Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Koʻp kvartirali uylarni kapital va joriy taʼmirlash uchun mablagʻlarni toʻplash va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-dekabrdagi 717-sonli “Yaratilgan yangi ish oʻrinlarini hisobga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2017 — 2021-yillarda koʻp xonadonli uy-joy fondini saqlash va undan foydalanish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 24-apreldagi PQ-2922-son qaroriga asosan koʻp kvartirali uy-joy fondining texnik holatini tubdan yaxshilash, taʼmirlash-tiklash ishlarini oʻz vaqtida amalga oshirish uchun zarur sharoitlar yaratish, shuningdek koʻp kvartirali uylarga tutash hududlarni obodonlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Koʻp kvartirali uylarni kapital va joriy taʼmirlash uchun mablagʻlar toʻplash va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisida nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi A.J. Ramatov va Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vaziri M.X. Saliyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 1-avgust,
570-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 1-avgustdagi 570-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Koʻp kvartirali uylarni kapital va joriy taʼmirlash uchun mablagʻlar toʻplash va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom koʻp kvartirali uylarni kapital va joriy taʼmirlash uchun mablagʻlar toʻplash va ulardan foydalanish tartibini belgilaydi.
2. Nizomda quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
pudrat tashkilotlari — xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari bilan koʻp kvartirali uylarni kapital va joriy taʼmirlash boʻyicha shartnoma asosida ishlarni amalga oshiruvchi “Taʼmirlash-tiklash xizmati” DUK va boshqa pudrat tashkilotlari;
toʻplash hisobvaragʻi — xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatiga banklarda koʻp kvartirali uylarni kapital va joriy taʼmirlashni amalga oshirish uchun ochilgan 20412 — “Nodavlat notijorat tashkilotlarining jamgʻarma depozitlari” hisobvaragʻi;
maxsus hisobvaraq — pudrat tashkilotlariga maqsadli mablagʻlar hisobiga koʻp kvartirali uylarni kapital va joriy taʼmirlashni amalga oshirish uchun ochilgan 22626 — “Korxona va tashkilotlarning maqsadli mablagʻlari” hisobvaragʻi.
2-bob. Bank hisobvaraqlarini ochish tartibi
3. Koʻp kvartirali uylarni kapital va joriy taʼmirlash uchun pul mablagʻlarini toʻplash maqsadida, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlariga oʻzlarining asosiy hisobvaragʻi joylashgan tijorat banklarining filiallarida toʻplash hisobvaragʻi ochiladi.
4. Koʻp kvartirali uylarni kapital va joriy taʼmirlashda ishtirok etadigan pudrat tashkilotlariga oʻzlarining asosiy hisobvaragʻi joylashgan tijorat banklarining filiallarida maxsus hisobvaraq ochiladi.
3-bob. Koʻp kvartirali uylarni kapital va joriy taʼmirlash uchun mablagʻlar toʻplash manbalari
5. Quyidagilar koʻp kvartirali uylarni kapital va joriy taʼmirlash uchun mablagʻlar toʻplash manbalari hisoblanadi:
a) turar va noturar joy mulkdorlarining majburiy badallaridan shakllangan mablagʻlar;
b) koʻp kvartirali uylarning tashqi fasadi, tom va yertoʻla qismlari hamda boshqa ijaraga berilgan maydonlar uchun ijarachilardan kelib tushadigan mablagʻlar;
v) koʻp kvartirali uylarning umumiy foydalanish joylari va muhandislik kommunikatsiyalarini kapital va joriy taʼmirlash hamda lift uskunalarini taʼmirlash va almashtirish uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri mahalliy budjetlari mablagʻlari, shu jumladan yil boshidagi qoldiq boʻsh mablagʻlar va I — III chorak yakunlari boʻyicha oshirib bajarilgan daromad qismi, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligining Uy-joy kommunal xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hamda tuman (shahar) hokimliklari tomonidan jalb qilinadigan budjetdan tashqari mablagʻlar;
g) koʻp kvartirali uylarni kapital va joriy taʼmirlash uchun yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;
d) qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalardan tushadigan mablagʻlar.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari koʻp kvartirali uylarni kapital va joriy taʼmirlashga ajratmalar meʼyorlarini koʻp kvartirali uyning haqiqiy holatini hisobga olgan holda ushbu Nizomning 5-bandi “a” va “b” kichik bandlarda koʻrsatilgan manbalardan tushadigan mablagʻlarning 30 foizidan 80 foizigacha miqdorida belgilaydilar.
Bunda koʻp kvartirali uylarni kapital va joriy taʼmirlash uchun har bir xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati boʻyicha aniq ajratmalar meʼyori Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligining tuman (shahar) boʻlimlari bilan, agar tijorat banki krediti hisobidan amalga oshirilsa, tijorat banki bilan ham kelishilgan holda belgilanadi.
7. Ushbu Nizomning 5-bandi:
“a” va “b” kichik bandlarda belgilangan manbalardan kelib tushgan mablagʻlar xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlariga ochilgan toʻplash hisobvaragʻiga kirim qilinadi va ajratmaning belgilangan meʼyoridan ortiq qismi xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatining asosiy hisobvaragʻiga memorial order orqali oʻtkaziladi va ushbu mablagʻlar xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq mustaqil ravishda tasarruf etiladi;
Keyingi tahrirga qarang.
“v”, “g” va “d” kichik bandlarda nazarda tutilgan manbalardan tushadigan mablagʻlar bevosita toʻplash hisobvaragʻiga oʻtkaziladi va undan asosiy hisobvaraqqa ajratma qilinmaydi.
8. Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati koʻp kvartirali uyning har bir kvartirasiga shaxsiy hisobvaraq ochadi.
Shaxsiy hisobvaraqda xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati nomi, koʻp kvartirali uy raqami, kvartira raqami va uy-joy mulkdori shaxsi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, toʻlangan mablagʻlar summasi, sarflangan mablagʻlar summasi va qoldiq summa koʻrsatiladi.
9. Favqulodda holatlar (halokatlar, tabiiy ofatlar va boshqalar) yuz bergan taqdirda, bank tomonidan xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatining barcha hisobvaraqlaridagi mablagʻlar xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatining umumiy yigʻilishi qarori bilan belgilangan shaxslarga beriladi.
4-bob. Kapital va joriy taʼmirlashda moliyaviy resurslardan foydalanish tartibi
10. Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati tomonidan koʻp kvartirali uylarni kapital va joriy taʼmirlashni amalga oshirish uchun ochilgan toʻplash hisobvaragʻidan quyidagi xarajatlar amalga oshirilishiga ruxsat etiladi:
koʻp kvartirali uylarni kapital va joriy taʼmirlash uchun pudrat tashkilotlariga toʻlovlarni amalga oshirish;
koʻp kvartirali uylarni kapital va joriy taʼmirlash maqsadida olingan kredit va unga hisoblangan foizlarni qaytarish;
Keyingi tahrirga qarang.
11. Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatining toʻplash hisobvaragʻidagi mablagʻlar pudrat tashkilotlari bilan tuzilgan pudrat shartnomasiga asosan hisobdan chiqariladi.
12. Koʻp kvartirali uylarni kapital va joriy taʼmirlash uchun pudrat tashkilotlariga ochilgan maxsus hisobvaraqqa faqat shartnoma tuzgan xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatining toʻplash hisobvaragʻi yoki ssuda hisobvaragʻidan kelgan mablagʻlar kirim qilinishi mumkin.
13. Pudrat tashkilotlariga ochilgan maxsus hisobvaraqdan mablagʻlar maqsadli ravishda sarflanadi. Mazkur hisobvaraqdan boshqa maqsadlarga pul mablagʻlarini sarflashga ruxsat etilmaydi.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi tizimida tashkil etilgan Yagona hisob-kitob markazlari tomonidan xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlariga shartnoma asosida buxgalterlik hisobini yuritish, konsalting xizmatlarni koʻrsatish va majburiy badallar yigʻish boʻyicha koʻrsatilgan xizmatlar uchun toʻlovlar xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarining asosiy hisobvaragʻidan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
5-bob. Koʻp kvartirali uylarni kapital va joriy taʼmirlashga ajratilgan pul mablagʻlaridan belgilangan maqsadlarda foydalanilishini nazorat qilish
15. Koʻp kvartirali uylarni kapital va joriy taʼmirlashga yoʻnaltirilgan mablagʻlardan maqsadli foydalanilishi ustidan nazorat qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
16. Koʻp kvartirali uylarni kapital va joriy taʼmirlash boʻyicha bajarilgan ishlarning nazorat oʻlchovlari ixtisoslashtirilgan tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi.
17. Koʻp kvartirali uylarni kapital va joriy taʼmirlashda bajarilgan ishlar hajmi va qiymati oshirib yozilganligi aniqlangan taqdirda, ortiqcha olingan mablagʻlar pudrat tashkilotlaridan undiriladi, aniqlangan oshirib yozishlar uchun javobgarlik esa qonun hujjatlari asosida belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
18. Koʻp kvartirali uylarni kapital va joriy taʼmirlash uchun mablagʻlar toʻplash va ulardan foydalanish ushbu Nizomga ilovaga muvofiq sxema boʻyicha amalga oshiriladi.
19. Koʻp kvartirali uylarni kapital va joriy taʼmirlash uchun toʻplash hisobvaragʻiga oʻtkazilgan va yil oxirigacha foydalanilmagan ushbu Nizomning 5-bandida koʻrsatilgan mablagʻlar toʻplash hisobvaragʻida jamlanadi va olib qoʻyilmaydi.
20. Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati tugatilgan yoki koʻp kvartirali uylar buzib tashlangan taqdirda, toʻplash hisobvaragʻida yigʻilgan va foydalanilmagan mablagʻlar xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatining umumiy yigʻilishi qaroriga asosan ularning aʼzolariga, ulushlariga mutanosib ravishda qaytarib beriladi.
Koʻp kvartirali uylarni kapital va joriy taʼmirlash uchun mablagʻlar toʻplash va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisida nizomga
ILOVA
ILOVA
Koʻp kvartirali uylarni kapital va joriy taʼmirlash uchun mablagʻlar toʻplash va ulardan foydalanish
SXEMASI
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 1-avgustdagi 570-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb eʼtirof etilayotgan ayrim qarorlari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Koʻp kvartirali uylarni kapital taʼmirlash uchun mablagʻlar toʻplash (yigʻish) va ulardan foydalanish toʻgʻrisida vaqtinchalik nizomni tasdiqlash haqida” 2000-yil 18-yanvardagi 16-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2000-y., 1-son, 4-modda).
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasining 2004-yilgi Davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida” 2003-yil 25-dekabrdagi 567-son qaroriga 27-ilovaning 14-bandi.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida” 2005-yil 18-maydagi 127-son qaroriga 1-ilovaning 2-bandi (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2005-y., 5-son, 26-modda).
4. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida” 2007-yil 1-martdagi 43-son qaroriga ilovaning 2-bandi (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2007-y., 2-3-son, 13-modda).
5. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida” 2016-yil 26-apreldagi 122-son qaroriga 1-ilovaning 28-bandi (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2016-y., 4-son, 28-modda).
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 31-son, 780-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.02.2021-y., 09/21/87/0134-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2021-y., 09/21/754/1167-son; 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)