Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi boshligʻining
buyrugʻi
Avtomobil transportida yoʻlovchilar va yuklar tashuvchi avtotransport vositalarida litsenziya kartochkalari mavjud boʻlishini, Oʻzbekiston Respublikasi hududida xalqaro avtomobillarda tashuvlarni amalga oshirish shartlariga rioya etilishini, haydovchilarning mehnat va dam olish rejimiga rioya etilishini nazorat qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2017-yil 28-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2906]
Oʻzbekiston Respublikasining “Yoʻl harakati xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 25-apreldagi 238-son “Aholiga transport xizmati koʻrsatish hamda shaharlar va qishloqlarda avtobuslarda yoʻlovchilar tashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
Keyingi tahrirga qarang.
1. Avtomobil transportida yoʻlovchilar va yuklar tashuvchi avtotransport vositalarida litsenziya kartochkalari mavjud boʻlishini, Oʻzbekiston Respublikasi hududida xalqaro avtomobillarda tashuvlarni amalga oshirish shartlariga rioya etilishini, haydovchilarning mehnat va dam olish rejimiga rioya etilishini nazorat qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Boshliq oʻrinbosari Sh. SHOVAHOBOV
Toshkent sh.,
2017-yil 12-iyul,
61-son
Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi boshligʻining 2017-yil 12-iyuldagi 61-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Avtomobil transportida yoʻlovchilar va yuklar tashuvchi avtotransport vositalarida litsenziya kartochkalari mavjud boʻlishini, Oʻzbekiston Respublikasi hududida xalqaro avtomobillarda tashuvlarni amalga oshirish shartlariga rioya etilishini, haydovchilarning mehnat va dam olish rejimiga rioya etilishini nazorat qilish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Yoʻl harakati xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 25-apreldagi 238-son “Aholiga transport xizmati koʻrsatish hamda shaharlar va qishloqlarda avtobuslarda yoʻlovchilar tashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq avtomobil transportida yoʻlovchilar va yuklar tashuvchi avtotransport vositalarida litsenziya kartochkalari mavjud boʻlishini, Oʻzbekiston Respublikasi hududida xalqaro avtomobillarda tashuvlarni amalga oshirish shartlariga rioya etilishini, haydovchilarning mehnat va dam olish rejimiga rioya etilishini nazorat qilish tartibini belgilaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Avtomobil transportida yoʻlovchilar va yuklar tashuvchi avtotransport vositalarida litsenziya kartochkalari mavjud boʻlishini, Oʻzbekiston Respublikasi hududida xalqaro avtomobillarda tashuvlarni amalga oshirish shartlariga rioya etilishini, haydovchilarning mehnat va dam olish rejimiga rioya etilishini nazorat qilish (bundan buyon matnda nazorat deb yuritiladi) yoʻlovchilar toʻplanadigan va yuklar ortiladigan hamda tushiriladigan yirik punktlarda (temir yoʻl vokzallari va stansiyalarida, daryo portlarida, bozorlarda, metropolitenning oxirgi stansiyalarida, avtovokzallarda (avtostansiyalarda), avtobus yoʻnalishlarining oraliq va oxirgi toʻxtash bekatlarida va h. k.) hamda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmatining statsionar postlarida amalga oshiriladi.
2. Nazorat Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi hududiy boshqarmalarining inspektorlari (bundan buyon matnda inspektorlar deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Mazkur Nizom talablari:
tabiiy ofatlarni (zilzila, toshqinlar, yongʻinlar, epidemiyalar va h. k.) va ularning oqibatlarini tugatishda yoki qutqaruv operatsiyalarida foydalanilayotgan;
oʻquv-mashq jarayonida foydalanilayotgan;
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligiga qarashli tuzilmalar tomonidan kuzatib borilayotgan;
Keyingi tahrirga qarang.
konstruktiv takomiliga yetkazish, taʼmirlash yoki ularga texnik xizmat koʻrsatish doirasida yoʻl sinovlaridan oʻtkazilayotgan foydalanishga topshirilmagan;
bojxona organlari tomonidan bojxona nazorati ostida kuzatib borilayotgan avtotransport vositalarini nazorat qilishga tatbiq etilmaydi.
4. Ushbu Nizomda quyidagi tushunchalar qoʻllaniladi:
litsenziya kartochkasi — yoʻlovchilar va yuk tashish uchun foydalaniladigan muayyan avtotransport vositasiga belgilangan tartibda litsenziyalovchi organ tomonidan beriladigan avtotransport vositalari bilan yoʻlovchilar va yuklar tashishni amalga oshirish (huquqi) uchun ruxsatnoma;
yoʻl varaqasi — avtotransport vositasining ishini aniqlash va hisobga olish uchun belgilangan namunadagi yuridik hujjat.
2-bob. Nazoratni amalga oshirish tartibi
5. Nazoratni amalga oshirishda inspektor:
avtotransport vositasining oldiga kelishi, familiyasini, lavozimini aytib haydovchiga oʻzini tanishtirishi, haydovchining talabiga koʻra xizmat guvohnomasini koʻrsatishi;
haydovchilarga ularning huquqlarini tushuntirishi;
shaxsning huquq va qonuniy manfaatlariga qatʼiy rioya qilishi, oʻz xizmat vazifasini aniq bajarishi, haydovchiga nisbatan madaniyatli muomalada boʻlishi lozim.
6. Inspektor avtotransport vositasining litsenziya kartochkasini koʻzdan kechiradi.
7. Nazoratni amalga oshirishda litsenziya kartochkasi mavjud boʻlmagan taqdirda, inspektor tomonidan tegishli dalolatnoma tuziladi.
8. Oʻzbekiston Respublikasi hududida xalqaro avtomobillarda tashuvlarni amalga oshirish shartlariga rioya etilishini nazorat qilishda inspektor tomonidan quyidagilar tekshiriladi:
yoʻlovchilar, bagaj va yuklarni muntazam va nomuntazam tashish uchun ruxsat beruvchi hujjatlarni;
harakat jadvaliga rioya qilinishini;
nomuntazam xalqaro avtomobilda yoʻlovchilar va bagaj tashishlarda yoʻlovchilar roʻyxati mavjudligini;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy davlatlarga tegishli boʻlgan avtotransport vositalarida yoʻlovchilar, bagaj yoki yuklarni tashish, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi hududiga vaqtinchalik keltirilgan xorijiy davlatlar avtotransport vositalarida tashishlarni (kabotaj tashishlarni) amalga oshirishda xalqaro shartnomalar shartlariga rioya etilishini;
xorijiy davlatlarga tegishli boʻlgan avtotransport vositalarining Oʻzbekiston Respublikasi hududiga belgilangan oʻtish punktlari orqali kirib kelganligini.
9. Xorijiy davlatga tegishli boʻlgan avtotransport vositasi nazoratdan oʻtkazilganda ushbu avtotransport vositasiga berilgan ruxsatnoma blankasining orqa tomoniga tegishli yozuv orqali nazorat oʻtkazilganligi qayd etiladi hamda inspektor tomonidan imzolanib, maxsus shtamp bilan tasdiqlanadi.
Nazoratdan oʻtkazilgan xorijiy davlatlarga tegishli boʻlgan avtotransport vositalari toʻgʻrisidagi axborot, shu jumladan aniqlangan kamchiliklar bildirgi koʻrinishida inspektor tomonidan Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligining hududiy boshqarmasiga, transport maʼlumotlar bazasi va tashishlar xavfsizligi surʼati monitoringi axborot-tahlil tizimiga kiritish uchun topshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
10. Avtomobilda xalqaro tashishlarni amalga oshirishda haydovchilarning mehnat va dam olish rejimi Xalqaro avtomobilda tashishni amalga oshiruvchi transport vositalari ekipajlari ishiga daxldor Yevropa Bitimiga (Jeneva, 1970-yil 1-iyul) muvofiq belgilanadi.
Avtomobilda xalqaro tashishda haydovchilarning mehnat va dam olish rejimini nazorat qilish Raqamli nazorat qurilmalaridan foydalanish toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga (roʻyxat raqami 2346, 2012-yil 26-mart) muvofiq raqamli nazorat qurilmasi xotirasida saqlanib qoladigan parametrlar orqali nazorat qilib boriladi.
11. Oʻzbekiston Respublikasi hududida ichki tashuvlarni amalga oshirishda haydovchilarning mehnat va dam olish rejimi Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga muvofiq belgilanadi.
Bunda haydovchilarning mehnat va dam olish rejimini nazorat qilish yoʻl varaqasi orqali amalga oshiriladi.
3-bob. Yakuniy qoidalar
12. Nazoratni amalga oshirish davomida inspektorning xatti-harakatlaridan (qarorlaridan) norozi boʻlgan shaxslar qonunda belgilangan tartibda yuqori turuvchi organga (mansabdor shaxsga) yoki sudga shikoyat qilishga haqli.
Keyingi tahrirga qarang.
13. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
Keyingi tahrirga qarang.
14. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi va Davlat bojxona qoʻmitasi bilan kelishilgan.
Ichki ishlar vaziri A. AZIZOV
2017-yil 28-iyun
Tashqi ishlar vaziri A. KAMILOV
2017-yil 5-iyul
Davlat soliq qoʻmitasi raisi B. PARPIYEV
2017-yil 4-iyul
Davlat bojxona qoʻmitasi raisi M. TOXIRIY
2017-yil 23-iyun
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 30-son, 759-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 19.08.2024-y., 10/24/3552/0630-son; 17.03.2025-y., 10/25/3612/0248-son)