladi) mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibini belgilaydi.
2. Jamgʻarma oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, boshqa qonun hujjatlariga va ushbu Nizomga amal qiladi.
3. Jamgʻarma yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan holda tashkil etilib, jamgʻarma mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining gʻaznachiligida ochiladigan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasining maxsus budjetdan tashqari hisob raqamida toʻplanadi.
2-bob. Jamgʻarmaning maqsadi va asosiy vazifalari
4. Ushbu Nizomda belgilangan manbalar hisobidan mablagʻlari va daromadlarini toʻplash va ularni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda Davarxitektqurilish deb ataladi) tarkibidagi taʼlim muassasalarini oʻquv-metodik adabiyotlar bilan taʼminlashga, oʻquv jarayonlariga oʻqitishning ilgʻor shakllari va uslublarini, kompyuter va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tatbiq etishga, professor-oʻqituvchilar tarkibi, ilmiy xodimlar va talabalar uchun malaka oshirish va xalqaro tajriba almashinuvini tashkil qilishga, iqtidorli talabalarni moddiy qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirish Jamgʻarmani tashkil etilishining maqsadi hisoblanadi.
5. Mablagʻlar toʻplanishini taʼminlash va quyidagilarni moliyalashtirish Jamgʻarmaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
oʻquv-metodik adabiyotlar bilan taʼminlash;
oʻquv jarayonlariga oʻqitishning ilgʻor shakllari va uslublarni, kompyuter va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tatbiq etish;
professor-oʻqituvchilar tarkibi, ilmiy xodimlari va talabalari uchun xalqaro tajriba almashinuvini tashkil qilish;
iqtidorli talabalarni yetakchi xorijiy taʼlim muassasalariga tajriba oshirishga yuborish;
taʼlim muassasalarining ilmiy-texnik va moddiy bazasini rivojlantirish;
xorijiy taʼlim muassasalari va soha institutlarining yetakchi mutaxassislarini, ishlab chiqarish sohasidagi tajribali mutaxassislarni dars berishga jalb etish;
iqtidorli talabalar uchun maxsus stipendiyalar taʼsis etish;
taʼlim muassasalarining faoliyatini yanada takomillashtirishga yoʻnaltirilgan boshqa tadbirlarni amalga oshirish.
3-bob. Jamgʻarmani boshqarish
6. Jamgʻarmani boshqarish Davarxitektqurilishning hayʼati tomonidan tashkil etiladigan Jamgʻarma kengashi tomonidan amalga oshiriladi.
7. Quyidagilar Jamgʻarma kengashining asosiy vazifalari hisoblanadi:
Jamgʻarmaning keyingi yil uchun daromadlar va xarajatlar smetasini har yili 25-dekabrga qadar tasdiqlash;
chorak yakuni boʻyicha Jamgʻarma mablagʻlarining tushumi va xarajatlari toʻgʻrisidagi hisobotlarni koʻrib chiqish va tasdiqlash;
Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanilishini nazorat qilish;
Jamgʻarmani qoʻllab-quvvatlash va unga xorijiy kreditlar va grantlarni jalb etish;
Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish bilan bogʻliq boshqa vakolatlarni amalga oshirish.
8. Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish monitoringini olib borish Davarxitektqurilishning Taʼlim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish va Jamgʻarmani boshqarish boʻlimi (keyingi oʻrinlarda Boʻlim deb ataladi) tomonidan amalga oshiriladi.
Boʻlim Jamgʻarma mablagʻlari shakllanishi va sarflanishi monitoringini yuritadi. Boʻlim faoliyatini taʼminlash bilan bogʻliq xarajatlar Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi. Boʻlim xodimlariga Davarxitektqurilishning markaziy apparati xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish tartibi tatbiq etiladi.
9. Quyidagilar boʻlimning vazifalari hisoblanadi:
Jamgʻarma daromadlari va xarajatlari smetasini tayyorlash;
Jamgʻarma mablagʻlari tushumlarini koʻpaytirish va ulardan samarali foydalanish boʻyicha takliflar tayyorlash;
soʻrovlarni umumlashtirish hamda ularni Jamgʻarma kengashida koʻrib chiqish uchun kiritish;
Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanishni joriy nazorat qilish, hisobini yuritish va monitoringini olib borish;
Jamgʻarmaning ajratilgan mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishini joylarda oʻrganish;
Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanilishi toʻgʻrisidagi hisobotni har chorakda kamida bir marta Jamgʻarma kengashiga taqdim etish.
10. Jamgʻarma mablagʻlarining hisob va hisobotini yuritish hamda joriy xizmat koʻrsatish ishlari Davarxitektqurilishning buxgalteriyasi tomonidan amalga oshiriladi.
4-bob. Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish tartibi
11. Jamgʻarma mablagʻlari quyidagi manbalar hisobidan shakllantiriladi:
tashkiliy-huquqiy mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, loyiha-qidiruv tashkilotlarining bajarilayotgan loyiha-qidiruv ishlari hajmining 0,1 foiz miqdoridagi majburiy ajratmalari;
shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun solingan jarimalardan tushgan mablagʻlar (sud xarajatlari chiqarib tashlangan holda);
yuridik va jismoniy shaxslarining ixtiyoriy homiylik xayriyalari;
xorijiy mamlakatlar, xalqaro tashkilotlar va moliya institutlarining grantlari hamda begʻaraz yordami va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalardan tushadigan mablagʻlar.
12. Jamgʻarmaga majburiy ajratmalar loyiha-qidiruv tashkilotlari tomonidan hisobot oyi uchun keyingi oyning 10-kunidan kechiktirmay oʻtkaziladi.
13. Jamgʻarmaga ajratmalarning oʻz vaqtida va toʻliq oʻtkazilishi uchun masʼuliyat Davarxitektqurilish tizimiga kiruvchi tashkilotlar rahbarlari zimmasiga yuklanadi.
14. Jamgʻarmaning oʻtgan yilda ishlatilmagan mablagʻlari olib qoʻyilmaydi va joriy yilda ushbu Nizomda koʻrsatilgan maqsadlar uchun sarflanadi.
5-bob. Jamgʻarma mablagʻlarini sarflash tartibi
15. Jamgʻarma mablagʻlari Jamgʻarma kengashi tomonidan tasdiqlangan Jamgʻarma daromadlari va xarajatlari smetasiga muvofiq quyidagi maqsadlarga yoʻnaltiriladi:
yangi avlod darsliklari va oʻquv qoʻllanmalarini yaratish;
oʻquv binolari va talabalar yashash joylarining moddiy holatini yaxshilash, shu jumladan zarur holatlarda, ularni qisman joriy taʼmirlashni amalga oshirish;
zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;
taʼlim muassasalarida ijtimoiy, tarbiyaviy, psixologik va boshqa oʻquv-uslubiy, ilmiy loyihalar hamda tadqiqotlarni tashkil etish va oʻtkazish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qarorlariga binoan oʻtkaziladigan sport-sogʻlomlashtirish ishlari va boshqa tadbirlarni amalga oshirish.
16. Jamgʻarmaning daromadlar va xarajatlar smetasi budjet tashkilotlari uchun budjetdan tashqari mablagʻlar boʻyicha qonun hujjatlarida belgilangan tartibda (yil choraklari, manbalari va ulardan foydalanish yoʻnalishlari boʻyicha) tuziladi hamda Jamgʻarma kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
17. Jamgʻarma kengashi tomonidan tasdiqlangan holda, Jamgʻarmaning daromadlar va xarajatlar smetasiga oʻzgartirish kiritish huquqiga ega.
18. Jamgʻarma mablagʻlarining taqsimlovchisi Jamgʻarma kengashi tomonidan belgilanadi.
6-bob. Hisob, hisobot va nazorat
19. Jamgʻarma mablagʻlarining hisobi va hisoboti Davarxitektqurilishning budjetdan tashqari mablagʻlaridan boʻlak holda alohida yuritiladi.
20. Jamgʻarma daromadlari va xarajatlari smetasining ijrosi toʻgʻrisidagi yillik hisobot Davarxitektqurilishning hayʼati yigʻilishida koʻrib chiqiladi hamda har yili 15-martgacha Jamgʻarma kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
21. Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Nazorat-taftish bosh boshqarmasi tomonidan amalga oshiriladi.
7-bob. Yakunlovchi qoida
22. Jamgʻarmani qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 1-avgustdagi 571-son qaroriga
6-ILOVA
6-ILOVA
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Arxitektura va qurilish qoʻmitasi, viloyatlar hamda Toshkent shahar arxitektura va qurilish bosh boshqarmalari toʻgʻrisida
NAMUNAVIY NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Qoraqalpogʻiston Respublikasi Arxitektura va qurilish qoʻmitasi, viloyatlar hamda Toshkent shahar arxitektura va qurilish bosh boshqarmalarining (keyingi oʻrinlarda Bosh boshqarma deb ataladi) asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlarini hamda faoliyatining tashkiliy asoslarini belgilaydi.
2. Bosh boshqarma respublikada arxitektura va shaharsozlikni boshqarish organlarining yagona tizimidagi hududiy boʻgʻin (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar) hisoblanadi, oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasiga (keyingi oʻrinlarda Davarxitektqurilish deb ataladi) boʻysunadi va tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimlariga hisobot beradi.
3. Bosh boshqarma oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga hamda ushbu Nizomga, shuningdek Qoʻmitaning buyruqlari va qarorlariga amal qiladi.
4. Bosh boshqarma oʻz vazifalari va funksiyalarini amalga oshirishda davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari hududiy boʻlinmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlik qiladi.
5. Bosh boshqarma yuridik shaxs hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi tushirilgan muhr va blankalarga, mustaqil balansga, bank hisob raqamlariga va Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri boʻyicha Gʻaznachilik boshqarmalarida hisob raqamlariga ega boʻladi.
2-bob. Bosh boshqarmaning asosiy vazifalari va funksiyalari
6. Quyidagilar Bosh boshqarmaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga, shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga rioya etilishini nazorat qilish;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, tumanlar hududlarini rejalashtirish sxemalarini, aholi punktlarining bosh rejalarini hamda boshqa shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish va tasdiqlashni tashkillashtirish;
oʻz vakolati doirasida shaharsozlik hujjatlarini amaliyotga tatbiq etish monitoringini va davlat shaharsozlik kadastrini yuritish;
shaharsozlik, shaharsozlik faoliyati yoʻnalishlari boʻyicha takliflar tayyorlash, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning uzoq va oʻrta muddatli davlat dasturlarini, tarmoq va hududiy dasturlarni ishlab chiqishda qatnashish;
mahalliy davlat hokimiyati organlariga shaharsozlik faoliyati obyektlarini joylashtirish hamda tegishli hududda muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish yuzasidan takliflar kiritish;
shaharsozlik, shaharsozlik faoliyati sohasida yagona ilmiy-texnikaviy siyosat olib borish, yuqori samarali va energiyani tejaydigan loyiha yechimlari va qurilish materiallarini, zamonaviy qurilish texnologiyalari va innovatsiya loyihalarini tatbiq etish;
bozor islohotlari jarayonlarini chuqurlashtirish, hamma joyda raqobatli narx belgilash mexanizmlarini tatbiq etish;
loyihalashtirish va pudrat ishlari, qurilish materiallari bozorlarida raqobat muhitini yanada shakllantirish boʻyicha takliflar kiritish;
shaharsozlik, loyihaoldi va loyiha-smeta hujjatlarini davlat ekspertizasidan oʻtkazish, tanlov savdolarini tashkil etish va oʻtkazishda belgilangan tartibga rioya etilishini nazorat qilish, shartnomaviy majburiyatlar bajarilishi monitoringini olib borish;
arxitektura va shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiquvchilar va mutaxassislarning malakasini doimiy asosda oshirish va ularni qayta tayyorlashni tashkil etish.
7. Bosh boshqarma oʻziga yuklangan vazifalardan kelib chiqib quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga, shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga rioya etilishi yuzasidan nazorat olib borish sohasida:
shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga, shaharsozlik normalari va qoidalariga, qurilish materiallari va buyumlari sifatining davlat standartlariga, loyihalashtirish va qurilish-montaj ishlari sifatiga rioya etilishi yuzasidan davlat nazorati amalga oshirilishini taʼminlaydi;
bosh rejalar asosida aholi punktlarini kompleks qurish, loyiha va qurilish-montaj ishlarini bajarish, qurilish materiallari va buyumlarini ishlab chiqarish va qoʻllashda shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga, shaharsozlik normalari, qoidalari va davlat standartlariga rioya etilishi yuzasidan davlat arxitektura-qurilish nazorati amalga oshirilishini taʼminlaydi;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan holatlarda va tartibda shaharsozlik faoliyati sohasidagi maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnomalarni tuzadi va yoʻl qoʻyilgan qoida buzilishlarida aybdor boʻlgan shaxslarni maʼmuriy javobgarlikka tortish uchun materiallarni sudga beradi;
qurilish ishlari xavfsizligi qoidalarini buzish holatlarining inson sogʻligʻi va hayotiga ziyon yetkazishiga yoki boshqa ogʻir oqibatlar kelib chiqishiga sabab boʻlganda huquqni muhofaza qilish organlariga tegishli materiallarni ilova qilgan holda xabar beradi;
shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga, shaharsozlik normalari, qoidalari va davlat standartlari buzilganligi aniqlangan holatlarda ularni bartaraf etish toʻgʻrisida shaharsozlik faoliyati subyektlari tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan yozma koʻrsatmalar beradi;
qonun hujjatlarida belgilangan holatlarda va tartibda qurilishi tugallangan obyektlarni foydalanishga qabul qilish komissiyalari ishida ishtirok etadi;
shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari, shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya etilishi yuzasidan doimiy monitoring olib boradi;
b) Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar hududlarini rejalashtirish tarhlarini hamda tumanni (tumanlar guruhlarini) rejalashtirish loyihalarini, aholi punktlarining bosh rejalarini hamda boshqa shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish va tasdiqlashni tashkillashtirish sohasida:
hududlarning rivojlanishini rejalashtirish va qurish toʻgʻrisidagi shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish boʻyicha buyurtmachi funksiyalarini bajaradi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar (viloyatlar guruhlari) hududini rejalashtirish tarhlari hamda tumanni (tumanlar guruhlarini) rejalashtirish loyihalari, umumdavlat va mahalliy ahamiyatga molik alohida tartibga solinadigan shaharsozlik faoliyati obyektlarining shaharsozlik hujjatlari, aholi punktlarining bosh rejalarini, batafsil rejalashtirish loyihalarini hamda boshqa shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish, kelishish, ekspertizadan oʻtkazish va tasdiqlash ishlarini tashkil etadi;
umumdavlat va mahalliy ahamiyatga molik alohida tartibga solinadigan shaharsozlik faoliyati obyektlari uchun chegaralar belgilash haqida mahalliy davlat hokimiyati organlariga takliflar kiritadi;
aholi punktlarining bosh rejalarida va batafsil rejalashtirish loyihalarida koʻzda tutilmagan obyektlarni joylashtirishda shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiquvchilar (muallif) bilan kelishish ishlarini olib boradi;
tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlari asosida shaharsozlik faoliyati obyektlari, bino-inshootlar, muhandislik va transport infratuzilmasi obyektlari qurilishini yoki rekonstruksiyasini, shuningdek hududlarni obodonlashtirishni loyihalashtirish uchun arxitektura-rejalashtirish topshiriqlarini (ART-1 va ART-2) ishlab chiqadi, tasdiqlaydi va quruvchi — shaharsozlik faoliyati sohasidagi buyurtmachilarga taqdim etadi;
v) oʻz vakolati doirasida shaharsozlik hujjatlarini amaliyotga tatbiq etish monitoringi va davlat shaharsozlik kadastrini olib borish sohasida:
shaharsozlik hujjatlarining amalga oshirilishi yuzasidan monitoringni olib boradi;
Davlat shaharsozlik kadastri yuritilishida ishtirok etadi;
yer ajratish va imorat qurishga oid, shuningdek yer osti muhandislik kommunikatsiyalari joylashishi navbatchi rejalarini yuritadi;
yer uchastkalarini ajratish, loyiha-rejalashtirish hujjatlarini saqlashga doir yagona texnik arxivni tashkil etadi;
g) shaharsozlik, shaharsozlik faoliyati sohasida davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari boʻyicha takliflar tayyorlash, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning uzoq va oʻrta muddatli davlat dasturlarini, tarmoq va hududiy dasturlarni ishlab chiqishda qatnashish sohasida:
shaharsozlik, shaharsozlik faoliyati sohasida davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari boʻyicha takliflar tayyorlashda qatnashadi;
hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning uzoq va oʻrta muddatli davlat dasturlarini, tarmoq va hududiy dasturlarni ishlab chiqishda qatnashadi;
oʻz vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha hududiy maqsadli dasturlari, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish prognozlarining shaharsozlik boʻlimlarini ishlab chiqishda va amalga oshirishda qatnashadi;
aholini shaharsozlik faoliyati toʻgʻrisida muntazam ravishda xabardor qilib boradi;
tegishli hududni rivojlantirish boʻyicha shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqishda ishtirok etadi;
Davarxitektqurilish bilan kelishgan holda qurilish qoidalarini ishlab chiqadi;
shaharsozlik faoliyati, investitsiya jarayonini boshqarish, shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish, pudrat ishlari va qurilish materiallari bozorini takomillashtirish, yangi texnika va qurilish-montaj ishlariga zamonaviy texnologiyalarni qoʻllash masalalari boʻyicha xorijiy mamlakatlar va tashkilotlar bilan xalqaro ilmiy-texnik va iqtisodiy hamkorlikni amalga oshirishda viloyatdagi korxona va tashkilotlarga yaqindan yordam beradi, xorijiy hamkorlar bilan toʻgʻridan toʻgʻri aloqalar oʻrnatishda koʻmaklashadi;
d) mahalliy davlat hokimiyati organlariga shaharsozlik faoliyati obyektlarini joylashtirish hamda tegishli hududda muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish yuzasidan takliflar kiritish sohasida:
mahalliy davlat hokimiyati organlariga shaharsozlik faoliyati obyektlarini joylashtirish yuzasidan takliflar kiritadi;
tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlari asosida qurilish obyektlarini joylashtirish, barcha turdagi qurilish obyektlari uchun yer tanlash va ajratish toʻgʻrisida mahalliy davlat organlarining qarorlari asosida ajratilgan yer maydonlarini naturada belgilash va chegaralash ishlarini amalga oshiradi;
tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlari asosida hududlardagi yerlardan samarali foydalanish hamda tegishli hududda muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish boʻyicha mahalliy davlat hokimiyati organiga takliflar kiritadi;
madaniy meros obyektlarining muhofaza hududlarini aniqlash chora-tadbirlarini belgilaydi;
kapital qurilishda iqtisodiy islohotlarning borishini muvofiqlashtiradi va uning monitoringini olib boradi, kapital qurilishda iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish boʻyicha takliflar tayyorlaydi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar hokimligi va Davarxitektqurilishga taqdim etadi;
mahalliy davlat hokimiyati organiga shahar, shahar posyolkalari va qishloq aholi punktlarining chegaralarini belgilash toʻgʻrisida takliflar kiritadi;
e) shaharsozlik, shaharsozlik faoliyati sohasida yagona ilmiy-texnikaviy siyosat olib borish, yuqori samarali va energiyani tejaydigan loyiha yechimlari va qurilish materiallarini, zamonaviy qurilish texnologiyalari va innovatsiya loyihalarini tatbiq etish sohasida:
shaharsozlik, shaharsozlik faoliyati sohasida yagona ilmiy-texnikaviy siyosat olib borishda ishtirok etadi;
yuqori samarali va energiyani tejaydigan loyiha yechimlari va qurilish materiallarini, zamonaviy qurilish texnologiyalari va innovatsiya loyihalarini amaliyotga tatbiq etishda ishtirok etadi;
tegishli hududdagi shaharsozlik faoliyati obyektlari boʻyicha loyihalashtirish ishlarini va kompleks muhandislik qidiruvlarini hamda shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiquvchilarning mualliflik nazoratini muvofiqlashtirib boradi;
binolar, inshootlar va boshqa obyektlarning loyihalari tasdiqlanishiga rozilik beradi;
tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlari asosida yakka tartibda uy-joy qurish uchun qurilish pasportini ishlab chiqadi, tasdiqlaydi va shaharsozlik faoliyati sohasidagi buyurtmachilarga taqdim etadi;
j) bozor islohotlari jarayonlarini chuqurlashtirish, hamma joyda raqobatli narx belgilash mexanizmlarini tatbiq etish sohasida:
manfaatdor vazirliklar bilan birgalikda markazlashtirilgan kapital qoʻyilmalar hisobiga moliyalashtiriladigan obyektlar qurilishida narxlarning sunʼiy ravishda oshib ketishiga yoʻl qoʻymagan holda ularning shakllantirilishi yuzasidan doimiy nazorat oʻrnatadi;
qurilish qiymati pasaytirilishini, resurslardan oqilona foydalanishni taʼminlaydigan ilgʻor texnologiyalarni qurilish sohasiga joriy etadi;
qurilishning texnik darajasi va industriyalashtirilishini oshirish, kompleks mexanizatsiyalash va avtomatlashtirish, resurslarni tejash, materiallar va mehnat sarfini kamaytirish, kapital qurilishda ishlarning sifatini yaxshilash ishlarini tashkil etishda qatnashadi;
z) loyihalashtirish va pudrat ishlari, qurilish materiallari bozorlarida raqobat muhitini shakllantirish boʻyicha takliflar kiritish sohasida:
shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiquvchilar va obyektlar qurilishi boʻyicha pudratchilarning reyting baholarini aks ettiruvchi koʻrsatkichlar tizimini joriy etishda ishtirok etadi;
shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiquvchilar faoliyati samaradorligini oshiradi;
kapital qurilishda islohotlarni chuqurlashtiradi hamda pudrat ishlari bozorini rivojlantiradi;
qurilish industriyasi korxonalari va investitsiya faoliyatining boshqa qatnashchilari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasini, shuningdek qurilish materiallari, konstruksiyalari va buyumlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning axborot bazasini shakllantiradi;
qurilish sohasida yangi texnika, texnologiya va mexanizmlarni joriy etish hisobiga mehnat unumdorligini oshiradi;
i) shaharsozlik, loyihaoldi va loyiha-smeta hujjatlarini davlat ekspertizasidan oʻtkazish, tanlov savdolarini tashkil etish va oʻtkazishda belgilangan tartibga rioya etilishini nazorat qilish, shartnomaviy majburiyatlar bajarilishi monitoringini olib borish sohasida:
shaharsozlik, loyihaoldi va loyiha-smeta hujjatlarining davlat ekspertizasidan oʻtkazilishini taʼminlaydi;
tanlov savdolarini tashkil etishda va oʻtkazishda belgilangan tartibga rioya etilganligi nazorat qilinishini taʼminlaydi;
pudrat shartnomalaridagi majburiyatlar bajarilishi monitoringi olib borilishini taʼminlaydi;
tanlov savdolari natijalari boʻyicha obyektlar qurilishining joriy narxlardagi shartnomaviy qiymati shakllantirilishini taʼminlaydi;
k) arxitektura va shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiquvchilar va mutaxassislarning malakasini muntazam oshirish va ularni qayta tayyorlashni tashkil etish sohasida:
sohaga kirib kelayotgan zamonaviy texnika va texnologiyalarni inobatga olgan holda qisqa muddatli malaka oshirish kurslarining dasturlarini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etishda bevosita ishtirok etadi;
oliy taʼlim muassasalari hamda kasb-hunar kollejlariga talabalar qabul qilish kvotalari boʻyicha belgilangan tartibda Davarxitektqurilishga takliflar kiritadi. Bunda qurilish sohasiga oid mutaxassisliklarga boʻlgan talabni oʻrganadi;
talabalarning nazariy bilimlari va amaliy koʻnikmalarini shakllantirish maqsadida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan qurilish obyektlarida koʻchma darslar tashkil etishda koʻmaklashadi;
oliy taʼlim muassasalari va kasb-hunar kollejlari talabalarining ishlab chiqarish amaliyotlarini oʻtash bazasi sifatida ularni loyihalashtirish institutlari va qurilish tashkilotlariga joylashtirishga koʻmaklashadi;
shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiquvchilar mutaxassislarining malakasini muntazam oshiradi va ularni qayta tayyorlashni tashkil etadi.
Bosh boshqarma qonun hujjatlariga muvofiq boshqa funksiyalarni ham amalga oshirishi mumkin.
3-bob. Bosh boshqarmaning huquqlari va javobgarligi
8. Bosh boshqarma oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni amalga oshirish uchun quyidagi huquqlarga ega:
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining hududiy boʻlinmalaridan, mahalliy davlat hokimiyati organlaridan va xoʻjalik yurituvchi subyektlardan oʻz vakolatiga kiruvchi masalalarni hal etishga doir maʼlumotlarni belgilangan tartibda soʻrash va olish;
oʻz vakolatlari doirasida shaharsozlik va shaharsozlik faoliyati sohasida kapital qurilishdagi iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish masalalari ishlab chiqilishini muvofiqlashtirish;
oʻz vakolatiga kiruvchi masalalarni hal etish uchun shartnoma asosida tashkilotlarni, olim va mutaxassislarni, shu jumladan chet el olimlari va mutaxassislarini jalb etish;
shaharsozlik va shaharsozlik faoliyati sohasida muhim muammolarni ishlab chiqish va koʻrib chiqish boʻyicha idoralararo komissiyalar va kengashlar tashkil etish;
shaharsozlik, ekologik talablarga va arxitektura organlari tomonidan berilgan arxitektura-rejalashtirish topshiriqlariga (ART-1 va ART-2) javob bermaydigan loyihalarga rozilik berishni rad etish;
shaharsozlik faoliyati subyektlaridan shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga hamda shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya etilishini talab qilish;
moliyalashtirishning markazlashtirilgan manbalari hisobiga amalga oshirilayotgan qurilish obyektlari boʻyicha tanlov savdolari va tuzilgan shartnomalar shartlarining shaharsozlik faoliyati sohasidagi buyurtmachilar va obyektlar qurilishi boʻyicha pudratchilar tomonidan bajarilishi monitoringini oʻtkazish;
shaharsozlik faoliyati sohasida eng yaxshi loyihaning ilmiy-texnik ishlanmalarini hamda hududlarni rivojlantirishni rejalashtirish va qurish loyihalarini tanlash maqsadida fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, manfaatdor tashkilotlar va Oʻzbekiston Respublikasi Arxitektorlar uyushmasi bilan birgalikda belgilangan tartibda loyihalarni ishlab chiqish uchun tanlovlar oʻtkazish va tanlov komissiyalarini tashkil etish;
oʻz faoliyatida shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiquvchilar va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari bilan oʻzaro ijodiy hamkorlikni amalga oshirish;
Davarxitektqurilishga shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablarini buzgan holda ishlayotgan shaharsozlik faoliyati subyektlarining qurilish sohasidagi hamda arxitektura-shaharsozlik hujjatlarini yaratish faoliyati huquqini beruvchi litsenziyalarining amal qilishini toʻxtatib turish yoki tugatish toʻgʻrisida takliflar kiritish.
Bosh boshqarma qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
9. Bosh boshqarma oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarning samarali bajarilishi uchun javob beradi.
4-bob. Bosh boshqarma faoliyatini tashkil etish
10. Bosh boshqarmaga Davarxitektqurilishning tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari bilan kelishilgan holda berilgan taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining farmoyishiga muvofiq lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan boshliq rahbarlik qiladi.
Bosh boshqarma boshligʻining oʻrinbosarlari, shu jumladan bir nafar birinchi oʻrinbosari boʻladi.
Bosh boshqarma boshligʻining birinchi oʻrinbosari tegishli ravishda bosh arxitektor hisoblanadi.
Davlat arxitektura-qurilish nazorati hududiy inspeksiyasining boshligʻi Bosh boshqarma boshligʻining oʻrinbosari hisoblanadi.
Bosh boshqarma boshligʻi lavozimi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika arxitektura-shaharsozlik Kengashining aʼzosi hisoblanadi.
Bosh boshqarma huzurida doimiy idoralararo organ — Hududiy arxitektura-shaharsozlik kengashi (keyingi oʻrinlarda Kengash deb ataladi) tuziladi.
Kengash oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublika Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan nizomga muvofiq amalga oshiradi.
Kengashning shaxsiy tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 1-maydagi PF-5030-son Farmonining 1a-ilovasiga muvofiq shakllantiriladi.
Bosh boshqarma taʼminoti xarajatlarini mablagʻ bilan taʼminlash Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hamda budjetdan tashqari mablagʻlar hisobiga amalga oshiriladi.
Bosh boshqarmaning shtat jadvali va xarajatlar smetasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tasdiqlanadi va roʻyxatdan oʻtkaziladi.
11. Bosh boshqarma boshligʻi:
Bosh boshqarma faoliyatiga rahbarlik qiladi hamda Bosh boshqarmaga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
Bosh boshqarma tarkibiga kiruvchi davlat ekspertizasi hududiy boshqarmasi, davlat arxitektura-qurilish nazorati hududiy inspeksiyasi hamda Qurilishda tanlov savdolari va narxlarni shakllantirish hududiy konsalting markazi faoliyatini muvofiqlashtiradi va unga bevosita rahbarlik qiladi;
oʻzining oʻrinbosarlari vakolatlarini belgilaydi, ular oʻrtasida vazifalarni taqsimlaydi;
Bosh boshqarmaning va Arxitektura-rejalashtirish byurosining shtat jadvalini va smeta xarajatlarini tasdiqlaydi;
oʻz vakolati doirasida Bosh boshqarma tizimi xodimlari bajarishi majburiy boʻlgan buyruqlar chiqaradi;
Bosh boshqarma xodimlarining ichki mehnat tartibi qoidalariga, lavozimlar yoʻriqnomasi talablariga hamda xizmatga oid hujjatlar bilan ishlash tartibiga rioya qilishini taʼminlaydi;
davlat organlarida, shu jumladan huquqni muhofaza qilish organlarda va sudda, boshqa tashkilotlarda Bosh boshqarma nomidan vakillik qiladi va Bosh boshqarma manfaatini himoya qiladi;
Bosh boshqarma xodimlarini ishga qabul qiladi va ular bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qiladi.
Bosh boshqarmaning mulkini boshqaradi;
Bosh boshqarma tarkibiy boʻlinmalari nizomlarini tasdiqlaydi;
qonun hujjatlariga muvofiq buxgalteriya hisob-kitobi va statistika hisoboti tashkil qilinishiga javob beradi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshiradi.
12. Bosh boshqarma tarkibiga quyidagilar kiradi:
Davlat ekspertizasi hududiy boshqarmasi;
Davlat arxitektura-qurilish nazorati hududiy inspeksiyasi;
Qurilishda tanlov savdolari va narxlarni shakllantirish hududiy konsalting markazi;
shaharlar arxitektura va qurilish boshqarmalari;
tumanlar arxitektura va qurilish boʻlimlari;
Bosh boshqarma huzuridagi Arxitektura-rejalashtirish byurosi.
13. Bosh boshqarma boshligʻi oʻrinbosarlari, shuningdek tumanlar (shaharlar) arxitektura va qurilish boʻlimlarining boshliqlari Davarxitektqurilish raisining buyrugʻi bilan, tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Arxitektura va qurilish qoʻmitasi raisi, viloyatlar va Toshkent shahri arxitektura va qurilish bosh boshqarmalari boshliqlarining taqdimnomasiga binoan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.
5-bob. Yakunlovchi qoida
14. Bosh boshqarmani qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 1-avgustdagi 571-son qaroriga
7-ILOVA
7-ILOVA
Tuman (shahar) arxitektura va qurilish boʻlim (boshqarma)lari toʻgʻrisida
NAMUNAVIY NIZOM
I-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi tizimiga kiruvchi tuman (shahar) arxitektura va qurilish boʻlimi (boshqarmasi)ning (keyingi oʻrinlarda Arxitektura boʻlimi deb ataladi) asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlarini hamda faoliyatining tashkiliy asoslarini belgilaydi.
2. Arxitektura boʻlimi oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasining buyruqlari va qarorlariga hamda ushbu Nizomga, shuningdek Qoraqalpogʻiston Respublikasi Arxitektura va qurilish qoʻmitasi, viloyatlar va Toshkent shahar arxitektura va qurilish bosh boshqarmalarining buyruqlariga amal qiladi.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Arxitektura va qurilish qoʻmitasi, viloyatlar va Toshkent shahar arxitektura va qurilish bosh boshqarmalari (keyingi oʻrinlarda Bosh boshqarma deb ataladi) tarkibida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Arxitektura boʻlimlari boʻladi, ular oʻz faoliyatida bevosita tegishliligi boʻyicha Bosh boshqarmalarga boʻysunadilar.
2-bob. Arxitektura boʻlimining asosiy vazifalari va funksiyalari
4. Quyidagilar Arxitektura boʻlimining asosiy vazifalari hisoblanadi:
shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga, shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga rioya etilishini nazorat qilish;
tuman hududini rejalashtirish sxemalarini, aholi punktlarining bosh rejalarini hamda boshqa shaharsozlik hujjatlarining ishlab chiqilishini va tasdiqlanishini tashkil etish;
oʻz vakolati doirasida shaharsozlik hujjatlarini amaliyotga tatbiq etish monitoringini olib borish;
shaharsozlik, shaharsozlik faoliyati yoʻnalishlari boʻyicha takliflar tayyorlash, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning tarmoq va hududiy dasturlarini ishlab chiqishda qatnashish;
mahalliy davlat hokimiyati organlariga shaharsozlik faoliyati obyektlarini joylashtirish hamda tegishli hududda muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish yuzasidan takliflar kiritish;
shaharsozlik, shaharsozlik faoliyati sohasida yuqori samarali va energiyani tejaydigan loyiha yechimlari va qurilish materiallarini, zamonaviy qurilish texnologiyalari va innovatsiya loyihalarini tatbiq etish;
loyihalashtirish va pudrat ishlari, qurilish materiallari bozorlarida raqobat muhitini shakllantirish boʻyicha takliflar kiritish.
5. Arxitektura boʻlimi oʻziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga, shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga rioya etilishi yuzasidan nazorat olib borish sohasida:
bosh rejalar asosida aholi punktlarini kompleks qurish, loyiha va qurilish-montaj ishlarini bajarishda shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga, shaharsozlik normalari, qoidalari va davlat standartlariga rioya etilishini nazorat qiladi;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan holatlarda va tartibda shaharsozlik faoliyati sohasida huquqbuzarlik toʻgʻrisida dalolatnomalar tuzadi;
yoʻl qoʻyilgan qonunchilik va qoida buzilishi holatlarida aybdor boʻlgan shaxslarga nisbatan chora koʻrish uchun mahalliy davlat organlariga va Bosh boshqarmaga materiallarni kiritadi;
qonunchilik va qoida buzilishi holatlarini bartaraf etish toʻgʻrisida shaharsozlik faoliyati subyektlari tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan yozma koʻrsatmalar beradi;
b) tuman hududini rejalashtirish sxemalarini, aholi punktlarining bosh rejalarini hamda boshqa shaharsozlik hujjatlarining ishlab chiqilishini va tasdiqlanishini tashkil etish sohasida:
aholi punktlarini shaharsozlik hujjatlari bilan taʼminlash yuzasidan takliflar kiritadi;
aholi punktlarining bosh rejalarini, batafsil rejalashtirish loyihalari hamda boshqa shaharsozlik hujjatlarini amalga oshirish choralarini koʻradi;
tegishli hududda shaharsozlik faoliyati obyektlarini joylashtirish hamda muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish yuzasidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi arxitektura va qurilish qoʻmitasiga, viloyatlar va Toshkent shahar arxitektura va qurilish bosh boshqarmalariga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga takliflar kiritadi;
v) oʻz vakolati doirasida shaharsozlik hujjatlarini amaliyotga tatbiq etish monitoringini olib boradi;
shaharsozlik hujjatlarining amalga oshirilishi yuzasidan monitoringini olib boradi;
davlat shaharsozlik kadastri maʼlumotlarini Bosh boshqarmaga kiritadi;
yer ajratish va shaharsozlik obyektlari qurilishiga oid, shuningdek yer osti muhandislik kommunikatsiyalari joylashishi navbatchi rejalarini yuritadi;
g) shaharsozlik, shaharsozlik faoliyati yoʻnalishlari boʻyicha takliflar tayyorlash, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning tarmoq va hududiy dasturlarini ishlab chiqishda qatnashish sohasida:
shaharsozlik, shaharsozlik faoliyati sohasida davlat siyosatini amaliyotga tatbiq etish yuzasidan takliflar tayyorlanishida qatnashadi;
hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish tarmoq va hududiy dasturlarini ishlab chiqishda ishtirok etadi;
oʻz vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha hududiy dasturlarni, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish prognozlarining shaharsozlik boʻlimlarini ishlab chiqishda va amalga oshirishda qatnashadi;
tegishli hududni rivojlantirish boʻyicha shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish uchun boshlangʻich maʼlumotlarni jamlashda koʻmaklashadi va bevosita ishtirok etadi;
aholini shaharsozlik faoliyati toʻgʻrisida muntazam ravishda xabardor qilib boradi;
d) mahalliy davlat hokimiyati organlariga shaharsozlik faoliyati obyektlarini joylashtirish hamda tegishli hududda muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish yuzasidan takliflar kiritish sohasida:
tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlari asosida tuman (shahar) hududida yerlardan samarali foydalanish yuzasidan mahalliy davlat hokimiyati organiga takliflar kiritadi;
barcha turdagi qurilish obyektlari uchun yer tanlash va ajratish toʻgʻrisida mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari asosida ajratilgan yer maydonlarini naturada belgilash va chegaralash ishlarini tashkil etadi;
e) shaharsozlik, shaharsozlik faoliyati sohasida yuqori samarali va energiyani tejaydigan loyiha yechimlari va qurilish materiallarini, zamonaviy qurilish texnologiyalari va innovatsiya loyihalarini tatbiq etish sohasida:
yuqori samarali va energiyani tejaydigan loyiha yechimlari va qurilish materiallarini, zamonaviy qurilish texnologiyalari va innovatsiya loyihalarini tatbiq etishda ishtirok etadi;
tegishli hududdagi shaharsozlik faoliyati obyektlari boʻyicha loyihalashtirish ishlarini va kompleks muhandislik qidiruvlarini hamda shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiquvchilarning mualliflik nazoratini muvofiqlashtirib boradi;
j) loyihalashtirish va pudrat ishlari, qurilish materiallari bozorlarida raqobat muhitini shakllantirish boʻyicha takliflar kiritish sohasida:
loyihalashtirish va qurilish tashkilotlarining reyting baholarini aks ettiruvchi koʻrsatkichlar tizimini joriy etishda ishtirok etadi;
loyiha-qidiruv tashkilotlari faoliyati samaradorligini oshirishda koʻmaklashadi;
qurilish industriyasi korxonalari va investitsiya faoliyatining boshqa qatnashchilari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasini, shuningdek qurilish materiallari, konstruksiyalari va buyumlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning axborot bazasini shakllantirishda qatnashadi;
qurilish sohasida yangi texnika, texnologiya va mexanizmlarni joriy etish hisobiga mehnat unumdorligini oshiradi.
Arxitektura boʻlimi qonunchilikka muvofiq boshqa funksiyalarni ham amalga oshiradi.
3-bob. Arxitektura boʻlimining huquqlari va javobgarligi
6. Arxitektura boʻlimi oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni amalga oshirishda quyidagi huquqlarga ega:
tuman (shahar) hokimining shaharsozlik masalalari boʻyicha qarorlari loyihalarini belgilangan tartibda kelishish;
shaharsozlik faoliyati subyektlaridan shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga hamda shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya etilishini talab qilish;
oʻzboshimchalik bilan imorat qurishda, shaharsozlik intizomini, qurilish va arxitektura sohasidagi amalda boʻlgan qonun hujjatlarini buzishda aybdor boʻlgan shaxslarni hamda hududlarida mazkur huquq buzilishlarini sodir etgan tashkilotlar va korxonalar rahbarlarini belgilangan tartibda maʼmuriy va jinoiy javobgarlikka tortish toʻgʻrisida tegishli davlat organlariga takliflar kiritish;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, Oʻzbekiston Respublikasi Arxitektorlar uyushmasi tashkilotlari va boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda, belgilangan tartibda loyihalarni ishlab chiqish uchun tanlovlar oʻtkazish.
Arxitektura boʻlimi qonunchilikda belgilangan boshqa huquqlarga ega boʻladi.
7. Arxitektura boʻlimi oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarning samarali bajarilishi uchun javob beradi.
4-bob. Arxitektura boʻlimining faoliyatini tashkil etish
8. Arxitektura boʻlimi boshligʻi tuman (shahar) bosh arxitektori hisoblanadi hamda boʻlimga rahbarlik qiladi.
Arxitektura boʻlimi boshligʻini lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi raisining buyrugʻi bilan, tegishli ravishda Bosh boshqarmalari boshliqlarining taqdimnomasiga binoan amalga oshiriladi.
Egallab turgan lavozimiga koʻra Arxitektura boʻlimi boshligʻi Bosh boshqarmalari huzuridagi hududiy arxitektura-shaharsozlik kengashi aʼzosi hisoblanadi.
9. Arxitektura boʻlimining xodimlarini ishga qabul qilish va ular bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish Bosh boshqarma boshligʻi tomonidan amalga oshiriladi.
10. Arxitektura boʻlimi boshligʻi:
mazkur Nizomga muvofiq boʻlimga yuklangan vazifalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
boʻlim xodimlarini ishga qabul qilish va ishdan ozod etish yuzasidan Bosh boshqarma rahbariga taklif kiritadi;
faoliyat va alohida yoʻnalishlar boʻyicha boʻlim xodimlari oʻrtasida vazifalarni taqsimlaydi va ularning javobgarlik darajasini belgilaydi;
barcha tashkilotlarda boʻlim faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan masalalar boʻyicha boʻlim nomidan vakillik qiladi;
shaharsozlik hujjatlarini, shu jumladan alohida binolar va inshootlar qurilishi uchun loyihalarni ishlab chiqishda muallif sifatida ishtirok etadi;
qurilishi (qayta qurilishi) tugallangan shaharsozlik obyektlarini foydalanishga qabul qilishda belgilangan tartibda qatnashadi.
11. Arxitektura boʻlimi oʻz vazifalari va funksiyalarini amalga oshirishda davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari hududiy boʻlinmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlik qiladi.
12. Arxitektura boʻlimining faoliyatini moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti hamda budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan Bosh boshqarma tomonidan amalga oshiriladi.
5-bob. Yakunlovchi qoida
13. Arxitektura boʻlimini qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 1-avgustdagi 571-son qaroriga
8-ILOVA
8-ILOVA
Davlat ekspertizasi hududiy boshqarmasi toʻgʻrisida
NAMUNAVIY NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Davlat ekspertizasi hududiy boshqarmasining (keyingi oʻrinlarda Hududiy boshqarma deb ataladi) asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlarini hamda faoliyatining tashkiliy asoslarini belgilaydi.
2. Hududiy boshqarma Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasining (keyingi oʻrinlarda Davarxitektqurilish deb ataladi) tarkibiy boʻlinmasi hisoblanadi, oʻz faoliyatida Davarxitektqurilishga, tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Arxitektura va qurilish qoʻmitasi, viloyatlar va Toshkent shahri arxitektura va qurilish bosh boshqarmalariga boʻysunadi va hisobot beradi.
3. Hududiy boshqarma oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Nizomga, boshqa qonun hujjatlariga hamda Davarxitektqurilishning qarorlari va buyruqlariga amal qiladi.
4. Hududiy boshqarma yuridik shaxs hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhrga, mustaqil balansga, bankda hisob raqamlariga ega boʻladi.
2-bob. Hududiy boshqarmaning asosiy vazifalari va funksiyalari
5. Quyidagilar Hududiy boshqarmaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
markazlashtirilgan manbalar hisobiga amalga oshiriladigan shaharsozlik hujjatlarining, shuningdek yuridik va jismoniy shaxslarning oʻz mablagʻlari va jalb etilgan mablagʻlari hisobiga obyektlar qurilishining texnik-iqtisodiy asoslarini va texnik-iqtisodiy hisoblarining mustahkamlikka, yongʻin va portlash xavfsizligi hamda shaharsozlik, ijtimoiy, sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilishi, yoqilgʻi-energetika, xomashyo va tabiiy resurslardan oqilona foydalanilishi, loyiha yechimlarining amaldagi normativlar va standartlarga muvofiqligi yuzasidan belgilangan tartibda davlat ekspertizasi tashkil etilishi va oʻtkazilishini taʼminlash;
arxitektura-rejalashtirish va shaharsozlik yechimlari darajasini oshirish;
loyihalashtirish ishlarini va qurilish ishlab chiqarishini takomillashtirish hamda loyihalashtirish va shaharsozlik sohasidagi ilgʻor tajribani oʻrganish va ommalashtirish;
shaharsozlik faoliyati sohasidagi buyurtmachilar, shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiquvchilar va boshqa tashkilotlar oʻrtasidagi shaharsozlik hujjatlariga oid kelishmovchiliklarni koʻrib chiqish.
6. Hududiy boshqarma oʻziga yuklangan vazifalar doirasida quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
mulkchilik shakllaridan va moliyalashtirish manbalaridan qatʼi nazar, texnik-iqtisodiy asoslarni va texnik-iqtisodiy hisoblarni, korxonalar, binolar, inshootlar, muhandislik tarmoqlari va yoʻl qurilishi obyektlarini qurish, kengaytirish va rekonstruksiya qilishga doir loyihalashtirish hujjatlarini, qishloq aholi yashash joylari va shahar tipidagi aholi yashash joylarining loyihalashtirish-rejalashtirish hujjatlarini belgilangan tartibda davlat ekspertizasidan oʻtkazadi;
ekspertiza natijalarini umumlashtiradi, ular toʻgʻrisida Davarxitektqurilishning Loyihaoldi va shaharsozlik hujjatlarini ekspertizadan oʻtkazish boshqarmasini xabardor qiladi, shaharsozlik hujjatlarini va ekspertizani takomillashtirish toʻgʻrisida belgilangan tartibda takliflar kiritadi;
shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiquvchilar tomonidan ishlab chiqilgan shaharsozlik hujjatlari yuzasidan xulosalar beradi;
shaharsozlik faoliyati sohasidagi buyurtmachilarga shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqishda (qayta ishlab chiqishda), ularni ekspertizadan oʻtkazishda hamda investitsiya faoliyatining texnik va iqtisodiy masalalari boʻyicha maslahatlar berishda shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatadi;
shaharsozlik faoliyati sohasidagi buyurtmachilar, shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiquvchilar va boshqa tashkilotlar oʻrtasidagi shaharsozlik hujjatlariga oid kelishmovchiliklarni koʻrib chiqadi.
3-bob. Hududiy boshqarmaning huquqlari va javobgarligi
7. Hududiy boshqarma oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
davlat ekspertizasini oʻtkazish uchun manfaatdor tashkilotlarni, oliy taʼlim massalarini, shuningdek olimlar va mutaxassislarni (shtatdan tashqari ekspertlarni) shartnoma asosida jalb etish;
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat ekspertizasini oʻtkazish jarayonida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun shaharsozlik hujjatlarini qayta ishlashga yuborish;
shaharsozlik faoliyati subyektlaridan davlat ekspertizasini oʻtkazishga doir qoʻshimcha hujjatlarni belgilangan tartibda soʻrash va olish;
shaharsozlik faoliyati subyektlaridan davlat ekspertizasini oʻtkazish jarayonida shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga hamda shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya etilishini talab qilish;
zarur holatlarda, ishlab chiqilgan shaharsozlik hujjatlarini texnik jihatdan tartibga solishga doir normativ hujjatlar talablari buzilishiga yoʻl qoʻygan tashkilotlarning shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish huquqi uchun berilgan litsenziyalarining amal qilishini toʻxtatib turish yoki tugatish toʻgʻrisida Davarxitektqurilishga takliflar kiritish;
shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiquvchilarda shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish boʻyicha qurilish normalari va qoidalariga, yoʻriqnomalar va koʻrsatmalarga rioya qilinishi monitoringini olib borish.
8. Hududiy boshqarma oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarning samarali bajarilishi uchun javob beradi.
4-bob. Hududiy boshqarma faoliyatini tashkil etish
9. Hududiy boshqarmaga Davarxitektqurilish raisining buyrugʻi bilan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan boshliq rahbarlik qiladi.
Hududiy boshqarma boshligʻi davlat bosh eksperti hisoblanadi.
10. Hududiy boshqarma boshligʻi:
Hududiy boshqarma faoliyatiga rahbarlik qiladi va Hududiy boshqarmaga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
Davarxitektqurilish bilan kelishilgan holda shtat jadvallarini tasdiqlaydi;
oʻz vakolatlari doirasida buyruqlar chiqaradi;
Hududiy boshqarma xodimlarini ishga qabul qiladi va ular bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qiladi;
belgilangan tartibda Hududiy boshqarma mablagʻlari va mol-mulkini tasarruf etadi, shartnomalar tuzadi, banklarda hisob raqamlar ochadi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
11. Hududiy boshqarma faoliyatini moliyalashtirish Hududiy boshqarmaning oʻz mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
12. Hududiy boshqarma har oyda Davarxitektqurilishning hisob raqamiga oʻz daromadlarining 10 foizi miqdorida mablagʻ oʻtkazadi.
5-bob. Yakunlovchi qoida
13. Hududiy boshqarmani qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 1-avgustdagi 571-son qaroriga
8a-ILOVA
8a-ILOVA
Davlat ekspertizasi hududiy boshqarmasining
NAMUNAVIY TUZILMASI
Xodimlarning cheklangan umumiy soni — 9, shu jumladan boshqaruv xodimlari — 3, ekspert-mutaxassislar — 6.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 1-avgustdagi 571-son qaroriga
9-ILOVA
9-ILOVA
Davlat arxitektura-qurilish nazorati hududiy inspeksiyasi toʻgʻrisida
NAMUNAVIY NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Davlat arxitektura-qurilish nazorati hududiy inspeksiyasining (keyingi oʻrinlarda Hududiy inspeksiya deb ataladi) asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlarini hamda faoliyatining tashkiliy asoslarini belgilaydi.
2. Hududiy inspeksiya Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasining (keyingi oʻrinlarda Davarxitektqurilish deb ataladi) tarkibiy boʻlinmasi hisoblanadi, oʻz faoliyatida Davarxitektqurilishga, shuningdek tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Arxitektura va qurilish qoʻmitasi, viloyatlar hamda Toshkent shahar arxitektura va qurilish bosh boshqarmalariga hisobot beradi va boʻysunadi.
3. Hududiy inspeksiya oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Nizomga, boshqa qonun hujjatlariga hamda Davarxitektqurilishning buyruqlari va qarorlariga amal qiladi.
4. Hududiy inspeksiya yuridik shaxs hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhrga, mustaqil balansga, banklarda hisob raqamlariga ega boʻladi.
2-bob. Hududiy inspeksiyaning asosiy vazifalari va funksiyalari
5. Quyidagilar Hududiy inspeksiyaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
aholi punktlarining belgilangan tartibda tasdiqlangan bosh rejalariga qatʼiy muvofiq ravishda kompleks qurilishini, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan aholi punktlarini rejalashtirish va qurishda shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonunchilikka, shaharsozlik normalari, qoidalari va standartlariga soʻzsiz rioya etishlari, loyiha-qidiruv va qurilish-montaj ishlarining bajarilishi, qurilish materiallari va buyumlar ishlab chiqarilishi va qoʻllanilishi yuzasidan taʼsirchan nazoratni amalga oshirish;
shaharsozlik faoliyati sohasidagi buyurtmachining texnik nazoratini va shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiquvchilarning mualliflik nazoratini olib borish;
yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida, loyiha hujjatlarida qabul qilingan texnik yechimlar, qurilish materiallari, buyumlari va konstruksiyalari ishlab chiqarish sohasida texnik jihatdan tartibga solishga doir normativ hujjatlar, qurilish-montaj ishlarining barcha bosqichlarida ularni amalga oshirish texnologiyasi talablariga rioya etilishini nazorat qilish;
qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishga ruxsat bergan holda qurilish obyektlarini roʻyxatdan oʻtkazish, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno;
qurilishi tugallangan obyektlarni foydalanishga qabul qilish boʻyicha komissiyalar ishlarida majburiy ravishda qatnashish, yakka tartibdagi uy-joy qurilishi bundan mustasno;
shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini nazorat qilishni tashkil etish sohasidagi texnik jihatdan tartibga solishga doir normativ hujjatlarni takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritish va unda qatnashish;
qurilish materiallari, buyumlari va konstruksiyalarini standartlashtirish va sertifikatlashtirish ishlarini amalga oshirish.
6. Hududiy inspeksiya oʻziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi nazorat funksiyalarini bajaradi:
aholi punktlarining belgilangan tartibda tasdiqlangan bosh rejalariga qatʼiy muvofiq ravishda kompleks qurilishini shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga, shaharsozlik normalari, qoidalari va standartlariga rioya etishlari yuzasidan nazoratni amalga oshiradi;
yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan aholi punktlarini rejalashtirish va qurishda shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga, shaharsozlik normalari, qoidalari va standartlariga rioya etishlari yuzasidan nazoratni amalga oshiradi;
loyiha-qidiruv va qurilish-montaj ishlarining bajarilishi, qurilish materiallari va buyumlar ishlab chiqarilishi va qoʻllanilishi yuzasidan nazoratni amalga oshiradi;
shaharsozlik faoliyati sohasidagi buyurtmachining texnik nazorati va shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiquvchilarning mualliflik nazorati oʻtkazilishini tekshiradi;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida qurilish, qurilish materiallari, buyumlari va konstruksiyalari ishlab chiqarish sohasida texnik jihatdan tartibga solishga doir normativ hujjatlarga rioya etilishini nazorat qiladi;
qurilish obyektida ijro hujjatlari yuritilishini, shaharsozlik faoliyati subyektlarida arxitektura-shaharsozlik hujjatlarini yaratish va qurilish sohasidagi faoliyatni qonun hujjatlarida nazarda tutilgan litsenziyalanadigan turlarini amalga oshirish huquqiga litsenziyalarning mavjudligini nazorat qiladi;
qurilish obyektida normativ-texnik va loyiha hujjatlarida nazarda tutilgan sinovlar, suratga olishlar va oʻlchashlar oʻtkazilishini nazorat qiladi;
qonun hujjatlariga muvofiq murakkablilik (xavflilik) darajasiga koʻra obyektlarda nazorat funksiyalarini amalga oshiradi;
binolar, inshootlar, ularning qismlari va konstruktiv elementlarining avariya holatlarini va avariyalari sabablarini tekshirish boʻyicha texnika komissiyalarining ishlarida qatnashadi;
shartnoma asosida mavjud binolar va inshootlarning texnik holatini ularni tiklash yoki rekonstruksiya qilishning maqsadga muvofiqligi yuzasidan tekshiradi va tegishli xulosalar beradi;
qurilish mahsulotlarining sifatini taʼminlash, shaharsozlikka oid qonun hujjatlari talablariga rioya qilish masalalari boʻyicha davlat boshqa vakolatli organlari, ilmiy-tadqiqot, loyihalashtirish va nodavlat notijorat tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlik qiladi;
shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga, texnik jihatdan tartibga solishga doir normativ hujjatlar talablari buzilishiga yoʻl qoʻygan tashkilotlarning arxitektura-shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish huquqi uchun hamda qurilish sohasida faoliyatning ayrim turlarini amalga oshirish huquqi uchun berilgan litsenziyalarining amal qilishini toʻxtatib turish yoki tugatish toʻgʻrisida Davarxitektqurilishga takliflar kiritadi;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan holatlarda shaharsozlik faoliyati sohasidagi maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnomalar tuzadi;
qurilish ishlari xavfsizligi qoidalarini buzish holatlari inson sogʻligʻi va hayotiga ziyon yetkazilishiga yoki boshqa ogʻir oqibatlar kelib chiqishiga sabab boʻlganda huquqni muhofaza qilish organlariga tegishli materiallarni ilova qilgan holda xabar beradi;
nazorat natijalarini tahlil qiladi, xalqaro tajribani oʻrganadi, qurilish sifatini yaxshilash va qurilish materiallaridan oqilona foydalanish boʻyicha texnik jihatdan tartibga solishga doir normativ hujjatlarni takomillashtirishga doir takliflar ishlab chiqadi;
“Oʻzstandart” agentligi bilan birgalikda sifatga oid xalqaro talablarga muvofiq qurilish materiallari, buyumlari va konstruksiyalarini standartlashtirish va sertifikatlashtirish ishlarini olib boradi;
har chorakda bajarilgan ishlar yuzasidan Davarxitektqurilish huzuridagi Arxitektura-qurilish nazorati davlat inspeksiyasiga hisobotlarni taqdim etadi.
3-bob. Hududiy inspeksiyaning huquqlari va javobgarligi
7. Hududiy inspeksiya oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
moliyalashtirish manbalaridan qatʼi nazar, barcha qurilishlarda, shu jumladan, yakka tartibdagi uy-joy qurilish obyektlarida ruxsat berilgan hujjatlar mavjudligi va shaharsozlik norma hamda qoida talablariga rioya etilayotganligi borasida, nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi hududiy komissiya bilan kelishmagan holda, hech bir toʻsiqlarsiz qisqa muddatli (subyektning moliya-xoʻjalik faoliyatiga aralashmasdan) inspektorlik tekshiruvlari oʻtkazish;
tekshiruvni amalga oshirish jarayonida aniqlangan qonun buzilishlarini bartaraf etish boʻyicha, zaruriyat boʻlsa, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan yozma koʻrsatmalar berish;
Hududiy inspeksiyada roʻyxatdan oʻtkazilgan obyektlarda toʻsqinliksiz boʻlish va nazorat funksiyalarini amalga oshirish;
shaharsozlik faoliyati subyektlaridan loyiha, texnologiya va ijro hujjatlarini hamda qoʻllanilayotgan materiallar, buyumlar, konstruksiyalar va bajarilayotgan qurilish-montaj ishlari sifatini tekshirish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni belgilangan tartibda soʻrash va olish;
obyektlar qurilishi boʻyicha pudratchilarga konstruksiyalar, uzellar va detallarning ayrim elementlarini ochishni, tagzamindagi tuproqni sinashni va qayta yopib qoʻyishni, qoʻllanilgan qurilish materiallari, buyumlari, konstruksiyalarini, muhandislik tizimlarini sinab koʻrishni topshirish, zarurat boʻlganda, tegishli xulosa tayyorlash uchun ekspertlarni, ilmiy-tadqiqot tashkilotlarining mutaxassislarini jalb qilish;
oʻz funksional vazifalari doirasida tashkilotlarning obyektlar qurilishi sifatini nazorat qiluvchi texnik nazorat xizmatlari hamda sinov qurilish laboratoriyalari ishlarini nazoratdan oʻtkazish;
davlat standartlari va texnik shartlar buzilganligi aniqlangan taqdirda, qurilish materiallari hamda buyumlari ishlab chiqarilishi, realizatsiya qilinishi va qoʻllanilishini, normativ talablar hamda tasdiqlangan loyiha yechimlari chidamlilik, puxtalik xususiyatlari pasayishiga sabab boʻlgan darajada buzilganda, shuningdek binolar va inshootlarning avariya xavfi boʻlgan, obyektlar oʻzboshimchalik bilan qurilgan taqdirda qurilish-montaj ishlarini davom ettirishni toʻxtatib turish. Tadbirkorlik subyektining faoliyatini toʻxtatib qoʻyishga olib keladigan qurilish materiallari va buyumlari ishlab chiqarish, ularni realizatsiya qilish va qoʻllash, qurilish-montaj ishlarini davom ettirishni toʻxtatib qoʻyish sud tartibida amalga oshiriladi, bundan favqulodda vaziyatlar, epidemiyalar hamda aholining hayoti va salomatligi uchun boshqa real xavf yuzaga kelishining oldini olish bilan bogʻliq holda faoliyatni oʻn ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatga toʻxtatib qoʻyish holatlari mustasno;
shaharsozlik faoliyati subyektlarining shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablarini buzayotgan (ularning buyruqlari bilan tayinlangan) mansabdor shaxslarini javobgarlikka tortish toʻgʻrisida taqdimnomalar kiritish;
loyiha boʻyicha bajarilgan qurilish-montaj ishlarining sifati va toʻliqligi, qurilish obyektlarining texnik holati haqida ekspert xulosalari berish;
qurilishi tugallangan obyektlarni foydalanishga qabul qilishda qoidalar buzilgan holda topshirilgan obyektlarni statistika hisobotidan chiqarish toʻgʻrisida statistika organlariga taqdimnoma kiritish.
8. Hududiy inspeksiya oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarning samarali bajarilishi uchun javob beradi.
4-bob. Hududiy inspeksiya faoliyatini tashkil etish
9. Hududiy inspeksiyaga tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Arxitektura va qurilish qoʻmitasi raisi, viloyatlar va Toshkent shahri arxitektura va qurilish bosh boshqarmalari boshliqlarining taqdimnomasiga binoan Davarxitektqurilish raisining buyrugʻi bilan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan boshliq boshchilik qiladi.
10. Hududiy inspeksiya boshligʻi:
Hududiy inspeksiyaning shtat jadvalini Davarxitektqurilish bilan kelishilgan holda tasdiqlaydi;
xodimlarining lavozim yoʻriqnomalarini va funksional vazifalarini tasdiqlaydi;
Hududiy inspeksiya xodimlarini ishga qabul qiladi va ular bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qiladi.
11. Hududiy inspeksiya boshligʻining oʻrinbosari Davarxitektqurilish raisi bilan kelishgan holda Hududiy inspeksiya boshligʻining buyrugʻi bilan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
12. Hududiy inspeksiya inspektorlari oʻz funksional faoliyatini Davarxitektqurilish tomonidan har uch yilda oʻtkaziladigan attestatsiya natijalariga koʻra beriladigan sertifikatlar asosida amalga oshiradilar.
13. Hududiy inspeksiyalar faoliyati quyidagi manbalar hisobiga moliyalashtiriladi:
a) Oʻzbekiston Respublikasining Investitsiya dasturiga kiritilgan obyektlar boʻyicha bajarilgan qurilish-montaj ishlari qiymatining (qoʻshilgan qiymat soligʻidan tashqari):
0,08 foizi miqdorida — yangi qurilish va rekonstruksiya qilish obyektlari boʻyicha;
0,05 foizi miqdorida — mukammal taʼmirlash obyektlari boʻyicha;
b) boshqa obyektlar boʻyicha — loyiha-smeta hujjatlarida nazarda tutilgan qurilish-montaj ishlari qiymatining:
0,01 foizi miqdorida — murakkablikning I toifasidagi obyektlar boʻyicha;
0,02 foizi miqdorida — murakkablikning II toifasidagi obyektlar boʻyicha;
0,03 foizi miqdorida — murakkablikning III toifasidagi obyektlar boʻyicha;
v) qurilish materiallarini sertifikatlashtirish, mavjud binolar va inshootlarni tiklash yoki rekonstruksiya qilish yuzasidan ularning texnik holatini tekshirish boʻyicha shartnoma asosida ishlarni bajarish va xizmatlar koʻrsatishdan, shuningdek laboratoriya xizmatlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan xizmatlarning boshqa turlarini koʻrsatishdan olingan daromadlar.
14. Qurilish materiallarini sertifikatlashtirish, mavjud binolar va inshootlarning texnik holatini tekshirish boʻyicha bajarilayotgan ishlar va koʻrsatilayotgan xizmatlarning, shuningdek laboratoriya xizmatlari va Hududiy inspeksiya tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlar boshqa turlarining qiymatini aniqlash metodikasi Davarxitektqurilish tomonidan tasdiqlanadi.
15. Hududiy inspeksiyaning shartnoma asosida tushadigan daromadlarining 10 foizi har oyda Davarxitektqurilishga oʻtkaziladi.
5-bob. Yakunlovchi qoida
16. Hududiy inspeksiyani qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 1-avgustdagi 571-son qaroriga
10-ILOVA
10-ILOVA
Qurilishda tanlov savdolari va narxlarni shakllantirish hududiy konsalting markazi toʻgʻrisida
NAMUNAVIY NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom qurilishda tanlov savdolari va narxlarni shakllantirish hududiy konsalting markazlarining (keyingi oʻrinlarda Markaz deb ataladi) asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlarini hamda faoliyatining tashkiliy asoslarini belgilaydi.
2. Markaz Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda Davarxitektqurilish deb ataladi) tarkibiga kiradi, oʻz faoliyatida Davarxitektqurilishga, tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Arxitektura va qurilish qoʻmitasi, viloyatlar va Toshkent shahri arxitektura va qurilish bosh boshqarmalariga boʻysunadi va hisobot beradi.
3. Markaz oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, boshqa normativ-huquqiy hujjatlariga, ushbu Nizomga, hamda Davarxitektqurilishning qarorlari va buyruqlariga amal qiladi.
4. Markaz yuridik shaxs hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhrga, mustaqil balansga, bankda hisob raqamiga ega boʻladi.
2-bob. Markazning asosiy vazifalari va funksiyalari
5. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari hisoblanadi:
tanlov hujjatlarini ishlab chiqish, shartnoma asosida qurilishda tanlov savdolarini tashkilotchi sifatida tashkil etish va oʻtkazish;
tanlov savdolarini tashkil etish va oʻtkazishda belgilangan tartibga rioya etilishini nazorat qilish;
tanlov savdolarini tashkil etish va oʻtkazish, shartnomalar tuzish, tanlov savdolari shartlari va investitsiya loyihasini amalga oshirishda ishlarni bajarish va moliyalashtirish jadvalining bajarilishi, shuningdek markazlashtirilgan manbalar hisobiga moliyalashtirilayotgan qurilishi tugallangan obyektning oʻz vaqtida foydalanishga topshirilishi monitoringini olib borish;
shartnomaviy joriy narxni aniqlash boʻyicha metodologik tavsiyalarni, narxlarni shakllantirishni yanada takomillashtirish boʻyicha texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni ishlab chiqish va joriy etishda qatnashish;
mahalliy ishlab chiqaruvchilarning qurilish materiallari, buyumlari va konstruksiyalari narxlarini shakllantirish, tahlil qilish, ularni qayta ishlash va umumlashtirib Davarxitektqurilishning Kapital qurilishda iqtisodiy islohotlar va narxlarni shakllantirish markaziga muntazam ravishda taqdim etib borish;
narxlarni shakllantirish boʻyicha yangi smeta normativlarini yaratish uchun boshlangʻich axborotlarni toʻplash va dastlabki tahlil qilish;
qurilishda tanlov savdolari va narxlarni shakllantirish boʻyicha shaharsozlik faoliyati subyektlariga konsalting xizmatlari koʻrsatish;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni bajarish.
6. Markaz oʻziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
shaharsozlik faoliyati sohasidagi buyurtmachilar bilan birgalikda qurilishda tanlov savdolarini oʻtkazish tartibotini belgilaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida kapital qurilishda tanlov savdolari toʻgʻrisidagi nizom shartlari va talablariga rioya qilgan holda tanlov savdolari predmetiga qoʻyiladigan tanlov hujjatlarini ishlab chiqadi;
shartnoma asosida qurilishda tanlov savdolarini tashkilotchi sifatida tashkil etadi va oʻtkazadi;
tanlov savdolarini tashkil etadi va oʻtkazishda belgilangan tartibga rioya etilishini nazorat qiladi;
arizalar va ofertalar qabul qilinishini tashkil etadi, ularning hisobga olinishini, saqlanishini va maxfiyligini taʼminlaydi;
tanlov hujjatlarini ekspertizadan oʻtkazish uchun Davarxitektqurilishga taqdim etadi;
tanlov hujjatlarida belgilangan shakl boʻyicha tanlov savdolari oʻtkazilishi toʻgʻrisida eʼlon berish uchun materiallarni tayyorlaydi va/yoki potensial talabgorlarga taklifnomalar yuborilishini taʼminlaydi;
shaharsozlik faoliyati sohasidagi buyurtmachi tomonidan jalb qilinadigan mustaqil ekspertlar yoki konsultantlar ishini tashkil etadi;
ofertalar ochilgandan keyin ularni buyurtmachiga beradi;
shaharsozlik faoliyati sohasidagi buyurtmachiga tanlov savdolari yakunlari boʻyicha buyurtmachi hisobotini tuzishda koʻmaklashadi;
shaharsozlik faoliyati sohasidagi buyurtmachi va obyektlar qurilishi boʻyicha pudratchi tomonidan taqdim etiladigan axborotlarni tahlil qilish yoʻli bilan shartnoma majburiyatlari bajarilishi monitoringini olib boradi hamda tanlov savdolari va tanlov savdolari natijalari boʻyicha tuzilgan shartnomalar bajarilishi monitoringi natijalari toʻgʻrisida Davarxitektqurilishga oylik hisobotni taqdim etadi;
seminarlar oʻtkazadi, kadrlarni tanlov savdolarini tashkil etish va oʻtkazish yuzasidan tasdiqlangan tartibotini, tanlov savdolari natijalari boʻyicha tuzilgan shartnomalar shartlaridan kelib chiquvchi majburiyatlar bajarilishi monitoringini amaliyotda qoʻllash boʻyicha oʻqitadi;
kapital qurilishda iqtisodiy va tashkiliy islohotlar amalga oshirilishi, qurilish materiallari, alohida va maxsus ishlar narxlarining, qurilish mexanizmlarini ishlatish va qurilish yuklarini tashish, tayyor qurilish mahsuloti xarajatlari oʻzgarishi monitoringini olib boradi;
oʻz vakolatlari doirasida investitsiya jarayoni qatnashchilari oʻrtasidagi kelishmovchiliklarni koʻrib chiqadi, ular yuzasidan qarorlar tayyorlaydi va belgilangan tartibda Davarxitektqurilishga yoki tegishli organlarga kiritadi.
Markaz qonun hujjatlariga muvofiq boshqa funksiyalarni ham amalga oshiradi.
3-bob. Markazning huquqlari va javobgarligi
7. Markaz oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining hududiy boʻlinmalaridan va boshqa tashkilotlardan oʻz vakolatiga kiruvchi masalalarni hal etishga doir maʼlumotlarni belgilangan tartibda soʻrash va olish;
qonun hujjatlariga muvofiq shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatish va ishlarni bajarish;
tanlov savdolari natijalari boʻyicha tuzilgan shartnomalar shartlaridan kelib chiquvchi majburiyatlar bajarilishi monitoringini olib borish maqsadida qurilishning borishini oʻrganish;
qonun hujjatlarini va Oʻzbekiston Respublikasi hududida kapital qurilishda tanlov savdolari toʻgʻrisidagi nizom talablarini buzish holatlari aniqlangan taqdirda shaharsozlik faoliyati sohasidagi buyurtmachiga xizmatlarni sotib olishni toʻxtatish toʻgʻrisida taqdimnoma kiritish;
shaharsozlik faoliyati subyektlaridan shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga hamda shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya etilishini talab qilish;
Oʻzbekiston Respublikasining loyihalashtirish, ilmiy-tadqiqot tashkilotlarini va boshqa tashkilotlarini, olimlar va mutaxassislarni ular mehnatiga qonun hujjatlariga muvofiq haq toʻlagan holda, belgilangan tartibda ishga jalb qilish.
8. Markaz oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarning samarali bajarilishi uchun javob beradi.
4-bob. Markaz faoliyatini tashkil etish
9. Markazga Davarxitektqurilish raisining buyrugʻi bilan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan direktor rahbarlik qiladi.
10. Markaz direktori:
Markazga yuklangan vazifalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
Davarxitektqurilish bilan kelishgan holda Markazning shtat jadvalini tasdiqlaydi;
Markaz faoliyati bilan bogʻliq masalalar boʻyicha barcha organlarda va tashkilotlarda Markaz nomidan vakillik qiladi;
Markaz xodimlarini ishga qabul qiladi va ular bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qiladi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
11. Markaz oʻzining xoʻjalik faoliyatini qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiradi.
12. Quyidagilar:
shartnoma asosida tanlov hujjatlarini ishlab chiqqanlik, qurilishda tanlov savdolarini tashkil etganlik va oʻtkazganlik;
narxlarni shakllantirish, shartnoma asosida savdo mavzuining dastlabki qiymatini aniqlash masalalari boʻyicha konsalting xizmatlari koʻrsatganlik;
qurilish sohasida qonun hujjatlarida taqiqlanmagan xizmatlarning boshqa turlarini amalga oshirganlik uchun olinadigan daromadlar Markaz faoliyatini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi.
13. Markaz har oyda Davarxitektqurilishning hisob raqamiga oʻz daromadlarining 10 foizi miqdorida mablagʻ oʻtkazadi.
5-bob. Yakunlovchi qoida
14. Markazni qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 1-avgustdagi 571-son qaroriga
10a-ILOVA
10a-ILOVA
Qurilishda tanlov savdolari va narxlarni shakllantirish hududiy konsalting markazining
NAMUNAVIY TUZILMASI
Xodimlarning cheklangan umumiy soni — 13.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 1-avgustdagi 571-son qaroriga
11-ILOVA
11-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb eʼtirof etilayotgan ayrim qarorlari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2003-yil 2-dekabrdagi 538-son qarorining (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2003-y., 12-son, 128-modda) 2 va 5-bandlari, shuningdek qarorga 4, 5, 5a, 5b, 6 va 6b-ilovalari.
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish va baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida” 2005-yil 8-sentabrdagi 206-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2005-y., 9-10-son, 48-modda) 1-ilovaning 51-bandi.
3. Vazirlar Mahkamasining “Qurilishda muhandislik qidiruvlari, geoaxborot va shaharsozlik kadastri davlat institutini tashkil etish toʻgʻrisida” 2006-yil 6-fevraldagi 14-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2006-y., 6-7-son, 33-modda) 6-ilovaning 4-bandi.
4. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik faoliyati yuritish uchun ruxsatnoma turlarini qisqartirish va ularni berish tartib-qoidalarini soddalashtirish toʻgʻrisida” 2005-yil 21-sentabrdagi PQ–186-son qarori)” 2006-yil 22-maydagi 92-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2006-y., 5-son, 34-modda) ilovaning 38-bandi.
5. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Loyiha-tadqiqot tashkilotlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2008-yil 29-apreldagi PQ–847-son qarori)” 2008-yil 10-iyundagi 120-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2008-y., 6-son, 27-modda) ilovaning 2-bandi.
6. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi tarkibidagi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, viloyatlar va Toshkent shahar arxitektura va qurilish bosh boshqarmalari hamda shahar va tuman arxitektura va qurilish boshqarmalari (boʻlimlari) faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2009-yil 11-noyabrdagi 294-son qarori.
7. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” (Vazirlar Mahkamasining “Respublika loyiha-qidiruv tashkilotlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2010-yil 23-martdagi 50-son qarori)” 2010-yil 13-maydagi 90-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2010-y., 5-son, 20-modda) ilovaning 3 va 5-bandlari.
8. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash boʻyicha ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida” 2010-yil 5-iyundagi 108-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2010-y., 6-son, 27-modda) ilovaning 28-bandi.
10. Vazirlar Mahkamasining “Yer uchastkalarini tanlash boʻyicha materiallarni vakolatli tashkilotlar bilan kelishish, shuningdek qurilish sohasida ruxsatnomalar berish tartibotlarini amalga oshirishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2013-yil 4-iyundagi 154-son qarorining (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2013-y., 6-son, 35-modda) 5-bandi, shuningdek qarorga 3-ilova.
Keyingi tahrirga qarang.
11. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Budjet kodeksini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2013-yil 26-dekabrdagi OʻRQ–360-son hamda “Soliq va budjet siyosatining 2016-yilga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2015-yil 31-dekabrdagi OʻRQ–398-son qonunlari) 2016-yil 26-apreldagi 122-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2016-y., 4-son, 28-modda) 1-ilovaning 64-bandi.
12. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qurilish tashkilotlarini yanada rivojlantirish va ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2014-yil 3-martdagi PQ–2137-son qarori) 2014-yil 30-apreldagi 108-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2014-y., 4-son, 40-modda) ilovaning 2-bandi.
13. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (“Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2015-yil 29-dekabrdagi OʻRQ–396-son Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni)” 2016-yil 28-apreldagi 129-son qaroriga 1-ilovaning 2, 3 va 5-bandlari.
14. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida” (Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Markazlashtirilgan investitsiyalar hisobiga moliyalashtiriladigan investitsiya loyihalarini loyihalashtirish ishlarini va ekspertizadan oʻtkazishni takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2016-yil 22-yanvardagi 15-son qarori) 2016-yil 23-maydagi 166-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2010-y., 5-son, 41-modda) ilovaning 1-bandi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 31-son, 781-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.06.2018-y., 09/18/400/1289-son, 03.07.2018-y., 09/18/493/1426-son)