Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Davlat yongʻin xavfsizligi xizmati faoliyatini belgilaydigan normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash haqida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 21-avgustdagi 700-sonli “Respublikaning tumanlari, shaharlari va boshqa aholi punktlarida, oʻta muhim davlat ahamiyatiga molik yoki yongʻin va portlash xavfi yuqori boʻlgan obyektlarda Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining yongʻin-qutqaruv boʻlinmalarini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar organlari yongʻin xavfsizligi boʻlinmalari faoliyatini tubdan takomillashtirish toʻgʻrisida” 2017-yil 23-maydagi PQ-2992-son qarorini bajarish hamda Davlat yongʻin xavfsizligi xizmati boʻlinmalari faoliyatini tashkil qilishning sifat jihatidan yangi tartibini oʻrnatish, yongʻin xavfsizligi mustahkamligini taʼminlash, yongʻinlarning oldini olish va ularni oʻz vaqtida bartaraf etish samaradorligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Davlat yongʻin xavfsizligi xizmati toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Yongʻin xavfsizligi bosh boshqarmasi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:
yuqorida koʻrsatib oʻtilgan nizomlarda nazarda tutilgan vazifalar va funksiyalarning soʻzsiz bajarilishini taʼminlasin;
oʻzining normativ-huquqiy hujjatlarini ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri A.A. Azizov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 1-avgust,
566-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 1-avgustdagi 566-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Davlat yongʻin xavfsizligi xizmati toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom “Yongʻin xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar organlari yongʻin xavfsizligi boʻlinmalari faoliyatini tubdan takomillashtirish toʻgʻrisida” 2017-yil 23-maydagi PQ-2992-son qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Davlat yongʻin xavfsizligi xizmatining tizimini, asosiy vazifalarini, funksiyalarini, huquqlari va masʼuliyatini, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Davlat yongʻin xizmati boʻlinmalarini tashkil etish va moliyaviy taʼminlash tartibini belgilaydi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Davlat yongʻin xavfsizligi xizmati (keyingi oʻrinlarda yongʻin xavfsizligi xizmati deb ataladi) odamlarning hayoti va sogʻligʻini, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkini, atrof tabiiy muhitni yongʻinlardan himoya qilish, aholi punktlarida, boshqa hududlar va obyektlarda yongʻin xavfsizligini talab darajasida saqlash, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasida davlat yongʻin nazoratini tashkil etish va amalga oshirish maqsadida belgilangan tartibda tashkil etilgan boshqaruv organlari, kuch va vositalari majmuidir.
3. Yongʻin xavfsizligi xizmatining faoliyati qonuniylik, birdamlik, fuqarolarning huquq, erkinlik va qonuniy manfaatlariga rioya etish, hurmat va himoya qilish, ochiqlik va shaffoflik, yakkaboshchilik, yongʻinlarga qarshi tezkor va oʻz vaqtida chora koʻrish tamoyillariga muvofiq amalga oshiriladi.
4. Yongʻin xavfsizligi xizmati oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining buyruqlari va farmoyishlariga, shuningdek ushbu Nizomga amal qiladi.
5. Yongʻin xavfsizligi xizmati tizimi quyidagi asosiy boʻlinmalarni oʻz ichiga oladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Yongʻin xavfsizligi bosh boshqarmasi (keyingi oʻrinlarda Yongʻin xavfsizligi bosh boshqarmasi deb ataladi);
Yongʻin xavfsizligi xizmatining tezkor-xizmat faoliyatini taʼminlovchi, bevosita Yongʻin xavfsizligi bosh boshqarmasiga boʻysunuvchi boʻlinmalar (yongʻinni oʻchirish kuch va vositalarni boshqarish va muvofiqlashtirish, axborot- kommunikatsiya texnologiyalarini va aloqa, yongʻin xavfsizligini ilmiy-texnik taʼminlash, boshlangʻich tayyorgarlik va malaka oshirish markazlari, murakkab yongʻinlarni oʻchirish boʻyicha respublika ixtisoslashtirilgan otryadi, Navoiy KMK yongʻin xavfsizligi boshqarmasi, xoʻjalik taʼminoti boʻlimi);
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari (keyingi oʻrinlarda hududiy yongʻin xavfsizligi boshqarmalari deb ataladi) va alohida muhim obyektlardagi (keyingi oʻrinlarda obyektlardagi yongʻin xavfsizligi boshqarmalari);
hududiy boʻlinmalarning tezkor-xizmat faoliyatini taʼminlovchi bevosita hududiy Yongʻin xavfsizligi boshqarmalariga boʻysunuvchi boʻlinmalar (yongʻinni oʻchirish kuch va vositalarini boshqarish va muvofiqlashtirish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa, yongʻin xavfsizligi targʻibot markazlari, yongʻin-texnik laboratoriyalari, texnik-xizmat otryad (qism)lari);
tuman (shahar) yongʻin xavfsizligi boʻlim (boʻlinma)lari (keyingi oʻrinlarda hududiy yongʻin xavfsizligi boʻlim (boʻlinma)lari deb ataladi) va alohida muhim obyektlaridagi yongʻin xavfsizligi boʻlim (boʻlinma)lar (keyingi oʻrinlarda obyektdagi yongʻin xavfsizligi boʻlim (boʻlinma)lari deb ataladi), ushbu boʻlim (boʻlinma)lar tarkibiga quyidagilar:
yongʻinlarning oldini olish va nazorat qilish boʻlinma (guruh)lari;
tuman (shahar), aholi yashash punktlarida va alohida muhim obyektlarda yongʻinni oʻchirishni taʼminlovchi harbiylashtirilgan va professional qismlar kiradi.
6. Yongʻin xavfsizligi xizmati Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri tomonidan tasdiqlanadigan yongʻin xavfsizligi xizmati faoliyati hususiyatini aks ettiruvchi ramziy belgiga ega boʻlishi mumkin.
2-bob. Yongʻin xavfsizligi xizmatining asosiy vazifalari va funksiyalari
7. Quyidagilar yongʻin xavfsizligi xizmati asosiy vazifalari hisoblanadi:
yongʻinlar profilaktikasini tashkil etish va oʻtkazish;
yongʻin xavfsizligi talablariga rioya etilishini nazorat qilish hamda aholi yashash punktlarida va boshqa hudud va obyektlarda yongʻin xavfsizligini talab darajasida saqlash;
yongʻinlarni oʻchirishni tashkil etish, yongʻin zonasida qolgan odamlarni hamda yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkini qutqarish, shuningdek atrof tabiiy muhitni yongʻinlardan himoya qilish;
yongʻin xavfsizligi xizmati bulinmalari xodimlari malakasini oshirish, ularni tayyorlash va qayta tayyorlashning samarali tizimini yaratish, kadrlarni tanlash va joy-joyiga qoʻyish tartibini takomillashtirish.
8. Yongʻin xavfsizligi xizmati oʻziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) yongʻinlar profilaktikasini tashkil etish va amalga oshirish sohasida:
yongʻin xavfsizligi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining ijrosini taʼminlaydi;
yongʻin xavfsizligi sohasidagi davlat dasturlarini ishlab chiqadi va ularning amalga oshirilishini tashkil etadi;
yongʻin xavfsizligi sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalari ishlab chiqilishida ishtirok etadi;
texnik reglamentlar, standartlar, normalar, qoida va boshqa yongʻin xavfsizligi talablarini oʻz ichiga olgan normativ hujjatlarning ishlab chiqilishida ishtirok etadi;
yongʻin xavfsizligi sohasida yongʻinga qarshi targʻibotni, oʻqitishni va axborot bilan taʼminlashni amalga oshiradi;
yongʻinlar va ularning oqibatlari hisobini yuritadi;
yongʻin xavfsizligining ilmiy-texnik jihatdan taʼminlanishini muvofiqlashtiradi;
belgilangan tartibda yongʻin xavfsizligi sohasida litsenziyalashni amalga oshiradi va sertifikatlashtirishda ishtirok etadi;
modda, materiallar, buyum va asbob-uskunalarning yongʻin xavfsizligini hamda yongʻin-texnik mahsulotlarni tadqiq qilish va sinash ishlarini tashkil etadi va oʻtkazadi;
b) yongʻin xavfsizligi talablariga rioya qilinishi yuzasidan nazoratni amalga oshirish hamda aholi yashash punktlarida, boshqa hudud va obyektlarda yongʻin xavfsizligini talab darajasida saqlash sohasida:
davlat yongʻin nazoratini amalga oshiradi;
yongʻin xavfsizligi talablaridan asosli ravishda chetga chiqilgan yoki bunday talablar mavjud boʻlmagan taqdirda binolar, inshootlarni va boshqa obyektlarni qurish, mukammal taʼmirlash, rekonstruksiya qilish, kengaytirish va texnik jihatdan qayta jihozlashga doir loyiha hujjatlarining yongʻin xavfsizligi talablariga rioya qilinishiga taalluqli qismini koʻrib chiqadi;
qurilish uchun maydonlar (trassalar) tanlash (ajratish) komissiyasining, shuningdek qurilishi (rekonstruksiyasi) tugallangan obyektlarni foydalanishga qabul qilib olish komissiyalari ishida ishtirok etadi;
obyektlarning qoʻriqlanishini, shu jumladan alohida muhim davlat ahamiyatiga molik yoki yongʻin va portlash xavfi yuqori boʻlgan obyektlarda (keyingi oʻrinlarda alohida muhim obyektlar deb ataladi) belgilangan tartibda taʼminlaydi;
v) yongʻinlarni oʻchirishni tashkil etish, yongʻin zonasida qolgan odamlarni hamda yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkini qutqarish, shuningdek atrof tabiiy muhitni yongʻinlardan himoya qilish sohasida:
yongʻindan saqlash xizmati boʻlinmalarini yongʻinni oʻchirish texnikasi va boshqa texnika vositalari bilan jihozlash sohasida yagona texnik siyosatni amalga oshiradi;
yongʻinni oʻchirishni tashkil etish, yongʻin xavfsizligi garnizon va smena xizmatini olib borish meʼyoriy hujjatlarini hamda yongʻinni oʻchirish bulinmalari faoliyatini belgilovchi hujjatlarni ishlab chiqadi;
yongʻinni oʻchirish kuch va vositalarini jalb etishning tezkor va boshqa rejalari ishlab chiqilishini va tasdiqlanishini taʼminlaydi;
texnogen xavf, portlash va yongʻin xavfi yuqori boʻlgan zonalar (obyektlar) boʻyicha davlat kadastri yuritilishini amalga oshiradi;
barcha turdagi yongʻindan saqlash xizmati boʻlinmalarining yongʻinlarni oʻchirishga shayligi holati va yongʻinlar profilaktikasiga doir ishlarning bajarilishi yuzasidan davlat nazoratini amalga oshiradi;
boshqa turdagi yongʻindan saqlash xizmatlari, vakolatli organlar, avariya-taʼmirlash va boshqa shoshilinch xizmatlar bilan yongʻinlarning oʻchirilishini tashkil etishni taʼminlash boʻyicha hamkorlikni amalga oshiradi;
yongʻin xavfsizligi xizmatining fuqaro muhofazasi, yongʻindan saqlash xizmatining fuqaro muhofazasi maxsus tuzilmalarining jangovar va safarbarlik tayyorgarligi tadbirlarini tashkil etadi, shuningdek favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish tizimida yongʻin xavfsizligini taʼminlash boʻyicha funksiyalarni bajaradi;
idoraviy va koʻngilli yongʻindan saqlash xizmati boʻlinmalari hisobotini yuritadi;
g) yongʻin xavfsizligi xizmati boʻlinmalari xodimlarining malakasini oshirish, ularni tayyorlash va qayta tayyorlashning samarali tizimini yaratish, kadrlarni tanlash va joy-joyiga qoʻyish tartibini takomillashtirish sohasida:
yongʻin xavfsizligi xizmatining boshqaruv organlari va boʻlinmalari tizimida kadrlarni tanlash, joy-joyiga qoʻyishni amalga oshiradi;
yongʻin xavfsizligi va yongʻindan saqlash xizmati boshqa turlarining shaxsiy tarkibining dastlabki kasbiy, psixologik, jismoniy tayyorgarligi va malakasi oshirilishini hamda yongʻin amaliy sporti rivojlantirilishini taʼminlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Xalqaro hamkorlik boshqarmasi vositachiligida yongʻin xavfsizligi sohasi boʻyicha, shu jumladan yongʻin xavfsizligi xizmatining ofitsyerlar tarkibini tayyorlash va ularning malakasini oshirish masalasi boʻyicha xorijiy davlatlarning oliy yongʻin-texnik taʼlim muassasalari bilan xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi.
Yongʻin xavfsizligi xizmati qonun hujjatlariga muvofiq boshqa funksiyalarni ham bajaradi.
3-bob. Yongʻin xavfsizligi xizmatining huquqlari va majburiyatlari
9. Yongʻin xavfsizligi xizmati oʻz zimmasiga yuklangan vazifalar va funksiyalarni amalga oshirish uchun quyidagi huquqlarga ega:
davlat va xoʻjalik boshqaruvi, mahalliy davlat boshqaruvi organlari, oʻzini oʻzi boshqarish organlari, tashkilotlar, ularning mansabdor shaxslari, shuningdek fuqarolar tomonidan yongʻin xavfsizligi talablariga rioya qilinishini davlat yongʻin nazorati qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshirish;
qonun hujjatlariga muvofiq tegishli mahalliy davlat hokimiyati organlariga muayyan hududlarda yongʻinga qarshi alohida rejim oʻrnatish haqida takliflar kiritish;
aholi yashash punktlari, hududlar, binolar, inshootlar uchun yongʻin xavfsizligining umumiy talablarini belgilash;
yongʻin xavfsizligi talablari mavjud boʻlgan texnik reglamentlar, standartlar, normalar, qoidalar va boshqa normativ hujjatlarni kelishish;
barcha turdagi yongʻindan saqlash boʻlinmalari tomonidan yongʻinlarning oʻchirilishini tashkil etish tartibini belgilash;
yongʻinni oʻchirishda yongʻinlar tarqalgan (tarqalish ehtimoli boʻlgan) va xavf keltirib chiqaradigan joylarga qarshiliksiz kirib borish, yongʻin kuchayishining (tarqalishining) hamda yongʻin bilan bogʻliq boʻlgan, odamlarga, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkiga, atrof tabiiy muhitga tahdid soluvchi xavfli omillarning oldini olish maqsadida zarur holatlarda eshik, deraza, toʻsiq va qurilmalarni ochish, shuningdek yongʻinni bartaraf etishni taʼminlaydigan sharoitlar yaratish;
tashkilotlar va fuqarolarda mavjud boʻlgan aloqa, transport vositalaridan, asbob-uskunalardan, yongʻinni oʻchirish vositalari va olovni oʻchirish moddalaridan keyinchalik oʻrni belgilangan tartibda qoplanishi sharti bilan foydalanish;
yongʻin joylarida transport va odamlar harakatlanishini cheklash yoki taqiqlash hamda yongʻinlar oʻchirilayotgan joylarni qoʻriqlash uchun tegishli xizmatlarni jalb etish;
yongʻinni oʻchirish harakatlari amalga oshirilayotgan hudud chegaralarini, mazkur harakatlarni bajarishning tartibini va oʻziga xos jihatlarini belgilash, shuningdek yongʻin chogʻida odamlarni, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkini qutqarish boʻyicha qarorlar qabul qilish;
oʻz vakolati doirasida barcha tashkilotlar va fuqarolarning ijro etishi uchun majburiy boʻlgan, shu jumladan, yongʻinni oʻchirish harakatlari amalga oshirilayotgan hududdagi yuridik va jismoniy shaxslarning huquqlarini cheklaydigan qarorlar qabul qilish;
faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan toʻliq yoki qisman moliyalashtiriladigan ommaviy axborot vositalaridan yongʻin haqida aholini tezkorlik bilan xabardor qilish maqsadida bepul foydalanish;
yongʻinlarni oʻchirish, yongʻinlar va avariyalarning kelib chiqishi hamda kuchayishining (tarqalishining) oldini olish bilan bogʻliq zarur ishlarni amalga oshirishda yongʻinni oʻchirish maqsadi uchun tabiiy va sunʼiy suv manbalaridan bepul foydalanish.
Yongʻin xavfsizligi xizmati qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
10. Yongʻin xavfsizligi xizmati quyidagilarga majbur:
yongʻinni bartaraf etish va yongʻin xavfsizligi talablari buzilishlarining oldini olish, aniqlash va chora koʻrish boʻyicha qonun hujjatlariga muvofiq berilgan vakolatlarni oʻz vaqtida va toʻliq amalga oshirish;
yongʻin kelib chiqqanligi toʻgʻrisidagi xabarni olgach, yongʻin joyiga darhol majburiy ravishda joʻnab ketish;
yongʻinlar oʻchirilishini belgilangan tartibda tashkil etish;
yongʻin xavfsizligi xizmatining davlat yongʻin nazorati, profilaktika, yongʻinni oʻchirish, xizmatni oʻtashni tashkil etish, moliyaviy, iqtisodiy va moddiy-texnika taʼminoti boʻyicha faoliyatni amalga oshirish ishlarini takomillashtirish.
Yongʻin xavfsizligi xizmati qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
11. Yongʻin xavfsizligi xizmati oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarning samarali bajarilishi uchun javob beradi.
Yongʻin xavfsizligi xizmatining mansabdor shaxslari oʻz majburiyatlari bajarilmaganligi yoki talab darajasida bajarilmaganligi uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
4-bob. Yongʻin xavfsizligi xizmati boʻlinmalari faoliyatini tashkil etish
12. Tuman (shahar)lar yongʻin xavfsizligi boʻlim (boʻlinma)lari bevosita hududiy yongʻin xavfsizligi boshqarmalariga boʻysunadi.
Alohida muhim obyektlardagi yongʻin xavfsizligi boʻlim (boʻlinma)lari bevosita hududiy yoki obyektdagi yongʻin xavfsizligi boshqarmalariga boʻysunadi.
13. Shtatidagi lavozim safdor, serjant va ofitsyerlar tarkibidan iborat boʻlgan shaxslar (xodimlar) bilan toʻldiriladigan boʻlinmalar yongʻin xavfsizligining harbiylashtirilgan qismlari hisoblanadi.
14. Shtatidagi lavozimlar maxsus unvonlarga ega boʻlmagan shaxslar (xizmatchilar) bilan toʻldiriladigan boʻlinmalar yongʻin xavfsizligining professional qismlari hisoblanadi.
15. Quyidagilar yongʻin xavfsizligi xizmatining boshqaruv organlari hisoblanadi:
Yongʻin xavfsizligi bosh boshqarmasi;
hududiy va obyektdagi yongʻin xavfsizligi boshqarmalari;
hududiy va obyektdagi yongʻin xavfsizligi boʻlim (boʻlinma)lari.
Qayd etilgan boshqaruv organlari yuridik shaxs hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi yozilgan muhrga, shuningdek belgilangan tartibda shaxsiy gʻaznachilik hisob raqamlariga ega boʻladi.
16. Yongʻin xavfsizligi xizmati boshqaruv organlari bir vaqtning oʻzida davlat yongʻin nazorati organlari hisoblanadi.
17. Boshlangʻich tayyorgarlik va malaka oshirish markazi yongʻin xavfsizligi xizmatining shaxsiy tarkibini va boshqa turdagi yongʻindan saqlash xizmatining shaxsiy tarkibi boshlangʻich tayyorgarligini va malakasi oshirilishini amalga oshiruvchi yongʻin xavfsizligi xizmatining oʻquv boʻlimi hisoblanadi. Boshlangʻich tayyorgarlik va malaka oshirish markazi yuridik shaxs hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi yozilgan muhrga hamda shaxsiy gʻaznachilik hisob raqamiga ega boʻladi.
18. Yongʻin xavfsizligini ilmiy-texnik taʼminlash markazi mustaqil, ilmiy-texnik, tezkor va tadqiqot boʻlimi hisoblanadi, yongʻin xavfsizligi sohasida ilmiy-texnik jihatdan taʼminlashni muvofiqlashtirish funksiyasini amalga oshiradi.
19. Yongʻinni oʻchirish kuch va vositalarini boshqarish va muvofiqlashtirish markazlari yongʻin toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni qabul qilishni, qayta ishlashni, yongʻin xavfsizligi, shoshilinch va boshqa turdagi yongʻindan saqlash xizmatlarining, shuningdek yongʻinni bartaraf etishga jalb qilinadigan vakolatli organlarning yongʻinni oʻchirish kuch va vositalari harakatini boshqarishni va muvofiqlashtirishni amalga oshiruvchi tezkor boʻlinmalar hisoblanadi.
20. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa markazlari yongʻin xavfsizligi xizmati faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini va avtomatlashtirilgan axborot tizimlarini joriy etuvchi boʻlinmalar hisoblanadi.
21. Murakkab yongʻinlarni oʻchirish boʻyicha respublika ixtisoslashtirilgan otryadi respublika hududida murakkab va katta yongʻinlarni oʻchirishga moʻljallangan tarkibiy boʻlinma hisoblanadi.
22. Hududiy yongʻin xavfsizligi boshqarmalariga boshliqlar rahbarlik qiladi va ular Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi va viloyatlar Ichki ishlar boshqarmalari boshliqlarining tavsiyasiga asosan, Yongʻin xavfsizligi bosh boshqarmasi boshligʻi bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.
Hududiy yongʻin xavfsizligi boʻlim (boʻlinma)lariga boshliqlar rahbarlik qiladi va ular hududiy yongʻin xavfsizligi boshqarmasi boshligʻining tavsiyasiga asosan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi va viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari boshliqlari tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.
Hududiy yongʻin xavfsizligi boshqarmalariga boʻysunuvchi obyektdagi yongʻin xavfsizligi boʻlim (boʻlinma)lariga boshliqlar rahbarlik qiladi va ular hududiy yongʻin xavfsizligi boshqarmasi boshligʻining tavsiyasiga asosan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi va viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari boshliqlari tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.
23. Yongʻin xavfsizligi xizmatining boshqaruv organlari va boʻlinmalari toʻgʻrisidagi nizomlar Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri tomonidan tasdiqlanadi.
24. Yongʻin xavfsizligi xizmati boʻlinmalari shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan tasdiqlangan namunaviy tuzilmalar asosida ushbu Nizomga va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq tashkil etiladi.
25. Tuman va shaharlarda (aholi yashash punktlarida) yongʻin xavfsizligi boʻlim (boʻlinma)lari aholining umumiy sonidan kelib chiqqan holda tashkil etiladi.
Yongʻin xavfsizligi boʻlimlari tuman va shaharlarda (aholi yashash punktlarida) aholining umumiy soni 100 ming va undan koʻp boʻlgan holatlarda tashkil etiladi.
Yongʻin xavfsizligi boʻlinmalari tuman va shaharlarda (aholi punktlarida) aholining umumiy soni 100 mingdan kam boʻlgan holatlarda tashkil etiladi.
26. Harbiylashtirilgan yongʻin xavfsizligi qismlari aholi yashash punktlarida aholining umumiy soni 50 ming va undan koʻp boʻlgan holatlarda tashkil etiladi va yongʻin xavfsizligi professional qismlari bilan mustahkamlanishi mumkin.
Yongʻin xavfsizligi professional qismlari aholi punktlaridagi aholining umumiy soni 50 mingdan kam boʻlgan holatlarda tashkil etiladi.
27. Yongʻin xavfsizligi boʻlim (boʻlinma)lari hamda harbiylashtirilgan va professional qismlari tashkil etilishi lozim boʻlgan shaharlar va tumanlar roʻyxati hamda ularning shtatlari soni Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan aniqlanadi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
28. Alohida muhim obyektlarda yongʻin xavfsizligi xizmati boʻlinmalari Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining shtatlar sonini belgilaydigan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarini hisobga olgan holda, manfaatdor vazirliklar, idoralar, tashkilotlar, Yongʻin xavfsizligi bosh boshqarmasi, hududiy va obyektdagi yongʻin xavfsizligi boshqarmalari vakillaridan iborat tarkibdagi idoralararo komissiyalarning dalolatnomalari hamda tashkilotlar rahbarlari tomonidan yongʻin xavfsizligi xizmati bilan tuziladigan shartnomalar asosida tashkil etiladi.
Asoslangan holatlarda ayrim alohida muhim obyektlarda obyektdagi yongʻin xavfsizligi boshqarmalari tashkil etilishi mumkin.
29. Alohida muhim obyektlarda yongʻin xavfsizligi boʻlimlari obyektda ikkita va undan ziyod qism va/yoki yongʻin nazorati va profilaktika boʻlinmalari mavjud boʻlgan holatlarda tashkil etiladi.
Yongʻin xavfsizligi boʻlinmalari obyektda bitta yongʻin xavfsizligi qismi va/yoki yongʻin nazorati va profilaktika guruhi mavjud boʻlgan holatlarda tashkil etiladi.
30. Harbiylashtirilgan va professional yongʻin xavfsizligi qismlarida xizmat ekipaj tarkibidagi navbatchi smenalar tomonidan olib boriladi va ular mustaqil ravishda odamlarni qutqarish va yongʻinni oʻchirish masalalarni hal etuvchi asosiy taktik boʻlinmalar hisoblanadi.
31. Yongʻin xavfsizligi xizmati xodimlari va xizmatchilarining xizmatni oʻtash tartibi va shartlari Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri tomonidan tasdiqlanadigan tegishli nizomlar bilan belgilanadi.
32. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:
yongʻin xavfsizligi xizmati boʻlinmalarining tuzilmasiga, tasdiqlangan shtatlar soni hamda ularni saqlash uchun ajratiladigan mablagʻlar doirasida oʻzgartirishlar kiritadi;
shartnoma asosida koʻrsatilayotgan xizmatlar uchun tushayotgan mablagʻlar hisobiga Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda ichki ishlar organlari yongʻin xavfsizligi boʻlinmalari xodimlarining qoʻshimcha shtat birliklarini kiritadi;
(32-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 3-maydagi 321-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.05.2018 g., № 09/18/321/1154)
shartnoma asosida koʻrsatilayotgan xizmatlar uchun tushayotgan mablagʻlar hisobiga saqlanib turiladigan yongʻin xavfsizligi boʻlinmalarining shtatlar soniga va tuzilmasiga oʻzgartirish kiritadi.
5-bob. Yongʻin xavfsizligi xizmati faoliyatining moliyaviy va moddiy-texnika taʼminoti
33. Yongʻin xavfsizligi xizmatining boshqaruv organlari hamda boʻlinmalarining moliyaviy va moddiy-texnika taʼminoti, tashkilotlar bilan tuziladigan shartnomalar asosida tashkil etiladigan boʻlinmalari bundan mustasno, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
Yongʻin xavfsizligi xizmatining tashkilotlar bilan tuzilgan shartnomalar asosida tashkil etilgan boʻlinmalarining taʼminoti mazkur tashkilotlar mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Yongʻin xavfsizligi xizmatining boʻlinmalari faoliyatini moliyalashtirish, tashkilotlar bilan tuziladigan shartnomalar asosida tashkil etiladigan boʻlinmalar bundan mustasno, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yongʻin xavfsizligi xizmatining xarajatlar smetalari asosida amalga oshiriladi.
34. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan taʼminlanadigan yongʻin xavfsizligi xizmatining shaxsiy tarkibi soni Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
35. Yongʻin xavfsizligi xizmatining boʻlinmalari uchun binolar va inshootlarni qurish va rekonstruksiya qilish xarajatlari, tashkilotlar bilan tuziladigan shartnomalar asosida tashkil etiladigan boʻlinmalar bundan mustasno, tegishli yilga Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiya va boshqa dasturlarida nazarda tutilgan markazlashtirilgan kapital mablagʻlar limitlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Tashkilotlar bilan tuzilgan shartnomalar asosida tashkil etilgan yongʻin xavfsizligi xizmatining boʻlinmalari uchun bino va inshootlarni qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ishlari ushbu tashkilotlarning mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
36. Yongʻin xavfsizligi xizmatining boshqarmalari va boʻlim (boʻlinma)larining tasdiqlangan shtatlariga davlat yongʻin nazoratini amalga oshirish hamda harbiylashtirilgan va professional qismlariga rahbarlik qilish uchun qoʻshimcha lavozimlarni kiritish tegishli ravishda, harbiylashtirilgan va professional yongʻin xavfsizligi qismlarining belgilangan shtatlar soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida, biroq ushbu boʻlinmalar shtatlarining tasdiqlangan umumiy sonining toʻrt foizidan ortiq boʻlmagan miqdorda amalga oshiriladi.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
37. Yongʻin xavfsizligi xizmatining boshqaruv organlarini va boʻlinmalarini qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
38. Obyektlardagi yongʻin xavfsizligi xizmati boʻlinmalarini, yongʻindan saqlash xizmati tashkil etilishi zarur boʻlgan obyektlarda, idoraviylarga almashtirilmasdan tugatilishi taqiqlanadi.
39. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar belgilangan tartibda javob beradilar.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 1-avgustdagi 566-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Yongʻin xavfsizligi bosh boshqarmasi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yongʻin xavfsizligi bosh boshqarmasining (keyingi oʻrinlarda Bosh boshqarma deb ataladi) asosiy vazifalarini, funksiyalarini, huquq va majburiyatlarini hamda faoliyatining tashkil etilishini belgilaydi.
2. Bosh boshqarma Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi markaziy apparatining mustaqil tarkibiy boʻlinmasi hisoblanadi va Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Davlat yongʻin xavfsizligi xizmati (keyingi oʻrinlarda yongʻin xavfsizligi xizmati deb ataladi) tizimini boshqaradi.
3. Bosh boshqarma oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining buyruqlari va farmoyishlariga, shuningdek ushbu Nizomga amal qiladi.
4. Bosh boshqarma faoliyati qonuniylik, odillik tamoyillariga muvofiq amalga oshiriladi va rejalashtirish asosida, xizmat faoliyati masalalarini hal etishda yakkaboshchilik va ularni muhokama qilishda kollegiallik, oʻz vazifalarini bajarishda xodimning shaxsiy masʼulligiga asoslangan holda tashkil etiladi.
5. Bosh boshqarma yuridik shaxs hisoblanadi, banklarda shaxsiy gʻaznachilik va boshqa hisob raqamlariga, mustaqil balansga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi yozilgan muhrga ega boʻladi.
6. Yongʻin xavfsizligi masalalarini, yongʻin xavfsizligi xizmati faoliyatini muhokama qilish uchun Bosh boshqarmada komissiya, kengash, ishchi guruhlar va boshqa kollegial organlar tashkil etilishi mumkin.
7. Bosh boshqarma mahalliy davlat hokimiyati organlari huzuridagi yongʻin xavfsizligi boʻyicha komissiyalar faoliyati yuzasidan axborot-tahlil va boshqa materiallarni tayyorlash, umumlashtirish va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish uchun masʼul ishchi organ hisoblanadi.
8. Bosh boshqarma belgilangan tartibda oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni amalga oshirish bilan bogʻliq xoʻjalik faoliyati masalalarini hal etish va eksport-import operatsiyalarini bajarish huquqiga ega.
9. Bosh boshqarmada ish yuritish va maxfiylik rejimini taʼminlash tadbirlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
2-bob. Bosh boshqarmaning asosiy vazifalari va funksiyalari
10. Quyidagilar Bosh boshqarmaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
yongʻin xavfsizligi xizmati tizimiga rahbarlik qilish;
davlat yongʻin nazorati va yongʻinlar profilaktikasi amalga oshirilishini tashkil etish;
yongʻinlarni oʻchirish, yongʻin oʻchirish boʻlinmalari faoliyatini muvofiqlashtirish hamda yongʻinlarni oʻchirishda shoshilinch xizmatlar va vakolatli organlar bilan oʻzaro samarali hamkorlikni tashkil etish;
alohida muhim davlat ahamiyatiga molik yoki yongʻin va portlash xavfi yuqori boʻlgan obyektlarda yongʻin xavfsizligini taʼminlash;
yongʻin xavfsizligi sohasida normativ jihatdan tartibga solish va davlat chora-tadbirlarini ishlab chiqish va takomillashtirish;
yongʻin xavfsizligi sohasida litsenziyalash va sertifikatlashtirish;
yongʻin xavfsizligi sohasida yagona ilmiy-texnik siyosatni oʻtkazish;
yongʻin xavfsizligi xizmati boʻlinmalari faoliyatida zamonaviy ilmiy-texnika yutuqlarini, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va avtomatlashtirilgan axborot tizimlarini tatbiq etish;
yongʻin xavfsizligi boʻlinmalari shaxsiy tarkibini tayyorlash, qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirishning samarali tizimini tashkil etish, kadrlarni tanlash, joylashtirish va tarbiyalash tartibini takomillashtirish;
yongʻin xavfsizligi sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshirish va kengaytirish;
xizmat boʻlinmalarini moddiy-texnik taʼminlash va yongʻin-texnik mahsulotlariga davlat buyurtmalari ishlab chiqilishini nazorat qilish.
11. Bosh boshqarma oʻziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) yongʻin xavfsizligi xizmati tizimini boshqarish sohasida:
yongʻin xavfsizligi xizmati boʻlinmalariga tashkiliy-metodik rahbarlik qilishni amalga oshiradi, uni takomillashtirish boʻyicha choralar koʻradi;
yongʻin xavfsizligi xizmati boʻlinmalari faoliyatini yoʻnalishlar boʻyicha tekshirishni amalga oshiradi, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tadbirlarning bajarilishini nazorat qiladi, tezkor-xizmat faoliyatining samarali tashkil etilishida amaliy yordam koʻrsatadi;
yongʻin xavfsizligi xizmatining fuqaro muhofazasi ishini hamda yongʻindan saqlash fuqaro muhofazasi maxsus tuzilmalarining jangovar va safarbarlik tayyorligini tashkillashtiradi;
favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish tizimida yongʻin xavfsizligini taʼminlash boʻyicha funksiyalarni bajaradi;
Oʻzbekiston Respublikasi yongʻin xavfsizligi xizmati fuqaro muhofazasi tezkor shtabini belgilangan tartibda tashkil etadi va uning ishini tashkillashtiradi;
yongʻin xavfsizligi masalalarini hal etish va yongʻin xavfsizligi xizmati faoliyatida huquqiy va axborot jihatidan taʼminlashni amalga oshiradi;
yongʻin xavfsizligi xizmati faoliyatining asosiy yoʻnalishlari boʻyicha ishlarning holatini tahlil qiladi va oʻrganadi, ularni takomillashtirish boʻyicha choralar koʻradi;
yongʻinlarni va ularning oqibatlarini hisobga olishni tashkillashtiradi, shuningdek yongʻinlarga doir axborotlarni toʻplash hamda oʻzaro almashish ishlarini taʼminlaydi;
yongʻin xavfsizligi sohasida ilgʻor tajribalarni tatbiq etish, umumlashtirish va oʻrganishni amalga oshiradi hamda ushbu ishlarni yongʻin xavfsizligi xizmati boshqarmalari organlarida muvofiqlashtiradi;
muayyan mavzuga bagʻishlangan kengashlar, seminarlar, konferensiyalar tashkil etadi va oʻtkazadi, ushbu tadbirlar natijalari boʻyicha materiallarni umumlashtiradi va nashr qiladi;
yongʻin xavfsizligi xizmati xodimlarining malaka talablari va kasb layoqatini baholash reytingi tizimini belgilaydi;
yongʻin xavfsizligi xizmati boʻlinmalari va boshqaruv organlari faoliyatini baholash mezonlari ishlab chiqilishini taʼminlaydi;
favqulodda vaziyatlarda harakat qilish va ularning oldini olish tizimida yongʻin xavfsizligi xizmati kuchlari va vositalariga yuklangan funksiyalar bajarilishiga tayyorligini nazorat qiladi;
aholi punktlari va obyektlarda yongʻindan saqlash xizmati boʻlinmalarini tashkil etish masalalari yuzasidan belgilangan tartibda hujjatlar tayyorlaydi;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqadi va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha choralar koʻradi;
oʻz vakolatlari doirasida tasdiqlangan xarajatlar smetasiga asosan yongʻin xavfsizligi xizmati boʻlinmalari va boshqaruv organlarining markazlashtirilgan holda resurslar bilan taʼminlanishini va ehtiyojlarini aniqlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan tushayotgan moliyaviy mablagʻlarning taqsimlanishini hamda boʻysunuvchi boʻlinmalarning moliya-xoʻjalik faoliyatini nazorat qilishni amalga oshiradi;
yongʻin xavfsizligi talablarini oʻz ichiga olgan standartlar, normalar va qoidalarning ishlab chiqilishida ishtirok etadi va kelishadi;
moddiy resurslar va pul mablagʻlarining saqlanishi, ulardan maqsadli foydalanilishi boʻyicha oʻz vaqtida tegishli chorlar koʻradi hamda buxgalteriya hisobini yuritish va moliyaviy rejalashtirish uslublari takomillashtirilishini taʼminlaydi;
b) davlat yongʻin nazorati va yongʻinlar profilaktikasini amalga oshirishni tashkillashtirish sohasida:
davlat yongʻin nazoratini amalga oshirish boʻyicha yongʻin xavfsizligi xizmati organi ishlarini uslubiy boshqarishni amalga oshiradi;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, tashkilotlar, ularning mansabdor shaxslari, shuningdek fuqarolar tomonidan yongʻin xavfsizligi talablariga rioya qilinishini tashkil etadi va davlat yongʻin nazoratini amalga oshiradi;
davlat yongʻin nazorati mansabdor shaxsi tomonidan yongʻin xavfsizligi qoidalari buzilganligi uchun maʼmuriy jazoning toʻgʻri qoʻllanilganligini nazorat qiladi;
aholi va tashkilot ishchilari oʻrtasida yongʻin xavfsizligi choralari boʻyicha targʻibot, obyektlarning yongʻinga qarshi holatini taʼminlashga mansabdor shaxslarning masʼuliyatini oshirish ishlarining maqsadli yoʻnaltirilishini amalga oshiradi;
Oʻzbekiston Respublikasida akkreditatsiya qilingan diplomatik va boshqa chet el vakolatxonalarining soʻroviga binoan ular tomonidan egallab turilgan hudud, bino va inshootlarni belgilangan tartibda tekshiradi;
yongʻinlar yuzasidan tergovga kadar tekshiruv oʻtkazishda va dastlabki tergov ishlarida koʻmaklashadi, shuningdek yongʻin xavfsizligi qoidalari buzilishi boʻyicha maʼmuriy ishlarni koʻrib chiqadi va kerakli maʼmuriy jazoni qoʻllaydi;
(11-band “b” kichik bandining yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 1-dekabrdagi 960-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2017-y., 09/17/960/0355-son)
mahalliy davlat hokimiyati organlarini, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarini, shuningdek tashkilot rahbarlarini idoraviy mansub obyektlarning yongʻin xavfsizligi holati haqida yongʻin kelib chiqishga olib keluvchi sharoit va sabablarni oʻz vaqtida bartaraf etish maqsadida belgilangan tartibda axborot beradi;
qurilish, mukammal taʼmirlash, qayta qurish, kengaytirish hamda bino, inshoot va boshqa obyektlarni texnik jihatdan qayta jihozlashda yongʻin xavfsizligi talablaridan asoslangan holda chekinishlarda yoki belgilangan talablarning yoʻqligida loyihaviy hujjatlarni yongʻin xavfsizligi talablariga rioya etish boʻyicha koʻrib chiqadi;
komissiyaning qurilish uchun maydon (trassa) tanlash (ajratish) boʻyicha ishlarida, shuningdek qurilishi (qayta qurilishi) tugallangan obyektlarni foydalanishga qabul qilish komissiyasi ishlarida ishtirok etadi va mazkur yoʻnalishda quyi boʻlinmalar ishlarini nazorat qiladi;
boshqa maxsus vakil organlarining litsenziat tomonidan litsenziyaviy faoliyatida litsenziyaviy xizmatlar va yongʻin xavfsizligi talablariga rioya etishida belgilangan tartibda ishtirok etadi;
davlat yongʻin nazorati organlari vakolatiga kiruvchi nizoli masalalarni koʻrib chiqadi va hal etishda qaror qabul qiladi;
v) yongʻinlarning oʻchirilishini, yongʻin oʻchirish boʻlinmalari faoliyatini muvofiqlashtirish hamda yongʻinlarning oʻchirilishida favqulodda xizmatlar va vakolatli organlar bilan oʻzaro hamkorlikni tashkil etish sohasida;
yongʻin xavfsizligi qismlarida smenali va garnizon xizmati olib borilishini hamda yongʻinlarni oʻchirish tartibini va tashkillashtirilishini ishlab chiqadi;
katta va murakkab yongʻinlarni bartaraf etishda yongʻin xavfsizligi xizmati kuch va vositalarini muvofiqlashtirish va boshqarishni taʼminlaydi;
texnogen xavf yuqori boʻlgan zonalardagi portlash va yongʻin xavfi yuqori boʻlgan zonalar (obyektlar) boʻyicha davlat kadastrini yuritadi;
katta yongʻinlarni oʻrganadi, ularning muvaffaqiyatli bartaraf etilishi uchun sharoitlar yaratishga, yongʻin xavfsizligi xizmatining tegishli texnika va yongʻin oʻchirish vositalari bilan taʼminlanishiga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqadi;
yongʻin xavfsizligi xizmatining yongʻin oʻchirish boʻlinmalarining kuch va vositalarini va yongʻinlarni oʻchirishga jalb qilinayotgan yongʻindan saqlash xizmatining boshqa turlari, shoshilinch xizmatlar va vakolatli organlar bilan hamkorlik tartibini belgilaydi;
yongʻin-saf tayyorgarligi boʻyicha meʼyorlarni ishlab chiqadi, yongʻin xavfsizligi xizmati shaxsiy tarkibini jismonan takomillashtirishda koʻmaklashadi;
Oʻzbekiston Yongʻin-oʻchirish amaliy sporti federatsiyasi ishida koʻmaklashadi;
yongʻin xavfsizligi xizmati boʻlinmalarida mehnatni muhofaza qilish va texnika xavfsizligi borasida bajarilishi lozim boʻlgan chora-tadbirlarni ishlab chiqadi;
g) alohida muhim davlat ahamiyatiga molik yoki yongʻin va portlash xavfi yuqori boʻlgan obyektlarda yongʻin xavfsizligini taʼminlash sohasida:
alohida muhim obyektlarda yongʻin xavfsizligi xizmati boʻlinmalarini tashkil etish tartibini ishlab chiqadi;
alohida muhim obyektlarda davlat yongʻin nazoratini rejalashtiradi va amalga oshiradi hamda davlat yongʻin nazorati organi mansabdor shaxslari ishlarini boshqaradi va nazorat qiladi;
yongʻin xavfsizligi xizmati quyi tizimi boʻlinmalarining kasbiy tayyorgarligi va yongʻin oʻchirish hamda yongʻinlar profilaktikasi doirasidagi faoliyatini muvofiqlashtirishni va uslubiy boshqarishni amalga oshiradi;
alohida muhim obyektlarda yongʻin xavfsizligi xizmati boʻlinmalarini tashkil etish masalasida idoralararo komissiya tarkibida ishtirok etadi;
alohida muhim obyektlarda yongʻinlarni oʻchirish boʻyicha yongʻin xavfsizligi xizmatining kuch va vositalari shayligini nazorat qiladi;
garnizon kuch va vositalarining yongʻinlarni oʻchirishga jalb qilinishini hamda yongʻinlarni oʻchirishga rahbarlik qilishni tashkillashtiradi;
obyektlarning rahbarlari, muhandis-texniklari tarkiblarini va ishchi-xodimlarini yongʻinlarni oʻchirish va profilaktikasi masalalari boʻyicha oʻqitish ishlarini tashkillashtiradi;
alohida muhim obyektlarning yongʻin xavfsizligi holati boʻyicha axborot-tahlil materiallarini, tezkor-xizmat va boshqa maʼlumotlarni tayyorlaydi;
d) yongʻin xavfsizligini normativ tartibga solish va davlat choralarini ishlab chiqish va takomillashtirish sohasida:
aholi yashash punktlarida, obyektlarda yongʻin xavfsizligi holatini tahlil qiladi hamda davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlariga, mahalliy davlat hokimiyati organlari va tashkilotlarga yongʻin xavfsizligini taʼminlash boʻyicha belgilangan tartibda takliflar kiritadi;
mustaqil ravishda yoki davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari bilan hamkorlikda yongʻin xavfsizligi doirasida normativ-huquqiy hujjatlarni, shu jumladan yongʻin-texnik mahsulotlarini ishlab chiqish, tayyorlash va ulardan foydalanish boʻyicha texnik reglament loyihalari ishlab chiqilishini tashkil etadi;
yongʻin xavfsizligi doirasida davlat dasturlarini ishlab chiqadi va kuzatuvni amalga oshiradi;
davlat hokimiyati organlari huzurida tashkil etilgan yongʻin xavfsizligi komissiyasi faoliyati boʻyicha axborot-tahlil va boshqa materiallar tayyorlanishini, umumlashtirilishini va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini taʼminlaydi;
yongʻinga qarshi targʻibotni, yongʻin xavfsizligi doirasida axborotlar bilan taʼminlashni amalga oshiradi va tashkil etadi hamda ommaviy axborot vositalari bilan belgilangan tartibda hamkorlik qiladi;
yongʻin xavfsizligi xizmati boshqaruv organlari va boʻlinmalarini tashkil etish, qayta tashkil etish va tarqatish tartibini ishlab chiqadi;
nashr qilishda ishtirok etadi, zarur holatlarda kasbiy ilmiy-amaliy mahsulotlarni chop etadi;
aholi yashash punktlari va tashkilotlarini yongʻindan himoya qilish maqsadida koʻngilli yongʻin oʻchirish tuzilmalarini rivojlantirishda va mustahkamlashda koʻmaklashadi;
vakolatli organlar tomonidan tasdiqlanadigan normativ-huquqiy va boshqa turdagi yongʻin xavfsizligi talablaridan iborat hujjatlar loyihasini kelishadi;
e) yongʻin xavfsizligi doirasida litsenziyalash va sertifikatsiyalash sohasida:
yongʻin xavfsizligi doirasida litsenziya va sertifikatlashtirish masalalari boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilishida ishtirok etadi;
yongʻin-texnik mahsulotlarini sertifikatlashtirish va sinovdan oʻtkazish hamda moddalar, materiallar, mahsulotlar va uskunalarni yongʻinga xavfliligini tadqiq etish ishlarini olib boradi;
standartlashtirish boʻyicha texnik qoʻmitalarni tashkil etadi va ularning ishida qatnashadi;
j) yongʻin xavfsizligi yagona ilmiy-texnik siyosatini oʻtkazish sohasida:
yongʻin xavfsizligi xizmati boʻlinmalari uchun yongʻin xavfsizligini taʼminlashga moʻljallangan ilmiy-texnik mahsulotlarga ehtiyojlarni hamda ilmiy-tadqiqot ishlari va ishlanmalarning asosiy yoʻnalishlarini aniqlaydi;
yongʻin xavfsizligi doirasida ilmiy-texnik mahsulotlarga davlat buyurtmachisi funksiyasini bajaradi va ushbu sohada ilmiy tadqiqotlarni muvofiqlashtiradi;
yongʻin xavfsizligi muammolari boʻyicha davlat, maqsadli va ilmiy-texnik dasturlarni tatbiq etishda ishtirok etadi;
ilmiy-texnik ishlanmalar va xizmatlar boʻyicha xoʻjalik-shartnomaviy faoliyatni amalga oshiradi;
z) yongʻin xavfsizligi xizmati boʻlinmalarining faoliyatida ilmiy-texnik yutuqlarni, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va avtomatlashtirilgan maʼlumotlar tizimini tatbiq etish sohasida:
yongʻin xavfsizligi xizmati boʻlinmalarini axborot-kommunikatsiya texnologiyalari masalalari boʻyicha normativ, texnologik va axborot-tahlil materiallari bilan taʼminlaydi;
idoraviy axborot resurslarini va axborot tizimini himoyalash boʻyicha texnik infratuzilmani tatbiq etadi, rivojlantiradi va takomillashtiradi;
zamonaviy axborot texnologiyalarini, dasturiy mahsulotlarni, maʼmuriy ish tartibini, maʼlumotlarga ishlov berishning apparat vositalarini, aloqa va maʼlumotlarni uzatish vositalarini qoʻllash va rivojlantirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
kompyuter xatarlarining oldini olish masalalari boʻyicha vazirliklar, idoralar va Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining tegishli boʻlinmalari bilan hamkorlikda ish olib boradi;
yongʻin xavfsizligi xizmatining axborot, avtomatlashtirilgan, telekommunikatsiya tizimlari, aloqa vositalari, axborotni himoya qilishning maxsus texnika va texnik vositalar bilan taʼminlanganlik holati monitoringini yuritadi;
i) shaxsiy tarkibni tanlash tartibini takomillashtirish, kadrlarni tarbiyalash va joylashtirish, malakasini oshirish, tayyorlash va qayta tayyorlashning samarali tizimini tashkil etish sohasida:
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Kadrlar bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda yongʻin xavfsizligi xizmatining boshqaruv organlari tizimi va boʻlinmalarida kadrlarni tanlash va joylashtirish tartibini belgilaydi;
boshlangʻich, kasbiy va psixologik tayyorgarlik oʻtkazishni, shuningdek yongʻin xavfsizligi xizmati va yongʻindan saqlash xizmatining boshqa turlari shaxsiy tarkibining malakasini oshirishni tashkil etadi;
yongʻin xavfsizligi xizmati boʻlinmalari shaxsiy tarkibining xizmat va ijro intizomiga rioya etishini nazorat qiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi sohasida oʻquv muassasalariga ehtiyojni aniqlaydi va nomzodlar tanlashni nazorat qiladi;
dasturiy-uslubiy taʼminotni amalga oshiradi, shuningdek yongʻin xavfsizligi xizmati shaxsiy tarkibining kasbiy tayyorgarligi rejasini va dasturini ishlab chiqadi;
Dastlabki tayyorlash va malaka oshirish markaziga rahbarlik qiladi;
yongʻin-texnik mutaxassisligiga ixtisoslashtirilgan bilim yurtlarining oʻquv jarayonida dasturiy-uslubiy taʼminotga koʻmaklashadi;
k) yongʻin xavfsizligi yoʻnalishida xalqaro hamkorlikni amalga oshirish va kengaytirish sohasida:
oʻzining faoliyatida yongʻin xavfsizligi sohasini amalga oshirayotgan xorijiy davlatlarning maxsus organlari faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni tahlil qiladi, umumlashtiradi va ularning ijobiy tajribalarini tatbiq etish boʻyicha takliflar kiritadi;
yongʻin xavfsizligi sohasida xalqaro tajribalar va mutaxassislar almashinuvi, shuningdek yongʻinga qarshi zamonaviy tizim va vositalarni tatbiq etish borasidagi ilgʻor tajribalarni oʻrganish boʻyicha faoliyatni belgilangan tartibda amalga oshiradi;
yongʻinni oʻchirish amaliy sporti yoʻnalishi boʻyicha xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi, xalqaro musobaqa va chempionatlarda ishtirok etadi;
l) yongʻin xavfsizligi boʻlinmalarini moddiy-texnik taʼminlash va yongʻin-texnik mahsulotlariga davlat buyurtmalarini bajarish sohasida:
yongʻinni oʻchirish texnikasi va yongʻin oʻchirish vositalarini yaratish, ishlab chiqarish va ulardan foydalanish doirasida yagona texnik siyosatni amalga oshiradi;
yongʻin xavfsizligi xizmati uchun zarur boʻlgan asosiy, maxsus, yordamchi va boshqa texnikalar, maxsus kiyimlar, yongʻin-texnik mahsulot va asbob-uskunalar, tashkiliy texnika va boshqa tovar-moddiy boyliklar, bino va inshootlarning hisobini olib boradi va holatini tahlil qiladi;
oʻz vakolati doirasida yongʻin xavfsizligi xizmati bazasini moddiy-texnik jihozlash va mustahkamlash boʻyicha dasturlar bajarilishini taʼminlaydi;
yongʻin xavfsizligi xizmati boʻlinmalarining yongʻinni oʻchirish texnikasi, yongʻin-texnik asbob-uskunalari, aloqa vositalari, bino va inshootlaridan foydalanish, ularga texnik xizmat koʻrsatish va ularni taʼmirlash ishlarini rejalashtirishni amalga oshiradi;
tovar-moddiy boyliklarni xarid qilish, hisobini yuritish va hisobdan chiqarish tartibini belgilaydi;
yongʻin xavfsizligi xizmati boʻlinmalari va boshqaruv organlariga texnikalar va boshqa tovar-moddiy boyliklarning amalda va manzilli kelib tushishi nazoratini amalga oshiradi;
yongʻin oʻchirish texnikasidan foydalanish, uni taʼmirlash va ishlatish bilan bogʻliq texnik va tashkiliy masalalar boʻyicha vazirliklar, idoralar va tashkilotlarga koʻmaklashadi;
davlat buyurtmasi asosida ishlab chiqarilayotgan yongʻin-texnik mahsulotlari sifatini nazorat qilishni amalga oshirish boʻyicha qabul qilish komissiyalari ishlarini tashkillashtiradi hamda ularning oʻz vaqtida yetkazib berilishini amalga oshiradi;
yongʻin xavfsizligi xizmati tizimidagi ratsionalizatorlik va ixtiro faoliyatida koʻmaklashadi;
yongʻin xavfsizligi xizmatini vositalar bilan markazlashtirilgan tarzda texnik taʼminlashning oʻzlashtirilishini taʼminlaydi.
Bosh boshqarma qonun hujjatlariga muvofiq boshqa funksiyalarni ham amalga oshirishi mumkin.
3-bob. Bosh boshqarma tuzilmasi
12. Bosh boshqarma tuzilmasiga quyidagilar kiradi:
Kasbiy tayyorgarlik va yongʻin oʻchirilishini tashkil etish boshqarmasi;
Yongʻin nazorati va profilaktikasi boshqarmasi;
Alohida muhim obyektlarda yongʻin xavfsizligini tashkil etish boshqarmasi;
Axborot-tahlil boʻlimi;
Kadrlar boʻlimi;
Harbiy safarbarlik boʻlimi;
Moliya-iqtisodiyot boʻlimi;
bosh yuriskonsult.
13. Bosh boshqarmaga murakkab yongʻinlarni oʻchirish boʻyicha ixtisoslashtirilgan otryad, Navoiy KMK Yongʻin xavfsizligi boshqarmasi, Xoʻjalik taʼminoti boʻlimi, shuningdek maqomiga koʻra boshqarmaga tenglashtirilgan markazlar (Yongʻinni oʻchirish kuch va vositalarini boshqarish va muvofiqlashtirish markazi, Yongʻin xavfsizligini ilmiy-texnik taʼminlash markazi, Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa markazi, Dastlabki tayyorlash va malaka oshirish markazi) bevosita boʻysunadi.
14. Bosh boshqarmaga boshliq rahbarlik qiladi, uni lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri tomonidan amalga oshiriladi.
Bosh boshqarma boshligʻining belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan birinchi oʻrinbosari va oʻrinbosarlari boʻladi.
Bosh boshqarma boshligʻi bir vaqtning oʻzida lavozimi boʻyicha davlat yongʻin nazoratini tashkil etish va amalga oshirish tartibini belgilaydigan Oʻzbekiston Respublikasi yongʻin nazorati boʻyicha Bosh davlat inspektori hisoblanadi.
Bosh boshqarma boshligʻining oʻrinbosarlari lavozimiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi yongʻin nazorati boʻyicha Bosh davlat inspektorining oʻrinbosarlari hisoblanadi.
4-bob. Bosh boshqarmaning huquq va majburiyatlari
15. Bosh boshqarma oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish doirasida quyidagi huquqlarga ega:
yongʻin xavfsizligi doirasida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kiritish;
qonun hujjatlariga muvofiq davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, tashkilotlar, ularning mansabdor shaxslari hamda fuqarolar tomonidan yongʻin xavfsizligi talablariga rioya qilinishi boʻyicha nazoratni amalga oshirish;
qonun hujjatlariga muvofiq tegishli hududlarda yongʻinga qarshi alohida rejim oʻrnatilishi toʻgʻrisida mahalliy davlat hokimiyati organlariga takliflar kiritish;
aholi yashash punktlari, hududlar, bino va inshootlar uchun yongʻin xavfsizligining umumiy talablarini belgilash;
yongʻin xavfsizligi talablarini oʻz ichiga olgan texnik reglamentlar, standartlar, normalar, qoidalar va boshqa normativ hujjatlarni kelishish;
barcha turdagi yongʻindan saqlash boʻlinmalari tomonidan yongʻinlarni oʻchirishni tashkillashtirish tartibini belgilash;
bosh boshqarma vakolatiga taalluqli masalalar boʻyicha fuqarolarning murojaatlarini koʻrib chiqish;
yongʻinlar toʻgʻrisida aholini tezkor xabardor qilish maqsadida, faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan toʻliq yoki qisman moliyalashtiriladigan ommaviy axborot vositalaridan bepul foydalanish.
Bosh boshqarma qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ega boʻlishi mumkin.
16. Bosh boshqarma oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarning samarali bajarilishi uchun javob beradi.
5-bob. Bosh boshqarma boshligʻining asosiy vakolatlari
17. Bosh boshqarma boshligʻi oʻz vakolati doirasida:
Bosh boshqarma va bevosita oʻziga boʻysunuvchi boshqarma va boʻlinmalar organlarining faoliyatini boshqaradi, oʻrinbosarlari oʻrtasida vazifalarni taqsimlaydi, Bosh boshqarmaga yuklangan masala va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
davlat yongʻin nazoratini tashkil etish va amalga oshirish tartibini qonunchilikka muvofiq belgilaydi;
davlat yongʻin nazorati organi vakolatiga taalluqli masalalar boʻyicha vakolatli organlar bilan hamkorlikni tashkillashtiradi;
oʻz vakolati doirasida buyruqlar va boshqa normativ hujjatlar chiqaradi, ularning bajarilishini nazorat qiladi;
yongʻin xavfsizligi talablari, standartlari, normalari va qoidalari buzilishini bartaraf etish uchun barcha tashkilotlarga bajarilishi majburiy boʻlgan yozma koʻrsatmalar beradi, davlat yongʻin nazorati organi vakolatiga taalluqli boʻlgan boshqa masalalarni hal etish boʻyicha mustaqil qarorlar qabul qiladi;
Bosh boshqarmaga, uning huzurida tashkil etilgan boshqaruv organi va boʻlinmalariga kadrlarni tanlash va joylashtirishni, ularning kasbiy tayyorgarligini, ular tomonidan qonunchilikka va xizmat intizomiga rioya etilishini taʼminlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi rahbariyatiga Bosh boshqarmaning shtati va tuzilmalarini takomillashtirish boʻyicha takliflar kiritadi;
Bosh boshqarma, shuningdek uning huzurida tashkil etilgan boshqaruv organlari va boʻlinmalari shaxsiy tarkibini (Bosh boshqarma oʻrinbosarigacha) ishga qabul qiladi, lavozimga tayinlaydi, boshqa ishga oʻtkazadi, egallab turgan lavozimidan chetlatadi, belgilangan tartibda ishdan boʻshatadi;
bosh boshqarma va uning tarkibida tashkil etilgan boshqaruv organlari va boʻlinmalari shaxsiy tarkibiga mehnat taʼtili beradi;
bosh boshqarma boʻlinmalari va uning tarkibida tashkil etilgan boshqaruv organlari va boʻlinmalari tuzilmalari toʻgʻrisidagi nizomlarni Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziriga tasdiqlash uchun kiritadi;
bosh boshqarma va uning tarkibida tashkil etilgan boshqaruv organlari va boʻlinmalari shaxsiy tarkibini attestatsiyadan oʻtkazadi;
bosh boshqarma va unga bevosita boʻysunuvchi boshqaruv organlari va boʻlinmalar shaxsiy tarkibiga navbatdagi maxsus unvon berish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi rahbariyatiga takliflar kiritadi;
ragʻbatlantirish masalasini, shu jumladan davlat va idoraviy mukofotlarga taqdim etishni, Bosh boshqarma, bevosita boʻysunuvchi boshqaruv organi va boʻlinmalari xodimlariga intizomiy jazo berishni koʻrib chiqadi, shuningdek mazkur masalalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi rahbariyatiga takliflar kiritadi;
idoraviy koʻkrak nishonlari bilan belgilangan tartibda taqdirlaydi;
yongʻin xavfsizligi xizmatiga ajratilgan moliyaviy (shu jumlada valyuta) mablagʻlar va moddiy zaxiralarni belgilangan tartibda tasarruf etadi, fuqarolik-huquqiy, mehnat va boshqa shartnomalarni tuzadi;
yongʻin xavfsizligi xizmati boshqaruv organi va boʻlinmalarining ishi yuzasidan nazoratni tashkil etadi, nazorat, tekshirish va xizmatga oid boshqa masalalarni hal etish maqsadida Bosh boshqarma xodimlari va xizmatchilarini xizmat safariga yuboradi;
hududiy va obyektdagi yongʻin xavfsizligi boshliqlari va ularning oʻrinbosarlarining lavozimga tayinlanishi va lavozimdan ozod etilishini kelishadi;
respublika vakolatli organlarda va boshqa tashkilotlarda, shuningdek xalqaro tashkilotlarda yongʻin xavfsizligi va xizmat faoliyati masalalari boʻyicha yongʻin xavfsizligi xizmati nomidan vakillik qiladi.
18. Bosh boshqarma xodimlarining shtat jadvali, lavozimlari va ularga tegishli maxsus unvonlar roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri tomonidan tasdiqlanadi.
6-bob. Bosh boshqarmani qayta tashkil etish va tugatish
19. Bosh boshqarmani qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 1-avgustdagi 566-son qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb eʼtirof etilayotgan ayrim qarorlari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Tumanlar, shaharlar va boshqa aholi punktlarida, oʻta muhim davlat ahamiyatiga molik yoki yongʻin va portlash xavfi yuqori boʻlgan obyektlarda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Davlat yongʻin xavfsizligi xizmati boʻlinmalarini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2016-yil 10-iyundagi 200-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2016-y., 6-son, 53-modda).
2. Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 25-iyundagi 267-44-son qarori.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 31-son, 779-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2017-y., 09/17/960/0355-son, 04.05.2018 g., № 09/18/321/1154)